..

Said Ahmad. Sarob

Loyihani qo'llab quvvatlash uchub buyerga bosing

«Ota qargʻishi misoli oʻq — u oxiratda emas,
shu dunyoning oʻzida nishonga tegadi».
(Buxorolik 100-yil yashagan temirchi
Usto Amin boboning oʻgitlaridan)

Bugun lagerimizga yangi mahbuslarni olib kelishdi. Koʻrinishidan ularni yangi deb boʻlmasdi. Egnilaridagi kiyimlariga, slka va tizzalaridagi raqamlarga qaraganda, koʻp yillardan beri lagerdan-lagerga koʻchib yurgan daydi mahbuslar ekanini darrov payqash mumkin edi.
Odatda, yangi kelgan mahbuslarning oyogʻida yangi etik, yangi botinka, egnida ohori toʻkilmagan kostyum yo gimnastyorka boʻlardi. Lagerimizning blatnoy-zoʻravonlari ularning egnidagi kiyimlarni koʻrishlari bilanoq oʻzaro taqsimlab olardilar. Oradan biron hafta oʻtib, oʻsha kiyimlarni blatnoylarning egnida koʻrardik.
Bu galgi etapda kelganlar zoʻravonlarimizga yoqmadi. Har biri oʻn-oʻn besh yillab SSSRning jamiki lagerlarida yashab, qirriq boʻlib ketgan, nainki birovga oʻz kiyimini beradigan, aksincha, birovlarnikini qiyqirtirib yechib oladigan, beti qattiq mahbuslar edi.
Soldatlar, lager nazoratchilari ularni bitta-bittalab sanab, yuvilaverib rangi unniqib ketgan kulrang kurtkalaridagi, shimlaridagi raqamlarni tekshirib oʻtkaza boshladilar. Shunda mahbuslardan bittasi menga juda tanish tuyuldi. Uning gʻamgin va lekin loqayd koʻzlari… Qayerda koʻrganman uni? Tanish, juda tanish!
Oldi tikanli sim bilan toʻsilgan barakda yangilarni bir necha kun karantinda saqlaydilar. Hozircha ularni boshqa mahbuslarga qoʻshmaydilar. Ovqatni ham paqirda oborib beradilar.
Bahorning iliq-issiq kunlari edi. Yangilar yalangʻoch boʻlib barak oldidagi maydonchada chalqancha yotib, badanlarini oftobga toblardilar. Ular Shimol lagerlarida oylab oftob koʻrmay, ranglari siniqqan kishilar edi. Ularni bir-ikki oygina yoz boʻladigan, oftob esa tuman orasidan xuddi doka orqasiga yoqilgan shamdek xira koʻrinadigan, bizda bahor oftobi charaqlab turgan shu kezlarda ham qish boʻronlari uvillab turgan joylardan olib kelishgan. Bu mahbuslar uchun Jezqozgʻon eng yaxshi kurortlardan ham afzal edi. Yalangʻoch yotganlarning badanida igna sanchib yozilgan soʻzlar, turli sharmsiz suvratlar, birida “tuqqan onamni unutmayman” degan yozuv boʻlsa, boshqasining koʻkragida karta, ayol kishining rasmi bilan bir shisha aroq tasvirlangan. Tagida: “Mana shular bizni xarob qildi”, degan yozuv bor. Deyarli koʻpchiligining koʻksida yalangʻoch ayollarning turli holatdagi suvratlari bor edi. Bu manzara qamoqxonadagi “rassom”larning asarlari namoyish qilinayotgan koʻrgazmaga oʻxshardi.
Menga tanish tuyulgan maxbus esa negadir yechinmay, kiyim-boshi bilan oftobda yotardi.
Kim u? Koʻzimga juda issiq koʻrinyapti. Borib oʻzidan soʻrasammikan? Buning imkoni yoʻq. Soqchilar, nazoratchilar ularga yaqin yoʻlatmaydi.
Mendan sal narida yoshi yetmishlardan oshgan, umrining oʻn besh yildan ortigʻini lagerlarda oʻtkazayotgan Olimjon domla ham ularga mayus qarab turibdi.
Domla gʻalati odam edi. U hech kim bilan sirlashmasdi. Birovga na dardini aytardi, na quvonchini. Koʻpchilik uni orqavorotdan “indamas domla” deb atardi. U yaxshilikka ham, yomonlikka xam birdek loqayd edi. Ammo uning hozirgi holati boshqacha. Oftobda yalangʻoch yotganlarga qarab ichi yonib, kuyib, oʻrtanib ketayotgani shundoqqina bilinib turardi. Zimdan unga koʻz tashlayman. Uni hech qachon bunday alpozda koʻrmagandim. U yigʻlardi. Koʻzlaridan oqqan yosh soqollariga tomardi. Domla qimirlamas, har kiprik qoqqanda mijjalarida toʻplanib qolgan yosh duv toʻkilardi.
Nazoratchi kelib sim toʻsiqning beriyogʻida toʻplanib qolgan tomoshabin mahbuslarga, ketinglar, deb buyurdi.
Maxbuslar nari ketishdi. Domla ham yoshli koʻzlarini kaftiga artib, boshini egganicha ketdi.
Men lagerda rassom edim. Bir vaqtlar rassomlik maktabida oʻqiganim yashash, ishlash qiyin boʻlgan bu joylarda asqotdi. Vazifam — mahbuslarning kiyimlariga raqam yozish, jez konida ishlab qaytgan brigadalarning qancha ruda qazib chiqarganini katta-katta plakatlarda aks ettirish va ularni lagerning koʻrinarli joyiga ilib qoʻyish edi.
