Ikkinchi qism. ELAK VA QUM
Loyihani qo'llab quvvatlash uchub buyerga bosing
Ular uzzukun kitob oʻqishdi. Sovuq noyabr yomgʻiri jimgina uyning tomiga taraqlatib yogʻib turdi. Mehmonxona boʻm-boʻsh, yutaman der, shuning uchun dahlizda oʻtirib oʻqishardi. Mehmonxonaning zim-ziyo devorlarida piston qogʻozlar jilvalanmas, mushaklar charaqlamas, zar uqali koʻylak kiygan xotinlar ham koʻrinmas, qora baxmal kostyum kiygan erkaklar kumush silindrlar ichidan yuz funtlik quyonlarni chiqarib koʻrsatishmas edi. Unda hayot nishonasi qoʻrinmasdi. Mildred nafasini ichiga yutib sukut saqlayotgan devorlarga qarab-qarab qoʻyar, Monteg boʻlsa goh xona ichida bezovtalanib qadam tashlar, goh choʻqqayib
oʻtirar, bironta sahifani bir necha marta ovoz chiqarib oʻqirdi.
— “Doʻstlik aynan qaysi daqiqada tugʻilishini aytib berish qiyin. Idishga tomchilatib suv quyganingizda, soʻnggi, bitta tomchidan idish toʻlib-toshib, chetlaridan oqib tushadi, doʻstlikda ham xuddi shunday yaxshi fazilat, ezgu ishlarning bittasi qalbingda chuqur iz qoldiradi”.
Monteg yomgʻirning shovqiniga quloq solib oʻtirardi.
— Bizga qoʻshni boʻlib yashagan qiz shundaylardanmidi, a? Uni tushunishga shunday harakat qilardim.
— U dunyodan koʻz yumib ketgan. Baraka topgur bitta-yarimta tirikdan gaplashaylik.
Monteg xotiniga qayrilib ham qaramay, aʼzoy badani titrab, oshxonaga chiqdi. Deraza oynalariga kelib urilayotgan yomgʻirga qarab u yerda uzoq turib qoldi. Yomgʻir tingach, gʻira-shira dahlizga qaytib, qoʻliga yangi kitobni oldi.
— “Bizning sevgan mavzuimiz: Oʻzim haqimda”. — Koʻzlarini qisib devorga qaradi u. — “Bizning sevgan mavzuimiz: Oʻzim haqimda”.
— Mana bunisi menga tushunarli,— javradi Mildred.
— Ammo Klarissa uchun bu mutlaqo sevimli mavzu emasdi. U boshqalarning men haqimda gapirishini yaxshi koʻrardi. Juda koʻp yillar davomida men uchratgan kishilar orasida birinchi boʻlib menga chindan yoqqan edi. Esimda qolgan hammaning orasida faqat ugina goʻyo mening ham qadrim bordek koʻzlarimga tik qaragan edi.
U hozirgina oʻqigan kitoblarini poldan olib bagʻriga bosdi.
— Buni yozgan odamlar koʻp yillar ilgari oʻlib ketishgan, ammo shuni yaxshi bilamanki, bu yerda ularning hamma yozganlari u yoki bu tarzda Klarissa bilan bogʻliq.
Tashqarida, yomgʻirda, nimadir asta eshikni tirnardi. Monteg nafasini ichiga yutdi, Mildred qichqirib devorga yopishdi.
— Eshikning orqasida kimdir bor… Rupor nega indamaydi?…
— Uni uzib qoʻyganman.
Eshik ortida past pishqirgan, elektr bugʻining yengil vishillagan tovushi eshitildi.
— Bu oddiy it-ku. Koʻrqib oʻtirganimizni qara! - xoxolab kuldi Mildred. — Haydab yuboraymi?
— Oʻpkangni bos! Joyingda oʻtir!
Yana jim-jitlik choʻqdi. Tashqarida shivillab yomgʻir yogʻib turibdi. Qulf solingan eshik tagidan esa havorang elektr simlarining sezilar-sezilmas hidi kelib turibdi.
— Davom ettiramiz, — xotirjam gapirdi Monteg.
Mildred oyogʻi bilan kitobni itqitdi.
— Kitoblar odamlarga oʻxshamaydi. Sen oʻqiyapsanu men atrofga qarab hech kimni koʻrayotganim yoʻq!
Monteg mehmonxona devorlariga nigoh tashladi: ular okean suvi kabi jim va nursiz koʻrinsa-da, elektron quyoshga ulanishi bilan mavj urib ishga tushib ketardi.
— “Qarindoshlar” boʻlsa jonli odamlar. Ular menga nimanidir gapirishadi, men kulsam ular ham kulishadi. Ranglarini aytmay-sanmi?
— Ha, ha. Buni bilaman.
— Bordi-yu, brandmeyster Bitti bu kitoblardan xabar topsachi? U xayolga choʻmdi, keyin oʻz ovozidan qoʻrqib oʻzi ketdi, — bu yerga kelib uyimizni, “qarindoshlar”ni, hammasini yoqib yuborishi mumkin! Oh, qanday dahshat bu! Bularga axir qancha pulimiz kuygan. Nima uchun men kitob oʻqishim kerak? Nega?
— Nima uchun? Nega? — qichqirdi Monteg. — Kecha tunda bir ilonni koʻrdim. Dunyoda undan jirkanchli narsa boʻlmasa kerak! U — jonsiz, shu bilan birga tirik, koʻzi ochigʻu soʻqir edi. Uni bir koʻrasanmi? U tez yordam kasalxonasida, u yerda ichingdan qanday marazni soʻrib olgani batafsil yozilgan. Balki borib yozuvlarini oʻqib chiqarsan? Faqat “Gay Monteg”mi, “Qoʻrquv”mi, “Urush”mi — qaysi rukn ostidan qidirishni aytolmayman. Ehtimol, kecha yonib kulga aylangan uyni borib koʻrarsan? Uyi bilan oʻzini qoʻshib yoqib yuborgan oʻsha ayolning suyaklarini kul orasidan kavlab toparsan? Klarissa Maklellan-chi, uni qayerdan axtarish mumkin? Oʻlikxonadanmi? Quloq sol!
Uy tepasidan bombardimonchi samolyotlar koʻzga koʻrinmas ventilyatorday osmonu falakda aylanib gumburlagancha, borliqni larzaga solib oʻtib ketdi.
— Eh, hudoyim! — qichqirdi Monteg. — Har soatda boshimiz uzra uvillashadiya! Hayotimizning har daqiqasi shu shovqin bilan toʻldirilgan! Nega bu haqda hech kim gapirmaydi? 1960-yildan keyin biz ikki marta atom urushini boshlab, gʻolib chiqdik. Biz bu yerda oʻyin-kulgi bilan ovora boʻlib, boshqa dunyo haqida oʻylashni ham butkul unutdik. Butun boshqa dunyo qashshoq va biz unga parvosiz ekanligimizdan bu qadar boy emasmikanmiz? Butun dunyoda odamlar ochlikdan qiynalishini eshitgan edim. Biz esa toʻqmiz! Butun dunyo ogʻir mehnat bilan bandligini eshituvdim. Biz boʻlsak oʻyin-kulgidan boʻshamaymiz. Xuddi shuning uchun bizdan nafratlanishmasmikan? Bir paytlari hamma bizdan nafratlanadi deb eshituvdim. Nima uchun? Nega? Sen bilasanmi?… mening aqlim yetmaydi. Balkim mana bu kitoblar koʻzimizni ochar. Balkim ular dahshatli xatolarni takrorlamaslikdan bizni ogohlantirar! Mehmonxonangdagi ovsar oyimchalar biron marta bu haqda gapirganlarini eslolmayman. Milli, nega tushunmaysan? Agar har kuni oz-ozdan, bir soatmi, ikki soatdan oʻqisak, balki…,
Telefon jiringladi. Mildred trubkani ildam koʻtardi.
— Enni, bormisan? — u qah-qahlab kuldi, — Ha, Oq masxaraboz! Bugun kechki programmada!
Monteg oshxonaga chiqib, kitobni stolga uloqtirdi. “Monteg, — dedi u oʻziga-oʻzi, — sen rostdanam esingni yeb qoʻyganga oʻxshaysan. Lekin nima qilish kerak? Kitoblar haqida stansiyaga xabar qilaymi? Ularni unutaymi?” Mildredning kulgisini eshigmaslik uchun yana kitobni ochdi. “Bechora Milli, — oʻylardi u, — bechora Monteg, axir sen ham ularda hech narsani tushunolmayapsan-ku. Kimdan yordam soʻrash mumkin, shuncha vaqt zoye ketganda oʻqituvchini qayerdan topsa boʻladi?”
Chekinmaslik kerak. U koʻzlarini yumdi. Ha-da, albatta. U yana burnogʻi yili borib qolgan shahar istirohat bogʻi haqida oʻylayotganini anglab yetdi. Keyingi paytlarda buni tez-tez eslab turardi. Mana hozir ham oʻsha kungi voqea xotirasida ravshan qalqib esiga tushdi: yam-yashil soʻlim bogʻ, oʻrindiqsa qora kostyumli moʻysafid oʻtirardi, u Montegga koʻzi tushishi bilan nimanidir shosha-pisha paltosining choʻntagiga yashirdi.
Oʻrnidan sakrab turib, juftakni rostlamoqchi boʻldi. Monteg unga yetib oldi.
— Toʻxtang, qayoqqa shoshilyapsiz?
— Mening hech qanday aybim yoʻq, — dedi moʻysafid dagʻ-dagʻ tytrab.
— Men ham sizni aybdorsiz -deyayotganim yoʻq, — javob berdi Monteg.
Ular birmuncha vaqt daraxt barglarining mayin yashil shuʼlasida jimgina oʻtirishdi. Keyin Monteg ob-havodan gap ochdi, moʻysafid past, titroq ovozda suhbatga qoʻshildi. Bu juda gʻalati, juda tinch, bamaylixotir suhbat edi. Qariya oʻzining sobiq ingliz tili professori ekanligini aytdi. U, qirq yil avval oʻquvchilarning kamayib ketishi va moddiy yordam berilmay qoʻyilgani vajidan soʻnggi nafis ijodiyot kolleji yopilib, ishsiz qolgan ekan. Uning ismi Faber ekan.
Avval Montegdan choʻchib turgan moʻysafid endi dadillanib, ochila boshladi: osmon, daraxtlar, bogʻdagi maysazor oʻtloqtarga qarab past va ravon ovozda gapira ketdi. Chamasi bir soatcha gaplashib oʻtirishgandan keyin otaxon nimanidir yoddan oʻqib byordi. Montegning fahmicha, bu sheʼr edi. Keyin dadillanib yana nimanidir oʻqidi, bu ham sheʼr edi. Faber qoʻlini paltosining chap choʻntagiga bosib soʻzlarni chertib-chertib, muloyim, taʼsirli qilib aytardi. Monteg xohlasa qoʻlini uzatib cholning choʻntagidan sheʼriy kitobchani topib olishini bilardi. Lekin u bunday qilmadi. Uning qoʻllari madorsiz va keraksizday tizzalari ustida osilib qolgan edi.
— Men narsalarning oʻzi haqida gapirayotganim yoʻq, ser, — dedi Faber, — ularning ahamiyati haqida gapirayapman. Shu yerda oʻtiribmanmi, demak, yashayapman.
Oʻshanda boʻlib oʻtgan voqeaning bor-yoʻgʻi shu. Bir soatlik suhbat, sheʼrlaru mana shu soʻzlar. Keyin Faber sal qaltiroq qoʻllari bilan bir parcha qogʻozga oʻz turar joyini yozib bergan edi. Shu daqiqalargacha ikkovlari ham Montegning oʻt oʻchiruvchi ekanligini eslamaslikka harakat qilgan edilar.
— Sizning kartotekangiz uchun, — degandi qariya, — mendan jahlingiz chiqsa kerak.
— Nega sizga jahl qilarkanman? — hayron boʻlgan edi Monteg.. Dahliz tomondan Mildredning qattiq kulayetgani eshitilib turardi. Monteg yotoqxonadagi devorga joylashtirilgan shkafni ochib “Navbatdati tekshirishlar” deb yozib qoʻyilgan qutidan varaqalarni olib qaray boshladi. Faberning varaqasi ham shu yerda edi. Monteg oʻshanda uning sirini ochmagan, manzilini ham yoʻqotib yubormagan edi.
U telefon raqamini terdi. Simning narigi uchida signal Faberning nomini bir necha marta takrorlagach, nihoyat professorning past ovozi eshitildi. Monteg oʻzini tanitdi. Anchagacha javob boʻlmadi, keyin ovoz eshitildi:
— Eshitaman, mister Monteg.
— Professor Faber, juda zarur masala boʻyicha sizga qoʻngʻiroq qilyapman. Bilmaysizmi, mamlakatimizda,Tavrot kitobidan qancha nusxa qolgan?
— Nima haqida gapirayotganingizni tushunolmayapman.
— Bizda Tavrotdan biron nusxa qolganmi-yoʻqmi, shuni bilmoqchiydim.
— Bu qandaydir tuzoq boʻlsa kerak! Men har kimsa bilan telefonda gaplasha olmayman.
— Shekspir, Platon asarlaridan necha donadan qolgan?
— Bir dona ham qolmagan! Buni mendan yaxshiroq bilasiz. Bir dona ham!
Faber goʻshakni osib qoʻydi.
Monteg ham goʻshakni joyiga qoʻydi. Bir dona ham qolmabdi. Monteg buni ilgari ham oʻt oʻchirish stansiyasidagi roʻyxat boʻyicha bilardi.
Lekin negadir buni Faberning oʻzidan eshitishni xohlardi.
