Uygʻun Roʻziyev. Tavba
Loyihani qo'llab quvvatlash uchub buyerga bosing
Eski “Zarbdor” xoʻjaligining sobiq qorovuli Shoqulning na uyida halovat bor, na yurish-turishida. Hali oʻt-oʻlanlarga zeb boʻlib turgan shudringlar butkul parlanib ulgurmasidan uning uyida yana olatasir boshlandi. Keyin Shoqul koʻchaga oʻqday otilib chiqdi. Buni koʻrgan qoʻni-qoʻshni borki, uning ahvolini darrov tushundi. Demak, uni kelini yana quvib-solgan. Cholga qiyin boʻldi. Koʻp yillardan beri, umuman, yolgʻiz oʻgʻli Halimga Begimoyni xotinlikka olib berganidan beri ahvol shu. Chol oʻzi jikkakkina odam, Halim ham undan ortiq emas. Kelin esa ancha boʻychan, keng gavdali, baquvvat. Shoqul bilan oʻgʻli ikkovini qoʻshsa ham bir kelincha chiqmaydi.
Shoqulning kampiri-ku, kelinni koʻrmasdan qaytish qilgan. Kelinni Shoqulning oʻzi topgan. Begimoyning otasi savdo idorasida ombor mudiri boʻlib ishlardi. Shoqul uncha-munchani pisand qilmay qolgan paytlar edi. “Oʻgʻlimga qizini beraman degan gʻarib-gʻurabolar koʻp, lekin men oʻzimga oʻxshagan oʻziga toʻq odam bilan quda boʻlishim kerak” deb oʻsha ombor mudirining qiziga ogʻiz soldi. Chol hali Begimoyni koʻrmagan, oʻgʻli ham dunyodan bexabar edi. Halimjon uyalinqirab: “Dada, kelinni avval bir koʻrib gaplashsammikan?” deb bir ogʻiz soʻragan edi, Shoqul oʻz bilganidan qolmay: “Kelinni kelganda koʻr, sepini yoyganda koʻr. Men ham onangni faqat chimildiqda koʻrganman, nima, ziyon qildimmi? Xavotir olma, quda boʻlmish tilla odam, ayoli ham bip-binoyi. Onasini koʻru, qizini ol”, deb uni boshqa bu mavzuda gapirtirmadi. Ombor mudiri oʻrta boʻyligina, uning xotini ham togʻoradan toshgan xamirga oʻxshagan yumaloqqina edi. Qizlari ham oʻzlariga oʻxshagan boʻlsa kerak, deb oʻylagan Shoqul qaddi qomat borasida adashganligini toʻy kuni bildi. Begimoy yuzi barkashday, qoʻllari belkurakday, boʻyi salkam shiftga tegay deb turgan basavlat, barvasta, bir musht ursa har qanday erkakning toʻrtta qovurgʻasini sindiradigan, devday ulkan qiz edi. “Oq koʻylakning ichida bitta odam bormikan yoki ikkitami” deb Shoqul kelinchakning atrofida aylanib, oʻylab oʻyiga yetolmadi. Hatto Halimning qulogʻiga: “Oʻgʻlim, men lotereyamizga mashina chiqadi, deb yursam, biratoʻla “K-700” degan traktor chiqibdi-ku”, deb asta shivirlab ham qoʻydi.
Shoqul, toʻydan keyin koʻp choʻzmay kelinning javobini bergizib yuboraman, deb oʻylab yurgan edi. Lekin Begimoy ham anoyilardan emasligini koʻrsatib qoʻydi. Feʻli ham qomatiga yarasha ekan. Birinchi kunlardanoq qoʻlida oʻqlogʻni oʻynatib yuradigan boʻldi. Shoqul oʻgʻlini yoniga chaqirib shivirladi:
– Halimboy, oʻgʻlim, vaqt gʻanimatida bu kelinning bahridan oʻtib qoʻyaqol, bizga toʻgʻri kelmaydi. Biz xipchagina odamlarmiz, kelin ham oʻzimizga yarasha boʻlgani yaxshi. Boʻlmasa bu uyda bizga kun yoʻq.
Halim yer chizib turdi-da, kutilmagan javobni aytdi:
– Dada, men u bilan nikohdan oʻtdim. Mulla ham nikoh oʻqiyotganda, endi ikkovingiz er-xotinsizlar, qoʻsha qariysizlar, dedi. He yoʻq-be yoʻq, javobini berib yuborsam xafa boʻladi. Rosti, u menga yoqib qoldi.
– He, mazaxoʻrak boʻlmay har balo boʻl, – dedi Shoqul jahli chiqib.
