Rey Bredberi. Raketa
Loyihani qo'llab quvvatlash uchub buyerga bosing
1
Anchadan beri Fiorello Bodoni zim-ziyo samoga parvoz qilgan raketalar ovozidan kechalarini bedor oʻtkazadi. Shirin tushlar ogʻushida yotgan sevimli rafiqasini uygʻotmay, sekin tashqariga chiqadi-yu bir necha soniyaga boʻlsa ham, daryo boʻyidagi kichik uydan taralayotgan ovqat hididan ozod boʻlgisi keladi. Shu bir lahzalik sukutda u oʻzini erkin qoʻyib, fazoga koʻtarilishni, raketalarga ergashishni juda-juda xohlaydi.
Hozir ham bir muddat havodagi uchqunlarni tomosha qilgancha serrayib turib qoldi. Ana, raketalarning biri Marsga, biri Veneraga, yana biri esa Saturn tomonga qarab yoʻl olmoqda.
– Ha, Bodoni, nima gap?
Bu ovozdan uning xayollari boʻlindi. Sutdek oppoq kechada sokin daryo boʻyida bir chol ham raketalarni tomosha qilib oʻtirardi.
– Bramante, sizmisiz?
– Har tunda tashqariga chiqasan-a, Bodoni, – chol boshini qimirlatib soʻradi.
– Ha, faqat toza havo uchun.
– Shunaqami? Men esa raketalarni oʻzimdan ham ortiq koʻraman, – deya soʻzlay ketdi Bramante. – Bu ishtiyoq bolaligimda boshlangan, sakson yil oldin. U paytda hali bir yoshga ham toʻlmagandim.
– Men baribir koinotga uchaman, – Bodoni xayolidagini dangal aytdi-qoʻydi.
– Yoʻq, – keskin inkor qildi chol. – Sen hech qachon ucholmaysan. Bu – boylarning dunyosi. – U oʻychan qiyofada davom etdi: – Bolaligimda olovli shiorlarni koʻrganman: “Kelajak dunyosi! Fan, qulaylik va hammasi uchun yangi imkoniyatlar!” Ha, sakson yil-a! Kelajak esa endi boshlanyapti. Biz raketada uchamizmi? Yoʻq, biz ham ota-bobolarimizga oʻxshab, kulbalarda yashab oʻtib ketamiz.
– Balki oʻgʻillarim uchar, – dedi Bodoni shashtidan tushgisi kelmay.
– Buning ham iloji yoʻq! Bu faqat puldorlarning orzusi.
Bodoni oʻyga choʻmdi:
– Olti yil ichida uchishga asqotar deb, 3000 dollar yigʻib qoʻygandim. Bir oydan beri tinchim yoʻq. Bugun esa qarorim qatʼiy. Biz, albatta, Marsga uchamiz!
– Tentak! – kinoyali kuldi Bramante. – Kim uchadi? Senmi? Agar ketsang, xotining seni yomon koʻrib qoladi. Oilangdan ajrab qolasan. Xotining bu yoqda ich-etini yeb oʻtishini xohlaysanmi?
– Yoʻq, yoʻq!
– Bolalaring-chi? Ularning xotirasida Marsga uchib ketgan ota muhrlanib qolmaydimi? Qanday bemaʼni orzu. Farzandlaring butun umr raketani oʻylab yurishadi, tunlari uxlasholmaydi. Ularni ham oʻzingga oʻxshab notinch qilmoqchimisan? Ogohlantirib qoʻyay, bu maqsadingdan qayt. Ularga kambagʻalligingni bildirib qoʻyma. Osmondagi yulduzlarga qarab orzu qilishdan koʻra, hayotga real boqishni oʻrgan.
– Lekin…
– Faraz qil, oʻrningga xotining uchdi. Oʻzingni qanday his qilasan? Goʻyoki u hamma narsani koʻrdiyu sen esa yoʻq. Bu senga yoqadimi? Yoʻq, Bodoni. Yaxshisi, oʻzingga kerakli boʻlgan mashinani sotib ol va orzularingni kasbing bilan bogʻlab, tirikchiligingni qilaver.
Chol jimib qoldi. Chamasi, u raketani oʻylab, sokin daryoga orzulari bilan gʻarq boʻldi.
