..

Birinchi qism. BOSHPANA VA SAMANDAR

Loyihani qo'llab quvvatlash uchub buyerga bosing

Agar senga chiziq tortilgan qogʻoz

berishsa, koʻndalangiga yoz.

Xuan Ramon Ximenes

Oʻt qoʻyish unga rohat bagʻishlardi. Olovning hamma narsalarni oʻz domiga tortishi, ularning qorayib, shakl-shamoyili oʻzgarishini kuzatishning qandaydir oʻzgacha gashti boʻladi. Oʻt oʻchirish nasosining mis poynagi mushtlar orasiga siqilgan, ilonga oʻxshab toʻlgʻanib chor atrofga zaharli kerosinni ayamay sochadi, uning chakkalarida qon gupillab uradi, qoʻllari esa titilib kettan, kuyib soʻxtasi qolgan tarix sahifalarini kulga aylantirayotgan olov va vayrongarchilik simfoniyasini ijro etayotgan dirijyorning gʻayritabiiy qoʻllariga oʻxshaydi. 451 raqami bilan bezatilgan ramziy temir qalpogʻi peshonasiga bostirib qoʻndirilgan: hozir nima boʻlishini eslaganda koʻzlari zargʻaldoq yolqin tusida chaqnaydi. Oʻt oldirish murvatini bosgan zahoti alanga — quyosh qoraygan osmonni toʻq qizil-sariq va qora ranglarga chulgʻab, yaʼjuj-maʼjujdek uyga tashlanadi: U gʻuj-gʻuj yaltiroq qurtlar oralab qadam tashlab borarqan, shu topda bolalik paytida tez-tez oʻynagan ermagi kitoblar kaptarlar kabi qanotlari — sahifalarini shitirlatib uchishini, uyga kiraverishdagi zinada va uy oldidagi moʻjazgina oʻtloqda umri tugaguncha olovga novvotli chiviqchani suqib kovlashni juda-juda istaydi. Keyin ular olov quyunida osmoni falakka koʻtarilib, qurumni shamol bir chekkaga uchirib ketardi.

Keyin ular olov quyunida osmoni falakka koʻtarilib, qurumni shamol bir chekkaga surib ketardi. Montegning yuzida sovuq jilmayish, odamni bexosdan olov qizdirganda uning issiq haroratidan tezkorlik bilan oʻzini orqaga tashlaganda lablarida paydo boʻladigan iljayish namoyon boʻldi. U, yaʼni oʻt oʻchiruvchi deposiga qaytib oʻzini koʻzguga solib koʻrgan, qorakuyaga belangan yuziga qarab doʻstona koʻz qisib qoʻyishini bilardi. Keyinchalik esa qorongʻilikda ham mudrayotib, lablaridagi bu titroq iljayishni his qilayotgan boʻladi. Esini tanibdiqi, yuzida shu yasama kulgi.

U hafsala bilan qora, yaltirab turgan temir qalpogʻini artib mixga ildi, tartib bilan yonma-yon brezent kurtkasini osdi, dushning sharros quyayotgan yomgʻirdek kuchli bosimdagi suvida rohatlanib yuvinib oldi-da, qoʻllarini choʻntagiga suqib hushtak chalganicha oʻt oʻchirish stansiyasining yuqori qavatidagi maydonchani kesib oʻtib tuynukka sirgʻalib tushdi. Soʻnggi daqiqada falokat sodir boʻlishi muqarrar boʻlib tuyulganda qoʻllarini choʻntagidan sugʻurib olib, yaltirab turgan bronza ustunni ikki qoʻli bilan tutib oldi va oyoqlari quyi qavatning beton poliga tegishidan bir soniya ilgari “gʻiyq” etib oʻzini toʻxtatib qolishga ulgurdi, Tungi boʻm-boʻsh koʻchaga chiqib, metro tomon burildi. Shovqinsiz pnevmatik poyezd uni yer osti yoʻli yaxshilab moylangan quvuri boʻylab mokidek olib oʻtib, shahar chekkasida yuqoriga olib chiqadigan sariq metall taxtachalar yetqizilgan eskalatorga issiq havoning kuchli oqimi bilan qoʻshib chiqarib tashlab ketdi.

Monteg hushtak chalib, xirgoyi qilgancha eskalatordan tungi suku-natga peshvoz chiqdi.

Hech narsa haqida oʻylamasdan muyulishga yetib bordi. Undan sal ilgariroq qayrilishga yetmasdan qayoqdandir shamol esib yuzigaurildimi yoki kimdir otini aytib chaqirganday boʻldimi, birdan qadamini sekinlatdi.

Mana, bir necha marotaba muyulishga, undan naridagi yulduzlarnurida yoritilgan uyiga eltuvchi yoʻlakchaga yaqinlashganda uni manashunday gʻalati his chulgʻab olardi. Qayrilishidan bir daqiqa avval burchakda kimdir turgandek tuyulardi. Atrofda allaqanday sirli jim-jitlik, goʻyo ikki qadam narida allakim yashirinib kutib turganday, uning paydo boʻlishiga bir soniya qolganida koʻz ochib yumguncha soyaga aylanib uni oʻzi orqali oʻtkazib yuborayotganday.

Ehtimol, u sezilar-sezilmas xushboʻy isni payqar, balkim, yuz va qoʻl terisi orqali koʻzga koʻrinmas shuʼla oʻz harorati bilan havoni isitib turgan joy yaqinidagi harorat sal oʻzgarganini his qilardi. Buni anglab boʻlmasdi. Biroq muyulishga yetishi bilan har gal boʻm-boʻsh yoʻlakning oppoq plitalarini koʻrardi, xolos. Faqat kunlardan bir kun unga maysazorda kimningdir sharpasi yilt etganday tuyuldi. Ammo unga tikilib qaraguncha yoki gapirishga ogʻiz juftlaguncha boʻlmay, koʻzdan gʻoyib boʻldi-qoldi.

Bugun esa u muyulishda qadamini shunday sekinlatdiki, deyarli toʻxtab qolgandek edi. Xayolan muyulishnyng narigi tomonida edi — sekin shitirlagan tovush qulogʻiga chalinganday boʻldi. Kimdir nafas olayaptimi? Yoki miq etmay kutayotgan kimsaning harakatidan havoning tebranishimikin?

U burchakdan qayrildi.

Oy nuridan yop-yorugʻ yoʻlak boʻylab shamol barg xazonlarini uchirar, roʻparadan shamol va barglar orqasidan quvlayotgan qizil italarga qadam bosib emas, balki ular uzra sirpanib kelayotganga oʻxshardi. Boshini sal quyi egib, tuflisining tumshugʻi chirpirak boʻlib aylanayotgan barglarga tegib ketayotganiga qarab qoʻydi. Uning xira oqish nozik chehrasi dilbarlik, tolmas sinchkovlik bilan turlanib, yengil ajablanish tuygʻusini ifodalab turardi. Timqora koʻzlari atrofga shunday sinchkovlik bilan boqardiki, hech narsa ularga chap berolmasdi. Egnidagi oppoq koʻylagi hilpirab turardi. Montegga uning qadam bosishi bilan bir maromda qoʻllarining har bir harakatini eshitayotgandek, hatto, juda yengil, quloqqa eshitilmaydigan tovush boshini koʻtarib trotuar oʻrtasida turgan erkak kishi bilan oralarida bir necha qadamlik masofa ajratib turganini bexosdan koʻrib, yuziga qalqigan titroqni ham eshitganday tuyuldi.Ularning boshi uzra shoxlar shitirlab, quruq barglar yomgʻiriniyerga duvillatib yogʻdirardi. Qiz toʻxtadi. Aftidan orqaga tislanishga tayyor edi-yu, ammo buning oʻrniga Montegga diqqat bilan razm solib qaradi. Uning timqora, nur yogʻilib turgan yulduz koʻzlari xuddi unga odatdan tashqari bir quvonchli soʻz shipshiganday porlab ketdi. Biroq bu oddiy qilib “salom” deganini bilardi, xolos. Keyin sehrlangandek qizning kalta kamzulining yengidagi samandar tasviriga, koʻkragiga qadab qoʻyilgan humo qushi tasviri tushirilgan gardishga qiziqib qarayotganini koʻrib, gap boshladi:

— Siz, chamasi, yangi qoʻshnimiz boʻlsangiz kerak?

— Siz esa, ehtimol… — qiz nihoyat uning kasbiga tegishli belgidan koʻzini uzdi, — oʻt oʻchiruvchi boʻlsangiz kerak, — uning nafasi ichiga tushib kegdi.

— Juda gʻalati ohang bilan gapirdingiz-a?

— Men… men koʻzlarimni yumib boʻlsa ham, baribir, payqardim, — past ovozda dedi u.

— Kerosin hidini aytayotgan boʻlsangiz kerak-a? Xotinim doimo shundan shikoyat qiladi. U kulib yubordi. — Uni hech qachon tozalab yuvib boʻlmaydi.

— Ha. Tozalab yuvib boʻlmaydi, — soʻz qotdi qiz va uning ovozi koʻrquvdan titrab ketdi. Montegga qiz turgan joyidan jilmasa ham atrofida girdikapalak boʻlib, uni har maqomga solayotgandek, yengilgina silkitayotgandek, choʻntaklarini agʻdarib qoqayottandek boʻlib tuyuldi.

— Kerosin hidini, — deb qizning gapini davom ettirdi Monteg oradagi choʻzilib ketgan sukunatga chek qoʻyish uchun, — menga u nima, atir nima — baribir.

— Nahotki, shu gaplaringiz rost boʻlsa?

— Albatta, buning nimasi ajablanarli? Qiz javob berishdan avval xayolga choʻmdi.

— Bilmadim, — u orqaga qayrilib, oʻz uylari tomonga nigoh tashladi. — Siz bilan ketsam maylimi? Mening ismim Klarissa Maklellan.

— Klarissa… Mening ismim esa Gay Monteg. Qani, ketdik. Yolgʻiz oʻzingiz bemahalda bu yerda nima qilib yuribsiz? Yoshingiz nechada?

Ular yengil shabada esib turgan boʻlsa-da, iliq tunda oy nurida kumushdek tovlanayotgan yoʻlak boʻylab borishar, Montegga atrofdan yangi uzilgan oʻrik va qulupnayning juda mayin xushboʻy hidi ufurib turganday edi. U orqasiga qayrilib qarab, bunday boʻlishi mumkin emasligiga ishonch hosil qildi. Chunki hozir kuz fasli edi-da. Yoʻq, shunday tuyulardi, xolos. Faqat yonida yonma-yon ketayotgan malaksiymo qizu oy nurida uning qor kabi porlab turgan yuzi koʻrinib turardi.

U hozir savollarni puxta oʻylab, qanday qilib yaxshiroq javob berish ustida fikr yuritayotganini bilardi.

— Juda qiziqsangiz,— dedi u, — yoshim oʻn yettida, oʻzim shaydoyiman. Amakimning aytishlaricha, bir narsa muqarrar ikkinchi narsaga yoʻldosh boʻlib ergashib yurarmish. Agar sendan yoshing nechada deb soʻrasalar, yoshim oʻn yettida, oʻzim aqldan ozganman deb javob bergin deydilar u kishi. Tunda sayr qilish juda yaxshi-ya, toʻgʻrimi? Narsalarga oʻz koʻzim bilan qarashni, ularning hidi bilan nafas olishni yaxshi koʻraman. Baʼzan mana shunday tuni bilan tinimsiz kezib chiqaman va quyosh chiqishini qarshilayman.

Bir muncha vaqt ular jimgina borishdi. Keyin qiz oʻychanlik bilan dedi:

Bilasizmi, sizdan mutlaqo qoʻrqmayman.

— Nega mendan qoʻrqishingiz kerak ekan? — ajablanib soʻradi u.

— Koʻplar sizdan qoʻrqadi. Oʻt oʻchiruvchilardan qoʻrqadi demoqchiman.

Ammo, siz, nima boʻlganda ham hammaga oʻxshagan insonsiz-ku… Uning yaltirab turgan ikki tomchi suvdek shaffof koʻzlarida oʻzining qora va kichkinagina aksini mayda-chuydasigacha, hatto lablaridagi ajin qatlarigacha aniq koʻrdi. Diydalari goʻyo uning qiyofasini oʻzida muhrlagan ikkita binafsharang jozibali qahrabo parchasiga oʻxshardi. Unga qarab turgan yuzlari juda nozik, oqish-xira ichidan bir tekis soʻnmas nur sochib turgan kristaldni eslatardi. Bu oʻtkir va yorqin elektr nuriga emas, kishini ajib tinchlantiradigan shamning mayin miltillagan nuriga oʻxshardi. Elas-elas eslaydi, hali bolaligida bir kun elektr oʻchib qoldi. Onasi oxirgi shamni topib yoqqan edi oʻshanda. Sham yonib turgan oʻsha qisqa fursat ajoyib kashfiyotlar daqiqasi boʻlgan edi: olam boshqacha boʻlib qolgan, makon cheksizligini yoʻqotgan va ularning tevaragida qulay holatda toraygandek edi. Ona-bola ikkovlari bir-birlarini endi koʻrib turgandek elektr mumkin qadar keyinroq ulanishini koʻngillaridan oʻtkazib oʻtirishardi.

— Sizdan bir narsani soʻrasam maylimi? — dab durustdan dedi

Klarissa, — Siz anchadan buyon oʻt oʻchiruvchi boʻlib ishlaysizmi?

— Yigirma yoshga toʻlganimdan boshlab. Mana, oʻn yil boʻpti shunga

ham.

— Yoqadigan kitoblaringizni hech vaqt oʻqiysizmi?

U kulib yubordi.

— Bunga qonun yoʻli bilan jazo beriladi.

— Ha… Albatta.
— Bu yomon ish emas. Dushanba kuni Edna Milley kitoblarini yoqamiz, chorshanba kuni Uitmanni, juma kuni Folknerni kuydiramiz. “Yonib qul boʻlguncha yondir, keyin kulni ham yoqib yubor”. Professional shiorlarimiz ana shunday.

Ular yana biroz yurishdi.

— Qachonlardir, oʻtgan Davrlarda oʻt oʻchiruvchilar oʻt qoʻymasdan yongʻinlarni oʻchirishgani rostmi? — soʻrab qoldi qiz.

— Yoʻq. Uylar hamisha yonmaydigan boʻlgan. Soʻzimga ishoning.

— Tavba, eshitishimcha, bir paytlar, uylar qandaydir ehtiyotsizlik natijasida oʻz-oʻzidan yonib ketarkan. Oʻshanda oʻt oʻchiruvchilar olovni oʻchirish uchun kerak boʻlisharkan.

U kulib yubordi. Qiz unga koʻzlarini qadab tikildi.

— Nimaga kulyapsiz?

— Bilmasam, — u yana kuldi, ammo birdan jim boʻlib qoldi, — nimaydi?

— Men hech qanday kulgidi gap aytmasam-da, siz kulyapsiz. Hamma savollarimga darhol javob qaytarasiz. Mening savollarim ustida hech bir fikr-mulohaza yuritmaysiz.

Monteg toʻxtadi.

— Siz chindan ham juda gʻalati ekansiz, — dedi u qizga boshdan-oyoq razm solib, — suhbatdoshingizga hurmat degan narsa mutlaqo yoʻqday sizda.

— Sizni ranjitmoqchi emasdim. Ehtimol, odamlar bilan elakishib ketishni juda sevganimdandir bu.

— Mana bu narsa sizga hech narsani anglatmaydimi? — u koʻmirday qora kurtkdsining yengidagi 451 raqamini barmoqlari bilan ohista urib qoʻydi.

— Yaxshi anglatadi, — qadamini tezlatib shivirladi qiz, — ayting-chi, huv anavi yerda, xiyobon boʻylab uchayotgan raketali avtomobillarga eʼtibor berganmisiz?

— Gapimizning mavzusini oʻzgartiryapsizmi?

Menga goho, ularda uchayotgan odamlar oʻt va gullarning farqiga bormaydigandek tuyuladilar. Axir ularni katta tezlikda koʻradilar-da, — davom etdi u, — ularga yashil dogʻni koʻrsatsangiz, ehhe, bu oʻt-ku, deydilar! Pushtirang dogʻni koʻrsating — bu gulzor deydilar! Ular uchun oq dogʻlar — uylar, jigarrang dogʻlar — sigirlardir. Bir kuni amakimlar shosse boʻylab soatiga qirq mil tezlikda yurishni sinab koʻrmoqchi boʻlibdilar. U kishini qoʻlga olib, ikki kun qamab qoʻyishibdi. Kulgili-a? Ham qaygʻuli.

— Siz haddan ziyod koʻp oʻylar ekansiz, — dedi Monteg noqulaylikni his qilib.

— Men televizion koʻrsatuvlarini kamdan-kam koʻraman, avtomobil poygalarida boʻlmayman va oʻyin-kulgi bogʻlariga bormayman. Vaqtim mana shunday har xil telba xayollarga qoladi. Shahar chekkasidagi katta yoʻlda reklama gʻov taxtalarga koʻzingiz tushdimi? Hozir ularning uzunligi ikki yuz futga boradi. Bilasizmi, bir mahallar ularning uzunligi yigirma futdan oshmas ekan. Endilikda esa avtomobillar yoʻllarda shunday tezlikda yurishadiki, reklamalarni uzaytirishga toʻgʻri kelgan, aks holda ularni hech kim oʻqiy olmas edi.

— Yoʻq, bundan xabarim yoʻq ekan! — Monteg qisqa kulib qoʻydi.

— Men yana, balkim siz bilmaydigan baʼzi bir narsalarni bilaman. Ertalablari oʻtga shudring tushgan boʻladi.

U buni bilish-bilmasligini eslashga urinib koʻrdi-yu, eslolmadi va bexosdan jahli chiqqanini sezdi.

— Agar anavi tomonga qaralsa, — qiz osmonga ishora qildi, — Bu yaqin orada u koʻkka boqmagan edi…

Undan u yogʻiga indamay borishdi: qiz xayolga botib, u afsuslanib, oʻsal boʻlganini his qilib, baʼzi-baʼzida qizdan oʻpkalagandek u tomonga qarab qoʻyardi.

Ular qizning uyiga yaqinlashishdi. Hamma oynalar nurdan charogʻon edi.

— Bu yerda nima boʻlyapti? — Monteg hech qachon odamlar yashaydigan uyda bunday yorugʻlikni koʻrmagan edi.

— Hech narsa boʻlayotgani yoʻq. Ayam, dadam va amakim shunday suhbatlashib oʻtirishibdi. Hozir bunday suhbatlashish piyoda yurishdek kamdan-kam uchraydigan hodisa. Amakimni ikkinchi marta qamab qoʻyishganini aytdimmi sizga? Ha, piyoda yurganlari uchun qamoqqa olishibdi. Eh, bizlar juda gʻalati odamlarmiz.

— Nima haqida gapiryapsiz?

Qiz qah-qahlab kuldi.

— Tuningiz xayrli boʻlsin! — dedi u va uyi tomon burildi. Lekin

nimanidir eslagandek birdan toʻxtadi, yana unga yaqinlashib,

ajablanib va qiziqish bilan uning yuziga tikildi.

— Siz bahtlimisiz? — soʻradi u.

— Nima dedingiz? — baqirib soʻradi Monteg.

Oldida turgan qiz koʻzdan gʻoyib boʻlgan, oy nuriga choʻmgan yoʻlka

boʻylab tobora uzoqlashib chopib ketardi. Uyga yetganida eshik ohista

yopildi.

— Men baxtlimanmi? Bu qanaqa safsata?!

Monteg kulishdan toʻxtadi. U oʻz uyi eshigidagi. maxsus teshikka qoʻlini suqdi. Barmoqlari unga tegishi bilan eshik ochildi.

— Men, albatta, baxtliman. Boshqacha boʻlishi mumkinmi? U meni baxtsiz deb oʻylayaptimi? — soʻradi u huvillab yotgan xonadan.

Dahlizda uning koʻzi havo yangilaydigan panjaraga tushdi. U yerga nima yashirib qoʻyilgani birdan esiga tushdi. Yashirilgan narsa oʻsha yerdan uni kuzatib turganday, tezda koʻzini olib qochdi.

Qanday sirli tun, qanday sirli uchrashuv! Bir yil ilgari bogʻda moʻysafid bilan uchrashib qolib gapga tushib ketishganini hisobga olmaganda, umrida bunaqasi boʻlmagan.

Monteg boshini silkitib qoʻydi. U roʻparasidagi yalang devorga qaradi, oʻsha zahoti xotirasida qanday saqlangan boʻlsa, shunday qizning goʻzal, tong qoldiradigan chehrasi paydo boʻldi. Bu nozikkina chehra yarim tunda uygʻonib vaqtni bilmoqchi boʻlib qaraganida, millari soat, daqiqa va soniyalarni aniq koʻrsatuvchi qorongʻu xonada xira nur sochib turgan, uncha katta boʻlmagan soatning siferblatini eslatardi. Mana shu yorqin indamas qiyofa senga xotirjam va ishonch bilan tun oʻtib borayotganligini, u zimistonga aylanayotgan boʻlsada, tez orada yana quyosh charaqlab chiqishini aytib turibdi.

— Oʻzi nima gap? — Monteg oʻzining ikkinchi — na irodasi, na odati, na idrokiga boʻysunmasdan baʼzi-baʼzida itoatdan chiqib ketib tushunib boʻlmaydigan narsalarni vaysovchi, sal-pal anglangan ichidagi “men”idan soʻradi. .

U yana devorga tikildi. Qizning yuzi koʻzguga naqadar oʻxshaydi. Bunga aql bovar qylmaydi. Sening oʻz nuryngni xuddi shunday aks ettira oluvchi yana kimni bilasan? Odamlar koʻproq… nimaga qiyoslashni izlab biroz hayalladi, kyoyin esa oʻz kasbini eslab, topdi — oʻchirmagunlaricha bor kuchi bilan lovullab yonuvchi mashʼalaga oʻxshaydilar. Ammo boshqa odamning yuzida oʻz qiyofang aksini koʻrish, yurak qaʼringdagi iztirobli fikrlaringni oʻqish kamdan-kam uchraydigan hodisadir!

