..

Uilyam Folkner. Emili uchun atirgul

Loyihani qo'llab quvvatlash uchub buyerga bosing

Miss Emili Grirson oʻlganda, uni koʻmish uchun butun shahar yigʻildi: erkaklar qulagan maʻbudga eʻzoz-ikrom yuzasidan, xotinlar esa kamida oʻn yil inson qadami yetmagan xonadonni oʻz koʻzlari bilan koʻrgani ichlari oshiqib keldilar, chindan ham bu eshikka ham bogʻbon, ham oshpaz boʻlgan qari xizmatkordan boshqa hech kim yaqin yoʻlamasdi.
Sinchkor qilib qurilgan hayhotday chorsi uyning suvoqlari koʻchganiga ne zamonlar boʻlgan, yetmishinchi yillarning havoyi alfozida gumbazchalar, nayzador qubbalar, jimjimador balkonlar bilan bezatilgan bu imorat shahrimizning bir mahallar oqsuyaklar mahallasi deb sanalgan koʻchasida joylashgan edi. Zamonasi kelib garajlar va paxta yigiruvchi zavodlar bu yerdan eng kibor xonadonlarni ham qisib chiqardi va faqat Grirsonlarning koʻhna tarzli imoratigina xuddi bellashsang, bellashaman deganday paxta ortilgan furgonlar hamda benzin quyadigan stantsiyalar uzra kibr va qiyiqlik ila kekkayib turardi. Mana endi qazo soati yetib miss Emili ham
qaragʻay butalari oʻsib yotgan shahar mozoridagi oʻz joyiga ravona boʻldi, bu mozorlikda hamon Jefferson yaqinidagi jangda halok boʻlgan federal qoʻshinlar va konfederat soldatlarining (ular ichida nomsiz qabrlar ham koʻp) soʻnggi oromgohlari saqlanib kelar edi.
Miss Emili hayot ekan, shahar oʻz ustiga olgan qadim anʻana, qarzdorlik va oʻziga xos maʻnaviy burchning mujassam timsoli edi, bu narsa Jefersonning meri polkovnik Sartoris 1894-yilda (bu — negr ayollarga shahar koʻchalarida etaksiz yurishni man qilgan oʻsha Sartoris edi) qizning otasi oʻlgandan soʻng darhol uni soliq toʻlashdan bir umrga ozod qilgandan beri davom etib kelardi. Bu miss Emiliga xayr-ehson boʻlib tuyulmadi. Polkovnik Sartoris qizning otasi bir zamonlar shaharga pul qarz berib turgan edi, degan chigal bir bahonani oʻylab topdi, oʻsha qarzni shunday yoʻl bilan qaytarish osonroq koʻchar ekan. Bunday narsani polkovnik Sartoris avlodiga mansub odamgina toʻqib chiqarishi mumkin edi.
Biroq shahar munitsipalitetiga boshqa bir davrda tarbiyalangan, zamonaviyroq gʻoyalar egasi boʻlmish yangi odamlar nasllari kelishganda, ushbu ahdnoma maʻlum bir noroziliklarga sababchi boʻla boshladi. Yangi yilning birinchi kuni miss Emiliga soliq toʻlash haqida bayonot joʻnatildi. Fevral kirdi, lekin javob yoʻq edi. Unga oʻzingizga qulay boʻlgan vaqtda sherifning idorasiga kelib uchrashing degan rasmiy xat yozildi. Yana bir hafta oʻtgach, merning oʻzi unga xat yozib, yo men huzuringizga boray va yo sizga avtomobil yuboray oʻzingiz keling, deb xabar qildi va qadimiy qogʻoz varagʻiga rangi oʻchib ketgan siyoh bilan benihoya nafis husnixatda yozilgan javob oldi. Xatda maʻlum qilinishicha, miss Emili uzoq vaqtlardan beri eshikka chiqmas ekan; xatga hech qanday izohsiz soliq haqidagi bayonot ham qoʻshib joʻnatilgan edi.
