Tohir Malik. Qargʻish
Loyihani qo'llab quvvatlash uchub buyerga bosing
Bola oʻlik tugʻildi. Bir kun oʻtmay xotini ham jon berdi. Janoza kuni shomdan keyin tugʻruqxonaning bosh vrachidan elchi kelib, bir qop sabzi-piyoz, yarim qop guruch, qoʻyning son goʻshtini tashlab ketdi. Ertalab paydo boʻlgan ikkinchi elchi bosh vrachning hukumat mukofotiga nomzodi qoʻyilganini aytib, “gʻalva chiqarmay oʻtiring, xoʻpmi”, deb ketdi. Tayinlamasa ham “yaxshi qaramaganliklaring uchun oʻldi”, deb tugʻruqxonadagilarga daʻvo qilish niyati yoʻq edi. U yerdagilarga pul berishga qoʻli kaltalik qilgan edi, endi daʻvolashishga tili kaltalik qildi.
Xotini “Toʻrtinchi bolani tuqqanimdan keyin toʻxtatamiz. Shularni eplab boqib, katta qilib olsak ham katta gap”, degan edi. Toʻrtinchisini tugʻdi ham, oʻzi bilan olib ketdi ham… Uchtasini boqib, katta qilishni uning zimmasiga yuklab ketdi… Kattasi oʻn uchda, kichigi hali ikki yoshga ham toʻlmovdi. Birovlar xotinining dunyoni erta tark etganiga, yana birovlar uning oʻziga achinishdi. Bu dunyodan ketganlarning qabrdagi hayotini koʻpchilik oʻylamaydi, toʻgʻrirogʻi, bilmaydi. U hayot Yaratganning Oʻzigagina maʻlum. Ammo uch bola bilan beva qolgan erning taqdirini oʻylovchi yaqinlari uning ertangi kunidan, norasidalarning qismatidan tashvishlanishdi.
Beva erning muammosini hal etish osonday tuyuladi. Birontasiga uylansa yana baxtini topganday boʻladi. Lekin bolalarning baxt topishlari mushkul. Uylariga dunyodagi eng mehribon oʻgay ona kirib kelsa ham kemtik baxtlarining oʻrni toʻlmaydi.
Ergashning uylanishiga doir fikrlar yaqinlarining xayolida janoza kuniyoq uygʻongan boʻlsa-da, marhumaning qirqidan keyin tilga koʻchdi. Ergash tabiatan yalqovroq boʻlgani uchun roʻzgʻor tashvishlarining bir uchini emas, asosiy qismini xotini koʻtarardi. Tomorqani ham eplardi, toʻyi boʻlayotgan kelinlarning kiyimlarini tikib berishga ham ulgurardi. Chevarligi atrof qishloqlarga tarqagani uchun, ayniqsa toʻy mavsumlari qoʻli-qoʻliga tegmasdi.
Xotinidan keyin tomorqa ham qarovsiz qoldi. Bolalarning betlaridan qon qochib, sargʻaya boshlashdi. Qishloq odatiga koʻra, beva erning bir yil davomida uylanishi ayb sanalsa-da, qarindoshlar kengashib, bu muddatni ikki oyga keltirishdi. Ayollar zimmalaridagi vazifalarini tez bajarishdi – shaharga yaqinroq qishloqda yashovchi xotinning chiroyi koʻngilga chiroq yoqa oladigan darajada boʻlmasa-da, ikki marta turmush qurib farzand koʻrmagani uchun, Ergashga maʻqul keldi. Qarindoshlar yigʻilishib, nikohlab qoʻyishdi. Rahimaning qoʻl-oyogʻi chaqqongina edi. Roʻzgʻor tashvishlarini zimmasiga oldi. Ammo qoʻl-oyogʻiga mos ravishda tili ham chaqqon edi. Bir haftadan keyin yalqov erini gap oʻtida qovurishni boshladi. Tigʻli gaplari Ergashga taʻsir etmagach, zahrini bolalarga socha boshladi. Ergash uning farzandsizligini eshitganida “tirnoqqa zor boʻlsa bolalarimga mehr qilar”, deb oʻylagandi. Chindan ham Alloh tirnoqqa zor ayollar qalbiga yetimlarga nisbatan mehrni moʻl-moʻl beradi. Lekin bunday ayollar orasida yuragini mehr emas, alamzadalik zahri bilan toʻldirganlari ham uchraydi. Bu xotinning ismi jismiga, ayniqsa ruhiga mos emas, “Rahima” atalgani bilan qalbida rahm-shafqat ozroq edi. Agar roʻzgʻorni Ergashnig oʻzi tebratganida ehtimol, uning tili ham, qoʻli ham uzun boʻlmasmidi… Bir tarafdan farzandsizlik alami, ikkinchi tomondan erning dangasaligi, gʻayratsizligi undagi gʻazab dengizini toʻldirib-toshirib yuborardi.
Rahima birinchi erini yaxshi koʻrardi. Na qilsin u bechora, shirin turmushi besh yil davom etdi. Ikkinchi eri ham yomon emasdi. Lekin u ham farzand talabida edi. Bunisida bunday talab yoʻq, faqat qorin gʻami bor. Rahima qismatiga shukr qiluvchilardan emasdi, oʻz taqdirini laʻnatlashga qoniqmay, erini, keyin bolalarni ham qargʻay boshladi. Qargʻab-qargʻab urgani bilan, bolalarni och-nahor tashlab qoʻymasdi. Kichkintoyning ishtonlarini yuvishdan irganmasdi. Ergash shuning uchun ham uning zaharliklariga chidadi.
U-ku chidadi, biroq, bolalarning chidashi qiyin edi. Bu uydan chiqadigan har bir tovushga ziyraklik bilan quloq tutuvchi xolalarning chidamlari ham uzoqqa bormadi. Ergashning katta qayin egachisi bolalarni koʻrgani kelgan kuni oʻrtancha oʻgʻil dasturxonga choy toʻkib yubordi. Rahima “ha, shumgina yetim!” deb qargʻandi-yu chap qoʻli bilan tarsaki tushirdi. Oʻrtada qiyomat gʻalvasi boshlanishi uchun shuning oʻzi kifoya qildi. Bir-birlarining sochlarini yulishmadi-yu, biroq, tillari bilan bir-birlariga kafan bichishdi. Oxiri Rahima “Bolalarga rahming kelsa, olib ket!” deb hayqirdi. Xola esa “Olib ketaman, Xudo bekorga seni urib qoʻymagan ekan!” deb javob qildi.