Shunday qilib, Halimjon xotinini taloq qilmadi. Hali bunga arzirlik bahona ham yoʻq edi. Gavdasi uchun desa, bu sabab boʻlolmaydi, insofsizlik boʻladi. Shoqul tirnoq orasidan kir qidirib mingʻirlayverdi. Bir kuni Halimjon ham nimadandir xunob boʻlib, xotinini aybladi. Ustiga-ustak, gavdasiga yarashmasa ham, jahliga erk berib:
– Seni qoʻyib yuboraman, – degan gap ogʻzidan beixtiyor chiqib ketdi.
– Nima qilasan, qoʻyib yuborasan? Men ikkovingning javobingni berib qoʻymay tagʻin. Ikkalang ikki tomonimda goʻng qidirgan qovogʻariga oʻxshab gʻingʻillaganing gʻingʻillagan. Qani, uyni boʻshatib qoʻyinglar-chi. Tur yoʻqol, ikkoving ham qorangni koʻrsatma bu yerda, – deb Begimoy ota-bolani eshikdan uloqtirdi. Ular yana xezlanib kelishgan edi, boshlariga oʻqlogʻ bilan urdi.
Oʻshandan beri ota-bolaning koʻrgan kuni shu. Shoqul alamidan chiqishning hech ilojini topolmaydi. Qaysi gunohi uchun bunday baloga giriftor boʻlganini yaxshi biladi-yu, lekin birovga bildirmaydi. Begimoy oʻqlogʻ bilan quvganda har gal koʻchaga qochib chiqadi-da, uchragan odamga hasrat daftarini ochadi. Koʻchada hech kim koʻrinmasa, toʻgʻri Mahkam etikdoʻzning oldiga boradi. Oʻsha yerda biroz nafas rostlab, koʻnglini yozib qaytadi. Etikdoʻz eski quduqday odam, qancha gapirsang ham eshitib oʻtiraveradi, pinagini buzmaydi.
Shoqul yana etikdoʻzning turli-tuman charm va yelim hidi anqib yotgan torgina doʻkonchasiga yoʻl oldi.
– Ha, yana boshingga oʻqlogʻ tushdimi? – dedi etikdoʻz roʻparasidagi kir stulchaga kelib oʻtirgan Shoqulga bir qarab qoʻyib.
– Qayerdan bilding? – dedi Shoqul ajablanib.
– Yuzing aytib turibdi.
– Ha, sening koʻzing oʻlgur juda oʻtkir, doʻppining tagidagi yoriqniyam darrov koʻradi. Boʻyingga boʻz tuproq tortilgur kelin yana oʻqlogʻ bilan savalab qoldi. Nima qilay, unga Xudoning oʻzi insof bermasa, bandasi bas kelolmaydi. Mening tushunishimcha, xotin kishining joni sochida boʻladi. Sochidan bir burab tortsang, yengiladi-qoʻyadi. Bu soʻloqmonning sochini changallash uchun esa narvon qoʻyib chiqish kerak. Lekin u yalmogʻiz narvon qoʻyib chiqquningcha qarab turmaydi-da.
– Bekordan-bekor urmaydi-ku, oʻzing ham mijgʻovlik qilmagin-da.
– Men nima qilibman? Sochini yuvishga bir chelak qatiqni ishlatib yuboribdi. “Hoy, kelin, uyimizda atigi bitta sogʻin sigirimiz bor, sening bunday soch yuvishingga butun boshli fermaning qatigʻini ham yetkazib boʻlmaydi-ku, deganimni bilaman, oʻqlogʻ bilan tashlanib qolsa boʻladimi.
– Har holda sigirni oʻzi sogʻib mehnat qilganidan keyin xohlasa sutini ichsin, xohlasa qatigʻiga boshini yuvsin, ixtiyoriga ham qoʻyib bergin-da, xasislik qilavermay.
– Qayoqda, sigirni oʻgʻlim sogʻadi.
– Ol-a.
– Toʻgʻri, boshda bir-ikki kun u sogʻdi. Lekin qarab turib sigirga rahmim kelib ketdi. Toʻxta, bas qil, sigirni Halimning oʻzi sogʻadi, dedim. Indamasam kurakday qoʻllari bilan sigir bechoraning yelinini yulib olardi-da suv minorasiga oʻxshamay oʻlgur.
– Feʻli tor odamsan, Shoqul, sening shu injiqligingga bundan boshqa kelin chiday olmas edi.
– Lekin bu kelinga mening chidashim qiyin boʻlyapti-da. Oʻz eriga, oʻz qaynotasiga qoʻl koʻtarsa-ya. Mana, boshimni koʻr, gʻurra boʻlmagan tangaday joy qolmadi, – u doʻppisini yechib, dabdalasi chiqqan boshini koʻrsatdi. – Xotin kishining erkakka qoʻl koʻtarishi bizning elda uyat hisoblanadi. Rahmatli xotinim qoʻl koʻtarish yoki gap qaytarish u yoqda tursin, yuzimga bir marta tik qaragan emas. Bu azroyil, bilmayman, gʻorda oʻsganmi, yuzing-koʻzing demaydi. Oʻgʻlim esa halimday muloyim boʻlib uning aytganini qilib yuribdi. He, erkak boʻlmay har balo boʻl, deyman. Menga tortmadi u. Vaqtida bir emas, kerak boʻlsa beshta ayolni oʻtqizib-turgʻizishga ham qurbim yetardi. Bu boʻlsa bitta xotinni eplayolmaydi.