Oldingi uyda Mildred yuzlari qizarib, uni shodon qarshiladi.
— Bugun xonimlar biznikiga mehmonga keladigan boʻlishdi.
Monteg unga kitob koʻrsatdi.
— Mana bu Koʻhna va Yangi kitob, bilasanmi Mildred?
— Faqat yana boshidan boshlama, iltimos…
— Bu balki dunyoning biz tomonda saqlab qolingan nusxasidir.
— Uni shu bugunoq qaytarishing kerakmi? Brandmeyster Bitti bu kitoblar haqida bilsa kerak?
— Qaysi kitobni olib kelganimni bilishi dargumon. Boshqasini topshirsam ham boʻladi lekin qaysi birini, Jeffersonnimi yo Toronimi? Qay birining bahosi pastroq? Boshqa tomondan esa, men almashtirib qoʻysamu Bitti qaysi kitobni oʻgʻirlaganimni bilsa, uyimizda butun bir kutubxona borligini sezib qoladi.
Mildredning lablari pir-pir ucha boshladi.
—Nima qilayotganingni oʻylayapsanmi? Bizni xarob qilasan-ku! Senga qaysi biri qimmatliroq — menmi yo Tavrotmi?
U yana jazavasi tutib qichqirar, oʻz issigʻidan erib ketadigan moʻmdan yasalgan qoʻgʻirchoqni eslatardi. Uning shangʻillashlari Montegning qulogʻiga kirmas, u Bittining ovozini eshitardi.
“Bu yoqqa oʻtiring, Monteg. Endi qarang, gul bargini tutgandek ohista bitta sahifani olib yoqamiz. Keyin ikkinchisini yoqamiz. Olovda jizgʻinak boʻlib, qora kapalaklarga oʻxshab qoladi, chiroylik-a? Endi ikkinchisidan uchinchisini, keyin zanjirga oʻxshab sahifama-sahifa, bobma-bob soʻzlarga jo qilingan hamma ahmoqliklar, hamma yolgʻon vaʼdalar, eski fikrlar, chirik falsafani ayamay yoqavering!”
Uning roʻparasida peshonasini ter bosgan Bitti oʻtirar, atrofini esa olov quyunida kuyib bitgan qora kapalaklar jasadi toʻldirgan edi.
Mildred kutilmaganda qanday baqirgan boʻlsa, shunday tinchidi-qoldi. Monteg unga eʼtibor bermadi.
— Kechgacha faqat bir ish qilish mumkin, — dedi u, — undan nusxa koʻchirish lozim, keyin kitobni Bittiga qaytarishga majburman.
— Oq masxarabozning dasturi boshlanib, mehmonlar kelguncha uyga qaytasanmi? — orqadan qichqirdi Mildred.
Monteg ostonada toʻxtab oʻgirildi.
— Milli!
Jimlik.
— Ha, nima deysan?
— Milli, Oq masxaraboz seni sevadimi?
Javob boʻlmadi.
— Milli, — u quruq lablarini yaladi, “qarindosh”laring seni sevishadimi? Butun jon-jahoni bilan sevishadimi?
U, xotini merovlanib, koʻzlarini uchirib orqasidan qarab turganini sezdi.
— Nega bunaqa bemaʼni savollar berasan?
Monteg shu topda yigʻlagisi kelar, ammo lablarini mahkam siqib olgan va koʻziga yosh kelmas edi.
— Agar eshik orqasida itni koʻrsang, mening hisobimdan ham yaxshilab tepkila.
U ostonada quloq solib ikkilanib turdi-da, keyin eshikni ochib chiqib ketdi.
Yomgʻir ham tindi, begʻubor osmonda quyosh ufqqa bosh qoʻydi. Uy yaqinida hech zogʻ koʻrinmas, koʻcha va maysazorlar huvillab yotardi. Monteg yengil tortib sof havodan toʻyib nafas oldi. Keyin eshikni qarsillatib yopdi.
Monteg metroda borardi.
«Hech narsani sezmaydigan boʻlib qolgandayman, — oʻylardi u, —qachondan boshlandi bu? Yuzim, badanim qachondan boshlab sezmay qoʻydi? Oʻsha kechasi, qorongʻida xuddi koʻmib qoʻyilgʻan minadek hapdorili flakonga qoqilib ketganimda boshlanganmikan?
Oʻtib ketadi. Birdaniga oʻtib ketmas, vaqt keraq boʻlar. Undan qutulish uchun nimaiki lozim boʻlsa, hammasini qilaman. Faber ham menga koʻmaklashadi. Kimdir ilgarigi yuzim, qoʻllarimni oʻzimga qaytaradi, ular yana oʻz holiga keladi. Hozir hatto kulgidan, oddiy kulgidan ham mahrumman. Usiz oʻzimni tanimay qolaman».
Oynadan tunnelning devorlari koʻzga tashlanar — sargʻish koshinlar va zim-ziyo qorongʻilik, koshinlar va qorongʻilik, alla-qanday raqamlar, yana qorongʻilik koʻrinardi, hammasi yonidan
lipillab oʻtar, xammasi qandaydir yakunga aylanayotganday boʻlardi.
Qachondir, hali bolaligida bir kuni dengiz boʻyida, issiq yoz kunida sariq qum tepasida oʻtirardi. Hadeb elakni qum bilan toʻldirishga unnardi. Amakivachchasi qoʻpol hazillashib: “Elakni qumga toʻldirsang, oʻn sent olasan”, deb aytgan edi. Elakni qancha tez toʻldirmasin, qizib yotgan quruq qum shuncha tezlik bilan shovullab elakdan toʻkilib ketardi. Oxiri qoʻllari toldi. Qum olov kabi kuydirar, elak esa toʻlmasdi. Dim iyul kunida qirgʻoqda xomush oʻtirar, xoʻrligi kelib koʻz yoshlari dumalab tushardi.
Pnevmatik poyezd uni silkitib, tebratib boʻm-boʻsh yer osti yoʻlagidan yeldirib ketayotgan shu daqiqalarda shafqatsiz elak voqeasini esladi va koʻzlarini quyi qaratib, bexosdan ochib qoʻyilgan Tavrotni qoʻllarida ushlab turganini koʻrib qoldi. Vagonda odamlar boʻlishiga qaramay, hech kimdan hayiqmay qoʻlida kitob ushlab turardi. Favqulodda miyasiga bir fikr kelib urildi: hammasini tez va ketmaket oʻqiyversa, oz boʻlsa ham elakda qum ilinib qolar. U oʻqishga kirishgan edi, soʻzlar sochilib ketayottanga oʻxshayverdi. Bir necha soatdan keyin Bittini koʻradi va unga kitobni topshiradi. Shuning uchun bironta ham jumlani oʻtkazib yubormasligi, har bir satrni eslab qolishi kerak. “Men, Monteg, buni bajarishim kerak, albatta bajarishim kerak!”
U titrab, kitobni mahkam quchoqlab oldi. Vagonda radioruporlar oʻkirardi:
— Dengem tish pastasi!…
Ovozing oʻchsin, — xayolidan oʻtkazdi Monteg. — “Nilufar gullarga, ularning ochilishiga qarang…”
— Dengem tish pastasi!
Ular mehnat qilmasalar ham…
— Tish pastasi…
“Nilufar gullarga qarang…” ovozing oʻchsin, jagʻingni oʻchir!
— Tish pastasi!…
— Bas qiling, bas, bas!… — bu iltijo, yordam haqidagi iltimos Montegning koʻkragidan shunday kuch bilan otilib chiqdiki, oʻrnidan turib ketganini oʻzi ham sezmay qoldi. Gʻala-gʻovur vagondagi yoʻlovchilar devonasifat, baqirishdan yuzlari qizarib ketgan, lablari koʻkarib uchib turgan, qoʻllariga kitobni siqimlab olgan kishidan qoʻrqib ketib yuzlarini oʻgirdilar. Bir daqiqa oldin xotirjam oʻtirib oyogʻi bilan rupordan kelayotgan qichqiriqlar ostida Dengem, Dengem, tish pastasi, Dengem, Dungem, tish eliksiri — bir ikki, bir ikki, bir ikki oʻch, bir ikki, bir ykki uch deb chertib maqomga solayotgan hozirgina beixtiyor oʻziga “Pasta, pasta, tish pastasi, pasta, pasta, tish pastasi…” deb gʻoʻngʻillab oʻtirganlarning hammasi unga qoʻrqa-pisa koʻzlarining qiri bilan qarab qoʻyishardi.
Ruporlar Montegdan qasd olmoqchi boʻlgandek qaldiragan metall-tunuka, mis, kumush, jezning jarang-jurungini eslatuvchi zil-zambilday musiqani unga yogʻdirdi. Odamlar noiloj edilar: quloqlari bitib, boʻysunishga majbur, qochib, baribir qutila olmas ham edilar: haybatli pnevmatik poyezd yer ostidagi chuqur Tunnelda uchib borardi.
— Daladagi nilufarlar…
— Dengem!
— Nilufarlar!… Nilufarlar!…
Odamlar ajablanib unga qarashardi.
— Konduktorni chaqiringlar.
— Bir kishi jinni boʻlib qoldi.
— Noll Vyu stansiyasi!
Poyezd chiyillab havo chiqardi-da, toʻxtadi.
— Noll Vyu! — baland ovozda.
— Dengem, — shivirlagan ovozda.
Montegning lablari pichirlar edi:
— Nilufarlar…
Sharaqlab vagon eshigi ochildi. Monteg hamon joyidan jilmay turardi. Eshik chuqur nafas olgandyok yopila boshladi. Monteg shundagina oldinga tashlanib, yoʻlovchilarni itarib-surib, unsiz
qichqirayotgandek eshikning tor tirqishidan platformaga sakrab chiqib oldi. U eskalatorga eʼtibor bermay, tunnelning oppoq plitkalari boʻylab chopib borardi, qoʻllari va oyoqlari qanday harakat qilayotganini, har bir nafas olishi va nafas chiqarishida oʻpkasi kengayib, torayishi hamda havo tomogʻini kuydirayotganini his etgisi keldi. Orqasidan “Dengem, Dengem, Dengem!!” degan oʻkirgan ovoz eshitilib turdi.
Poyezd ilon kabi vishillab, tunnelning qora tuynugida koʻzdan gʻoyib boʻldi.
— Kim u?
— Bu men, Monteg.
— Nima ishingiz bor edi?
— Eshikni oching.
— Men hech narsa qilganim yoʻq.
— Men yolgʻizman. Tushunayapsizmi, bir oʻzimman.
— Ont iching.
— Ont ichaman.
Eshik ohista ochilib, Faber boshini chiqarib qaradi. Kunning yorugʻ nurida u juda qarimsiq, holdan toygan, qoʻrqib ketganday koʻrindi. Uning rang-roʻyidan xuddi bir necha yil oftob koʻrmaganga oʻxshardi. Uning yuzi bilan orqasida koʻrinib turgan, oqqa suvalgan xona devorlari bir xil rangda edi. Lablari ham, yuzi ham, bitta qorasi qolmagan sochi ham, nursiz oqish-koʻk (koʻzlari ham oq rangda edi. Birdan uning Monteg qoʻltigʻiga qistirib olgan kitobga koʻzi tushdi-yu, yuzi oʻzgardi-qoldi endi u qadar qari va madorsiz tuyulmasdi. Asta-sekin qoʻrquvi ham tarqala boshladi.
— Kechirasiz, ehtiyot boʻlishga toʻgʻri keladi, — Faberning koʻzlari
kitobga qadalgan edi, — demak, bu toʻgʻrimi?
Monteg ichkari kirdi. Eshik sharaqlab yopildi.
— Oʻtiring. — Faber bir soniyagina kitobdan koʻzini uzsa, uchib yoʻq boʻlib ketishidan qoʻrqqandek orqaga tislandi. Uning orqasida yotoqxonaning ochiq eshigi, ichkarida stol, uning ustida qandaydir mexanizmlarning qismlari va ishchi uskunalari bilan ayqash-uyqash uyulib yotgani koʻrinardi. Monteg ularning bir qisminigina koʻra oldi xolos, chunki Faber uning qayoqqa qarayotganini koʻrib shartta oʻgirildi-yu, eshikni yopib qoʻydi. Oʻ, qaltirayotgan qoʻllari bilan eshik tutqichini siqib ushlab turardi: Keyin ikkilanibroq Montegga qaradi.
Monteg kitobni tizzasiga qoʻyib oʻtirardi.
— Bu kitob… Uni qayerdan?…
Oʻgʻirlab oldim.
Faber ilk dafʼa Montegning koʻzlariga tik qaradi.
— Siz mard kishi ekansiz.
— Yoʻq, yanglishdingiz, — dedi Monteg, — xotinim oʻlim toʻshagida. Menga doʻst boʻlgan qiz dunyodan koʻz yumdi. Men doʻst tutinishim mumkin boʻlgan ayolni bir sutka burun tiriklayin yoqib yuborishdi. Faqat siz menga yordam berishingiz mumkin. Gʻaflatdan uygʻonishni, koʻrishni istayman!
Faberning toqati toq boʻlib, titragan qoʻllari bilan kitobga intildi.
— Mumkinmi?…
— Kechirasiz, marhamat, — Monteg unga kitobni uzatdi.