Tushlikdan keyin ustaxonamga bosh nazoratchi bir qop kiyim olib keldi-da, shularga to kechki ovqatgacha raqam yozib, tayyor qilib qoʻyishimni buyurdi.
Bu yangi kelganlarga beriladigan kiyimlar edi. Shimlarning chap tizzasidan yuqorisi, kurtkalarning yelkasidan pasti sovun qutisicha keladigan joyidan qaychida qiyib olingan. Ustidan oq latta tikib qoʻyilgan edi. Agar mahbus raqam yozilgan lattani olib tashlab qochib ketsa, qidiruvchilar kiyimidagi qiyib olingan joyidan bilib oladilar. Shu lattalarga mahbuslarning raqamini yozishim kerak. Raqam oftobda ham, qor-yomgʻirda ham oʻchmaydigan qora lak bilan (“Kuzbas lak” bilan) yoziladi. Lak sovuqda toshdek qotib qoladi. Novvoyxonadan toshkoʻmir choʻgʻini kurakchada olib kelib, lak solingan bankani uning ustiga qoʻydim. Lak erigandan keyin boya nazoratchi berib ketgan roʻyxatga qarab, raqamlarni yozishga kirishdim. Raqam yoniga mahbusning ism-familiyasi qayd etib qoʻyilgan edi. Oʻn yettinchi kurtkaga raqam yozmoqchi boʻlib roʻyxatga qaradimu hayratdan yoqamni ushladim. “YeE3781” raqami yoniga “Kimsanboy Yolqinov” deb yozib qoʻyilgan edi. Ertalabdan beri xayolimdan ketmayotgan “kim u” degan jumboq yechilgan edi.
Olisda qolgan beozor, shoʻx, yerga ursa osmonga sak-raydigan tizginsiz bolaligim, tezroq katta boʻlib, aziz va jonajon Vatanga xizmat qilish, “xalqlar dohiysi, ulugʻ va mehribon otamiz Stalinga sodiq boʻlish” orzusi yurak-yuraklarimizda joʻsh urgan qaynoq yoshligimiz koʻz oʻngimdan chaqmoqdek bir yalt etib oʻtdi.
Kimsanboy! U bizning bolalardan chiqqan qahramonimiz edi. Uttizinchi yillarda uning suvrati gazetalardan tushmasdi. Maktablarda, pioner uylarida, istirohat bogʻlarida, yoshlar lagerlarida odam boʻyi qilib chizilgan suvratlari bir qarashda koʻzga tashlanadigan joylarga ilib qoʻyilardi. Va suvrat tagiga: “Pioner! Kahramon Kimsanboy Olimjonovga salyut berib oʻtishni unutma!” deb yozib qoʻyilardi. Butun Oʻzbekiston bolalari undan ibrat olishga, u ado etgan vatanparvarlik jasoratini takrorlashga qasamyod qilishardi.
Uning otasi Olimjon Raxmonov rayon maorif boʻlimining mudiri edi. Tarix bilimdoni boʻlgan bu odamni rayondagi jami tarix oʻqituvchilari ustoz deb atardilar. Hatto uyiga ham kelib, undan Turkiston tarixi boʻyicha bilmaganlarini soʻrab bilib olardilar. Uning uyida kitob koʻp edi. Alohida bitta uydagi tokchalarga juda noyob kitoblar terib qoʻyilgan edi. Domla bu kitoblarni birovlarga bermasdi. Zarur boʻlsa, shu yerga kelib oʻqishgagina ruxsat berardi. Amir Temur, Mirzo Bobur, Nargaaxiy, Forobiy, Sharafiddin Ali Yazdiy, Najmid-din Kubro, Al-Beruniy, Xoja Ahror, Ahmad Yassaviy kabi allomalarning oʻtgan asrlarda xattotlar tomonidan koʻchirilgan noyob qoʻlyozmalarini Domla koʻz qorachigʻidek asrardi. Kechalari yettinchi lampa yorugʻida tong otguncha mutolaa qilardi.
Koʻpincha Domlaning uyiga keksa ziyolilar toʻplanib, tarixda oʻtgan oʻzbek mutafakkirlari toʻgʻrisida suhbatlar qilishardi. Yigʻilganlar Olimjon domlaning bilimiga, bilagʻonligiga qoyil qolardilar. Suxbat oʻz-oʻzidan ota-bobolari Shahrisabz barloslaridan boʻlgan buyuk shoir Mirzo Abdulqodir Bedilga borib taqalardi. Bedilxonlik boshlanardi, koʻplaishb Bedilning sirru sehrga toʻla gʻazallarining magʻzini chaqishga kirishib ketardilar. Albatta, Olim domlaning talqinlari hammani lol qoldirardi. Oʻshanday suhbatlarning birida gap aylanib Fuzuliyning bitta gʻazaliga borib qadaldi. Mehmonlardan birovi Fuzuliy ham oʻzbeklar orasida Navoiy darajasida mashhur ekanini, uning koʻp gʻazallari oʻzbek hofizlari tomonidan qoʻshiq qilib aytilishini gapirib qoldi.
— Domla, Fuzuliyning bir gʻazali bor, magʻzini sira chaqolmadim. Koʻp bilimdonlardan soʻraganimda tayinli bir javob berolmadilar. Shu toʻgʻrida sizning fikringizni bilmoqchi edim.