Bu onda Ergash choyxonada ulfatlari davrasida yayrab oʻtirgan edi. Uyga xuftonda shirakayf holda qaytib, gʻalati manzaraga duch keldi: xotini ayvonda oʻtirib olib qoʻl-oyoqlari yulib tashlangan qoʻgʻirchoqning boshiga ignalar sanchardi. Bu uyda oʻgʻil bolalar qoʻgʻirchoq oʻynashmasdi, qaydan topdi ekan, deb oʻylamadi. U xotinining harakatiga tushunmay angrayib qoldi. Rahima erining kelganini koʻrsa ham, oʻrnidan jilmay, ishini davom ettirdi. Eridan “Nima qilyapsan?” degan savolni kutdi. Ergash anqayib turavergach:
-Ha, koʻcha xandon, uy zindon, keldingizmi?-deb mingʻirladi.
-Keldim,-dedi Ergash.-Nima qilyapsan?
-Ilmu amal qilyapman.
-Bu nima deganing?
-Hali qaynagachingiz kelib sasib-sasib ketdi. Jiyanlariga achinib, olib ketmoqchi. Mening yaxshiligimni bilishmadi, urugʻlaringiz. Siz ham bilmaysiz. Xudo olsin, hammalaringni. Meni yomon deganlaring uchun, endi yomonlik qanaqa boʻlishini mendan koʻrasanlar. Bolalaringizni mana shunaqa jodu qilyapman. Agar xolasi ertaga olib ketmasa, uchchalasi birin-ketin til tortmay oʻladi. Endi bolalaringizning bu uyda turishlari mumkinmas, hatto shu koʻchadan oʻtishsa ham oʻlishadi. Meni haydayman, deb ovora boʻlmang, folbin jodu qilib qoʻydi: bu uydan chiqib ketgan kunim bolalaringiz oʻlishni boshlaydi. Menga endi baribir, nima qilsangiz qilavering.
Bu gaplarni eshitib, Ergashning butun badani muzlab ketdi. Xotini oxirgi gapni aytmaganida mushtini ishga solishi, keyin uni haydab solishi aniq edi. Ergash chorasiz qoldi. Xotinini soʻkishga ham tili bormadi. Taqdirini laʻnatladi-yu hovliga chiqib bir pas turib qoldi. Keyin bojasinikiga qarab yurdi. Qayin egachisi uni noxush kayfiyatda qarshiladi. Bir-ikki piyola choy ichilib, bolalar qismatidan gap ochilgach, kun boʻyi toʻplagan barcha zahrini Ergashga socha qoldi. Ergash “Menda nima ayb? Bu xotinni oʻzim topib uylanibmanmi?” desa ham oson qutula olmadi. Yaxshiki Rahimaning jodu haqidagi gaplarini aytmadi. Aytganida balolar doʻli ostida qolib ketishi aniq edi. Ergash “Xotinim insofga kirib qolgunicha bolalar sizlarnikida tursa boʻlarmikin?”, deb iltimos qilishga ogʻiz juftlaganida qayin egachisi bolalarni ertalab olib kelishini bildirib, mushkulini osonlashtirdi. Bu qarorga bojasi monelik qilmadi.
-Etimlarning rizqlari oʻzlari bilan boʻladi. Bu qismat barchamizga bir sinov, yetimlar bahonasida savob amallarimizni koʻpaytirib olamiz,-dedi. Oʻzining toʻrt farzandi yoniga na uch yetimning qoʻshilishi oqibatida tirikchilik aravasini tortish mushkullashishi haqida gap ochmadi. Faqat Ergashni kuzatish chogʻida “Ahli ayolingizga nasihat qilishdan charchamang, yetimlarning koʻnglini ogʻritib, gunohkor boʻlib qolmasin, buning jazosi ogʻir boʻladi”, deb qoʻydi. “Bu gunohga siz ham sheriksiz”, demoqchi boʻldi-yu bojalik hurmatini saqlab, tilini tiya qoldi. Ergash esa bojasining ogohlantirishini unutib yuboriladigan oddiy bir gap oʻrnida qabul qildi.
Rahima bolalarni chiqarib yuborishni istayotgan boʻlgani bilan ularning bu uyda oʻlishlarini xohlamas edi. Erini qoʻrqitish uchungina aytgandi. Lekin qoʻgʻirchoqning boshiga ignalar sanchayotganini katta oʻgʻil – Yoʻldosh eshik tirqishidan koʻrib oʻtirgandi. Oʻsmirlik ostonasida turgan bola oʻgay onasining gaplarini eshitib titrab ketdi. Jodu va oʻlim haqidagi gap Ergashning badanini muzlatgan boʻlsa, Yoʻldoshni hushidan ketgizay dedi. Onasining oʻlimi fojiasidan hali oʻziga kelmagan bola ukalarining ham oʻlib qolishini tasavvur etib, qoʻrqib ketdi. Yarim kechasi ukalarini uygʻotib, uydan qochishni ham oʻyladi. Lekin xolasining “senlarni ertaga olib ketaman”, degan gapiga ishonib, fikridan qaytdi.
Xolasi aldamadi. Nonushta paytida keldi. Yoʻldosh oʻgay onasining urishib berishidan qoʻrqib, ishtahasi boʻlmasa ham non chaynab oʻtirgan edi. Xolasini koʻrib, qafasdan qutilgan qush shodligida yengil tortdi. Baxtiga, xolasi oʻtirmadi, kechagi janjalni davom ettirmaslik uchun “Yoʻldoshjon, bolam, narsalaringni tezroq yigʻishtir”, dedi. Yoʻldosh olib ketadigan kiyim-kechak, daftar-kitoblarini kechasi tayyorlab qoʻygandi. Ukalariga “xolamnikiga borib oʻynab kelamiz”, degach ular quvnashdi. Oʻzining nazarida onasining ruhi kezib yuradigan, onasining hidi anqib turadigan bu uyni, bu muqaddas goʻshani butunlay tark etayotganini bilgani uchun yuragini birov yulib olganday boʻldi.
…kechalari onasi kelganday boʻlardi. Oq sharpa koʻrinishida kirib kelgan onasining bagʻriga oʻzini otardi. Onasi bilan gaplashardi…
…endi… onasi kirib kelganda uni kim kutib oladi? Onasi ularni qidirib boʻzlamaydimi?..
