..

Shukur Xolmirzayev. Nimadir yoʻq boʻldi

Loyihani qo'llab quvvatlash uchub buyerga bosing

Er — Qismatulla taʼsirchan, shoʻx edi. Xotin — Hikmatoy sovuqqon, xotirjam ham andak qoʻpolroq edi. Lekin ular bir-birini yaxshi koʻrar, shuning uchun tabiatlaridagi bu har xillikni sezmas edilar, goʻyo ular shundoq tugʻilganlaru shundoq boʻlishlari lozim edi.

Bir kuni bular bir ziyofatda boʻlib, bir eru xotinning oʻzaro va oʻzgalarga muomalasiga guvoh boʻlishdi. Ular bir-biriga shu qadar yarashgan, shu qadar odobli, harakatlariyu soʻzlari shu qadar dilbar va oʻzlariyu oʻzgalarga shunday ajib dildorliklar koʻrsatar edilarki, beixtiyor shu bazm qahramonlariga aylanib qolishdi…

Bazm tugagach, bu antiqa juft haqida har kim har xil fikrda ketdi. Qismatulla bilan Hikmatoy ham.

“Er ancha ogʻir… lekin xotini chuchmal ekan”, deb oʻyladi Hikmatoy.

“Ha, eri kulturniy, lekin xotini…” — Qismatullaning oʻyi oʻzga, notanish chiziqdan ketdi: u beixtiyor “qahramon xotin”ni oʻzining Hikmatoyi bilan qiyosladi va nazdida, xotini undan goʻzalroq tuyuldi, ammo taqqos muomala-munosabat masalasiga yetganda Qismatullaning koʻngli allanechuk orziqishga toʻlib, bir zum xayolga toldi: Hikmatoydan shu mahalgacha biron-bir iliq soʻz yo yoqimli bir dildorlik koʻrganini eslolmadi.

— Koʻrdingmi u er-xotinni muomalasini? — soʻradi u chidolmay.

— Koʻrdim, — loqayd javob berdi Hikmatoy. — Eri durust, lekin xotini koʻp kisliy ekan.

Qismatulla yongudek boʻlib ketdi.

— Senga shunday tuyulgandir-da, — dedi dagʻallik bilan.

Xotini eridagi yangilikni sezdi, bu uning hamiyatiga tegdi.

— Boʻlmasam, shunaqasidan topa qoling, — dedi-da, jadallab ketib qoldi.

Ular boshqa bir masala xususida tortishib, Hikmatoy shundoq ketib qolganda Qismatulla uning izidan borib uzr soʻrab, soʻng unga tegajaklik qilib, shoʻxlik qilib, koʻnglini olar edi — shu bilan oʻrtadagi inoqlik tiklanar edi. Shunisi qiziqki, erining bu odatini Hikmatoy ham yaxshi bilar va yoʻlakay uning yetib kelishini kutar, soʻng bir oz injiqlanib, yon berar — shu bilan inoqlik barqaror boʻlishiga hissa qoʻshar edi.

Qismatulla xotinining ortidan qarab turar ekan: “Nima uchun endi hamisha men gapirishim kerak?” deb oʻyladi birdan va oʻziga oʻzi uqtirdi: “Bu safar oʻzi” gapirsin!»

Ular uylariga yetguncha bir-biriga gap qotishmadi. Xonaga kirib, kresloga choʻkishdi va shunda nozik bir holat maydonga keldi: ular beixtiyor bir-biriga, qarashdi.

Ilgari mabodo biron masala xususida shunga oʻxshash vaziyat sodir boʻlib, soʻng favqulodda bir-biriga qarashganda Qismatulla… kulib yuborar, soʻng Hikmatoy ham oʻziga xos zoʻrgʻa tabassum qilar edi. Shuning bilan yarash-yarash…

Qismatullaning koʻzi xotiniga tushdi-yu, ichidan tomogʻi tomon bir kulgi otilib chiqib kelayottanini payqadi, ammo: “Yoʻq, bu gal u kulsin!” deb oʻyladi. Xotini esa teskari qaradi.

Qismatulla shu kecha beixtiyor tarzda oʻzining taʼb-tabiati haqida xayol surib qoldi va unga birdan shunday tuyuldiki, oʻzi shoʻx, taʼsirchan, xotiniga tegajak boʻlgani uchun xotini shundoq: sovuqqon, xotirjam, hatto qoʻpolroq.

Qismatulla ahd qildi: endi buning teskarisi boʻlishi kerak, endi oʻzi sovuqqonu xotirjam boʻlishi kerak, shunda xotini oʻzi kabi… boʻladi.