– Oʻzing aytyapsan-ku, bu kelinning bitta oʻzi oʻnta xotinga tatiydi, deb.
– E, toʻgʻrisi, yashashdan ham bezib qoldim.
– Bunaqa qiynalib yurguncha, kelinning ota-onasini, qarindoshlaringni maslahatga yigʻ, kelinni insofga chaqirishsin.
– Undan kattaroqlarini ham chaqirib koʻrdim, naf bermadi. Mahalla oqsoqolini yetaklab kelgan edim, kelin pinagini ham buzmay bezrayib turaverdi. Oqsoqol endigina nasihatga ogʻiz juftlagan edi, ogʻzidan olib yoqasiga yopishtirdi. “Sen muttaham, mahalladagi bolalarga beriladigan nafaqa pullarining yarmini choʻntagingga urishdan hazar qilmaysan-u, endi uyalmay-netmay menga nasihat qilmoqchimisan. Hozir xumday boshingga oʻqlogʻ bilan bir solsam aqling joyiga tushadi”, deb oʻdagʻayladi. Oqsoqol boshqa bir ogʻiz ham gapirolmay, urra qochib qoldi.
– Ammo boplabdi, toʻgʻrisiyam shu-da, – deya etikdoʻz miriqib kuldi.
– Keyin bir kuni imomni chaqirib kelish uchun machitga bordim. Imom yoʻq ekan, mutavallisi mulla Marayim tasbeh tashlab oʻtirgan ekan. Arzi dodimni aytdim. Boshim yorilgan, chakkamdan qon oqayotgan edi. Rahmi kelgan mulla ham koʻp tarang qilmasdan darrov koʻndi. Nima boʻlgandayam mullaning salobati bor, aziz avliyolar va xudo nomidan gapirsa insofga kelib qolar, deb oʻylagan edim-da. Lekin bu xudobexabar, mullaning ham obroʻyini bir pul qildi. “Mullaman, deysanu, aslida oʻgʻrilarga sheriksan. Machitga tushgan ehsonning yarmini uyingga tashmalaysan. Pana-pastqamda aroq ichishdan oʻzingni tiyolmaysanu, ikkita maʻraka bir kunga toʻgʻri kelib qolsa pulni koʻproq beradiganiga borasan. Shu ahvolingga menga imonu insofdan vaʻz oʻqigani keldingmi? Soqolingga kuya tushsin”, deb sal boʻlmasa mullaning soqoliga chang solay dedi. Oʻshandan keyin mulla Marayim qattiq qoʻrqqanidan bir necha kun machitga ham chiqmabdi.
Mahkam etikdoʻz kula-kula tizzalari ustiga qoʻyib olgan eski botinkani bir maromda tikaverdi.
– Kelining balo ekan. Uning feʻliga koʻnikib, taqdirga tan berib yashashdan boshqa ilojing yoʻqqa oʻxshaydi.
– Ha, bilaman, bu baloni menga Xudoning oʻzi yubordi. E, nega kulasan?
– Hadeb Xudoni tilga olganingga kulgim qistadi.
– Nima boʻpti tilga olsam?
– Shu paytgacha sen Xudoni tan olmasding. Agar Xudo bor boʻlsa, mana, men oʻzim Xudoman, deb kerilarding.
– Nima qilay, Mahkamboy, biz, axir, shunday oʻsdik. Shuning uchun gunohsiz oʻtgan kunimiz ham boʻlmasa kerak. Hamma narsani partiya yaratgan ekan, deb qizil bayroqni koʻtarib, “urra-urra”ni aytib yuravergan ekanmiz. Bir kunda hammasining oyogʻi osmondan boʻlib ketishi yetti uxlab tushimizga kiribdimi. Endi yoshing bir joyga borganidan keyin qilgan gunohlaringni tushunaverar ekansan. Bilmadim, hali nariyoqda nimalar kutayotgan ekan? Har tugul u yoqda menga jazo unchalik koʻp boʻlmasa kerak. Chunki Xudo mening u yoqqa borishimni kutib ham oʻtirmasdan, shu yerning oʻzidayoq jazoyimni berib qoʻyibdi. Ha, mullaning oʻzi shunday dedi. Eh, senga maza, kun boʻyi doʻkoningda gʻimirsib oʻtirasan. Uying tinch, boshingni ogʻritadigan tashvishing boʻlmasa. Birov bilan ishing ham yoʻq.
