Said Ahmad. Bir siqim xandon pista
Loyihani qo'llab quvvatlash uchub buyerga bosing
Iskameyka uzra oʻltirsa nechalar rohat qilib,
Kavshimiz loyi bilan biz ustida yotmogʻimiz.
Tavallo
Erkakdir, ayoldir, yoshi bir joyga borganda boladan chiqib qolarkan. Qimizxon bilan Usmonjon ham xuddi shunaqalardan edi. Ularning bolalari uyli-joyli boʻlib ketishgan. Kelinlari bilan til topisholmay roʻzgʻorini boʻlak qilib qoʻyishgan.
Qimizxon har dam olish kuni nevaralarini qanchalik orziqib kutsa, ketishlarini ham shundoq besabrlik bilan kutardi.
Bola degan u-buga tegmasa, idish sindirmasa, bola boʻladimi! Ular shkaf tepasiga chiqib polga sakrashganda javondagi idish-tovoqlar jarang-jurung kilib ketadi. Ostonaga tashlab qoʻyilgan hoʻl lattaga oyoq surtmay uyga kirishadi. Kechgacha koʻchaning yarim tuprogʻi uyga kiradi.
Nevaralar eslarini tanib olgunlaricha ana shunaqa edilar. Endi ularning ovozlari doʻrillab, yuzlariga husnbuzar toshgan, kaftlariga tuflab toshoyna oldida sochlarini silashadi.
Qimizxonning eri Usmonjon qoʻydek yovvosh odam. Gap soʻramasang, kechgacha undan sado chiqmaydi. Qimizxonni ozoda deyish ham kam, juda ozoda deyish ham toʻgʻri kelmaydi. Uni “sapsem” ozoda, yaʼni gʻirt ozoda, desa toʻgʻri boʻladi. Uning uylari yogʻ tushsa yalagudek. Yostiq jildlari, koʻrpa gʻiloflari ohorlab dazmollangan. Usmonjonning taʼbiri bilan aytganda, bu uy-joy emas, balnisa.
Usmonjon otpuskaga chiqqan. Ishxonadagi “otliqlar” yozda otpuska olib, Usmonjonga oʻxshagan “piyodalar”ning otpuskasi qish chillasiga qolgan. Bir hisobda shunisi ham durust. Tashqarida sovuq qaqshatib turipti. Ogʻzingdan chiqqan hovurdan oldingdagi odam koʻrinmaydi. Bozordagi olma-anorlar toshdek qotgan. Dehqonlar oʻralarini ochmay sovuq qaytishini kutishyapti. Bir kilo sabzi odamning bahosi. Koʻchaga chiqqan erkaklarning moʻylovlari qirov boylab, morjga oʻxshab uyga qaytishyapti. Tuflasang, tupuging yerga qarsillab tushadi. Eshiklarning tashqari tomonidagi tutqichini ushlasang, qoʻlingni chippa oladi. Bunday paytda kimga qiyin, postdagi melisaga qiyin. Shundoq sovuqda qaysi esini yegan koʻchaga chiqadi?
Qimizxon bugun ishdan erta qaytdi. Ishxonasidagi issiq suv quvuri yorilib, xonalar sovub ketibdi.
Er-xotin aptekadek top-toza uyda huzur qilib oʻtirishardi. Eshik tepasidagi qoʻngʻiroq shitob bilan jiringladi. Usmonjon shu sovuqda qaysi befahm odam keldi ekan, deb eshikni ochdi. Ostonada shopmoʻylovli, semiz bir kishi hansirab turipti. Orqasida ellik yoshlardagi qora duxoba qoʻlbola kamzul kiygan, ikki labi bichilgan xotin, xuddi diagrammaga oʻxshash boʻyi biri-biridan baland uch oʻgʻil bola, sochining uchiga pilik taqilgan besh yoshlardagi qizcha turardi. Ularning oyoqlari ostida ikki chamadon, ikki-uchta sumka, ichiga nimadir solingan qop. Moʻylovli kishi ikki ogʻir chamadonni uchinchi qavatga koʻtarib chiqquncha terga pishib ketgan. Burnidan, iyagidan chak-chak ter tomardi. U hozirgina peshona terini artgan qoʻlini uzatib, Usmonjonning panjalarini pilchiratib koʻrishdi. Undan gup etib oftobda qolgan xom teri hidi keldi.