Koʻchaga chiqib, yigirma qadamlar yurgach, ortiga qaradi. Oʻgay onasining darvoza oldini supurayotganini koʻrib ajablandi. Bu onda xolasi ham qaradi-yu, supurishdan maqsadini fahmlab “Ha, qiligʻing qursin!” deb qoʻydi. Biron bir yoqimsiz mehmonning yana qaytib kelishini istamagan ayol uning ketidan supurardi yoki mayda tosh otib qoʻyardi. Rahimaning supura turib izlaridan mayda tosh otganini ketuvchilar bilishmadi.
Bolaning hayolot olami gʻoyat boy boʻladi. Kattalar eng yaqinlarining oʻlimiga tez koʻnikishadi, hatto unuta boshlashadi. Bola koʻnika olmaydi. Marhum ularning hayol olamida yashayveradi.
Xolasinikiga koʻchib borishgach, birinchi tunda Yoʻldosh bezgakka uchragan kabi toʻlgʻonib chiqdi. Onasini bu uyga ham kirib kelishini kutdi. Necha bor qaddini koʻtarib, ukalariga tikilib oʻtirdi. Oʻgay onasining jodu haqidagi gaplarini eslab, yana titradi.
Ertasiga maktabga otlanayotanida ukalariga “uyimizga bormalaring, koʻchamizdan ham oʻtmalaring”, deb tayinladi. Kenjatoy uning gapiga tushunmadi. Bosh irgʻab qoʻya qoldi. Ammo oʻrtancha oʻgʻil “Nimaga?” deb soʻradi. Yoʻldosh “Agar oʻgay onamiz koʻrib qolsa, doʻpposlaydi”, deb uni qoʻrqitdi.
Kunlar oʻtaverdi. Yoʻldosh adasini sogʻinganida choyxonaga qarab oʻtardi. Bora-bora adasini kamroq koʻrishga oʻzi ham, ukalari ham koʻnikishdi. Dastlabki kunlari “adamga boraylik”, deb yalinadigan ukalari harhasha qilmay qoʻyishdi.
Bunga Ergash ham koʻnikdi. Bojasining uyi uzoq emasdi, bolalarini har kuni kelib koʻrib tursa ham boʻlardi. Rahima bilib qolgan taqdirda ham “nega bolalarga serqatnov boʻlib qoldingiz!” deb toʻpalon qilmasdi. Quruq kirib borishdan uyalish bahona boʻlib, uzoqlashaverdi. Choyxonaga bir kun chiqmasa gangib qolardi, hayotini choyxonadagi ulfatlarisiz tasavvur qila olmasdi. Lekin bolalarini uzoq vaqt koʻrmay, sogʻinchsiz yashay olishi mumkin edi…
Ota shunday boʻlgach, bolada sogʻinch qoladimi? Yoʻldosh otasiz yashashga oʻrgana bordi. Biroq, onasiz yashashga koʻnikishi ogʻirroq boʻldi. Otani sogʻinmay yashash mumkin, lekin uy sogʻinchiga chidash mushkulroq ekan. Yoʻldosh payt poylab, oʻgay onasi yoʻqligida uyga kirib chiqishni ham oʻyladi-yu, jodu va oʻlim haqidagi gapni eslab qoʻrqdi. Bir kuni kenjatoy oʻzboshimchalik qilib uyiga bormoqchi boʻlibdi. Arang ushlab qolishibdi. Maktabdan kelib, bu xabarni eshitgan Yoʻldosh battar qoʻrqdi.
“Endi bolalaringizning bu uyda turishlari mumkinmas, hatto shu koʻchadan oʻtishsa ham oʻlishadi…”
Yoʻldosh shunday boʻlishiga, koʻchalarida oʻzinimi yo ukalarinimi ajal poylab turganiga ishonardi. Dardini xolasiga aytsa, u borib Rahima bilan janjallashardi, oʻgay ona esa yana qargʻardi… Yoʻldosh shunisidan choʻchidi. Oʻylay-oʻylay, jodudan qutilish chorasini topdi: yarim kechada turdi-da, “Oʻlsam oʻzim oʻlib qoʻya qolay, ukalarimga tegmasin”, degan qarorda uyiga qarab yurdi. Qoʻrqa-pisa qadam bosdi. Darvozasi qarshisida picha turdi. Qoʻshqanot temir darvoza oʻrtasidagi eshik gʻiyqillab ochilib, oʻgay ona koʻrinishidagi ajalning tashlanib qolishidan qoʻrqib, titradi. Yoʻq, eshik ochilmadi. Ajal hujum qilmadi. Aksincha, hovli yorishganday, darvoza ortida onasi yurganday boʻldi. Beixtiyor ravishda eshikka qoʻl uzatdi. Onasi tirikligida eshikni sira tambalamasdi. Aksincha, erta sahar turib, “xonadonimizga Xudo baraka kiritsin”, degan niyatda eshikni qiyalab ochib qoʻyardi. Rahima kelgach, shom qorongʻusi tushishi bilan eshik tambalanadigan boʻlgan edi. Bir kuni Ergash “namuncha qoʻrqasan, boʻri yeydimi?“deb tanbeh berganida “oʻrislarning maqoli bor: “Oʻzingni ehtiyot qilsang, Xudo ham seni saqlaydi”, deb javob qaytargandi.
Yoʻldosh bu tun oʻgay onasining odatini unutib, eshikni ochmoqchi boʻlgan edi…
Oʻsha tun ajal chang solmagan boʻlsa-da, kun davomida qoʻrquvdan qutulmay yurdi. Rangi oqarganini, ishtahasi tortilganini xolasi sezib, “kasalmisan?” deb peshonasini ushladi, keyin betidan oʻpdi.
Ikki kundan keyin koʻchasiga yana bordi. Bu safar koʻpam qoʻrqmadi. “Oʻgay onamning qargʻishi menga ura qolsin”, deb Xudodan soʻradi.
Shundan soʻng uyqusi oʻchgan tunlari oʻrnidan turib, uyi atrofini aylanib kelishni odat qildi. Bir kuni xolasidan “Birov birovni qargʻasa, bu qargʻish necha kundan keyin uradi?” deb soʻradi. Xolasi ziyrak ayol edi. Uning maqsadini anglab, boshini siladi:
-Yashshamagur oʻgay onang qargʻaganmidi? Qoʻrqma, uning qargʻishi oʻtmaydi,-dedi.