– Qorovul boʻlib ishlab yurganingda sening ham halovating joyida edi.
– Eh, oʻtdi davron, ketdi davron. Endi qorovullikka yoʻl boʻlsin. Xoʻjalik yoʻq, idorasi ham allaqachon buzilib ketgan. Nima, osmonni qoʻriqlaymanmi?
– Hov bir rais qamalganidan keyin baraka uchgan edi-da oʻzi xoʻjalikdan.
– Qaysi raisni aytasan, Sarkayevnimi?
– Ha, Turob Sarkayev. Yaxshi odam edi bechora. Bir qop pulni oʻzi oʻgʻirladimi, oʻgʻirlatib qoʻydimi yoki oʻzi aytganday, rostdan ham tuhmatga uchradimi, haytovur shu mashmasha bilan qamalib ketgan edi. Shundan soʻng dom-daraksiz ketdi, shoʻrlik.
– Oʻzingga ehtiyot boʻl, qoʻshningni oʻgʻri tutma, degan donolar. E, qoʻy oʻsha gaplarni. Asli men ham etikdoʻz boʻlsam boʻlarkan. Lekin sening bukchayib oʻtirishing yoqmaydi-da. Menga qara, sening ham gavdang hech toʻgʻri boʻladimi? Qani oʻrningdan tur-chi.
– Turgʻizib nima qilasan, onadan shunday tugʻilganman.
– Rostdan ham, qorinda qanday yotgan boʻlsang, bu yerda ham bir umr shunday oʻtiribsan, qoyil. Hali goʻrda ham shunday bukchayib yotsang kerak.
– Ermak qilma.
– Boshqa nimaniyam gapiray?
Etikdoʻz qoʻlidagi botinkani tikib boʻlib, ipni kesdi. Keyin ikkinchi poyini tizzasiga qoʻyib, tikishga kirishdi.
– Tavba qil, Shoqul, bilib-bilmay qilgan gunohlaringni kechirishini soʻrab Xudoga yolvor.
– Endi yolvorganim bilan oʻtarmidi. Tuzukroq Qurʻon tilovat qilishniyam bilmayman. Mulladan soʻrab yodlab olay desam, endi baribir eslab qololmayman. Mana bu kallaning ichida miya qoptimi. Bori ham tinmay oʻqlogʻ urilaverganidan suyulib boʻlgan.
– Butkul Xudo urgan ekan-da seni.
– Ha, urgani shu boʻlsa kerak.
– Baribir, astoydil yolvorsang Oʻzi kechiradi. Balki shundan keyin boshingga tushayotgan azoblardan qutularsan. – Mahkamboyning yana kulgisi qistadi. – Yo xudoyo qudratingdan, tavba, tavba, kelib-kelib senday betiyiq odamning ham bir kunmas bir kun oxiratni oʻylab qolishi kimning xayoliga kelibdi deysan. Ishonish qiyin, aql bovar qilmaydi.
Shoqul indamay boshini egdi. Qilgan gunohlarini eslab xoʻrsindi. Soʻng etikdoʻzning doʻkonchasidan chiqib, yuragi bezillasa ham, uyi tomonga qarab ketaverdi. Qishloqning yakkayu yagona bekati yonidan oʻtayotganda shaharga boradigan avtobus toʻxtab turganini koʻrib, bir zum oʻylanib qoldi. Miyasida har xil xayollar gʻujgʻon oʻynadi. Avtobus yoʻlovchilar bilan toʻlay deb qolgan edi. Demak, hademay joʻnashi turgan gap. “Men ham shaharga joʻnavorsammikan? – deya oʻyladi Shoqul. – Musofir boʻlmay musulmon boʻlmas, degan edi mulla Marayim. Shu gapda bir hikmat bor. Zora meni ham musulmonlar qatorida sanab, gunohlarimni kechirsa. Bir necha kun koʻrinish bermasam uydagilar ham oyogʻi kuygan tovuqday tipirchilashadi. Shundan keyin ehtimol kelin ham insofga kelib, qadrimga yetib qolar”. U shunday xayollarga berilib, avtobusga chiqib oʻtirganini ham sezmay qoldi. Hatto oʻrindiqda xayol surib oʻtirib, koʻzi ham ilindi. Avtobus bir-ikki silkinganidan keyin koʻzini ochib atrofga alangladi. Bu paytda ular qishloqdan chiqishayotgan edi. Katta yoʻlga tushib olgandan keyin avtobus shamolday uchib ketdi.