— Parpivoy akam sizga koʻpdan-koʻp duo dedilar.
Usmonjon bu, Parpivoy degani kim boʻldiykin, deb oʻylab qoldi. Bundan bir yarim oylarcha oldin vodiydagi shahar maishiy xizmat kombinati chiqargan mahsulotlarning sifatsizligi toʻgʻrisida tushgan arizalarni tekshirgani borgandi. Kombinat idorasi toʻgʻrisidagi hovlida toʻy boʻlayotgan ekan. Uni ham qoʻyarda-qoʻymay olib kirishdi. Qimizxonning ovqatiga oʻrgangan Usmonjon dasturxonga qoʻl urmadi. Sochiq bilan pashshalarni qoʻrib oʻtirdi. Toʻy egasining koʻngliga kelmasin, deb, taqsimchadan bir siqim xandon pista olib chaqib yedi. Butun boshli toʻydan yegani shu boʻldi.
Toʻy egasi hukumatning doʻkonida sotiladigan bodringga oʻxshash uzun, shu bodringdek gavdasi egilgan kishi ekan. Suhbat asnosida u kishining ismi Parpivoy ekani, olis bir rayondagi boʻrdoqichilik bazasida qatnab ishlaydigan bosh axraynik ekani maʼlum boʻldi. Ular chiqib ketishayotganda Parpivoy Usmonjonga ana endi qadrdon boʻlib qoldik. Bir dasturxondan nasiba yedik. Bundan buyon bir-birimiznikiga bordi-keldi qilaylik, deb uning adresini yozib olgandi.
Usmonjon oʻyini oʻylab boʻlguncha mehmonlar yoʻlakka kirib boʻlishgan edi.
Moʻylov chamadonlarni burchakka qoʻyarkan, Parpivoy aka, Usmonjonnikida bir-ikki kun turib, suhbatini olinglar, juda bamaʼni odam deb tayinlaganlar, hayriyat uyda ekansiz, dedi.
— Oʻsha siz toʻyda chaqib yegan handon pistadan bozorga boshqa kelmay qoʻydi. Usmonjonga bir-ikki kilo yuboray deb Parpivoy aka ikki-uch marta bozorga tushib chiqdilar. Unaqasidan kelmapti. Oʻsha toʻyda ikki choʻntagini toʻldirib solib bersam boʻlarkan, deb koʻp afsuslandilar.
Oʻzbekchilik, kelgan odamni ket deb boʻlmaydi. U garang bir alpozda mehmonlarni xonaga boshlab kirdi. Oshxonadan chiqqan Qimizxon nimalar boʻlayotganiga aqli yetmay hayron boʻlib turardi. Moʻylov unga, “yaxshimisan, kelin” deya ichkariga kirib ketdi. Ular qor kechib kelishgan edi. Etiklariga ilashgan qor issiq uyda erib polda koʻlmakchalar paydo boʻldi.
Usmonjon xotiniga nima deyishni bilmay serrayib turardi.
— Xotin, — dedi Usmonjon, — yemoqning qusmogʻi ham bor, deb bekorga aytishmagan. Yemay ham oʻlay, bir qism xandon pista chaqib yegandim.