Qiyofasini naqadar oʻzgartirish qobiliyatiga ega bu qiz! Unga, Montegga qoʻgʻirchoq teatridagi mahliyo boʻlib qolgan tomoshabindek nigohini uzmay qaradi, har bir kiprigining uchishi, qoʻllarining imo-ishorasi, barmoqlarining har bir harakati bilan koʻnglingdan oʻtib turgan hamma narsani oldindan yaqqol sezib turardi.

Yonma-yon qancha vaqt yurishganiykin? Uch daqiqami? Besh daqiqami? Shu bilan birga qancha uzoq tuyulmadi bu sayr? Qizning devordagi aksi, nozik-nihol gavdasi tashlayotgan soya endi tagʻin ham ulkanroq boʻlib koʻrindi! U agar koʻzi qichishsa, qiz koʻzini undan oldin uchirib qoʻyishini, agar sal boʻlsa-da yuz mushaklari tortishsa, ungacha homuza tortishini his qilib turardi.

“Axir, haqiqatan ham mening kelishimni xuddi oddin bilganday bemahalda, koʻchada goʻyo ataylab meni kutib turganday…” xayolidan, oʻtkazdi u uchrashuvlarini eslab.

U yotoqxona eshigini ochdi.

U oʻzini oy botgandan keyin sovuq, marmar bilan qoplangan dahmaga tushib qolgandek his etdi. Zim-ziyo zulmat. Deraza ortidagi kumush yogʻdudan bu yerda. asar ham yuq. Derazalar zichlab berkitilgan, xona katta shahar shovqinidan loaqal tiq etgan tovushi yetib kelmaydigan qabrga oʻxshardi. Biroq xona boʻsh emas edi.

U diqqat bilan quloq soldi.

Chivin ovozi, shinam va issiq pushtirang uyasiga yashirib qoʻyilgan elektr ariinng zuvillashi bilinar-bilinmas eshitilardi. Kuy shunday aniq yangrardiki, ohangni u darrov ajratdi.

U, yuzidagi tabassum qayoqqadir gʻoyib boʻlganini, xuddi fantastik sham mumi uzoq vaqt yonib, oxiriga yetganda qulab oʻchib qolganiday tagidan erib, aylanib suzib, birdan yoʻqolib qolganini his qildi. Zulmat. Qorongʻilik. Yoʻq, u baxtli emas. U baxtsiz! Buni oʻziga-oʻzi aytdi. Buni eʼtirof etdi. Oʻz baxtini niqob kabi koʻtarib yurardi, qiz paydo boʻldi-yu, uni yulqib olib maysazor orqali qochib ketdi. Endi uning eshigini qoqib niqobni qaytarib berishini soʻrashning iloji yoʻq.

U chiroqni yoqmasdan xonani koʻz oldiga keltirdi. Ustini yopmagan, qabr ustiga yasab oʻrnatilgan haykal kabi sovuq, koʻzga koʻrinmas poʻlat iplar bilan tortib bogʻlab qoʻygandek koʻzlari shiftga boqib qotgan, karavotda chalqancha yotgan uning xotini. Uning quloqlariga kichkinagina angishvonaday radiopriyomnik-tiqinlar mitti “chigʻanoqlar” niqlab oʻrnatilgan, tovushlarning elektron okeani-kuy va ovozlar yana kuy va ovozlar toʻlqini uning bedor miyasiga borib urilardi. Yoʻq, xona boʻsh edi. Har tunda bu yerga tovushlar okeani yopirilib kirib, koʻzlari ochiq yotgan Mildredni oʻz toʻlqinlarida allalab tebratib, tongni qarshilagani olib ketardi. Keyingi ikki yil ichida Mildred bu toʻlqinlarda suzmagan, ularga yana va yana gʻarq boʻlmagan tun boʻlmagan.

Xona sovuq boʻlishiga qaramasdan Monteg boʻgʻilib ketayotgandek boʻldi.

Biroq u pardalarni koʻtarmadi, balkon eshigini ochmadi. Bu yerga oy shuʼlasi tushishini xohlamadi. Yaqin soatda dimiqishdan oʻlishga mahkum etilgan kishiday paypaslab ochiq, kimsasiz va sovuq oʻrniga qarab yurdi.

Polda yotgan narsaga oyogʻi qoqilib ketishini, bundan bir daqiqa ilgari xuddi shunday boʻlishini bilardi. Bu hissiyoti muyulishdan qayrilib roʻbaroʻ kelayotgan qizga urilib ketishga sal qolganini his qilganiga sal-pal oʻxshab ketardi.

Uning oyogʻi oʻz harakati bilan havoning tebranishiga sabab boʻlib, yoʻl ustidagi toʻsiq haqida qaytarilgan signal olib deyarli oʻsha soniyaning oʻzida nimagadir urildi. Qandaydir narsa eshitilar eshitilmas ovoz chiqarib, qorongʻulikka uchib ketdi.

Monteg darhol gavdasini tik tutib, timqorongʻi xonada oʻrinda yotgan xotinining nafas olishiga quloq soldi. Nafas juda zaif, bilinar-bilinmas, unda jon borligi zoʻrgʻa sezilar, undan kichikkina qogʻoz parchasi, yakkayu yagona momiq tuk harakatga kelishi mumkin edi.

U hamon xonaga koʻchadan yorugʻlik tushirishni istamasdi. Yonidan chaqmoqtoshni chiqarib, kumush gardishga oʻyib rasmi solingan samandarni paypaslab topdi-da, uni bosdi…

Yashil tovlanadigan ikkita yaltiroq tosh qoʻli bilan pana qilingan miltillagan chiroq nurida tiniq suvli irmoq tubida yotganday qimirlamay yotar, ularning ustida esa, ularga tegmasdan bir maromda obihayot oqayotganday edi.

— Mildred!

Ayolning yuzi qor bilan qoplangan orolni eslatardi: ustidan yomgʻir quysa ham sezmas, agar doimo harakat qilib turadigan bulutlar soya tashlasa, ularni payqamasdi. Harakatsizlik, gunglik. Faqat Mildredning quloqtarini zichlab berkitib turuvchi ari tiqinlarning gʻingʻillashiyu, shisha koʻzlarning boqishi, zaif nafas olishu, burun katagining xiyol harakatta kelishi istagan daqiqada hatto bu holat ham bir umrga toʻxtab qolishi hech gap emas…

Monteg oyogʻi bilan turtib yuborgan narsa — ertalab ichida oʻttiz dona uyqu hapdorisi turgan moʻjazgina shaffof shisha karavot yonida polda gʻira-shira koʻrinardi. Endi u ogʻzi ochilgan va boʻshatilgan holda chaqmoqtoshning lipillagan nurida xira yiltirardi.

Qoʻqqisdan uy tepasida osmon gʻijirlab ketgandek boʻldi. Goʻyo ikkita bahaybat qoʻl oʻn ming chaqirim uzunlikdagi boʻzni qirrasidan tortib yirtgandek, quloqni batang qiluvchi qarsillagan tovush eshitildi. Montegni xuddi ikkiga ajratib yuborgandek, koʻkragini nimadir tilib, ochilib qolgan yarasining tit-pitini chiqarib tashlagandek boʻldi. Uyning tepasidan birinchi, ikkinchi, birinchi, ikkinchi, birinchi, ikkinchi raketali bombardimonchilar oʻtib ketdi. Olti, toʻqqiz, oʻn ikki — biri ketidan ikkinchisi, biri ketidan ikkinchisi havoni gumburlatib larzaga keltirib uchib oʻtdi. Monteg ogʻzini ochgan edi, tovush gʻijirlagan tishlari orqali ichiga yopirilib kirdi.

Uy tebranib turardi. Chaqmoqtoshning yolqini oʻchib qoldi. Yaltiroq toshlar qorongʻulik qaʼrida yoʻq boʻlib ketdi.

Koʻllar telefonga yopishdi.

Bombardimonchilar uchib ketdilar. U, lablari titrab telefon toʻshagiga tekkanini sezdi:

— Tez yordam kasalxonasiga ulang.

Vahimaga tushib shivirlagan ovoz…

Unga qora bombardimonchilarning gumburlashidan yulduzlar changga aylanib, keyingi qun ertalab butun yer yuzi shu chang bilan gʻalati qor qoplagandek tuyuldi.

Bu boʻlmagʻur fikr unsiz lablarini qimirlatib, aʼzoyi badani titrab qorongʻuda telefon yonida turganida ham uni tark etmadi.

… Ular oʻzlari bilan mashinani olakeldilar. Aniqrogʻi mashina ikkita edi. Biri qora koʻzoynakli zaharli ilonday toʻxtab qolgan suv va chirigan narsalarni qidirib tashlandiq quduq tubiga tushganday oshqozonga yorib oʻtardi. U koʻm-koʻk suyuqlikni ichib soʻrar va boshqa tomonga chiqarib tashlardi. Hamma dogʻlarni yoki uzoq yillar davomida u yerda yigʻilib qolgan hamma zaharni yuta olarmikan? Mashina oshqozon tagida nimanidir sinchiklab qarab topayotgandek titkilar, gohida entikib, chapillattan ovoz chiqarib jimgina ichardi. Uning bitta koʻzi bor edi. Uni ishlatayotgan hissiyotsiz kishi optik qalpoq kiyib kasalning qalbiga koʻz tashlab mashinaning koʻzi nimalarni koʻrayotganini aytib berishi mumkin edi. Ammo undan sado chiqmas edi. U qarardi-yu, mashinaning koʻzi nimani koʻrayotganini ilgʻamasdi. Bunaqangi davolash tadbiri bogʻda ariq kavlashni eslatardi. Urnida yotgan ayol belkurak qadalgan qattiq marmar qatlami edi, xolos. Qazishni davom ettiringlar, burgʻini yana chuqurroq tushiringlar, bilangaab, chapillatib turgan ilon soʻrib ololsa, boʻshliqni ham shimib olinglar!

Sanitar mashinaning ishini kuzatgancha u tik turib chekardi. Ikkinchi mashina ham ishlardi. Xuddi birinchidagidek soʻxtasi sovuq qizgʻish-jigarrang kombinezondagi ikkinchi kishi xizmat qilayotgan bu mashina tanadan qonny asta-sekin tortib olib, uni toza qon va toza plazma bilan almashtirardi.

— Ularni bir yoʻla ikki xil usulda tozalashga toʻgʻri keladi,— dedi sanitar qimirlamay yotgan ayolning boshidan nari ketmay, — oshqozon bir navi, qonni tozalash kerak. Mana bu sabilni qonda qoldirsangiz, u miyaga uradi. Taxminan, ikki ming zarbadan keyin tamom-vassalom! Miya ishdan chiqib, ishlamay qoʻyadi.

— Jim boʻling! — birdan qichqirdi Monteg, — Men faqat tushuntirmoqchi edim, xolos, — javob berdi sanitar.

— Nima, tugatdinglarmi? — soʻradi Monteg.

Ular oʻz mashinalarini avaylab yashiklarga joylashtirar edilar:

— Ha, tamomladik, — uning jahli chiqqanligi ularga zarracha boʻlsa-da taʼsir etmagan, parvoyi falak chekib turardilar: tutun pagʻa-pagʻa boʻlib tepaga koʻtarilar, burun va koʻzlariga kirar, lekin birontasi koʻzini uchirib ham qoʻymasdi, yuzini tirishtirmasdi. ham, — xizmat haqqi ellik dollar boʻladi.

— U sogʻayib ketadimi, yoʻqmi? Nega bu haqda ogʻiz ochmaysizlar?

— Albatta, sogʻayadi. Hamma sabil mana bu yerda, qutilarda. Unga

boshqa xavf solmaydi. Sizga aytdim-ku, eski qon tortib olinib, yangisi quyiladi, deb. Shu bilan olam guliston.

— Axir sizlar vrachmisizlar! Nima uchun vrachni yubormadingiz?
— Vrach emish! — sanitarning lablarida sigareta irgʻidi, — bizda tun davomida bunday chaqirishlar toʻqqiz-oʻn martadan boʻlib turadi.

Keyingi yillarda ular shuncha koʻpayib ketdiki, maxsus mashina yasashga toʻgʻri keldi. Undagi yangilik, toʻgʻrisini aytganda, faqat optik linzadir, qolganlari ilgaritdan maʼlum. Bu yerda vrachning keragi yoʻq. Ikkita texnik yarim soatda hamma ishni doʻndiradi. Kechirasiz, vaqtimiz tigʻiz, — ular koʻcha tomon yurishdi, — hozirgina radio orqali yangi chaqiriq oldik. Bundan oʻn mahalla narida yana allakim bir quticha uxlatadigan dorini ichib qoʻyibdi. Yana kerak boʻlib qolsak chaqirtirarsiz. Kasalga endi faqat tinchlik kerak. Biz unga quvvatni oshiruvchi dori berdik. Juda ochiqib uygʻonadi. Xoʻp boʻlmasa!

Yupqa lablari orasiga sigaretani mahkam qisib olgan, qarashlari zaharli qora ilon kabi sovuq odamlar oʻzlari bilan mashina va shlanglarini koʻtarib, suyuq chirk va atalishi nomaʼlum qora quyuq boʻtqa solingan qutini olib xonadan chiqib ketdilar.

Monteg butun ogʻirligi bilan stulga oʻtirdi va oldida uzala tushib yotgan xotiniga tikilib razm soldi. Endi uning chehrasi xotirjam, koʻzlari yumuq edi. Koʻlini uzatib kaftida nafasining iliqligini sezdi.

— Mildred, — uygʻotishga urinib koʻrdi.

“Bizlar juda koʻpmiz, — xayol surardi u, — bizga oʻxshaganlar milliardlab, bu haddan ziyod koʻp. Hech kim bir-birini bilmaydi. Yetti yot begonalar kelib senga zoʻravonlik qilishadi. Begona odamlar yuragingni yulib, qoniNgni soʻrib oladshar. Eh, xudoyim, boyagi odamlar kim oʻzi? Umrimda ularni hech qachon kurgan emasman”.

Oradan yarim soat vaqt oʻtdi.

Xotinining qon tomirlarida yot qon oqar, shu yot qon unga hayot bagʻishlardi. Yuzlariga qon yugurib, dudoqdari qirmizi rang olgan edi. Muloyim va xotirjam ichki holati shundoqqina yuziga urib turardi. Oʻz qonining oʻrniga birovning qoni…

Ha, ha, xuddi shuningdek xotinining tanasi, miyasi va xotirasini ham almashtirish mumkin boʻlganida edi! Uning qalbini tozalashga, u yerda boʻlaklarga ajratib choʻntaklarini agʻdarib, hoʻl latta ustidan dazmollab, tekislab, ertalab esa yana qaytarib keltirishlariga topshirishning iloji boʻlsaydi.

Koshkiydi shunday boʻlsa!

U oʻrnidan turib, pardalarni koʻtarib, derazalarni lang ochib yubordi. Xona toza tun havosiga toʻldi. Soat tungi ikki edi. Nahotki koʻchada Klarissa Maklellanni uchratganidan buyon atigi bir soat oʻtgan boʻlsa, faqat bir soat ilgari bu qorongʻu xonaga kirib, kichkinagina tiniq shishani oyogʻi bilan turtib yuborgan boʻlsa? Faqat bir soat, xolos, ammo hamma narsa ostin-ustin boʻlib ketdi — avvalgi olam erib yoʻq boʻlib ketdi, uning oʻrnida yangi, sovuq va nursiz olam paydo boʻddi.

Oy nuri bilan qoplangan maysazor orqali Montegning qulogʻiga kulgi ovozi yetib keldi. Kulgi Klarissa, uning ota-onasi va shunday oddiygyna, beozor kuladigan amakisi yashaydigan uydan eshitilib turardi. Bu zoʻraki emas, samimiy va quvonchli qahqaha edi va u atrofdagi hamma xonadonlar jimjitlik va zulmatga burkangan bir paytda, vaqt allamahal boʻlib qolganiga qaramasdan, darogʻon uydan ovozlar eshitilib turardi. Monteg oʻzaro suhbatlashib oʻtirgan kishi-larning ovoziga quloq solardi, ular nima haqidadir gaplashar, soʻzlaridan sehrli narsa toʻqiyotganday savol berishar, javob qaytarishardi.

Monteg oynavand eshikdan oʻtib, nima qilayotganini oʻylamasdan maysazorni kesib oʻtdi. U ovozlar eshitilib turgan uy yonidagi soya joyda toʻxtadi va birdan xayolida agar istasa zinapoyadan koʻtarilib eshikni taqillatishi, “Meni ham ichkariga kiritinglar! Bir ogʻiz ham soʻz aytmayman. Churq etmay oʻtiraman. Syzlar nima haqida soʻzlashayotganingizni eshitmoqchiman, xolos”, deb shivirlashi mumkinligi haqidagi fiqr oʻtdi.

Ammo u turgan joyidan qimirlay olmadi. Erkak kishining, amakisi boʻlsa kerak, bamaylixotir va shoshmasdan gapirayotganiga quloq solgancha sovuqdan qaltirab, sovuq suyak-suyagidan oʻtib, aft-angori muz niqobga oʻxshab turaverdi.

— Hullas, odamlarning qadri qolmagan bir asrda yashayapmiz. Bizning davrimizdagi inson qogʻoz qoʻl sochiqqa oʻxshaydi: unga burun qoqadilar, gʻijimlaydilaru uloqtiradilar, yangisini oladilar, burun qoqadilar, gʻijimlaydilar, tashlab yuboradilar… Odamlar oʻz qiyofasiga ega emas. Monteglar dasturi, oʻyinchilarning ismini bilmasdan turib, oʻz shahring futbol komandasiga qanday qilib ishqibozlik qilishing mumkin? Masalan, qani, ayt-chi, qanaqa rangdagi futbol kiyimida maydonga tushadilar?

Monteg sekin-sekin qadam bosib orqaga, uyiga qarab yurdi. U derazalarni ochiq qoldirib, Mildredga yaqinlashdi, uni adyolga avaylab oʻrab, kirib oʻrniga yotdi. Oy nuri yonoqlariga, qosh-qovogʻi solingan peshonasidagi chuqur ajinlarga tushdi, har birida zigʻirday kumush oq tushganday koʻzlarida aks etdi.

Birinchi yomgʻir tomchisi. Klarissa. Yana tomchi. Mildred. Yana bitga. Amaki. Yana bitta. Bugungi yongʻin. Bitta. Klarissa. Boshqa tomchi. Mildred. Uchinchisi. Amaki. Toʻrtinchisi. Yongʻin. Birinchi, ikkinchi, uchinchi, toʻrtinchi, Mildred, Klarissa, amaki, yongʻin, uxlatadigan hapdorilar, odamlar-qogʻoz qoʻl sochiqlar, ishlat, uloqtir, yangisini ol! Birinchi, ikkinchi, uchinchi, toʻrtinchi. Yomgʻir. Momaqaldiroq. Amakining qahqahasi. Momaqaldiroqning gumburlashi. Olamni sel bosib keladi. Vulqondan olov otilib chiqadi. Hamma narsa chirpirak boʻlib aylanib junbushga kelgan, sertoʻlqin, toshqin daryo kabi tun qoʻynidan tong sari intiladi…

— Boshqa hech narsani bilmayman, hech narsani tushunmayman, dedi Monteg va uxlatadigan hapdorini ogʻziga tashladi. Dori asta-sekin tilining ustida erib ketdi.

Ertalab soat toʻqqizda Mildredning oʻrni boʻsh edi. Monteg shoshib-pishib oʻrnidan turdida, yuragi hovliqib dahlizdan yugurib ketdi. Borib, oshxonaning eshigi oldida toʻxtadi.

Qizartib pishirilgan non boʻlakchalari kumush tosterdan otilib chiqar, nozik metall qoʻl ularni shu zahoti tutib olib qizdirib, eritilgan moyga botirardi.

Mildred qizarib pishgan non boʻlaqlari likopchaga terilishini tomosha qilyb turardi. Uning quloqlari gʻuvillayotgan elektron asalarilar bilan tiqib zich berkitilgan edi. Boshini xiyol koʻtarib Montegni koʻrdi-da, unga bosh irgʻab qoʻydi.

—Tuzukmisan? soʻradi u. Un yil davomida “Chigʻanoq” radiotiqinlariga koʻnikkan Mildred lablarning harakatiga qarab tushunishga oʻrganib qolgan edi. U yana boshini silkitib qoʻyib, boshqa non boʻlagini tosterga soldi.

Monteg oʻtirdi.

— Hayronman, nega bunchalik ovqat yegim keladi, — gapirdi xotini.

Sen… — gap boshladi u.

Shunday ochiqibmanki!

— Kecha kechqurun…

— Sira uxlay olmadim. Oʻzimni juda yomon his qilayapman, — davom etdi xotini, — voy, xudoyim-yey, shunday ochiqib ketdimki! Nega bunday boʻlyapti, tushunolmayman.

— Kecha kechqurun… — yana gap boshladi u. Xotini parishon holda lablarining qimirlashini kutdi.

— Kecha kechqurun nima boʻldi?

— Hali hech narsani eslolmayman degin?

— Nima boʻpti? Mehmonlar kelishdimi? Bugun xuddi ichkilikdan karaxt boʻlganga oʻxshayman. Tavba, ichaklarim shunday surnay chalyaptiki! Kim keldi biznikiga?

— Bir nechta kishi.

— Oʻzim ham shunday deb oʻylovdim, — u qizarib turgan nondan bir tishlamini ogʻziga soldi, — qornim ogʻrisa-da, yutoqib turibman. Quyushqondan tashqari biron ish qilmagan boʻlsam kerak deb umid qilaman.

— Yoʻq, — dedi u past ovozda.

Toster unga yoqqa shimdirilgan non boʻlagini tutqazdi. Goʻyo iltifot qilayotganlaridek allanechuk xijolat tortib uni oldi.

