Somerset Moem. Nonushta
Loyihani qo'llab quvvatlash uchub buyerga bosing
Men uni teatrda uchratib qoldim, imlayotganini koʻrib, tanaffus paytida yoniga borib oʻtirdim. U bilan oxirgi marta koʻrishganimga ham ancha boʻlgandi, agar ismini aytib chaqirishmaganida, oʻylaymanki, uni tanimagan boʻlardim. U menga sinchkovlik bilan murojaat qildi:
“Ha, birinchi marta uchrashganimizga ham koʻp yil boʻldi. Vaqt qanday tez oʻtadi-ya! Hecham oʻzgarmabsan. Sen bilan birinchi marta uchrashganim esingdami? Meni nonushtaga taklif qilganding.”
Esimdami?…
Bu yigirma yil burun boʻlgandi. Men Parijda yashardim. Lotin kvartalida kichkina boshpanam bor edi va ishlab topgan pulimga tirikchiligim arang oʻtardi. Xonim mening kitobimni oʻqib chiqdi va menga bu haqda xat yozib yubordi. Men unga minnatdorlik bildirdim va koʻp oʻtmay undan yana bir xat oldim. Xatda uning Parijdan oʻtayotgani, men bilan uchrashish niyati borligi yozilgandi. Lekin vaqti chegaralangan, faqat kelasi payshanba kuni boʻsh boʻlardi. U mendan Fuayoda oddiygina nonushta berishimni soʻragandi.
Fuayo fransuz senatorlari ovqatlanadigan joy boʻlib, hamyonim koʻtarmaganidan u yerga borishni hatto xayolimga keltirmagan edim. Lekin menga xushomad qildilar, men esa ayol kishiga “yoʻq” deyish uchun hali juda yoshlik qilardim. Oy oxirigacha tirikchiligim uchun sakson frankim qolgandi, xolos. Oddiygina nonushta esa oʻn besh frankdan oshmasdi. Agar keyingi ikki hafta nafsimni kofedan tiysam, ishim joyida boʻlardi.
Uni Fuayoda, payshanba kuni, oʻn ikki yarimda, kutishimni yozib yubordim.
Xonim men oʻylagandek yosh emasdi. Aft-angori uncha koʻrimli emas, oʻzi hiyla savlatli koʻrinar edi. U haqiqatan ham qirq yoshlarda edi, oppoq dona-dona tishlari menga odatdagidan koʻpday tuyuldi. U sergap ayol edi. Men esa muloyim-qobil tinglovchi boʻlishga tayyor boʻlib turdim. Chunki, aftidan, u men haqimda gapirmoqchi edi. Taomnomani keltirishganda hayron qoldim, chunki narxlar men chamalagandan ancha yuqori edi. Lekin xonim meni tinchlantirdi.
“Men nonushtaga hech qachon ovqat yemayman”, dedi u.
“Qoʻysangiz-chi!” dedim oʻzimni himmatli koʻrsatishga urinib.
“Faqat bitta ovqat yeyman. Meningcha, bizning zamonamizda odamlar juda koʻp ovqat yeyishadi. Imkoni boʻlsa, ozgina baliq… Qiziq, ularda losos goʻshti bormikan?”
Yoʻq, bu paytda losos ovi mavsumiga hali erta edi, bu taomnomada ham yoʻq edi, lekin men ofitsiantdan birorta bordir, deb soʻradim. Ha, ularda bitta ajoyib losos bor ekan. Men uni mehmonim uchun buyurtdim. Ofitsiant: “Ovqat tayyor boʻlguncha biror nima yeysizmi”, deb soʻradi.
“Yoʻq, — dedi xonim. — Men faqat bitta taom yeyman. Agar sizda ozgina uvildiriq topilsa, mayli. Men hech qachon uvildiriqqa “yoʻq” demayman”.