Olimjon domla narigi xonadan Fuzuliyning devo-nini olib chiqdi. Koʻzoynak taqib, doʻstining tishi oʻtmagan oʻsha gʻazalni topdi. Chiroqqa solib, ikki-uch marta oʻkidi.
— Xoʻsh, qaysi joyiga tushunmadingiz? — deb soʻradi doʻstidan.
— Fuzuliy shunday deb yozadi: “Gʻamlarim shuncha KOʻPKI, tuyaning ustiga ortsam, zindonga tashlangan kofirlar ozod boʻladi”. Xoʻsh, nima uchun ozod boʻladi?
— Tushunmadim.
Domla oʻylanib qoldi. Darhaqiqat, tuyaning ustiga gʻam yukini ortsa, nega kofirlar ozod boʻladi? Domla koʻp oʻyladi. Keyin boshini koʻtarib mehmonlarga qaradi.
— Gap bundoq. Bu sirning maʼnisiga yetish uchun Fuzuliy yashagan davrga murojaat qilish kerak. Oʻsha davrdagi rivoyatlarni, maqolu matallarni, hatto qoʻshiqlarni xam bilmoq kerak. Bir rivoyatda odamlar Allohdan, ey tangrim, zindonda yotgan kofirlar qachon ozod qilinadi, deb soʻrabdilar. Allox, tuya ignaning teshigidan utgandagina kofirlar ozod qilinadi, deb javob qilgan ekan. Fuzuliy ana shu rivoyatni gʻazaliga asos qilib olgan. Yaʼni: “Mening gʻamlarim shunchalik koʻpki, tuyaning ustiga ortsam, koʻtarolmay, ozib, ipdek boʻlib qoladi”. Ipdek ozib qolgan tuya ignaning teshigidan bemalol oʻtishi mumkin. Demak, kofirlar zindondan ozod qilinadi.
Domlaning bu qadar bilimdonligiga qoyil qolishdi, taxsinlar oʻqishdi.
Domlaning boʻyiga yetib qolgan egizak qizlari bor edi. Shu egizaklardan keyin koʻrgan bolalari turmadi. Bir yoshga toʻlar-toʻlmas vafot etaverdilar. U har gal oy-kuni yaqin qolgan xotinining doʻppayib qolgan qorniga qarab: “Kimsan, oʻgʻilmisan, qizmisan?” deb kulardi. “Agar qiz boʻlsang, otingni Kimsanoy qoʻyaman, oʻgʻil boʻlsang, Kimsanboy koʻyaman”, derdi shirin bir entikib. Xayriyat, oʻgʻil tugʻildi. Oti Kimsanboy boʻldi. Shu bola oʻn ikki yoshga kirdi. Beshinchi sinfda oʻkiydi. Domla kitob titish bilan ovora. Tong otguncha oʻtirib, nimalarnidir yozadi. Yozgan maqolalari “Maorif va oʻqituvchi”, “Madaniy inqilob” gazetalarida bot-bot bosilib turadi.
Kimsanboy maktabda faol pionerlardan. U Lenin, Stalin toʻgʻrisida yozilgan sheʼrlarni ajib bir mahorat bilan deklamatsiya qiladi. Uni rayon, hatto viloyat miqyosida oʻtadigan tantanali yigʻinlarga, slyotlarga, oʻqituvchilarning konferensiyalariga chaqirib, sheʼrlar oʻqitishadi. Olimjon domla unga, bolam, bunaqa havoyi ishlarga juda xam berilib ketma, yo artist boʻlmoqchimisan? Yaxshisi, darsingni tayyorla. Jamoat ishlari darsdan keyin boʻlsin, deb nasihat qilardi. Bir xonada domla qalam qitirlatadi, Kimsanboy boshqa xonada har xil harakatlar qilib, baland ovoz bilan sheʼr deklamatsiya qiladi.
Bir kuni maktab direktori uni dars paytida idoraga chaqirtirdi.
Direktorning kabinetida notanish odam oʻtirardi.
— Bu oʻrtoq sen bilan gaplashgani kelganlar. Sizlarni xoli qoldiraman, gaplashib olinglar, — deb direktor chiqib ketdi.
Notanish odam gapni nimadan boshlashni bilmay, birpas unga tikilib oʻtirdi. Keyin portfelidan gazeta olib uning oldiga qoʻydi. Bu Moskvada chiqadigan “Pionerskaya pravda” gazetasi edi.
— Ikkinchi sahifadagi maqolani yaxshilab oʻqib chiq, — dedi u, — suvratga ham yaxshilab qara. Qaxramon pioner Pavlik Morozov shu boʻladi.
Kimsanboy oʻrischani durust bilmasdi.
Pavlik Morozovni xalq dushmanlari vahshiylarcha oʻldirishgan. U vatanga sodiq, Lenin-Stalin ishiga hayotini bagʻishlagan zamondoshimiz. Uning otasi xalq dushmani, Shoʻro tuzumini agʻdarib tashlashni niyat qilgan. Pavlik oʻsha dushmanning sirini fosh etadi. Hozir Shoʻrolar jumhuriyatining hamma joyida Morozovchilik harakati boshlanib ketdi. Yosh vatanparvarlar ichki dushmanlarni fosh qilish uchun qasamyod qilmokdalar. Sen ham shu harakatga qoʻshilishing kerak. Bu sening muqaddas burching. Biz aytgan ishlarni bajarsang, seni Butunittifoq pionerlarining “Artek” nomli lageriga yuboramiz. Faol pionerlarning Moskvada boʻladigan slyotida ham qatnashasan. Oʻsha yerda buyuk ustozimiz, dohiymiz Stalinni koʻrasan.