— Sening ham mazang yoʻqqa oʻxshaydi, — soʻz qotdi xotini.

… Kunning ikkinchi yarmida yomgʻir quyib yogʻdi, atrof qorongʻilashib kulrang parda bilan chulgʻanganday boʻldi. U dahlizda turib toʻq-sariq samandar nur sochib turgan nishonni kurtkasiga taqardi. Xayolga botib havo yangilaydigan panjaraga uzoq tikilib qoldi. Televizorli xonada ssenariy oʻqiyottan xotini boshini koʻtarib unga qaradi.

— Namuncha xayol surmasalar! Nimani oʻylayaptilar?

— Ha, sen bilan gaplashib olishimiz kerak, — choʻzib gapirdi u, — kecha hamma uxlatadigan hapdorilarni, shisha idishda qancha boʻlsa, hammasini ichib qoʻyibsan.

— Yoʻgʻ-ye! — ajablanib xitob qildi xotini, — boʻlishi mumkin emas!

— Flakon polda boʻsh yotgan edi.

— Men bunday qilgan boʻlishim mumkin emas. Menga zaril keptimi?

— Balkim ikkita hapdori yegandirsan, keyin esa buni unutib, yana ikkita, yana unutib, yana ichgandirsan, miyang zaharlanib gangib qolganingdan keyin esa biri ketidan ikkinchisini, oʻttiztami-qirqtami flakonda borini yutib yuborgansan.

— Boʻlmagan gap! Nima uchun bunday ahmoqlik qilarkanman?

— Qaydam, — javob berdi u.

Xotini tezroq ketishini istardi, shekilli, buni hatgo yashirmasdi ham.

— Hech qachon bunday qilmasdim, — takrorladi u.

— Mayli, sen aytgancha boʻlaqolsin.

— Ledi aytganidek, — qoʻshimcha qildi u va yana ssenariy oʻqishga tushib ketdi.

— Bugun kunduzgi dasturda nima bor? — soʻradi u horgʻin. Xotini boshini koʻtarmasdan javob berdi.

— Pyesa. Oʻn minutdan keyin hamma toʻrt devorga oʻtish bilan boshlanadi. Menga rolni bugun ertalab yuborishdi. Ularga baʼzi bir narsalarni taklif etdim, bu tomoshabinlarning eʼtiborini qozonishi kerak. Pyesani bitta rolni tushirib qoldirib yozadilar. Mutlaqo yangi gʻoya! Bu yetishmaydigan uy bekasi rolini men ijro etaman. Yetishmay turgan replikani aytish vaqti yaqinlashganda hamma menga qaraydi. Men replikamni aytaman. Masalan, erkak kishi: “Bunga sen nima deysan, Elen?” — deb soʻraydi va menga qaraydi. Men boʻlsam mana bu yerda, sahna markazida oʻtirgandek joylashaman; koʻryapsanmi? Men javob beraman… men javob beraman… — u qoʻlyozmaning satrlari boʻylab barmogʻini yugurtira boshladi, — mana, topdim: “Menimcha bu gʻoyat soz!” Keyin ular erkak kishi “Sen bunga rozimisan, Elen?” demaguncha mensiz davom ettirishadi. Shunda men: “Boʻlmasamchi, albatta roziman” deb javob beraman. Juda qizigʻ-a, Gay?

U dahlizda indamay unga qarab turardi.

— Toʻgʻrisi ham juda qiziq, — yana qaytardi xotini.

— Pyesa nima haqida oʻzi?

— Senga aytdim-ku. Unda qatnashuvchilar uchta — Bob, Rut va Elen.

— Nima?

— Bu judayam qiziq. Toʻrtinchi televizorli devorimiz boʻlganda yanada qiziqroq boʻlardi. Seningcha, oddiy devor oʻrniga televizorli devor oʻrnatishimizga yana uzoq pul toʻnlashga toʻgʻri keladimi? Bu bor-yoʻgʻi ikki ming dollarga tushadi, xodos.

— Bir yillik ish haqimning uchdan bir qismi ekan.

— Atigi ikki ming dollar, — qaysarlik bilan takrorladi u, — har zamonda bir meni ham oʻylasang yomon boʻlmasdi.

Agar toʻrtinchi devorni ham oʻrnatsak, bu xona faqat bizniki boʻlib qolmasdi. Unda turli ajoyib va qiziq odamlar yashagan boʻlishardi. Boshqa biron narsada tejasa boʻladi.

— Biz shundoq ham koʻp narsada tejayapmiz, uchinchi devorga toʻlaganimizdan beri. Agar yodingda boʻlsa, uni faqat ikki oy muqaddam oʻrnatgan edik.

— Faqat ikki oy boʻldimi? — u oʻychan eriga tikyldi, — mayli,

koʻrishguncha, azizim.

— Koʻrishguncha, — javob berdi u koʻcha tomonga yuryi, lekin birdan toʻxtab, orqasiga qaradi, — oxiri nima bilan tugaydi pyesang? Yaxshilik bilanmi?

— Oxirigacha oʻqib chiqqanim yoʻq hali.

U yaqinlashib ssenariyning soʻnggi sahifasiga koʻz yugurtirib chiqdi, boshini silkib, uni taxlab xotiniga qaytarib berdi-da, yomgʻirdan hoʻl boʻlgan koʻchaga chiqsi. Yomgʻir deyarli toʻxtagan edi. Qiz trotuar oʻrtasidan boshini koʻtarib kelar, yakkam-dukkam, yomgʻir tomchilari yuziga tushardi. Montegni koʻrib jilmaydi.

— Salom.

Monteg salomga alik olib soʻradi:

— Xoʻsh, ishlaringiz qalay? Yana nimadir oʻylab topgandirsiz?

— Qoʻysangiz-chi, mening esim joyida emas-ku. Yuzingga yomgʻir tomchilab tursa qanday rohat. Yomgʻirda sayr qilishni juda sevaman.

— Mening bunga uncha hushim yoʻq, — javob berdi u.

— Agar sinab koʻrsangiz, balqi, sizga ham yoqqan boʻlarmidi?

— Hech qachon qilib koʻrmaganman.

Qiz lablarini yaladi.

— Yomgʻirning mazasi ham yoqimli.

— Siz doimo nimanidir titib koʻrgingiz keladi, — dedi u, — bir marta boʻlsa ham sinab-tekshirib koʻrishingiz kerak.

— Baʼzan bir necha marta sinab koʻrishga toʻgʻri keladi, — javob berdi qiz va qoʻlida yashirib turgan narsasiga qarab qoʻydi.

— Qoʻlingizdagi nima? — soʻradi u.

— Momoqaymoq. Oxirgisi boʻlsa kerak. Shunday kech kuzda uni topaman deb xayolimga ham keltirmagan edim. Endi uni olib iyakka ishqalash kerak. Bu haqda hech eshitganmisiz? Mana, qarang! - xandon otib gulni iyagiga surtdi.

— Buning qanday karomati bor?

— Agar iz qolsa, men oshuqaman. Qani, qarang-chi. Nima qilish kerak.

U qizning iyagiga nigoh tashladi.

— Xoʻsh? — soʻradi qiz.

— Sap-sariq iz qolibdi.

— Juda yaxshi! Endi sizda sinab koʻramiz.

— Baribir, hech narsa chiqmaydi.

— Koʻramiz, — aql-hushini yigʻib olmasdan momoqaymoqni baq-baqasiga suqib surkadi. U, beixtiyor yuzini chetga burdi, qiz xoxolab kuldi, — qimirlamay turing!

Qiz uning baqbaqasiga qarab qovogʻini uydi.

— Xoʻsh, qalay?

— Attang! — xitob qildi u, — Siz hech kimni sevmas ekansiz!

— Yoʻq, sevaman.

— Buning hech qanaqa isbot-dalili yoʻq-ku.

— Men sevaman, juda sevaman, — xotirasida kimningdir qiyofasini tiklamoqchi boʻldi, foydasi boʻlmadi, — men xushtorman, — oʻjarlik bilan takrorladi u.

— Menga bunday qaramang! Iltimos qilaman sizdan!

— Bunga sizning momoqaymogʻingiz aybdor, — dedi u, — hamma changi sizning iyagingizga yopishib, menga hech vaqo qolmadi.

— Ana xolos, sizni xafa qilib qoʻydimmi? Koʻrib turibman, xafa boʻldingiz. Kechiring, men, toʻgʻrisi, sizni… — qiz ohista uning tirsagidan ushlab qoʻydi.

— Yoʻq-yoʻq, — shoshib javob berdi u, — men shunchaki…

— Men borishim kerak. Meni kechirdim deng. Menga jahl qilishingizni sira istamayman.

— Men jahl qilayotganim yoʻq. Ochigʻi, salgina ranjidim.

— Oʻz ruhshunos shifokorim oldiga ketyapman. Unga qatnashimga majbur qilishyapti. Men boʻlsam, unga boʻlar-boʻlmas narsalarni oʻylab topaman. Men haqimda qanday oʻylaydi, bilmayman-u, siz haqiqiy piyozga oʻxshaysiz, qatma-qat ajratishga toʻgʻri keladi, deydi.

— Men ham sizga ruhshunos zarur deb oʻylayman, — dedi Monteg.

— Yolgʻon. Siz bunday oʻylayotganingiz yoʻq.

U chuqur xoʻrsinib dedi:

— Toʻgʻri aytasiz. Bunday oʻylayottanim yoʻq.

— Shifokor nima uchun oʻrmonda kezishni, qushlarni tomosha qilishni, kapalaklar tutishni yaxshi koʻrishimni bilmoqchi. Oʻz kolleksiyamni bir kunmas bir kun sizga koʻrsataman.

— Yaxshi. Koʻrsating.

— Ular hadeb hamisha nima bilan bandligimni surishtirishadi. Men ularga, goho shunday oʻtirib, oʻzimcha oʻy suraman deyman. Nima haqda oʻylashimni aytmayman. Bosh qotirib koʻrishsin. Baʼzan ularga boshimni orqaga tashlab, mana bunday tilim bilan yomgʻir tomchilari tutishni yaxshi koʻraman deyman. Ular vinoning mazasini eslatadi. Qachon boʻlsa ham sinab koʻrganmisiz buni?

— Yoʻq, men…

— Meni kechirdingizma? Ha-mi?

— Ha, — u bir dam oʻylanib qoldi, — ha, kechirdim. Nimaga kechirganimni ham bilao lmayman. Siz allanechuk boshqachasiz: sizdan xafa boʻlish, shu bilan birga oson qechirish ham mumkin. Oʻn yetti yoshdaman debmidingiz?

— Ha, bir oydan keyin oʻn yettiga toʻlaman.

— Ajabo. Mening xotinim oʻttizga chiqdi, ammo siz undan ancha yoshi ulugʻ koʻrinasiz. Buni qanday tushunsa boʻlarkin, tagiga yetolmayman.

— Siz ham qandaydir boshqachasiz, mister Monteg. Baʼzi-baʼzida sizning oʻt oʻchiruvchi ekanligingizni unutib qoʻyaman. Yana jahlingizni chiqarsam maylimi?

— Mayli, tortinmang.

— Qanday boshlangan? U yerga qanday qilib tushib qoldingiz? Bu ishni qanday qilib va nima uchun xuddi shuni tanladingiz? Siz boshqa oʻt oʻchiruvchilarga oʻxshamaysiz? Ulardan baʼzilarini koʻrganman, yaxshi bilaman. Men gapirayotganimda siz menga qaraysiz. Kecha oy haqida gapirganimda siz osmonga qaradingiz. Anavi boshqalar hech qachon bunday qilishmasdi. Oʻz yoʻlidan qolmay, menga quloq solmasdan ketaverishardi. Qoʻrqitib doʻq urgan ham boʻlardilar. Odamlarning hozir bir-birlari uchun vaqtlari yoʻq. Siz boʻlsangiz menga iltifot koʻrsatdingiz. Bu noyob xislat. Shuning uchun sizning oʻt oʻchiruvchi ekanligingiz menga gʻalati tuyuladi. Nima uchundir sizga nomunosib kasb.

U ikkiga boʻlinib ketganday, qoq oʻrtasidan yorilib ketganday, yarmisi olov kaby issiq, boshqa qismi muzday sovuq, biri —muloyim, boshqasi — dagʻal, biri titroq, boshqasi toshday qattiq tuyuldi. Ikkiga boʻlingan “men”ining har biri ikkinchisini yakson qilishga harakat qilardi.

— Vaqtingiz boʻldi. Davolovchi vrachingizga kechikmang, — dedi u. Qiz uni trotuarda yomgʻir ostida qoldirib yugurib qetdi. U anchagacha qimirlamay turdi. Keyin ohista bir necha qadam tashlab, birdan boshini orqaga tashladi-da, yuzini yomgʻirga tutib, bir zumga ogʻzini ochdi…

Mexanik koʻppak uxlar va shu vaqtning oʻzida bedor edi, oʻt oʻchirish stansiyasining qop-qorongʻu, yoʻlagining oxiridagi past gʻuvillovchi, past tebranuvchi, xira yoritilgan uyasida yashar, ayni vaqtda esa jonsiz edi. Tun osmonining soʻnik nuri katta toʻrtburchakli oynadan tushib, yorugʻlik shuʼlasi toh u, goh bu yerda, mexanikqayvonning mis, bronza va poʻlat qismlarida lipillardi. Yorugʻlik qizil yoqut oynaning mayda boʻlaklarida aks etar, sezilar-sezilmas jilvalanib, tagiga rezina qoqilgan oʻrgimchaknikiga oʻxshash sakkizta panjalarida sal seziladigan darajada titrab turuvchi bu gʻalati bahaybat maxluqning burun teshigidagi oʻta ingichka mayda qon tomirlariga oʻxshash juda ingichka sezgir neylon tuklarda jimirlardi.

Monteg bronza ustunga sirgʻalib pastga tushdi-da uyqudagi shaharni tomosha qilish uchun tashqariga chiqdi. Bulutlar tarqalgan, osmon musaffo edi. Chekib turib koridorga qaytib kirdi va engashib itning uyasiga qaradi. Mexanik koʻppak rang-barang gullar shirasi hammani aqldan ozdiruvchi va dahshatga soluvchi zahar bilan qongan daladan iniga qaytgan ulkan asalarini eslatardi. Koʻppakning tanasi mana shu quyuq shirin afyun bilan obdon zaharlangan. Endi esa zaharning kuchini uyqu bilan qirqmoqchi boʻlib pinakka ketgan edi.

— Salom, — shivirladi Monteg odatdagidek oʻlik va shu bilan birga tirik hayvonga mahliyo boʻlib qarab.

Oʻt oʻchiruvchilar kechalari zerikishganda, bu har tunda takrorlanib turardi, mis ustun boʻylab pastga tushishardi-da, itning hid bilish tizimining chiqillovchi murvatini maʼlum hidga moslab yertoʻlaga kalamushlar, joʻjalar, gohida baribir choʻktirib yuborish lozim boʻlgan mushuklarni qoʻyib yuborishardi. Koʻppak qurbonlaridan qay birini olishga garov oʻynashardi.

Oʻyyn bir necha sekunddan keyin tugardi. Joʻja, mushuk yoki kalamush bir necha metr yugurib oʻtmasidanoq itning yumshoq panjasiga ilinar, uning tumshugʻidan toʻrt dyuymli poʻlat igna nayza kabi choʻzilib chiqib, oʻljasiga katta miqdordagi morfiy va prokainni sanchib zaharlar edi. Bundan keyin oʻldirilgan hayvonni axlat kuydiradigan pechga eltib tashlar edilar. Oʻyin yana boshqatdan boshlanardi.

Monteg odatda yuqorida qolib, bu ermaklarda ishtirok etmasdi. Kunlardan bir kun, ikki yil muqaddam, tajribali oʻyinchilardan biri bilan garov boylashib, bir haftalik ish haqini yutqazib qoʻygan edi. Oʻshanda Mildred zor qaqshab taʼzirini bergan edi. Hanuzgacha jahlidan butun yuziga qizil toshib, peshonasidagi tomirlari oʻqaogʻiday kertib ketganini eslaydi. Endi u tunlari koykada devorga oʻgirilib pastdan eshitilayotgan qah-qah otib kulishlarga goʻyo kimdir royal torlarini tez-tez tortayotgandek kalamush tirnoqlarining polga urilib chiqqan ovoziga, sichqonlarning chiyildoq tovushiga, koʻppak birgina shovqinsiz sakrash bilan soyadek, birdan yorugʻ nurga uchib chiqqan tungi bahaybat kapalak singari inidan otilib chiqqanidagi kutilmagan sukunatta quloq solib yotardi. It oʻljasiga hamla qilib, unga nayzasini sanchar va iniga qaytar, xuddi rubilnikni oʻchirib qoʻyganlaridek oʻsha zahoti jim boʻlib tosh qotardi.

Monteg itning tumshugʻiga qoʻlini tekkizdi.

It irilladi.

Monteg orqaga tislandi.

Koʻppak inida oʻrnidan qoʻzgʻalib, birdan jon kirgan koʻkish havorang neon uchqunlar toʻla koʻzlarini tikib Montegga qaradi. U yana irilladi gʻalati, quloqqa yoqimsiz elektr vizillashi, tovada yogʻning vijillashi hamda metall gʻijirlashi aralashgan tovush eshitildi. Bamisoli qandaydir eskirgan, zanglash va umrini oʻtab boʻlganlarga xos ehgiyotkorlik bilan gʻijirlaydigan qachondan beri qarovsiz qolgan mexanizm harakatga kelganday boʻldi.

— Oʻzingni bos, oʻzingni, — shivirladi Monteg. Yuragi gupillab ura boshladi. U, itning tumshugʻidan bir dyuym keladigan igna choʻzilib chiqib yoʻqolganini, yana choʻzilib chiqyb yoʻqolganini oʻz koʻzi bilan koʻrdi. Itning qayerdadir ichida irillashi tobora kuchayar, yaltiragan koʻzlari Montegga qadalgan edi.

Monteg orqaga tisarildi. Koʻppak inidan bir qadam tashlab tashqari chiqdi. Monteg qoʻllari bilan ustunga yopishdi. Unga tegib ketishi bilan ustun tepaga gʻirillab koʻtarilib, Montegni shipdagi tuynukdan ohista olib oʻtdi. U, yuqori qavatning yarim qorongʻi maydonchasiga qadamini bosdi.

U qalt-qalt titrar, rangi boʻzarib ketgan edi. Pastda it jimib past guvillashda davom etib, yana haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan oʻrgimchakniki kabi sakkizta panjalariga choʻqqayib pasaydi. Uning koʻp qirrali kristall koʻzlari yana soʻndi.

Monteg tuynikdan darhol uzoqlashmadi, avval oʻzini biroz bosib olmoqchi edi. Uning orqa tomonida ancha naridagi burchakda toʻrt erkak, stol atrofiga joylashib koʻk abajurli lampa yorugʻida qarta oʻynashardi. Ular Montegga koʻz qirini tashlab qoʻyishdi-yu, hech qaysisi churq etmadi. Faqat humo qushi tasviri tushirib bezatilgan brandmeyster qalpogʻidagi, ozgʻin qoʻllarida qarta tutib turgan kishigina nihoyat qiziqsinib narigi xonadan turib soʻradi:

— Nima boʻldi, Monteg?

— Meni jini yoqtirmaydi, — dedi Monteg.

— Koʻppaknimi? — brandmeyster qoʻlidagi qartalarni sinchiklab koʻzdan kechirardi, — qoʻying, boʻlmagʻur gapni. Uning jini yoqtirish yoki yoqtirmasligi mumkin emas. U faqat “ishlab turadi”. Bu ballistika boʻyicha vazifa deganday gap. Uning uchun trayektoriya hisoblab chiqilgan va undan tashqariga chiqmaydi. Nishonni oʻzi topadi, orqaga oʻzi qaytadi, oʻzi oʻchadi. Mis simlar, akkumulyatorlar, elektr energiyasi — unda bor narsalarning hammasi shu.

Monteg qaltirab ichiga havo yutdi.

— Uning hid bilish tizimini shuncha aminokislotalar, shuncha fosfor, shuncha yogʻlar va ishqorlar deb istagan kombinatsiyaga sozlash mumkin. Shundaymi?

— Albatta, bu hammaga maʼlum-ku.

— Har birimizning qonimizning kimyoviy tarkibi va foizli nisbat u yerda, pastda umumiy kartotekada roʻyxatga olingan. Kimdir Mexanik itning “xotira”sini u yoki bu tarkibga, toʻliq emas, qisman, masalan, aminokislotalarga sozlab qoʻygan boʻlsa, nima deysiz? Bu hozirgidek menga daf qilishi uchun yetarli.

— Boʻlmagʻur gap! — dedi brandmeyster.

— U feʼli aynigan deyish mumkin-u, quturgan deb boʻlmaydi. Kimdir uning xotirasini unga tegishim bilan irillash darajasida sozlab qoʻyipti.

— Kimning esiga kelibdi deysiz shunday; qilish? — dedi brandmeyster, — bu yerda dushmanlaringiz yoʻqmi, Gay?

— Bilishimcha, yoʻq.

— Ertaga mexaniklar itni tekshirishadi.

— Bu menga birinchi marta irillashi emas, — davom etdi Monteg, — oʻtgan oyda ham ikki marta shunday boʻluvdi.

— Ertaga hammasini tekshiramiz. Bu haqda oʻylashni miyangizdan chiqaring.

Monteg tuynik yonidan nari ketmadi. U bexosdan uyining dahlizidagi ventilyatsiya panjarasini, uning orqasiga yashirib qoʻyilgan narsani eslab qoldi. Kimdir bundan xabar topib, itga “aytgan” boʻlsa-chi?…

Brandmeyster Montegga yaqinlashib, savol nazari bilan unga qaradi.

— It tunlari iniga kirib olib nima haqida oʻylashini tasavvur qilib koʻraman, — dedi Monteg, — odamga tashlanganda unga jon kirishi rostmi? Bu, hatto qandaydir qoʻrqinchli.