Odatda, ertalab Qismatulla choyga unnar, Hikmatoy toʻshaklarni yigʻar edi. Bu kun Qismatulla choysiz joʻnavordi ishga… Hikmatoyning ham achchigʻi keldi va toʻshagini yigʻmayoq kiyinishga tutindi. U taxminan erining koʻnglidagini sezgan, shuning uchun undan oʻch olishga ahd qilgan boʻlsa ham ajab emas.

Bir hafta oʻtdi. Er-xotin begonalar kabi yashashdi. Qismatulla qiynaldi, oʻrtandi: oʻrgangan koʻngil oʻrtansa qoʻymas. Shubhasiz, Hikmatoy ham azob chekkan boʻlsa kerak: axir u ham Qismatullaga oʻrgangan…

Keyingi haftada xotin istirohat oyiga chiqdi va Vengriyaga turist yoʻllanmasi olib keldi. Kiyim-kechaklarini chamadonga solar ekan, eriga eshitilarli qilib:

— Erta ketaman, gruppamiz boshligʻi biletniyam olibdi, — dedi.

Qismatulla unga yalt etib qaradi. Nimadir deyishni burchi deb bildi.

— Yaxshi. Men ham ketaman… Sen kelgandan keyin, — dedi.

Tamom. Bu yoshlar yosh ziyoli er-xotinlar oʻrtasidagi rasm boʻla boshlagan bir odatni — yoshlikda dunyoni koʻrib kelish uchun xorijga chiqishni oʻzlariga qabul qilgan, mana uch yildirki ular goh yolgʻiz, goh birlikda chetga chiqishar edi.

Mabodo birining qolib, birining ketishiga toʻgʻri kelsa, oʻsha kuni uylarida uyqu ham kam boʻlar edi… Lekin bu tun eng shirin va lazzatli tun sifatida yodlarida qolar edi.

Bu tun ham ular kam uxlashdi. Ammo gapsiz, soʻzsiz. Shundoq daqiqalar boʻldiki, Qismatullaning birdaniga ehtiros bilan “boʻldi!” deb Hikmatoyni bagʻriga olishiga, Hikmatoyning ham bunga juda tayyor turganiga bir bahya qoldi.

Ertasi Hikmatoy “pasadka” eʼlon qilingan samolyot maydoni tomon borayotganida ham nozik hollardan biri sodir boʻldi…

Odatda, bunday mahalda Qismatulla xotiniga hazil gaplar aytar, kular edi. Hikmatoy ham ichida behad zavqlanar, xursand boʻlar edi…

— Xayr, — dedi Qismatulla.

Qismatulla uchun bu birinchi yolgʻizlik kechasi ham azob keltirdi. Garchi u shu kunlarda xotini bilan begonalardek yashagan boʻlsa-da, bari bir u qalbining muhim bir goʻshasini tabiiy holda toʻldirib turgan ekan. Chamasi, Hikmatoy ham Moskva mehmonxonasida rohat qilib dam olmadi.

Oradan hafta oʻtib, Qismatulla ahvoliga koʻnika boshladi. Xotini qaytib keladigan kundagina u tanish, olis bezovtalik ichida qoldi, intizorlik bilan tong ottirdi, hayajon bilan uni kutgani chikdi.

Hikmatoy ham chamasi shu alfozda yetib keldi va erining qarshisiga peshvoz yugurdi.

— Salom, — dedi Qismatulla.

— Salom, — dedi Hikmatoy.

Ularning qoʻllari tutashdi, lekin shunda: “Hozir oʻziga tortadi”, deb oʻyladi Hikmatoy. Qismatulla esa u tomon choʻzilayotgan qoʻlini zoʻrgʻa tutib: “Yoʻq… oʻzi-oʻzi”, deb oʻyladi. Bir necha daqiqa oʻtdi va qoʻllar ajralishdi. Shunda Hikmatoy kulimsiragan boʻldi. Qismatulla ham goʻyo odob yuzasidan unga javoban jilmaygan boʻldi.

Soʻng, hayron boʻlishgan kabi avtobus bekati tomon jilishdi.

Uy, tun, toʻshak…

— Haliyam… oʻzi… oʻzgarmadimi odatingiz? — dedi Qismatulla.

— Sizniki-chi? — dedi Hikmatoy.

Shunda ular turib oʻtirishdi, bir-biriga bir vaqtning oʻzida egilishdi va bir-birini quchishdi, ammo ular kutganiga qarshi, shunday tuyuldiki, egilishmasa ham, quchishmasa ham boʻladi…

Buni anglab, birdan ajralishdi va bir-biriga qarashdi: tushundilarki, oralaridan nimadir… nimadir yoʻq boʻlgan!

1965-yil