Qimizxon choy olib kirdi. Moʻylov choynak qopqogʻini ochib, iya, pamil ekan-ku, kelin, toʻqson beshdan damla, dedi. Qimizxon choy olib kirayotganda dimogʻiga allaqanday qoʻlansa hid urildi. U xuddi oʻrada achib qolgan selitrali sabzi hidiga oʻxshardi. Qimizxon qaytishda burnini kafti bilan toʻsib oʻtdi. Burchakda beli bukchayib yotgan etik qoʻnjidan qatirma boʻlib ketgan paytava osilib yotganini koʻrmadi.
Moʻylov choy ustida Toshkentga kelishdan maqsadini aytdi.
— Shu desangiz, Usmonjon ukaginam, bir jiyanimiz chaquvdan qamalib qolgan. Bazadan oʻn bitta novvosni sotgan, deydimi-ye, semiz novvoslar oʻrniga ozgʻin, qari sigirlarni almashtirib qoʻygan deydimi-ye, ish qilib, bola bechora tuhmat balosiga yoʻliqib, qamalib yotibdi. Shunga peredacha berishga keldik. Ovqatni shu yerda pishirib oboramiz-da. Goʻsht ola ketay, desam, Parpivoy aka, unday qilmang, Usmonjon xafa boʻladi, dedilar. Keyin Usmonjonga aytgin, prokurormi, sudmi, melisa boshligʻimi, ishqilib, shular bilan gaplashsin, deb tayinladilar.
Kecha ishxonada roʻyxat bilan goʻsht berishgan. Usmonjonga ham ikki kilo tekkandi. Qimizxon goʻsht bilan kartoshka qovurib olib kirdi. Moʻylov goʻshtni ogʻziga solarkan: “Iya, muzlagan goʻshtmidi”, — dedi. Keyin hay, mayli, dedi-yu stoldagi araqni piyolaga toʻldirib, ichib yubordi. U ichdimi, ichiga quydimi, Usmonjon bilolmay qoldi.
— Ukam, boshqa yoʻqmi?
Usmonjon hijolatlik bilan “yoʻq” dedi. Shundan keyin Moʻylov chamadondan bir shisha olib ichdi.
— Tanishib olganimiz yaxshi boʻldi. Uch-toʻrt kun otamlashamiz. Usmonjon ukam, biz Parpivoyga kuyov boʻlishdan tashqari, shogird hisobdamiz. Bazada men u kishiga smenshikman. Uyda oʻn bitta novvos, yigirma oltita qoʻy, toʻrtta biya bor. Yemdan qiynalmaymiz. Bazadan bari bor. Yem deysizmi, serobgarchilik. “Jiguli”ning yukxonasida kuniga ikki marta shahar hovliga yem opkelishimiz bor. Buni qarang, mustaqillik sharofati bilan biz bechoralarning ham yelkamizga oftob tegib qoldi. Shu, deyman, hukumat melisalarni ham yoʻq qilsa edi, ishlari yurishib ketardi.
Suhbatdan maʼlum boʻldiki, Moʻylov Parpivoyga kuyov hisobida ekan. Nima balo, kech uylanganmi, bolalari hali yosh. Kech farzand koʻrgan ekan bechora, deb oʻyladi. Uning bu oʻyini Moʻylov sezib turgan ekan, tushuntira ketdi:
— Ukaginam, bu kennoyingizga zagsda patta kesilmagan. Birinchisidan toʻqqizta bola bor. Bechora giroy boʻlaman deb rosa tugʻdi. Toʻqqizinchisini tugʻdiyu oʻzimizning tilda aytganda brakka chiqib qoldi. Shunga karashib turar, deb buni olganman. Parpivoyning oʻgay singlisi. Baxtimni qarang. Hasan-Husan tugʻib bersa boʻladimi! Kundoshlar bir-biriga dushman boʻladi, degan gap bekor ekan. Opa-singildek yashashyapti. Biri molga qarasa, biri menga qaraydi. Bilasizmi, Usmonjon, xudo sevgan bandasiga Hasan-Husan beradi. Hasan-Husanlarni urib boʻlmaydi, soʻkib boʻlmaydi. Shundoq qilsangiz, xudo qahriga oladi. Sizga ham egam Hasan-Husan nevaralar bersin.
