Umar Sayfiddin. Badal
Loyihani qo'llab quvvatlash uchub buyerga bosing
Faqatgina tor eshigidan zoʻr-bazoʻr yorugʻlik kiradigan ustaxonada kechayu kunduz uchqunlar sachratib ishlaydigan Xoʻja Ali inidan chiqmaydigan xonanishin arslonni eslatadi. U uzun boʻyli, keng yelkali, pahlavon kelbatli odam. Oʻn yillarki, ustaning mana shu nimqorongʻi doʻkonida yasalgan qilichu tigʻlar Onadoʻli va Rumeli osha qoʻshni yurtlarda ham mashhur boʻlgan.
Hatto Istambulda yanicharlar* ham oʻzlari sotib olayotgan yarogʻu shamshirlaridan “Ali Usta” degan tamgʻani qidirishadi.
Usta poʻlat toblashning hadisini olgandi. U yasagan uzun qilichlar, dudama xanjarlar toshni kesgudek oʻtkir edi. Poʻlat toblash sanʼatining faqat ustaning oʻzi biladigan siri bor edi. U shogird olmas, kishilar bilan koʻp gaplashmas, doʻkonidan tashqariga chiqmas, tinimsiz ishlardi. Uylanmagan, qarindoshi, yaqinlari yoʻq. Shaharning ajnabiysi edi u. Usta goʻyo qilich, “temir”, “poʻlat”, “otash”dan boshqa soʻzni bilmasdi. Savdolashmas, mijozlari berganini olardi. Faqatgina urush paytlari oʻchogʻini soʻndirib, doʻkonini qulflar va koʻrinmay qolardi. Urush tugagandan soʻng yana paydo boʻlardi. Shaharda u haqda turli mish-mishlar yurardi. Kimdir uni «jallod qoʻlidan qochgan olim“ deb atasa, yana kimdir “sevgilisi oʻlgani uchun dunyodan qoʻl siltagan majnun” deb taʼriflardi. Tim qora koʻzlarining magʻrur boqishidan, aslzodalarga xos mulozamatidan, kamgap-u, ammo ravon va chiroyli soʻzlashidan u oddiy odamlardan emasligini taxmin qilish mumkin edi. Ammo u kim, qayerdan kelib qolgan? Bu savolga javob bera oladigan oqil yoʻq edi. Shunga qaramay, xalq uni sevardi. Shaharda bunday mashhur ustaning borligi hamma uchun faxr edi.
— Bizning Ali…
— Buyuk usta…
— Dunyoda tengi yoʻq…
— Zulfiqor sirining sohibi…
Shunday maqtovlar aytib charchashmasdi odamlar u haqda.
Ali qalin va qattiq temirni ham makkajoʻxori yaprogʻi kabi yupqa, qogʻozdek yumshoq qiladigan sanʼatini hech kimdan oʻrganmagan, oʻzi kashf qilgandek edi goʻyo …
Oʻn ikki yoshidayoq amaldor otasining boshi olinib, u yetim qolgandi. Togʻasi juda boy, ammo qalbi qashshoq, qabih feʼlli vazir edi. Uni yoniga oldi. Oʻqitishni istadi. Balki yetim jiyanini oʻz qaramogʻiga olib, katta-katta mansablarga chiqarishni rejalashtirgandir. Ammo Alining tabiatiga boshqalarga tobe boʻlish mutlaqo yot edi.
“Men hech kimga yalinmayman”, derdi u oʻz-oʻziga. Bir kecha togʻasining hovlisidan qochdi. Kimsasiz yetimcha togʻlar oshdi, adirlar, daralarni ortda qoldirdi. Nomini bilmaydigan oʻlkalarda kezdi. Axiyri, Erzurumda qari bir temirchiga shogird tushdi. Oʻttiz yoshiga qadar Onadoʻlida u kezmagan shahar qolmadi. Hech kimga boʻyin egmadi, birovdan taʼma etmadi. Nonini toshdan chiqardi. Peshona teri bilan tirikchilik qildi, pul uchun emas, sanʼat zavqi uchun ishladi. Poʻlatni toblash uning sevgan mashgʻuloti edi. Koʻngilli ravishda janglarga borgan paytlari yanicharlar, sipohiylar, sakbonlar** qoʻlida oʻzi yasagan yarogʻlarni koʻrib, til bilan anglab boʻlmas ajib baxtni his qilardi. To hayot ekan, tinmasdan ishlab, yana necha ming gʻoziy uchun sinmas qilichlar, oʻq oʻtmas qalqonlar, toshni kesadigan shamshirlar, zirhlar yasashni maqsad qilgandi. Buni oʻylaganda kulimsirar, yuragi shodon urar, qalbidagi harorat sandondan sachrayotgan uchqunlarga koʻchardi.