– Xayrli tun, – jimlikni Bodonining ovozi buzdi.
– Yaxshi yotib tur, – dedi ikkinchi ovoz.
2
Kumush rangli toster (non qotiradigan mexanizm)da chiyillayotgan ikki boʻlak non Bodonini uxlashga qoʻymasdi. Oʻzi shundogʻam kechasi bilan mijja qoqqani yoʻq. Bu ham yetmagandek, bolalari uyni boshiga koʻtarayozdi. Hammayoq qiy-chuv. Ota nigohini bir nuqtaga qadagancha cholning gaplarini esladi. U toʻgʻri aytgandi: samoga uchib nima ham qilardi? Unda ter toʻkib, shuncha pulni nima uchun yigʻdi?
– Fiorello, nonushta tayyor, – rafiqasi Mariya uning xayolini boʻldi.
– Ishtaham yoʻq, – dedi Bodoni.
Bolalar yana shovqin koʻtarishdi. Uch oʻgʻil oʻyinchoq raketani talashishyapti. Ikki qiz zsa Mars, Venera va Neptunda yashovchi oʻzga sayyoraliklar – 12 barmoqli hamda uch koʻzli sariq manekenlarni tashish bilan ovora.
– Venera raketasini koʻrdim, – deya hayqirdi Paolo.
– U uchib ketdi, vu-u-ushsh! – vishilladi Antonello.
– Bolalar! – qichqirdi Bodoni quloqlarini qoʻllari bilan berkitib. Hamma jim boʻlib qoldi. Chunki ularga otasi kamdan-kam baqirardi. – Hamma eshitsin! – dedi u diqqatini jamlab. – Menda Marsga uchish uchun faqat bir kishiga yetadigan pul bor.
Hamma qiyqirib yubordi.
– Eshitdinglarmi? Faqat bir kishi uchun. Lekin kim?
– Men, men, men! – shovqin solishdi bolalar.
– Sen, – dedi Mariya eriga qarab.
– Yoʻq, sen, – javob qaytardi Bodoni.
Oraga sukunat choʻkdi. Bolalar ham jimib qolishdi.
– Lorenzo borsin, u toʻngʻichimiz.
– Balki Miriamna uchar, chunki qiz bola.
– Nimalar koʻrishingni tasavvur qilyapsanmi? – Mariyaning eriga qadalgan koʻzlari qandaydir begonadek tuyuldi va ovozi ham titrab chiqdi: – Baliqsimon meteoritlar, koinot, oy. U tomonga qaytib kela oladigan odamgina borishi kerak. Shuning uchun sen bor.
– Bemaʼnilik! Sen ham uchishing mumkin, – Bodonining ovozi keskin eshitildi. Yana oʻsha jimjitlik. – Topdim! – deya baqirib yubordi u va supurgini olib, har xil oʻlchamda choʻplar sindirdi.
– Eng kichkina choʻp kimniki boʻlsa, oʻsha boradi, – u mushti orasiga choʻplarni qoʻydi: – Tanlanglar!
Galma-galdan hamma choʻp torta boshladi:
– Uzun choʻp!
– Uzun…
– Mengayam uzun.
Bolalarning navbati tugadi. Ikkita choʻp qoldi. Bodoni yuragida yana ogʻriq sezdi.
– Endi Mariyaning navbati.
Mariya ham tortdi – kichkina choʻp.
– Eh! – xoʻrsindi Lorenzo. – Oyim Marsga boradi.
Bodoni kulishga harakat qildi:
– Tabriklaymiz! Bugun senga chipta sotib olaman.
– Shoshma, Fiorello…
– Keyingi hafta parvoz qilasan.
Mariya zoʻrma-zoʻraki kulayotgan, ammo juda ham gʻamgin qora koʻzlarga achinib ketdi. Choʻpni eriga qaytarib berdi:
– Men Marsga borolmayman.
– Nimaga?
– Farzand kutyapman.
– Nima?!
Xotini nigohini chetga oldi:
– Shu holimda sayohatga borolmayman.
Bodoni hayron qoldi:
– Rostdanmi?!
– Qurʼani qaytadan tashla.
– Nega oldinroq aytmading?
– Yodimdan koʻtarilibdi.
– Mariya, Mariya, – deya pichirladi u suyuklisining yuzini silab. Keyin bolalarga qaradi: – Qani, boshidan boshlaymiz.