— Ichiga solib qoʻyganimizdan boʻlak hech narsa haqida oʻylamaydi.

— Eh, attang, — sekin gapirdi Monteg, — biz uiga faqat bir narsani taʼqib etish, tutish va oʻldirishni singdirar eqanmiz. Qanday sharmandalik, uni boshqa hech narsaga oʻrgata olmasak!

Brandmeyster Bitti nafratlanib poʻngʻilladi:

— Bu qanaqangi safsata! Bizning itimiz inson zakovati nima yaratishga qodir ekanligining ajoyib namunasidir. U, nishonni oʻzi topib, bexato uradigan takomillashgan qurol.

— Ha, xuddi shunday. Bilasizmi, uning navbatdagi oʻljasi boʻlishni sira istamayman, -dedi Monteg.

— Nima uchun bunchalik qaygʻurasiz? Vijdoningiz toza emasmi, Monteg?

Monteg yalt etib brandmeyster Bittiga qaradi. U boʻlsa koʻzlarini uzmay tikilib qarab turardi, alhol, brandmeysterning lablari qimirlab yoyilib, past, deyarli ovoz chiqarmay qah-qah otib kuldi.

Bir, ikki, uch, toʻrt, besh, olti, yetti kun. U har kuni uyidan chiqib, Klarissa qayerdadir shu yerda, yonginasida ekanligini bilardi. Bir marta uning yongʻoq daraxtini silkitayotganini, boshqa gal maysazorda havorang sviter toʻqib oʻgirganini koʻrdi. Uch yoki toʻrt marta uyining zinapoyasida kichkina kuzgi gullar guldastasini, qogʻoz xaltachaga solingan bir hovuch kashtanlarni, bir varaq oq qogʻozga betartib qadab kiraverishdagi eshikka piston tugma bilan yopshptirib qoʻyilganini koʻrdi. Har kech Klarissa uni muyulishgacha kuzatib qoʻyardi. Bir kun yomgʻirli, boshqasi ochiq, keyin juda izgʻirinli, ketidan osoyishta va iliq, bulardan keyin esa yoz fasli qaytib kelganday kun issiq va dim boʻldi. Klarissaning chehrasi oftobda yengilgina qoraydi.

— Nima uchun menga sizni goʻyo anchadan beri biladigandek tuyuldi? — soʻradi u metroga kirishga yaqinlashganlarida.

— Chunki siz menga yoqasiz, — javob berdi qiz, — va sizdan menga hech narsa kerak emas. Yana shuning uchunki, biz, bir-birimizni tushunamiz.

— Siz bilan birga boʻlganimda oʻzimni qarib-qartaygandek sezaman. Sizga ota boʻlishga yaraydiganga oʻxshayman.

— Rostdanmi? Bolalarni shunchalik yaxshi koʻrar ekansiz, nima uchun mana menga oʻxshagan qizingiz yoʻq?

— Bilmadim.

— Hazillashyapsizmi?

— Men aytmoqchi edimki… — u duduqlanib qolib, boshini chayqatdi, — bilasizmi, xotinim… Xullas, bir soʻz bilan aytganda, farzand koʻrishni istamadi.

Qiz jiddiylashdi.

— Kechirasiz. Toʻgʻrisi, meni kalaka qilyapsiz degan xayolga boribman. Esim qursin.

— Yoʻq-yoʻq! — xitob qildi u, — soʻraganingiz juda yaxshi boʻldi. Mendan koʻpdan beri bu haqia hech kim soʻramasdi. Hech kimning sen bilan ishi yoʻq… Soʻraganingiz juda yaxshi boʻldi.

— Keling, boshqa narsa haqida gaplashaylik. Qizigan barglardan nimaning hidi keladi, bilasizmi? Dolchinning. Mana, hidlab koʻring.

— Rostdana… Dolchinning hidiga juda oʻxshab ketadi. Qiz unga nur yogʻilib turgan charos koʻzlarini koʻtarib qaradi.

— Qanday qilib hamisha ajablanasiz?

— Holbuki men avvallari hech qachon sezmasdim… vaqtim boʻlmasdi.

— Reklama gʻovlarini koʻrdingizmi? Yodingizdami, men sizga aytuvdim.

— Koʻrdim, — u beixtiyor kulib yubordi.

— Kulgi sizga yarasharkan.

— Rost aytyapsizmi?

— Ha. Ancha erkin, tabiiy kulyapsiz.

U ancha yengil tortib, oʻzini yaxshi his qilayotgandek boʻldi.

— Nega maktabga bormaysiz? Oʻqish oʻrniga uzzukun yolgʻiz oʻzingiz aylanib yurasiz?

Maktabda mensiz zerikib qolishmaydi, — javob berdi qiz, — ularning aytishlaricha, odamovi emishman, odamlar bilan goʻyo chiqisholmas emishman. Bunga sira tushunib boʻlmaydi. Nega desangiz, aslida odamlar bilan tez elakishib ketaman. Hammasi munosabatni qanday tushunishga bogʻliq. Menimcha odamlarga aralashish siz bilan mening mana shunday suhbat qurishimiz, — u bogʻdagi daraxt ostidan topib olgan bir nechta kashtanlarni kaftiga tashladi, — yoki dunyoning ishlaridan gaplashishimizdir. Odamning taftini odam oladi. Hammani bir yerga gʻuj qilib toʻplab, hech kimga soʻz berilmasa, bu qanaqa munosabat boʻldi? Televizordan mashgʻulot, basketbol, beysbol yoki yugurish boʻyicha dars, keyin tarix darsi — nimanidir koʻchirib rasmini solamiz, keyin yana sport. Bilasizmi, maktabda hech qachon savollar bermaymiz. Koʻpchilik shunday. Ogʻzimizga qum solib oʻtiraveramiz, taraqlatib javoblarni yogʻdirishadi, yana toʻrt soatcha oʻtirib, oʻquv fylmini koʻramiz. Odamlarning oʻzaro aloqasi shu boʻldimi? Yuzlab voronkalarga boshqa tomonidan oqib chiqib ketishi uchungina tarnov boʻylab suv quyadilar. Tagʻin buning vino ekanligiga

inontirmoqchi ham boʻladilar. Kechga borib chunonam charchaymizki, yo tappa tashlab uxlashimiz, yo tomosha boqqa kirib, u yerda sayr-tomosha qilib yurganlarning qitiq patiga tegishimiz yoki maxsus pavilyonda oyna sindirishimiz, yoxud halokatlar tirida poʻlat koptoklar bilan avtomashinalarni urib agʻdarishimiz mumkin. Yana avtomobilga oʻtirib, koʻchalarda gʻuvillatib uchirib yuramiz, eshitgan boʻlsangiz: kim fonar stolbasi yo boshqa mashina yonidan tez oʻtib ketish oʻyini bor. Ha, ehtimol, ular haqdirlar, men ular aytgancha bordirman. Mening doʻstlarim yoʻq. Bu mening goʻyo esi pastligimni isbot qilarmish. Ammo tengdoshlarimning hammasi jinnilarga oʻxshab baqirib-chaqirishadi, sakrashadi yo bir-birovini doʻpposlashadi. Odamlar hozir bir-birlariga qanchalik shafqatsiz ekanliklarini sezganmisiz?

— Siz yoshi qaytgan ayollarga oʻxshab fikr yuritasiz.

— Baʼzan oʻzimni qarib-chirigan kampir xotindek his qilaman. Tengdoshlarimdan qoʻrqaman. Ular bir-birlarini oʻldirishadi. Nahotki, doimo shunday boʻlgan boʻlsa? Amakimning aytishlaricha, bunday boʻlmagan. Shu yilning oʻzida tengqurlarimdan olti kishi otib oʻldirildi. Oʻntasi avtomobil halokatida nobud boʻlishdi. Men ulardan qoʻrqaman, shuning uchun meni chiqishtirmaydilar. Amakimning aytishlaricha, ularning bobolari bolalar bir-birlarini oʻldirmaydigan davrlarni eslar ekanlar. Lekin bunga ancha zamonlar boʻlgan, u vaqtlarda hamma narsa boshqacha boʻlgan ekan.. Amakim u zamonlarda odamlar har bir kishida masʼuliyat hissi boʻlishi kerak deb hisoblaganlar deydilar. Maqtanchoqlikka yoʻymaysiz, menda bu his bor. Nega desangiz, bunga koʻp boʻlgan, hali kichkinaligimda yaxshilab savalab adabimni berganlar. Roʻzgʻorga kerak hamma narsalarni oʻzim xarid qilaman, uyni oʻzim yigʻishtiraman.

Hammasidan ham, harnechuk odamlarni kuzatishni yaxshi koʻraman, — dedi u, — goho ertalabdan kechgacha metroda yuraman, odamlarni kuzataman, gaplariga quloq solaman. Ular kim, nima istaydilar, qayerga ketyaptilar — bilgim keladi. Baʼzida hatto tomosha bogʻlarida ham boʻlaman yoinki yarim tunda shahar chekkasida yeldek uchib yurgan kezlarida raketali avtomobillarda sayr qilaman. Politsiyaning ishi yoʻq, ular sugʻurta qildirib qoʻyilgan boʻysa, bas. Choʻntagingda oʻn ming dollarga kvitansiyang boʻlsa, demak, hammasi joyida, hamma baxtli, hamma xursand. Metroda yo sodali suv favvorachalari yonida odamlarning gapiga quloq solib nimaga iqror boʻlaman deng?

— Xoʻsh?

— Odamlar hech narsa haqida gapirishmaydi.

— Bu qanday boʻldiykin?

— Ha-ha. Hech narsa haqida. Avtomobillar markasi, modalar, suzish basseynlarining nomini atashadi, xolos va hammasiga “Voy, qanday yaxshi” deb qoʻshib qoʻyishadi. Ularning hammasi hadeb bir narsani tasvirlab aytadilar. Shaqildoqning oʻzi deysiz. Qahvaxonalarda esa latifalar qutisini burab, oʻsha siyqasi chiqqan eski askiyalarni eshitadilar yoki boʻlmasa muzikali devorni ulab, unda rangli naqshlarning jilvalanishini tomosha qiladilar. Bularning hammasi maʼnosiz, rapglariing oddiy tovlanishi-ku. Rasmlar talereyasi-chi? Qachon boʻlsa ham rasmlar galereyasiga kirib oʻtganmisiz? Ularda ham hammasi mazmunsiz. Hozir boshqachasi boʻlmaydi ham. Bir zamonlarda, amakim shunday deydilar, boshqacha boʻlgan ekan. Bir vaqtlar rasmlar nima haqidadir hikoya Qalgan, ularda hatto odamlar tasvirlangan ekan.

— Hadeb amakim unday deydilar, amakim bunday deydilar, deb gapirasiz. Amakingiz ajoyib inson boʻlsalar kerak.

— Albatta, ajoyib inson boʻlganlar. Kechirasiz, mening vaqtim boʻldi. Koʻrishguncha xayr, mister Monteg.

— Koʻrishguncha.

— Koʻrishguncha.

Bir, ikki, uch, toʻrt, besh, olti, yetti kun. Oʻt oʻchirish stansiyasi.

— Monteg, xuddi qushga oʻxshab ustundan uchib chiqasiz.

Uchinchi kun.

— Monteg, bugun orqa eshikdan kirib keldingiz. It yana sizni bezovta qilyaptimi? — Yoʻq-yoʻq.

Toʻrtinchi kun.

— Monteg, eshitdingizmi? Menga faqat bugun aytishdi. Siettlda bitta oʻt oʻchiruvchi ataylab itni oʻzining kimyoviy kompleksiga sozlab, inidan chiqazib yuboripti. Oʻz-oʻzini oʻldirishning usuli yomon emas-a!

Beshinchi, oltinchi, yettinchi kun.

Keyin Klarissa gʻoyib boʻldi. Avvaliga bu kun boshqasidan nima bilan farq qilishini hatto tushunmadi, asli sababi Klarissaning hech qayerda koʻrinmasligi edi. Maysazor boʻm-boʻsh, daraxtlar qaqqaygan, koʻchalar huvillab yotardi. Unga nima yetishmayotganini fahmlab olishidan, yoʻqotganini izlashga tushishidan avval yuragiga gʻulgʻula tushdi; metroga yaqinlashganda dolgʻali vahima hukmida edi. Nimadir sodir boʻlgan, u koʻnikkan qandaydir tartib buzilgan edi. Toʻgʻri, bu tartib juda oddiy va sodda, bor-yoʻgʻi bir necha kun ilgari joriy boʻlgan edi, garchi shunday boʻlsa ham…

Sal boʻlmasa orqaga qaytmoqchi boʻldi. Uydan metrogacha boʻlgan masofani yana bir marta bosib oʻtsamikan? U yana bir marta oʻtsa, Klarissa uni quvib yetib, hammasi avvalgidek boʻlishiga ishonardi. Ammo vaqt boʻlib qolgan edi. Yaqinlashib kelgan poyezd uning ikkilanishlariga chek qoʻydi.

Qartalarning shitirlashi, qoʻllarning harakati, koʻz qovogʻining uchishi, gapiruvchi soatning oʻt oʻchirish stansiyasi navbatchilik xonasi ishidan bir ohangda maʼlumot berishi: “… toʻrtinchi noyabr, payshanba, ertalab soat biru oʻttiz besh minut… biru oʻttiz olti minut… biru oʻttiz yetti minut…” Qartalarning iflos boʻlgan stolga shapillab tegishi. Bir zumga boʻlsa ham oʻzini himoya qilishga uringan juda nozik qovoqlarini qattiq yumib olganiga qaramay, tovushlar Montegga yetib kelardi. Biroq koʻzlari yumiq boʻlsa ham atrofidagi hamma narsani — yaltiratib artilgan mis bronzani, lampalarning charaqlashi, oʻg oʻchirish stansiyasidagi jim-jitlikni aniq sezardi. Stol ustidagi oltin va kumush tangalarning yaltirashini ham koʻrib turganday edi. Hozir u koʻrmayotgan, undan bir stol narida oʻtirgai odamlar oʻz qartalariga tikilib xoʻrsinishgan, nimadandir umidvor. “…Biru qirq besh minut…” gapiruvchi soat tongning oʻtib borayotgan toʻng daqiqalariga, undan battarin yilga aza tutganga oʻxshardi.

— Sizga nima boʻldi, Monteg?

Qayerdadir radio xirillardi:

“Har daqiqada urush eʼlon qilinishi mumkin. Mamlakat oʻz… himoya qilishga tayyor…”.

Stansiya binosi zirillab ketdi: raketali bombardimonchilar eskadrilyasi saharmardondagi qora osmonni gʻuvillab kesib oʻtdi. Monteg merovlanib koʻzlarini pirpiratdi. Bitti unga muzey eksponatidek razm solib qarardi. Mana hozir oʻrindan turib yaqinlashadi-da, Montegga qoʻlini tekkizib, uing aybini, qiynalishlarining sabablarini oshkor qiladi. Aybini? Uning aybi nima ekan?

— Yurish sizdan, Monteg.

Monteg roʻparasida oʻtirgan odamlarga qaradi. Ularning basharasi minglab haqiqiy va oʻn minglab xayoldagi yongʻinlar olovida kuyib part boʻlgan edi: ularning kasb-kori aft-angorini gʻayritabiiy qizil rangga boʻyagan, koʻzlarini yalligʻlantirgan edi. Ular xotirjam, oʻzlarining doimiy qora trubkalarini tutatib, koʻzlarini qismay va oʻchirmay platinali chaqmoqtoshlarining oloviga qarab turishardi. Koʻmirday qora sochlari, qorakuya kabi qop-qora qoshlari, koʻkish yuzlari, silliq qirdirilgan, ammo isqirt soch-soqollari — bularning hammasi avloddan-avlodga oʻtib kelgan hunarning tamgʻasi, belgisi edi! Monteg choʻchib tushdi, ogʻzini ochgancha qotib qoldi — miyasini gʻalati fikr chulgʻab olgan edi. Sochlari, qoshlari timqora boʻlmagan, yuzlari yalligʻlanib qizarmagan, koʻkish-kulrang soqol-moʻylovi silliq qilib kuzaklanmagan, shu bilan birga goʻyo anchadan beri sochiga ustara tegmagan oʻt oʻchiruvchini qachon boʻlmasin koʻrganmidi? Bu odamlar ikki tomchi suvdek uning oʻziga aynan oʻxshar edilar! Nahotki oʻt oʻchirish komandalariga odamlarni faqat mayllariga emas, balki tashqi koʻrinishlariga ham qarab tanlagan boʻlsalar? Ularning yuzlarida kul va qorakuyaning rangidan boshqa rang, tus boʻlmasdi. Ulardan doimo hamma vaqt tutab turuvchi trubkalaridan tarqaladigan kuyindi isi anqib turardi. Mana, tamaki tutuniga burkangan brandmeyster Bitti oʻrindan turadi. Tamakining yangi qutichasini olib ochadi. Sellofan jild chars-churs yongan olovni eslatib, chirsillab yirtiladi.

Monteg qoʻlida qisib turgan qartalarga koʻz yugurtiradi.

— Men… xayol surib ketibman. Oʻtgan haftadagi yongʻinni, kitoblarini yoqib yuborgan anavi kishini esladim. Uni nima qildilaringiz?

— Jinnixonaga joʻnatdik. Telbaga oʻxshab baqirardi.

— Axir u jinni emasiydi-ku!

Bitti indamay qartalarni chiyladi. .

— Kimda-kim hukumatni va bizni aldash mumkin deb oʻylasa, u aqldan ozgan boʻladi.

— Odamlar bunday vaziyatda nimani his qilishlarini tasavvur qilishga urindim, — dedi Monteg, — masalan oʻt oʻchiruvchilar bizning uyimiz va kitoblarimizni yoqa boshlasalar nima qilardik?

— Bizlarda kitob yoʻq.

— Agar boʻlganda-chi?

— Balki sizda bordir?

Bitti qovogʻini ohista koʻtarib qarab, pastga tushirdi.

— Menda yoʻq, — dedi Monteg va stol yonida oʻtirgan odamlar osha devorda osigʻliq mashinkada bosilgan, man etilgan kitoblar roʻyxatiga qaradi. Bu kitoblarning nomi uning boltasi zarbi ostida yillar va asrlar tarixi koʻkka sovurilganda yongʻinda gur etib yonib ketar, qoʻlidagi shlang bilan ularnyng ustiga kerosin quyilib kulga aylanardi-qolardi. — Menda yoʻq, takrorladi u va oʻsha zahoti yuzida salqin shabadani his qildi. U yana uyining dahlizida turar va tanish ventelyatsiyali panjaradan chiqayotgan sovuq havo oqimi yuziga kelib urilardi. Yana bogʻda qari, juda munkillab qolgan kishi bilan suhbatlashib oʻtirardi. Bogʻda ham salqin shamol esardi…

Monteg bir daqiqagina ikkilanib turdi-da, keyin soʻradi:

— Oʻt oʻchirish stansiyasi va bizning ishimiz hamisha… shunday boʻlganmi? Qachonlardir, bir zamonlarda.

— Qachonlardir, bir zamonlarda!… — oʻshqirdi Bitti, — bu qanaqa gap boʻldi tagʻin?

“Kallavaram, nima deyapman oʻzi, — oʻyladi Monteg, — oʻz sirimni oʻzim oshkora qilyapman-ku”. Oxirgi yongʻinda qoʻliga bolalar ertaklari kitobchasi tushib qolgan, uning birinchi satrini oʻqigan edi

— Juda qadim zamonlarda demoqchi edim, — soʻz qotdi u, — uylar hali yonmaydigan boʻlishidan ilgari… — birdan unga bu soʻzlarni oʻzi aytmayotganday tuyuldi: boshqa kimningdir, yoshroq odamning ovozini eshitdi. U faqat ogʻzini ochar, uning oʻrniga Klarissa Maklellan gapirardi, — oʻshanda oʻt oʻchiruvchilar olov yoqish oʻrniga yongʻinni oʻchirishmasmidi?

— Obbo sen-ey, topgan gapini qaranglar! — Stounmen va Blek xuddi buyruq berilganday choʻntaklaridan nizomlar kitobchalarini shartta chiqarib, Montegning oldiga qoʻyishdi. Ularda qoidalardan tashqari, Amerika oʻt oʻchirish komandalari tarixi qisqacha bayon qilingan, hozir kitobchalarning Montegga yaxshi tanish boʻlgan sahifalari ochib qoʻyilgan edi.

«Koloniyalarda ingliz ruhidagi adabiyotlarni yoqish uchun 1790-yilda asos solingan. Birinchi oʻt oʻchiruvchi-Benjamin Franklin.

Qoida:

1. Xatar signali boʻyicha darhol yoʻlga chiq.

2.Tezkorlik bilan olov yoq.

3.Hamma narsani uchquni ham qolmaguncha yondir.

4.Vazifani bajarib, oʻsha zahoti oʻt oʻchirish stansiyasiga qayt.

5.Yangi xatar signallariga shay boʻlib tur».

Hamma Montegdan koʻzini uzmay qarab turardi. U pinagini buzmadi.

Ittifoqo, xatar signali chalinib, hammayoqni xatar signali ovozi tutib ketdi. Navbatchilik xonasining shipidagi qoʻngʻiroq ikki yuzta zarbi bilan bong ura boshladi. Toʻrtta stul kuz ochib-yumguncha boʻshadi-qoldi. Qartalar, qor uchquniga oʻxshab, polga yoyilib uchib tushdi. Mis ustun lopillab ketdi. Odamlar koʻzdan gʻoyib boʻlishdi. Monteg hamon oʻz joyida oʻtirardi. Pastda toʻqsariq ajdarhoga jon kirib pishqirdi.

Monteg dik etib stuldan turdi-da, tush koʻrayotgandek, ustun boʻylab pastta otildi.

Mexanik it inida sapchib turdi, koʻzlari yashil olov sochib chaqnadi.

— Monteg, qalpogʻingizni unutib qoldirdingiz!