Munitsipalitet maxsus majlis chaqirdi va miss Emili huzuriga delegatsiya joʻnatildi. Delegatsiya sakkiz-oʻn yillardan beri tashqaridan keluvchilarga tim-tirs berkilgan eshikni taqillatdi. Eshik chinniga gul solish darslari tugagandan beri ochilmagan edi. Qari negr ularni nim qorongʻi pastki zalga olib kirdi, bu yerdan yana ham qorongʻiroq boʻlgan yuqoriga pillapoya bilan koʻtarilar edi. Uvrin-toʻda va chang hidi anqirdi, havo chirik va dim edi. Negr ularni vazmin charm mebellar qoʻyilgan mehmonxonaga olib kirdi. U derazalardan birining toʻsigʻini ochgan edi, charmlarning yorilib ketgani koʻzga chalindi, xonaga kirib kelgan quyoshning bir tolim nuri oʻrindiqlar uzra koʻtarilgan toʻzon izdihomlarini yoritdi. Kamin oldidagi unniqqan tilla suvi yuritilgan molbertda miss Emili otasining pastelda ishlangan surati turardi.
Ular boshdan-oyoq qora kiyingan, tilla zanjir osgan, zanjiri beligacha tushib, soʻng keng belbogʻ ichra gʻoyib boʻlgan, past boʻyli, toʻlachagina xotin qora ogʻochdan ishlangan, dastasi xira oltindan qubbalangan asoga tayanib kirib kelganda, oʻrinlaridan turdilar. U boʻychan, suyagi nozik edi, shuning uchun ham boshqa paytda toʻlalik boʻlib koʻrinadigan hol hozir xomsemizlik kabi tuyular edi. Uning vujudi xuddi uzoq vaqt botqoqlik tagida yotganday shalvaygan va shishganga oʻxshardi. Murdanikiday tussiz betining semiz oʻrmalarida xamir boʻlagiga tiqib qoʻyilgan ikki boʻlak koʻmirday koʻzlari biqingan edi. Mushriflar nega kelganliklarini bayon qilisharkan, bu koʻzlar ularni birma-bir suzib chiqdi.
Ularga oʻtiringlar ham demadi. U eshikda turib jimgina quloq soldi, gapirayotgan kishi tutilib jim boʻlib qoldi. Shunda hammalari oltin zanjirning uchida berkingan soatning chiqillab yurayotganligini baralla eshitdilar.
U sovuq va quruq ohangda dedi: “Men Jeffersonda soliq toʻlamayman. Menga buni polkovnik Sartoris tushuntirgan. Ichingizdan istagan kishi agar qiziqsa, shahar qogʻozlariga qarab koʻrsin”.
— Biz shunday qildik, miss. Biz shahar idorasidanmiz. Nahot siz sherif imzo chekkan xatimizni olmagan boʻlsangiz?
— Ha, bir nima kelganday boʻluvdi, — dedi miss Emili. — Demak, u oʻzini sherif deb hisoblar ekan-da… Lekin men Jeffersonda soliq toʻlamayman.
— Shahar qogʻozlarida hech qayerda bunday eslatma yoʻq. Biz aftidan…
— Polkovnik Sartorisga uchrashinglar. Mening Jeffersondan hech qanday qarzim yoʻq.
— Lekin miss Emili…
— Sartoris bilan gaplashib koʻringlar. (Polkovnik Sartorisning oʻlganiga chamasi oʻn yilcha boʻlib qolgan edi.)
Mening Jeffersondan tsech qanday qarzim yoʻq. Tob! — Eshikda negr paydo boʻldi. — Jentlmenlarni kuzatib qoʻy.

2

Xullas kalom, u gʻalaba qildi, ularning piyodalari va otliqlarini butkul toru mor etdi. Oʻttiz yil burun hid xususida gap chiqqanda ularning otalari ustidan u xuddi mana shunday gʻalaba qozongandi. Bu otasi vafot etgach, ikki yildan soʻng roʻy bergandi, oʻshanda biz hammamiz endi toʻy boʻladi deb turganimizda, qalligʻi birdan tashlab ketib qolgan edi. Otasining oʻlimidan soʻng u eshikka kamdan kam chiqar, qalligʻi qochib ketgach, u sira qorasini koʻrsatmay qoʻydi. Shahar xonimlari bir necha marotaba miss Emilini koʻrmoqchi boʻlib urindilar, lekin ularni qabul qilmadi. Xonadonda hali hayot nishonlari soʻnmaganligini negr — u paytlar yosh yigit edi — onda-sonda qoʻlida savat bilan mayda-chuyda xarid qilgani eshikka chiqqanidangina bilsa boʻlardi.