-Nega?-deb ajablandi Yoʻldosh.
-Xudo uni yomon koʻradi, yomon koʻrgani uchun ham shunaqa yomon qilib yaratgan. Bunaqalarning qargʻishi oʻziga uradi. Xudo qargʻovchi odamlarni yoqtirmaydi. Boshqalarga yaxshilik tilagan odamlarni yaxshi koʻradi. Bolam, sen katta boʻlib qolding, ukalaring tushunishmaydi. Oʻgay onang yomon boʻlsa ham, sen unga yomonlik tilama. Shunda Xudo ham seni yaxshi koʻradi…
Onasi ham “Kim yaxshilik qilsa, Xudo uni yaxshi koʻradi”, derdi. Oʻlimidan ikki hafta oldin bir qizning kelinlik sarpolarini tikib bergandi. Tikuvchilik bu qishloqda oʻgʻil bolaning hunari hisoblanmasa-da, Yoʻldosh onasiga koʻmaklashishni yoqtirardi. Ayrim ishlarga qoʻli ham kelib qolgandi. Boʻlajak kelin kelib, tayyor boʻlgan sarpolarini kiyib koʻrgach, koʻzlari yoshlandi. Onasi ajablandi. “Kuyov bolaga koʻnglingiz yoʻqmi, zoʻrlab uzatishyaptimi?” deb soʻradi. Qiz pastki labini tishlab, yoshli koʻzlarini javdiratib turaverdi. Onasi “Hozir yoqmasa, keyin koʻnglingiz yumshaydi, tashvishlanmang. Qiz bolaning taqdiri shunaqa ogʻirroq boʻladi”, deb unga dalda bergan boʻldi. Shunda qiz yigʻi sababini aytdi: tikuvchining haqini berishga nochorligini bildirganida onasi uni quchib, peshonasidan oʻpdi-da: “singiljonim, bu tikkanlarim toʻyingizga xolis bir xizmat. Mendan sizga toʻyona. Xudo menga bu safar qiz bersa, uni uzatayotganimda siz ham toʻyona qilib uzarsiz”, dedi. Qiz quvonib, rahmat ayta-ayta ketgach, onasi “Bizning rizqimizni Xudoning Oʻzi beradi. Yaxshilik qilib, Xudoning muhabbatiga yetish mumkin ekan”, degan edi.
“Hammaga yaxshilik qilaverganlari uchun Xudo yaxshi koʻrib, chaqirib oldimikin?”
Dunyo va oxirat savdolaridan bexabar bolaning ongi shu fikr bilan band edi.
Xolasi nasihat qilmasa ham, Yoʻldosh oʻgay onasiga yomonlik tilamayotgan edi. U adasining bu xotinni haydab yuborishini, ukalari bilan uylariga qaytib, toʻrtovlon baxtli-saodatli yashashlarini istardi xalos…
Yoʻldoshning ilmga muhabbati zoʻr edi. Muallimlari uni maqtay-maqtay, shahardagi litseyga yuborishni taʻkidlayverishgach, xolasi koʻndi. Shaharda oʻqishning harajati oilaning moddiy ahvoliga taʻsir etsa ham, singlisining arvohi xotirasi uchun bu zahmatni ham boʻyniga oldi. Bu zahmat uch-toʻrt haftagina davom etdi. Xolasini kutilgan qiyinchiliklardan Yoʻldoshning odobi, zehni xalos qildi. Badavlat oilaning yolgʻiz farzandi bilan yonma-yon oʻtirib, doʻstlashib qolgan Yoʻldosh uning dars tayyorlashiga yordamlashdi. Hatto qoʻshimcha dars beruvchi zukko muallimiga aylandi. Oʻzini tutishi bu bolaning ota-onasiga ham maʻqul kelib, uylaridan bir xonani ajratib berishdi. Ularning “Etimga qarash savob”, degan tushunchalariga, Yoʻldoshning erkatoy oʻgʻilga har tomonlama dalda ekanidan qanoatlanish hissi qoʻshildi. Garchi xizmatkor boʻlsa-da, hovlining yumushlarini Yoʻldosh oʻz zimmasiga olib, ularni quvontirdi.
Ikki yil davomida Yoʻldosh bu oilaning farzandi martabasidagi izzatga erishdi. Erkatoyning ilm olishga zehni oʻtkir boʻlmasa-da, intilishi bor edi. Uning kamchiliklarini Yoʻldosh toʻldirib, institutga ham birga kirishdi. Tahsilning uchinchi yili horij dorilfununi koʻrigi talablarini hamjihatlikda bajarib, oʻqishga birgalashib ketishdi.
Yoʻldosh inglis tilini yaxshi bilgani uchun horijdagi talabalar bilan tez doʻstlashdi. Doʻstiga “chet eldagi oʻqishni bitirib kelgan” degan nomning oʻzi kifoya qilgani uchun, ilm olishga qattiq kirishmadi. Bir goʻzalga ishqi tushgach, dars tayyorlashga toqati yetmay, Yoʻldoshni oʻz holiga qoʻydi.
Yotoqlari oʻrmonga yaqin boʻlgani uchun Yoʻldosh boʻsh vaqtini, ayniqsa yakshanba kunini daraxtzorda yolgʻiz oʻtkazardi. Oʻshanday kunlarning birida oʻrmonga oʻt tushdi. Yer yuzida shunday balo ofati boʻlishi mumkinligini u tasavvur ham qilmagan edi. Kattalarning “Ey Allohim, suv balosi, oʻt balosi, quruq tuhmat balosidan Oʻzing asra!” deb duo qilishlari bejiz emasligini shu yongʻinni koʻrib angladi. Suv balosi – sel oʻzining yurtida ham boʻlib turardi. Garchi oʻzi duch kelmagan boʻlsa-da, tuhmat balosining qanday fojialar yogʻdirishini eshitgan, oʻqigan. Lekin bunaqa oʻt balosining dahshatiga endi duch kelishi edi. Nazarida oʻrmonga yuz boshli ajdaho makon qurib olib, tinmay oʻt purkayotganday edi. Ertalab esayotgan mayin shabada qayerdandir kuch olib, shamolga aylangan, olov alangasini u daraxtdan olib, bunisiga urardi. Bir necha haftalik suvsizlikdan holsizlangan daraxt shoxlari olov tiliga dosh berolmay tezlik bilan yona boshlardi. Olov daraxtlar orasidagi uylarni ham yamlab-yamlab olgʻa intilaverardi. Aholining chaqqonrogʻi qochishga ulgurgan, qolganlari tiriklayin kuyardi.