Shoqul shaharga kelishga kelib oldi-yu, endi u yogʻiga nima qilishni bilmay boshi qotdi. Avtobusda birga kelgan hamqishloqlari unga eʻtibor ham bermay har tomonga tarqab ketishdi. Shoqulning tomogʻi qaqradi. Atrofga razm solib, yoʻlning narigi betida gazli suv sotadigan doʻkonchani koʻrib, oʻshaning oldiga bordi. Bir stakan muzday suv olib, hoʻplab-hoʻplab ichayotgan edi, yana uch-toʻrtta yigitlar kelib, stakanlarga qoʻl uzatishdi. Talabalar boʻlishsa kerak, biri sumka koʻtargan, birining qoʻlida kitob-daftar. Shoqul ularga qaray-qaray suv ichdi. Shunda ulardan biri koʻziga issiq koʻrindi. Unga tikilib-tikilib qaradi. Oxiri taniganday boʻldi.
– Hoy, menga qara, – dedi chol yigitning tirsagidan tortib, – sen anavi Ubaydulloning oʻgʻlimisan?
– Ha, – dedi bola stakanni boʻshatib. – Ie, assalomalaykum, Shoqul buva, siz bu yerda nima qilib yuribsiz?
– Aylangani keldim, chirogʻim, aylangani. Bu deyman, oʻqishdan qaytyapsizlarmi?
– Ha, oʻqishdan.
– Turar joylaring bormi ishqilib?
– Bor, huv anavi domda, ijara uyda turamiz.
– Nima, oʻqish joylaringda oʻzlaringning yotoqxonalaring yoʻqmi?
– Yotoqxona bor, lekin bizga ijara uy maʻqulroq. Har holda erkinroq yashaymiz.
– Ha, durust, durust.
– Yuring, biznikida mehmon boʻling.
Shoqul chol biroz kalovlanib turdi va keyin, ayni muddao boʻldi, deb ichida xursand boʻldi.
– Mayli, borsam bora qolay. Baribir qishloqqa qaytganimdan keyin Ubay garang, oʻgʻlim qanday yashayotgan ekan, deb soʻrayverib odamni garang qiladi, – deb Shoqul ular bilan birga ketdi.
Koʻp qavatli beton uydagi bu xonadon tovuqning katagiga oʻxshagan joy edi cholning nazarida. Shoqulning nafasi siqilaverdi.
– Hoy, Ubay garangning oʻgʻli, shu diqqinafas ikkita xonada toʻrt kishi turasizlarmi? – dedi u toqati toq boʻlib.
– Ha, toʻrtalamiz yashaymiz.
– Koʻrgan kunlaring qursin. Bu yerda kasal boʻlib qolasizlar-ku. Uyning ichiga hojatxona qurgani nimasi, undan koʻra koʻchadan qurib qoʻymaydimi. Ubay garangni men qoʻli ochiq, yashashni biladigan odam deb yursam, teskarisi ekan. Seni shaharda oʻqitish niyati bor ekan, avval shu yerdan bir kichikroq boʻlsa ham hovli sotib olsa boʻlmasmidi? Yoki puli yoʻqmidi? Pul topiladigan narsa, qidirgan odam topadi. Dangasalik qilgan Ubay garang. Endi, mana, birovning katagida tiqilishib yotibsizlar.
– E, biz koʻnikib ketganmiz, buva.
Shoqul chol bu uyda zoʻrgʻa bir kun yashadi. Ertalab yigitlar oʻqishga ketishayotganda chol ular bilan xayrlashib boshqa tomonga ketdi. U kun boʻyi shahar aylandi. Qaysi koʻcha duch kelsa oʻshanga kirib ketaverdi. Doʻkonni koʻrib qoladimi, dorixonanimi, hammasiga kirib chiqdi. U shahar koʻchalarini darbadar kezarkan, oʻzini musulmonlikka munosib haqiqiy musofirday his qilardi. Faqat qosh qoraya boshlagandagina, ninachiga oʻxshab, kimnikida yotib qolishni oʻylab boshi qotdi. Non doʻkoni yonida turib, ichkaridan chiqayotgan odamlarni kuzatdi. “Kimdan bir kechaga joy soʻrayman?” deb oʻyladi. Qaddi qomati raso, mallasoch bir ayol chiqdi. “Yoʻq, bu oʻlaqolsa ham rozi boʻlmaydi”, deya oʻyladi u. Keyin qora koʻzoynak taqqan, soch-soqoli oʻsib ketgan, badqovoq bir kishi chiqdi. Undan soʻrashga yuragi betlamadi. Birozdan soʻng paxmoqqina itni yetaklagan kampir chiqdi. Qoʻlidagi xaltada ancha-muncha narsa borga oʻxshardi. Shoqul unga salom berdi. Kampir beparvogina bir qarab qoʻyib, yoʻlida ketaverdi. Shoqul chol unga ergashdi.
– Menda ishingiz bormi yoki itimdami? – dedi kampir taqqa toʻxtab.