Yuragim “shuv” etib ketdi. Uvildiriqni hamyonim koʻtarmasligini bilardim, lekin xonimga buni ayta olmasdim. Ofitsiantga harna qilib boʻlsa-da uvildiriq keltirishni buyurdim. Oʻzim uchun taomnomadagi eng arzon taomni tanladim. Bu qoʻy goʻshtidan tayyorlangan kotlet edi.
“Meningcha, siz goʻshtni juda yaxshi koʻrsangiz kerak, — dedi u. — Bilmayman, kotletday quvvatli taomlarni yegach, ishga qanday kirisharkansiz. Men hech qachon oshqozonimni qiynamayman.”
Soʻngra ichimlikdan gap ochildi.
“Men nonushta payti hech qachon hech narsa ichmayman”, dedi u.
“Men ham”, darhol javob berdim men.
“Oq vinodan tashqari”. U guyo men gapirmagandek soʻzini davom ettirdi: “Bu fransuz oq vinolari shunday kuchsizki. Bu vinolar ovqatni hazm qildirishda juda yaxshi”.
“Nimani xohlaysiz?”, soʻradim undan.
“Shifokorim menga shampan vinosidan boshqa hech narsa ichishga ruxsat bermaydi”.
Aftidan, rangim ozgina oqardi. Men bir shisha buyurdim. Oʻzimni xotirjam tutib, shifokorim menga shampan vinosini ichishni mutlaqo taqiqlaganini aytdim.
“Unday boʻlsa, siz nima ichmoqchisiz?”
“Suv”
U uvildiriq va losos goʻshtini yeb boʻldi. Keyin yayrab sanʼat, adabiyot, musiqa haqida gapirdi. Men esa hisob-kitob boʻyicha qancha toʻlashim haqida oʻylardim. Qoʻy goʻshtidan tayyorlangan kotletim tugaganida u dedi:
“Koʻrib turibman, siz nonushtaga quvvatli taomlarni toʻyib yeyishga odatlanib qolgansiz. Bu notoʻgʻri, albatta. Nima uchun menga taassub qilib faqat bitta taom bilan qanoatlanmaysiz? Aminmanki, shunday qilsangiz oʻzingizni juda yaxshi sezasiz.”
Ofitsiant qoʻlida taomnoma bilan yana kelganda, “Men faqat bitta taom yemoqchiman”, dedim.
Xonim uning nari ketishini ishora qildi.
“Yoʻq, yoʻq, men nonushtaga hech qachon hech narsa yemayman. Faqat yengilgina tamaddi qilaman, bundan ortigʻini xohlamayman. Men hech narsa yeya olmayman, lekin agar ularda birorta bundayroq sarsabil boʻlganda edi. Sarsabildan birorta yemay Parijdan ketsam afsuslangan boʻlardim.”
Yuragim shuv etib ketdi. Men sarsabilni doʻkonlarda koʻrgandim va haddan tashqari qimmatligini bilardim. Ularga koʻzim tushsa, koʻpincha soʻlagim oqardi.
“Xonimning bilgilari kelayotir, sizda sarsabildan birorta topilarmikan?”, soʻradim ofitsiantdan.
Men “yoʻq” deydi deb umidlandim. Uning keng yuziga mamnun tabassum yoyildi va u meni shunaqa katta, shunaqa chiroyli, shunaqa yumshoq sarsabillar borligiga ishontira ketdiki, hang-mang boʻlib qoldim.
“Men zigʻirchayam och emasman, — xoʻrsinib dedi mehmonim, — lekin, modomiki siz qattiq turib olgan ekansiz, sazangiz oʻlmasin, sarsabil yeyishga eʼtiroz bildirmayman.”
Men sarsabil buyurdim.
“Siz ham yemoqchimisiz?”
“Yoʻq, men hech qachon sarsabil yemayman.”
“Bilaman, uni yoqtirmaydigan odamlar ham bor.”
Biz sarsabil tayyor boʻlguncha kutdik. Meni vahima bosdi.