Paolo darrov kichkina choʻpni tortib oldi:
– Men Marsga boraman! – xursandligidan gir aylandi. – Rahmat, dada!
Boshqalarning unga hasadi keldi:
– U yer sassiq boʻladi, Paolo.
Paolo raqsdan toʻxtab, hammaga bir-bir qarab chiqdi:
– Endi borsam boʻladimi?
– Ha.
– Qaytib kelganimda ham meni yaxshi koʻrasizlarmi?
– Albatta.
Paolo qoʻlidagi choʻpga achinish bilan tikildi. Keyin boshini sarak-sarak qilib, choʻpni uloqtirdi:
– Yoʻq, borolmayman. Maktab boshlanyapti. Qayta tortinglar.
Biroq hech kim tortmadi. Yana sukunat oʻz hukmini oʻtkaza boshladi.
– Demak, hech kim bormaydi, – dedi Lorenzo.
– Qanday yaxshi! – jilmaydi Mariya.
Bodoni esa oʻyga toldi:
– Bramante toʻgʻri aytibdi.
3
Nonushta sovib qolibdi. Fiorello Bodoni oʻz ustaxonasida ish bilan mashgʻul: metalni kesib, eritar va maxsus idishlarga quyardi. Asbobu uskunalar anchadan beri ishlatilmagani uchun eskirgan. Ustaga yangilari darkor edi.
Tushga yaqin bir kishi ustaxonaga kirib keldi:
– Hoy, Bodoni! Senga bir metall obkeldim.
– Nima ekan, janob Metyus?
– Raketa kemasi. Nima, senga kerakmasmidi?
– Yoʻq, kerak. – Bodoni u bilan qoʻl berib soʻrashdi.
– Albatta, bu bir koʻchirma xolos, – dedi Metyus. – Raketa rejasi tuzilayotganda uni oldin alyuminiydan yasab olishadi-ku. Uni eritsang, ancha-muncha foyda qilishing mumkin. Narxiga 2000 dollar bersang boʻladi.
Bodoni qoʻl siltadi:
– Menda pul yoʻq.
– Kechirasan, puling bor deb oʻylagandim. Adashmasam, bu haqda sen bilan gaplashgandik.
– Menga yangi jihoz kerak. Shuning uchun pul yigʻib qoʻyganman.
– Xoʻsh, xoʻsh…
– Agar raketangizni sotib olsam, uni eritish uchun pul yetmay qoladi. Chunki alyuminiy erituvchi dastgohim oʻtgan hafta buzilib qoldi.
– Rostdanmi?..
– Shunday ekan, uni sotib olishdan ham foyda yoʻq.
– Tushunarli.
Bodoni koʻzlarini yumdi-yu, yana oʻsha orzulariga roʻbaroʻ keldi. Koʻzini ochib, janob Metyusga mugʻombirona qaradi:
– Hazillashdim. Bankdan pulimni olib, sizga beraman.
– Lekin raketani eritolmasang…
– Olib keling, – gapni qisqa qildi Bodoni.
– Mayli. Sen nima desang, shu. Bugun kechqurun boʻladimi?
– Bugunmi? Ha, mayli. Raketali boʻlishni juda-juda xohlayman.
4
Oymoma yorugʻida kumush rangli raketa viqor bilan tik turibdi. Bodoni ancha vaqtgacha undan koʻzini uzmadi. Termulgani sari shu matohga mehri ortaverdi. Nihoyat, uni erkalamoqchi boʻlib, mahkam quchib oldi. Ichidagi bor dardini aytmoqchidek mungli nigoh tashladi.
– Sen endi menikisan, – dedi gʻamgin ohangda. – Garchi oʻt olib, ucholmasang-da, 50 yil oʻtib, zanglab ketsang ham, sen menikisan.
U jonsiz raketadan sado chiqmasa-da, eshikni ochib, ichkariga kirarkan, yuziga nim tabassum yugurdi:
– Bugun sen bilan tunayman.
