Shodmonqul Salom. Bahorgi majlislar
Loyihani qo'llab quvvatlash uchub buyerga bosing
Tashqarida ilk bahorning yomgʻir isli sovuqqina yeli kirlanib qolgan qorlarni yalab, tarnovlarni tilga solardi. Kun sovuqqina boʻlsa-da, oftobli, bahorning kelgani endi rost, bulutlar ham shashtidan qaytgan yovday allaqanday mayinlashgan. Uy ichida, ikki qavat koʻrpacha ustida Norqul domla “Tafakkur” jurnalining eski sonlaridan birini muk tushgancha oʻqib, pechka yonida oʻtiribdi. Xonada oʻzidan boʻlak hech kim yoʻq: bola-baqra mol-holga qarab, kelin nevaralar ham tashqarida oʻz yumushlari bilan andarmon yurishibdi.
Domla, “hmm, ana, xalq, ana vatanparvarlik” deb ovoz chiqarib oʻz-oʻziga gapirindi. Tabiiyki, uning bu mulohazasi javobsiz qoldi. U koʻksini koʻtarib chuqur tin oldi-da, koʻkrak choʻntagidan xaltani olib til tagiga nos tashladi. Bu harakatlarni ham jurnaldan koʻz uzmay bajararkan, miriqib xoʻrsinib qoʻydi. Va derazaga boqib kech kira boshlaganini tusmol qildi. Oynadan koʻzini olib, tagʻin oʻz xayoli bilan boʻldi. Jurnaldan oʻqigani, Hasan Boʻriyev degan olimning Janubiy Koreyaga qilgan safariyu u yoqlardagi taʼlim tizimi rivoji, shu sohaning tarixi haqida edi. Urushdan soʻng pachavasi chiqib, ikkiga boʻlib yuborilgan, qarzga botgan bir mamlakat. Na yer osti, na yer usti biror resursining tayini yoʻq. Bugunga kelib jahondagi eng oʻziga toʻq, intellekti baland markazlardan biriga qanday aylandi-ya bu yurt? Oʻsha ogʻir vaziyatdagi qoʻli uzunroq odamlarning oʻz uyidan maktabu litsey oʻquvchilari uchun joy bergani, boshqalari esa tilla taqinchogʻi bormi, jamgʻargan puli bormi, maorifga ixtiyoriy tarzda topshirgani, bor kuch-qudratni taʼlimga, oʻqituvchilarga ajrim qilib, ularning sharoitini koʻtargani… va yigirma-oʻttiz yil deganda ilmli, diyonatli ikki avlod kadrlar yetishib chiqib, mamlakatni batamom isloh qilgani… bu endi olamshumul gap-da. Keyin bu ishlarning boshida turgan yaxshi rahbarlar va muhimi oʻzligini, oʻzining diyorini benihoya qadrlaydigan odamlar, xalq… “Xalq dengizdir” deb kim aytgan edi? Ha, Choʻlpon aytgan.
Norqul muallim shu taxlit oʻy surib oʻtirarkan, uy sirtidan kimdir chaqirayotganday tuyuldi unga. Nevaralardirda, deb xayol qildi muallim. Ammo shu payt eshik qiya ochilib kenjasining oʻgʻilchasi koʻrindi va bolakay:
— Jovli bobom sizni maylisga chaqirayapti, — dedi bobosiga. Bobosi ajablanib bolaga qaradi-da “Hozir” deb qoʻydi.
Qirq yilga yaqin maktabda adabiyotdan dars berib, pensiyaga chiqqan odamning bir joyda oʻtirishi qiyin. Qish kunida ziqlanib ketadi, u-bu narsa oʻqiydi, tengqurlari bilan oz-moz gurunglashib keladi, juma namozga chiqadi. Oʻzi aytganday, ayolining Izergil kampirning ertagiday oʻshagiga quloq osadi. Xullas, baʼzan zerikadi. Shu sababdan ham biror bir yigʻin boʻlsa, avval bahor yetib boradi. Jovli degani esa uch uy naridagi qoʻshni, mol doʻxtir. El oralab yuradi. Kimning iti quturgan, kimning kelini ketib qolgan, kimning moli yoʻqolgan — bari yaxshi-yomon gapni shundan olaverasiz. Quyunday gap, hovliqib gapiraveradi. Lekin koʻnglida kiri yoʻq, dal yigit.