— Eh-he, qancha vaqtlar oʻtib, ketdi!… Men hech qachon dindor boʻlmaganman… Biroq oʻshandan buyon qancha vaqt oʻtib ketdi… — Faber goho toʻxtab, ayrim sahifalarga roʻz yugurtirib chiqib, kitobni varaqlardi. — Hammasi oʻsha-oʻsha, men koʻrganning oʻzginasi. Uni endi televizorli mehmonxonalarimizda astar-avrasini agʻdarib tashladilar! Iso paygʻambar “qarindosh”lardan biriga aylandi. Karami keng xudo oʻz farzandini taniy olarmidi, deb oʻzimga oʻzim savol beraman. Uni qoʻgʻirchoqqa oʻxshatib shunday yasantirdikki yoki aniqrogʻi, tir yalangʻoch qildikki… endilikda yalpizli novvotning oʻzi boʻlib qoldi. Xudojoʻylar olmasa, xuddi kuni oʻtmaydigandek baʼzi matohlarning yashirin reklamasi bilan ovora boʻlmasa-da, sharbat va qand uning manbaiga aylanib qolgan.
Faber kitobni hidlab koʻrdi.
— Bilasizmi, kitoblardan muskat yongʻogʻining yoki uzoq mamlakatlardan keltirilgan qandolat hidi keladi. Bolalik paytimdan kitob hidlashni xush koʻraman. Vo darigʻ, yoʻq qilib yuborishlariga yoʻl qoʻyib bergunimizcha qancha bebaho kitoblar bor edi!
Faber zoʻr ishtiyoq bilan kitob varaqlardi.
— Mister-Monteg, men qoʻrqoklik qildim. Oʻshanda koʻrib, oqibatlarini bilib turib indamadim. “Aybdorlar”ni hech kim tinglashni istamagan paytda norozilik bildirishi mumkin boʻlganlardan, aybsizlardan biri edim. Ammo betaraf edim, shunday qilib, oʻzim ularga sherik boʻlib qoldim. Oʻt oʻchiruvchilarni ishga solib, kitoblarni yoqishni oʻylab chiqarganlarida esa meni hech kim qoʻllab-quvvatlamagani uchun choʻchib, taqdirga tan berdim. Endi boʻlsa, kech.
Faber kitobni yopdi.
— Endi nima maqsad bilan kelganingizni ayting.
— Men odamlar bilan muloqotda boʻlishni istayman, hamma mendan qochadi. Men devorlar bilan otamlasha olmayman, ular menga dagʻdagʻa qilishadi. Xotinim bilan hasratlasholmayman, uning ikki qulogʻi devorlarda. Mening dardlarimni kimdir oxirigacha tinglasa deyman. Maylimga qoʻyib berishsa, ichimdagini toʻkib solsam, mendan ham biron aqlli gap chiqar. Xullas, oʻqiganlarimni qanday tushunishni oʻrgatsangiz, deb keluvdim.
— Faber Montegning ozgʻin, qirtishlayverganidan koʻkishtob boʻlib ketgan yuziga bir zum tikilib qoldi.
— Nechun bunday holga tushib qoldingiz? Oʻt oʻchiruvchi mashʼalini qoʻlingizdan nima urib tushirdi?
— Oʻzim ham bilmayman. Baxtli boʻlish uchun bizda hamma narsa muhayyo, ammo baxtsizmiz. Nimadir yetishmaydi. Uni doim axtarib keldim. Ilgari boʻlgan-u, hozir yoʻqligini bilganim kitoblar, xolos. Keyingi oʻn, yigirma yillardan buyon ularni oʻzim yoqaman. Kitoblar menga yordam bermasmikan degan fikrga keldim.
— Siz uchiga chiqqan xayolparast ekansiz, — dedi Faber, — aytganlaringiz bu qadar jiddiy boʻlmaganida kulgili tuyulardi. Sizga kitoblar kerak, qachonlardir ularga singdirilgan mazmunni qoʻmsayapsiz, ular hozir ham mehmonxonalarimiz devoridagi dasturlarga ham singdirilishi mumkin edi. Oʻsha mufassallikka eʼtibor, oʻsha mehribonlik va onglilikni radio va televizion eshitgirishlarimiz tarbiyalashi mumkin edi, nadomatlar boʻlsinki, bunday ishlar bilan shugʻullanishmaydi. Yoʻq, kitoblar sizga barcha xohlagan narsalaringizni darhol koʻrsatib berolmaydi. Buni qayerdaki mumkin boʻlsa, eski grammofon plastinkalardami, eski filmlardami, eski oshnalaringizdami, oʻzingiz qidiring. Atrofingizni oʻrab turgan tabiatdan, oʻzingizdan izlang. Kitoblar yoʻqotib qoʻyishdan qoʻrqib, narsamizni saklaydigan ombor. Ularda hech qanday sir, hech qanaqa sehr yoʻq. Sehri faqat ularning nima deyishida, koinot laxtaklarini qanday qilib bir butun quroq qilib tikishida. Albatta, buni hech qayerdan bilolmagansiz. Mening nima haqida gapirayotganim hozir ham sizga tushunarli emasdir. Ammo siz saqfi tabiiy bilan tugʻri yoʻldan borgansiz, bu esa muhim. Boʻlmasa, quloq soling — bizga uchta narsa yetishmaydi. Birinchisi. Koʻlingizdagiga oʻxshagan kitoblarning juda qadrli boʻlishi boisi nimada, bilasizmi? Shundaki, ularning sifati baland. Buning maʼnosi nima? Men uchun bu matn, kitobning toʻqimasi. Uning nafas oladigan koʻrinmas teshikchalari, joni bor. Uning — qiyofasi bor. Uni mikroskopda oʻrganish mumkin. Unda haqiqiy hayotni, koʻz oʻngingizda kechadigan behad rang-barang jonli hayotni topishingiz mumkin. Unda nafas olish yoʻllari qancha koʻp boʻlsa, qogʻozning har kvadrat dyuymiga hisoblaganda hayotning turli qirralarini haqqoniy ifodalash bagʻoyat koʻp va ayniqsa, “badiiydir”. Men sifatni ana shunday belgilayman. Kitob hayotni butun ikir-chikirlari bilan mufassal tasvirlashi kerak. Yaxshi yozuvchilar hayot bilan yaqin aloqada boʻladilar. Oʻrtamiyonalari uni yuzaki yoritsa, isteʼdodsizlari uni zoʻrlab tilka-pora qilib koʻrsatib, qurt-qumursqalarga yemish qilib qoldiradilar. Kitoblardan nega buncha nafratlanishlarini, nega ulardan bu qadar qoʻrqishlarini endi tushungandirsiz? Ular bizga hayotning yuzidagi nafas olish yoʻllarini koʻrsatib beradi. Oʻz tinchligini oʻylaydigan odamlar qarshilarida ifodasiz, badandagi ter chiqaradigan mayda teshiklarsiz, bitta tuki yoʻq, mumga oʻxshagan basharalarni koʻrishni istaydilar. Biz goʻllar-yomgʻir suvidan ichib, hosildor yerdan kuvvat olish oʻrniga oʻziga oʻxshash gullar hisobiga yashashga ruju qilgan davrda yashayapmiz. Axir mushakbozlik ham uning koʻz qamashtiruvchi ulugʻvorligi-yu, rango-rang nurlari ham yer kimyosi tomonidan yaratilgan. Biz boʻlsak, hayotga qaytaradigan tabiiy davrlarni intihosiga yetkazmasdan gullar va mushaklar bilan oʻzimizni laqillatib yashab oʻsishimiz mumkin, deb hisoblaymiz. Antey haqidagi rivoyatni eshitganmisiz? U yerda paytida yengilmas kuchga ega, zabardast polvon boʻltan. Lekin Gerkules uni yerdan uzib olib, havoga koʻtarganida halok boʻlgan. Shu shaharda hozir istiqomat qiluvchi bizlarga ham bu aloqadordir yoki men butunlay aqldan ozganman. Shunday qilib, bizga yetishmaydigan birinchi narsa sifat, bilimlarimizning matnidir.
— Ikkinchisi nima?
— Ikkinchisi boʻsh vaqt.
— Bizda boʻsh vaqt yetarli-ku!
— Ha, boʻsh vaqtimiz yetarli. Lekin oʻylashga vaqtimiz bormi? Boʻsh vaqtingizni nimaga sarflaysiz? Siz yo mashinangizda soatiga yuz milyadan yelday uchasiz, sizga xavf-xatar tahdid solishidan boshqa narsani oʻylamaysiz,yo xonangizdagi televizor roʻparasida oʻtirasiz, u bilan, bilasizki, tortishib boʻlmaydi. Nega shunday? Nega desangiz, devordagi tasvirlar — “reallik”dir. Mana, ular koʻz oʻngingizda koʻrinib turadi, buning ustiga hajmli, nimani oʻylashingizni aytib turadilar va buni miyangizga tiqishtiradilar. Ular nima desa, hammasi sizga toʻgʻridek tuyula boshlaydi. Uning toʻgʻriligiga ishona boshlaysiz. Sizni koʻz ochib-yumguncha belgilab qoʻyilgan xulosaga keltirib qoʻyadilarki, aqlingiz junbushga kelib, “Buning turgan-bitgani safsata-ku!” deb hayqirishga ulgurmaydi ham.
— Faqat “qarindoshlar”gina jonli odamlardir.
— Kechirasiz, nima dedingiz?
—Xotinimning aytishicha, kitoblar televizor singari “reallikka” ega emaslar.
— Shunday boʻlgani ham durust. Kitobni yopib qoʻyib, “shoshmay tur” deyishingiz mumkin. Siz uning hukmdorisiz.
Televizorli mehmonxonani ulab ishga tushirganingizda sizni asirlikning oʻtkir panjasidan kim ajratib ola biladi? U, loy kabi sizni ezib, oʻz xohishi boʻyicha shakl beradi. Bu ham “muhit”, dunyo kabi real. U haqiqatga aylanadi, haqiqatning oʻzi boʻladi. Kitobni aql kuchi bilan yengish mumkin. Ammo oʻzimning barcha bilimim va inonmasligimga qaramasdan, dahshatli mehmonxonalarimizning rangli va hajmli ekranidan menga oʻkirgan yuzta asboblik simfonik orkestr bilan bahslashishga kuch topolmadim. Mening mehmonxonam oqqa suvalgan oddiy toʻrt devor ekanligini koʻrib turibsiz. Mana bularni, — Faber ikki dona kichkina rezina tiqinlarni koʻrsatdi, — metroda yursam qulogʻimga tiqib olaman. .
— Dengem, Dengem, tish pastasi… “Ular mehnat ham qilmaydilar, toʻqimaydilar ham”, — koʻzlarini yumib shivirladi Monteg, — xoʻsh, bu yogʻiga nima qilish kerak? Kitoblar bizga yordam berarmikan?
— Faqat bizga uchinchi zarur narsa boʻlgan taqdirdagina. Birinchisi, boya aytganimizdek — bilimlarimizning sifati. Ikkinchisi, chuqur oʻylash, bu bilimlarni oʻzlashtirish uchun boʻsh vaqt. Uchinchisi esa, birinchi ikkita narsaning oʻzaro aloqasidan kelib chiqib, harakat qilish huquqidir. Ammo ish chappasiga aylanib ketgan bir paytda, sharti ketib, parti qolgan keksa kishi va hammasidan koʻngli qolgan yagona oʻt oʻchiruvchining biron narsani oʻzgartira olishlariga aklim bovar qilmaydi…
— Men kitoblar topishim mumkin.
— Bu xatarli tavakkalchilik.
— Bilasizmi, dunyodan umidini uzgan kishining oʻz ustunliklari boʻladi. Yoʻqotadigan narsang qolmaganidan keyin jurʼat koʻrsatishdan qoʻrqmaysan.
Siz hozir juda qiziq narsani gapirdingiz, — kuldi Faber, — buni hech qayerdan oʻqib bilmagansiz-ku, axir!
— Bularni ham kitoblarda yozishadimi? Bu kutilmaganda miyamga kelib qoldi.
— Shunisi muhim-da. Demak, ataylab men uchun yoki boshqa biron kishi uchun, yoinki oʻzingiz uchun oʻilab topmagansiz.
Monteg Faberning qulogʻiga engashdi.
— Bugun shunday bir reja tuzdim: kitoblar shu qadar bebaho ekan, bosma dastgoh topib, bir nechta nusxa koʻpaytirsa boʻlmasmikan?…
Shunda biz…
— Biz deyapsizmi?
— Ha, siz va men.
— Meni aralashtirmang, — Faber qaddini rostladi.
— Avval eshiting, fikrimni aytib tugatay.
— Bunaqa haddingizdan oshadigan boʻlsangiz, uyimni boʻshatib qoʻying.
— Buning sizga ahamiyati yoʻqmi?
— Yoʻq, bunday gaplar uchun meni yoqib yuborishlari mumkin. Oʻt oʻchiruvchilar tizimini yoʻq qilib yuborish mumkin boʻlganida boshqa gap edi. Agar siz bir nechta kitobni bosmadan chiqarib, oʻt oʻchiruvchilarning uyiga yashirib qoʻyib, ularning oʻrtasida shubha urugʻini sochishni taklif etganingizda, baraka toping, derdim.
— Kitoblarni uyyga yashirib, xavf-xatar xabarini berib, oʻt oʻchiruvchilarning uylari yongʻin ostida qolishini koʻrish keraq demoqchisiz-da, toʻgʻrimi?
Faber qoshlarini chimirib, xuddi birinchi marta koʻrib turgandek Montegga qaradi.
— Hazillashdim.
— Sizningcha, bu asosli rejami? Urinib koʻrsakmikan? Buning biron foydasi boʻlarmikan?