Kech kirib qoldi. Bolalar bir-biriga mayiz otib oʻynay boshlashdi. Bossang, mayiz gilamga saqichdek yopishadi. Na ota hay, dedi, na ona. Moʻylov ust-ustiga uch marta esnadi. Bolalar multfilm koʻramiz deyishsa ham, boʻldi, yotish, dedi. U yechinib yotarkan, Usmonjonga nimadir dedi.
Usmonjon oshxonaga kirdi. Xotini iyagiga kaftini tirab, qoshlari chimirilgancha oʻtirardi. Usmonjon qoʻrqa-pisa:
— Kelin paytavamni yuvib qoʻysin deyapti, — dedi.
— Belini uqalab qoʻyish kerak emasmikin? Bir kamim bijgʻib ketgan paytavani yuvishmidi. E, mehmoningizdan oʻrgildim.
U shunday dediyu, yotoqxonaga kirib bir metr surp olib chiqdi. Qoq oʻrtasidan tarillatib yirtdi. Eski paytavani choʻpga ilib axlat chelagiga tashladi.
Mehmon yomonam xurrak tortarkan. Derazalar zirillaydi. Xotini tinimsiz kekiradi. Qizi qirt-qirt qilib boshini qashlaydi.
Usmonjon ertalab hojatga kirsa, mehmon suvini tushirmay chiqib ketgan ekan. Derazalarni ochib, xonalarni shamollatdi. Hammayoqqa anor donalari sochilgan, bilmay bosib olsang, pirt-pirt qilib, qizil suv sachratadi. Moʻylov kechasi bilan yoʻlak burchiga nos tuflab chiqqan ekan. Usmonjon hoʻl lattani oyogʻi bilan surib, artib qoʻydi. Bir aylanib kelsa yana tuflabdi. Bu gal tuflamabdi, purkapti. Devorlar sepkil boʻlib ketibdi.
Qimizxon barvaqt ishga ketib qopti. Usmonjon inqillab-sinqillab sabzi toʻgʻradi, osh damlab, togʻoraga solib berdi. Mehmonlar oshni koʻtarib turmaga ketishdi. Usmonjon uylarni yana shamollatdi. Gilamga yopishgan saqichdek qora mayizlarni emaklab yurib tirnogʻi bilan koʻchirdi. Yostiq jildlarini, koʻrpa gʻiloflarini chiqazib, tugib qoʻydi.
Mehmonlar kechga tomon kaytib kelishdi. Eshik berk. Qoʻngʻiroq tugmasini qancha bosishmasin, ichkaridan sado chiqmadi. Toʻgʻridagi eshikdan pijama kiygan bir kishi chiqdi.
— Keldinglarmi? Usmonjonning yaqin odamini avtobus urib ketibdi. Xotini bilan janozaga ketishdi.
— Qachon qaytisharkan? — deb soʻradi Moʻylov.
— Biratoʻlasiga yettisini oʻtqazib qaytishar-ov. Yuklaringiz biznikida. Hozir opchiqib beraman.
— Kalitni tashlab ketishmadimi?
— Shoshib qolishgandi, bunday paytda kalit esiga keladimi.
Qoʻshni shunday deb ikkita chamadon bilan qopni opchiqib berdi. Mehmonlar turib-turib pastga tushib ketishdi.
Usmonjon ikki kungacha qaynotasinikida yotib qoldi. Zamira degan qaynsinglisi kelib uylarni, idishlarni qatron qildi. Pochchasi tugib qoʻygan koʻrpa gʻiloflarnnn endi koʻtaraman deb turgandi. Qoʻngʻiroq chalindi. Eshikni ochishi bilan assalomu alaykum, deb oʻrta yashar er-xotin ikki oʻgʻlini ergashtirib kirdi. Bolalardan biri yaqinda koʻzini ochgan qop-qora kuchuk bolasini koʻtarib turardi.
