..

Sodiq Hidoyat. Zoʻraki nikoh

Loyihani qo'llab quvvatlash uchub buyerga bosing

Kech tushib qolgan, togʻlar orasidagi qoʻrgʻon yonida, moʻjazgina qahvaxona hovlisida, tut soyasidagi yogʻoch karavotda ikki kishinigina koʻrish mumkin edi. Gramafonda dilrabo musiqa taralardi.

Qahvachi esa, ulardan ancha narida, samovorga oʻtin qalash bilan ovora edi. Tut soyasidagi musohiblarning biri ozgʻin, koʻzlari ich-ichiga botgan, choʻqqisoqol qariya Mashhadi Shahboz qalandarsifat, yuzidan horgʻinligi sezilib turgan suhbatdoshi Mirzo Yadollohga maʼni berar, edi. Bir qarashda ularning yangi, tasodifiy tanishlar ekanini sezish mumkin edi. Ular zamonaning bevafoligi, xotinlarning beandoza qiliqlari xususida qizgʻin bahslashishardi. Gap tirikchilik masalalariga, pul topishning chandon ogʻirlashib borayotganiga taqaldi.

- Tirikchilik odamni ne kuylarga solmaydi, - boshini likillatib gap boshladi Shahboz. – Qilmagan ishimiz qolmadi. Bir paytlar Tehronda baqqollik doʻkoni ham ochganman. Kuniga olti qironga yaqin pul topardim. Uchma-uch roʻzgʻorga yetkazardim.

Hamsuhbati Mirzo Yadolloh ilkis uning soʻzini boʻldi:

- Nima, hali siz baqqolchilik ham qilganmisiz? Mening baqqol jamoatidan koʻnglim qolgan.

- Nega? – ajablandi Shahboz.

- Buning tarixi uzun. Siz avval gapingizni tugating!

Shahboz soʻzida davom etdi:

- Shunday qilib… ha, doʻkonim bor edi. Shu kasbning orqasidan yaxshimi-yomonmi ancha payt tirikchilik qildim. Shu fursatda bir zaifa yoʻlimdan chiqdi, E, u xotinmas bir oʻt parchasi ediki, asti qoʻyavering. Xullas u bilan oila qurdim. Men uni yeru koʻkka ishonmas edim. Xotin zoti erkakning terisi ostiga kirib olmasin ekan. Butun aqlu hushimni egallab olgandi. Inon-ixtiyorim uning qoʻlida edi. Besh yil avval mendan koʻngli qoldimi, yo boshqa birovga koʻngil qoʻydimi, harqalay “talogʻimni ber, ketaman”ga tushib oldi. Hech narsa deyolmadim. Bor-budimni sotib, pulni boʻgʻchaga joylab, ikki yashar bolasini ergashtirib ketvordi. Avvaliga xiyla yengil tortdim. Qulogʻim tinchidi deb oʻylagandim. Ammo, bu xotin meni tamomila oʻziga bogʻlab olgan ekan. Besh yildirki, oromi qarorim yoʻqolgan. Na yotish-turishimda, na yeb-ichishimda baraka qoldi. Bittayu bitta zurriyodim, koʻzimning qorasiga nima boʻldi, kimlarning qoʻlida qoldi, bilmayman.

- E, bu xotin zotini tushunish qiyin, - bosh chayqadi Mirzo Yadolloh. – Bunaqa bevafo ayollar aslida erkaklarning eʼtiboriga, gʻamxoʻrligu parvarishiga arzimaydi.

- Ayolimning juda gʻalati feʼli bor edi, - Shahboz peshonasini tirishtirib, xotiralariga berildi. – Baʼzan hech kim bilan gaplashmas, juda odamovi boʻlib qolar, nuqul hech narsa gapirmay uh tortgani tortgan edi. Shunda “avvalgi erini qoʻmsab qolgandir” deya ichimni rashk tirnay boshlardi.

- Nima, siz uning ikkinchi erimidingiz? – soʻradi Mirzo Yadolloh qiziqsinib.

- Ha, - bosh irgʻadi Shahboz. – Qoʻlimdan kelganicha, uning koʻnglini ovlashga, mehrini qozonishga intildim. Borimni yoʻliga nisor qildim. Aytganini bajardim. Ammo, na iloj. Ketdi. Uni yana bir koʻrsam, yuzma-yuz kelsam edi, deb orzu qilaman. Loaqal oʻgʻlimni koʻrish nasib etsaydi…

- E, birodar, bir kam dunyo deydilar, - unga taskin bergan boʻldi Yadolloh. – Sabr qilgan murodiga yetar, deydi. Yaratgan ham sabrlilarni xush koʻrarmish. Oʻzim ham minbar tepasida boʻlganimda, hamisha aytardimki, as-sabru miftoxul farax, yaʼnikim sabr shodlik kalitidur…

- Siz olim boʻlganmisiz, - soʻradi Shahboz.