– E, laychangizda nima ham ishim boʻlishi mumkin, xaltangizni koʻtarishib borsam deb edim.
– Tilanchimisiz?
– Yoʻq, musofirman.
– A, koʻchada qoldingizmi?
– Juda unchalikmas. Kerak boʻlsa daraxtga suyanib ham tong ottirish mumkin. Lekin yaxshi suhbatdosh boʻlsa, uxlamasdan ham oqshomni oʻtkazsa boʻladi.
– Ha, tushunarli, ishtahangiz chakki emas.
– Kechirasiz, opammisiz, singlimmisiz, ismingizni ham bilmayman?
– Buning nima farqi bor, koʻrinib turibdi, ikkovimiz ham ancha yoshni urib qoʻygan qariyamiz. Lekin sen mendan ham qariroq koʻrinasan, – dedi kampir koʻpdan beri taniydigan qadrdoni bilan gaplashayotgandek bamaylixotir sensirab.
– Boʻlishi mumkin, haligi, bir umr ogʻir mehnat qilgandan keyin…
– Shundaymi, nima ish qilgansan oʻzi?
– Xoʻjalik idorasida qorovul edim.
– Aha, rosa ishlagan ekansan-ku. Pashshangni qoʻrib, oyogʻingni osmonga koʻtarib yotavergansan-da. Mayli, buguncha menikida qorovul boʻlaqol. Bir kecha ming kecha boʻptimi. Shundoq ham katta hovlida yolgʻiz oʻzim yashayman. Masha deyaver meni. Seniki-chi?
– Shasha.
– Bu nima deganing?
– Shoqul mening ismim.
Shoqul cholga bu kampirning tatarcha talaffuzda gapirishi yoqib tushdi. Bunday kampirlar koʻrinishidan zaharga oʻxshasa ham, aslida yaxshi odamlarga mehribonchilik qilishda hech kim ularga tenglasholmasligini u koʻp marta eshitgan.
Kampirning uyi pastqamgina, hovlisi koʻrimsiz, devorlari zanglagan tunukadan boʻlsa ham, lekin keng, bir nechta mevali daraxtlari ham bor edi. Faqat uning toʻrtta choʻchqasi borligi Shoqulning gʻashini keltirdi. Ichkarilaganlari sayin choʻchqalarning qoʻlansa hidi dimogʻiga urilib koʻnglini behuzur qilaverdi. Biroq koʻp oʻtmay shu hidga ham koʻnikib qoldi. Kampir tovada allambalo ovqat pishirdi. Shoqulning unchalik koʻngli tortmasa ham qorni ochligi sabab durustgina yedi. Soʻngra ikkalasi allamahalgacha suhbatlashib oʻtirishdi.
– Aft-angoringdan xudojoʻygina odamga oʻxshaysan. Lekin belingda belbogʻing koʻrinmaydi? – dedi kampir sinchkovligini namoyish qilib. – Joynamozsiz yurganingni aytaman-da.
– Soqol-moʻylabimga qarab hamma shunday deydi. Lekin bu soqolga ishonib ovora boʻlma, enajon, – dedi Shoqul dasturxondan bitta olmani olib u yoq-bu yogʻiga qararkan. – Agar hamma narsa soqol bilan hal boʻlganida edi, allaqachon imomlikni daʻvo qilgan boʻlardim. Afsuski iyagimdagi bu bezak lankaga ham yaramaydi. Oʻlmasam mullaga shogird tushib, rosmana sajda qilishni oʻrganib ham olarman.
– Bu yurishingda kechikib qolmasang mayli edi.
Shoqul boshiga tushgan tashvishlarni, ichidagi dardlarini aytib yengil tortgisi keldi-yu, lekin bu dardu hasratlarimni laychayu choʻchqalar bilan gaplashib yashaydigan kampirga aytsam battar gunohga botmaymanmi, deb oʻylab, yana hammasini ichiga yutdi.
Ammo baribir kampir oromijon suhbatdosh ekan. Shoqul uch kun unikida qolib ketdi. Faqat toʻrtinchi kun ertalab kampirning qosh-qovogʻini koʻrib, kechqurun bu hovliga qaytib kelishga yuragi betlamadi. U oʻsha kuni shaharning eng katta dehqon bozorini aylandi. Yangigina uzilgan sarxil mevalarni koʻrib ishtahasi yayrab ketdi. Sotib olishga qimmatlik qiladi, tatib koʻrish esa tekin. U bozorni toʻldirib turgan mevalardan oz-ozdan tatib koʻrib qornini toʻydirdi.