— Hech kim sizga buning kafolatini berolmaydi. Axir bir paytlari kitoblar bizda istalgancha topilardi, biz boʻlsak pastga qarab sakrash uchun tik qoyalarni qidirish bilan band boʻlardik. Bu yerda bir narsa juda aniq: haqiqatan ham biz oʻpkamizni toʻldirib nafas olishimiz zarur. Bizga bilim juda zarur. Ehtimol, tahminan ming yillardan keyin sakrash uchun uncha tik boʻlmagan qoyalarni tanlashga oʻrgansak, ajab emas. Kitoblar biz nechogʻli ahmoq va tixir eshaklar ekanligimizni eslatib turadi-da. Ular Sezar zafar quchganda “Sen ham dunyoga ustun boʻlmaysan” deb eslatib turuvchi pretorianchi soqchilarga oʻxshaydi. Koʻpchiligimiz hamma joyda, hamma bilan muloqotda boʻlishga, dunyoning hamma shaharlarini borib koʻrishga ulgurmaymiz. Bunga vaqtimiz ham, pulimiz ham, shuncha doʻstlarimiz ham yoʻq. Siz izlayotgan hamma narsa dunyoda mavjud, Monteg, ammo oddiy inson ularning yuzdan birinigina oʻz koʻzi bilan koʻrishi mumkin, qolgan toʻqson toʻqqiz foizini esa kitob orqali biladi. Kafolatlarni talab etmang. Insondanmi, mashinadanmi yoki kutubxonadanmi, najot kutib oʻtirmang. Dunyoni qutqarib qolishi mumqin boʻlgan narsani oʻzingiz yarating, bordi-yu, bu yoʻlda choʻkib ketsangiz ham, jilla boʻlmasa sohilga qarab suzganingizni anglaysiz.
Faber oʻrnidan turib, xonada u yoqdan-bu yoqqa yura boshladi.
— Hoʻsh, nima deysiz?
— Oʻt oʻchiruvchilar haqidagi fikringiz jiddiymi?
— Shaq-shubhasiz.
— Bir narsa deyish qiyin, rejangiz puxta,— Faber asabiylashib, yotoqxona eshigiga boʻynini qiyshaytirib qaradi, — butun mamlakat boʻylab oʻt oʻchiruvchilarning uylari gurillab yonayotganini, bu sotqinlik uyalarining kunpayakun boʻlayotganini koʻrish maroqli! Xuddi samandar oʻz dumini oʻzi gʻajib tashlayotganday zap tomosha boʻlardi-da!
— Menda hamma oʻt oʻchiruvchilarning manzillari bor. Agar biz sir saqlay olsak…
— Odamlarga sir aytib boʻlmaydi, hamma falokat shunda. Siz va men, yana kim?
— Sizga oʻxshash professorlar, sobiq yozuvchilar, tarixchilar, tilshunoslar qolishmaganmi?
— Hammalari oʻlishgan yoki juda munkillab qolishgan.
— Yoshi qancha ulugʻ boʻlsa, shuncha yaxshi, kamroq shubha uygʻotadi. Ularni yaxshi bilasiz, yashirmay aytavering, undaylar oʻnlab topilsa kerak?
— Aytganingizcha bor. Masalan, koʻp yillardan beri hayotni juda ochiq ifodalovchi Pirandello, Shou va Shekspir pyesalarida oʻynamay qoʻygan aktyorlar bor. Ularning qahr-gʻazabidan foydalansa boʻlardi. Keyingi qirq yil ichida bir satr ham yozmagan tarixchilarning olijanob noroziliklari ham qoʻl kelardi. Maktab ochib, odamlarni qaytadan oʻqish va fikrlashga oʻrgatsak ham boʻlardi.
— Ha, yashang!
— Ammo bularning hammasi dengizdan tomchi, xolos. Butun madaniyatimiz oʻlgan. Uni tag-tugi bilan eritib, yangi shaklga quymoq lozim. Bu hazilakam ish emas. Gap faqat ellik yil ilgari bir chekkaga surib qoʻygan kitobingni yana qoʻlga olishdagina emas-da. Oʻt oʻchiruvchilarga zarurat tez-tez paydo boʻlmasligini eslang. Odamlarning oʻzlari, oʻz xohishlari bilan kitob oʻqimay qoʻyganlar. Siz oʻt oʻchiruvchilar ora-chora uylarga oʻt qoʻyib, odamlarni qiziqtirib bizga sirk tomoshalari uyushtirasizlar. Bu nari borsa, qoʻshimcha tomoshalar va ularning yordamida uzoqqa borib boʻlmaydi. Isyon koʻtarish ishqibozlari bizning davrimizda juda oz qolishgan. Ularning ham koʻpchiligini qoʻrqitish oson. Masalan, men kabi. Siz oq masxarabozga qaraganda tezroq raqsga tusha olasizmi yoki Bosh Fokuschi janoblari va barcha mehmonxona “qarindoshlari”dan qattiqroq qichqira olasizmi? Agar bunga kuchingiz yetsa, murodingiz hosil boʻlishi mumkin, Umuman aytganda, Monteg, siz tentaklik qilyapsiz. Odamlarning xursandchilikdan qoʻli boʻshamayapti-ku, axir.
— Oʻzini-oʻzi oʻldiribmi? Bir-birini oʻldiribmi?
Ular gaplashib turganda uy ustidan bombardimonchi eskadrilya sharqqa tomon uchib oʻtdi. Reaktiv motorlarning qudratli tovushiga quloq tutib, uning gumburlashidan butun aʼzoi badanlari titrab ketganini his qilib, jim boʻlib qoldilar.
— Sabr qiling, Monteg, urush boshlanguday boʻlsa, hamma mehmonxonalarimiz oʻz-oʻzidan tinib qoladi. Bizning madaniyatimiz halokat tomon bormoqda. Gʻildirak ostida qolib ketmay desangiz, bir chekkaga chiqib turing.
— Hammasi qulab tushgach, qurish uchun kimdir shay boʻlib turishi ham kerak-ku.
— Kim? Miltonni yoddan oʻqishni biladiganlarmi? “Men hamon Sofoklni eslayman” deya oluvchilarmi? Ularning qoʻlidan nima ish kelardi? Omon qolganlarga insonning yaxshi fazilatlari ham borligini eslatish uchunmi? U omon qolganlar ham tosh yigʻib, bir-birini toshboʻron qilishdan boshqa narsani oʻylamaydi. Uyingizga boring, Monteg, yotib uxlang. Hayotingizning soʻnggi soatlarini qafasda charx urib oʻtkazib, oʻzingizni gir aylanayotgan olmaxon emasman, deb koʻkrakka urishingizdan ne foyda?
— Demak, sizga baribir ekan-da?
— Yoʻq, menga baribir emas. Mening dardi dunyoyim oʻzi shu.
— Menga yordam berishni ravo koʻrmaysizmi?
— Xayrli tun, azizim. Xayrli tun.
Montegning qoʻllari kitobga choʻzildi. Qoʻllarining harakatidan oʻzi ajablandi.
— Kitobni sizga bersam nima qilardingiz?
— Evaziga oʻng qoʻlimni berar edim, -dedi Faber.
Monteg qoʻllarim qani endi nima qilarkin, degandek kutib turardi. Qoʻllari uning irodasi va xohishiga zid tarzda bir maqsad bilan harakat qilayotgan ikki jonli mavjudot singari qitob sahifalarini yirta boshladi. Bosh sahifa, birinchi, ikkinchi sahifa yirtildi…
— Aqldan ozibsiz! Nima qilyapsiz? — Faber zarba kelib tekkandek sakrab tushdi. U Montegga hamla qilgan edi, Monteg uni bir tomonga surib tashladi. Uning qoʻllari kitobni ayovsiz yirtardi. Yana oltita sahifa uzilib pastga tushdi. Monteg ularni yerdan terib olib, Faberning koʻzi oldida changallab gʻijimladi.
— Bas qiliig! Iltimos, bas qiling! — yolvordi otaxon.
— Kim menga toʻsqinlik qila olardi? Men oʻt oʻchiruvchiman. Sizni, yoqib yuborishim ham mumkin.
Chol unga qaradi.
— Siz bunday qilmaysiz!
— Istasam, qila olaman.
— Bu kitob… Uni yirtmang!
Faber shilq etib stulga oʻtirib qoldi. Uning yuzlari surupdek oqarib ketgan, lablari titrardi.
— Juda charchadim. Meni ortiq qiynamang. Mendan nima istaysiz?
— Munga oʻrgatishingizni istayman.
— Yaxshi, yaxshi.
Monteg kitobni qoʻydi. Uning qoʻllari bukilgan sahifalarni yozib silliqlay boshladi. Chol tinkasi qurib uni kuzatardi.
Faber dovdirashini xuddi bir tomonga uloqtirgandek boshini silkitib soʻradi:
— Pulingiz bormi, Monteg?
— Ozroq bor. Toʻrt yuz yoki besh yuz dollar. Nega soʻrayapsiz?
— Menga keltirib bering. Yarim asrdan beri kollejimiz gazetasini bosib chiqaradigan bir kishini bilaman. Bu voqea yangi semestr boshida auditoriyaga kirib, Esxildan to Yujin Onilgacha drama tarixi kursi, maʼruzalariga atigi bitta talaba yozilganidan xabar topgan yilim sodir boʻlgan. Taassurotim shunday ediki, goʻyo muzdan yasalgan goʻzal haykal quyoshning jazirama nurlari ostida erib ketayotgandek edi. Esimda, gazetalar birin-sirin oʻtda kuygan kapalaklardek umri tugab borardi. Ularni tiklashga hech kim harakat qilmas, hech kim ularga achinmasdi ham. Xuddi oʻshanda, agar odamlar faqat shahvoniy oʻpichlar va shafqatsiz olishuvlar haqida oʻqisa, qanchalik yuvoshroq boʻlishini anglagan hukumatimiz siz olov ishqibozlarini chorlab hammasiga nuqta qoʻydi. Shunday qilib, Monteg, bizning ixtiyorimizda kitob bosuvchi bor. Biz bir qancha kitoblarni bosib chiqarib, hozirgi odatdagicha hayotni yemirib, bizga zarur turtki beradigan urush boshlanguncha kutib turamiz. Bir nechta bomba tushishi bilan mehmonxona devorlarini egallab olgan hamma “qarindoshlar”, butun masxarabozlar galasi bir umrga gʻoyyb boʻladi! Undan keyin boshlanadigan jimjitlikda, bizlarning shivirlashimiz eshitilsa ajab emas. Ikkovlarining nigohi stol ustida yotgan kitobga qaratilgan edi.
Men eslab qolishga harakat qildim, — dedi Monteg, — ammo koʻzimni olishim bilan, hammasi yodimdan koʻtarildi. Brandmeyster Bitti bilan shunday gaplashgim qelayaptiki! U koʻp oʻqigan, hamma narsaga javobi tayyor yoki shunday tuyuladi. Ovozi yogʻday silliq. U meni qoʻndirishidan tagʻin oldingi holimga tushishdan juda qoʻrqaman. Axir bir hafta burun shlangga kerosin toʻldira turib, “Obbo, bu qanday maroqli ish”, deb oʻylagandim.
Chol boshini irgʻab tasdiqladi.
— Kimki yaratmas eqan, buzib vayron qiladi. Bu zamonday koʻhna haqiqat. Goʻdak jinoyatchilarning psixologiyasi.
— Sizningcha, men oʻshanaqa ekanman-da?
— Bu hammamizda bor xususiyat.
Monteg ketmoqchi boʻlib bir necha qadam bosdi.
— Bugun kechqurun brandmeyster Bitti bilan gaplashayotgan paytimda nima qilib boʻlsa ham menga yordam berolmaysizmi? Menga suyanchiq kerak. Tilimni bogʻlab avrayotganda nafasim ichimga tushib ketmasin deyman. Chol hech nima deb javob bermadi, yana hadiksirab yotoqxona eshigiga qarab qoʻydi. Monteg buni sezdi.
— Xoʻsh, nima deysiz bunga?
Faber chuqur nafas oldi. Koʻzlarini yumib, lablarini qisib, yana chuqur nafas oldi. Lablari orasidan Montegning nomi uchib chiqdi.
Nihoyat, Montegga qayrilib qarab dedi:
— Qani, yuring. Sal boʻlmasa ketishingizga yoʻl qoʻymay turuvdim. Men haqiqatan ham qoʻrqoq, qari ahmoqman.
U, yotoqxonaning eshiklarini ochib yubordi. Monteg uning orqasidan uncha katta boʻlmagan, ustiga turli asboblar, oʻrgimchak uyasi kabi ingichka simli oʻramlar, mitti prujinachalar, gʻaltaklar, kristallchalar bilan qalashtirib tashlangan stol turgan xonaga kirdi.
— Bular nima? — soʻradi Monteg.
— Usha qoʻrqoqligimning shahodatnomasi. Men oʻz fikrlarim bilan boʻlib, shu xonada shuncha yillardan buyon yolgʻiz yashab keldim. Elektr asboblari va radiopriyomniklar bilan shugʻullanish ovunchogʻim boʻlib qoldi. Mening qoʻrqoqligim, uning soyasida qolib ketgan isyonkor ruhim mana bu narsani ixtiro etishga undadi.
U stol ustida turgan, uncha katta boʻlmagan kalibrli oʻqni eslatuvchi kichkina, yashil rangli metall predmetni oldi.
— Bunga mablagʻni qayerdan olganimni soʻrarsiz? Birjada oʻynadim, albatta. Bu ishsiz qolgan, xatarli fikr yurituvchi ziyolilarning oxirgi boradigan yeri-ku. Birjada oʻynab, ixtiro ustida ishladim, kutdim. Koʻrquvdan titrab, umrimning yarmi oʻtdi. Men bilan biron kimsa gaplashishini kutdim. Biron kishi bilan gaplashishga oʻzim jurʼat etmadim. Bogʻda oʻtirib siz bilan gaplashganimizda, yodingizdami, mening oldimga kelishingizni biluvdim, ammo oʻt oʻchiruvchining mayʼalasi bilanmi yoki doʻstona qoʻl olishish uchun kelasizmi, buni oldindan aytib berolmas edim. Mana bu kichkina apparat bir necha oy ilgari tayyor boʻluvdi. Sal boʻlmasa ketishingizga yoʻl qoʻymay turuvdim-a. Shunaqa qoʻrqoqmanmi?