— Nima deganingizda ham erkak — erkak-da, tovoq-qoshiqni eplay olmaydi, — deyishardi xonimlar, shuning uchun ham, hid tarqalganda, hech kim bundan ajablanmadi. U shu dagʻal va joʻn kishilar dunyosi bilan ular uzra baland qad koʻtargan ulugʻvor Grirsonlarni bogʻlab turgan misoli bir halqa edi.
Biroq miss Emilining qoʻshnisi shahar meri, sakson yashar sudya Stivensga shikoyat qildi.
— Mendan nima istaysiz, xonim? — deb oʻsmoqchiladi sudya.
— Unga ayting, bir chorasini koʻrsin.
— Xoʻsh, bunga hech qanday zarurat yoʻq, — dedi sudya Stivens. — Negr xizmatkori hovlida ilonmi yo kalamushmi oʻldirgan boʻlsa kerak-da. Men u bilan gaplashib koʻraman.
Ertasiga yana ikki kishidan shikoyat tushdi — ularning biri erkak edi, u qoʻshnisidan butunlay farqli oʻlaroq gʻoyatda ehtiyotkorlik va nazokat bilan soʻyladi.
— Bir narsa qilmasa sira boʻlmaydi, sudya. Men oʻlsam ham miss Emilining tinchini buzishni istamasdim, lekin nimadir qilish kerak.
Kechqurun shahar kengashi chaqirildi: uchta oppoq soqolli moʻysafid va yana yoshroq birovi — kelajak nasllar darakchisi.
— Bosh qotirib oʻtiradigan joyi yoʻq, — dedi u. — Unga xat yozib yuborish kerak, uyini tartibga keltirib qoʻysin. Bir ozgina fursat beraylik, agar shunda ham nafi tegmasa…
— E, yoʻq, boʻlmaydi, ser, — uning soʻzini kesdi sudya. — Kim ledining yuziga qarab turib, sasib ketyapti deydi.
Shunday qilib, ertasi kuni kechqurun toʻrt erkak miss Emilining koʻk buta devorini oshib oʻtdilar-da, xuddi qaroqchilarday pusib biqingancha hovlini charx urib aylanib, barcha teshik-yoriqlarni iskab koʻrishdi, orqadagi birisi esa yelkasiga osib olgan qopdan nimanidir olib don sochganday sochdi. Uyning yertoʻlasiga, hovli yuzasidagi barcha imoratlarning atrofiga ular xlorli ohak sepib chiqdilar. Soʻng buta devordan oshib ketayotgan chogʻlarida shu paytgacha qorayib turgan deraza oynasiga birdan yorugʻ tushib, unda sham qotgan maʻbud kabi miss Emilining qorasi koʻrindi. Ular bu yerdan asta pusib oʻtib, koʻcha yoqalarida oʻsgan daraxtlar qorasida koʻzdan yoʻqoldilar. Bir-ikki hafta oʻtib, hid butunlay bilinmay ketdi.
Ana oʻshandan boshlab, odamlar miss Emiliga yuraklari achib qaraydigan boʻlib qoldilar. Uning xolasi Uayet kampir oxiri borib miyasini yeb qoʻyganligini eslashgan odamlar, nihoyat, bu Grirsonlarning oʻzlari doim takabbur boʻlganlar, degan xulosaga keldilar. Har qalay, qarindosh-urugʻlarining nazarida miss Emiliga teng keladigan yigit bizning shaharda topilmas edi. Miss Emili bilan uning otasi eshik oldiga qanday qilib chiqib turganlari hali hozirgacha ham koʻz oʻngimizdan ketmaydi. Otasi oldinda oyoqlarini kergancha, qoʻlida qamchisini mahkam qisib turadi, uning picha orqasida — lang ochiq eshikning oʻrtasida oppoq kiyingan miss Emilining nozikkina qomati. Shuning uchun ham, qizning yoshi oʻttizga chiqqanda va u hamon turmush qurmaganda, butun shahar zaharxanda qildi desak boʻlmas-ku, lekin harholda, undan oʻchini olib alamidan chiqqanday boʻldi. Agar, kim boʻlmasin, birov unga talabgor boʻlganda edi, hatto telba xolasidan ham hayiqib oʻtirmay, darrov koʻnib qoʻya qolardi-da, deb oʻylar edik biz.