Chol mahsichan ayvonga chiqdi va Jovli bilan koʻrishdi.
— Assalom-alaykum, domla bova.
— Keling qani, duxtir, aleykum.
— Domla bova, vaqt yoʻq, tegirmonning oldida maylis boʻlayapti. Borish kerak, tez boʻling.
— Nima maylis?
— Maktab remontga tushibdi. Mayda sinf oʻquvchilari uylarga boʻlib yuborilayotgan ekan, u yoq bizga uzoq. Shul oʻrtadan bir uyni belgilab, direktorni koʻndirish kerak. Boʻling! — Jovlining gap ohangi “domla bova” xoʻp deb majlisga borsa, direktorni oʻzi koʻndiradiganday alpozda edi. Domla uning xulqini bilganidan miyigʻida kulib qoʻydi: toʻgʻri oʻsgan terakday samimiy, mugʻombirlikni bilmaydi!
Bir pasdan soʻng doʻxtir bilan domla yoʻlga tushdilar. Jovli gap uqtirib, Norqul domla esa “Hmm-hmm” deb tegirmon oldida toʻplanib turgan yigirma-oʻttiz chogʻli odamlarga borib qoʻshildi. Hammasi shu dahaning odamlari, baʼzilari tegirmon devori yonida shamoldan panalab oʻtirishibdi. Xoliq aka — daha oqsoqoli, oʻrtada.
Gap shuki, maktab taʼmirdan chiqib, gazlashgunicha (hokimlik maktabni gazlashtirayotganini Norqul domla oʻsha yerga borgach bildi va ichida “rahmat-ye shu hukumatga” deb qoʻydi) beshinchi sinfgacha boʻlgan oʻquvchilar kattaroq, imkoniyati bor xonadonlarga tarqatib oʻqitiladi. Bu dahaning bolalari Soatmurod fermerning uyiga taqsimlanibdi. Fermerning uyi esa maktabning qavatida. Katta sinflar qoʻshni maktabga qatnab turar ekan. “Nima, Soatning uyicha uy yoʻqmi bizning qishloqda. Mana, Qosimning uyi sakkiz xonali — tipovoy qilib solingan. Ertaga direktor maylis qiladi. Bir kun boʻlsayam, bolalar payi choʻzilib yurmay yaqinroqqa qatnasin. Uyga ertaroq keladi, buyogʻi loygarchilik, bahorning tumovi deganday. Qirq-ellik oʻquvchi uzoqqa qatnamaydi-da, uch-toʻrt malimi shu yerga keladi. Uning ham ikkovi oʻzimizdan ekan. Shu gapga nima deysiz, domla bova?” Xoliq oqsoqol shunday derkan Norqul domlaga yuzlandi. Oqsoqolning yonida Qosim ismli ota-onadan yolgʻiz oʻgʻil boʻlgan hali uyi tilga olingan yigit ham indamay, qoʻlini qorniga qoʻyib, koʻz osti bilan domlaga qarab turardi. Domla esa atay qilganday, uyida hozirgina oʻqigan narsasidan taʼsirlanib, qolaversa, bunday gapning ustidan chiqib turgani uchun biroz hayajon bilan gapira boshladi:
— Nima ham der edik, maʼqul-da. Juda maʼqul oʻylabsizlar. Yaxshi gap. Lekin Qosimboyning oʻzi nima deydi bunga?