Monteg devorday qalpogʻini yulib olib, yugurdi. Zinaga sakrab chiqishi bilan mashina gʻizillab uchib ketdi.

Tun shamoli har tarafga gʻuvillagan sirena ovozi va metall guldurashini tarqatdi.

Bu eski dahalardan biridagi toʻkilib turgan uch qavatlik uy edi. Bu yerda, chamasi, yuz yiddan kam turmagan boʻlsa kerak. Shahardagi hamma uylar kabi oʻz vaqtida oʻtga chidamli birikmaning yupqa qatlami bilan qoplangan, faqat mana shu nozik ehtiyot qiluvchi poʻst uni butunlay vayron boʻlishdan saqlab turganga oʻxshardi.

— Keldik!…

Motor yana bir marta pishqirib uchdi. Oʻzlarining qalin, oʻtga bardoshli kombinezonlarida tasqara va besoʻnaqay Bitti, Stounmen va Blek uy tomon yugurib ketishardi. Monteg ularning orqasidan chopib ketdi.

Ular uyga bostirib kirishdi. Qochishga yoki yashirinishga harakat ham qilmayotgan ayolni tutib oldilar. U, qarshisidagi sidirgʻa devorga qarab, birov boshiga urib karaxt qilgandek tebranib turardi. Lablari unsiz qimirlar, koʻzlarida shunday ifoda bor ediki, goʻyo nimanidir eslamoqchi boʻlib urinar, ammo eslolmas edi. Nihoyat esladi, lablari titrab ketdi;

— “Mard boʻling, Ridli. Xudoning marhamati bilan bugun Angliya da shunday sham yoqamizki, imonim komil, uni hech qachon oʻchira olmaydilar”.

— Bas qil! — buyurdi Bitti, — qayerga yashirgansan?

U favqulodda akl bovar qilmaydigan loqaydlik bilan ayolning yuziga shapaloq urib savolini takrorladi. Keksa ayol Bittining koʻzlariga tik qarab boqdi.

— Ular qayerdaligini mendan yaxshi bilasiz, boʻlmasa bu yerda qorangizni koʻrmagan boʻlardim, — soʻz qotdi u.

Stounmen kichik varaqaga yozilgan telefonogrammani uzatdi,

“Elm Siti koʻchasidagi 11-uyning chordogʻini gumon qilishga asoslar bor”. Pastda imzo oʻrnida “E.B.” ismi va otasining ismi bosh harflari turardi.

— Bu qoʻshnim missis Bleyk boʻlishi kerak, - dedi ayol bosh harflarga qarab.

— Boʻpti yigitlar. qani boshladik!

Oʻt oʻchiruvchilar zum oʻtmayoq namiqqan, nim qorongʻi boʻm-boʻsh xonalarda yaltiragan kichik boltalarini silkitib zinapoya boʻylab yugurishar, gʻavgʻo koʻtargan bir toʻp bolalardek baqirib-chaqirishib, bir-birlariga urilishib, qulf solinmagan eshiklarni buzardilar.

— Hay! Hay!

Monteg yuragi notinch urib, butun vujudini qaltiroq bosib, tik zinapoya orqali yuqoriga koʻtarilayotganda ustiga bir toʻp kitob agʻdarilib tushdi. Chakki boʻldi! Ilgari hamisha silliq, shamning soʻxtasini tozalaganday koʻchardi. Birinchi boʻlib politsiyachilar kelishar, qurbonning ogʻziga yopishqoq plastir tortishar, ost-qoʻlini bogʻlab oʻzlarining yaltiroq qoʻngʻiz avtomobillarida qayoqqadir olib ketishardi. Oʻt oʻchiruvchilar yetib kelganda uyda hech kim boʻlmasdi. Ular hech qimni chirqillatmas, faqat narsalarni tilka-pora qilishardi. Buyumlar ogʻriqni sezmaydi, manavi xotinga oʻxshab baqirmaydi ham. Keyin vijdoning ham qiynalmaydi. Oddiy yigʻishtirish, qorovulning yumushiday gap. Hammasi tartib bilan tezda bajariladi! Kerosin bu yoqqa! Gugurt kimda?

Bugun kimdir xato qilgan edi. Ayol uyida qolib hamma ish tartibini buzib yuborgan edi. Shuning uchun hamma ayolning dahshatga soluvchi gung tanasini boʻgʻish maqsadida koʻproq shovqin solishga, baland ovoz bilan gapirishga, hazil-mutoyiba qilib qah-qahlashga harakat qilardi. Ayol yalang devorlarni gʻazabdan faryod qilishga, xonalarda yelib-yugurayotgan odamlarning burunlariga kiruvchi, qalblarida dogʻ qoldiruvchi gunoh changini burqsitishga majbur etayottandek tuyulardi… Tartibsizlik bu! Notoʻgʻri! Monteg oʻz-oʻzidan jahli chiqib ketdi. Hammasining ustiga unga mana shu yetmay turuvdi! Ayol bu yerda boʻlmasligi kerak edi!

Kitoblar Montegning yelkalari va qoʻllariga, yuqoriga qaraganda esa yuziga sirpalib tushardi. Mana, bitta kitob oq kabutardek, qanotlarini dirillatib, itoatkorona toʻgʻri qoʻllariga kelib tushdi. Xira, notekis yorugʻlikda uning ochiq sahifasi soʻzlar naqshlab yozilgan oppoq pat kabi yilt-yilt etib koʻrindi. Monteg ishdagi shoshqaloqlik va hovliqish bilan ovora boʻlib unga bir soniya nazar tashladi. Koʻzi tushgan satrlar miyasini olov boʻlib kuydirdi, qizdirilgan temir bilan kuydirib tamgʻa solgandek unda mahkam oʻrnashib qoldi. “Vaqt peshingi quyosh ostida holsizliqdan mudrayotganga oʻxshardi”. U kitobni polga tushirib yubordi. Oʻsha ondayoq boshqasi qoʻliga kelib tushdi. .

— Hay, pastda kim bor? Monteg! Buyoqqa! Montegning qoʻllari oʻz-oʻzidan kitobni siqib oldi. Oʻzini unutib, hech narsani oʻylamasdan, telbalarcha uni koʻkragiga bosdi. Uning boshi uzra, chordoqda oʻt oʻchiruvchilar chang toʻzgʻitib, dasta-dasta jurnallarni titib pastga uloqtirishardi. Jurnallar otib tushirilgan qushlar kabi pastga uchar, ayol esa qizchaga oʻxshab oʻrtada qotib turardi.

Yoʻq, u, Monteg, hech nima qilgani yoʻq. Hammasini uning qoʻllari bajardi. Qoʻlining oʻz miyasi, oʻz vijdoni, titrab turgan har bir barmogʻining sinchkovligi bor edi. Mana shu qoʻli bir pastda oʻgʻriga aylandi. Mana kitobni pinjiga tiqib terlagan badaniga mahkam bosdi va lip etib u yerdan quruq sirgʻalib chiqdi… uning chaqqonligi oldida koʻz boylagich ham ip esholmaydi! Marhamat, qaranglar! Tuya koʻrdingmi yoʻq!

U hayratdan oʻzining oppoq qoʻlini uzoqni ravshanroq, koʻradigan kishidek goh nariroq surib, koʻr kishidek goh yuziga yaqinlashtirib sinchiklab koʻrardi.

— Monteg!

U seskanib qayrilib qaradi.

— U yerda nima qilib qaqqayib turibsiz? Ovsar! Nari turing! Kitoblar xuddi yangi tutilgan baliklarni tuzlash uchun qirgʻoqqa toʻplab qoʻygandek uyilib yotardi. Oʻt oʻchiruvchilar ularning ustidan sakrab oʻtishar, sirpanib yiqilishardi. Kitoblarning naqshli zarhal nomlari yarq etib koʻzga tashlanar, pastga qarab uchar, soʻnardi. ..

— Kerosin!

Nasoslarni ulashdi. 451 raqami bitilgan baklardan muzday kerosin oqimi otilib chikdi. Har bir oʻt oʻchiruvchining yelkasiga ana shunday bak mahkamlab qoʻyilgan edi. Ular har bir kitobga kerosin quyishdi, hamma xonalarga kerosin sepib chiqishdi. Keyin shosha-pisha zinapoyadan pastga tushishdi. Monteg kerosin bugʻlanishidan nafasi tiqilib, qoqilib-suqilib orqada kelardi.

— Tashqariga chiqing! — ayolga qichqirishdi ular, — tezroq!

U tiz choʻkib yoyib tashlangan kitoblar orasida turar, ularning kerosin quyilgan muqovalarini barmoqlari bilan silab-siypalar, bosma naqshli sarlavhalarini paypaslab koʻrar, koʻzlari esa gʻazabnok taʼna bilan Montegga tikilgan edi.

— Kitoblarimning birontasi ham sizlarga tegmaydi, — dedi u nihoyat.

— Qonun sizga maʼlum, — javob berdi Bitti, — aql idrokingiz qayerda qoldi? Bu kitoblarda hammasi biri ikkinchisiga zid. Haqiqiy Vavilon minorasi! Shuncha yillardan buyon uning ichida bekinib oʻtirgansiz. Bularning hammasini tashlab erkinlikka chiqing. Bularda yozilgan odamlar hech qachon boʻlishmagan. Qani, yuring!

— Ayol rad etib boshini chayqadi.

— Hozir butun uy yonadi, — dedi Bitti. Oʻt oʻchiruvchilar lapanglab tashqariga chiqa boshlashdi. Ular hamon ayolning yonida turgan Montegga oʻgirilib qaradilar.

— Uni bu yerda qoldirib ketib boʻlmaydi-ku! — gʻazab bilan qichqirdi Monteg.

— Oʻ kyotishni istamayapti.

— Uni majbur qilish kerak!

Bitti chaqmoqtosh ushlagan qoʻlini koʻtardi.

— Biz oʻt oʻchirish stansiyasiga qaytishimiz kerak. Bu mutaassiblar boʻlsa, hamisha oʻzini-oʻzi oʻldirishga urinadi. Bu hammaga maʼlum.

Monteg ayolning bilagidan tutdi.

— Yuring men bilan.

— Yoʻq, — dedi u, — sizga tashakkur!

— Oʻngacha sanayman! — doʻq urdi Bitti. — Bir, ikki, …

— Sizdan iltimos qilaman, — soʻzladi Monteg ayolga murojaat qilib.

— Keting, — javob qildi ayol.

— Uch. Toʻrt…

— Iltimos qilaman! — Monteg ayolni orqasidan tortmoqchi boʻldi.

— Men shu yerda qolaman, xotirjam javob berdi ayol.

— Besh. Olti… — sanardi Bitti.

U yogʻini sanamay qoʻyaqoling, — dedi ayol va barmoqlarini yozdi, uning kaftida kaltagina, ingichka choʻp koʻrindi.

Oddiy gugurt choʻpi.

Oʻt oʻchiruvchilar unga koʻzlari tushib, orqa-oʻnglariga qaramay jonlarini hovuchlab uydan qochdilar. Brandmeyster Bitti oʻz qadrini yerga urmaslikka harakat qilib, asta orqaga tisarildi. Uning qip-qizil yuzi minglab yongʻinlar va tungi xatarlar nuri bilan yaltirab turardi.

“Eh, xudoyim, bu rost-ku! — oʻyladi Monteg, — xatar signallari hech qachon kunduzi emas, faqat tunda boʻladi-ku. Nega? Nahotki yongʻin tunda chiroyli, taʼsirchan manzara boʻlgani uchungina shunday boʻlsa?”.

Eshik oldida hayallab qolgan Bittining qizil yuzida qoʻrquv alomati koʻrindi. Ayolning qoʻli gugurtni qisardi. Havo kerosin bugʻi bilan qoplangan edi. Montegning qoʻltigʻida yashirilgan kitob qimirla, gupillab urib turgan yurak kabi koʻkragiga qarab surilardi.

— Hammanglar ketinglar, — dedi ayol. Monteg Bittining orqasidan eshikka, keyin zinapoyadan pastga, undan nariga, yana uzoqroqqa, ulkan chuvalchang iziga oʻxshab qora kerosin chizigʻi oʻtgan maysazorga qarab tisarilayotganini his qildi. Ayol ularning orqasidan borardi. U, zinapoyaga chiqib toʻxtadi-da, ularga uzoq, bamaylixotir koʻz tashladi. Sukut saqtab, ularni ayblardi.

Bitti chaqmoqtoshni shiq etib bosdi.

Ammo kechikkan edi u. Monteg dahshatdan qotib qoldi. Zinapoyada turgan ayol ularga nafrat toʻla nigoh tashlab, gugurtni zinapoya panjarasiga chaqib yondirib yubordi.

Odamlar uylaridan qoʻchaga yugurib chiqishdi.

Orqaga indamasdan, bir-birlariga qaramasdan qaytishardi. Monteg oldinda Bitti va Bleyk bilan birga oʻtirardi. Hatto trubka ham chekishmas, faqat soʻzlashmay oldinga, yoʻlga qarashardi. Qudratli Samandar chorrahalarda keskin burilib oldinga qarab uchardi.

— Ridli, — dedi nihoyat Monteg.

Nima? — soʻradi Bitti.

— Dyol “Ridli” dedi. Uyda ichkari kirganimizda nimadir qiziq gap aytdi mard boʻling, Riddi.

— Tangrining marhamati bilan bugun Angliyada shunday sham yoqaylikki, imonim komil, uni hech qachon oʻchira olmaydilar, — gʻuldiradi Bitti.

Stounmen va Monteg brandmeysterga hayratlanib qarashdi.

Bitti xomush iyagini ishqadi.

— Buni Latimer ismli kishi bidatlari uchun bir ming besh yuz ellik beshinchi yil oʻn oltinchi oktyabrda Oksfordda tiriklayin gulxanda kuydirishayotganda Nikolas Ridli degan kishiga aytgan.

Monteg va Stounmen mashina gʻildiraklari ostida ora-chora koʻzga tashlanayotgan tosh yoʻlga qaradilar.

— Iqtibos, turli narsalarni xoʻp qulogʻimga quyishgan, — dedi Bitti, — brandmeysterlarda bu koʻp uchraydi. Gohida oʻzim hayron qolaman. Koʻp esnamang, Stounmen!

Stounmen tormozlarni bosdi.

— Obbo! — qichqyrdi Bitti, — burilish joyimizdan oʻtib ketibmizu.

— Kim u?

— Mendan boshqa kim boʻlardi? — qorongʻidan javob berdi Monteg. U yotoqxona eshigini yopib qoʻydi va kesakiga horgʻin suyandi.

Biroz pauzadan keyin xotini dedi:

— Chiroqni yoq.

— Menga chiroq kerakmas.

— Unda yotib uxla.

Xotini norozi boʻlib, oʻrnida agʻanay boshlaganini eshitdi, toʻshakning prujinalari nola qilganday gʻijirlab ketdi.

— Mastmisan? — soʻradi xotini.

Xoʻsh, demak, bu qanday sodir boʻldi? Hammasiga uning qoʻli aybdor. Uning qoʻllari — avval biri, keyin boshqasi tugmasiga choʻzildi, kurtkasini yelkasidan tushirib, polga tashlaganini his qildi. Yechgan shimi qoʻllarida osilib qoldi, ularni chuqurga tashlab yuborganday beparvolik bilan qorongʻida qoʻlidan tushirib yubordi.

Panjalari yuqumli kasal bilan zararlangan maraz hademay yuqoriga, tirsagiga chiqadi, yelkalarigacha yetadi, uchqun kabi bir kuragidan ikkinchisiga oʻtadi. Uning qoʻllari mechkay ochkoʻzlik bilan qamrab olingan. Endilikda bu ochkoʻzlik koʻzlariga ham oʻtgan, uning qaragisi, hamma narsaga qaragisi kelardi.

— Nima qilyapsan ivirsib? — soʻradi xotini.

U qorongʻida gandiraklab. terdan sovuq va nam qoʻllari bilan kitobni siqib ushlab turardi.

— Xoʻsh, oʻrtada qaqqayib turaverasanmi?

Uning koʻkragidan qandaydir mujmal tovush otilib chiqdi.

— Bir narsa dedingmi? — soʻradi xotini.

Yana noaniq tovush lablaridan uchdi. Qoqilib, paypaslab karavotiga yetib oldi-da, kitobni oʻngʻaysizlik bilan muzday yostiq ostiga tiqib, butun ogʻirligi bilan oʻrniga agʻanadi. Xotini qoʻrqib qichqirib yubordi. Ammo unga, xotini qaydadir uzoqda, xonaning narigi burchagida yotgandek, oʻz oʻrni esa choʻlga oʻxshagan dengiz oʻrtasidagi muz orolga oʻxshab koʻrindi. Xotini unga nimadir dedi, goh birnarsa, goh boshqa narsa haqida uzoq gapirdi, biroq bular unga birbiriga aloqasi yoʻq, maʼnosiz soʻzlar edi, xolos. Bir kuni oshnasining uyida huddi shunday gʻudirlab ikki yoshli bola quloqqa hush-yoqadigan, lekin hech narsa bildirmaydigan tovushlar chiqarib, oʻzining qandaydir bolalarcha soʻzlarini talaffuz qilganini eshitgandi.

Montegdan sado chiqmasdi. U yana gʻudirlab ixraganidan keyin Mildred turib, boshiga keldi. Engashib yuzlariga qoʻlini bosdi. Koʻlini olganda Monteg kafti nam boʻlganini bildi.

…Keyinroq tunda Mildredga nazar solib qaradi. U bedor yotardi. Havoda past eshitilayotgan kuy yangrardi. Mildred quloqlariga yana “Chigʻanoqlar”ini taqib olgan, yana, uzoq mamlakatlardan olis ovozlarni tinglardi. U koʻzlarini baqraytirib shipga, tepasida muallaq turgan qorongʻilikka qarab yotardi.

U telefonda gaplashishdan sira boʻshamaydigan, bugun tushlikka nima tayyorlanganini bilmoqchi boʻlgan eri yaqin oʻrtadagi avtomatga yugurib borib unga oʻsha yerdan qoʻngʻiroq qilishga majbur boʻlgan siyqa latifani esladi. Tunlari xotini bilan gaplashish, qulogʻiga shivirlash, baqirish, boʻkirish, shovqin solish uchun u ham “Chigʻanoq” tizimidagi ixcham uzatgich sotib olsamikan? Lekin nimani shivirlaydi? Nima haqida shovqin soladi? Unga nima deydi?

Shu payt xotini koʻziga shu qadar begona koʻrinib ketdiki, goʻyo uni ilgari hech qachon koʻrmagandek. U, shunday adashib, latifadagi kishidek mast holda tunda qaytayotib kimningdir uyiga kirib qolganu, birovning eshigini ochib, yot uyga kirib, begona xotin bilan bir toʻshakda yotib, erta tongda turib ishga ketganday, u ham, xotin ham hech narsani sezishmaganday…

— Milli! — shivirladi u.

— Nima boʻldi?

— Koʻrqma, faqat bir narsani soʻramoqchi edim…

— Nimani?

— Biz birinchi marta qachon, qayerda uchrashgandik?

— Nima uchun uchrashganmiz? — soʻradi xotini.

— Yoʻq! Birinchi uchrashuvimizni aytayapman.

U, xotini shu topda qorongʻilikda norozi boʻlib qosh-qovogʻini uyishini bilardi.

U tushuntira ketdi.

— Xoʻsh, bir-birovimizni qachon koʻrganmiz demoqchiman. Qayerda,

qachon koʻrishuvdik?

— Bu… — xotini duduqlandi, — yodimda yoʻq.

Uning aʼzoyi badani muzlab ketganday boʻldi.

— Nahotki eslolmasang?

— Eh-he, bunga qancha zamon boʻldi.

— Oʻn yil avval. Atigi oʻn yil!

— Nega bunchalik xafa boʻlasan? Eslashga harakat qilyapman-ku, — xotini gʻayritabiiy, chinqirib yuborganday kuldi, — juda kulgilik-a! Ering bilan birinchi marta qayerda uchrashganingni unutsang… Ering ham xotini bilan qayerda uchrashganini unuttan boʻlsa…

U, qovoqlari, manglayi va gardanini qoʻli bilan ohista ishqab yotardi.

Kafti bilan koʻzlarini berkitib xotirasini joyiga, ichkariga surib kirgizmoqchi boʻlganday barmogʻini bosdi. Nimagadir hozir Mildred bilan ilk marta qayerda uchrashganligini eslash dunyoda eng muhim narsa edi.

— Buning hech qanday ahamiyati yoʻq-ku, — xotini oʻrnidan turib, vannaxonaga kirganga oʻxshardi. Monteg krandan oqayotgan suvning shildirashi, qult-qult ovozni eshitdi. Xotini tabletkalarni suv bilan ichardi.

— Ha balki, ahamiyati yoʻqdir, — dedi u.