— “Chigʻanoq” radiopriyomnigiga oʻxsharkan.
— Ammo undan ham murakkabroq. Mening apparatim eshitadi! Agar siz mana bu oʻqchani qulogʻingizga qoʻyib olsangiz, men uyimda xotirjam oʻtirib, hech qanday shubha tugʻdirmasdan, issiqda toblanib, oʻt oʻchiruvchilarning butun sir-asrorini eshitib, urganib, uning zaif tomonlarini aniqdashim mumkin. Oʻz inida oʻtirgan arilarning podshosiga oʻxshayman. Siz boʻlsangiz ishchi ari, mening sayohatchi qulogʻim boʻlasiz. Shaharning hamma burchaklarida, har xil odamlar oʻrtasida quloqlarim boʻlishi mumkin edi. Tinglab, hulosalar chiqarishim mumqin edi. Agar arilar halokatga uchraguday boʻlsa, menga ziyon yetmaydi, ilgarigidek oʻz uyimda xavf-xatardan xoli rohat-farogʻatda yashayman. Endi bu oʻyinda juda kam tavakkalchilik qilishimni, qanday nafratga loyikligimni koʻrib turibsiz.
Monteg yashil oʻqchani qulogʻiga suqdi. Chol ham qulogʻiga xuddi shunday kichkina metall predmetni tiqib, lablarini qimirlata boshladi:
— Monteg!
Ovoz Montegning miyasinint chuqur qatlamida eshitiddi.
— Sizni eshitayapman!
Chol kulib yubordi:
— Men ham sizni yaxshi eshityapman! — Faber shivirlab gapirsa ham, ovozi Montegning boshida aniq eshitilardi.
Vaqt yaqinlashganda toʻgʻri oʻt oʻchirish stansiyasiga boravering. Men siz bilan birga boʻlaman. Brandmeysteringizni birga eshitamiz. Kim, biladi deysiz, balki oʻzimizga oʻxshagandir. Nima, deyishni sizga aytib turaman, Uni mazax qilib bir oʻynataylikki. Mana bu elektron oʻyinchoq oʻchun mendan xafamasmisiz? Qorongʻuda sizni koʻchaga chiqarib qoʻyib, oʻzim front chizigʻi ortida qolaman, mening quloqlarim bemalol eshitaveradi, buning uchun sizni omon qoʻyishmas.
— Har kim qoʻlidan kelganini qiladi, — javob berdi Monteg. U kitobni cholning qoʻliga tutqazdi. — Oling. Buning oʻrniga boshqa biron narsani topshirishga unnab koʻraman. Ertaga esa…
— Ha, ertaga men ishsiz yurgan kitob bosuvchi bilan uchrashaman.
Bu ish qoʻlimdan keladi.
Hayrli tun, professor.
— Yoʻq, bugungi tun tinch oʻtmaydi. Biroq men sizning yoningizda boʻlaman. Sizga kerak boʻlishim bilan jonga teguvchi chivin kabi qulogʻingizga gʻingʻillayveraman. Ishingiz baroridan kelsin, sizga muvaffaqiyat tilayman, Monteg.
Eshik ochilib, yopildi. Monteg yana zimiston kuchada yakka oʻzi qoldi. Oʻsha tunda hatto osmon ham urushga tayyorlanayotgan edi. Uni qalin bulut qoplagan, bulutlar siyraq joyda esa dushman pistirmachilari kabi gʻuj-gʻuj yulduzlar miltillardi. Osmon goʻyo shaharga yopirilib, uni oppoq kultepaga aylantiradiganga oʻxshardi. Qonli shafaqqa oy koʻtarilardi. Mana shunday edi bu tun.
Monteg metro stansiyasidan kelardi: pul choʻntagida — tuni bilan ishlaydigan bankda boʻlgan, mexanik robotlar uning hojatini chiqarishgan edi, qulogʻiga chigʻanoqni qoʻyib diktorning ovozini tinglardi:
“Bir million kishi safarbar qilingan. Urush boshlanguday boʻlsa, koʻp oʻtmayoq gʻalaba qozonish taʼminlangan…” allaqayoqdan gumburlab eshitilgan musiqa diktorning ovozini bosib ketdi.
— Oʻn million kishi safarbar qilingan, — shivirlardi Faber ikkinchi qulogʻida, — Lekin bir million deb eʼlon qilishadi, tashvish kamroq-da.
— Faber!
— Eshitaman
— Men oʻylab oʻtirmayman. Hamisha qilganimdek, menga nima buyurilsa, faqat shuni bajaraman. Pul topish kerak dedingiz, topdim. Oʻzim bu haqda oʻylab koʻrganim yoʻq. Qachon oʻy oʻylab, mustaqil harakat qiladigan boʻlaman?
— Hozirgina shu soʻzlarni aytib, birinchi qadam qoʻydingiz.
Dastlabki paytlarda menga orqa qilishingizga toʻgʻri keladi.
— Ularga ham orqa qilganman.
— Mana oqibati, sizni ne koʻyga solganini koʻrib turibsiz, bir-muncha vaqt koʻr odamday yoʻl topolmay qiynalasiz. Mening qoʻlimdan tuting.
— Boshqa tomonga oʻtib, yana buyruqqa koʻra harakat qilish uchunmi, yoʻq, men buni istamayman. Unda siz tomonga oʻtishimning nima hojati bor?
— Aqlingizga balli, Monteg.
Monteg oyoqlari ostida tanish trotuarni his qilib, oyoqlari ildam harakat qilib, uni uyi tomon yetakladi.
— Davom eting, professor.
— Xohlasangiz, sizga biron narsa oʻqib beray. Hammasini eslab qolishingizga harakat qilib oʻqiyman. Men sutkasiga besh soatdan koʻp uxlamayman. Boʻsh vaqtim koʻp. Agar xohlasangiz har kuni kechqurun uyqu oldidan sizga oʻqib berishim mumkin. Agar uxlab yotgan odamning qulogʻiga shivirlab aytilsa, hammasini eslab qoladi deyishadi.
— Voajab…
— Eshiting boʻlmasa, — shaharning narigi chekkasida uzoqdan sahifalarning shitirlab ochilayotgani eshitildi, — Iov kitobi.
Osmonda oy porladi. Monteg, unsiz lablarini qimirlatib yoʻlka boʻylab borardi.
Kechqurun toʻqqizlarda kechki ovqatini tugatar-tugatmas eshikdagi radiokarnay mehmonlar kelganini xabar qildi. Mildred vulqondan qochgan odamday shoshib dahlizga otildi. Uyga missis Felps va missis Bauels kirib kelishdi, mehmonxona olovli krater kabi ularni oʻz domiga tortdi. Xonimlar martini ichimligi shishalarini qoʻllarida koʻtarib olishgan edi. Ovqat ovqatda, qoldi. Bu ayollar minglab billur shishalari jaranglab turadigan ulkan qandillarni eslatishardi. U, hatto devor osha ularning yasama, maʼnosiz kulgilarini koʻrib turardi. Ular shovqin solib bir-birlari bilan koʻrishishdi, choʻvillashib mehmonxonani boshlariga koʻtarishdi.
Monteg ogʻzidagi luqmani chaynab, eshik oldida toʻxtab qoldi.
— Koʻrinishingiz binoyiday!
— Binoyiday!
— Kiyimlaring shunday yarashibdiki, Milli!
— Biram yarashibdiki!
— Manavilarning hammasi ajoyib!
— Ajoyib!
Monteg churq etmay ularni kuzatardi.
— Xotirjam boʻling, Monteg, — ogohlantirib shivirladi Faber.
— Bu yerda bekor ushlanib qoldim, — deyarli ichida aytdi Monteg — allaqachon pulni olib, oldingizga joʻnashim kerak edi.
— Buni ertaga qilsangiz ham kech emas. Ehtiyot boʻling, Monteg.
— Ajoyib revyu, shunday emasmi, — dedi Mildred.
— Nimasini aytasiz?
Televizor oʻrnatilgan uchta devordan birida bir ayol kishi bir vaqtning oʻzida poʻrtahol sharbatidan ichib, ogʻzi qulogʻida kulib turardi.
“Buni qanday uddalay olarkin?” — oʻylardi Monteg unga allaqanday nafrat hissi bilan qarab. Boshqa devorda esa rentgen nurlarida sharbat oʻsha xonimning shodlikdan likillab turgan oshqozoni sari ovqat oʻtkazuvchi yoʻllardan qanday oʻtib borishi koʻrinib turardi. Birdaniga mehmonxona raketali samolyot qanotlarida osmoni falakka koʻtarildi; keyin havorang baliqlar qizil va sariq baliqlarni yutib yuborayotgan loyqa-koʻkish suvli dengizga shoʻngʻidi. Oradan bir daqiqacha oʻtgach, uchta oq multiplikatsiyali masxaraboz maʼqullab, xoxolagan ovozlar ostida bir-birining oyoq-qoʻlini chopa boshladi. Ikki daqiqadan keyin devorlar tomoshabinlarni raketali avtomobillar bir-birlari bilan toʻqnashib, turtishib doira boʻylab juda katta tezlikda harakat qilayotgan shahar-tashqarisiga olib oʻtdi. Monteg inson tanalari osmonga uchib ketganini ham koʻrdi.
— Milli, koʻrdingmi?
— Koʻrdim! koʻrdim!
Monteg qoʻlini devor ichkarisiga suqib, markaziy ulovchi asbobni buradi. Ichida mayda baliqchalar tipirchilab qolgan ulkan shisha akvariumdan kimdir toʻsatdan suvni qoʻyib yuborgandek devordagi tasvirlar oʻchib, soʻndi.
Uchta ayol qayrilib, oshkora gʻazab va kudurat bilan Montegga tikilishdi.
— Nima deb oʻylaysizlar, urush qachon boshlandsi? — soʻradi Monteg, — bugun erlaringiz birga kelishmabdi.
— Eh, uyga goh kelishadi, goh kelishmaydi, — dedi missis Felps, — goh kelishadi, goh kelishmaydi oyogʻi kuygan tovuqday. Pitni kecha chaqirtirishibdi. Kelasi haftada qaytarkan. Unga shunday deyishibdi. Urush qisqa boʻlarmish. Qirq sakkiz - soatdan keyin hamma uyida boʻlarkan. Armiyada shunday deyishibdi. Tez tugaydigan urush. Pitni kecha chaqirib, bir haftadan keyin uyda. boʻlishini aytishibdi. Qisqa…
Uchala Hotin stullarda besaranjom, asabiylashib boʻm-boʻsh kulrang devorlarga qarab-qarab oʻtirardi.
— Men tashvish qilmayman, — dedi missis Felps, — Pit oʻz tashvishini oʻzi tortsin, — qiqirlab kuldi u, — oʻzim xon, qoʻlankam maydon. Zigʻirchayam tashvish qilmayman.
— Ha,ha, oʻz tashvishini oʻzi tortsin, — unga qoʻshildi Milli.
— Hamisha begonalarning erlarini oʻldirishadi. Shunday deyishyapti.
Toʻgʻri aytasiz, men ham eshitdim. Urushda halok boʻlgan bironta ham kishini bilmayman. Qandaydir boshqacharoq, masalan, oʻzlarini baland binodan tashlab halok boʻlishadi. Shunday boʻlishi mumkin.
Oʻtgan hafta Gloriyaning eri kabi, urushda-chi, yoʻq.
— Urushda yoʻq, — unga qoʻshildi missis Felps. — Har qalay, biz Pit bilan doimo hech qanday koʻzyoshi, oh-vohlarga oʻrin boʻlmasligi haqida gapirardik. Menda ham, unda ham uchinchi nikoh, bir-
birimizga tobe emasmiz. Har kim mustaqil boʻlishi kerak — doimo biz shunday deb hisoblardik. Pit agar uni oʻldirishsa, koʻzyoshi toʻkib oʻtirmay, tezroq turmushga chiqishimni aytdi, tamom-vassalom.
— Aytgandek! — qichqirib gapirdi Mildred. — Kecha Klara Douvning besh daqiqalik romanini devorlarda koʻrdilaringizmi? Bu ayolning haligi… Monteg bolaligida boshqa dinga mansub kichik ibodatxonaga tasodifan adashib kirib qolib, avliyolarning suratini tomosha qilgandek, ayollarning yuzini zimdan kuzata boshladi. Ibodatxonada buxur hidi va allaqanday oʻziga xos, faqat shu joyga xos changdan chuqur nafas olish oʻzgacha dinni anglab yetishga harakat qilib, uzoq turib qolgan ibodat chogʻida boʻlganidek ularga murojaat qilmoqchi boʻlganida ham bu gʻalati, sirli qiyofalar unga yot va tushunarsiz boʻlib qolgan edilar. Agar bu hidlar oʻpkasini toʻldirsa, qoniga oʻtsa, oʻshanda ehtimol, unga taʼsir oʻtkazib, boʻyab qoʻyilgan chinni koʻzli, lablari choʻgʻday qizil haykalchalar tushunarliroq boʻlarmikan, deb xayolidan oʻtkazgandy. Ammo bundan hech narsa oʻzgarmadi. Goʻyo muomalada boshqacha pul boʻlgan doʻkonchaga kirgan-u, puliga hech narsa ololmay quruq chiqqanday. Avliyolarga qoʻlini tekkizganda badaniga issiq oʻtmadi — ular oddiy yogʻoch, loydan yasalgan edi. Hozir ham oʻz uyida stullarda asabiylashib, beorom oʻtirgan uchta xotinga qarab oʻzini shunday his qilardi. Ular chekishib, havoga pagʻa-pagʻa tutun tarqatishar, boʻyalgan sochlarini toʻgʻrilab qoʻyishar, Montegning tikilib qarashidan oʻt olganday qip-qizil tirnoqlarini koʻz-koʻz qilishardi. Oraga jimlik choʻkkan, ayollar zerikib qolishgan edi. Monteg ogzidagi luqmani yutishi bilan xotinlar beixtiyor olgʻa intilishdi. Uning oʻxtin-oʻxtin nafas olishiga xavotirlanib quloq tutishdi. Endi mehmonxonaning uchta nursiz devori abadiy uyquda yotgan bahaybat maxluqlarning oqarib ketgan peshonasini eslatardi. Montegga agar qoʻlini ularga tekkizsa, barmoqlarida shoʻr ter izi qoladigandek tuyuldi. Vaqt oʻtgan sari u peshonalardan koʻproq ter chiqar, jimlik yana kuchayar, havoni, toqati toq boʻlgan arllarning badanini tutib ketgan hid chuqurroq sezilardi. Yana bir daqiqa oʻtsa, ular qattiq vishirlab portlab qetadiganday tuyulardi.