Yigʻilganlar endi Qosimning ogʻziga qarashdi. Qosim boʻynini qashladi, soʻng nafas yetishmayotganday dimogʻi bilan havoni soʻrib, u yoq-bu yoqqa qarab oldi. Soʻngra,
— Men… domla bova… — deb chaynalibroq gap boshladi. Uning “yoʻq” deyishidan, bitayotgan ishning bekor boʻlishidan choʻchibmi hamma sergaklandi va kimdir,
— Gapiring, Qosim aka, — dedi.
— Pechkangning koʻmirini obberamiz, — dedi Nurali otli oʻrta yashar kirakash.
— Tomorqangni bepul haydab beraman, — deb yubordi Sattor traktorchi. Bu gapga birov-yarim yosh-yalang kulib yubordi.
— Nimaga kulasilar, toʻgʻri-da. Buning ham vatani, otameros uyi. Ikki-uch oyga bolalarga joy bersa, kimning foydasi — oʻzimizning.
— Xoliq oqsoqolning bu gapidan soʻng hammaning lab-lunji yigʻildi. Qosim odamlarning koʻziga ikkilanayotganday, uyini yosh bolalar ivirsitib tashlasa, nima qilaman, deyotganday tuyuldi. Soʻng biroz jim turgach, tagʻin u yoq-bu yoqqa qarab oldi-da, kutilmaganda,
— Men roziman, — deb yubordi, — faqat…
— Xoʻsh-xoʻsh? Faqat…
— Faqat aytganlaringizni, bergan vaʼdalaringizni qilingizlar, — dedi Qosim endi kulimsirab.
— Ay, koʻzingdan, Qosimtoy. Bul-da gap, — Xoliq aka uning yelkasiga qoʻl tashladi.
Shu vaqt Nurali kirakash tashabbusni qoʻlga oldi.
— Vaʼdani bajaramiz! Qani Xoliq aka, hammaga ayting. Uy boshi ikki ming soʻmdan yigʻsin — koʻmirga. Yoʻl pulisi mendan, moshinam bilan Boysundan oʻzim yetkazib berib turaman, — dedi kirakash.
— Uy boshi emas-ye? — dedi Amin maxsum, — bir xilning bolasi bu yerda oʻqimaydi, yoshi katta. Baʼzi uylarda umuman oʻquvchi yoʻq.
Boʻlayotgan gaplarni tinglab turgan Xoliq oqsoqol gapga aralashdi:
— Maxsumning aytganiyam toʻgʻri, — dedi u bosiqlik bilan, — gap munday: har bir oʻquvchiga ming soʻmdan. Roʻyxatniyam, pulniyam Nuraliboyning oʻzi yozib, yigʻib oladi. Maʼqulmi?
Hamma baravariga “Maʼqul-maʼqul” deyishdi. Biri ikkinchi sinfda, birisi toʻrtda oʻqiydigan ikki nevarasi uchun Norqul domla ikki ming pulni shu yerning oʻzida Nuraliga tutqazdi. Nurali ham shu orada qogʻoz-qalamni qayerdan topdi, birdan roʻyxatga oldi va domlani namuna qilib hazilu chin gap aytib ketdi.
— E, malades, domla bova. Hamma shu ustozday boʻlsin! Oxirida bolalarga bir kun dars ham oʻtib berasiz endi.
Domla ham past kelmadi:
— Oʻtsam oʻtaman-da. Qirq yil dars berganda bir kun nima boʻpti. Hammangni oʻzim oʻqitgan boʻlsam.
Shunday qilib, daha odamlari “Ertaga soat oʻndagi majlisga hamma borsin, hech kim qolib ketmasin!” deyishib tarqalishdi.
* * *
Ertalab Norqul aka oyogʻi sirqirab ogʻrib uygʻondi. Bulutli kunlarda vaqt-bevaqt shunday boʻlib turadi. Qaysi bir yili Termizga borib koʻrinib ham kelgandi. Poliartrit deyishdi, kasalning ham turi koʻpaygan-da.