Gap oyning oxirigacha qancha pulim qolishidamas, hozir ovqatga toʻlashga yetish-yetmasligida edi. Mabodo oʻn frankcha yetmasa, mehmonimdan qarz soʻrashga toʻgʻri kelsa, juda yomon boʻlardi. Bunga qurbim yetmasdi. Men qancha pulim borligini aniq bilardim va agar toʻlashga pulim yetmasa, qoʻlimni choʻntagimga tiqib, tuyqusdan vahima solib baqirib, irgʻib oʻrnimdan turaman, pulimni oʻgʻirlashibdi, deyman, degan qarorga keldim. Undan ham ovqat haqini toʻlashga yetarli pul chiqmasa, u holda soatimni qoldirib, keyinroq qaytib kelib toʻlayman, deyishdan boshqa iloj qolmasdi.
Xullas, sarsabilni keltirishdi. Ular juda katta va ishtahani qoʻzgʻatadigan darajada edi. Qizdirilgan yogʻ hidi dimogʻimni qitiqladi. Xonim ularni qanday qilib jigʻildonidan oʻtkazayotganini kuzatdim va odatdagidek xushmuomalalik bilan Bolkonda daramaturgiyaning ahvoli haqida gap ochdim. Nihoyat u tugatdi.
“Qahvami?” deb soʻradim.
“Ha, faqat muzqaymoq bilan qahva”, javob berdi u.
Menga endi baribir edi, men oʻzimga qahva va unga muzqaymoq bilan qahva buyurdim.
“Siz bilasiz, men bir narsaga aminmanki, — dedi u muzqaymoqni yeb boʻlib, — ikkovimizdan birimiz ovqatga munosabatni oʻzgartirishimiz kerak, birimiz esa jindek koʻproq yeyishimiz ham mumkin.”
“Siz hali ham ochmisiz?” arang soʻradim men.
“O, yoʻq, men och emasman: koʻrib turibsiz, men nonushtaga hech narsa yemayman. Ertalab bir piyola qahva ichaman, keyin tushlik, lekin hech qachon nonushtaga bittadan ortiq taom yemayman. Men sizni gapirayotgan edim.”
“O, tushunib turibman!”
Keyin xunuk voqea yuz berdi. Biz qahvani kutib turgan paytda, yuzida soxta tabassum bilan katta-katta shaftoli toʻla savatni koʻtarib bosh ofitsiant oldimizga keldi. Bu payt shaftoli pishadigan mavsum emas edi. Ularning narxi birgina yaratganning oʻziga ayon. Men ham bildim, biroq sal keyinroq, bahonasida, u gapini davom ettira turib parishonlik bilan shaftoli oldi.
“Bilasizmi, siz qorningizni goʻsht bilan toʻydirib oldingiz, endi hech nima yeya olmaysiz. Men ozgina ovqat tanovul qildim, shuning uchun shaftoli yeb maza qilaman.”
Toʻlashim kerak boʻlgan hisob aytishdi. Toʻlayotganimda choʻntagimdagi pulim bazur yetishini koʻrdim. Uning koʻzlari bir lahza men ofitsiantga bergan uch frankka qadaldi va bildimki, u meni oʻtaketgan xasis odam, deb oʻyladi. Biroq restorandan chiqqan paytimizda hali oldimda butun boshli bir oy bor, choʻntagimda esa bir penni ham yoʻq edi.
“Mendan oʻrnak oling, — dedi u biz qoʻl siqishayotganimizda, — va hech qachon nonushtaga bittadan koʻp ovqat yemang.”
“Men bundan ham yaxshiroq qilaman, — javob berdim men. — Bugun tushlikka hech narsa yemayman.”
“Qiziqchi, xursandchilik bilan hayqirdi u, faytunga irgʻib chiqib. — Siz haqiqiy qiziqchisiz!”
Nihoyat men oʻchimni oldim. Hozirgi kunda uning vazni yigirma bir stoun*.
*21 stoun = 133,3 kg.
Ingliz tilidan Alisher Otaboyev tarjimasi