Kimsanboyning koʻzlari yashnab ketdi. “Mukaddas poytaxtimiz ulugʻ Moskvani, tirik dohiyni koʻrish, Qora dengiz sohilidagi jahon bolalari dam oladigan lagerda shohsupaga koʻtarilib sheʼr oʻqib bersa bormi!..” Kimsanboy shoshib qoldi.
— Men nima ish qilishim kerak?
— Avvalo, oʻrtamizda boʻlib oʻtgan bu suhbatni birovga aytmaslikka soʻz berasan. Bundan keyingi suhbatlarimizni ham sir saqlaysan. — U shunday deya turib, portfelidan bir varaq qogʻoz olib unga uzatdi. — Bunga imzo chekib ber. Avval oʻqi, keyin imzo chek.
Qogʻozga shundoq soʻzlar yozilgan edi: “TILXAT. Menkim, Kimsanboy Olimjon oʻgʻli GPU xodimi M. Mansurov bilan boʻlgan suhbatimizni birovga aytmayman. Otam Olimjon Rahmonovning xatti-harakatlarini kuzatishga soʻz beraman. Uyga keladigan mehmonlar bilan nimalar toʻgʻrisida gaplashganini yozib beraman. Agar boʻlib oʻtgan gaplarni, otam xaqida toʻplangan maʼlumotlarni birovga aytsam, jinoyat kodeksining tegishli moddasi boʻyicha jazolanaman”.
— Oʻqib boʻldingmi? Endi imzo chek!
Kimsanboy oʻylab oʻtirmay tilxat ostiga imzo chekdi.
— Tilingga ehtiyot boʻl. Otang haqida yozib qoʻygan xatlarni xar haftaning dushanba kunlari oʻzim kelib, shu yerdan olib ketaman. Agar birovga aytsang, yo otangga bildirsang, xuddi Pavlik Morozovdek halok boʻlasan. Yanagi kelishimda, agar aytganlarimni uddalasang, viloyat pioner tashkiloti seni qoʻl soat bilan mukofotlaydi, bildingmi?
GPU xodimi Mansurov har dushanba kuni maktabga kelar, Kimsanboy yozib qoʻygan maʼlumotlarni oʻqib koʻrgach, boshqatdan yozdirardi.
— Kerakli gaplarni yozish kerak. Faktlarga siyosiy tus berishni oʻrgan! Bobokalon dohiymiz Karl Marks: “Din xalq uchun afyundir”, degan. Uyimizga kelgan mexmonlar Axmad Yassaviy degan reaksion dindor shoirni koʻklarga koʻtarib maqtashdi. Xalqni asoratga soluvchi sheʼrlarini oʻqishdi, deb yozish kerak. Alisher Navoiy “Xamsa”ni, “Chor devon”ni yozganda Pushkinning xabash bobosi Oʻrta Yer dengizining janubiy qirgʻoqlarida chigʻanoq terib yurardi. Mirzo Ulugʻbek Samarqandda Rasadxona barpo etgan paytlarda oʻrislar xoxollarning malayi edi, chipta kovush kiyib yurishardi, degan gaplarni aytishdi, deb yozgin!
— Bunaqa gaplarni endi sizdan eshitib turibman… Qandoq qilib yolgʻonni yozaman?!
Birdan Mansurovning jahli chiqib ketdi.
— Yozavermaysanmi, tirrancha! Aytmagan boʻlishsa, endi aytishadi! Xalq dushmanlari hamma gaplarni birdan aytib qoʻya qolishmaydi. Ular nihoyatda pixini yorgan, niqoblangan yovlarimiz.
Kimsanboy bir hafta mobaynida jonini jabborga berib toʻplangan maʼlumotlarni qaytadan Mansurov aytgandek qilib yozdi. Tagiga imzo chekdi.
— Ha, balli! Mana shunaqa qilib yozish kerak. Menga qara, viloyat pioner tashkiloti seni qoʻl soati bilan mukofotladi. Ma, taqib ol! Eh-he, seni hali qancha mukofotlar kutyapti!
GPUning pioner tashkiloti nomidan bergan soatini Mansurov Kimsanboyning bilagiga taqib koʻydi.
Kimsanboy oʻzida yoʻk shod edi. Ertaga bolalarning koʻzini oʻynatib taqpb yuraman. deb quvonchini ichiga sigʻdira olmay, Mansurovga minnatdorchilik bildirib, u bilan xayrlashdi. Mansurov ketar chogʻida: “Qanaqa yozishni bilib olding-a?” deb eslatib qoʻydi.
Bu xil maʼlumot yozishlar uch oydan ortik davom etdi. Bu orada “pioner tashkiloti” Kimsanboyni velosiped bilan ham mukofotladi. Oʻsha oyning oxirlariga borib Kimsanboy Butunittifoq pionerlari slyotida katnashish uchun Moskvaga ketdi.Oʻzbekistondan Kimsanboyga oʻxshagan “Morozovchi”lardan yana oʻn bir bola bor edi. Slyot qatnashchilaridan oʻn yetti nafar bola “Hurmat belgisi” ordeni bilan mukofotlandi. Oʻlar orasida Kimsanboy Olimjonov ham bor edi. Kimsanboy Ittifoq oqsoqoli Kalinin koʻlidan orden olar ekan, prezidiumda qarsak chalayotganlar orasida “bukj dohiy, xalqlar otasi Stalin”ga koʻzi tushdi. Oʻzini tutolmay hoʻngrab yubordi.