Monteg xotini nechta dori yutganini sanamoqchi boʻldi va oʻsha yupqa lablari orasiga sigareta qistirib olgan ruxli boʻyoq kabi koʻkishtob-oq yuzli ikki kishi hamda pastda yigʻilib qolgan suyuqlikka qarab hech narsa. koʻrinmaydigan ichkariga buralib-buralib kiruvchi elektron koʻzli ilon uning xotirasiga keldi. Mildredni qichqirib toʻxtatmoqchi va soʻramoqchi boʻldi. “Hozir qancha dori yutding? Yana qanchasini yutib, keyin oʻzing hisobiga yetolmay oʻtirasan?” Hozir boʻlmasa, keyinroq, shu tunda boʻlmasa, keyingisida qanchasini yutib yuborasan… Men boʻlsam, bu kecha, erta kechasi, koʻp tunlar hozirgiday mijja qoqmay chiqaman. U, oʻsha tundagi hamma narsani xotinining oʻrnida qimirlamay chil-parchin boʻlib yotganini, dardini yengillatish uchun tepasida parvona boʻlish oʻrniga yonida gʻoʻdayib qoʻl qovushtirib turgan beparvo va sovuqmijoz ikki sanitarni esladi. Usha tunda xotinining toʻshagi yonida, mabodo u oʻlib-netib qolsa, mijjasidan bir tomchi yosh chiqmasligini payqadi. Nainki bu uning uchun yuzini gʻira-shira koʻchadami, gazetadagi suratdami koʻrgan begona odamning olamdan oʻtishyday boʻladi. Bu shunday dahshatli tuyuldiki, koʻzlari jiqqa. yoshga toʻldi. U, Mildredning oʻlib qolishi mumkinligidan emas, balki uning oʻlimiga oʻksinmasligidan yum-yum yigʻlardi. Tentak, xarob boʻlgan odam va yonida tentak, tuban, uning koʻz oʻngida elektron koʻzli yutoqqan ilon battar xarob qilgan ayol…

“Bu tubanlik qayerdan paydo boʻldi?” — soʻradi u oʻzidan, — nima uchun sendagi bor narsalarning hammasi yoʻqolib, faqat boʻshliqning oʻzi qoldi? Ha aytganday, yana gulu momoqaymoq! U yakun yasadi. “Essiz, essiz! Siz hech kimni sevmaysiz. «Nima uchun hech kimni sevmaydi? “

Nafsilamrini aytganda, bundoq chuqur oʻylab koʻrilsa, u bilan Mildredni qalin devor ajratib turardi, oʻrtalarida Bitti emas, buning ustiga, qimmatga tushgan uchta devor turardi. Devorlarda yashovchi bu hamma amakijon, xolajon, xolavachcha, togʻavachcha, qiz jiyan, oʻgʻil jiyanlar qachon qarasang bir-biriga aloqasi yoʻq, maʼnosiz narsalarni baland, baland, baland ovozda chugʻurlab bidirlaydigan vaysaqi maymunlarning oʻzginasi edi! U, avval boshdan ularga “qarindoshlar” deb nom bergan: “Lyuis amakim yaxshimilar?”, “Mod holam tuzukmilar?”

U, Mildred haqida oʻylaganida xayolida koʻproq qanday obraz gavdalanar edi? Oʻrmonda, bu oʻrmonda faqat qancha qiziq boʻlmasin, daraxtlar koʻrinmasdi, yoʻqolib qolgan qizga yoki aniqrogʻi sahroda qachonlardir dov-daraxtlar oʻsganidan dalolat berib unda-bunda nish urgan novdalar koʻrinardi adashgan qizga, oddiyroq qilib aytganda oʻzining “gapiruvchi” mehmonxonasidagi Mildred koʻz oldiga kelardi. Gapiruvchi mehmonxona. Juda topib aytilgan gap! U yerga qachon kirmasin, devorlar Mildred bilan gaplashayotgan boʻladi.

“Nimadir qilish kerak!”

“Ha, ha, bu zarur!”

Nima uchun turibmiz va hech Nima qilmayapmiz?»

“Qani boshladik!”

“Shunday jahlim chiqqanki, tupurib yuboraman!”

Ular nima haqida gapirishadi? Mildred buni tushuntirib

berolmasdi. Kim kimga achchiq qiladi? Mildred buni bilmasdi. Ular nima qilishmoqchi? “Biroz sabr qil, oʻzing koʻrasan”, -dedi Mildred.

U oʻtirib, kuta boshladi.

Devorlardan unga turli tovushlar shiddat bilan yogʻildi. Muzika shunday bombardimon qildiki, xuddi suyak paylarini uzib yuborgandek, jagʻlarini qayirib tashlaganday, koʻz soqqalari kosasida bamisoli koptokday yumalab ketganga oʻxshadi. Qandaydir Kontuziyami deysiz. Bu tugagandan keyin esa oʻzini qoya ustidan tashlab yuborilgan, sentrifuga tezligida havoda aylantirib, sharsharaga uloqtirib yuborilgan kishidek his qildi. Uchib ketayotganday, boʻshliq sari uchayotganday uning tubi koʻrinmaydi, tezlik shundayki, devorlarga urilmaysan… Faqat pastga… pastga… atrofingda hech narsa koʻrinmaydi…

Boʻm-boʻsh…

Gurillagan ovoz pasayadi. Musiqa tinadi.

— Xoʻsh, qanday? — gapirardi Mildred. — hayratda qoldiradigan-a?

Ha, darhaqiqat, dong qotiradigan edi bu. Devordagi odamlar shu vaqt ichida joylaridan jilmasalar-da, ularning oʻrtasida hech narsa sodir boʻlmasa-da, nimadir roʻy berdi. Ammo sizni kir yuvish mashinasi orasidan oʻtkazganday yoki ulkan changyutgich bylan soʻrganday taassurot qolardi. Siz musiqadan, tovushlar aralashmasidan joningiz naq halqumingizga kelardi.

Monteg jiqqa terga botib, hushdan ketguday boʻlib mehmonxonadan qochib chiqsi. Mildred kreslosidan qoʻzgʻalmay qoldi. Montegning orqasidan yana “qarindoshlar”ning ovozi quloqqa chalinardi.

“Endi hammasi yaxshi boʻladi”, — gapirardi xolalardan biri.

“Hali bir narsa deb boʻlmaydi”, — javob berardi jiyanlardan biri.

“Iltimos, jahling chiqmasin”.

“Kimning jahli chiqibdi?”

“Sening”.

“Mening?”

“Ha. Haqiqatan gʻazablanib turibsan”.

“Nega shunday deb oʻylaysan?”

“Chunki”…

— Xoʻp, yaxshi! — baqirardi Monteg. — Ammo ularning janjali nima boisdan? Ular kim oʻzi? Bu erkak kimu, bu xotin kim? Ular er-xotinmi? Kuyov-kelinmi? Ajralishganmi? Unashtirilganmi? Yo xudoyim, hech narsaga tushunib boʻlmaydi!…

— Ular… — boshladi Mildred, — nima desam ekan, ular… umuman ular arazlashib qolishgan. Tez-tez janjallashib turishadi. Ularning janjalini eshitsang edi!… Ha, ular er-xotin boʻlishsa kerak. Ha, ha, er-xotinligi aniq. Nimaydi?

Agar mana shu mehmonxona, uchta gapiruvchi, Mildred orzu Qilganidek toʻrtinchisi qoʻshilishi kerak boʻlgan uchta devor boʻlmasa, unda bu qoʻngʻiz — Mildred soatiga yuz milya tezlikda haydayotgan ochiq mashina edi. Ular shahar boʻylab gʻuvillab uchishar, u xotiniga qichqirar, xotini unga qichqirib javob qaytarar, ikkovlari ham motorning gʻuvillashidan boʻlak hech narsani eshitishmasdi. “Minimumgacha! Ellik beshgacha! Tezlikni pasaytir!” — “Nima?” —eshitolmay soʻrardi xotini bor ovoz bilan. “Tezlik!” joni halqumiga kelib baqirardi u. Xotini tezlikni kamaytirish oʻrniga uni soatiga bir yuz besh milyaga oshirdi, uning nafasi tiqildi.

Ular mashinadan tushayotganlarida Mildred yana quloqlariga “Chigʻanoqlarni” ilib olgan edi.

Jim-jitlik. Faqat deraza ortida shamol ohista gʻuvillaydi.

— Mildred! — u oʻrnida yonboshiga agʻanadi. Qoʻllarini uzatib, Mildredning quloqlaridan musiqali asalarini tortib oldi. Mildred! Mildred!

— Ha, — qorongiliqdan xotinining ovozi zoʻrgʻa eshitilardi.

Unga u ham televizorli devorlarning oynali toʻsiqlari orasida yashovchi ajib jonzotlardan biriga aylanib qolgandek tus oldi. U gapirar, ammo ovozi tiniq, toʻsiqdan oʻtmasdi. U faqat Mildredga qayrilib qarab, uni koʻrishga umid bogʻlab, imo-ishora, mimika orqali soʻzlasha olardi. Oyna toʻsiq ularni ajratib qoʻygan edi.

— Mildred, yodingdami, senga bir qiz haqida gapiruvdim?

— Qanaqa qiz? — uyqusirab soʻradi u.

— Qoʻshni uydagi qizni soʻrayapman.

— Koʻshni uydagi qaysi qiz?

— Maktabda oʻqiydigani bor-ku,. ismi Klarissa.

— Ha, umi, — javob berdi Xotini.

— Bir necha kundan buyon hech qayerda koʻrinmayapti. Aniq qilib aytganda toʻrt kun boʻldi. Sen koʻrmadingmi uni?

— Yoʻq.

— U haqida senga hikoya qilib bermoqchi edim. Juda gʻalati qiz.

— Boʻldi! Kim haqida gapirayotganingni bildim.

— Men ham uni bilasan deb oʻylardim.

— U — qorongʻilikda Mildredning ovozi eshitildi.

— Unga nima boʻlgan? — soʻradi Monteg.

— Senga aytaman deb unutibman. Unutibman…

— Hozir aytaqol. Nimani aytmoqchi eding?

— Allaqachondan beri yoʻq, sheqilli.

— Qanday qilib yoʻq?

— Butun oila aʼzolari qayoqqadir koʻchib ketdi. U boʻlsa yoʻq.

Ehtimol, oʻlgan boʻlsa kerak.

— Sen balki uni kim bilandir adashtirayotgandirsan?

— Yoʻq. Oʻshani aytayapman. Maklellan. Nomi Maklellan. Uni avtomobil bosib ketgan. Toʻrt kun burun. Aniq aytolmayman-u, oʻlganga oʻxshaydi. Harholda oilasi bu yerdan koʻchib kyotdi. Aniq bilmayman.

Ammo oʻlgan koʻrinadi.

— Bunga aminmisan?

— Yoʻq, amin emasman. Shunday boʻlsa ham…

— Nega oldinroq menga aytmading?

— Unutibman.

— Toʻrt kun boʻlibdi-ya!

— Mutlaqo yodimdan koʻtarilibdi.

— Toʻrt kun, — past ovoz bilan yana bir marta takrorladi u.

Ular qimir etmay qorongʻi xonada yotishardi.

— Xayrli tun, — dedi nihoyat xotini.

Qulogʻiga yengil shitirlagan ovoz eshitildi, Mildred yostigʻining ostini timirskilardi. Radiotiqin qoʻli ostida jonli hasharot kabi qimirladi, mana, Mildredning quloqlarida yana gʻingʻillayapti.

U diqqat bilan quloq soldi. Xotini ohista xirgoyi qilardi.

Deraza ortida lip etib soya koʻrindi. Kuz shamoli shovullab tindi. Ammo tun sukunatida Montegning qulokdari yana allaqanday tovushni ham ilgʻadi: nimaningdir nafasi oynaga tekkanday boʻldi. Xuddi koʻkish qorongʻida yaltirab turuvchi tutunga oʻxshash bir narsa yoki shamol uchirgan kuzgi yaproq maysazor ustidan oʻtib, gʻoyib boʻlgandek tuyuldi. “Mexanik koʻppak, — oʻyladi Monteg, — bugun qoʻyib yuborilgan. Uy atrofida izgʻib yuribdi… Derazani ochsammikan?…”

Derazalarni ochmadi u.

Ertalab badani uvishib, keyin issigʻi koʻtarildi.

— Betobmisan? — soʻradi Mildred, — boʻlishi mumkin emas!

U shamollab qizargan koʻzlarini yumdi.

— Ha, mazam yoʻq.

— Qecha kechqurun soppa-sogʻ eding-ku!

— Yoʻq, kechaning oʻzida betob edim, — u mehmonxonada “qarindosh”larning shovqin solishayotganini eshitdi.

Mildred unga qiziqsinib razm solib tepasida turardi.

U koʻzini yumgan holda xotinini shundoqqina koʻrib turardi: kimyoviy birikmalar bilan kuydirilgan, poxol singari salga sinadigan sochlari, oq tushgan xira yiltillovchi koʻzlari, hamishalik parhezdan ozgʻin, chigirtkadekkina qotmadan kelgan gavdasi, oppoq yoqqa oʻxshagan terisi.

Xotini xotirasida doimo ana shunday edi.

— Menga suv bilan bir hapdori ber.

— Sen turishing kerak, — dedi xotini, — vaqt tush boʻldi. Moʻljaldagidan besh soat ortiqcha uxlading.

— Iltimos qilaman, mehmonxonani oʻchirib qoʻy.

— Hozir u yerda “qarindoshlar” bor-ku!

— Kasal odamning iltimosiga xoʻp deyaqolsang boʻlmaydimi?

— Yaxshi, ovozini pasaytiraman.

U xonadan chiqib, hech narsa qilmasdan yziga qaytdi.

— Endi yaxshimi?

— Rahmat.

— Bu men juda yaxshi koʻrgan dastur, — dedi u.

— Hapdori qani?

— Ilgari hech qachon ogʻrimagan eding, — yana xonadan chiqdi.

— Ha, ilgari kasal boʻlmaganman. Endi kasalman. Bugun ishga borolmayman. Bittiga qoʻngʻiroq qil.

— Tunda juda gʻalati boʻlding, — mingʻirlab xirgoyi qilib erining toʻshagiga yaqinlashdi.

— Hapdori qani deyapman? — takrorladi Monteg unga uzatilgan, suv quyilgan stakanga qarab.

— Obbo, esim qursin! — yana vannaga kirib ketdi, — kecha biron kori hol yuz berdimi? — Yongʻin boʻldi. Boshqa hech narsa boʻlgani yoʻq.

— Men boʻlsam kechani juda qoʻngildagiday oʻtkazdim, — uning ovozi vannadan eshitildi.

— Xoʻsh, nima qilding?

— Koʻrsatuvni tomosha qildim.

— Nimani koʻrsatishdi?

— Dasturni.

— Qanaqasini?

— Juda yaxshisini.

— Kimlar qatnashdi?

— Ha. Umuman, butun gruppa…

— Butun gruppa, butun gruppa, butun gruppa… — u barmoqlari bilan zirqirab turgan koʻzlarini ezdi. Birdan, bafarmoni xudo, qayoqdandir esgan kerosin hidi ufurib koʻnglini aynidib, oʻqchitib yubordi.

Mildred xirgoyisini davom ettirib, xonaga kirdi. Nima qilyapsan? — hayron boʻlib qichqirdi u.

Monteg gangib polga qaradi.

— Kecha kitoblar bilan birga ayol kishini yeqib yubordik.

— Yaxshiyamki, gilamni yuvsa ketadi.

U latta keltirib, polni arta boshladi.

— Kecha men Elennikida edim.

— Spektaklni uyda koʻrish mumkin emasmi?

— Albatta, mumkin. Ammo baʼzida mehmonga borish ham koʻngilga xush yoqadi.

Monteg mehmonxonaga chiqdi. U xotinining kuylayotganini eshitdi.

— Mildred! — chaqirdi u.

Xotini xirgoyi qilib, barmoqlarini ohaigiga yengil shiqillatib qaytib keldi.

— Oʻtgan kecha nima ish qilganimizning senga qizigʻi yoʻqmi? — soʻradi u.

— Oʻzi nima gap?

— Mingga yaqin kitobni yoqdik. Ayol kishini yoqdik.

— Xoʻsh, nima boʻpti? Shunga ham ota goʻri qozixonami?

Mehmonxona gumburlashdan tebranib turardi.

— Danteni ham, Sviftni ham, Mark Avreliyni ham oʻtda yondirdik.

— U yevropalikmidi?

— Shunday boʻlsa kerak.

— Radikalmidi?

— Uni hech mahal oʻqigan emasman.

— Tushunarli, radikal ekan, — Mildred istar-istamas telefon goʻshagini koʻtardi, — brandmeyster Bittiga men qoʻngʻiroq qilishimni istaysanmi? Nega oʻzing qoʻngʻiroq qilmaysan?

— Koʻngʻiroq qil dedim-ku!

— Menga bunaqa baqirma!

— Baqirayotganim yoʻq, — u gʻazabdan titrab, qip-qizarib oʻrnidan qoʻzgʻalib oʻtirdi. Mehmonxonaning havosi isib ketib guldurardi.

— Oʻzim qoʻngʻiroq qilolmayman. Kasalman deb unga aytolmayman.

— Nega?

— Negaki qoʻrqaman, — xayolidan oʻtkazdi u, — yosh bolaga oʻxshab oʻzimni kasallikka solyapman, qoʻngʻiroq qilishga qoʻrqaman, chunki telefondagi qisqacha gap nima bilan tugashini bilaman: “Ha, brandmeyster, ancha tuzukman. Ha, soat oʻnda ishda boʻlaman”.

— Sen mutlaqo kasal emassan, — dedi Mildred.

Monteg oʻrnida orqaga suyandi. Qoʻlini yostiq ostiga yubordi. Kitob oʻsha yerda edi.

— Mildred, vaqtincha ishni tashlasam, nima deysan?

— Qanday qilib? Shuncha yil ishlab hammasini tashlamoqchimisan? Qandaydir ayol oʻz kitoblari bilan…

— Uni koʻrganingda edi, Milli.

— U bilan mening ishim yoʻq. Ayb oʻzida! Nima qilardi kitob saqlab! Avval oʻylash kerak edi! Uni koʻrgani koʻzim yoʻq. Xoʻb, yoʻldan uribdi seni, esimizni yigʻib olgunimizcha koʻchada qolamiz — boshimizda boshpanamiz ham, ishimiz ham boʻlmaydi, hammasidan ayrilamiz!

— Sen u yerda boʻlganing yoʻq, koʻrganing yoʻq, — dedi Monteg, — agar oʻsha ayol yonib turgan uydan chiqib ketishdan bosh tortdimi, bu kitoblarda sen bilan men hatto tasavvur ham qilolmaydigan nimadir boʻlishi kerak. Boʻlishi kerak. Inson bekorga ikki qulogʻini ushlab oʻlimga qarab ketavermaydi.

— Esi joyida boʻlmasa kerak uning.

— Yoʻq, senu men kabi joyida edi. Ehtimol bizdan aqlliroq edi.

Biz uni yoqib yubordik.

— Buning hammasi oʻtkinchi, unutilib ketadi.

— Yoʻq, bu oʻtkinchi emas va unutilmaydi ham. Sen hech qachon yongʻindan keyingi uyni koʻrganmiyean? U bir necha kungacha biqsib yonadi. Bu yongʻinni umrimning oxirigacha ham oʻchira olmayman. Eh xudoyim! Uni xotiramdan oʻchirishga shuncha urindim. Tuni bilan qiynalib chiqdim. Jinni boʻlishimga sal qoldi.

— Bu haqida oldinroq, oʻt oʻchiruvchi boʻlishingdan ilgari oʻylash lozim edi.

— Oʻylash! — qichqirdi u, — menda tanlash imkoniyati bor ekanmi? Bobom va otam oʻt oʻchiruvchi boʻlishgan. Hatto tushlarimda ham oʻzimni oʻt oʻchiruvchi sifatida koʻrardim.

Mehmonxonada raqs kuyining ohanglari eshitildi.

— Bugun kunduzi navbatchilik qilasan, — dedi Mildred, — ikki soat ilgari yoʻlga chiqishing lozim edi. Endi aqlimga kelibdi.

— Gap faqat bu xotinning halokatida emas, — davom etdi Monteg, — kecha tunda shu oʻn yil ichida qancha kerosin ishlatganim haqida oʻyladim. Kitoblar haqida oʻyladim. Har birining ortida inson turganligini birinchi marta anglab yetdim. Inson, chuqur oʻylab, fikrlarini obdon ishlatgan. Ularni qogʻozga tushirish uchun qancha vaqt ketgan. Ilgarilari bu xayolimga ham kelmabdi.

Oʻ oʻrnidan sakrab turdi.

— Oʻz oʻylaganlari, koʻrganlarining bir qismiginani yozish uchun kimningdir, balki, butun umri sarf boʻlgandir. Keyin men kelamanu, bir puflashim bilan ikki minutda hammasi kulga aylanadi.

— Meni tinch qoʻy, — dedi Mildred, — men bunga aybdor emasman.

— Seni tinch qoʻyaymi? Yaxshi. Lekin oʻzimni qanday tinch qoʻyaman?

Yoʻq bizlarni tinch qoʻyish mumkin emas, Ahyonda boʻlsa ham biz bezovta boʻlishimiz kerak. Oxirgi marta seni nimadir muhimroq haqiqiy narsa besaranjom qilganidan buyon qancha vaqt oʻtdi?

Birdan u jimib qoldi. Oʻtgan haftada boʻlib oʻtgan voqeaning hammasini tepaga, qorongʻilikka boqib yotgan bir juft yaltiroq toshni, elektron koʻzli ilon-nasosni va tishlari orasiga sigareta qistirib olgan ikki qiyofasi nomaʼlum, sovuqqonli kishilarni esladi. Ha, u Mildredni nimadir yuragini hovuchlatib shunday bezovta qilardiki! Lekin u, hozirgisining ichiga chuqurlashib qoʻyilgan boshqacha Mildred edi, ular oʻrtasida hech qanday umumiylik yoʻq edi. Ular hech qachon uchrashishmagan, bir-birini bilishmas edi.

U teskari qaradi.

Mildred toʻsatdan dedi:

— Mana maqsadingga yetding. Kim kelganini koʻrib qoʻy.

— Menga baribir.

— “Feniks” rusumidagi mashina, ichida yengiga sap-sariq ilon tasviri tushirilgan qora kurtkali kishi. Ana biz tomonga kelyapti.

— Brandmeyster Bittimi?

— Ha, brandmeyster Bitti.

Monteg turgan joyida qotib qoldi. U qarshisidagi sovuq, oppoq devorga tikilgancha turardi.

— Ichkariga olib kir. Meni kasal degin, — zoʻrgʻa gapirdi u.

— Oʻzing ayt. — Mildred xonada gʻildillab, birdan koʻzlari soqqasidan chiqquday boʻlib taqqa toʻxtadi. Koʻcha eshikka oʻrnatilgan signal karnayidan gʻingʻillagan ovoz eshitildi: “Missis Monteg, missis Monteg, sizni yoʻqlab kelishdi, sizni yoʻqlab kelishdi. Missis Monteg sizni yoʻqlab kelishdi”. Karnayning ovozi tindi.

