Stanislav Stratiyev. Shaxsiy fikrim qani?
Loyihani qo'llab quvvatlash uchub buyerga bosing
Ertalab Petrov bir qultum qahvasini ichdi-yu, xotinining peshonasidan oʻpib, ishga otlanmoqchi boʻlib, ostonaga yetganda hayallab, choʻntaklarini kovlashtira boshladi.
— Nimangni izlayapsan? — dedi xotini.
— Fikrim… mening fikrim… topilmayapti, — dedi Petrov kiyimlarini paypaslab, kissalarini kovlashda davom etarkan. — Qayoqqa tiqdim ekan-a!
— Anovi choʻntagingdagi shalvirab turgan nima?
— Dastroʻmolcham, — mingʻirladi Petrov. — Fikrim qayoqqa daf boʻldiykin-a?
U barcha choʻntaklarini agʻdarib koʻrdi, portfelini titkiladi, kiyimlarini qoqishtirib koʻrdi — topolmadi.
— Yoʻq, — dedi u xotiniga. — Sen bilmaysanmi, qayoqqa gʻoyib boʻlganikin?
— Yaxshisi, hovliqmasdan, astoydil izlab koʻr.
Petrov yana choʻntaklarini birin-ketin kovlashga tushdi. Afsuski, hech qayerda uning shaxsiy fikri yoʻq edi.
— Shoshmay tur-chi, — deya xotini peshonasini tirishtirdi. — Oxirgi marta sen uni oʻtgan yili, yanvar oyida eslagandek boʻluvding, shekilli. Korxonangda yillik reja tasdiqlanadigan kuni-chi?
— Yoʻq, xotin, adashyapsan. Men hali aqldan ozganim yoʻqki, yillik reja muhokamasiga shaxsiy fikrim bilan borsam!..
— Hmm… Ha, aytmoqchi! Keyin vazirlikka chaqirishuvdi-ku? Ehtimol, fikringni oʻshanda obketgan boʻlma tagʻin?
— Nimalar deyapsan, xotin? Vazirlikka kim ham oʻz fikri bilan boradi, a? Shunday nufuzli joyda, odatda, oʻzgalarning fikriga qoʻshilasan, bas! Yoʻq, u gal fikrimni obketmaganman.
— Unda qayoqqa gumdon boʻladi? Aslida bormidi oʻzi?
— Bor edi, bor edi, mana, endi yoʻq.
— Yopiray! Savil qolgur fikring qaysi kavakka kirib ketdiykin, a?
Xotini chuqur oʻyga toldi. Eri soʻnggi paytlarda qayerlarga boruvdi, oʻzi bilan oʻz fikrini qachon obketuvdi?
— O, topdim! — deb qiyqirib yubordi xotini. — Esingdami, Bosh direktoringga tishini qayrab yurgan Simeonov degan shartaki xodimlaring bor edi-ku, oʻshani ishdan boʻshatadigan kun esingdami? Fikringni oʻsha kungi majlisga obketgansan. Yodingga tushdimi?
— Yodimda, — dedi Petrov bamaylixotir. — Lekin oʻshanda bizdan majlis qarorini qoʻllab-quvvatlashgina soʻralgan, xolos. Shaxsiy fikr hech kimni qiziqtirmagan.
Xotini javonini ochib koʻrdi.
— Balki sen uni muhim hujjatlaring saqlanadigan gʻaladonga solib qoʻygandirsan?
— Qoʻygandim. Soʻng bir marta olish uchun ochib… oldimmi yo yana solib qoʻydimmi, esimda yoʻq.
— Menga qara, shu tobda shaxsiy fikring nega kerak boʻp qoldi? Nega yopishib olding? Axir, ishga ketyapsan-ku? Soʻrab qolsalar, “uyda qopti”, deb aytarsan-da.
— Xoʻp, aytarman. Mabodo, uni mutlaqo yoʻqotib qoʻygan boʻlsam-chi?
— Qiyomat qoʻpmas! Uningsiz ham binoyidek yashab kelyapsan-ku!
— Toʻgʻriku-ya… Har holda, doim uningsiz yashash ham yaxshimas. Biror nozik joyda kerak boʻp qolsa, nima degan odam boʻlaman?
— Kerak boʻlmaydi-yov…
— Yoʻq, har holda, har holda… Biror joyda bordir u? Hech boʻlmasa, bir qur qarab koʻraylik-chi!..
Xotini shiddat bilan kiyim-kechak, koʻrpa-toʻshaklarni agʻdarishga tushib ketdi…
— Mana u! — dedi xotini terlarini arta-arta. — Sen uni eski paltongning choʻntagida qoldiribsan. Bu paltoni, bilasanmi, ikki yil oldin chiqitga chiqarib tashlovding.
— Toʻppa-toʻgʻri, shaxsiy fikrim! — quvonib ketdi Petrov. — Ikki yil oldin opchiqqan ekanman-u, yana oʻsha joyida paqqos unutib qoldiribman-a?
— Men paltoni yuvishga topshirvorgandim-ov. Bu yoqqa ol-chi, kirmoshinda fikring ivib, titilib ketmadimikin? — Shunday deb xotini aylantirib-aylantirib, silkib-silkib, puflab-puflab eriga fikrini qaytarib berdi. — Yoʻq, jin ham urmabdi. Aksincha, xuddi yangidek.
— Albatta-da, men undan deyarli foydalanmadim, axir.
— Toʻgʻri qilasan. Menam paltongni bolaxonaga chiqarib tashlamoqchiydim. Baribir kiymaysan-ku!
— Menda yangisi bor-ku. Pochapoʻstin.
— Endi fikringni boshqa, koʻrinarli joyga qoʻy. Qutichagami, hujjatlaringning orasigami? Yaxshisi, eng ishonchlisi — omonat daftarchangning qatiga joylab qoʻya qolganing durust.
— Shunday qilaman!
Petrov shaxsiy fikrini daftarcha qatiga joyladi-yu, xotinining peshonasidan oʻpib, mamnun holda eshikdan chiqdi.
Ruschadan Ahmad Oqnazarov tarjimasi