Montegning lablari qimirladi.
— Kelinglar, gaplashib olaylik.
Xotinlar bir seskanib unga tikilishdi.
— Bolalaringiz tinchmi missis Felps? — soʻradi Monteg.
— Bolalarim yoʻqligini yaxshi bilasiz-ku! Bizning davrimizda esli-hushli odam bolani nima qiladi? — Monteg nega jahlini chiqarganini tushunolmay qichqirdi missis Felps.
— Yoʻq, yoʻq, bu masalada men sizning fikringizga qoʻshilolmayman, — norozi ohangda dedi missis Bauels, — mening ikkita farzandim bor. Ikki gal ham bolani qornimdan yorib olishgan; Bolani deb toʻlgʻoq azobiga oʻzimni duchor qilishim kerakmidi? Ammo boshqa tomondan odamlar koʻpayishi kerak. Odamzotni davom ettirishga majburmiz. Bundan tashqari bolalar baʼzan ota-onalariga juda oʻxshab ketishadiki, koʻrib tomosha qilasiz. Hullas, ikki marta qornimni yorib muammoni hal qilishgan. Toʻgʻri, ser, vrachim qorningizni yorish shart emas, gavdangizning tuzilishi koʻngildagiday, tugʻishingiz mumkin desa ham oʻz aygganimda turib olganman.
— Nima desangiz deyavering — u, bolalar ortiqcha dahmaza. Ularni koʻpaytirib, oʻzingizga dardysar orttirgansiz! — deb shangʻilladi missis Felps.
— Juda bunchalik emas, bola yomon emas. Oʻn kundan toʻqqiz kunini maktabda oʻtkazishadi. Ular uyda boʻlganida oyda uch kungina birga boʻlaman. Bu ham bir navi. Ularni mehmonxonaga haydab, devorni ulayman qutilaman-qoʻyaman, Xuddi kir yuvgandek. Qirlarni mashinaga solasizu, shaq etib qopqogʻini yopasiz, — missis Bauels qiqirlab kuldi, — hech qanday erkalash-perkalashga oʻrin yoʻq. Meni quchoqlab oʻpish bolalarimning yetti uxlab tushiga kirmaydi. Munga qoʻl koʻtarib tepkilashning payiga tushadilar; Xudoga shuqur, men ham ularni javobsiz qoldirmayman.
— Xotinlar ovozlarining boricha xoxolab kulishdi.
Mildred bir daqiqacha jim turdi-da, Montegning ketmayotganini koʻrib, kaftlarini bir-biriga urib, chapak chalib qichqirdi:
— Kelinglar, siyosatdan gapirib, Gayning koʻnglini ovlaylik.
— Mayli, juda yaxshi boʻladi, — dedi missis Bauels, — oʻtgan saylovlarda hamma kabi Nobl uchun ovoz berdim. Mening nazarimda, u qachon boʻlmasin prezidentliqka saylangan erkaklar ichida eng yoqimtoyidir.
— Eh-he, nimasini aytasiz? Boshqasini, Nobdga qarshi koʻrsatilganini eslaysizlarmi?
Har holda tuzukkina edi! Kichkinagina, koʻrimsiz, naridan- beri soqol-moʻylovini olgan, sochlari taralmagan.
— Muxolifat qaysi miya bilan uning nomzodini koʻrsatganiga hayronman. Shunday pakana odamni baland boʻyli kishiga qarshi qoʻyish mumkinmi? Ustiga ustak lattachaynar. Gapirganlaridan bitta narsani eshitmadim. Eshitganlarimni esa tushunmadim.
— Bundan tashqari semirib ketgan va buni kiyim bilan yashirishga harakat ham qilib koʻrmagan. Hayron qoladigan joyi yoʻq, koʻpchilik Uinston Nobl uchun ovoz berdi. Bu yerda hatto ularning nomlari ham rol oʻynadi. Oʻzingiz qiyoslang: Uinston Nobl va Xyubert Xaug —javobi darrov oʻzingizga maʼlum boʻladi.
— Sizlarni qaranglar-u! Ularning birontasi haqida hech narsa bilmaysizlar-ku! — oʻzini bosolmadi Mongeg.
— Nega bilmas ekanmiz? Atigi yarim yil avval ikkovini ham xuddi mana shu mehmonxonaning devorlarida koʻrganmiz! Bittasi hadeb burnini kovlardi. Qanday dahshat, unga qarashning oʻzi jirkanchli edi.
— Sizningcha, mister Monteg, shunday kishi uchun ovoz berishimiz kerakmidi? — qichqirdi missis Felps.
Mildred ochilib kulib dedi:
— Gay, iltimos, jahlimni chiqarma? Bizni xoli qoʻy!
Monteg gʻoyib boʻlgan edi. Bir daqiqadan keyin, qoʻlida kitob bilan qaytib kirdi.
— Gay!
— Boʻldi! Hammasi qurib ketsin, hammasi!
— Bu nima? Nahotki kitob boʻlsa? Men boʻlsam, maxsus oʻqitish endilikda kinofilmlar yordamida oʻtkaziladi deb yuribman, — missis Felps ajablanib koʻzlarini uchirdi, — oʻt oʻchiruvchilik ishi nazariyasini oʻrganyapsizmi?
— Qurib ketsin oʻsha nazariyasi! — javob berdi Monteg, — bu sheʼrlar
— Monteg! — uning quloqlarida Faberning ogohlantiruvchi shivirlagan tovushi eshitildi.
— Meni xoli qoʻying, — Monteg oʻzini huddi qandaydir tez aylanuvchan, guvillagan, gʻululi girdob domiga tortib ketayotgandyok his qildi.
— Monteg, oʻzingizni qoʻlga oling! Chakki qilyapsiz…
— Ularni eshitdingizmi? Bu maxluqlarning oʻzlari singari boshqa maxluqlar haqida nima deb vaysashganini eshitdingizmi? Yo tavba, odamlar haqida nimalar deyishmaydi-a? Oʻz farzandlari, oʻzlari, erlari, urush haqida gap sotishlarini qarang!… Ming laʼnat ularga! Ularni eshitib turib quloqlarimga ishonmadim.
— Kechirasiz! Urush haqida men hech narsa deganim yoʻq! — qichqirdi missis Felps.
— Sheʼr emish! Sheʼr desa koʻnglim ozadi, — dedi missis Bauels.
— Siz ularni biron marta boʻlmasin eshitganmisiz?
— Monteg! — Faberning ovozi Montegning qulogʻiga buralib kirdi. — Hammasini barbod qilasiz! Tentak! Bas qiling!
Ayollar oʻrinlaridan turib ketishdi.
— Oʻtiringlar! baqirib berdi Monteg.
Ular gʻiring demay oʻtirishdi.
— Men uyimga boraqolay, titroq ovoz bilan gapirdi missis Bauels.
— Monteg, Monteg, xudo xaqqi sizdan iltimos qilaman. Nima qilmoqchisiz? — iltijo qilardi Faber.
— Kitobchangizdagi qisqaroq sheʼrlardan birontasini bizga oʻqib bering, bizlar ham Eshitaylik,— boshini sarak-sarak qildi missis Felps.
— Lekin bu man etilgan, — ingraganday chinqirib yubordi missis Bauels. — Unday qila koʻrmang!
— Mister Montegga bir qaranglar! — juda-juda oʻqigisi kelyapti, koʻrib turibman, Bir daqiqa chugʻurlashmay oʻtirib tinglasak mister Montegning koʻngli joyiga tushadi, undan keyin bilgan ishimizni qilishimiz mumkin, — missis Felps sukut saqlayotgan devorlarga asabiy qiyshayib qaradi.
— Monteg, aytganingizdan qolmasangiz, oramiz ochiq, menga umid bogʻlamang, — quloqni teshib yuborguday gʻingʻilladi chivin, — bu bilan nimaga erishasiz?
— Qoʻrqitib, yuraklarini olaman! Shunday qoʻrqitayki, boshi aylanib dunyoni koʻrmay qolsin.
Mildred atrofga alangladi.
— Kim bilan gaplashyapsan, Gay?
Kumush igna uning miyasiga sanchilgandek boʻldi.
— Monteg, diqqat bilan eshiting, faqat bitta yoʻl qoldi. Hammasini hazilga yoʻyib, xandon otib quling! Keyin kitobny pechkaga tashlab yoqib yuboring.
Mildred falokat roʻy berishini undan ilgariroq sezib, titroq ovozda tushuntirardi: Aziz xonimlar, yiliga bir marta har bir oʻt oʻchiruvchiga ilgari zamonlarda hamma narsa ahmoqona va bemaʼni ekanligini, kitoblar odamlarning tinchini buzib, aqldan ozdirishini oʻz oilasiga koʻrsatish uchun uyiga kitob keltirishga ruxsat beriladi. Gay bugun ana shunday syurpriz tayyorlabdi bizga. Buning hammasi yolgʻon ekanligini oʻzimiz koʻrishimiz, bu boʻlmagʻur safsata boshqa hech qachon boshimizni qotirmasligi uchun bizga biron narsa oʻqib beradi.
Shunday emasmi, azizim?
Monteg tishini tishiga qoʻyib kitobni qoʻllari orasida ezdi.
— “Ha” deng, Monteg! — buyurdi Fabyor.
Monteg uning amrini bajarib dedi:
— Shunday.
Mildred qah-qahlab kitobni yulib oldi.
— Mana bu sheʼrni oʻqi. Yoʻq, mana bu kulgilisini oʻqiy qol, bugun ovoz chiqarib oʻqigan eding. Azizlarim, baribir, hech narsani tushunmaysizlar, hech narsani! Bu oddiy soʻzlar yigʻindisi, xolos — tu-tu-tu. Gay, azizim, mana shu sahifani oʻqiy qol!
U ochilgan sahifaga koʻz yugurtirdi. Kulogʻida pashsha gʻingʻilladi:
— Oʻqing, Monteg.
— Sheʼr nima deb atalarkan, azizim?
— “Duvr sohili”.
Montegning tili tanglayiga yopishardi.
— Ovozingni baland chiqarib, shoshmasdan oʻqi.
Xonada nafas olib boʻlmasdi, Montegga goh sovuq, gʻoh issiq tuyu-lardi. Mehmonxona taqir choʻlni eslatar, oʻrtada uchta stul hamda u, omonat turib missis Felps koʻylagini tuzatib boʻlishini, missis Bauels esa turmaklangan sochidan qoʻlini olishini kutib turardi. Avval past ovozda, tutilib, har bir misradan keyin esa dadilroq va balandroq oʻqiy boshladi. Uning ovozi choʻllar osha oʻtib, “boʻshliqlarga urilib, oʻtirgan ayollarning boshi uzra qizigan havoda jaranglardi:
Ishonardim: zamin sohilin
Yuvar ekan bir paytlar toʻlib,
Kamalaqday tovlanardi sokin bir bahr.
Mana endi tumanlar ichra
Hasrat ila yuzlarin yumib,
Qaytayotgan toʻlqinlarning ingroklarini,
Qirgʻoqlarin boʻron qahri parchalab ketgan
Oddiy yalang qoyalarning zorin tinglayman.
Stullar gʻichirladi. Monteg oʻqishda davom etdi:
Ishq, bizga sodiqlik imkonin bersang,
Axir qarshimizda orzu yurtiday
Yuz ochgan bu ochun erur rango-rang,
Goʻzaldir, yangidir, goʻyo harir oy.
U bilmas nima nur, zulmat, azob ne,
Qaygʻu ne, tuygʻu ne, ne mehr, tinchlik
Oʻlim vahmin tuyib jangdan qochmoqni
Istagan basirdek bizlar uchrashdik.
Missis Felps hoʻngrab yigʻlardi.
Dugonalari uning koʻzyoshiga, burishgan yuzlariga qarab oʻtirishardi. Joʻshqin his-hayajonidan karaxtlanib, unga tegib ketishga jurʼat etolmay oʻtirishardi. Missis Felpsning yigʻisi tinmas, Monteg ham kapalagi uchib oʻzini yoʻqotib qoʻygan edi.
— Koʻy endi, qoʻy, Klara, — dedi Mildred, — oʻzingni bos. Senga nima boʻldi, Klara, qoʻysang-chi.
— Men… men… — yigʻlardi missis Felps, — bilmayman, bilmayman… hech nimani bilmayman. Oh….
Missis Bauels oʻrindan turib, tahdid bilan Montegga oʻqraydi.