— Taq-taq!..
— Taq-taq!..
— Taq-taq!..
Bugun ham bomdod namozidan soʻng berilib ishlay boshladi. Yasayotgan egri tigʻli qilichini sandon yonidagi suvdonga tiqdi. Soʻna boshlagan otashga qaradi. Bolgʻasini tashlab, peshona terisini artdi. Shu mahal uyi yaqinidagi masjiddan maftunkor shom azoni eshitila boshladi, muazzinning chaqirigʻiga moʻri tepasidagi uyadan panoh topgan laylaklarning shovqini qoʻshildi. Asrdan beri tahoratli edi. Faqatgina qoʻllarini yuvdi. Quritdi. Hullasini ustiga tashladi. Tashqariga chiqdi. Eshikni yaxshilab yopdi. Qulflashni lozim topmadi. Uzun maydon boʻylab toʻgʻri masjid tomon yurdi…
Shahar chetidagi bu koʻrimsiz ibodatgohga koʻpincha yoʻqsillar kelishardi. Masjid minorasi koʻchaga qaragan, muazzin har kuni besh mahal minora oynasidan boshini chiqargancha najotga chaqirardi.
Xoʻja Ali masjidga kirarkan, jamoat har qachongidan ham koʻp ekanini sezdi. Har doim faqat uchta chiroq yoqilgani holda, bugun xuddi Ramazondagidek hamma chiroqlar porlab turardi. Hali namozga saflanilmagan edi. Eshik yoniga oʻtirdi. Yonida past ovoz bilan gaplashayotgan kishilarning suhbatiga beixtiyor quloq tutdi. Koʻnyadan ikki gʻarib darveshning kelganini, xufton namoziga qadar “Masnaviy” oʻqishlarini eshitdi.
Namoz oʻqilganidan keyin jamoatning bir qismi chiqib ketdi. Xoʻja Ali joyidan qimirlamadi. Biroz boshi ogʻriyotgandi. “Zora, “Masnaviy”ni tinglab, dardim arisa” — deb oʻyladi. Ikki darveshning oʻqigan masnaviylaridan koʻngli rohatlandi, qalbiga sokinlik indi. Har bir oshiq kabi uning ham yuragida oʻzidan kechish darajasida shavqu zavq bor edi. Kichik bir sababdan-da joʻshardi. Maʼnosini taʼriflab berolmaydigan soʻzning sirli uygʻunligi turgʻun qonini buloq suvidek qaynatardi. Vujudi sababsiz tebranish bilan titrar, hiqichoq tutib, boʻgʻziga yopishib qolgandek edi.
Xufton namozini oʻqib, masjiddan chiqqach, toʻgʻri doʻkoniga qaytmadi. Sayr qildi. Uyqusi kelmayotgandi. Iliq, yulduzli yoz kechasi edi. Somonyoʻli sariq oltin kabi koʻzni olar, bulut kabi koʻkning u tomonidan bu tomoniga suzardi. Uzoq yurdi. Shahar tashqarisiga olib chiqadigan yoʻldagi taxta koʻprikda toʻxtadi. Koʻprik chetiga suyandi. Keng daryo sathida akslangan yulduzlar nur taratib porlar, atrofdan qushlar sayragani eshitilardi. Oʻyga botdi.Uzoq turib keldi. Yaqindagina tinglagan masnaviy ohanglari taʼsiridan chiqa olmas, oʻzidan ketadigandek alfozda edi. Birdan orqasidan baland ovozda kimdir baqirgani eshitildi:
— Hoy, menga qara, kimsan?
Usta shirin uyqudan uygʻongandek choʻchib oʻziga keldi. Orqaga qaradi. Koʻprikning narigi tomonida ikki-uch kishining sharpasini koʻrdi. Ulardan biri savolini takrorladi:
— Hoy, kimsan oʻzi?