Oʻshanda domla vrachga:
— Muning oʻzbekchasi nima, tushuntirib ayt. Ota meros kasal boʻlsa, qora oqsoq boʻladi, — deganida, vrach kulib
— Ha, shunday desayam boʻladi, lekin aytilgan muolajani olib turish kerak, domla, — dedi.
Keyin vrachga boshqa bormadi. Qumga tushdi. Qaqshab ketaversa, baʼzan, sugʻur moy surib qoʻyadi, zirk ichadi. Va “Mana, ovrisang”, deydi-da yuraveradi. Ammo bugun maktabning majlisi borligi sabab, simillab turgan ogʻriq kayfiyatini tushirdi. Zoʻrgʻa tahoratga chiqib keldi. Odaticha mollardan xabarlashishga ham hafsala qilmadi.
Nonushtadan soʻng Jovli aka keldi. Oʻziga xos shaloyimlik bilan domlaning jigʻiga tegmoqchi boʻldi u:
— Ey, Norqul aka. Yigit odamga oyoq ovriviyam gap boʻldimi-yey. Shunday kunda yurmaysizmi, gursillab.
— Sen odamning kasalini qayoqdan bilasan, molingni bil, burnoch, — domlaning bu gapiga Jovli aka baqirib kulib yubordi.
Majlisga Jovli aka domlaning kichik oʻgʻli bilan birga ketdi.
* * *
Domla uyning oftoroʻya yonboshida peshinga tahorat olayotgan edi. Temir darvoza gʻiyqillab, Jovli akaning qorasi koʻrindi, izidan esa domlaning oʻgʻli kirdi.
Jovli aka domlaga yaqinlashib salom berdi. Oʻgʻli kelib domlaning uzatilgan qoʻlidan tortdi.
— Assalom-aleykum, — negadir Jovlining qovogʻi soliq, yuzi tundroqday koʻrindi.
— Valeykum-assalom, keling doʻxtir, — Norqul domla uning yuziga sin solib qararkan, qoʻlining sirti bilan koʻrishdi.
— Uyga torting qani, nima yangiliklar dunyoda?
— Yoʻgʻ-yey, Norqul aka, qaytaman.
— A, gap bering. Borasiz-da, shu tomi qiyshiq uyingizga, — domla Jovlining raftoridagi oʻzgarishni endi ochiq koʻrdi-da, uni tirsagidan olib, shu tomonga ogʻirini tashlab yurarkan, doʻxtirni ichkariga boshladi.
Domlaning roʻparasida koʻrpachaga tizzalab, allanechuk yelka qisib oʻtirgan Jovli doʻxtir sekin gap boshladi.
— Oyoq qanday, ovruv pasaydimi?
— Pasaymasa menga nima. Sendan qoʻrqamanmi endi, dedim-da, sizlar ketgali beri besh-olti daraxtni qaychiladim. Ha, maylis nima boʻldi?
— Maylis ham… yaxshi boʻldi. Men yaxshi tanimas ekanman, qoʻshni xoʻjalikdan kelgan yigit ekan, direktor.
— Sening ham tanimaganing bor ekan-da, Jovli, — dedi domla kulib.
