..

Redyard Kipling. Togʻ qizi

Loyihani qo'llab quvvatlash uchub buyerga bosing

U togʻlik er-xotin Sono va Jadening qizi edi. Bir yili dehqonchilikda ularning omadi chopmadi, Kotgar yaqinidagi Satle vodiysida ekilgan ozgina ekinni ham ayiqlar payhon qilib ketdi.

Togʻlik er-xotin bunday talofatni oʻz xudolarining marhamatsizligiga yoʻyishdimi, boshqa sababdanmi, oʻsha yili qishda ular masihiylik dinini qabul qilishdi va qizlarini Kotgarga, nasroniylar qishlogʻiga choʻqintirgani olib borishdi. Kotgar rohibi qizga nasroniycha Elizabet ismini berdi. Qabiladagilar esa qizni Lisbet deya talaffuz etib chaqira boshladilar.

Koʻp oʻtmay Kotgar vodiysiga vabo tarqaldi. Mashʻum oʻlat Sono va Jadeni olib ketdi. Qizcha esa ruhoniyning qaramogʻida qoldi. Kotgar rohibining ayoli uni oʻziga xizmatkor, joriya qilib olgandi. Lisbet ruhoniy xonadonida shu tariqa ulgʻaya boshladi.

Oʻz qabilasining maʻbudalari qizni avvaldan siylashganmidi yoxud nasroniylik uning chiroyini ochdimi, Lisbet haqiqiy sohibjamol boʻlib borayotgandi. U har kuni sayr qilgani chiqar, shunchaki atrofning goʻzalligidan bahra olish uchun ellik mil chamasi yoʻl bosardi. Uning yuzlaridek jozibador chehrani odatda faqat suvratlarda, kamdan-kam hollarda hayotda uchratish mumkin edi. Qizning butun vujudi fil suyagidek oppoq rangda edi. U oʻz qabiladosh­lariga qaraganda ancha baland boʻyli, koʻzlari esa hayratlanarli darajada chiroyli edi. Agar siz uni togʻ qoʻynida tanho uchratib qolsangiz, maʻbuda Diananing oʻzi ov qilgani chiqibdimikin, degan xayolga borardingiz.

Lisbet nasroniylik eʻtiqodiga osongina koʻnikdi. U boshqa qizlarga oʻxshab ulgʻayib, esini tanigach, oʻz diniga oʻtib ketmadi. Qabiladoshlari shuning uchun ham uni juda yomon koʻrishardi.

Bu paytda rohibning xotini qiz bilan qanday muomala qilishini bilmay qolgandi. Axir, bunday xushsurat, bokira farishtaga idish-tovoq yuvishni buyurishga kim ham botina olardi. Shuning uchun ham Lisbet rohibning bolalari bilan emin-erkin oʻynab yurar, yakshanbalik maktabga qatnar, uyda qanaqa kitob boʻlmasin, barchasini qiziqish bilan oʻqib chiqardi. Rohibning xotini qizni Simlaga yuborib, unga munosibroq ish topib berish haqida koʻp gapirardi. Lisbet oʻziga boshqa joy qidirishni xayoliga ham keltirmasdi. U Kotgardan ketishni umuman istamasdi.

Bir safar Kotgarga sayyohlar kelishdi. Ular bu tomonlarga kamdan-kam tashrif boʻyurishardi. Lisbet esa ular meni Simlaga yoki shunga oʻxshagan notanish tomonlarga olib ketib qolishadi, deb oʻylagan, shu bois xonasidan tashqari chiqishga ham qoʻrqib qolgandi.

Oʻshanda u oʻn yetti yosh boʻsagʻasida edi. Kunlarning birida sayr qilgani toqqa joʻnadi. Qiz yarim mil piyoda yurib ortiga foytunda qaytadigan ingliz xonimlariga oʻxshamasdi, albatta.

U oʻzining “qisqagina” sayohati davomida Kotgar atrofini toʻliq aylanib chiqar, 20-30 milcha yoʻl bosar, hatto Narkundagacha borib kelardi. Nafasi ogʻziga tiqilib, yukning ogʻirligidan burni yerga tekkudek holatda uyiga kirib kelganida, rohibning xotini mehmonxonada uxlab yotardi. Qiz yelkasidagi “yuk”ni divan ustiga qoʻyarkan, ochiqchasiga gap boshladi:

– Bu mening erim. Men uni Bagiga boradigan yoʻldan topib oldim. U qoyadan qulab tushganga oʻxshaydi. Biz uni davolaymiz. U tuzalib ketsa, rohib bizni nikohlab qoʻyadi.