Otasi oʻlgandan keyin unga uydan boshqa hech narsa meros qoldirmagani maʻlum boʻldi, yashirib nima qildik, bundan koʻplar xursand ham boʻldi. Ana endi u haqda gʻamxoʻrlik qilish mumkin degan qarorga keldik biz. Miss Emili ham muhtojlik va kimsasizlikda yashab koʻrsa, doim uchini uchiga yetkazolmay figʻoni koʻkka chiqib, mudom qoʻrqinch ichida kun kechirish nima ekanligini biladi.
Ota oʻlimining ertasiga ertalab shaharning barcha xonimlari miss Emiliga hamdardlik bildirish, madad berish uchun odatga binoan jam boʻldilar. Ularni odatdagicha kiyingan holda eshikda qarshi oldi. Koʻzlarida bir qatra yosh yoʻq edi. Otam oʻlgani yoʻq, der edi u yakkash, ruhoniylar va doktorlarning murdani olishga shuncha urinishlariga qaramay, uch kungacha u shu gapni takrorlashdan qolmadi. Qonunda koʻrsatilgani boʻyicha chora koʻrmasak boʻlmaydi deb turganlarida, u nihoyat, rozi boʻldi va murdani tezlik bilan dafn qildilar.
Oʻshanda biz uni hali telba deb hisoblamasdik. Miss Emili bekorga shunday qilayotgani yoʻq, deb mulohaza qilar edik biz, axir uning otasi qanchadan qancha yigitlarni eshigidan nari quvib yubordi, odam kelmaydigan qilib qoʻydi, endi esa qiz oxirgi bor narsasini qoʻldan chiqarmaslikka urinardi, odamlar odatan shunday qiladilar-ku.

3

Keyin u uzoq betob boʻlib yotdi. Uni yana koʻrganimizda, sochi kalta qirqtirilgan va shundan yosh qizchalarga va tagʻin jindakkina cherkovlarga qoʻyiladigan maʻyus va oʻychan farishtalarga oʻxshab ketardi.
Xuddi ana shu paytlarga kelib, shahar hukumati koʻchalarga yoʻlka yotqizishga qaror qildi, ishga odamlar yollandi va yoz kunlarida (bu paytga kelib uning otasi oʻlgan edi) ishlar qizib ketdi. Shaharga Gomer Berron degan sochlari qora, qaddi-qomati yirik, ish deganni chaynab tashlaydigan, ovozi oʻtkir va oʻktam, yuzi oftobda qoraygan, koʻzlari shishaday tiniq — haqiqiy yanki boshchiligida negrlari, ulov hamda asbob-uskunalari bilan quruvchilar brigadasi keldi. Bolalar Berronning ketidan toʻdalashib chopib yurishar, uning negrlarni qora terga tushirib ishlatishi, ularning qoʻshiq aytib ogʻir choʻkichlarni bir maromda koʻtarib tashlashlarini zavqlanib tomosha qilishardi. Tezda Gomer Berron butun shahar bilan apoq-chapoq boʻlib ketdi. Koʻchaning biron yerida odamlar toʻplanishib, xaxolab kulashayotgan boʻlsa, bilaveringki, demak, Berron ham shu yerda edi. Koʻp oʻtmay uni va miss Emilini yakshanba kunlari gʻildiraklari sariq, yollab olingan bir juft toʻriq ot qoʻshilgan usti ochiq ikki oʻrinli kolyaskada birgalikda sayr qilib yurishganini uchrata boshladilar.
Boshida biz hammamiz qanday boʻlmasin miss Grirson yana hayotga qiziqib qaray boshlaganidan quvondik, buning ustiga shahar xotinlari: “E, qoʻyinglar, axir shu Grirsonlar shimoldan kelgan va buning ustiga yollanib ishlaydigan odamni nazar-pisand qilisharmidi?”, deganlari degan edi. Lekin yoshlari ulugʻroqlar boshqacha oʻylashardi: chinakam ledi hatto boshiga kulfat tushganda ham or-nomus tuzuklaridan chiqmasligi kerak, deb hisoblashardi ular, lekin bu soʻzlarni ogʻiz ochib aytishmasdi. Ular oddiygina qilib: “Shoʻrlik Emili. Qarindosh-urugʻlari unga qarashsa boʻlardi”, deb qoʻyishardi. Qizning rosti bilan ham Alabamada qarindosh-urugʻlari bor boʻlib, biroq otasi ular bilan aqldan ozgan Uayet kampirning mulkini talashib, shundan xonadonlar yuz koʻrmas boʻlib ketgan edilar. Cholni koʻmish marosimiga Alabamadan hech kim kelgani ham yoʻq.