— Xoʻsh? Koʻnglingiz joyiga tushdimi endi? Shunday boʻlishini biluvdim-a! Xuddi shuni isbotlamoqchi edim. Doimo sheʼriyat koʻz-yoshlari, oʻz-oʻzini oʻldirishlar, shaytonlashlar, koʻngil aynishlar, kasallik deb aytardim. Nahs — boshqa narsa emas. Mana endi bunga butunlay ishondim. Siz yovuz odamsiz, mister Monteg, yovuz, yovuz!
— Ana endi… — shivirladi Faber.
Monteg itoatkorlik bilan oʻgirilib, pechkaga yaqinlashdi-da, kitobni mis panjara orasidan lovullab turgan olovga uloqtirdi..
— Bemaʼni soʻzlar, bemaʼni, qalbni jarohatlovchi soʻzlar, — davom ettirdi missis Bauels, — nima uchun odamlar bir-birlariga koʻproq azob berishga harakat qilisharkin? Dunyoda bundan boʻlak azob-uqubatlar kammi, yana shunaqa boʻlmagʻur narsa bilan qiynash shartmi?
— Klara, oʻzingni bos! — Mildred uvvos solayotgan missis Felpsning qoʻllariga yopishib, astoydil uni ovutmoqchi boʻlardi. — Qoʻy endi! “Qarindoshlar”ni qoʻyib, chaqchaqlashib dam olamiz. Qoʻysang-chi, endi koʻzyoshingni! Hozir bazmi jamshid qilamiz.
— Rahmat, men ketaman, — dedi missis Bauels, — menikiga va “qarindoshlar”imnikiga qachon boʻlsa ham qadam ranjida qilsalaringiz boshim osmonga yetadi. Bu uyni, tentak oʻt oʻchiruvchining uyini yelqamning chuquri koʻrsin.
— Qorangizni oʻchiring, — dedi past ovoz bilan Monteg missis Bauelsga yeb qoʻyguday qarab, — uyingyzga borib siz bilan ajrashgan birinchi eringiz, reaktiv mashinada tilqa-pora boʻlgan ikqinchi eringiz, tez orada boshini urib majaqlaydigan uchinchi eringiz haqida oʻylang! Uyingizga borib oʻnlab bola oldirganingiz, qorningizni yorib bola olganlari, sizdan nafratlanadigan bolalaringiz haqida oʻylab boqing! Uyingizga boring-da, shularning hammasi qanday sodir boʻlgan va ulargʻa yoʻl qoʻymaslik uchun nima qilganingizni oʻylab koʻring! — qichqirdi u. — Yuzingizga shapaloq tortib yubormasimdan yoki eshikdan chiqarib uloqtirmasimdan tuyogʻingizni shiqillatib qoling!
Eshik yopilib, uy huvillab qoldi.
Monteg devorlari irkit Qorga oʻxshagan muz sahroni eslatuvchi mehmonxonada qaqqayib turardi.
Vannaxonadan suvning shapillagani eshitildi. Mildred shisha flakonchadan kaftiga uyqu dorisini silkitib tushirayotganini eshitdi.
— Siz ahmoqsiz, Monteg, ahmoq, ahmoq! Shunchalar ovsar boʻlasizmi?…
— Boʻldi, yetar! — Monteg qulogʻidan yashil oʻqchani yulib olib choʻntagiga soldi, ammo u hamon gʻoʻngʻillardi:
— Ahmoqsiz… ahmoq!…
Monteg butun uyni tintib kitoblarni oxirida Mildred sovutgichning orqasiga tiqib qoʻygan joydan topdi. Ularning bir nechtasi yetishmas edi. Monteg Mildrednyng uyidagi dinamitni oz-ozdan kamaytirayotganini angladi. U gʻazabidan ancha tushgan, faqat allaqanday horgʻinlikni va anglashilmovchilikni his qilardi. Nima uchun shunday qildi?
U kitoblarni hovliga yulib chiqib, devor yonidagi butalar orasiga faqat bir kechaga, Mildred tagʻin yoqib yubormasin, deb yashirib qoʻydi.
Uyga qaytib kirib, boʻsh xonalarni kezib chiqdi.
— Mildred! — qop-qorongʻi yotoqxona eshigiga yaqinlashib chaqirdi u.
Hech kim javob bermadi.
Monteg metro sari borayotib, chimzorni kesib oʻtarkan, Klarissa Maklellanning uyi mudhish, koʻchib ketgan hovliga oʻxshab qolganiga eʼtibor bermaslikka harakat qildi.
Ishga ketayotgan shu soatda oʻzining yakka-yolgʻizligi va yoʻl qoʻygan xatosining butun ogʻirligini kutilmaganda shunday qattiq his qildiki, ortiq chidolmay, yana Faber bilan gaplasha boshladi. Tun sukunatida gʻoyat mehribon va samimiy ovozini jon-qulogʻi bilan eshitgisi keldi. Faber bilan tanishganiga bir necha soat boʻlsa ham uni butun umri davomida biladigandek tuyuldi. Monteg endi oʻzida ikkita inson mujassam boʻlganini his etdi: birinchisi — hech narsani tushunmaydigan, hatto nodonligini chuqur tushunib yetmagan, uni faqat gʻira-shira tasavvur etgan uning oʻzi va ikkinchidan hozir u bilan gaplashib turgan, pnevmatik poyezd uni uyqudagi shaharning bir chekkasidan ikkinchi chekkasiga uchirib yetkazguncha u bilan gaplashib kelgan mana shu moʻysafid edi. Uning hayotidagi hamma kunlar, qorongʻi va oyning yorqin nurida yorishgan hamma tunlari keksa professor uning qalbiga soʻz ustiga soʻz, tomchi ustiga tomchi, tosh ustiga tosh, uchqun ustiga uchqun tashlab, u bilan muloqotda boʻladi. Axir bir kun uning ongi toʻlib-toshib Monteg boʻlmay qoladi. Qariya unga shunday degan, shunga inontirgan, vaʼda qilgan. Ular Monteg va Faber, olov va suv birga boʻladilar, keyin ajoyib bir kunda hammasi aralashib, qaynab-toshib, iziga tushgach, olov ham, suv ham qolmay vinoga aylanadi. Bir-biridan shunchalik farq qiladigan ikkita narsadan yangi uchinchisi yaratiladi. U orqasiga nazar tashlab, ilgari qanday ahmoq boʻlganini anglaydigan kun albatta keladi. U hozir ham bu uzoq yoʻl boshlanganini oʻzining ilgarigi “men”i bilan xayrlashib, undan tobora uzoklashayotganini his qilib turardi.
Qulogʻida tukli arining gʻoʻngʻillashi, chivinning gʻuvillashi, nihoyatda nozik keksa kishining ovozi unga huzur bagʻishlardi. Boshida Montegni koyigan boʻlsa, metroning dim tunnelidan chiqib yana oʻt oʻchiruvchilar olamida paydo boʻlishi bylan allamahal tungi soatda uni ovutib dalda berdi. — Shafqatli boʻling, Monteg, shafqatli. Ularning ustidan kulmang, oʻchakishmang, yaqinginada siz ham oʻshanday edingiz. Ular doimo shunday boʻladi, deb astoydil ishonadilar. Ammo hamisha shunday boʻlmaydi. Ular butun hayotlari boʻshliq orqali oʻtuvchi lovullab yonayotgan ulkan meteorga oʻxshashini bilmaydilar. Uchib ketayotganda chiroyli, ammo qachondir qulashi muqarrar. Ular faqat koʻzni qamashtiruvchi, tashqi yaltiroqlikni koʻradilar, xolos. Monteg, men kabi jonini saqlab uyida yashirinib oʻtirgan keksa odamning tanqid qilishga haqqi yoʻq. Rostini aytganda, boshdayoq hamma ishimizni barbod qilib qoʻyishingizga sal qoldi. Hushyor boʻling. Yodingizda boʻlsin, men doimo yoningizdaman. Nega shunday qilganingizni tushunib turibman. Iqror boʻlishim kerak, sizning tizginsiz qahr-gʻazabingiz menga kuch-quvvat bagʻishladi. Astagʻfirillo, birdan oʻzimni yigitday his qila boshladim! Ammo-endi sizning keksa kishi boʻlib qolishingizni, oʻz qoʻrqoqligimdan bir chimdimini ham sizga ravo koʻrmayman. Bitti bilan oʻtkazadigan bir necha soat davomida ehtiyot boʻling, atrofida oyoq uchida yuring, uni eshitishimga, vaziyatni baholashimga imkon bering. Shiorimiz — omon qolmoqlik. Chorasiz, tentak xotinlarni unuting…
— Men ularning dilini shunday xufton qildimki, ehtimol, umrlarida hech mahal bunchalik xafa boʻlishmagandir, — dedi Monteg, — missis Felpsning koʻzyoshlarini koʻrganimda xoʻrligim keldi. Balkim ular haqdir. Ehtimol, hayot qanday boʻlsa, shundayligicha koʻrmasdan, hammasidan koʻzni yumib xursandchilik qilgan afzaldir. Bilmadimu, oʻzimni aybdordek his qilyapman…
— Yoʻq, unday demang! Agar urush boʻlmaganda, dunyoda tinchlik qaror topganda, xursandchiligingizdan qolmang, derdim. Yoʻq, Monteg, siz faqat oʻt oʻchiruvchi boʻlibgina qolmasligingiz kerak.
Dunyo notinch.
Montegning peshonasi terga botdi.
— Monteg, meni eshityapsizmi?
— Oyoqlarim… — gʻuldiradi Monteg, — ularni qimirlatolmayapman.
Tavba, ularning yurgisi kelmayotganga oʻxshaydi!
— Quloq bering, Monteg. Xotirjam boʻling, — mayin gʻapirardi chol, — ahvolingizni tushunib turibman. Yana xato ish qilib qoʻyishdan choʻchiyapsiz. Qoʻrqmang, xatolarning baʼzan foydasi ham boʻladi. Eh, buni bilsangiz edi! Yoshligimda oʻz nodonligimni har kimning yuziga solaverar edim. Evaziga meni kaltaklashar edi. Kirq yoshlarga borganimda bilim qurolimni charxlab oldim. Agar nodonligingizni yashirsangiz, sizni, urushmaydi va hech qachon aqlingizga aql qoʻshilmaydi. Qani endi yuring. Qani, dadilroq! Oʻt oʻchirish staniiyasiga birgalashib boramiz! Endi ikki kishimiz. Siz yolgʻiz emassiz, biz endi bir-biridan qalin devor bilan ajratilgan oʻz mehmonxonalarimizda boshqa-boshqa ajralib oʻtirmaymiz. Bitti sizdan baland kelib, sizga yordam kerak boʻlsa, yonginangizda, quloq pardangizda boʻlib, men ham tinglab hammasini koʻrib turaman.
Monteg avval oʻng, keyin chap oyogʻi yana harakat qila boshlaganini sezdi.
— Meni yolgʻiz qoʻymang, doʻstim, — dedi zoʻrgʻa.
Mexanik it inida koʻrinmasdi. Oq rangga suvab oʻt oʻchirish stansiyasi binosini jimjitlik chulgʻagan edi. Toʻq-sariq Samandar qornini kerosinga toʻldirib mudrar, ikki biqinida koʻndalang qilib oʻrnatilgan oʻtsocharlar dam olardi. Monteg asta qadam tashlab oʻtib, qoʻli bilan bronza xodaga osilib, boʻsh yotgan mexanik hayvonning inidan koʻzini uzmay yuqoriga qorongʻilikka uchib chiqib ketdi. Yuragi goh jim boʻlib qolar, goh yana gupillab urib ketardi. Faber kulrang tungi kapalak singari qulogʻida birmuncha vaqt jimib qoldi.
Yuqoridagi maydonchada tuynukka orqasiny oʻgirib, goʻyo hech kimni kutmayotgandek Bitti turardi.
— Qaranglar, — dedi u qarta oʻynayotgan oʻt oʻchiruvchilarga murojaat qilib, — dunyodagi hamma tillarda ahmoq deb ataladigan alomat nusxa kyolyapti.
U qayrilib ham qaramay, indamay soliq talab qilganday kaftini ochib, qoʻlini uzatdi. Monteg uning kaftiga kitobni qoʻydi. Bitti kitobning muqovasiga ham qaramay, axlat kajavaga uloqtirdi-da, sigareta olib chekdi.
— “Jindak aqli boʻlgan odam katta ahmoqdir”. Xush kelibsiz, Monteg. Issigʻingiz tushib sogʻaygan boʻlsangiz, biz bilan navbatchilik qilishga qolasiz, deb umid qilaman. Poker oʻynaymizmi?
Ular stolga oʻtirishdi. Qarta suzildi. Bittining huzurida Monteg qoʻllarining aybli ish qilib qoʻyganini qattiq his qildi. Uning barmoklari shumlik qilib qoʻygan sassiqkuzanlar kabi bir daqiqa ham jim turmay, u yoqdan-bu yoqqa borib-kelib turardi. Ular goh asabiylashib qimirlar, goh nimagadir yopishar, goh Bittining oqish spirtli yolqin kabi qarashidan yashirinib choʻntaklariga suqilishardi. Brandmeyster ularga puf desa, qoʻllari qurib, tirishib qoladiganday, ularni hech qachon hayotga qaytarib boʻlmaydiganday, ular bir umr kurtkasining yengiga koʻmib tashlanadiganday tuyulardi Montegga. Chunki bu qoʻllari Montegdan mustaqil, oʻz irodasi bilan yashash va harakat qilishga jurʼat etgan, ularda birinchi marta uning ongi namoyon boʻlib, uning kitoblarini changallab olib, Iov, Ruf yoki Shekspirni oʻzi bilan olib qochish kabi yashirin maqsadi amalga oshgan edi. Bu yerda, oʻt oʻchiruvchilar stansiyasida ular jinoyatchining qonga belangan qoʻllariga oʻxshardi.