Shu paytga qadar Lisbetni bunday vaziyatda koʻrmagan rohibning xotini birdan dahshatga tushdi. Biroq hozir birinchi navbatda divan ustida behush yotgan yigit haqida oʻylash lozim edi. Boshidan jarohat olgan yoshgina ingliz yigiti hamon divan ustida hushsiz yotar, bilinar-bilinmas nafas olardi, xolos.

Uni toʻshakka yotqizishdi. Tib ilmidan oz-moz xabardor rohib behush yigitning yarasiga malham qoʻyib bogʻladi. Lisbet esa eshik oldida har qanday topshiriqqa shay boʻlib turardi. Qiz rohibga ham oʻz qarorini bildirdi. Rohib ham, xotini ham qizni namoyishkorona andishasizlikda aybladi. Uni insofga chaqirmoqchi boʻlishdi. Lisbet esa ularni jimgina tinglab, boyagi gapini takrorladi. U tushunmasdi: axir qanday qilib koʻnglingdagidek yigitni uchratganingda ham u haqda hech kimga ogʻiz ochmay yuraverish mumkin! Shu sababli ahdida qatʻiy turib oldi. Yigit oyoqqa turgach, u bilan turmush quradi.

Qiz yigitning oyoqqa turishi, uylanadigan darajada kuch-quvvat yigʻishi uchun har qanday ishga tayyor turardi.

Ikki haftada yigitning boshidagi jarohatlar bitib ketdi. U bunday mehribonlik uchun rohibga, uning xotiniga, hammadan koʻproq Lisbetga minnatdorlik bildirdi. U Sharqqa (oʻsha paytlarda bu tomonlarga sayohat qilish u qadar ommaviy tus olmagandi) sayohat qilish umidida kelganini, Dera-Dundan togʻlarida turli xil giyohlar va kapalaklar yigʻish uchun chiqqanini aytdi. Shu sababli Simlada uni hech kim tanimas ekan. Oʻzining aytishicha, baland qoyada oʻsgan allaqanday giyohni uzmoqchi boʻlib chiqqanda muvozanatni yoʻqotib, pastga qulabdi. U sogʻayib ketishi bilan Simlaga qaytishini aytdi. Endi togʻlar uni oʻziga maftun etmasdi.

U qishloqni tezroq tark etishni istar, biroq hali buning uchun yetarlicha mador toʻplay olmagandi. Lisbet esa hech kimning gapiga quloq solishni istamasdi. Shuning uchun rohibning xotini Lisbetning miyasida qanaqa bemaza xayollar charx urayotganini yigitga aytib berdi. Yigit qah-qah urib kulib yubordi va bu shunchaki soddagina Himolay qizining oʻziga oʻxshash sodda va begʻubor xayoloti ekanini taʻkidlab oʻtdi. Uning aytishicha, Vatanida qalligʻi kutayotganmish. Shunday boʻlsa-da, yigit oʻzini oʻta xushmuomala qilib koʻrsatardi.

U qiz bilan suhbatlashishni, birga sayohat qilishni, shirin soʻzlar bilan erkalab koʻng­lini koʻtarishni shunchaki koʻngilxushlik deb bilar, aslida esa qiz bilan bir umrga xayrlashib, yurtiga qaytish uchun kuch yigʻayotgandi. Bu suhbatlaru sayr-sayohatlar yigit uchun hech qanday maʻno kasb etmas, qiz uchun esa katta ahamiyatga ega edi. U sevishi mumkin boʻlgan odamni topganidan baxtiyor sezardi oʻzini.

Yovvoyitabiat qizning oʻz hissiyotlarini bosh­qara olmasligi inglizning kulgusini qistatardi. Yigit qaytishga otlanganida, olam koʻziga qorongʻi boʻlib ketgan Lisbet uni Narkundagacha kuzatib bordi. Qiz yoʻl-yoʻlakay yigitdan albatta qaytib kelib unga uylanishga vaʻda berishini qayta-qayta iltimos qildi.

– Koʻrayapsizmi, u shunaqa tentak, tarbiyasiz qizki, nima deyayotganini oʻzi ham bilmaydi, – dedi ularga hamrohlik qilib borayotgan rohibning xotini.

Yigit keta-ketguncha qizning nozik belidan ohista quchib bordi. Qaytib kelishiga va u bilan nikohdan oʻtishiga qizni ishontirdi. Ular Narkundaga kiraverishda ayrildilar. Qiz yigʻlab yubordi. Mutianiga buriladigan joyda koʻzdan yoʻqolguncha inglizning ortidan termulib qoldi.

Qiz alam bilan koʻz yoshlarini artdi. Ular yana Kotgarga kirishayotganda Lisbet rohibning xotiniga yuzlandi.