Bu dahshatdan gangib qolgan Yoʻldosh kelgan yoʻliga qarab qocha boshladi. Yonayotgan bir uy yaqinidan oʻtayotganida qiz bolaning chinqirigʻini eshitdi. Oʻzining joni ham qil ustida turganiga qaramay, u toʻxtadi. Alangladi. Alanga tillari yamlayotgan deraza ortida oʻsmir qizning dahshatdan chaqchaygan koʻzlarini koʻrib, oʻsha tomon tashlandi. Atrofi yona boshlagan eshik qulflogʻliq edi. Yoʻldosh eshikni tepa-tepa ochdi. Ichkariga otilib kirdi-da, tutundan boʻgʻilib hushsizlangan qizni koʻtarganicha iziga qaytdi. Hozirgina kirib kelgan eshik ogʻzi alanga bilan toʻsilgan edi. Oʻylashga, chora izlashga fursat yoʻq edi. U tavakkaliga oʻzini alanga ogʻziga urdi. Tashqariga chiqqanida oʻzining ham, qizning ham kiyimlari yona boshlagan edi. Yuzlari achishib, koʻngli aynidi, boshi aylandi. Kimningdir qorasi koʻrindi…
Bu onda uy sohibi kelib qolib, uni yerga yiqitganicha olovni oʻchirganini, mashinasiga oʻtqizib bu doʻzah balosidan qutqarib olib chiqib ketganini shifoxonada hushiga kelgach bildi. Qizning bobosi oʻzini mister Belden deb tanishtirib, dunyodagi yolgʻiz yupanchini oʻlimdan saqlab qolgani uchun rahmat aytdi. Mister Belden shifoxonaga kunda ikki marta kelib, Yoʻldoshning holidan xabar olar, iziga qaytishga shoshilmay, suhbatlashib oʻtirardi. Shunday suhbatlarning birida oʻgʻli bilan kelinining yoʻl fojiasida halok boʻlganini, oʻzi nabirasi bilan yolgʻiz qolganini aytdi. Yoʻldosh oʻzining harakatini qahramonlikka yoʻymagan, choldan bir nima tamaʻ ham qilmagan edi. Hatto qimmatbaho shifoxonadagi muolaja haqini toʻlaganini bilib ozgina hijolat ham boʻldi. Yoʻldosh shifoxonadan chiqqach, mister Belden uni shahar markazidagi qasrmonand uyiga taklif qildi. Yoʻldoshning kuygan yuzidagi dogʻlarni ketgazish uchun shifokor bilan gaplashib qoʻyganini aytdi. Keyin “Mening mulkim nabiramga atalgan edi, sen uni saqlab qoding. Endi merosga teng sheriksan”, deb Yoʻldoshni hayratga soldi. Yoʻldosh bunday marhamatni qabul qila olmasligini aytsa ham, u oʻz qarori qatʻiy ekanini bildirdi-da, oʻzi va oilasi haqida batafsil gapirib berishni talab qildi. Yoʻldosh boshidan oʻtganlarning hammasini hasrat dasturxoniga toʻkmadi. “Onam vafot etganlaridan keyin otam uylandilar, ikki ukam bilan xolamnikida yashadik. Ukalarim hozir ham oʻsha yerda”, deyish bilan cheklandi. Shunda mister Belden xolasining manzilini aytishni talab qildi. “Minnatdorligimni bayon qilib, ukalaringga sovgʻa yuboraman”, dedi. Yoʻldosh aytdi, lekin bu odamning koʻp miqdorda pul yuborishini oʻylab ham koʻrmadi.
Yoʻldoshning dalasidan narida nimalar boʻlayotganidan bexabar pochchasi ummon ortidagi mamlakatdan bir necha ming dollarni bu qishloqqa bir necha soatda yetkazib beruvchi tezkor moliyaviy xizmat turi mavjudligini tasavvur ham qila olmas edi. Shu bois shaharga tushib pul olishi shartligini bilgach, avval ishonmadi. Keyin oʻylanib qoldi. Bu xabarni Yoʻldoshning shaharda birga oʻqigan doʻsti yetkazgan edi. Pul nima sababdan yuborilganini u ham aniq bilmasdi. Pochchani havotir seli bosa boshladi. Bolaligi, yoshligida chet el josuslari haqida koʻp eshitardi. Xayoliga kelgan birinchi gumon shu tomondan boʻldi. “Yoʻldosh josuslik qilayotgan boʻlsa pul berishgandir” deb oʻylab, shaharga borishdan bosh tortdi. Qarorini xotiniga aytgan edi, u ham tasdiqladi. Er-xotin tashvish toʻriga oʻralganicha qolaverishdi. Yoʻldoshning doʻsti uyga qaytgach, bu voqeani internet orqali maʻlum qildi. Shundan keyin Yoʻldosh yongʻin voqeasini bayon qilmay turib, bu yurtda himmatli bir odamga duch kelganini, yuborilgan pul halol ekanini qisqagina qilib tushuntirib, bu mablagʻni uylarni taʻmirlashga ishlatish mumkinligini aytdi. Doʻsti buni yozuv diskiga muhrlab, yengil kompyuterini koʻtarganicha qishloqqa bordi. Diskni qoʻyib berdi. Kichik patnis hajmidagi qutichaning moʻjiza koʻrsatishi Yoʻldoshning xolasiga ham, pochchasiga ham ajabtovur edi.
Xullas, shaharga tushib, pul olindi. Uning dovrugʻi oʻsha kuniyoq qishloqqa yoyildi. Shubhasizki, Rahimaning qulogʻiga ham yetdi.
-Voy, savil!-dedi u gʻijinib.-Otasi tirik turib pulni nimaga pochchasiga yuboradi!
Shunday dedi-yu, miyasida sanchiq turdi. Dori ichganidan soʻng, ogʻriq sal bosilganday boʻlgach, diydiyosini davom ettirdi:
-Boring, lallayib oʻtirmang! Otaning haqini choʻzib qoʻyishsin.