Yarim soat ichida Monteg ikki marta oʻrnidan turib, qoʻlini yuvish uchun hojatxonaga chiqdi. Qaytib kelib qoʻllarini stol ostiga yashirardi.
Bitti kulib yubordi:
— Qani qoʻllaringizni koʻrinadigan joyga qoʻying-chi. Aks holda sizdan shubhalanishimiz mumkin, har holda…
Hamma xoxolab kuldi.
—Mayli, — dedi Bitti,— xatar oʻtdi, hammasi joyiga tushdi. Ot aylanib qozigʻini toldi. Oʻz vaqtida hammamiz ham yanglishganmiz. Haqiqat haqiqatligicha qoladi, deb jar solardik: olijanob fikrda yurgan odamlar yolgʻiz boʻlishmoqda, deb oʻzimizni ishontirardik. “Eh, jonli ohangdoshlikda jo-bajo boʻlgan donolik” degan ekan ser Filip Sidney. Boshqa tomondan esa Aleksandr Pop aytganidyok, “Soʻzlar barglarga oʻxshaydi, ular zich boʻlgan joyda esa yaproq ostida panoh topishi qiyin”. Bu haqda fikringiz qanday, Monteg?
— Bilmayman.
— Ehtiyot boʻling, — shivirladi Faber uzoq-uzoqdan.
— Yoki mana bu: “Kam bilmoq xavflidir: uni unutmasdan qadahni limmo-lim toʻldir. Undan bir hoʻplam ichib mast boʻlasan, oq qilib ich, yana tiniq aqlingni topasan”. Bu ham Pop, oʻsha “Tajribalar”idan.
Buni sizga qoʻllasa boʻlar deyman-a, Monteg? Bunga nima deysiz?
Monteg lablaryni tishladi.
— Hozir tushuntirib beraman, — dedi kulib Bitti qartalarga qararkan, — siz ham birinchi qultumdan keyin mast boʻlib qoldingiz. Bir necha satrni oʻqiganingizdan keyin boshingiz aylanib ketdi. Dunyoni portlatib yuborishga, ayollar va bolalarning boshini olib oyoqlaringiz bilan toptashga, moʻtabar odamlarni tuproqqa qorishga shaysiz. Men buni bilaman, oʻz boshimdan kechirganman.
— Yuq, men hech narsani … — javob berdi Monteg gangib.
— Qizarmang, Monteg. Rostim, ustingizdan kulayotganim yoʻq. Bir soat ilgari tush qoʻribman deng. Yotib dam olmoqchi edim, tush koʻribman, kitoblar haqida siz bilan qattiq tortishib qolgan emishmiz. Siz dargʻazab boʻlib iqtiboslarni yogʻdirar emishsiz, men boʻlsam bamayli xotir har bir hujumingizni qaytarar emishman. “Hukmronlik” deyman men, siz boʻlsangiz doktor Jonsondan misol keltirib javob berasiz: “Bilim hokimiyatdan kuchli”. Men boʻlsam, oʻsha Jonson, boʻtam, shunday degan: “Aniqlikni mavhumlikka almashtirmoqchi boʻlgan telbadir”. Oʻt oʻchiruvchilarning etagidan mahkam tuting, Monteg. Qolgan hammasi — mudhish, tubsiz chuqurlikdir!
— Gaplariga quloq solmang, — shivirladi Faber, — u sizni adashtirmoqchi. U ilon kabi qabih, ehtiyot boʻling!
Bitti mamnunlik bilan kuldi:
— Bunga siz: “Haqiqat ertami-kechmi, yuzaga chiqadi. Qotillik uzoq ochilmay qolmaydi”, dedingiz. Men: “Otdan tushsa ham egardan tushmaydi!” dedim. Yana bunday dedim: “Shayton ham baʼzan muqaddas yozuvlardan dalil keltira oladi”. Siz esa menga javoban qichqirdingiz: “Bu zamon” ye, toʻnim, “zamoni!” Shunda men qulogʻingizga asta shivirladim: “Haqiqat bu qadar qattiq himoyaga muhtojmi?” Siz yana baqirdingiz: “Qotil shu yerda — murdalarning yaralari yana ochilib qon otilib yotibdi!” Qoʻlingizni siltab turib javob berdim: “Nahotki, sizda shunchalik ochkoʻzlik uygʻotgan boʻlsam?” Siz, “Kuch — bilimda! Mitti ham darozning yelkasiga chiqib olib, undan ham uzoqroqni koʻradi!” deb boʻsh kelmaysiz. Men boʻlsam oʻta xotirjamlik bilan bahsimizni quyidagi soʻzlar bilan yakunladim: “Istiorani isbot deb, kulgili soʻzlar oqimini haqiqat manbai, oʻzingni esa folbin deb hisoblash hammamizga xos adashishdir”. Bir paytlar mister Pol Valeri shunday degan ekan.
Montegning boshi loʻqillab ogʻrirdi. Ayamasdan boshiga, koʻzlariga, yuziga, yelkalariga, majolsiz koʻtarilgan qoʻllariga urishayotganday tuyulardi. “Yoʻq! Boshqa gapirmang! Hammasini yanglishtirib yubormoqchisiz. Bas qiling!” deb qichqirgisi kelardi. .
Bitti ingichka, titroq barmoqlari bilan Montegning qoʻlidan tutdi.
— Voy-boʻ, tomir urishingiz koʻtarilib ketibdi-ku. Juda jigʻingizga tegibmanda-a? U xuddi urushning ertasi kunidek sakrab ketyapti. Karnaylaru, qoʻngʻiroqning jaranglashi yetmay turibdi, xolos. Yana gaplashamizmi? Ha, jonli qiyofangiz menga xush kelyapti. Qanday tilda nutq soʻzlay? Suaxili, hindiy, ingliz adabiy tilimi — baribir, hammasida gapiraveraman. Ammo bu kar odam bilan suhbatga oʻxshaydi. Shunday emasmi, mister Villi Shekspir?
— Uzingizni tuting, Monteg, — uning qulogʻiga pichirladi mayda chivin, — suvni loyqalatyapti!
— Oʻh-hoʻ, juda qoʻrqib ketibsiz-ku, — davom etdi Bitti, — men haqiqatan ham sizga nisbatan shafqatsizlik qildim — siz yopishib olgan kitoblardan oʻzingizga qarshi foydalandim, har bir soʻzingiz, har bir qadamingizda sizni rad etmoq niyatida foydalandim. Eh-he, kitoblar shunday xoinki! Siz meni quvvatlashadi, deb oʻylasangiz kerak, ular esa oʻzingizga qarshi boʻlib qoladi. Faqat siz emas, boshqa birov ham kitobni ishga solishi mumkin. Siz botqoqqa botib, ega kesim, aniqlovchilarni chigallashtirib, yanglishib ketdingiz. Tushim shu bilan tugadiki, men siznikiga Samandarda yetib borib: “Bizning yoʻlimiz boshqa-boshqami?” deb soʻradim. Siz mashinaga chiqib oʻtirdingiz, sukut saqlab orqaga oʻt oʻchirish stansiyasiga gʻizillab qaytdik; bahsimiz barham topib, oramizdan hech narsa oʻgmagandek yana ahil boʻlib qoldik.
Bitti Montegning qoʻlini qoʻyib yubordi, qoʻl shilq etib stolga tushdi.
— Hammasi yaxshilik bilan tugayotgani durust. Jimlik. Monteg oppoq tosh haykalga oʻxshab oʻtirar, unga soʻnggi marta kelib urilgan zarbalarning aks-sadosi miyasining chuqur, qorongʻi ungurlarida asta-sekin soʻnib borardi. Faber ular butunlay soʻnib toʻxtaguncha kutib turdi. Montegning ongida koʻtarilgan chang-toʻzonlari choʻkkandan keyingina Faber past ovozda gap boshladi:
— Yaxshi, koʻnglidagi hamma gapni aytdi. Hammasini eshitdingiz. Yaqin soatlarda men gapira boshlayman. Mening gaplarimni ham eshitishingizga toʻgʻri keladi. Soʻngra, hammasini aniqlab oling-da, kim bilan ekanligingizni hal qiling. Ammo men buni oʻzingiz hal qilishingizni, bu mening ham brandmeyster Bittiniki ham emas, oʻzingizning qaroringiz boʻlishi kerak, deb hisoblayman. Faqat bir narsani — brandmeyster haqiqat va ozodlikning eng xavfli dushmani ekanligini, koʻpchiligimizning toʻpori va loqaydlar toʻdasiga kirishimizni unutmang. Oh, bu koʻpchilikning dahshatli zulmi! Biz Bitti bilan har xil odamlarmiz. Kimga quloq solishingiz oʻzingizga bogʻliq.
Monteg Faberga javob berish uchun ogʻiz juftlagan ediki, oʻt oʻchirish qoʻngʻirogʻining jarang-jurungi bu kechirib boʻlmas xatosini oʻz vaqtida toʻxtatib qoldi. Oʻt oʻchirish signalining rupori shiftning ostida guvillab turardi. Xonaning narigi tomonida manzilni yozib olayotgan telefon apparati taqir-taqir qilardi. Brandmeyster Bitti qartalarni qip-qizil qoʻlidan qoʻymay joʻrttaga sekin yurib, apparatga yaqinlashdi va qogʻoz lentani yirtib oldi. Manzilga ijirgʻanib qarab, choʻntagiga soldi-da, yana stol yoniga qaytib oʻtirdi, Hamma ajablanib unga qaradi. Sizlarni yutishim uchun kerak boʻlgan vaqt, yana qirq soniya kutib turish mumkin, - xursand kayfiyatda dedi Bitti.
Monteg qartalarni stol ustiga qoʻydi.
— Charchadingizmi, Monteg? Oʻyindan chiqmoqchimisiz?
— Ha.
— Yoʻg-ye! Ruhingizni tushirmang! Darvoqe, bu koʻlni keyin tugatsak ham boʻladi. Qartalaringizni teskari qilib stolga qoʻying, qaytib oxiriga yetkazamiz. Endi otlaninglar! Tezroq! — Bitti oʻrnidan turdi. — Monteg, avzoyingiz menga yoqmayapti. Yana kasal boʻlish xohishingiz yoʻqmi?
— Yoʻq, sogʻ-salomatman, boraman.
— Ha, siz borishingiz kerak. Bu antiqa tasodif. Qani, ketdik! Ular pastdan otilib turgan toʻlqinlardan goʻyo ularni qutqaruvchi yagona mis xodadek qoʻllari bilan unga mahkam chirmashib toʻynukdan pastga qarab sakradilar; Ammo xoda — benzin quyilgan ajdaho uygʻonib, pishqirib, irillab, oʻqchib turgan girdob qaʼriga tashladi ularni:
— E-ey!
Gumburlab va oʻkirib muyulishga qayrilganda tormozlar gʻijirlab, shinalar chiyillab ketdi. Samandarning yaltiroq mis qornidagi kerosin bahaybat maxluqning ichidagi ovqat kabi chayqaldi. Montegning barmoqlari yaltiragan tutqichlar ustida sakrar, shamol sochini yulqar, tishlari orasida hushtak chalardi. Monteg mudom mehmonxonasidagi ayollar haqida xayol soʻrar, neon shamoli ulardan soʻnggi aql donachalarini uchirib yuborgan kuch ayollarni va oʻzining ularga kitob oʻqib berish haqidagi buhuda, ahmoqona oʻy-niyati haqida oʻylardi. Bu suv toʻpponchasi bilan oʻtni oʻchirishga unnashday bir gap edi. Xom xayol, jinnilik!
Quturganlikning tutqanoq tutishi, u yenga olmagan gʻazabning yana bir portlashi. Oʻzidagi bu aqlsizlikni qachon yengib, xotirjam boʻlarkin?
— Olgʻa, olgʻa!
Monteg tutqichlardan koʻzini oldi. Odatda Bitti hech qachon rulga oʻtirmas edi, bugun esa haydovchining oʻrindigʻidan oldinga engashib, muyulishlarda keskin qayrilib mashinani oʻzi haydab borar, qalin qora makintoshining etaklari shamolda hilpirar, mashina uzra shamolga koʻkragini tutib uchib borayotgan bahaybat koʻrshapalakka oʻxshardi.
— Dunyoni baxtli qilish uchun olgʻa, olgʻa! Shundaymi, Monteg? Bittining qizgʻish, fosforlashayotgan yuzi qorongʻida yiltillab, allaqanday gʻazabnoq iljayardi.
— Mana, yetib ham keldik!
Samandar zarb bilan toʻxtadi. Odamlar qoʻpollik bilan undan sakrab tushishdi. Monteg yalligʻlangan koʻzlarini yaltirab turgan, sovuq barmoqlari changallab olgan tutqichlardan uzmay turardi.
“Mun bunday qilolmayman, — oʻylardi u, — bu topshiriqni qanday qilib bajaraman, qanday qilib yana yondiraman? Men bu uyga kira olmayman”.
Ular hozirgina gʻuvillab kelgan, shamol hidi anqib turgan Bitti yonginasida paydo boʻldi. — Qani, Monteg!
Oʻt oʻchiruvchilar besoʻnaqay etiklarida mayib-majruhlarga oʻxshab, oʻrgimchaklar kabi ovoz chiqarmasdan turli tomonga chopib ketishdi.
Nihoyat, Monteg tutqichlardan koʻzini olib orqasiga qayrildi. Bitti uni kuzatib turardi.
— Sizga nima boʻldi, Monteg?
— Bu nimasi? — hayron boʻlib soʻradi Monteg. — Biz axir mening uyim oldida toʻxtadik-ku!