— Usmonjonning qadrdonlari boʻlamiz. Uzoqdan yoʻqlab keldik.
Zamira nima qilishini, nima deyishini bilmay serrayib turib qoldi.
— Yoʻqmilar? — dedi erkak mehmon. — Bizlarni Parpivoy degan qadrdonlari yubordilar.
— Pochcham bilan opam Yangiyoʻlga ketishgan, — dedi Zamira.
— Pochchangiz bilan opangiz boʻlmasalar, mana siz borsiz-ku. Ikki kungina turamizu ketamiz. Axir, xolodilnikda u-bu bordir. Qurib-qaqshab yotmagandir?
Ikki bola balkonga chiqib pastga qarab kim oʻzarga choptirish qilishdi. Pastdan xotinlarning chuvillashgani eshitildi. Bu shoʻr suv qaysi qavat boloxonasidan tushayotganini bilmay shovqin solishardi.
— Kechirasizlar, men ketishim kerak, — dedi Zamira.
— Bemalol ketavering. Usmonjon kelguncha shu yerda kutamiz.
— Hali-beri kelishmaydi.
— Unday boʻlsa, yana yaxshi. Shaharda ishlarimizni xotirjam bajarib olamiz. Chayqov bozoridan boʻlmish kelinga ponbarxat, parcha, yaponcha jemper, oʻzimga komsostav etik olishim kerak. Manavu bolakaylarimni hayvonot bogʻiga oborib, maymunlarni koʻrsataman.
Zamira nima qilishini bilmay qoldi. Oxiri qoʻshni uydan opasiga telefon qildi. Qimizxonning tili gapga kelmas, faqat hiqillardi. Trubkani Usmonjon oldi.
— Pochcha, toʻrt kishi. Parpivoy degan kishi yuboripti. Bitta kuchuk bola bilan ikki yuz grammcha xandon pista olib kelishipti.
Qaynsinglisi mehmonlar kuchuk bola olib kelishibdi, deganidan keyin uni tanigandek boʻldi. Parpivoy aka uni shahardagi daydi itlarni aravaga bosib olib ketadigan brigadaning “starshiy it tutuvchisi” deb tanishtirgan edi. Oʻshanda starshiy it tutuvchi, unga zotli bir it topib beraman, degani esiga tushdi.
Usmonjon uzoq jimib ketgandan keyin tilga kirdi.
— Qoʻshnilarni chaqirib, ularni uydan chiqarib yuboring.
Boyatdan beri telefon oldida Zamiraning gaplarini eshitib oʻtirgan qoʻshni shatta oʻrnidan turib, toʻnini yelkasiga tashladi. Zamiraga ergashib Usmonjonning uyiga kirdi. Mehmonlar divanda yalpayib oʻtirishar, ikki bolaning biri kiyim shkafi ustiga chiqib olgan, yana biri oyogʻidagi tapochkasini yechib pianino klavishlariga urardi.
— Qani, marsh! — dedi qoʻshni. — Bir marta salom bergan odamning uyiga koʻch-koʻroningni orqalab, bostirib kirib kelaverasanmi! — E, sendaqa izzatini bilmagan mehmondan oʻrgildim. Koʻtar jiyda xaltangni!
— Iya, iya, — dedi starshiy it tutuvchi. — Toshketliklar shunaqa boʻlishadimi?
— Shunaqa boʻlishadi, tanimagan odamini uyga kiritishmaydi.
Ana shu voqeadan keyin Usmonjon toʻrt xonali uyini shahar chetidagi uch xonali uyga ayirbosh qilib koʻchib ketdi. Bu yangi uyni, Usmonjonning tili bilan aytganda, mehmon ekan-ku, hatto OBXSSning iti ham topolmasmish.
Yoʻq, u yanglishgan edi. Parpivoy akaning odamlari bu uyni ham topib borishdi…