— Ali…
Sharpalar yaqinlashdi. Bir qadam qolganda uni kiyimidan tanidilar:
— Sizmisiz, Usta Ali?
— Ha, menman.
— Bemahalda bu yerda nima qidiryapsiz?
— Hech narsa…
— Hech narsa? Suvga bolgʻangizni tushirib yubordingizmi?..
Bular shaharning tungi qoʻriqchilari edi. Usta nima deyishini bilmay gangib qoldi. Kechalari koʻknori chekib yuradigan bu daydilar uning koʻziga oʻgʻri, kazzoblardan-da qoʻrqinchli koʻrinib ketdi. Ular kechasi oʻzlaridan boshqa biror kimsaning yurganini koʻrsalar, tutib olib, doʻpposlashdan ham toymas edi. Lekin ustaga tegmadilar. Qoʻriqchilar boshligʻi:
— Usta Ali, sen telba boʻlib qolmadingmi? — dedi bepisandlarcha.
— Yoʻq…
— Yarim kechasi, xuftondan soʻng biror kimsaning daydib yurishiga xoʻjayinimiz izn bermasligini bilasanmi?
— Bilaman.
Qoʻriqchilar uning nomusli odam ekanligini bilardilar. Qattiq muomala qilishmadi. Faqatgina:
— Endi uyingga bor, bu yerlarda daydib yurma, — dedi.
Usta kelgan yoʻlidan tez-tez yurib uyiga qaytarkan, tinglagan masnaviy ohanglarini takrorlab bordi. Uzoqdan itlarning bezovta vovillashi tun sukunatini buzardi. Yoʻlda hech kim uchramadi. Doʻkoni yoniga kelib toʻxtadi. Usta sharpa kabi uzoq turib qoldi. Eshigi qiya ochiq edi. Uydan chiqarkan, eshikni yaxshilab yopganini esladi:
“Qiziq… Balki shamol ochgandir”, — xayoldan oʻtkazdi u.
Qoʻlga ilingulik nimasiyam bor ediki, uyiga oʻgʻri tushsa.
Ichkaridan eshikni yopdi. Qoʻriqchilarning ishidan qalbi ranjigan edi. Bu shaharda yashamoq ham tutqunlikdek gap. Hatto togʻning narigi tomonidagi qishloqda ham ishlay olmasang! Jismida ogʻir charchoqni sezdi. Chiroqni yoqishga ham erindi. Oʻchogʻi yonidagi supaga chiqdi. Ayiq poʻstinidan boʻlgan koʻrpasini yopindi, behol oyoq uzatdi.
Qancha fursat uxlaganini bilmaydi, shovqindan seskanib uygʻondi. Eshik taqillayotgandi.
— Kim u? — dedi u uyqu aralash.
— Och eshikni tezroq!
Tong otgandi. Eshik tirqishlaridan oppoq nurlar sizib kirardi. U hech bunaqa uxlab qolmas, doim quyosh chiqmasidan avval uygʻonardi. Erinibgina turdi. Supadan sakrab tushdi. Oyoq kiyimini topolmay kuymalandi. Keyin shoshib eshik yoniga keldi. Koʻnglida ming bir gumon bilan eshikni ochdi. Birdan doʻkon eshigidan tushgan nur oydinligida moʻylovdor, salla kiygan qoʻriqchilar boshligʻini koʻrdi. Uning orqasida kigiz kulohli, qoʻsh xanjarli yosh shotirlari ham turardi. Usta “Nima kerak sizlarga?” degandek chaqirilmagan mehmonlarga boqdi. Qoʻriqchiboshi:
— Usta Ali, doʻkoningni tintuv qilamiz! — dedi qatʼiy.
U hayron boʻlib soʻradi:
— Nima uchun?
— Tunda Budak Beyning ogʻilxonasida oʻgʻrilik boʻlgan. Shuning uchun!
— Oʻgʻrilik codir boʻlsa menga nima?
— Oʻgʻrilangan bir qoʻzini koʻprikning oldida soʻyganlar. Charm hamyon ichidagi pullarni olib, bir donasini u yerda qoldirganlar.
— Xoʻsh, menga nima?..
— Oʻsha tangalardan birini tongda doʻkoning yonidan topdik. Keyin… Ostonaga qara. Qon izlari bor!