“Shoʻrlik Emili” degan soʻzlar kimningdir ogʻzidan chiqishi bilanoq darhol turli mish-mishlar oʻrmalab qoldi. “U yerda bir nima bor deb oʻylaysizmi?”, deb soʻrardik biz bir-birimizdan. “Albatta-da, boshqacha boʻlishi mumkinmi?” Shunday qilib, uning orqasidan, yakshanbaning koʻzni qamashtiradigan oftobidan toʻsib yopilgan deraza tavaqalari orqasidan, koʻchadan oʻtib borayotgan quruvchilar bilan izma-iz ivirshivir qoʻzgʻaldi: “Shoʻrlik Emili”.
Garchi hamma miss Emili oʻzini tiyib yura olmadi, deb hisoblasa-da, qizning oʻzi hamon boshini magʻrur koʻtarib yurar, xuddi odamlarning koyish, gap-soʻzlari unga oʻzining haqligi va yagonaligiga ishonch-eʻtimodini orttirayotganday, Grirsonlar naslining soʻnggi vakili shaʻn-shukuhini himoya qilib, har qachongidan koʻra ham kibriyo edi. U dorixonadan kalamush dori, margimush sotib olayotganda ham oʻzini ana shunday tutdi. “Shoʻrlik Emili” degan soʻzlar birinchi marotaba aytilganiga ham bir yildan oshib, nihoyat uning holidan xabar olgani ikki xolavachchasi kelishdi.
— Menga zahar kerak, — dedi u.
— Xoʻp boʻladi, miss Emili, lekin qanaqasidan boʻlsin? Kalamushga boʻlsa kerak-da? Men sizga tavs…
— Menga eng yaxshisi kerak — nima deb atalishi bilan ishim yoʻq.
Aptekachi bir necha xil zaharlarni sanab chiqdi.
— Ular filni ham qulatadi. Lekin chamasi, sizga yaxshisi…
— Margimush, — dedi miss Emili, — yaxshi zaharmi?
— Margimush? Ha, mem. Lekin sizga…
— Menga margimush kerak.
Aptekachi unga boshini koʻtarib qaradi, u zarracha oʻzgargani yoʻq; uning shamday qotgan chehrasi polk tugʻiday tahdid elardi.
— Mayli boʻlmasam, — dedi aptekachi. — Agar sizga xuddi shu zahar kerak boʻlsa. Lekin qonun boʻyicha, siz uni nimaga ishlatmoqchi ekanligingizni aytishingiz kerak.
Miss Emili boshini picha orqaga tashlagancha uning koʻzlariga tik qarab turar, va nihoyat, aptekachi dosh berolmay yuzini oʻgirdi-da, xonadan chiqib ketdi. U boshqa qaytib kelmadi, margimush solingan qogʻozni yugurdak negr boladan berib yubordi. Miss Emili uyga kirib qogʻozni ochdi, kalla suyagining rasmi solingan qutichaning tagida: “Kalamushlarga qarshi” degan soʻzlarni oʻqidi.

4

“U oʻzini oʻzi oʻldiradi”, derdik biz ertasiga, shunday qilsa oʻziga yaxshi boʻladi, degan xulosaga keldi hamma. Ular Gomer Berron bilan endi-endi uchrashib yurganlarida, unga turmushga chiqishiga hammaning ishonchi komil edi. Bugʻular klubida yoshlar bilan chaqchaqlashib turishni yoqtiradigan Gomer atrofdagilarga oʻzining boʻydoq yashash tarafdori ekanligi haqida ogʻiz koʻpirtirganligini eshitib, “qiz uni egib oladi”, derdik biz keyinroq. Keyin deraza tavaqalari tushirilgach, yakshanba kunlari oftobda yaraqlab turgan kolyaskada yonlarimizdan oʻtib borisharkan, biz: “Shoʻrlik Emili!”, deganimiz degan edi. Kolyaskada miss Emilining boshi tik koʻtarilgan, Gomer Berron esa shlyapasini boshiga boplab qoʻnqaytirib, ogʻzidan sigara tushmay, sariq qoʻlqop kiygan qoʻllarida jilov hamda qamchinni mahkam ushlab borardi.