Monteg kitob yaxshilab yashirib qoʻyilganini tekshirib qoʻydi. Shoshmasdan joyiga yotdi, yostiqqa yonboshladi, adyolni koʻkragiga hamda bukilgan tizzalariga tortdi.

Mildred oʻziga kelib, eshik tomonga yugurdi, eshik ochilishi bilan xonaga shoshmasdan qadam tashlab, qoʻllarini choʻntagiga tiqib brandmeyster Bitti kirib keldi.

— “Qarindosh”laringizni oʻchirib turing, — dedi u Montegga va xotiniga, hech kimga qiyo boqmay;

Mildred xonadan otilib chiqdi. Mehmonxonadagi shovqin bosildi. Brandmeyster Biggi eng qulay stulni olib oʻtirdi. Uning qip-qizil yuzi muloyimlikni ifodalab turardi. U, shoshmasdan oʻzining mis bilan bezatilgan trubkasiga tamaki toʻldirib tutatdi-da, shiftga qaratib pagʻa-pagʻa tutun chiqara boshladi.

— Kirib, kasalni koʻrib ketay dedim.

— Mening kasalligimni qanday bildingiz?

Bitti odatdagicha qizgʻish milklari hamda mayda qand singari oppoq tishlarini yaltiratib kuldi.

— Koʻnglim sezuvdi shunday boʻlishini. Tez orada bir kechaga dam olishni soʻrashingizni bilardim.

Monteg gavdasini koʻtarib oʻtirdi.

— Mayli, — dedi Bitti, — dam oling.

U, qopqogʻiga “Bir million oʻt olishi kafilligi bilan” deb yozib qoʻyilgan chaqmoqtoshni aylantirib oʻynar, parishonlik bilan kimyoviy gugurtni yoqib oʻchirar, yoqar, zigʻirdai oʻtga qarab gapirib turib oʻchirar, yana yoqar, elas-elas tutunning havoda erib ketishini kuzatib oʻchirardi.

— Erkalanib yotaveradilarmi, qachon turadilar? — soʻradi u.

— Ertaga yo indinga. Keyingi haftaning boshigacha turib qolarman. Bitti trubkasini tutatardi.

— Bu savdo har bir oʻt oʻchiruvchining boshida bor. Unga buni tushunib olishida yordam berish kerak. U, oʻz kasbining tarixyni bilishi lozim. Ilgari usta koʻrmagan shogirdlarga buni tushuntirishardi.

Hozir esa yoʻq. Afsus… Oʻt oʻchirish kasbi tarixini brandmeysterlargina hamon eslashadi… Hozir sizlarga aytib beraman. Mildred asabiylashib, stulda qimirlay boshladi.

Bitti qulayroq oʻtirib oldi-da, bir daqiqa indamay xayol surib ketdi.

— Buning hammasi nimadan qayerda, qachon va nima uchun boshlangan deb soʻrarsizlar, men ishimiz haqida gapiryapman, menimcha, nizomlarimizda ilgariroq deb koʻrsatilgan boʻlishiga qaramay, taxminan, fuqarolar urushi deb atalgan davrda boshlangan boʻlishi kerak. Ammo uning haqiqiy gullash davri faqat fotografiyani qoʻllash bilan boshlangan. Keyinchalik esa yigirmanchi asrning boshida kino, radio, televideniye kirib keldi. Oradan uncha ham vaqt oʻtmay hamma narsa ommaviy miqyosda ishlab chiqarila boshladi.

Monteg qimir etmay oʻrnida oʻtirardi.

— Demakki, hamma narsa ommaviy boʻlgandan keyin soddalashib ham ketdi, — davom etdi Bitti, — qachonlardir kitobni u yer , bu yer — turli joylarda, kamchilik odam oʻqirdi. Shuning uchun kitoblar ham har xil boʻlishi mumkin edi. Olam-jahon, hududsiz edi. Qachonki dunyo koʻzlar, tirsaklar, ogʻizlardan tor kelib, aholi ikki, uch, toʻrt baravar oshib ketgandan keyin filmlar, radio eshittirishlar, jurnallar, kitoblarning mazmuni qolipga tushib sayozlashib ketdi. Taxminan har maqsadga yaraydigan luqmaning oʻzginasi. Mana tushunyapsizmi, Monteg?

— Tushunyapman, shekilli, — javob berdi Monteg.

Bitti havoda pagʻa-pagʻa uchib yurgan tamaki tutunidan koʻzlarini uzmasdi.

— Oʻn toʻqqizinchi asr kishisini tasavvur qilib koʻring, itlar, otlar, ot koʻshilgan aravalar — hayot surʼati past. Endi yigirmanchi asrni olib qarang. Hayot surʼati tezlashadi. Kitoblarning hajmi kamayib boradi. Qisqartirilgan, kitobning qisqacha mazmuni hikoya qilib berilgan nashr. Ortiqcha tafsilotlarga berilmasdan xotimaga kelinadi qoʻyadi.

— Tezroq tugay qolsa, — gapga suqildi Mildred.

— Klassiklarning asarlari oʻn besh daqiqalik radio eshittirishga qadar qisqartiriladi. Bir mahal qarabsizki, ikki daqiqada koʻz yugurtirib chiqsa boʻladigan bir ustun matn, boz ustiga qomusiy lugʻat uchun oʻn-yigirma satr material. Ehtimol, biroz oshirib yuborayotgandirman; Lugʻatlardan maʼlumotlar uchungina foydalanilar edi. Ammo qanchadan-qancha odamlarning “Gamlet” bilan tanishuvi, — siz, Monteg, bu nomni yaxshi bilasiz, Monteg xonim uchun xira bir tovushni eslatsa ajab emas, nima deyotgan edim, ha, qanchadan-qancha odamlar uchun “Gamlet” bilan tanishuv, “Nihoyat, barcha klassiklar ijodi bilan tanishadigan boʻldingiz! Koʻshnilaringizdan orqada qolmang” deb jar soluvchi toʻplamga jo boʻlgan bir sahifadagi qisqacha mazmuni bilan chegʻaralangan. Tushunyapsizmi, inson bolalar xonasidan kollejga, undan yana bolalar xonasiga oʻtkazilganday. Mana sizga keyingi besh asr yoki undan ham koʻproq vaqtdan beri ustunlik qilib kelgan intellektual qolip.

Mildred oʻrnidan turib, xonadagi buyumlarni bir joydan ikkinchi joyga qoʻyib gildillay boshladi. Bitti unga qiyo boqmay soʻzida davom etdi:

— Hozir esa plyonkani tezroq aylantirsangiz boʻlgani, Monteg! Iloji boricha tezroq! Klik! Pir! Flik! Bu yoqqa, u yoqqa, tezroq, jadalroq, mana bunday, ana unday, taraq, turuq, jarang, jurung!

Qisqartiring, siqishtiring! Qisqa mazmunini yana soddalashtiring! Siyosatmi? Marhamat, bir ustun, ikkita jumla-yu sarlavha! Bir daqiqadan keyin hammasi xotiradan koʻtariladi. Inson ongini noshirlar, ustomon ucharlar, radioeshittiruvchilar qoʻli bilan tezroq, yana tezroq, quyunday aylantira bering, shunday aylantiringki, toki markazdan qochirma kuch barcha ortiqcha, keraksiz, foydasiz fikrlarni chetga uloqgirib tashlasin!

Mildred oʻringa yaqinlashib, choyshabni toʻgʻrilay boshladi. Uning qoʻllari yostiqni tutganda yuragi orziqib tushdi. Hozir u erining yelkalaridan tortqilab oʻtqazadi-da, yostiqni toʻgʻrilab, yana orqasiga qoʻyadi. Kim biladi, balki qichqirib, koʻzlarini ola-kula qilib baqrayar yoki hech narsa boʻlmaganday, qoʻllarini yostiqning tagiga suqib “Bu nima?” deb soʻrar va soddalik qilib, yashirib qoʻyilgan kitobni olib koʻrsatar.

— Maktablarda oʻqish muddatlari qisqarmoqda, intizom boʻshashmoqda, falsafa, tarix, tillar oʻrganilmaydi. Ingliz tili va orfografiyaga tobora kamroq vaqt ajratiladi va nihoyat, bu predmetlar oʻz holiga tashlab qoʻyiladi. Umr qisqa, inson uchun nima kerak?

Avvalo ish, ishdan keyin esa koʻngilxushlik. Ular har qadamda, istaganingizcha. Orom oling, yayrang! Tugmachalarni bosish, rubilniklarni ulash, murvatlarni burash, boltlarni moslashdan

boʻlak narsalarni oʻrganishga nima hojat bor?

— Ke, yostigʻingni toʻgʻrilab qoʻyay, — dedi Middred.

— Kerak emas, — shivirladi Monteg.

— Tugmacha oʻrnida ilgak — “molniya”, faqir dunyoda tongda turib kiyinayotganingda ham biron narsa haqida oʻylab koʻrishga loaqal yarim daqiqagina ortiqcha vaqting boʻlmaydi.

— Boʻla qol, — takrorladi Mildred.

— Nari tur, — javob berdi Monteg.

— Hayot — charxpalak, Monteg. Hamma narsani domiga tortib naʼra tortadi, guldiraydi! Paq! Taraq-turuq!

— Taraq-turuq! — qichqirdi Mildred, yostiqni siltab.

— Meni oʻz holimga qoʻyasanmi, yoʻqmi?! — zarda bilan qichqirdi Monteg.

Bitti qoshlarini chimirib qaradi.

Mildred yostiqning tagiga qoʻlini yuborib tosh qotdi-qoʻydi. Barmoqdari bilan kitob muqovasini paypaslay boshladi, uning nima ekanligini tushungan sari avzoi oʻzgara boshladi, avval ajablandi, keyin hayratga tushdi. Lablari osilib, tili kalimaga kelmay qoldi.

Hozir surishtirib qolsa-ya…

— Yoʻqolsin drama, teatrda faqat masxarabozlar oʻyini qolsin. Xonalaringizda shisha devorlar oʻrnating, unda rang-barang mushakbozlik charaqlasin, turli xil mayda qogʻoz pistonlar, yo qon, yo xeres, sotern vinolari rangi kabi kamalak nuriday tovlansyn. Siz, albatta, beysbolni savsangiz kerak, Monteg?

Endi Bittining ovozi uzoq-uzoqlardan, qalin lutun pardasi ortidan eshitilayotgandek edi.

— Bu nima? — hayajonidan qichqirib yubordi Mildred.

Monteg gavdasining butun ogʻirligi bilan uning qoʻlini ezib yubordi. — Bu nima deyapman?

— Utir joyingga! — jahl bilan qichqirdi er. Mildred yon tomoiga uchib tushdi. Uning qoʻllariga hech narsa ilinmagan edi. — Gapimizni boʻlma, koʻrmayapsanmi bizlarni?

Bitti piyagini buzmay davom ettirardi.

— Keglini ham sevasizmi?

— Ha.

— Golfnichi?

— Golf — ajoyib oʻyin.

— Basketbol-chi?

— Oho, nimasini aytasiz?

— Bilyard, futbol-chi?

— Qiziqarli oʻyinlar, hammasi ham yaxshi oʻyinlar.

— Sport oʻyinlar, koʻngil ochishlar qancha koʻp boʻlsa, shuncha yaxshi.

Odam bolasi doimo olomon ichida boʻlsin, oʻshanda u oʻylab oʻtirmaydi. Sportning yangi-yangi turlarini tashkil eting, imkon boricha ularni qalashtirib tashlang! Rasmli kitoblarni koʻpaytiring. Filmlarni koʻpaytiring. Aqlni oʻstiradigan omillar tobora kam. Buning natijasida qoniqmaslik, sarosimalik boshlanadi. Yoʻllar odamlar bilan tiqilinch, hamma qayoqqadir oshiqadi. Hammayoqni qochoqlar tutib ketgan shaharlar sayohatchilik lagerlariga, odamlar esa, koʻchmanchi toʻdalarga aylanib, dengizda suv koʻtarilib, pasayganday tartibsiz ravishda dam u yoqqa, dam bu yoqqa oʻtib turadilar. Bugun bu xonada u tunasa, undan ilgari siz, avval kuni men tunagan boʻlaman.

Mildred eshikni taraqlatib yopib xonani tark etdi. Mehmonxonada “xolajonlar” “amakijon”larning ustidan mazax qilib kulishardi.

— Endi madaniyatimiz ichidagi turli mayda guruhlar masalasini olib koʻraylik. Aholi koʻpaygan sari, bunday guruhlar soni ham koʻpayib borardi-yu, ulardan birortasi — it yoki mushuk ishqibozlari, vrachlar, advokatlar, savdo xodimlari, boshliqlar, mormonlar, baptistlar, birlashganlar, muhojirlar, texasliklar, bruklinliklar, irlandiyaliklar, Oregon, yoki Mexiko shtatlarida istiqomat qiluvchilarni zinhor-bazinhor xafa qila koʻrmang. Kitob, pyesa, televizion qoʻrsatuv qahramonlari haqiqiy rassom, kartograf, mexaniklarga aslo oʻxshamasligi lozim. Monteg, yodingizda boʻlsin, bozor qancha gavjum boʻlsa, toʻqnashuvlarga shuncha yoʻl qoʻymaslik kerak. Bu toifa odamlar bilan pachakilashib aslo qitiq patiga tega koʻrmang. Yomon niyat qilgan yozuvchilar, yozuv mashinkalaringizni yigʻishtiring! Shunday qilishdi ham deylik. Koʻribsizki, jurnallar vanil sharbatiga aylangan, kitoblar esa chuchmal yuvindini eslatadi. Shuning uchun kitoblar kasodga uchragan, bunga ajablanmasa ham boʻladi deyishadi quruq olifta, kalondimogʻ tanqidchilar. Biroq kitobxon oʻziga nima kerakligini juda yaxshi bilardi, oʻyin-kulgilar girdobida aylanib oʻziga komikslarni tanladi. Oʻz-oʻzidan maʼlumki, shahvoniy jurnallarni ham eʼtibordan soqit qilmadi. Ana shunday, Monteg. Bularning hammasi yuqoridan, hukumatning hech qanday aralashuvisiz sodir boʻldi. Bu mutlaqo qandaydir farmoyish, buyruq yoki senzura taqiqlarisiz boshlandi. Texnika, ommaviy isteʼmol va xuddi shu guruhlarning tazyiqi, bugungi ahvolga olib keldi. Endilikda ular tufayli oʻzingizni baxtli hisoblashingiz mumkin. Koʻnglingiz tusaguncha komikslarni, ulardagi turli-tuman tavba-tazarrulariyu, savdo-reklama nashrlarini oʻqishingiz mumkin.

— Bularning oʻt oʻchiruvchilarga qanday aloqasi bor? — soʻradi Monteg.

— A… Bitti siyrak tamaki tutuni orasidan chiqib oldinga engashdi, — juda aloqasi bor-da. Maktablar tadqiqotchilar, tanqidchilar, olimlar, sanʼat mutaxassislari oʻrniga tobora koʻproq yuguruvchilar, sakrovchilar, suvoriylar, soʻzuvchilar, motorlarni kavlashtirishga ishqibozlar, uchuvchilar, avtopoygachilar chiqara boshlaganidan keyin “intellektual” soʻzi haqoratomuz soʻzga aylandi. Shunday boʻlishi ham kerak edi. Inson har qanday chegaradan chiqishlarni qabul qilavermaydi. Eslab koʻring-chi, maktabda, sinfdoshlaringiz orasida, ehtimol, biron-bir alohida layoqatli bola boʻlgandir? U, ovoz chiqarib hammadan yaxshi oʻqigan, boshqalardan koʻproq darsda javob bergan, qolganlar esa qoqqan qoziqdek oʻtirib, butun vujudi bilan undan nafratlanmaganmi? Darslardan keyin xuddi shu bolani tevalab, har qanaqasiga qiynamaganmisizlar? Hammamiz bir xil boʻlmogʻimiz kerak. Konstitutsiyada aytilganidek, tugʻilgandan ozod va teng boʻlmasdan, hamma bir xil boʻlishi kerak. Odamlar huddi ikki tomchi suvdek bir-biriga oʻxshasin: oʻshanda hamma baxtli boʻladi, chunki ulugʻlar ham, ularning yonida oʻzlarining arzimas odam ekanliklarini his qiluvchi oʻzgalar ham boʻlmaydi. Ana shunday! Kitob esa qoʻshningning uyidagi oʻqlangan miltiqdir. Uni yoqish kerak! Miltiqning oʻqini chiqarmoq kerak! Inson ongini jilovlamoq kerak. Kim biladi deysiz, oʻqimishli kishiga ertaga kim nishon boʻlishini. Balkim meni tanlar? Ammo men undaylarga toqat qilolmayman. Qachonki dunyodagi uylarni yonmaydigan materiallardan qura boshlaganlaridan keyin oʻt oʻchiruvchilar ilgari bajaradigan yumushlariga zarurat qolmagach ular ilgari yongʻinlarni oʻchirganlar, bunda siz, Monteg, kecha haq edingiz, oʻt oʻchiruvchilarga yangi vazifalar yuklab, ularni tinchligimizning soqchilariga aylantirishdi. Ularda, xuddi fokusdagidek bizning butun hamma uchun tushunarli va qonuniy, boshqalardan tuban ketish qoʻrquv hissimiz mujassam boʻlgan. Ular bizning rasmiy senzorlarimiz, sudyalarimiz va hukm ijrochilari boʻlib qolishgan. Bular — siz, Monteg va men.

Mehmonxona eshigi ochilib, ostonada Mildred paydo boʻldi. U, avval Bittiga, keyin Montegga qaradi. Uning orqa tomonidagi mehmonxona devorlarida baraban, tam-tam va simbal sadolari ostida yashil, sariq, toʻq-sariq mushaklar vishillab, piqillardi. Mildrednning lablari qimirlab, gapirar, ammo shovqindan nima deyayotganini bilib boʻlmasdi.

Bitti trubkasining kulini oʻpkaday qip-qizil kaftiga qoqdi, xuddi shu kulda allaqanday sir-asror bordek unga sinchiklab qaray boshladi.

— Bizning madaniyatimiz nechogʻli hududsiz ekanligini anglashingiz kerak. U shunday ulugʻvorki, uning tarkibidagi guruhlar oʻrtasida

norozilik va gʻalayonlarga yoʻl qoʻya olmaymiz. Oʻz-oʻzingizdan soʻrang:

biz eng koʻp nimani orzu qilamiz? Baxtli boʻlishni, shunday emasmi?

Umringiz bino boʻlibdiki, faqat shuni eshitasiz. Baxtli boʻlishni

istaymiz deyishadi odamlar. Xoʻsh, ularning istagi qondiridib,

baxtli boʻlmadimi? Axir biz ularning doimo harakat qilib turishlarini taʼminlamaymizmi, oʻynab-kulishlari uchun sharoit yaratmaymizmi? Axir inson faqat maishat qilish, qizgʻin hissiyotlar uchungina yashaydi-ku. Inoning, bizning madaniyatimiz unga bunday

imkoniyatni saxiylik bilan yaratib beradi.

— Albatga.

Mildredning lablari qimirlashidan Monteg uning eshik oldida

turib nima demoqchi boʻlganini anglab turar, ammo u tomonga qaramaslikka harakat qilardi, chunki Bitti oʻgirilib qarab, hammasini

tushunib oladi deb qoʻrqardi.

— Qora tanlilarga “Kichkina qora Sambo” kitobi yoqmaydi. Yoqish kerak. Oq tanlilarga “Tom togʻaning kulbasi” yoqmaydi. Oʻni ham yoqish kerak. Kimdir chekish oʻpka rakiga sabab boʻladi deb kitob yozibdi. Tamaki fabrikantlarining paytavasiga qurt tushgan. Bu kitobni kuydirmoq kerak. Gʻalvaning keragi yoʻq, Monteg, tinchlik kerak. Xavf tugʻdiradigan hamma narsa yoʻq qilinishi, pechkaga tashlanishi kerak! Qoʻmish marosimi mungli hissiyotlarni uygʻotadi — bu butparastlar urf-odati. Koʻmish marosimini tugatish darkor. Odam oʻlganidan keyin besh daqiqa oʻtgach, “katta quvur” sari ravona boʻladi. Krematoriylarda helikopterlar xizmat qiladi. Vafotidan keyin oʻn daqiqa oʻttach, odamdan bir chimdim qora kul qoladi. Oʻlganlarga aza tutish shart emas. Ularni unutishimiz kerak. Yoqing, hammasini yoqing.

Olov gurullab yonadi, olov saddi pok qiladi.

Mildredning ortidagi mushakbozlik soʻndi. Xuddi shu daqiqalarda dil sezganidek Mildredning lablari ham qimirlashdan toʻxtadi.

Monteg zoʻrgʻa nafasini rostlab oldi.

— Bizga qoʻshni bir qiz yashardi, — salmoqlanib gapirdi u, — koʻrinmay qoldi. Oʻlgan boʻlsa kerak. Yuzini ham tuzukroq eslay olmayman. Lekin u boshqacharoq edi. Bu… qanday sodir boʻldi ekan! Bitti jilmaydi.