Keyin kechgacha bozor atrofidagi baqqollik doʻkonlariga birma-bir kirib chiqdi. Bir doʻkonga kirganida baqaloqqina doʻkon egasining xaridorlarga shirin muomala qilayotganini koʻrib, mehri tovlanib ketdi. Ichkarida eshik yonida turgan boʻsh stulga oʻtirib nafas rostladi. Baqaloq kishi Shoqul cholga bir-ikki qarab qoʻydi-da, soʻng salom berib, nariroqdagi stol ustida turgan choynakdan bir piyola choy quyib unga uzatdi. Shoqul yaxna choyni huzur qilib ichib, doʻkon yopiladigan paytgacha ham shu yerda oʻtiraverdi.
– Otaxon, kech boʻldi, doʻkonni yopmoqchiman, – dedi nihoyat baqaloq kishi muloyimlik bilan.
– Chirogʻim, yaxshi odamga oʻxshaysan, men bu kecha shu yerda qolay. Musofirman, qishlogʻimga qaytay desam, kech boʻlib qoldi, – dedi Shoqul iltijoli ohangda.
Doʻkon egasi bir muddat oʻylanib turgach, oʻngʻaysizlandi.
– Musofir boʻlsangiz, yuring, buguncha biznikida mehmon boʻla qoling, – dedi u Shoqulning oʻrnidan turishiga koʻmaklashib.
Doʻkonni yopgach, ikkovlari piyoda yoʻlga tushishdi. Shoqul bu mehmondoʻst kishining ismi Boqiboy ekanligini bilib oldi. Yoʻl-yoʻlakay Boqiboy dorixonadan bir talay dori olib chiqdi.
Boqiboyning hovlisi yangi va ozodagina ekan. Anavi Masha kampirnikiga oʻxshab choʻchqalar chopib yurgani yoʻq, sassiq ham emas. Uyi ham shinam. Ayvondan keng bir xonaga kirishdi. Bu yerga stol-stul qoʻyilgan, Boqivoy mehmonga stol toʻridan joy koʻrsatdi. Undan ichkarida yana bir xona bor ekan. Oʻrtada eshikning oʻrni boru, lekin eshik qoʻyilmagan, faqat parda yarim tortib qoʻyilibdi. Oʻsha qorongʻi xonada bemor kishi yotibdi shekilli, tinmay yoʻtaladi. Boqiboyning oʻgʻli boʻlsa kerak, bir oʻspirin salom berib kirib, stol ustiga dasturxon yozdi. Keyin bir zumda dasturxonni noz-neʻmatga toʻldirib tashladi.
– Baraka top, bolajonim, koʻp yasha, menday moʻysafid boʻlib yurgin, – deb Shoqul bolani maqtab qoʻydi.
Ichkari uyda bir narsa taraqlab ketdi. Bemor qattiq-qattiq yoʻtaldi. Boqiboy shoshilib ichkariga kirib chiqdi. Ayvonda qoldirgan dorilarini olib kelib yana ichkariga kirdi. Dorilarni ichkizib chiqdi chamasi, bemor tinchlandi.
– Uzr, otaxon, otamiz betob yotibdilar, – dedi Boqiboy qaytib chiqqach xijolat boʻlib. – Kasalxonaga yotqizaylik, desam koʻnmadi. Uyda davolayapmiz. Yoʻtal qiynayapti. Shuning uchun bizni chaqirmoqchi boʻlsalar ham baʻzida ovoz chiqarmay, biron narsani taraqlatadilar.
– Hechqisi yoʻq, xijolat boʻlmang. Ota tabarruk, otalarni asrash kerak, – dedi Shoqul garchi bemorning yoʻtali asabini oʻynatayotgan boʻlsa ham.
– Otaxon, shom vaqti boʻlib qoldi. Agar namoz oʻqisangiz sharoit hozirlab beraman, – dedi Boqiboy qoʻlini koʻksiga qoʻyib.
– Yoʻq, chirogʻim, kamina bunday tabarruk tadbirlardan hozircha yiroq, – dedi Shoqul biroz oʻngʻaysizlanib.
– Unday boʻlsa siz choy ichib turing, men ayvonga chiqib kelay. Keyin birga suhbatlashib ovqatlanamiz, – deb Boqiboy ayvonga chiqib, joynamoz yozdi.
Boqiboy qaytib kirganida Shoqul chol ichidagi koʻpdan beri gʻalayon qilib yotgan gaplarni unga aytgisi keldi.
– Bilasanmi, Boqijon, – deya gap boshladi u, – mana, sen namozxon, diyonatli odam ekansan. Kimligingni bir qarashdayoq yuzingdan ham bilsa boʻladi. Men esa bir gunohkor cholman, ichim toʻla dard. Hasratimni kimga aytishni bilmay koʻp qiynalib yurgan edim. Oʻgʻlimga aytganim bilan foydasi yoʻq. U menga tortmadi. Senga oʻxshagan moʻmin ham, batartib ham emas. Kelinim-ku, quturgan devning oʻzginasi. Seni Xudoning oʻzi menga roʻpara qildi. Endi, biz Xudoga tosh otilgan davrlarda yashab, behisob nomaʻqulchiliklar qilganmiz. Keyin bilsam qilgan ishlarimizning barisi shakkoklik ekan. Tavba qilib, gunohlarimdan kechishini soʻray deyman-u, birinchidan, qanday soʻrashni bilmayman, ikkinchidan, betim ham chidamaydi. Dard esa tinchlik bermaydi.