U Moskvadan qaytib kelganda dadasi yoʻk Edi. Olimjon domla bilan yana yetti oʻqituvchi qamoqqa olingan ekan.
Ular nima gunoh qilgan ekanlar, deb hayron boʻlgan odamlar gazetada bosilgan “Maorifga uya kurgan quzgʻunlar” nomli makrlani oʻqiganlaridan keyin nima gapligini bildilar. Birov: “Buni karanglar-a, domla tuppa-tuzuk odam edi, odamning olasi ichida, deganlari bejiz emas ekan”, desa, yana birovi: “Puxta niqoblangan, ayyor odam ekan”, deydi. “Qingʻir ishning qiyigʻi qirq yildan keyin xam chikadi, hushyor boʻlish kerak, bunaqalardan hali oramizda koʻp boʻlishi mumkin”, deydiganlar ham boʻldi. Dunyoning ishlari xoʻp qiziq-da, ota — sotqin, bolasi — chin vatanparvar!
Kimsanboyni ikki marta tergovga chaqirib, otasi bilan yuzlashtirdilar. Olimjon domla bu ishlarda oʻgʻlining ham koʻli borligini bilmasdi. Yuzma-yuz paytida Kimsanboy aytgan gaplarni eshitib, yoqasini ushladi. Tergovchining: “Shu gaplar rostmi? Tasdiqlaysizmi?” degan soʻrogʻiga javob bermadi. Peshonasiga shapillatib urib: «E-e, attang, attang! — deya oʻgʻlining betiga qarab: — Iloyo, juvonmarg boʻl! Umring xor-zorlikda oʻtsin! — deb yuziga fotiha tortdi.
Moskvadan “Troyka” Olimjon domlani oʻn besh yilga hukm kilgani toʻgʻrisida qogʻoz keldi.
Oradan sakkiz yil oʻtdi. Kimsanboy yigirma yoshga toʻldi. 1942-yili armiya safiga chaqirildi. Qishloqlardan frontga ketayotganlarni tantanali kuzatish marosimiga yuzdan ortik komsomol aʼzolari toʻplandi. Boʻlajak jangchilar nomidan “Hurmat belgisi” ordeni nishondori Kimsanboy Olimjonovga soʻz berildi.
— Men hayot-mamot jangiga ketyapman. Xalq dushmanining oʻgʻli boʻlib emas, asl vatanparvar, dohiy Stalin farzandi boʻlib urushga kiraman. Bugundan boshlab familiyam Olimjonov emas, Yolqinov boʻldi. Koʻksimda buyuk Stalin bilan jangga kiraman! — U shunday deb koʻylagi yoqasini yechib yubordi. Oʻning koʻksida igna sanchib ishlangan Stalinning suvrati bor edi. — Ulugʻ dohiy jangda menga madadkor boʻladi, — deb soʻzini tugatdi Kimsanboy.
Qarsaklar yangradi. Olqishlardan mast boʻlgan Kimsanboy koʻksini ochgancha tantanavor iljayib turardi…
Shu tobda qamoqxonaning kulrang kurtkasiga “YeE3781” raqamini yozar ekanman, koʻzlarimga ishonmay, rakam yonidagi familiyaga yana bir marta qaradim. Adash-mabman. Unga “Kimsanboy Yolqinov” deb yozilgan edi.
Boya oftobda yotgan mahbuslarga qarab yum-yum yigʻlayotgan Olimjon domla — Kimsanboyning otasi. Kiyimini yechmay yotgan, boshi bir tomonga qiyshaygan mahbus — sobiq kahramogʻg pioner Kimsanboy Olimjonov edi.
Olimjon domla oʻgʻlini tanidi. Ammo Kimsanboy otasini tanimadi.
Oradan besh-oʻn kun oʻtib yangi mahbuslar karantindan chiqdi. Ularni uchta-toʻrttadan qilib baraklarga joylashtirishdi. Ochiq konda portlatilgan ruda xarsanglarini vagonchalarga ortadigan brigadalarga qoʻshib yuborishdi.
Kimsanboy lagerning oʻzida — “zona”da qoldirildi. Chunki uning oʻng koʻli sinib, qiyshiq bitib qolgan. Yurganda boshi u yoq-bu yoqqa ogʻib ketaveradi. Koʻzi ham xiralashgan. Oldida turgan odam tuman orasidan koʻrinayotganga oʻxshayveradi. Lekin eshitish qobiliyati juda kuchli.
Yangilar kelgandan keyin lagerdagi mahbuslar hayoti birdan oʻzgarib ketgandek boʻldi. Hayot hayot ekanda. Mahbuslar har qanday azob-uqubatlar ichida ham, ertaga ularni dahshatli fojia kutayotganini sezganda ham yashash tarzini oʻzgartirmaydi. Ogʻir, juda ogʻir mehnatdan toliqib kelib, toʻrt qoshiqqina suli boʻtqani yeb olib, barakda oʻringa yechinmay yotib orom oladi. Nazoratchi maxbuslarni sanab, barakni ustidan qulflab qoʻygandan keyin bir damgina asil insonlikka qaytgandek boʻladilar. Bu barak ularning daxlsiz vatani, uyi, hovlisi boʻlib tuyuladi. Bunda uyat, juda uyat latifalar aytiladi. Barak derazalari kulgidan zirillab ketadi. Bunda mahbuslar xayollariga erk beradilar. Boshlaridan oʻtgan voqealarni soʻzlab beradilar. Aytayotgan sarguzashtlari, albatta, yolgʻon gaplar. Hech kim yolgʻon aytyapsan, demaydi. Yolgʻon boʻlsa ham qiziq boʻlsa bas.