- E bu oʻn ikki yilning naryogʻidagi gaplar, - afsus bilan bosh tebratdi Yadolloh. – Hozir koʻzrib turganingizdek bir ovorayu sargashta kimsaman. – u bir muddat jim qolib, ogʻir xoʻrsindi. – Mening ham hayotimni bir ayol barbod qilgan.

- E bu xotinlar dastidan dodingni kim aytasan, - dedi Shahboz.

- Yoʻq, bu voqeaning xotinlar makriga aloqasi yoʻq. Bunga faqat oʻzim aybdorman. Agar Tehronda yashagan boʻlsangiz, Abuviy degan kishini eshitgandirsiz? Otamning dovrugʻi bir paytlar butun shaharga taralgan edi. Qissaxonligu qasidaxonlikda, voizligu duogoʻylikda hech kim uning oldiga tusholmasdi. U qatnashgan majlislardan odam shu qadar tirband boʻldardiki, igna tashlasang yerga tushmasdi.

Ammo, otam oʻz shonu shuhratini oʻzi bilan olib ketdi. Biroq, ot izini toy bosadi deb, men uning oʻrnini egallashga harakat qildim. Otamning johu jalolini tiklab, hujrasiga egalik qila boshladim. Oʻzim talaba edim, oladigan nafaqam yegan-ichganimga yetmasdi. Har qalay vaʼzu qasidalar oʻqib, tinglovchilar eʼtiborini tortishga, ular ichidan oʻzimga muxlis topishga urindim.. Koʻp oʻtmay otamning munosib izdoshi ekanim elga maʼlum boʻldi. Shu-shu meni baʼzi xastalarga dam solib duo oʻqishga ham chaqiradigan boʻlishdi. Bir oqshom meni bir bemorga dam solish uchun olib ketishdi. Qarasam oʻn-oʻn ikki yoshli qizcha ekan. Nafasim unga qanchalik kor qilganini bilmadim, ammo u oʻsha zahoti meni xasta qilib qoʻygandi. Alqissa oʻsha qizchaga koʻnglim sust ketdi.

Ungacha ikkita siygʻa (shia mazhabiga mansub musulmonlar uchun vaqtincha nikohdagi ayol – tarj) bilan yashab, keyin ularning javobini bergandim. Ammo, bu qizcha ularga oʻxshamasdi. Xullas, ikki kun oʻtib, uning uyiga uch tuman pul, bir sidra kiyim-bosh va mayda-chuyda bilan sovchi joʻnatdim. Qizning ota-onasi koʻp kuttirmadi. Kamtarona toʻy qilib oʻylandim.

…Kechqurun uning yoniga kirdim. U shu qadar kichkina va norasida ediki, oʻzimdan oʻzim uyalib ketdim. Unga rahmim kelardi.

Axir, uning hali ona suti ogʻzidan ketmagan, oila nima, er-xotinlik nima, anglaydigan yoshda emasdi. Biroq, yoshi yetmishdan oshib, toʻqqiz-oʻn yashar qizlarni har xil hiylayu nayranglar bilan qoʻlga kiritadiganlar ozmunchami?

Ruboba (uning ismi shunaqa edi) meni koʻrishi bilan dagʻ-dagʻ titray boshladi. Qoʻlimni tekkizishga ham botina olmasdim. Unga yaqin borishim bilan yigʻlay boshlardi. Xullas, uni karavot ustiga yotqizib, oʻzim undan ancha narida, yerda yotadigan boʻldim. Oʻsha ondan yaxshi gap bilan uni rom qilishga kirishdim. Oʻsha kuni unga bitta ertak aytib berdim. Ertasi kuni yana bir ertakni yarmigacha aytdim. Uchinchi kuni indamay yotsam, Rubobaning oʻzi “kechagi ertakning davomi nima boʻldi, podshoh Jamshid ovga chiqqan joyda toʻxtatib qoʻygandingiz” dedi. Men shu gapni kutib turuvdim. “Boshim ogʻriyapti, quvvatim yoʻq, baland ovozda gapirolmayman, yaxshisi senga yaqinroq boray” dedim. Ertakni aytarkanman, unga tomon siljib boraverdim. Oxirida…

Shahboz musohibining suhbatini eshitib kula boshlagandi, ammo uning koʻzoynagi ortidan yoshli koʻzlarini koʻrishi bilan oʻzini qoʻlga oldi.