Rahima hadeb siltalayvergach, Ergash erinibgina oʻrnidan turdi. Qosh qoraymagan edi. “Bojam daladan qaytmagandir”, degan oʻyda choyxonaga kirdi. U yerdagilar ham gapni pul haqidagi xabardan boshlashdi:
-Oʻgʻling toparmon-tutarmon boʻlib ketibdi-yu, pismayib yurasan-a!
-Tekin oshni paqqos tushirishni biladi u! Ertangi osh harajati toʻlaligicha shuning boʻynida!
-Bojang ellik ming dollar olibdi, senga qanchasi tegadi?
Shu gap gʻalati boʻldi. Uning uyiga yetib kelgan xabarda pulning miqdori yigirma ming dollar edi. Xotinlardan eshitgan xabardan koʻra choyxonada aytilgan gap Ergash uchun haqiqat edi. Shu sababli shom qorongʻusi tushishini kutishga toqati yetmay, ellik mingning yarmini undirish maqsadida oʻrnidan turdi. Bojasi hovlidagi soʻrida yotgan ekan, oʻrnidan turib koʻrishdi. Oshxonadan chiqib kelgan qayin egachisi uning kelishdan maqsadini anglab, qoʻlini sochiqqa artganicha soʻriga yaqinlashdi. Salomlashib, soʻrashdi-yu, lekin erkaklarning yoniga chiqib oʻtirmadi. Gap poylash xunuk odat ekanini bilsa ham, turaverdi. Eri gapni choʻzmadi:
-Oqshom siznikiga oʻzim oʻtmoqchi edim, Yoʻldoshboydan yaxshi xabar kelib qoldi.
-Eshitdim… Pul yuborganmish. Aqlli bola-da, mening oʻgʻlim…
Bu gapi qayin egachisiga yoqmadi. Qoʻlidagi sochiqni soʻri suyanchigʻiga tashlab, unga gʻazabli nigohini qadadi:
-Pul yuborgani uchun endi sizning aqlli oʻgʻlingiz boʻlib qoldimi? Har holda bu yoqqa xotiningiz yuborgandir? Haqingizni talab qiling, degandir, a?
Ergash “ha” deyishini ham, “yoʻq” deyishini ham bilolmay qoldi.
-Haqni talab qilishmas-ku… lekin ozgina kamchiqimligimiz bor…-dedi chaynalib.
Qayin egachisi yana gapirmoqchi edi, bojasi tomoq qirib uni toʻxtatdi.
-Ergashboy, kamchiqim boʻlasizmi yo koʻpchiqimmisiz, baribir bu puldan sizga berolmayman.
-Ie, hammasini oʻzingiz yeb ketmoqchimisiz?-deb yubordi Ergash.
-Shuni gap deb gapiryapsizmi, boja?! Men birovning haqidan hazar qilaman. Bu pulni tiyiniga ham xiyonat qilmay saqlab turaman. Yoʻldoshboy kelganida nima qilishni oʻzi biladi. Xohlasa, hammasini sizga beradi. Menimcha, shunday qilgani durust boʻladi.
-Nega durust boʻlarkan?-dedi xotin bu qarordan norozi boʻlib.
-Sen gapga aralashmay, ishingni qil. Har qanday holatda ham otaning haqi ulugʻligicha qoladi. Sen jiyaningni boqqaningni minnat qilma. Biz savobtalab odamlarmiz, buni unutma.
-Otaning haqi ulugʻ boʻlsa, otaligini qilmaydimi?
-Bor, ishingni qil!
Bojasi yaxshi gapirgani bilan, ahdida qattiq turib, pul bermadi.
Erining quruq qaytganidan gʻazablangan Rahimaning bosh ogʻrigʻi kuchaydi. Ogʻriq ertasiga ham toʻxtamadi. Indiniga ham… Keyin vrachga uchradi. Yozib bergan dorilarini ichdi, foydasi boʻlmadi. Shahar markazidagi vrachga ham uchradi. Bir vrach ikkinchisiga yubordi, tekshir-tekshir haftalab davom etaverdi, shifodan esa darak boʻlmadi. Ergash dori-darmonga pul zarur deb, yana bojasiga yoʻliqdi. Oʻjar bojasi Yoʻldosh yuborgan puldan bermadi, oʻzining asrab qoʻygan mablagʻidan berdi. Bu orada Yoʻldosh taʻtilga chiqib, uyiga qaytdi. Mister Belden katta jomadonga joylagan sovgʻa-salomlardan qarindoshlar mamnun boʻldilar. Yoʻqlovchilar ketishgach, Yoʻldosh pochchasining koʻziga qaramaslikka harakat qilib soʻradi:
-Uylarni yangilamabsiz-ku?
-Uyni yangilash qochmaydi, sen avval menga buncha pulni qayerdan olganingni ayt. Harom aralashgan boʻlsa sendan rozimasman.
Qatʻiy ohangda aytilgan bu soʻzdan keyin Yoʻldosh yongʻin voqeasini soʻzladi-da, mister Belden berib yuborgan pulni olib, unga uzatdi:
-Uylarni tuzatib, akamni uylaylik, opalarimni uzataylik,-dedi.
-Akang bilan opalaringning rizqlari oʻzi bilan. Bu pulga oʻzingga, ukalaringga uy solamiz. Oʻzlaringni uylaymiz, Xudo xohlasa. Sen hozir otangni yolgʻizlatma. Oʻgay onangning tobi yoʻqroq emish. Otang kamchiqimroqqa oʻxshaydi. Unga yordam berishing kerak.
Ergash oʻgʻlining qaytganini eshitsa ham koʻrgani kelmagan edi. Yoʻldosh ertasiga choy, shirinliklardan xaltaga solib, toʻgʻri choyxonaga bordi. Ayni damda Ergash oʻgʻlining mehrsizligidan nolib, ulfatlariga hasrat qilayotgan edi. Eshikdan kirib kelgan oʻgʻlini koʻrdi-yu, gapi ogʻzida qoldi. Yoʻldosh salom bergach, xaltani choyxonachiga uzatib, barcha bilan alohida-alohida soʻrashdi. Keyin yana choyxonachiga yuzlanib:
-Amak, bitta osh damlaysiz endi. Bu yerlarning oshini sogʻinganman. Osh pishguncha dadam bilan shifoxonaga borib kelamiz,-dedi.