Biri professorning oʻgʻliman, deb Bolshoy teatrning yosh bir raqqosasini yoʻldan urganini, juda ozgʻin ekansan, deb ertalab uyidan haydab yuborganini xuddi rost gapdek hayajon bilan aytib beradi.
— Shu desangiz, — deb gap boshlaydi yana biri, — SIBLAGdalik paytimda juda badtarin, johil bir nachalnigimiz boʻlardi. Bir koʻzi shishadan edi. Jahl bilan stolni mushtlaganda shisha koʻzi otilib chiqib stolga, undan sakrab yerga tushardi. Shisha koʻzni koʻpchilik boʻlib izlab tuprokdan topib, yuvib berardik. Bir kuni koʻzi otilib yerga tushganda bildirmay bir tepgan edim, ruda olib ketayotgan transportyor lentasiga borib tushdi. Ruda bilan vagonga toʻkildi. Buni hech kim sezmadi. Oʻsha kuni kechgacha ellik kishi koʻzni qidirshdi. Topilmadi. Nachalnik yangi koʻz buyurtma qilish uchun Moskvaga ketdi. Bir oy yoʻq boʻlib ketdiyu yangi koʻz bilan kelguncha otpuskaga chiqqandek yayraganmiz, — deya gʻurur bilan gʻirt yolgʻon hikoyasini kula-kula tugatadi.
Yana biri “Ogonyok” jurnalida bosilgan chiroyli bir yigitning suvratini qiyib olib, mashhur kinoaktrisaga oʻldim-kuydim deb yozgan xatiga qoʻshib joʻnatganini, aktrisadan “ikkinchi bunaqa ahmoqlik qilmang, bu oʻz erimning suvrati-ku” degan javob olganini aytganda barak ichi, bomba portlagandek, kulgidan larzaga tushgandi.
Yangilar kelgandan keyin bu kulgilar, bu xil quvnoq suhbatlar barham topgandi. Bunga sabab — yangilar asosan “seksotlar”, “stukachlar” edi (“seksotlar”, “stukachlar” mahbuslar toʻgʻrisida boshliqlarga yashirincha maʼlumot berib turadiganlar).
Yangi kelganlar ichidagi zoʻravonlar “mahalliy” zoʻravonlarning koʻzini ochirmay qoʻydi. Ular oshxonaga borib, koʻichilik bilan ovqatlangani or qiladilar. Bizning zoʻravonlarimiz ularga ovqat tashib, qoʻlini artishga sochiq tutib turadilar. Qarindoshlaridan posilka olganlar quruk qoʻl bilan qolaveradilar. Tuqqan onasi pishirib yuborgan tansiq shirinliklar ham oʻsha zoʻravonlarning nasibasi boʻlib qolgandi.
Seksotlarni, stukachlarni bir lagerda uzoq ushlab turmasdilar. Ularning aygʻoqchiligi ochilib qolishi bilan boshqa lagerga joʻnatardilar. Agar joʻnatmasalar, mahbuslar ularni albatta oʻldirib yuborardilar.
Kimsanboy ham faol seksotlardan edi. Vorkuta lagerida mahbuslar uni urib, maʼlumot yozadigan oʻng qoʻlini tirsagidan sindirishgan edi. Balxash lagerida orqa miyasining pastiga, qoq ensasiga belkurakning sopi bilan urib, chuqurga tashlab ketishgan. Soqchilar uning dodlagan ovozini eshitib, chuqurdan chiqarib olishgan. Ana shundan keyin uning oʻng qoʻli tirsagidan qotib, boshi goh oʻngga, goh chapga oʻzidan-oʻzi burilib qoladigan, sogʻ qoʻli bilan toʻgʻrilab, oldinga qaratib qoʻysa, boshi musichaning kallasidek old-orqasiga siltanib, borib-kelaveradigan boʻlib qolgandi.
Iyul oyining oxirlariga borib havo nihoyatda isib ketdi. Daraxtsiz, giyohsiz, tuprogʻiga mis kukuni aralashgan yer qizdirilgan tovadek boʻlib, kirza botinkaning tag charmidan oʻtib, oyoqni kuydirardi. Mahbuslar baraklarning soya tomonlarida jon saqlashardi. Terdan shalabbo boʻlgan kurtkalarini toshlarga, qizigan tuproqqa yozib quritishardi. Koʻpchilikning kurtkasi yuvilaverib, raqamlari oʻchib ketgandi. Shunday paytlarda menga ish koʻpayardi. Kiyimida raqami oʻchgan mahbuslarni soqchilar darvozadan chiqarishmas, menga yuborishardi.
Olimjon domla oldimga kelib, orqa oʻgirib tizzaladi-da, yelkasini tutdi. Yangilar kelgandan beri domla ozib ketdi. Yana besh-olti yosh qarigandek edi.
— Domla, yaxshi yuribsizmi? — dedim yelkasiga raqam yozarkanman.
— Xudoga shukur, oʻlmagan qul yashayverarkan.
— Shu deyman, domla, yoshingiz ham bir joyga borib qoldi. Kattalarda insof yoʻq-da. Sizni ishga chiqarmasalar ham boʻlardi.
Domla sergaklandi. Uning koʻnglidan, nega bunday deyapti, seksot emasmikan, degan xayol oʻtdiyov!
— Juda unchalik qari emasman. Bergan nonini oqlab yuribman.