Xoʻja Ali uyqu arimagan koʻzlari bilan eshigi ostonasiga boqdi. Haqiqatan qon dogʻlari bor edi. U qon izlariga parishon kuzatarkan, moʻylovdor qoʻriqchi:
— Kechasi seni koʻprik ustida koʻrgandik, nima qidirayotganding u yerda? — deya savolga tutdi.
Xoʻja Ali yana indamadi. Qoʻriqchiboshi:
— Doʻkonni tintib chiqinglar! — deb yordamchilariga buyruq berdi.
Sandonning yonidan oʻtayotgan qoʻriqchilardan biri baqirib yubordi:
— Bu yoqqa qaranglar! Mana, mana!
Xoʻja Ali qoʻriqchining qoʻlidagi yangi shilingan terini koʻrdiyu hayron qotdi. Qoʻriqchi tanga topgan gadoydek mamnun qiyofada terining ichini ochdi. U hali qurimagan ham edi. Bir ogʻasining, bir aybdorning yuziga qaradi.
Qoʻriqchiboshi dargʻazab ohangda ustani tergov qilishga tushdi:
— Oʻgʻrilagan pullarni qayerga yashirding?
— Men oʻgʻrilik qilmadim.
— Boʻlmasa mana bu teri doʻkoningga qayerdan kelib qoldi? Men soʻyib tashlab qoʻyibman-da!
Usta Ali karaxt holda javobsiz turardi.
Ustani suvboshining*** yoniga olib borishganida ham kecha koʻprikning ustida nima qidirganini aytmadi. Topilgan barcha dalillar uning zarariga ishladi. Oʻsha tunda Budak Beyning besh yuzta qoʻyga yetgulik puli ham oʻgʻrilangan edi. Ikki baquvvat oʻgʻri choʻponni bogʻlab, doʻpposlab ketgandi. Ertasi kuni qozining yonida kaltak zarbidan hali ham oʻziga kelolmagan choʻpon oʻgʻrilardan biri Xoʻja Aliga oʻxshashiga shohidlik berdi. Tunda allamahalgacha koʻprik yon-atrofida yurgani, ashyoviy dalil — qoʻzi terisining doʻkonidan, tangalardan birining eshigi yonidan topilgani Xoʻja Alini aybdor deb eʼlon qilish uchun yetarli boʻldi. Qancha inkor etsa ham, dalillar unga qarshi soʻylardi.
Ustaning oʻng qoʻlini kesishga qaror qildilar.
Bu qarorni eshitib Alining rangi oʻchib ketdi. Beixtiyor lablarini qattiq tishladi. Alhol, qarorga boʻyin egishdan boshqa chorasi yoʻq edi. Qoqinib-turtinib oʻrnidan turdi. Ammo shunda ham magʻrur ovoz bilan qozidan qoʻli emas, boshi kesilishini iltimos qildi. Ehtimol, bu uning umri davomidagi birinchi iltimosi edi. Biroq qozi adolatli kishi edi.
— Yoʻq, oʻgʻlim, — dedi u vazminlik bilan. — Sen odam oʻldirmading. Agar choʻponning joniga qasd qilganingda, unda seni oʻlimga hukm qilardik. Bu jazo aybingga koʻradir. Oʻgʻrilik uchun qoʻling kesiladi. Haqning qonuni shudir. Qonunlar buzilgan yer koʻkarmaydi…
Xoʻja Alining qoʻli boshidan ham kerakli edi. Mana shu qoʻllari bilan harb maydonida kurashgan minglarcha gʻoziyga poʻlat qalqonlarni parchalaydigan, ogʻir zirhlarni buzadigan, temir dubulgʻalarni ikkiga boʻladigan paxtadek yengil qilichlar yasagan edi.
Uni qoʻriqchixonaning yertoʻlasiga qamadilar. Jazo kuni kelgunicha oʻsha yerda yashadi. Hech ovozini chiqarmas, endi sandon yonida bolgʻasini urolmasligini oʻylab, qoʻli hozirdan shol boʻlib qolgandek edi. Qoʻlining badalini toʻlagani puli ham yoʻq edi. Shu kunga qadar dunyo yigʻish uchun ishlamagandi u.
Ahli shahar Xoʻja Ali kabi buyuk ustaning qoʻli kesilishini eshitib mutaassir boʻldi. Bu qadar istarasi issiq, mard, mehnatsevar, kuchli bir insonning umr boʻyi nogiron boʻlib oʻtishiga tuygʻusiz koʻngillar ham toqat qilolmasdi.