Shunday deb, uchuvchilar oʻrindigʻiga oʻtirdi. Tutqichni ushlab, koʻzlarini yumdiyu ogʻzini ochmay gʻoʻngʻillay boshladi. Gʻoʻngʻillash kuchayib borgani sari barcha alamlari ichidan chiqib ketayotganday boʻldi. Oxiri titrab ketdi. Kema bir silkindi. Bodoni oldinga otilib tushdi. Hamma yoq jim-jitmidi yo quloqlari eshitmay qoldimi, buni oʻzi ham anglolmadi. Koʻzlari chaqnab, nafas olishi qiyinlashdi. U yana gʻoʻngʻillashda davom etdi. Bu safar tovushi juda asabiy eshitildi.
– Qani, uch! – nihoyat u chinqirib yubordi.
Qayerdadir chaqmoq chaqqanday boʻldi, yermi yoki kemami, qattiq silkindi.
– Ana, Oy! Meteorit! – uning koʻz oldi qorongʻilashdi. Yana sukunat, tagʻin oʻsha alamli hayqiriq keldi: – Mars! Ha, bu Mars!..
U oʻlardek charchadi, kallasi ogʻirlashdi. Bemajolgina oʻrindiqqa oʻtirdi. Qimirlashga holi yoʻq. Shu taxlitda picha oʻtirgach, asta koʻzini ochdi. Ne koʻz bilan koʻrsinki, oʻzi hali ham raketa qarshisida qoqqan qoziqdek tik turibdi. Yonidagi mayda metallarga bir qur razm soldi. Shu payt oʻzini oʻzi yomon koʻrib ketdi. Qoni qaynab, duch kelgan narsani tepa boshladi:
– Uch dedim, haromi!
Kema esa jim.
– Senga koʻrsatib qoʻyaman hali, – baqirib yubordi Bodoni…
Osmonda yulduzlar miltirardi, atrof sokin. Oymoma tarqatayotgan shuʼla esa butun zaminni oydinlikka burkayotgandek edi goʻyo.
Holsizlangan Bodoni ustaxonasidagi mashina motorining chiyildoq tovushidan oʻziga keldi. Hovli ham kunduzgiday yop-yorugʻ, raketa kumush rangda tovlanardi. Uyidan taralib turgan chiroq nuri Bodoniniig jigʻiga tegdi. Yana alamidan baqirdi:
– Uchishni oʻrgataman senga!
U nur tushib turgan uyi tomon asabiylashib qadam tashladi. Yurgani sari negadir kulgisi qistardi. Uyning orqa eshigi oldiga yetganda oʻzini bosib, chuqur xoʻrsindi va xotinini chaqirdi:
– Mariya, narsalaringni yigʻishtir, Marsga ketamiz!
Ichkaridan hayrat toʻla ovozlar kela boshladi:
– Nima?!
– Yoʻgʻ-e?!
– Rostdanmi?!
Hamma uzun-qisqa boʻlib, hovliga yigʻildi. Ular qarshisida turgan raketaga mahliyo boʻlib qolishgandi. Sekin-asta raketaning maketligi ayon boʻldi. Mariya Bodoniga yuzlandi:
– Nima qilib qoʻyding? Pullarimizni shunga sovurdingmi? U axir uchmaydi-ku!
– Uchadi, – dedi Bodoni qatʼiy turib.
– Kema falon pul turadi. Senda shuncha pul bormi?
– Biz mana shu raketada uchamiz. Endi hamma uyga. Bir-ikki joyga qoʻngʻiroq qilishim kerak. Ertaga joʻnaymiz. Faqat hech kimga aytmanglar, bu sir. Tushunarlimi?
Bolalar raketadan uzoqlashishni istamagandek uyga kirib ketishdi. Otasi derazadan moʻralab turgan umidvor chehralarni koʻrib, koʻngli boʻshab ketdi. Mariya esa joyidan qimirlamay:
– Sen oilamizni barbod qilmoqchisan, – dedi. – Pullarimiz shu arzimagan temir-tersak uchun yigʻilganmidi?!
– Menga ishon.
Mariya indamay ters burilib ketdi.
– Ey Xudo, oʻzing qoʻlla! – Bodoni shunday deb ishga kirishdi.
5
Yarim tun deganda yuk mashinalari yetib keldi, yuklar tushirildi. Hisob-kitoblardan charchagan Bodoni bir jilmayib, yana ishga bel bogʻladi. Nimalarnidir qirqdi, yopishtirdi, iloji boricha shovqin koʻtarmaslikka urindi. Nihoyat raketaga toʻqqizta eski avtomobil motorini qoʻydi va yashirin mehnati bilinib qolmasligi uchun u yerni yopib tashladi.