Sut ichib ogʻzi kuygan odam qatiqni ham puflab ichadi, degandek, domlaning ham koʻp marta ogʻzi kuygan koʻrinadi.
Qamoqxonalarning “telegrafi” juda anik ishlaydi. Kaysi lagerda qandok voqea yuz bergani uch kunga qolmay xamma lagerlarga yetib boradi. Kaysi shaxar turmasida kimlar yotgani, ular kaysi modda bilan ayblanayotganlari, ular orasida seksotlar bor-yoʻqligini aniq biladilar. Yangilarning koʻpchiligi seksot ekani toʻgʻrisidagi xabar oʻsha kuniyoq kelgan edi. Olimjon domla uzok yillardan beri qamoqda yashab lager xayotining ming bir chiyrigʻidan oʻtib, pishib ketgan odam edi. Shuning uchun ham u birov bilan dardlashmas, oʻz yogʻiga oʻzi qovrilib yuraverardi.
Mahbuslarni konvoylar ishga xaydab ketgandan keyin uch ming kishilik lager boʻshab qoldi. Mening ertalabki xizmatim ham shu bilan tugadi.
Endi barakka ketmoqchi boʻlib turganimda, kallasini likillatib Kimsanboy keldi.
— Birodar, shu ortib kolgan lakni menga bersangiz.
— Lakni nima qilasiz? — dedim.
— Kerak, yoʻq demang.
— Mayli, oling, — dedim lak solingan tunuka bankani unga uzatib.
— Rahmat, — deya orkasiga burilar ekan, sogʻ koʻli bilan kallasini barak tomonga toʻgʻrilab qoʻydida, asta keta boshladi.
Ajab, Kimsanboy tanib boʻlmas darajada oʻzgarib ketibdi. Navqiron yoshida yuzlarini ajin qoplabdi. Koʻz kosalari chukurlashgan, sochlari toʻkilib, boshi yalangʻochlanib qolgandi. Ammo koʻzlari, ovozi oʻsha-oʻsha, bolaligidagidek edi. Kunlar chidab boʻlmas darajada isib ketgan boʻlishiga karamay, u hamon tomogʻigacha tugmalari kadalgan kurtkasini terdan bijgʻib ketgan boʻlsa xam yechmasdi. U xar kuni ertalab qora lak olgani oldimga keladigan boʻldi. Shunday kunlarning birida uning kimligini oʻziga aytdim.
— Otangiz sizga xoʻp bilib ot qoʻygan ekan. Qarang, kimligingizni oʻzingiz ham bilmaysiz.
Uning koʻzlari olazarak boʻlib qoldi. Koʻliga tiralib oʻrnidan turmoqchi boʻlgandi, chap qoʻli kuchsizlik qilib yana oʻtirib qoldi.
— Kimsanboy, mendan yashirmay qoʻya qoling, — dedim bosiqlik bilan. — Ikkovimiz bitta qishloqning bolasimiz. Kimligingiz kaftimning chizigʻidek ayon. Siz Pavlik Morozovning sadoqatli izdoshisiz. Oʻz otangizni GPUga sotganingiz uchun “Hurmat belgisi” ordeni bilan mukofotlangan Kimsanboy Olimjonovsiz. Sizlarni frontga kuzatish marosimida qishloq komsomollariga: “Men koʻksimda buyuk Stalin bilan jangga kiraman”. deb koʻkragingizdagi Stalttn suvratini minbarda turib koʻrsatganingizda men ham bor edim. Sizga qora lak nima uchun kerakligini bilaman. Stalinning suratini chaplash uchun kerak. Bunaqa qilishning endi foydasi yoʻq. Saraton issigʻida terlagan badanga boʻyoq yopishmaydi. Koʻchib ketaveradi. Bundan tashqari… — deb zimdan unga nazar tashladim. Bopga oʻng tomonga burilib qolgandi. — Koʻksingizda Stalin borligini zeklar allaqachon bilib olishgan. Yakshanba kuni sizni yechintirib, koʻkragingizdagi qora lakni kerosin bilan, solyarka bilan, benzin bilan Stalinning suvrati koʻringuncha ishqalamoqchilar. Koʻksingizdagi Stalinni ming-minglab mahbuslarga koʻrsatishmoqchi. Sizga maslahat, xoʻjayiningizga ayting, sizni yo vaqtincha qamab qoʻysin, yo boshqa lagerga joʻnatib yuborsin.
Xoinni ogohlantirib toʻgʻri ish qildimmi, bilmadim. Harholda bir qishloqdan boʻlganimiz uchun shunday qildimmi, bilmayman, bilmayman.
Kimsanboyning kallasi chapdan oʻngga, oʻngdan chapga muttasil borib kelaverdi. Xuddi tutqanoq tutayotganga oʻxntardi. U mashakkat bilan oʻrnidan turib, boshini barak tomonga toʻgʻrilab qoʻydi. Baribir boshi yon tomonga silkinaverganidan yoʻlni koʻrolmay gandiraklay boshladi. Ikki marta yiqildi. Yana turdi. Koʻr odamday tusmollab yura boshladi. Unga ham rahmim keldi, ham updan jirkanib ketdim.
Ertasiga u qora lak olgani kelmadi. Tushlikka yaqin uchinchi barakda nimadir boʻldi. Oʻsha tomonga sanitar yugurib oʻtdi. Lager kasalxonasining jarrohi — katorjpik Shtokman va zambil koʻtargan ikki sanitar izma-iz oʻsha yoqqa yugurib ketishdi. Bir ozdan keyin zambilda konga belangan Kimsanboyni kasalxonaga olib oʻtishdi.