— Vaqti-vaqti bilan u yer-bu yerda boʻlib turadi. Klarissa Maklellan boʻlsa kerak-a? Uning oilasi bizga maʼlum. Ulardan koʻz-quloq boʻlib turamiz. Irsiyat va muhit eʼtiborga molik narsalar. Hamma tentaklardan qutulishning oʻzi boʻlmaydi, bir necha yil ichida buni uddalash qiyin. Uy sharoiti maktab oʻrgatmoqti boʻlgan koʻp narsalarni yoʻqqa chiqaradi. Shu vajdan bolalar bogʻchasiga boruvchilarning yoshini doimo pasaytirib kelganmiz. Mana endi bolalarni beshikdan yulib, bogʻchaga yoʻllaymiz. Maklellanlar haqidagi signallar bizga hali Chikagoda yashab turganlaridan kelib tusha boshlagan. Lekin signallar soxta boʻlib chiqaverdi. Uylaridan kitob topolmadik. Qariyaning obroʻsiga putur yetgan, odamovi edi. Qiz esa naq yotib-yotib portlaydigan bombaning oʻzginasi edi. Oila uning ongiga taʼsir oʻtkazgani begumon. Maktab tavsifnomasini koʻrib, bunga ishonch hosil qildim. Uni biron narsa qilinishi emas, nimaga va nima uchun qilinishi qiziqtirar ekan. Bunday qiziquvchanlik xavflidir. Nima uchun, nega deb qiziqa boshladingmi, tamom, vaqtida-esingni yigʻib olmasang, oxiri voy boʻladi. Bechora oʻlib tinchidi.

— Ha, olamdan koʻz yumdi.

— Baxtimizga unga oʻxshaganlar kam uchraydi. Bunga oʻxshash mayllarni hali gazak olmasdan oʻz vaqtida gʻorat qilishni bilamiz. Taxta va mixlarsiz uy qurib boʻlmaydi, uy tiklanishini istamasang yaxshisi taxta va mixlarni yashirib qoʻy. Agar inson siyosatdan norozi boʻlmasin desang masalaning ikki tomonini koʻrishiga yoʻl qoʻyma. Bir tomonini koʻrsa bas, hech narsa koʻrmasa undan yaxshi. Dunyoda urush degan narsa borligini unutsin. Agar hukumat noʻnoq boʻlsa, hech narsani tushunmasa soliqlar bilan xalqni boʻgʻadi, bu harqalay xalq gʻalayon koʻtarganidan afzal osoyishtalik, eng muhimi osoyishtalik Monteg. Turli konkurslar uyushtiring, masalan, qanotli qoʻshiqlar soʻzini kim koʻproq eslay oladi, kim shtatlardagi hamma yirik shaharlar nomini aytib bera oladi yoki oʻtgan yili Ayova shtatida qancha don olishganini kim biladi. Odamlarning miyasini raqamlar bilan toʻldiring, koʻngliga urmaguncha joʻn faktlardan boshlang, qarabsizki, oʻzlarini juda bilimdon his qila boshlaydilar. Ular fikr-mulohaza yuritayotgandek, oʻsib olgʻa harakat qilayotgandek taassurotda boʻladilar. Aslida esa bir joyda depsinib yotgan boʻladilar. Odamlar bu “fakt”larga gʻarq boʻlishib, uning ogʻushida oʻzlarini baxtli hisoblaydilar. Ammo ularga falsafa yoki sotsiologiya singari qaltis narsalarni asti ravo koʻrmang. Xulosalar chiqarib, umumlashtirishga oʻta boshlasalar, koʻrasiz tomoshani. Bu — xafaqonlik yoʻli! Televizorli devorni ajratib, yigʻishni biladigan odam, hozir koʻpchilik buni biladi, — Koinotni oʻlchab hisoblab chiqishga urinuvchi kishidan baxtliroqdir, nainki oʻzingni yakka-yolgʻiz, ushoq ekanligingni his qilmay turib uni oʻlchab ham, hisoblab ham boʻlmaydi. Men buni yaxshi bilaman, sinab koʻrganman!

Hammasi qurib ketsin! Bizga oʻyin-kulgi kechalar, akrobatlar va fokuschilar, xatarli mashqlar, reaktiv avtomobillar, mototsikl-helikopterlar, pornografiya va narkotiklar berishsa bas. Koʻproq oddiy avtomatik reflekslar uygʻotadigan narsalardan boʻlsin! Agar drama mazmunsiz, film sayoz, komediya boʻsh, qiziqarsiz boʻlsa, meni junbushga keltiradigan narsa bering — quloqni qomatga keltiradigan musiqa bilan asablarimga zarba bering! Men pyesani tushunayotganday boʻlaman, aslida bu bor-yoʻgʻi tovush toʻlqinlariga mexanik reaksiya boʻladi, xolos. Menga baribir emasmi. Changimni qoqqandek silkitishlarini judayam yaxshi koʻraman.

Bitti oʻrnidan turdi.

— Vaqt allamahal boʻlib qoldi. Maʼruza tamom. Sizga hammasini tushuntirib berdim deb umid qilaman. Yodingizda boʻlsin, Monteg, muhimi siz, men va boshqalar baxt uchun kurashuvchilarmiz. Biz insoniyatni oʻzining qarama-qarshi gʻoyalari va nazariyalari bilan hammani baxtiqaro qilmoqchi boʻlgan yaramaslar toʻpidan himoya qilamiz. Biz toʻgʻon yonidagi qorovullarmiz. Bardam boʻling, Monteg! Dilgirlik va zararli falsafa oqimlarini dunyo oralatib gʻaflatda qolmang. Butun umidimiz Sizdan! Bugungi zamonda sizning, siz bilan bizning qanchalik kerak ekanligimizni tasavvur ham qilolmaysiz.

Bitti Montegning sovuq qoʻlini qisdi. Monteg oʻrnida qimirlamay oʻtirardi. Shu topda boshiga tom bosib tushsa ham qimir etmaydigandek tuyulardi unga. Mildred ham eshikdan gʻoyib boʻlgan edi.

— Darvoqi, yana bir narsa yodimdan koʻtarilay debdi. Har bir oʻt oʻchiruvchining xizmatini oʻtash davrida juda boʻlmaganda bir marotaba shunday daqiqa boʻladiki, kitoblarda nima deb yozilgan ekan deb bilgisi kelib dafʼatan qiziqib qoladi. Ochigʻini ayttanda, odam oʻzini toʻxtatib qolishi mushkul boʻladi. Menga inonavering, Monteg, bir paytlar vazifani belgilab olish maqsadida ancha-muncha kitoblarni oʻqib chiqishimga toʻgʻri kelgan edi, sizga aytadigan gapim shu: ularda ishonishga, boshqalarni biron narsaga oʻrgatishga arziydigan hech narsa yoʻq. Agar yengil-yelpi asar boʻlsa, unda dunyoda hech qachon boʻlmagan odamlar haqida hikoya qilinadi, gʻirt uydirma! Bordi-yu, ilmiy adabiyot boʻlsa, undan battar: bir olim ikkinchisini ahmoq deb ataydi, bir faylasuf ikkinchisidan baland kelishga urinadi. Hammalari boshboshdoqlik qilib, yulduzlarni oʻchirmoqchi, quyoshni soʻndirmoqchi boʻladilar. Oʻqisang, boshing aylanib ketadi.

— Bordi-yu, oʻt oʻchiruvchi bilmasdan, oldiga hech qanday maqsad qoʻymasdan kitobni oʻzi bilan olib ketsa-chi? — Montegning rangida qon qolmagan, yuzining eti uchardi. Roʻparadagi ochiq eshik unga yurakka vahima soluvchi boʻm-boʻsh koʻzga oʻxshab qoʻrinardi.

— Buni tushunsa boʻladi. Oddiy qiziqish, xolos,— javob berdi Bitti, — biz bundan xavotirlanmaymiz, jahl otiga ham minmaymiz.

Bir sutka davomida kitobni saqlashiga yoʻl qoʻyib beramiz. Bir sutkadan keyin oʻzi yoqib yubormasa, bu yumushni zimmamizga olamiz.

— Hm… tushunarli, — Montegning tomogʻi qurib qoldi.

— Mana gaplashib ham oldik, Monteg. Balkim, bugun kechroq tungi navbatchilikka chiqarsiz? Hali koʻrisharmiz?

— Qaydam, — javob berdi Monteg.

— Nechun? — Bitti ajablanib soʻradi.

Monteg koʻzlarini chirt yumdi.

— Balkim borib qolarman. Keyinroq.

— Taassuf, bugun ishga chiqolmasangiz, — dedi Bitti oʻyga botib trubkasini choʻntagiga solarkan.

“Endi hech qachon bormayman” — koʻnglidan oʻtkazdi Monteg.

— Tezroq sogʻayib keting, shifosini bersin, — dedi Bitti va qayrilib, ochiq eshikdan chiqib ketdi.

Monteg derazadan, Bitti sariq shinalari yaraqlab turgan koʻmirday qora qoʻngʻiz adtomobilida joʻnab ketganini koʻrdi. Derazadan koʻcha va old tomoni yassi uylar shundoqqina koʻrinib turardi. Bir kuni ular haqida Klarissa nima degan edi? Ha, esladim. “Endi uylar zinapoyasiz quriladi. Amaqim ilgari uylar zinapoyali boʻlardi deydilar. Kechqurunlari odamlar zinapoyalarga chiqib bir-birlari bilan gaplashib, xohlashmasa tebratma stulda oʻz xayollari bilan boʻlib oʻtirisharkan. Arxitektorlar zinapoyalarni yoʻq qildirishibdi, chunki ular binoning koʻrinishini buzarmish. Amakimning aytishlaricha, bu bir bahona emish, haqiqatda esa odamlar ana shunday zinapoyalarda oʻtirib, tebratma stullarda dam olib suhbatlashishlariga yoʻl qoʻyib boʻlmas ekan. Odamlar sergaplik qilib, oʻylashga ham vaqtlari qolarkan. Bunday vaqt oʻtkazish zararli emish. Shuning uchun zinapoyalarni ham, bogʻlarni ham yoʻqotishga qaror qilishibdi. Oʻtirib, hordiq chiqaradigan bogʻ-rogʻlar ham hozir qolmagan. Hozirgi mebellarga bir qarang! Tebratma kreslo yoʻqolib ketdi. Uning qulayligi ham zararlimish. Odamlar koʻproq harakat qilishi kerak ekan. Amakim aytadilarki… amakim aytadilarki…” Klarissaning ovozi boshqa eshitilmay qoldi.

Monteg derazadan oʻgirilib xotiniga qaradi. U mehmonxonada oʻtirib olib diktor bilan gaplashardi. Oʻz navbatida diktbr xotiniga murojaat qilardi… “Missis Monteg” deb allanimalarni javrardi u. Ularga yuz dollarga tushgan maxsus asbob zarur daqiqada avtomatik tarzda xotinining nomini tilga olardi. Diktor oʻz auditoriyasiga murojaat etib pauza qilardi, har bir xonadonda shu daqiqada asbob xonadon sohiblarining nomini tilga olar, boshqa maxsus moslama esa shunga moslab televizion ekranda diktorning lablari va yuzmushaklarining harakatini oʻzgartirar edi. Diktor xonadonning yaqin doʻsti va yaxshi tanishiga aylangan edi.

“Missis Monteg, endi bu tomonga qarang” Mildred quloq solmayotgani aniq koʻrinib tursa ham boshini yon tomonga burdi.

— Bugun ishga bormasam ham boʻladi, demak ertaga ham, butunlay bormasam ham boʻladi, — dedi Monteg.

— Bugun borsang kerak? — qaqshadi Mildred.

— Hali bunday qarorga kelmadim. Yo tavba, dilimda bitta dahshatli istak — hamma narsani sindirib, vayron qilgim kelyapti.

— Avtomobilni olib, yoʻlga chiq. Toza havo olib kel.

— Yoʻq, rahmat.

— Mashinaning kaliti stolcha ustida. Ishim yurishmay kayfiyatim buziLib turgan paytlarda mashinaga oʻtiramanu, boshim oqqan tomonga yelday uchirib ketaman. Tezlikni soatiga toʻqson besh milga chiqarsang biram yengil tortasanki. Baʼzan tuni bilan sayr qilib, tongga yaqin qaytaman uyga, sen dong qotib uxlaysan. Shahar tashqarisida rohat qilasan. Baʼzan gʻildiragingga quyonmi, itmi kelib uriladi. Otlana qol.

— Yoʻq, bugun.emas. Bugungi hissiyotim tarqalib, unut boʻlishini istamayman. Yo alhazar, ichimda nimadir portlayotganga oʻxshaydi. Oʻzim ham tushunolmay qoldim; shunday iqboli nigun, qahrim qaynaganki, sababini bilolmayman. Nazarimda xoʻppayib, shishib ketayotganga oʻxshayman, tars yorilay deyapman. Ichimga haddan tashqari koʻp narsani solib yurganga oʻxshayman… Lekin nimani, bu yogʻi menga qorongʻu. Kitoblar oʻqishga tushib ketaman, shekilli.

— Seni qamab qoʻyishadi-ku, — Mildred unga goʻyo ularni shisha devor ajratib turgandek nazar tashladi. Monteg kalavaning uchini yoʻqotib qoʻygandek xonada u yoqdan-bu yoqqa yura boshladi.

- Qoʻlidan kelganini qilsin. Bitta yarimtasini mayib qilib qoʻymasimdan meni qamab qoʻyishgani ham tuzukroqdir. Bittining gaplarini eshitdingmi? Hamma narsaga uning javobi tayyor. U doim haq. Baxtli boʻlish juda muhim. Xursandlik boʻlsa boʻlgani. Uni eshitib turdimu, oʻzimga oʻzim: yoʻq, men baxtsizman, oʻn karra baxtsizman, deb takrorladim.

— Men boʻlsam baxtliman, — ogʻzining tanobi qochdi Mildredning, — bu bilan juda faxrlanaman!

— Men nimadir qilishim kerak. Nimaligini bilmaymanu arziydigan muhim ish qilishim kerak.

— Safsata gaplaring jonimga tegdi, — gʻoʻldilladi Mildred va yana diktor tomonga oʻgirilib oldi.

Monteg devordagi hamma narsani tartibga soluvchi asbobga qoʻlini tekkizgan edi diktorning ovozi oʻchdi.

— Milli? — gapini boshlab tuxtab qoldi Montegʻ. — Bu uy faqat meniki emas, seniki ham. Vijdonli boʻlish uchun sendan bir narsani sir tutmasligim kerak. Buni allaqachon aytish kerak edi-ku, biroq oʻzimga oʻzim iqror boʻlishdan ham qoʻrqardim. Bir yil davomida yashirib kelayotgan narsamni bugun senga koʻrsataman. Bir yil yashirincha bitta-bittadan yiqqanman. Nega shunday qilganimni tushuntirib berolmayman, senga esa lom-mim deb aytmaganman…

U tik suyanchiqli stulni oldi-da, shoshmasdan dahlizga olib borib kiraverishdagi eshik yonidagi devor yoniga qoʻydi va ustiga chiqdi. Bir daqiqacha shoxsupadagi haykal kabi qimirlamay turdi, Mildred esa yonida boshidan-oyogʻiga razm solib kutib turardi. Soʻngra devordagi ventilyatsiya toʻrini bir yonga surib, ventilyatsiya quvuriga qoʻlini yelkasigacha suqib, timirskilab yana bir toʻrni surdi-da, kitobni oldi. Unga qarab oʻtirmasdan polga tashladi. Qoʻlini yana suqib, tagʻin ikkita kitobni chiqarib, ularni ham polga tashladi. Moʻjazgina, qalin, sariq, qizil, yashil muqovali kitoblarni birin-sirin chiqarib, pastga tashlayverdi. Oxirgisini tortib chiqarganda Mildredning oyoqlari ostida yigirmaga yaqin kitob uyilib yotardi.

— Meni kechir, oʻylamasdan qildim bu ishni. Bu ishda ikkovimiz ham birday xatoga yoʻl qoʻyganga oʻxshaymiz.

Mildred kutilmaganda pol orasidan otilib chiqqan bir gala sichqonlarga koʻzi tushganday sapchib ketdi. Monteg uning oʻxtin-oʻxtin nafas olayotganini, quv oqargan yuzini, koʻzlari kosasidan chiqib ketganini ham koʻrdi. Xotini uning nomini bir necha marta takrorlab, titrab qaqshab kitoblarga otildi. Bittasini ola oshxonaga axlat yoqadigan pechkaga qarab yugurdi.

Monteg uning qoʻllaridan mahkam tutib qoldi. U boʻlsa chinqirib, yumdalab, erining changalidan qutulib chiqishga urinardi.

— Esingni yigʻ, Milli! Bas qil, sendan iltimos qilaman. Sening hech narsadan xabaring yuq… Bas qilasanmi, yoʻqmi? — u xotiniga shapaloq tortib yubordi va yelkasidan tutib silkitdi.

Mildred shivirlab yana uning nomini takrorladi-da, yum-yum yigʻlay boshladi.

— Milli! Gapimga quloq sol. Bir soniyagina, oʻtinaman! Boʻlar ish boʻldi. Ularni hoziroq yoqish mumkin emas. Avval ularga koʻz yugurtirib chiqmoqchiman, tushunyapsanmi, atigi bir martagina. Brandmeyster haq boʻlsa, ikkovlashib ularni yoqamiz. Ont ichaman, birga yoqamiz. Sen menga yordam berishing kerak, Milli! — u xotinining iyagini koʻtarib yuziga tikildi. Koʻzlariga termulib undan oʻz aksiyi axtardi, nima qilish kerak degan savoliga javob izladi.

— Istaysanmi, yoʻqmi, boshi berk koʻchaga kirib qolganimiz aniq. Shuncha yillardan beri sendan hech narsani iltimos qilib soʻramagan edim. Endi yoʻq dema, sendan soʻrayapman. Senu mana bu hapdorilaring, tunlari avtomobilda bemaʼni sayr qilishlaring, men va mening ishim qayerdan paydo boʻldi, nihoyat bularning tagiga yetib tushunib olishimiz kerak. Biz tubsiz jarlikka qarab ketayaymiz, Milli! Men buni istamayman. Bilaman, bizga oson boʻlmaydi, biz hali nimadan boshlashimizni ham bilmaymiz, ammo bularning hammasini oʻylab tushunib yetishga, amallab anglab olishga, bir-birimizga yordam berishga urinib koʻramiz. Men sening yordamingga shunday muhtojmanki, Milli, buni senga tushuntirib berolmayman! Agar meni zarracha boʻlsada sevsang, bir-ikki kungina sabr qilasan. Sendan faqat shuni soʻrayman, xolos. Qasam ichib aytaman, nari borsa ikki kun! Ulardan biron-bir eʼtiborga loyiq foydali narsa, qaytar dunyoda tafakkur zarrasini topsak, boshqalarga ham yetkazgan boʻlarmidik.

Mildred boshqa qarshilik koʻrsatmay, erining bagʻridan chiqdi. Holdan toygan holda devorga suyanib polga sirgʻalib tushdi. Undan sado chiqmas, sochilib yotgan kitoblarga qarab oʻtirardi. Oyogʻi ulardan biriga tegib ketgan edi, darhol tortib oldi.

— Kecha bir xotin… Milli, sen u yerda boʻlmagansan, uni bir koʻrganingda edi. Klarissa… Sen u bilan hech qachon gaplashmagansan. Men gaplashganman. Bittiga oʻxshagan odamlar undan hayiqishadi. Hayronman, Klarissadan va unga oʻxshash odamlardan nega qoʻrqishar ekan? Kecha navbatchilik paytida uni stansiyadagi oʻt oʻchiruvchilar bilan taqqoslay boshladim va birdan hamkasblarim va oʻzimdan nafratlanishimni fahmlab qoldim. Ehtimol, oʻt oʻchiruvchilarning oʻzini yondirib yuborish oqilona ish boʻlmasmikan degan xayollarga bordim.

— Tss…

Kiraverishdagi eshikka oʻrnatilgan karnaydan past ovoz eshitildi: “Missis Monteg, Missis Monteg, sizlarni yoʻqlashyapti, sizlarni yoʻqlashyapti”.

Jim-jitlik,

Ular sarosimaga tushib koʻcha eshikka, polda yoyilib yotgan kitob larga qarashdi.

— Bitti! — shivirladi Mildred.

— Unga oʻxshamaydi.

— U qaytib kelgan.

Yana rupordan mayin ovoz eshitildi: “…sizlarni yoʻqlashyapti”

— Eshikni. ochmaslik kerak.

Monteg devorga suyanib, ohista choʻqqayib oʻtirdi-da, parishonxotir, nima qilayottanini oʻzi ham bilmay goh unisi, goh bunisini qoʻliga olib kitoblarni yigʻishtira boshladi. U dagʻ-dagʻ titrar, butun fikru zikri kitoblarni yana ventilyator ichiga yashirish edi.

Brandmeyster Bitti bilan yana uchrashishga dosh berolmasligini ham bilardi. U oyoqyaarini yozib polga oʻtirib oldi. Shu zahoti, eshikdagi ruporning ovozi yana qatʼiyroq eshitildi. Monteg pol ustidan kichik bir jildni oldi.

Nimadan boshlasak ekan? — u kitobni oʻrtasidan ochdi-da, koʻz yugurtirdi. — Menimcha, boshidan boshlaganimiz maʼqul.

— U hozir kirib keladi-da, bizni kitoblar bilan qoʻshib yondirib yuboradi, — dedi Mildred.

Eshikdagi ruporning ovozi nihoyat oʻchdi. Sukunat. Monteg eshik orqasida kimdir turganini sezdi. Kimdir turar, kutar, quloq tutardi.

Keyin oyoq ovozi eshitildi. Qadam ovozi yoʻlkadan, chimzordan oʻtib tobora uzoqlashardi…

— Koʻraylik-chi, bu yerda nima deb yozilgan ekan, — dedi Monteg.

U buni duduqlanib qattiq uyatdan nochor ahvolga tushib qolgandek bir alpozda gapirdi. Tatalab gohu, goh bu yeridan oʻqib, oʻnlab sahifalarga koʻz yugurtirib chiqqach, quyidagi satrlarga kelib toʻxtadi:

“Butun shu davr ichida kamida oʻn bir ming odam shu humni uchli tomonidan chiqish kerakligi haqidagi amrga itoat etmaslik uchungina oʻlim jazosini tanlaganliklari aniqlangan”.

Mildred roʻparada oʻtirardi.

— Buning manosi nima? Bunda hech qanday mazmun yoʻq-ku! Brandmeyster haq ekan!

— Shoshmay tur, — javob berdi Monteg, — boshidan boshlaymiz.