— E, gapni boʻlmang. Xoʻsh… bi-ir maʼnili, gapiyam, oʻziyam bosiq yigit ekan. Gapni oʻzi boshladi, hammani maktabning, mahallaning gazlashayotgani bilan tabrikladi. Yangilik-da bizning qishlogʻimiz uchun. “Mana, bizning Ketmon mahallamiz ham gazlashadigan boʻldi. Maktab toʻliq rekonstruksiya qilinayapti. Shuning uchun hammaning xabari bor, boshlangʻich sinf oʻquvchilarini vaqtincha uylarga boʻlib oʻqishni davom ettiramiz…” Direktor shu yerga kelganda Xoliq akani nima jin urdi, joyidan irgʻib turib uning gapini boʻldi-qoʻydi-da. “Hoʻ, oʻrtoq Qobilov, biz oʻzimizning bolalarga joy topdik. Kengish, sakkiz xonali uy, ana Qosimboyning uyi. Shunga domlalaringizni jalb qilib berishingizni soʻraymiz…” Boshqa qishloqlardan ham odamlar bor deng, zal toʻla. Direktorning qovogʻi uyildi. Oqsoqolning gapining maʼnisidan ham koʻra oʻzining gapi boʻlingani alam qildi unga. Lekin shundayam ogʻirlik qildi. Xoliq akaga qarab “boʻldimi?” deganday qaradi-da, gapini davom ettirdi. “Oqsoqol, joyingizga oʻtiring. Biz sizlarning takliflaringizniyam hisobga olamiz. Toʻgʻri, Qosim akaning uyi siz aytganday, talabga javob beradi. Lekin biz avval Soatmurod fermerning uyini sizning dahangizdan qatnaydigan oʻquvchilarga moʻljal qilgan edik. Soʻng domlalar bilan, tumandagi kattalarimiz bilan maslahat qilib, Normurod bugʻaltirning uyini belgiladik. Unga ikki dahaning oʻquvchilari qatnaydi. Oʻqituvchilarimizga ham qulay. Chunki sinf-sinf qilib oʻqitgani yaxshi, muhimi — oʻrtaliq. Sizlarning ham, undan beridagi qishloqning ham oʻquvchisi bir joyga keladi. Qosim akaning uyi bu qishloqdagilarga uzoq. Bu ishlar vaqtincha, bilasizlar. Nari borsa ikki yarim oy. Hamma bilib olsin-da: oʻquvchini vaqtincha tarqatish, degani maktabni tarqatish, degani emas! Toʻgʻri tushuningizlar, buni men oʻylab topganim yoʻq. Rayondan odam keldi, oʻquvchi kontingentini, oʻqituvchi sonini, ambulatoriyaning yaqinligini katta yoʻlni hisobga oldik. Qosim akaning uyi oldida katta kanal bor. Oʻquvchilarning javobgarligi mening boʻynimda, oqsoqol. Ularga uyda ota-onasi ega boʻlsa, maktabda, dars mahalida uvol-savobiga biz javob aytamiz”. Ey, Norqul aka, maʼqul gap — maʼqul-da. Boʻldi gʻovur-gʻuvur. Hamma, Xoliq akayam “maʼqul”lab qoldi. Oʻylab koʻrsam, toʻgʻri gapiryapti-da. Qisqacha gap shu. Lekin maylis tamom boʻlgach, Xoliq aka bilan ikkovimiz koʻchada qolib ketdik. Qosimning qovogʻi osilib, bizni tashlab ketib qopti. He yoʻq-be yoʻq, ketib qopti. Moshinasida borgan edik. Oqsoqol ham, men ham hayron. Nurillaning “Damas”iga tiqilishib kelib oldik-ku, lekin Xoliq aka xafa boʻldi-da…
— Qosim kechagi oʻzimizning yigʻindan keyin uyalgandir-da? — dedi Norqul muallim.
— Uyalib nimasiga uyaladi. Koʻpchilikning ishi-da bu. Xoʻp endi, domla men boray…
Jovli aka shunday dedi-da oʻrnidan turdi.
* * *
Oradan besh kun oʻtgach Norqul domla qoʻshni Mirshodi mahalladagi bir xudoyiga boradigan boʻldi.
Qaytishda yoʻl chetida turgan edi. Bir oppoq mashina kelib shundoq bekatning yonida ohista toʻxtadi. Ichkaridan ruldagi kishining yon oynani tushirib “Chiqing ustoz”, degan tovushi keldi.
Domla enkayib qaradi: maktab direktori Qobilov ekan. Norqul aka mashina oʻng kelganidan allanechuk quvonib qoʻydi va “Yo, bismillo” deb oʻrindiqqa choʻkdi. Domla direktor bilan soʻrashib undan-bundan gaplasharkan, ser solib uning yuziga qarab-qarab oldi.