Tongga yaqin oshxonaga xursand kayfiyatda kirib keldi:
– Mariya, nonushta tayyormi?
Xotini indamadi…
Kech kirgach, endigina uyqudan turgan Bodoni bolalarini chaqirdi:
– Bolalar, vaqt boʻldi, ketamiz!
Hech qanday sado chiqmadi.
– Ularni shkafga qamab qoʻydim, – dedi Mariya.
– Nimalar deyapsan?!
– Sen bu raketangda ularni oʻldirmoqchisan. Arzimagan 2000 dollar uchun qanday raketa sotib olish mumkin?! Faqat eng yomonini.
– Menga qara, Mariya, – Bodoni vaziyatni tushuntirmoqchi boʻldi.
– Buning portlab ketadi! Qolaversa, sen uchuvchi ham emassan.
– Buning ahamiyati yoʻq, – erning jahli chiqdi. – Men bu kemada ucha olaman. Chunki uni tuzatdim.
– Aqldan ozibsan, – Mariya boshqa qarshilik qilolmadi.
– Shkafning kaliti qayerda?
– Mana, – deya xotini qoʻlidagi kalitni koʻrsatdi.
Bodoni kalitni oldi.
– Ularni oʻldirasan! – ojiz ovoz keldi uning ortidan.
– Yoʻq!
– Ha, buni sezib turibman!
Bodoni rafiqasining qarshisiga keldi:
– Sen ham biz bilan ketasan.
– Yoʻq, men shu yerda qolaman.
– Mayli, keyin hammasini tushunib olasan.
U sevgilisiga qarab, bir jilmaydi-da, borib shkafni ochdi.
– Qani, bolalar! Dadangiz bilan boringlar!
– Xayr, oyi. Koʻrishguncha! – deya javob qaytarishdi bolalar.
Mariya esa ularni oshxona derazasidan turib, kuzatib qoldi.
Raketa eshigi oldiga yetishgach, ota farzandlariga yuzlandi:
– Bolalarim, bu tezkor raketa, faqat qisqa vaqtgagina ucha oladi. U yoqdan qaytgach, sizlar maktabga, men esa oʻz ishimga ketaman, – asta eshikni ochdiyu bir nima esdan chiqqanday yana moʻltiragan koʻzlarga qaradi: – Yana bir martalik safarga yaraydi, xolos. Boshqa ucholmaydi. Bu hayotingizdagi birinchi va soʻnggi sayohat boʻladi. Shuning uchun koʻzlaringizni kattaroq ochinglar.
– Xoʻp, dada!
– Vujudingiz quloqqa aylansin. Raketa isini hidlanglar. His qiling va eslab qoling. Keyin nimalar boʻlganini aytib berasizlar.
– Xoʻp boʻladi! – hamma birvarakayiga javob berdi.
Kema ichi toʻxtab qolgan soatdek jim-jit edi. “Jajji uchuvchilar” xavfsizlik kamarlarini taqishgach, havo probkasining pishillagan ovozi eshitildi.
– Hamma tayyormi?
– Tayyor!!!
– Unda ketdik!
Bodoni barcha tugmalarni harakatga keltirdi. Raketa oʻt olib, qattiq silkindi. Bolalar oʻzlarida yoʻq xursand. Belidan charm xaltaga solingan kichkina “uchuvchilar” oʻtirgan joyida raqsga tusha ketishdi. Birozdan soʻng esa qiy-chuv qilishga tushishdi:
– Biz uchyapmiz! Qara, uchyapmiz!
– Ana, oymoma koʻrindi! Haqiqatan, oy koʻrindi, uchib yurgan meteoritlar paydo boʻldi.
Bolalar toqat qilolmay, raketa darchasidan fazoga boqishdi:
– Ana, Yer! Ana, Mars!
Bodoni siferblat yordamida tashqarida olov hosil qildi. Shu payt “mitti fazogirlar” xuddi pilla ichidagi kapalakka oʻxshab, havoda muallaq qolishdi.
– Yaxshi, – pichirladi Bodoni.