Mirzo Yadolloh esa, joʻshqin ovozda hikoyasini davom ettirdi.

- Bu gaplarga oʻn ikki boʻldi. Oʻn ikki yila-a? Qanaqa ayol edi u? Mehribon, aqlli, odobli. Saranjom-sarishta, orasta edi. Oʻzi kichkina boʻlsayam hammasiga ulgurardi. Kichkina qoʻlchalari bilan kir yuvar, tikish-bichish qilar, shirin-shirin ovqatlar pishirardi. Men unga oʻqish-yozishni oʻrgatdim. Tez orada Shayx Saʼdiyning ham sheʼrlarini yoddan aytib beradigan boʻldi. Xullas, uch yil u bilan baxtli hayot kechirdik.

Oʻzingiz bilasiz, bir tovuqqa ham don kerak, ham suv. Tirikchilikning oʻzi boʻlmaydi. Faqat qasidaxonlik qilib, guzarma-guzar kezib topgan pulim roʻzgʻorga yetmaydigan boʻp qoldi Kelishmovchilik ham ana shundan kelib chiqdi. Doʻst bor, dushman bor, kimdir xotinimni yoʻldan urib, oramizga sovuqchilik tushdi.

Nima boʻldiyu, kunlarning birida qattiq tortishib qoldik. U avval koʻzimga musichadek beozor, xokisor va muteʼ boʻlib koʻringani bilan turgan bitgani zahar zaqqum ekanini oʻshanda bildim. Uni tinchlantirish uchun har qancha urinmay toʻxtatishning iloji boʻlmadi.

- Qanchalik peshonam shoʻr ekan. Oʻz uyimda yogʻ ichidagi buyrakdek yayrab oʻsgandim. Yeganim oldimda, yemaganim ortimda edi. Qurumsoq otam kelib kelib sendek bir tilanchiga meni sotdi. Mening tengim aslida sen emasding. Bu kunimdan oʻlganim yaxshi emasmidi? Sen bilan boshqa yasholmayman.

Harchand oʻzimni qoʻlga olishga urinmay, uddasidan chiqolmadim. Axir sabr-toqatning ham cheki boʻladi. Koʻz oldim qorongʻilashib ketdi. Dasturxon boshida oʻtirib edim, ovqat toʻla idishni olib, hovliga irgʻitdim. Shart oʻrnimdan turdimu, xotinimnig qoʻlidan tutib, qoʻshni hovlida turadigan Shayx Mahdiyning yoniga bordim. Uning guvohligida xotinimni uch taloq qoʻydim.

Ertasi kuni uygʻonib, tundagi holatning dahshatini tasavvur qildimu dunyo koʻzimga qorongʻu tuyuldi. Pushaymon boʻldim. Ammo, endi bundan nima naf? Xotinim menga harom boʻlgandi. Devonaga oʻxshab, koʻchama-koʻcha sargardon kezdim. Meni koʻrgan tanishlarim ham tanimay oʻtib ketishardi.

Xotinimni qanchalik sevishimni oʻshanda payqadim. Na yeyish-ichshimda, na yotish-turishimda halovat bor edi. Hatto uyda ham qamalib oʻtirolmasdim. Uydagi hamma narsa uni yodimga solaverardi. Axiyri mazam qochib yotib qoldim. Rost, uylanay desam, daraxt shoxidan qiz yogʻilardi. Ammo, hech kim uning oʻrnini bosa olmasdi.

Shu tariqa ikki oydan ziyod vaqt oʻtdi. Uning iddasi ham tugab qoldi. Men har qanday yoʻl bilan boʻlmasin, uni qayta nikohimga olishga ahd qildim. Necha martalab eshigiga bosh egib bordim. Ammo, foydasi boʻlmadi.

Bilasiz, shariat hukmiga koʻra, taloq qilingan xotinni qayta nikohga olish uchun kimgadir tegib chiqishi kerak. Ikkinchi erning haramini koʻrmay, avvalgi eriga qayta olmaydi. Demak, pul toʻplab, ijoraga birorta muvaqqat er topishim kerak edi.