Shifoxonada miyadagi ogʻriq azobida toʻlgʻonib yotgan Rahima Yoʻldoshni koʻrgach, koʻzlarini yumib oldi. Ogʻriqqa chidolmay shunday qildimi yo Yoʻldoshni koʻrishni istamadimi yoinki undan uyaldimi – bilish mumkin emasdi. Aslida koʻzlarning yumib olinishida uchchala sabab ham mujassam boʻlgandi. Hol-ahvol soʻralganda, agar bemor tildan qolmagan boʻlsa, “Xudoga shukur” deb qoʻyguvchi edi. Tildan qolgan ogʻir bemor ham koʻz ishoralari bilan shukronasini bayon qilardi. Rahimaning miyasi ogʻriyotgan boʻlsa-da, tili biyronligiga qaramay, javob bermadi. Koʻzlarini ham ochmadi. Yoʻldosh bir necha daqiqa sukutda oʻtirgach, dahlizga chiqib, bosh vrach xonasi tomon yurdi.
-Miyada oʻsimta paydo boʻlgan, tobora ichkariga qarab oʻsyapti. Birdan bir chora – operatsiya. Lekin otangiz ham, onangiz ham koʻnishmayapti,-dedi bosh vrach norozi ohangda.
-Nega?-deb ajablandi Yoʻldosh.
-Yuz foiz kafolatni talab qilishyapti. Bunday kafolatni hech kim berolmaydi.
-Chet elga olib borsak-chi?
Bu savol bosh vrachga yoqmay, qoshlarini chimirdi. Charm muqovali daftarni stoli ustidan olib, unga uzatdi.
-Bu nima?-dedi Yoʻldosh ajablanib.
-Ishlarimiz natijasi. Siz aytgan chet eldagi bemorlar bizga kelishyapti. Oʻqimishli yigitga oʻxshaysiz. Istasangiz internet orqali surishtiring,-shunday deb sayt nomini aytdi-da, qoʻshib qoʻydi:-Men sizni tashviqot qilmoqchi emasman. Bemorning hayoti uchun har bir kun emas, har bir soat gʻanimat. Chet elga olib borguningizcha masalasi hal boʻladi.
Yoʻldosh otasini bu suhbatdan ogoh qilmadi. Shaharlik doʻstinikiga bordi-da, kompyuter orqali bu xastalikka doir maʻlumotlarni aniqladi. Dunyodagi eng kuchli klinikalar roʻyxatida bu shahardagi shifoxona nomini oʻqigach, bosh vrachni ranjitganini fahmlab afsuslandi. Undan uzr soʻrash uchun iziga qaytdi. Soʻng otasini bu gaplardan xabardor qildi. Operatsiyaning boʻlish-boʻlmasligi Ergash uchun ahamiyatsiz edi. “Oʻladigan ham oʻzi, tirik qoladigan ham oʻzi, aperaysa boʻladimi boʻlmaydimi, oʻzi hal qilaversin”, degan toʻxtamda qatʻiy edi. Uni koʻproq bu muolajaning chiqimi qiziqtirardi. Yoʻldoshdan “Bu xotin bizga onalik qilmadi, bizni haydab chiqardi, endi nega men davolatishim kerak?” degan daʻvoni kutib, havotirlandi. Yoʻldosh oʻtgan zulmni eslamadi, taʻna ham qilmadi. Uzoq yillar davomida yuragini tirnab kelgan mashʻum xotira tirnoqlarini yuzaga chiqarishga urinmadi. Aksincha, davolash uchun zarur boʻlgan barcha choralarni amalga oshirishga tayyor ekanini aytib, uni tinchitdi. Vrachlar tavsiya etishsa, chet elga olib borish imkoniyati ham mavjudligini bildirdi.
Ergash oʻsha kuniyoq bu xabarni xotiniga yetkazdi. Bundan Rahima quvonishi kerak edi. Lekin koʻngli battar gʻashlandi. Oʻgay oʻgʻilning marhamatini qabul qilishni istamadi.
-Bojangizga boring,-dedi ingrab.- Pulni Yoʻldosh kelganida beraman, deganmidi? Ana, keldi. Haqingizni oling. Menga sadaqalari kerakmas.
Yomonligi uchun yaxshilik qaytayotganini uning qashshoq qalbi qabul qilolmayotgan edi. Miya ogʻrigʻiga endi vijdon ogʻrigʻi ham qoʻshilgandi. “Dorilar taʻsir qilib, tuzalib ketaman”, degan umidda yana bir necha kun yotdi. Kuchli dorilar ham ogʻriqni qoldirishga ojizlik qilib qolgach, operatsiyaga rozilik berdi. Oxirgi tekshiruv natijalarini koʻrgan vrach bosh chayqadi. Endi operatsiyadan umid yoʻqligini bildirdi.
Shifodan umid boʻlmagani bilan ajal ham uzoqda edi. Rahima oʻlishni, bu azoblardan tezroq qutulishni istardi. Lekin bu dunyo oxirati uning istagi bilan hisoblashmasdi…
Oʻgay onasining koʻrishni xohlamayotganini bilgan Yoʻldosh oʻzini tortdi. Pochchasining talabiga itoat etib, pulning bir qismini otasiga berdi. “Uyga ham qarab qoʻying, hammasini sovurib yubormang”, demadi. “Nima qilsangiz – ihtiyoringiz”, dedi. Otasiga insof berishni Xudodan soʻradi. Farzandning duo qilishi albatta yaxshi. Lekin Alloh bandasining qalbini muhrlab qoʻygan boʻlsa-yu, bandaning oʻzida hidoyatga intilish koʻrinmasa yurakdagi qulfning duo bilan yechilishi qiyin ekan. Ergash bemorning dardiga sherik boʻlib oʻtiradigan mehrli erlardan emasdi. Uning mehribonligi dori-darmon olib kelish bilan cheklanardi. Rahima shifoxonadan olib kelingach, avvaliga qarindoshlari galma-galdan qarab turishdi. Qaysidir nodon “Kasalning oʻlgani yaxshi, boshqalarning qutilgani yaxshi”, deb bekorga aytmagan ekan. Rahimaning kasali choʻzilgach, qarindoshlarning mehribonlik dengizi ham sayozlashaverdi. Rahimaning uyda yolgʻiz qolishi odatiy holga aylandi. Bundan xabar topgan Yoʻldosh oʻgay onasiga, hatto otasiga bildirmay qoʻshni ayolni enaga vazifasiga yolladi.