Shunda baʻzi bir shahar xonimlari ular yoshlarga yomon oʻrnak koʻrsatishyapti va shahrimizning obroʻsini yerga urishyapti, deb gap-soʻz qila boshlashdi. Erkaklar bu ishga aralashmaslikni maʻqul koʻrdilar, lekin ularning xotinlari baptistlar ruhoniysini miss Emilini borib koʻrishga koʻndirdilar, miss Emili barcha qavmu qarindoshlari kabi yepiskop cherkoviga mansub edi. Ruhoniy bu uchrashuv qanday oʻtganligi toʻgʻrisida hech kimsaga hech narsa demadi, lekin yana bir marta borishdan qatʻiy bosh tortdi. Kelasi yakshanba kuni ular yana kolyaskada sayrga chiqdilar, yana bir kun oʻtgandan soʻng ruhoniyning xotini miss Emilining Alabamadagi qarindoshlariga xat joʻnatdi.
Nihoyat, uning uyiga odamlar kelishdi va biz buyogʻi nima boʻlarkin deb kuta boshladik. Avvaliga hammasi ilgarigiday davom etaverdi. Keyin biz ular baribir turmush qursalar kerak, deb yurdik. Miss Emili zargar qoshiga borganmish, unga erkaklarning kumushdan ishlangan anjomlarini buyurganmish, anjomlarning har biriga G. B. degan harflar oʻyilib yozilarmish degan gaplar tarqaldi. Ikki kun oʻtgach, u erkaklarning kiyim-kechaklarini, hatto ichki koʻylakkacha qoʻshib xarid qilganligini eshitdik. Hammamiz yengil nafas oldik: “Ular uylanishibdilar”. Chindan, hammamiz yurak-yurakdan xursand edik. Biz yana shunga ham xursand edikki, Emilining har ikkala xolavachchasi uning oʻzidan ham oʻtib tushgan Grirsonlardan ekan.
Shunday ekan, shahar koʻchalaridagi ishlar nihoyasiga yetgach, bir oz vaqt oʻtib Gomer Berronning yoʻq boʻlib qolganligidan hech kim ajablanib oʻtirmadi. Toʻy haqida hammaga eshittirib eʻlon qilinmagani bir oz shashtimizni tushirdi, lekin Gomer miss Emilining kelishiga hammasini hozirlab qoʻyish uchun ketgan boʻlsa kerak yoki boʻlmasa, qizga xolavachchalaridan qutulishga imkon tugʻdirgandir (xolavachchalarga qarshi butun boshli fitna tuzilgan, hammamiz miss Emili tomonida edik), degan fikrda edik. Rostdan ham, yana bir hafta oʻtib, uning qarindoshlari joʻnab ketishdi. Hamma kutgandek, uch kundan soʻng Gomer Berron yana shahrimizda paydo boʻlib qoldi: shom qorongʻisi tushganda, negr xizmatkor orqa eshikni ochib uni ichkariga qoʻyganligini miss Emilining ayol qoʻshnisi koʻrgan ekan.
Oʻshandan beri Gomer Berronni boshqa hech kim koʻrmadi. Miss Emili ham, har qalay, bir oz vaqt oʻtguncha butunlay koʻrinmay qoldi. Negr xizmatkor mayda-chuyda olgani savat koʻtarib chiqib qolar, soʻng yana qaytib kirib ketar, lekin katta eshik doim tim-tirs berk edi. Baʻzan derazadan miss Emilining qorasi koʻzga chalinar (kechasi uning hovlisiga ohak sepib chiqishganda shunday boʻlgan edi), lekin yarim yilgacha u koʻchaga qadam bosmadi. Biz buni ham tushunsa boʻladi deb hisoblardik — chunki uning ayollik qismatining ochilib ketishiga shunchalar qarshilik qilgan otasining ruhi, aftidan, haddan tashqari qudratli va yashovchan boʻlsa kerak edi.