Mahallamizda bir baqqol yashar, uning basharasiga qaragan odamning qusgisi kelardi. Umrida betini yuvmagani uchunmi, yetti kuchuk yalasa toʻyardi. Oʻziyam yarimta piyoz uchun bosh kesishga tayyor kimsalardan edi. Borib, unga vaziyatni tushuntirdim. Hamma xarajatni oʻzim koʻtarib, Rubobani bir oqshom unga nikohlab beradigan boʻldim. Ustiga ustak qoʻliga besh tuman pul ham berdim.

Shahboz hamsuhbatining gaplarini eshitib, boshini xiyol egib oldi. Chamasi u Yadollohning hikoyasidan mutaassir boʻlmoqda edi.

- Oʻsha oqshom yantoqning ustida yotgandek uxlolmay chiqdim. Uch yil bir yostiqqa bosh qoʻygan ayolimni birov ismini tilga olsa, chavaqlashga tayyor turardim. Endi esa, oʻz qoʻllarim bilan uni bir bedavoning qoʻyniga solib qoʻydim. Xullas, amallab tong ottirdimu, sahar turib, baqqolning uyiga yoʻl oldim. Uni chaqirib, eshigida bir soat kutdim. Nazarimda bir asr oʻtgandek boʻldi. U chiqishi bilan “Qani, xotinimni chaqir, kelishuvga binoan uni taloq qilishing kerak, har qalay senga besh tuman berganman” dedim.

Uning oʻsha fursatdagi shaytoniy qiyofasi koʻz oʻngimdan ketmaydi. Tirjaygancha “Toshingni ter, - dedi menga. – Ming tuman bersang ham senga xotinimning bir tukini ravo koʻrmayman”. Koʻz oldimda yashin chaqnagandek boʻldi.

Shahboz koʻzlarini olaytirib, Yadollohga yuzlandi:

- Subhonolloh, shunaqasi ham boʻlarkanmi a?

- Siz ishonmaysiz, birodar, - kadar bilan gapida davom etdi Mirzo Yadolloh. – Nima ham qilolardim? Haqiqat men tomonda boʻlganida oʻzim bilardim. Baqqolning niyatini payqadim. “Ming tumanga bir tukini bermayman” deganidayoq uning maqsadi faqat pul, kattaroq pul ekanini bildim. Ammo, menda oʻsha fursatda sariq chaqa ham yoʻq edi. Unga hech gap aytolmadim. Tomogʻimga nimadir tiqilgan, ovozim bitib qolgandi. Nokomu noumid uning eshigidan qaytdim. Qaytdimu dunyoi dunga ham etak silkidim. Egnimga qalandarlar jomasini ilib, hayyo huy deb yoʻlga tushdim. Mana oʻn ikki yilki, jahongashtaman, shaharma-shahar, qishloqma-qishloq kezaman, goh odamlar gavjum joyda qissaxonlik qilaman, goh muallimlik. Baʼzan unisi-bunisiga xat, ariza yozib berib, choychaqa ishlayman. Gohida qahvaxonalarda odamlarga Shohnoma oʻqiyman, vaqti kelsa, nay chalib beraman. Shu tariqa umrim ham poyoniga yetib bormoqda. Boya nima uchun baqqol xalqidan koʻnglim qolgan, deganimni endi tushungandirsiz?

U gapini tugatib, bir nuqtaga tikilgancha, jim qoldi. Shahboz boshini ikki kafti orasida qisib oʻtirardi. Nihoyat boshini koʻtarib, oh chekdi.

- Rubobaning chap yuzida chechakdan qolgan izi bormidi, - soʻradi dafʼatan Yadollohga yuzlanib. – Gapirganda koʻzlarini pirpiratib turarmidi?

Yadolloh dast oʻrnidan qoʻzgʻoldi:

- Sizga kim aytdi buni?

- Hayot insonni oʻzgartiradi, yuzlarga ajin tushadi, soch-soqol oqaradi, tishlar toʻkiladi, ovoz oʻzgaradi. Qarangki, ikkimiz ham bir-birimizni tanimabmiz. Axir siz, bir paytlar mahallamizda turgan shayx Rasulning oʻgʻli ogʻoyi Mirzo Yadolloh emasmisiz?

- Siz… kimsiz, - Mirzo Yadolloh, - bexos oʻrnidan qoʻzgʻoldi. – Yo tavba, oʻsha, meni oʻn ikki yildan beri sargardon yurishimga sababchi boʻlgan baqqol Shahbozmisiz?

Ikkovlon bir-biriga qadalgancha qotib qoldi.

Fors tilidan Rustam Jabborov tarjimasi