Bir muddat shu zayl yurishgach, direktor gapni, aniqrogʻi Norqul domla kutayotgan gapni boshlab qoldi.
— Oʻtgan kuni yigʻilishda koʻrinmadingiz, ustoz?
— Oʻsha kuni sal mazam boʻmadi, uka. Shu eski kasal bor bizning, oyoq zirqillab qoladi. Ukangiz Termizga obborib bir-ikki marta qumgayam tushirib keldi. Shuytib… yaxshi oʻtdimi yigʻilish ishqilib?
— Yaxshi oʻtishga-ku yaxshi oʻtdi-da… Xoliq aka boshida odamni hayron qildi. Lekin oxirida-ku oʻziyam toʻgʻri tushundi.
— Ha, domillajon, koʻp bilan ishlagandan keyin, oz-moz shunday gaplar ham boʻladi-da.
Direktor ustozning bu gapidan uning majlis haqida eshitganini angladi va yoʻldan koʻzini uzmay borarkan, bir maromda gapirib ketdi.
— Endi, ustoz, mana oʻzingiz ham bir umr taʼlimning nonini yeb, shundan pensiyaga chiqdingiz. Bilasiz. Odamlarimiz ham qiziq-da, davlat maktabni gazlashtiryapti, stol-stuldan tortib, kompyutergacha yangilanyapti. Toʻliq remont boshladik. Oʻquvchi ikki-uch oy sizning uyingizda turib oʻqidi nima, mening uyimga qatnab turdi nima. Talab bor, qonun-qoida bor, bolalarning javobgarligi deganday. Har bir vaqtincha foydalanilgan uy uchun oyiga yuz ellik ming toʻlov toʻlanadi. Moliya bilan, gʻaznachilik bilan talashib-tortishib shunisigacha hal qildik. Buniyam men oʻylab chiqarganim yoʻq…
Norqul muallim direktorning soʻnggi soʻzlarini eshitarkan, beixtiyor Jovli doʻxtirning gap-soʻzlari esiga tushdi. “Ha, gap bu yoqda ekan-da. Hey, senlarni pul yesin, oʻzingning bolang uchun ham…” Domlaning koʻngli ogʻridi, ammo buni direktorga sezdirmaslikka harakat qildi.
Manzilga yetgach Qobilov bilan xoʻshlashib yoʻl chetiga tushdi. Pul uzatgan edi, direktor qoʻlini qaytardi:
— E, odamni uyaltirmang-yey. Bir duo qiling, ustoz, boshlagan ishlarimiz rivoj topsin.
Domla duo qildi, direktor ketdi. Domla soʻng… Xoliq oqsoqolning uyiga qarab yoʻlini burdi.
…Ha, maktabni bizning uyga tortaylik, deb, oqsoqolga Qosimning oʻzi aytgan ekan. Dahaning majlisida ikkilanganday boʻlib turgan bu xumsa muvaqqat maktab uchun toʻlov borligini Xoliq akagayam bildirmabdi. Oqsoqol esa buni Norqul muallimdan eshitib qattiq mulzam boʻldi. “Ey, otangning jiligiga Qosim yolgʻiz-yey…” deb odaticha soʻkinib yubordi. Bu hol Norqul domlani tagʻin asabiylashtirdi. Odamlar nega bunday-yey? Mana bu daha oqsoqolining ham xabari yoʻq, hatto ora yoʻlda betining pardasi yirtilgani qolibdi.
Norqul domla shu oʻylar bilan uyiga qaytdi. Eshik hatlab hovliga kirarkan qoʻlida shamol parrak tutib, oʻynab yurgan nevarasiga koʻzi tushdi va birdan tutaqib ketdi. Nevaraning qoʻlidagi boz barak oʻtgan kungi oʻzi oʻqigan jurnalning yaltiroq muqovasidan tayyorlangan edi. Domla beixtyor Xoliq oqsoqolga oʻxshab soʻkinib yubordi: “He, otangning jiligiga…”
“Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasi, 2012-yil, 9-son