— Koʻksiga pichoq sanchibdi, — dedi barak navbatchisi. — Battar boʻlsin! Itga it oʻlimi. Mahbuslar baribir uni tirik koʻyishmasdi.
Kechqurun ishdan qaytgan Olimjon domla kasalxona baragi oldida u yoqdan-bu yoqqa asabiy borib-kelib turibdi. Eshik oldida maxorka chekib turgan sanitardan:
— Ahvoli qalay? — deb soʻradim.
— Bilmadim, hozircha bir nima deyish qiyin. Pichoq yuragiga bir santimetrcha kirgan.
Ertalab sanitar oldimga kelib:
— Bemor Yolqinov sizni soʻrayapti, — dedi.
Kimsanboy koʻkka boqib yotibdi. Ora-sira ojizgina ingrab koʻyadi. Tepasiga borib, axvolini soʻradim. Uning xushi joyida edi. Faqat koʻp qon ketganidan juda holsiz, bemajol.
— Hamqishloq, yaqinda muddatingiz tugab uyga ketasiz, — dedi u past tovushda. — Iltimos, dadam qamoqdan qaytib kelgan boʻlsa, mening uzrimni yetkazing. Gunohini qoni bilan yuvdi, deb ayting.
U charchadimi, hartugul, ancha paytgacha indamay yotdi. Navbatchi sanitar, kerakli gapini ayta olmayapti, deb oʻylab bizni xoli qoldirib chiqib ketdi.
— Bu dunyoning azoblaridan kutulishimga sanoqli soatlar qolgan. Sizdan oʻtinib soʻrayman, Shtokmanga ayting, jonim uzilishi bilan tanam sovumay, jasadim qotmay turib koʻksimdagi Stalin suvratini terim bilan shilib olsin. Fashistlarning konslagerida oʻliklarning terisini shilishda Shtokman assistentlik qilgan. Qandoq shilishni yaxshi biladi. U dunyoga ham Stalin bilan ketmay. U bilan bitta qabrda yotgulik qilmasin.
Uning bu gaplari iltimos emas, vasiyat edi.
— Xotirjam boʻling, albatta unga aytaman, — deb vaʼda berdim.
Fashistlarning konslagerida Kimsanboy Yolqinov oʻlikxonaga qorovul boʻlgan deb eshitgan edim. Oʻlgan asirlarni tikanli sim bilan oʻralgan joyga sarjinga oʻxshatib taxlab qoʻyganlar. Qish chillasida oʻliklar toshdek qotib, muzlab qoladi. Ularning ogʻizlaridagi tilla tishlarini olgʻirlar qoqib ketmasin, deb qoʻriqlashardi. Badanida yara-chaqasi yoʻq oʻliklarni ichkariga, issiqxonaga olib kirganlarida muz erib, murdalarning badani yumshab qoladi. Shundan keyin terisini shilish oson boʻladi. Bu terilardan tannoz xonimlarga sumkachalar, tanga-chaqa soladigan hamyonchalar, qayishlar yasashardi. Baʼzan yorilgan barabanlarga ham qoplashar edi.
Kimsanboyning oldidan chiqib, jarrox Shtokmanning xonasiga kirdim. Yolqinovning vasiyatini unga aytdim. Shtokman bosh chayqadi.
— Buni hatto xayolingizga keltirmang. Umrimda bunaqa ish qilmaganman. Ammo qilmagan ishimni zoʻrlab boʻynimga qoʻyib, otuvga hukm qilishgandi. Keyin otuv hukmini yigirma yillik katorgaga almashtirishdi. Kechirasiz, yana boshqatdan otuvga hukm etilishni istamayman!
Shu bilan Shtokman gapni kisqa qildiyu meni xonasidan chiqarib yubordi. Ertalab borganimda sanitar Yolqinovning sahar paytida joi berganini aytdi. Ichkariga kirib murdani koʻrmoqchi boʻldim. Ikki sanitar uning ustidagi choyshabni ochib, Stalinning suvratini tomosha qilishayotgan ekan. Pichoq Stalinning chap koʻzidan sal pastrogʻiga sanchilgan edi. “Dohiy”ning suvrati shu qadar mahorat bilan ishlangan ediki, xuddi tirikka oʻxshab koʻrinardi. Ajab, oʻlik tanada tirik Stalinning suvrati.
Mendan oldin Olimjon domla kelib, murdaga uzoq tikilib oʻtirganini, oʻpkasini bosolmay oʻkirib yigʻlaganini aytib berishdi. Qaytib chiqqanimda domla eshik kesakisiga boshini tirab, holsiz bir alpozda turardi.
— Domla, bir musulmonning bolasi olamdan oʻtdi, —dedim. — Shunga janoza oʻqitsak boʻlarmidi?
Domla indamadi. Uzoq sukutdan soʻng:
— Unga janoza lozim emas, — dedi. — Koʻkragida kofirning suvrati bor. Endi u bejanoza, bekafan koʻmiladi.
U shunday dediyu gandiraklab-gandiraklab, barak orqasiga oʻtib ketdi.
“Dohiy” Stalinning jasadi tuproqqa koʻmilmadi. Uni ichiga poxol tiqib, mavzoleyga, ustozi Lenin yoniga yotqizib qoʻydilar.
Bu yerda esa u bir xoinning badaniga yopishib, atigi bitta murda arang sigʻadigan goʻriga sherik boʻlib yotibdi.
Shu bilan ichimizdan chiqqan xoinning jirkanch umri yakun topdi.
1999-yil, 17-iyun.