U kuzatuv xonasida turib, uzoq vaqt bolakaylarni tomosha qildi. Keyin havo probkasining eshigi yoniga keldi. Eshikni ochib, hovliga chiqib ketmoqchi boʻldi. Lekin oʻylab qoldi: shirin orzularini yoʻqqa chiqarsinmi? Xursandchilikning beliga tepsinmi? Yoʻq. Bodonining yuziga tabassum yugurdi. Bularning bari ustaxona oʻrtasidagi uydirma-ku! Hech narsasi oʻzgarmagan – oʻsha ustaxona, oʻsha darvoza, daryo boʻyidagi oʻsha kichkina uy, chirogʻi yoniq oshxona. Daryo ham odatdagi dengiziga quyilib turibdi. Hammasi oʻsha-oʻsha.
Birdan uning koʻzi Mariyaga tushdi. Oshxona derazasidan ularni kuzatib turardi. U suyukli rafiqasiga qarab, qoʻl silkidi. Mariya buni yo koʻrdi, yo koʻrmadi. Balki u ham qoʻlini koʻtargandir, jilmayib ham qoʻygandir.
Quyosh jilmayib chiqqan paytda Bodoni kema markaziga qaytdi. Jimjitlik – hamma uxlab qolibdi. U ogʻir tin oldi. Oʻrindiqqa oʻtirib, belidan kamar oʻtkazdi va sekin koʻzlarini yumdi. Ichida chin dildan duo qildi: “Iloyim, shu olti kun ichida kashfiyotimga putur yetmasin. Fazo harakatda boʻlsin, Mars va uning yoʻldoshlari ham aylanaversin. Bu rangin dunyoning aybi ochilib qolmasin. Uchala tomon ham omon boʻlsin. Yashirin koʻzgu va ekranlar siri fosh boʻlmasin. Fazo vaqti bilan shu olti kun tezroq oʻtsin”…
U koʻzini ochdi. Qizil Mars kemaga yaqinlashib qolibdi. Bolalar shovqin koʻtarishdi. Ota Marsga yaqinroqdan nazar soldi. Hech qanday nuqson sezmagach, koʻngli taskin topdi.
“Yettinchi kuni” kechga yaqin raketa silkinishdan toʻxtadi.
– Uyga keldik! – dedi Bodoni.
Bolalar eshikdan otilib chiqib, oshxona tomon yugurib ketishdi. Dunyoda ulardan baxtli inson yoʻq edi. Balki ular haqiqatni bilishgandir. Ehtimol dadasining “sehrli sayohat”ini payqashgandir. Agar shunday boʻlsa ham, endi hech narsa deyishmaydi. Ularning boshi osmonda.
– Sizlarga ovqat tayyorlab turibman, – deya Mariya ularga peshvoz chiqdi.
– Oyi, oyi, siz ham borishingiz kerak! Marsni, meteoritni, hamma narsani koʻrardingiz.
– Xoʻp, xoʻp.
Yotar paytda uch oʻgʻil va ikki qiz mehribon otasining qoshiga toʻplanishdi.
– Dada, biz sizga rahmat aytmoqchimiz.
– Hechqisi yoʻq. Arzimaydi.
– Biz buni hech qachon unutmaymiz. Hech qachon!
6
Tun yarmidan ogʻganda Bodoni asta koʻzlarini ochdi. Oʻziga anchadan beri tikilib turgan nigohni sezgandi. Uzoq vaqt bir-biriga termulib yotishgach, oxiri Mariya uning yuzi va peshonasidan oʻpdi.
– Bu nima uchun? – soʻradi Bodoni shivirlab.
– Sen dunyodagi eng yaxshi otasan.
– Nima uchun?
– Buni oʻzim koʻrdim.
– Tushunarli.
Mariya yonboshlab yotdi va erining qoʻllarini ushlagancha koʻzlarini yumdi:
– Bu sayohat senga yoqdimi?
– Ha.
– Balki meni ham biror kun olib chiqarsan. Nima deding?
– Oʻylab koʻramiz.
– Rahmat. Yaxshi tushlar koʻr.
– Sen ham yaxshi dam ol, – dedi Fiorello Bodoni sokin tin olib.
Ingliz tilidan Bobur NABI tarjimasi
“Yoshlik” jurnali, 2014-yil, 6-son