Miss Emili, yana qaytib koʻrganimizda, biroz toʻlishgan, sochlariga esa oq oralagan edi. Yillar oʻtgan sayin oqlari koʻpayib, nihoyat, ular murch bilan tuz aralashgan tusga kirdi. Gʻayratli, ishga chanqoq erkaklarning sochlari odatda shunday oqaradi. Miss Emili yetmish toʻrtga kirib dunyodan koʻz yumguncha uning sochlari shundayligicha qoldi.
Shu vaqt ichida xonadonning katta eshigi bir marta ham ochilmadi. Miss Emili chinniga gul solishdan bolalarga dars bergan olti-etti yil (oʻshanda u qirqlarga borib qolgandi) bu hisobga kirmaydi. U pastki qavatdagi xonalardan birini darsxonaga aylantirdi, polkovnik Sartoris qurdoshlarining qizchalari va nabiralari uning oldiga qatnay boshladilar, qatnaganda ham, xuddi yakshanba kunlari yigirma besh tsent tanga xayr-ehson uchun olib cherkovga kelganday bir kayfiyat va muntazamlik bilan qatnardilar.
Lekin mana shaharning qalbi va vujudiga aylangan yangi nasl yuzaga chiqdi. Miss Emilining shogirdlari katta boʻlib voyaga yetishdi va uning qoshiga bolalarini yubormay qoʻyishdi, boʻyoqlar, choʻtkalar, jurnallardan qirqib olingan suratlar shu qadar jonlariga tegib ketgan edi. Katta eshik soʻnggi shogird ortidan gursillab yopildiyu boshqa hech qachon ochilmadi. Shaharda tekin pochta xizmati yoʻlga qoʻyilganda yolgʻiz miss Emili uyiga tunuka taxtacha va pochta qutisi qoqib qoʻyishni man qildi. Uni koʻndirmoqchi boʻlib urindilar, lekin u hech kimning gapini eshitishni istamadi.
Kun ketidan kun, oy ketidan oy, yil ketidan yil oʻtar, biz ertalablari oziq-ovqat xarid qilgani chiqqanda negrning sochlari tobora oqarib, bellari tobora bukilib borayotganligini koʻrardik. Har dekabr oyi kelganda, miss Emili soliq toʻlash haqida bayonot olar va har safar bir hafta oʻtgach, uni ochmasdan orqasiga qaytarib joʻnatar edi. Onda-sonda uni pastki qavatdagi xonalardan birining derazasida koʻrib qolardilar — chamasi yuqori qavat xonalari hamon berk edi — u qotib turar, misoli toshdan yoʻnib ishlangan maʻbudga oʻxshardi. U bizlardan birontamizni koʻrarmidi-yoʻqmi, aniq bilib boʻlmasdi. Nasllardan nasllarga xuddi mana shu alfozda oʻtib borar edi bu hammamizga yaqin va ajoyib, bezabon, oʻq oʻtmas, suv teshmas, qaytmas va tonmas ayol.
Shunday qilib, u olamdan oʻtdi. Qarib-churib puturdan ketgan negr xizmatkordan boshqa qaraydigan odami boʻlmay, chang-gʻubor va qorongʻilik qoplagan uyda kasallanib yotib qoldi. Hatto shaharda hech kimsa uning kasal yotganligini bilmas, biz qari xizmatkordan soʻrab-netib turishlikni allaqachonlar yigʻishtirib qoʻygandik. Xizmatkor hech kim va hatto bekasi bilan gaplashmas, xuddi uzoq zamonlar ishlatilmay yotganidan zanglaganday tovushi xirqirab chiqadigan boʻlib qolgandi.
U pastki qavatning xonalaridan birida yongʻoqdan ishlangan, atrofi parda bilan toʻsilgan kattakon karavotda jon berdi. Uning oppoq oqargan boshi quyosh nurlarini sira koʻrmagan vaqtning zabtiga dosh berolmay sargʻaygan va mogʻor bosgan bolishga sokin choʻkkan edi.