Sipohiylar oʻzlariga bebaho qilichlar yasab bergan ustani qutqarishga kelishib olishdi. Shaharning eng katta boyi Hoji Mehmetga murojaat qilishdi. Bu odam Qorundek mol sohibi boʻlsa ham, oʻta baxil edi. Dunyosi koʻp boʻlsa-da, hali ham bozordagi kichik bir doʻkonda qassoblik qilardi. Hoji Mehmet har galgidek oʻzini taroziga soldi, injiqlik qildi. Ensasi qotdi. Boshini tebratdi. Ammo sipohiylar bilan kelishmasa boʻlmasdi.
— Uning qoʻli uchun badal toʻlayman. Ammo bir shartim bor, — dedi u majburiyat ostida koʻngan odam qiyofasida.
— Qanday shart?
— Boring, oʻzi bilan gaplashing. Agar menga oʻlgunimcha pul olmasdan shogirdlik… xizmatkorlik qilishga rozi boʻlsa…
Sipohiylar Hoji qassobning shartini Xoʻja Aliga yetkazdilar. U qassoblikdan butkul bexabarligini bahona qildi. Bunday yoqimsiz shartni qabul etishni istamas edi. Sipohiylar:
— Qassoblik ham ishmi? Poʻlatni mumdek eritib, qilichlar yasagan odam bogʻlangan qoʻyni soʻya olmaydimi?
Usta uchun qulga qul boʻlish, besh kunlik dunyoda birovning koʻngliga qarab yashash eng ogʻir kulfat edi. Oʻsmirlik paytidayoq vazir togʻasining hotam¬toy¬ligidan voz kechib, birovning qaramogʻida qolmaslik uchun gʻurbatli hayotga ham rozi boʻlgan edi-ku! Endi bu koʻr taqdir uni kimga qul etmoqda?!
Sipohiylar:
— Hojining yoshi yetmishdan oshgan. Endi yana qancha yashardi? U oʻlgandan soʻng sen yana ozod boʻlib, bizga qilich yasayverasan. Koʻp oʻylanma usta, oʻylanma! — deya unga tasalli berishardi.
Hoji qassob kesiladigan qoʻl badalini qoziga toʻlab, Xoʻja Alini doʻkoniga ergashtirib keldi. Qassob juda ham injiq, mijgʻov odam edi. Xasisligidan hozirga qadar bir xizmatkor yoki shogird olmagan edi. Doʻkonining burchagiga yangi xizmatchisi uchun joy qilib berdi. Saxovat koʻrsatib, ustaning qoʻliga bir toʻshak tutqazdi.
Shu kundan jamiki yumushlarni unga qildirishni boshladi. Bomdod namozidan oldinroq shahardan ikki soat uzoqlikdagi ogʻilxonasidan qoʻylarni olib kelishni buyurar, soʻydirar, nimtalatar va Alining oʻziga sotdirar edi. To shomga qadar tinmasdan ish buyurardi. Har kuni yedirib-ichirgani esa yanchilgan bugʻdoy shoʻrvasi edi. Baʼzida oʻzidan ortganlarini itga otgan kabi unga berardi. Kechqurun doʻkonni yogʻ tushsa yalagudek tozalatar, koʻzi ilinar-ilinmas, uygʻotib ertangi kun uchun qoʻy olib kelishga yuborardi. Oʻrmondan oʻtin kesib kelish ham uning vazifasi edi. Suv tashir, hovlidagi chiqindilar qudugʻini tozalardi.
Xoʻja Ali boyning yovgʻon shoʻrvasiyu turfa qiyinchiliklarga yillarcha toqat qila olardi. Ammo Hoji qassob ikki gapning birida:
— Lapashang Ali! Qoʻlingning badalini men berdim. Yoʻqsa nogiron boʻlib qolarding, — deb minnat qilishiga chidolmasdi. Bir necha kun tishini tishiga qoʻydi. Tinmay ishladi. Qush uyqusiga qanoat qildi. Kunduzlari ham yugurib-yelib xizmat qildi. Xoʻjayinning qarshisida taʼzimda boʻldi. Ammo minnat deganlari miyaga tushgan qurtdek tinchlik bermasdi:
— Qoʻling uchun badalni men toʻladim.
— …
— Yoʻqsa qoʻlsiz qolarding!