– U qaytib keladi. Keyin menga uylanadi. U qarindoshlarini shu gapdan ogoh qilish uchun ketdi.

Ayol Lisbetni tinchlantirgan boʻldi:

– Ha, u albatta qaytadi, qizim!

Ikki oy oʻtar-oʻtmas, Lisbet xavotirga tusha boshladi. Unga yigitning dengiz ortiga, Angliyaga joʻnab ketganini aytishgandi. Qiz Angliya qayerda joylashganini bilar, bu haqda maktab darsliklarida oʻqigandi. Biroq togʻlar orasida oʻsgan qiz dengiz nimaligini qayerdan bilsin? Uyda almisoqdan qolgan dunyoning siyosiy xaritasi boʻlardi. Qiz kechalari oʻsha xaritadan Ang­liyani qidirar, sevgilisining barmoq bilan bossa koʻrinmay ketadigan hududda ekanini his etib, achchiq koʻz yosh toʻkardi. U oradagi masofa, paroxodlar haqida hech qanday tasavvurga ega emas, uning tushunchalari haqiqatdan ancha yiroq edi. Qolaversa, ingliz yigiti togʻlik qizga uylanishi uchun Kotgarga qaytishini xayoliga ham keltirmasligini bilmas edi u. Yigit Assamda kapalak quvib yurganidayoq qizni unutib yuborgandi. U oxir-oqibat Sharqdagi sayohatlari haqida kitob yozdi. Biroq unda Lisbet tilga ham olinmagandi.

Uchinchi oy ham intihosiga yetgach, Lisbet tez-tez Narkundaga qatnaydigan odat chiqardi. U har gal oʻsha yerda ingliz yigitning qaytishini kutib oʻtirardi. Aynan shu odatgina unga taskin berardi. Rohibning xotini qizni ilgarigidan shodonroq kayfiyatda koʻrib, yovvoyi erkaliklaridan xalos boʻlayotir, degan xayolga bordi.

Koʻp oʻtmay bunday qatnovlar ham Lisbetga yordam bermay qoʻydi va u yana avvalgi jizzakiligiga qaytdi. Bekasi, nihoyat, bor haqiqatni ochiq-oydin bayon etdi. Ingliz shunchaki qizni tinchlantirish uchun uylanishga vaʻda berganini, aslida bu ishni umuman qilmasligini, Lisbetning “oliiy irq” vakiliga turmushga chiqishni orzu qilishi ham gunoh, uyatsizlik ekanini va nihoyat u oʻzi tarafidan bir ingliz qizi bilan oila qurganini tushuntirdi Lisbet esa buning aqlga zid ekani, yigit uni muhabbatiga ishontirgani, hatto bekasining oʻzi ham yigitning qaytishiga ishontirganini eslatdi.

– Nahotki, siz ham meni aldagan boʻlsangiz, – soʻradi u anduh bilan.

– Qizim, seni faqat yupatish uchungina shunday degandim, xolos.

– Demak, yolgʻon gapiribsiz-da, – toʻlqinlanib ketdi qiz, – ikkovingiz ham meni aldabsiz.

Ayol shunchaki bosh irgʻab qoʻya qoldi. Lisbet ham anchagina jim turdi-da, shahd bilan yugurib nasroniylar qishlogʻidan chiqib ketdi va koʻp oʻtmay Himolay ayollarining kiyimida kirib keldi. U togʻlik ayollarga xos tarzda bir tomonga tushirilgan kokillarini qora ip bilan bogʻlab olgandi. Faqatgina burniga buloqa taqmagan edi, xolos.

– Men yana oʻz eʻtiqodimga, xalqim yoniga qaytaman, – dedi u. – Endi Lisbet yoʻq. Faqat qariya Jade va qishloqi Sononing qizi qoldi, xolos. Siz inglizlar hammangiz yolgʻonchisiz! Sizlarni koʻrgani koʻzim yoʻq.

Rohibning xotini es-hushini bir joyga toʻp­lab olganida, Lisbet allaqachon uning huzuridan gʻoyib boʻlgandi. U aytganini qildi: yana oʻz qabiladoshlari, oʻz ajdodlarining maʻbudalari qoshiga qaytdi, masihiylar qishlogʻiga boshqa qadam qoʻymadi.

U oʻz xalqini chin qalbdan sevardi, uning ana shu muhabbati aldoqchi inglizga boʻlgan yovvoyi intilishlaridan ustun chiqdi. U tez orada bir paytlar qizni rosa savalagan oʻtinchi yigitga turmushga chiqdi va qarib-chiriguncha baxtiyor hayot kechirdi.

Rustam Jabborov tarjimasi