5

Birinchi boʻlib kelgan xotinlarni negr eshikda kutib oldi va ichkariga olib kirdi. Boʻgʻiq shivir-shivir shildiradi, nigohlar olazarak chopdilar. Negr esa shu damdayoq gʻoyib boʻldi. U uyning barcha xonalaridan oʻtib borib, orqa zinadan pastga tushdi-da, shuning bilan boshqa hech kim hech qachon uni koʻrmadi. Koʻp mahtal qilmay tezda uning ikki qarindoshi ham yetib kelishdi va ertasiga butun shahar miss Emilini koʻmish marosimiga yigʻildi. U gullarga koʻmilib yotar, bosh tomonida otasining pastelda ishlangan teran oʻyga botgan surati osigʻliq turar, atrofda esa shaqar xonimlari gʻamboda bir qiyofada gʻuj boʻlib, pichir-pichir qilishardi. Eshik oldida va hovlida moʻysafid qariyalar oʻtirishar, ularning ayrimlari konfederat qoʻshinlarining artib-tozalangan liboslarini kiyib olishgan, ularning xotiralarida miss Emili xuddi ularga tengqurday gavdalanar, nazarlarida ular miss Emili bilan necha-necha bor raqsga tushganday va hattoki necha-necha marotalab uning qoʻlini soʻraganday boʻlardilar. Barcha keksaygan odamlar kabi ular voqealar hamda sanalarni chalkashtirib aytishar, oʻtmish ular nazarida olis-olislarda yoʻqolib ketadigan arava izimas, keng, abadiyan yam-yashil oʻtloq edi, bu oʻtloq bizning kunlarimizdan faqat soʻnggi oʻn yil ichida tor jarlik bilangina ajralgan edi.
Uyning tepa qavatida qirq yildan beri inson qadami tegmagan, eshigi qulflab tashlangan xona borligi hozir maʻlum boʻlgan edi. Miss Emilining jasadi appon-sappon oʻz qabriga qoʻyilgandan soʻnggina bu xonani buzib ochdilar.
Xuddi yangi kelin-kuyovlar turadiganday qilib yasatilgan va jihozlangan xonaning uzoq yillar oʻtirib qolgan changi qattiq harakat tufayli birdan toʻzib ketdi. Uy ichi achimsiq goʻr hidiga toʻlgandi. Rangi oʻchib ketgan pushti kimxob choyshab qatlari, chiroqlarning pushti soyabonlari, billur shishachalar va kumushdan ishlangan, soch-soqol anjomlari sochilgan moʻjaz stolchalar — hammayoq gardga qoplangandi. Kumush buyumlar shunchalar ham xiralashib ketgandiki, endi ularga oʻyib yozilgan bosh harflarni koʻrib boʻlmasdi. Shu yerning oʻzida xuddi hozirgina yechilganday yoqa va galstuk yotardi, ularni yerdan koʻtarib koʻrganlarida chang pardasi ichra yarim gardish aniq iz qoldi. Stulning suyanchigʻida tekislab tashlab qoʻyilgan kostyum osilib turardi. Polda botinkalar, ularning yonida paypoqlar yotardi.
Er kishining oʻzi esa karavotda edi.
Jagʻi irshayib ochilib qolgan qoʻrqinchli bosh suyak chanogʻiga qaragancha anchagina jim turib qoldik. Murda xuddi kimnidir quchoqlaganday boʻlib yotardi, lekin muhabbatdan boqiyroq uzun uyqu vaqt oʻtishi bilan uning barcha aʻjubaliklari va nayranglarini tekislab, undan maʻshuqasini tortib olganday edi. Uning suyaklari uzra tungi koʻylakning churik parchalari laxtalanib yotardi. Oʻlik xuddi karavotga singib ketganday edi. Losh ham, uning yonidagi bolish ham bir tekis xoki turobga botgandi.
Va faqat shu ondagina biz ikkinchi yostiqda yengilgina bosh izi qolganligini koʻrdik. Ichimizdan kimdir qoʻli bilan izni paypasladi va oldinga enkayib, koʻzga tashlanmas toʻzonning quruq va achchiq hidini dimoqqa tortgancha biz boʻzrang poʻlat tusidagi uzundan uzun soch tolasiga koʻzimiz tushdi.

Ibrohim Gʻafurov tarjimasi
“Yoshlik” jurnali, 1986-yil, 6-son.