— …
— Mening soyai davlatimda toʻrt muchang sogʻ.
— …
Hoji qassob minnatli soʻzlarni xuddi salom kabi tiliga yopishtirib olgandi. Har buyrugʻi bajarib boʻlinganidan soʻng kir soqolli, chirkin va qotma yuzini burishtirib, koʻk koʻzlari bilan unga boshdan oyoq razm solib, “Yodingda tut, sen mening asirimsan!” deya yana badalni eslatardi. Xoʻja Ali indamas, ammo uning yuragi parchalangan, koʻksini achchiq-achchiq alamlar kemirardi. Kechalari uxlamasdan, kunduzlari ishlab, kushxonada qoʻylarni soʻyib, xaridorlarga goʻsht sotarkan, “Nima ham qila olardim?” deb oʻylar, dadil qarorga kelolmasdi.
Qochishga gʻururi yoʻl qoʻymasdi. Shunday yoʻl tutsa, haqiqatdan oʻgʻrilik qilgan boʻlib qolardi. Ammo uning boshiga tushganlari oʻlimdan ham mudhish, oʻlimdan ham ogʻir edi…
Hoji qassobga qul boʻlganining birinchi haftasi oʻtgandi. Juma kuni edi. Odatdagidek, tong yorishmasdan qoʻylarni soʻyib, doʻkondagi ilgaklarga osgan edi. Usta Ali qassobxona rastasining chap tomonidagi katta qora toshda pichoq oʻtkirlardi. Hali xoʻjayin kelmagandi. “Nima qilaman? Qanday yoʻl tutish kerak?” deya cheki yoʻq oʻy-xayollarga berilib, qassobning kelganini ham bilmay qoldi. Unga tanish noxush boʻgʻiq ovoz hushiga keltirdi:
— Nima qilyapsan, hey?
Xoʻjayin tamakisini tutatgancha Aliga oʻdagʻaylay ketdi:
— Tanbal, landovur! Ertalabdan beri nima qilding oʻzi?
Indamadi. Bu mitti, xoin koʻzlarga tik qaradi. Qariya kutilmagan oʻtli qarashdan bir zum oʻzini yoʻqotdi:
— Nega bunday qarab qolding?
— …
Xoʻja Ali cas chiqarmas, besh yillik, balki oʻn yillik mehnatni bir haftada bajargan odamni tanballikda ayblashdan uyalmagan bu razil kimsaga nafrat ila qarardi. Ustaning koʻksini yana alam tilar, asabi qaqshardi. U butun tanasiga yoyilgan qahru gʻazabni soʻndirish uchun bir on koʻzlarini yumdi. Titroqlar bosilgandek boʻldi. Hoji qassob tamakisini tashlab, xizmatchisining ogʻir nigohlaridan qutulish uchun mingʻirladi:
— Qoʻling badalini berganimni unutding, chogʻi. Men boʻlmaganimda hozir hech ishga yaramaydigan nogiron boʻlib qolarding…
Xoʻja Ali achchiq kulimsiradi. U qassobning xayoliga ham kelmagan qarorni qabul qilib boʻlgandi. Ortiga oʻgirildi. Hozirgina oʻtkirlagan pichoqlarining eng kattasini oldi. Qoʻlini goʻsht nimtalanadigan katta toʻnka ustiga qoʻydi. Koʻzini chirt yumganicha pichoqni qoʻliga shunday tushirdiki… Xoʻja Ali qatʼiyat va sovuqqonlik bilan kesilgan qoʻlini tutdi. Koʻrganlaridan dahshatga tushib qaltirayotgan Hoji qassobning oldiga bordi:
— Sen mana shu uchun badal berganmiding?! Ol, mana senga badalini toʻlagan narsang!..
Xoʻja Ali choponining qoʻlsiz qolgan yengini bogʻlab, tugun qilib oldi. Shaxt bilan doʻkondan chiqdi…
Ustaning bir zamonlar kelgan joyi kabi ketgan yerini ham hech kim bilolmadi.
1910
Turk tilidan Davronbek Tojialiyev tarjimasi
* Yanichar — usmonli turklarning saralangan harbiy boʻlinmasi askari
** Sakbon — chegara qoʻshinlari jangchisi
*** Suvboshi — Usmonli turk davlatida shahar mudofaasiga masʼul boʻlgan amaldor.