Yoʻldoshning taʻtili nihoyasiga yetib, safarga otlanish oldidan uyiga bordi. Onasining izlari qolgan uy havosi uning qalbidagi ham shirin, ham zaharli xotiralarni uygʻotdi. Rahima hushsiz edi, uning kirganini, salomlashganini, soʻng shifo tilab xayrlashganini bilmadi.
Kichik jomadonini bojxona koʻrigidan oʻtkazayotganida Yoʻldoshning yon telefoni jiringladi. Koʻngli bir xiralikni sezib, telefonni qulogʻiga tutdi.
-Hali uchganing yoʻqmi?-deb soʻradi doʻsti.
-Yoʻq… Tinchlikmi?
-Bilmadim… Dadang kelib-ketdilar. “Bir-ikki kun ketmay tursa boʻlardi”, dedilar. Oʻgay onang ogʻir shekilli. Nima qilasan?
Yoʻldosh koʻp oʻylanmadi. Yukini oldi-da, qishloqqa qaytdi. Xolasi uni koʻriboq:
-Otang chaqirtirib oldimi? –dedi norozi ohangda. Keyin noroziligi boisini bildirdi:-Bekorga qaytibsan, orqaga qaytishning hosiyati yoʻq. Xotini oʻlsa, koʻmishning harajatini oʻzimiz koʻtarardik. Sening turishing shart emasdi…
Xolasini tinchitish uchun Yoʻldosh yolgʻon gapirdi:
-Oʻqishimga telefon qiluvdim, taʻtilni choʻzishibdi…
Xolasi yolgʻonga ishonganday “yaxshi boʻlibdi”, deb qoʻydi. Yoʻldosh hovli oʻrtasida turib qolgan edi. Xolasi uning niyatini angladi. “Toʻxtab tur, birga boramiz, kuni bitgan boʻlsa rozi-rizolik soʻrab qolaylik. Mayli-da, yomon boʻlsa ham Xudoning bir bandasi edi…” deb ichkariga kirib ketdi.
Rahima yotgan uyda uning ikki qarindoshi past ovozda gaplashib oʻtirardi. Rahimaning tanasi harakatsiz, rangida ham hayot nishonasi qolmagan edi. Faqat ahyon-ahyonda koʻzlarini katta-katta ochib, alahsirab qoʻyardi. Xolasi qarindoshlar bilan soʻrashayotganida Rahima yana alahsiradi:
-Qoʻgʻirchogʻim qani, qoʻgʻirchogʻimni ber…
Shunday deb ingradi. Qarindoshlaridan biri kaftini uning peshonasiga qoʻydi.
-Ertalabdan beri qoʻgʻirchogʻini soʻraydi,-dedi qarindoshlardan ikkinchisi.-Bolaligini eslayapti shekilli…
Rahimaning alahsirashi sababini Yoʻldosh angladi. Koʻp yillar muqaddam xuddi shu uyda qoʻl-oyogʻi uzib tashlangan qoʻgʻirchoqning boshiga ignalar sanchayotgan Rahima koʻz oldiga keldi. Uning “Bolalaringizni mana shunaqa jodu qilyapman. Agar xolasi ertaga olib ketmasa, uchchalasi birin-ketin til tortmay oʻladi. Endi bolalaringizning bu uyda turishlari mumkinmas, hatto shu koʻchadan oʻtishsa ham oʻlishadi…” degan gaplari quloqlari ostida jaranglab, aks-sado berganday boʻldi. Koʻzlari tinib, boshi aylanib, qoʻl-oyogʻi boʻshashdi. Bu uyda yana bir daqiqa tursa ham hushidan ketishi mumkinligini anglab, tashqariga shoshildi. Zanglab ketgan temir soʻriga omonat oʻtirdi. Hammasini esladi…
Ichkaridan chinqiriq ovozi keldi:
-Qoʻgʻirchogʻim qani, qoʻgʻirchogʻimni ber…
Rahima goʻyo Yoʻldoshning chiqib ketganini bilganday chinqirgan edi.
Bir oz nafas rostlagach, Yoʻldosh ichkariga qaytdi. Ayollar jon taslim qilsa jagʻi, oyoqlarini bogʻlash uchun oq roʻmolni shaylab oʻtirishardi. Xolasi nima uchundir bemorning oyoq tomonida oʻtirardi.
Rahima yana ingrab qoʻgʻirchogʻini soʻradi. Xolasi savol nazari bilan Yoʻldoshga qaradi. Onasi tirikligida hammalari shu uyda yashashardi. Bir qator boʻlib yotishardi. Onasi vafot etib, Rahima kelgach, yondagi hujra uychaga aylantirilib, uch oʻgʻilga joy qilib berilgandi. Yoʻldosh tunov kuni xayrlashgani kirganida ixtiyorsiz ravishda shu hujra eshigini ochib qaragandi. Bolalik xotiralarini uygʻotuvchi barcha narsalar shu hujrada ayqash-uyqash boʻlib yotgandi. Hozir bu hujra tomon beihtiyor yurdi. Eshikni ochib, boshlariga igna sanchilgan oʻsha qoʻgʻirchoqni buyumlar orasidan izladi. Oradan yillar oʻtgan boʻlsa-da, bu boshning shu yerda yotganiga ishondi. Ishonchi aldamadi. Eski kiyimlar tagida yotgan qoʻgʻirchoqning boshini qoʻliga oldi. Boshga uchta igna sanchilgan edi. Olib tashlashni ham, tashlamaslikni ham bilmay garangsib, xolasi tomon oʻgirilib qaradi. Xolasiga aytishni istamadi. Xolasi uning qiligʻiga tushunmay hayratlanganicha tikilib oʻtirgan edi. Oʻrnidan turib kelib, igna sanchilgan boshni koʻrdi-yu, hammasini angladi. Boshni uning qoʻlidan oldi.
-Sugʻurib tashlaymi?-deb pichirlab soʻradi Yoʻldosh.
-Sen tegma. Bor, otangni topib kel,-deb buyurdi xolasi.
Yoʻldosh chiqib ketishi bilan qoʻgʻirchoqning boshidagi ignalarni olib tashladi. Shu payt Rahimaning qarindoshlaridan biri uni chaqirdi:
-Opa, keling, uzildilar shekilli…
-Xudoga shukur, azoblaridan qutuldi,-dedi ikkinchisi…