– Qanday dard sizni bezovta qilyapti, otaxon? Aytsangiz, hech boʻlmasa yengil tortarsiz, – dedi Boqiboy mulladay muloyimlik bilan.
– Shoshilma, Boqijon, chirogʻim, men senga hammasini aytaman. Sen esa har namoz oʻqiganingda mening ham nomimni qoʻshib tilovat qil. Gunohimni kechirishini Yaratgandan soʻra. Eshitishimcha, namoz oʻqib, toat-ibodat qilishni yaxshi biladigan oqkoʻngil odamning har qanday iltijosi qabul boʻlarmish. Sen, mana, koʻrinib turibdi, u yoqning tilini bilasan, koʻngli pok odamliging ham kunday ravshan. Iltimos, Boqijon, jim turib quloq solgin-da, keyin gunohlarimdan oʻtishini soʻra.
Boqiboyning oʻgʻli ovqat olib kirdi. Ular ovqatni yeb, ustidan bir piyoladan choy ichishgach, Shoqul hasratini boshladi.
– Boqijon, bizning qishlogʻimiz bir paytlar, yaʻni oʻtgan zamonda “Zarbdor” xoʻjaligi deb atalardi. Xoʻjalikning idorasi pishiq gʻishtdan qurilgan kattagina binoda edi. Oʻsha binoning biqinida mening ham kulbam, yaʻni qorovulxona bor edi. Men u yerda qorovullik qilardim. Xoʻjalikda ish qizgʻin boʻlardi. Paxta deysanmi, gʻalla deysanmi, hamma ishchilarni dalaga olib chiqish, ularga ish haqi berish, hisob-kitoblar deysanmi, eh-he, hammasi shu idorada bajarilardi…
Ichkari uyda yotgan bemor qattiq yoʻtaldi, ingradi. U otgan temir choynak eshik oʻrnida turgan pardaga tegib, polga taraqlab tushdi. Boqiboy xabar olgani yugurib ichkariga kirdi. “Tozayam oʻlarman ekanda bu kasali qurgʻur. Gapning beliga tepdi yaramas”, deb oʻzicha mingʻirlab qoʻydi Shoqul. Boqiboy bemorni tinchlantirib chiqib, mehmondan uzr soʻradi. Shoqul gapini qolgan joyidan davom ettirdi.
– Shunday qilib desang, Boqijon, men senga umrim boʻyi hech kimga ochmagan sirni aytaman. Senga aytsam boʻlaveradi. Sen esa, baribir, Xudodan boshqaga aytmaysan. Chunki sen shaharning bolasisan, bizning qishloqlarga aloqang ham yoʻq… Ana oʻsha xoʻjalikning idorasiga bir kuni gʻaznachi mashinada bir qop pul olib keldi. Ishchilarning mehnat haqlari ekan. Lekin u galvars oʻzi oʻtiradigan xonaning kalitini qayerdadir tushirib qoldiribdi. Gʻaznachining xonasi raisning kabineti bilan yonma-yon edi. Gʻaznachi befarosat raisdan ruxsat soʻrab, qopdagi pulni raisning kabinetiga, shundoqqina stolning ustiga qoʻyib, kalitining ikkinchi nusxasini olib kelish uchun uyiga ketdi. Rais tumandan kelgan kattalar bilan gaplasha-gaplasha idoraning orqa tomondagi hovlisiga oʻtib ketdi. Men raisning kabinetiga bir chelak suv olib kirib qoʻydim. Qarasam, stol ustida bir dunyo pul egasini kutib yotibdi. Birdaniga koʻnglimga shayton oraladi. “Baxt qushi boshingga bir marta qoʻndi, Shoqul, fursatni boy berma” dedi ichimdagi shayton. Nima boʻlsa boʻlar, dedim-da, qopni oʻgʻirlab, qorovulxonaga bekitdim. Bu yerdan topib olishlari aniq edi. Yashirishga joy qidirdim. Tashqariga qarasam, hali ham hech zogʻ yoʻq. Qorongʻi tushib kelyapti. Tavakkal qilmasang tepganing osmonga uchmaydi. Qopni daraxtlar orqasidagi hojatxonaga olib borib tashlab yubordim. Keyin hech narsa koʻrmagandek qorovulxonaga kirib oʻtiraverdim. Gʻaznachi qaytib kelgach, hamma yoq ostin-ustin boʻlib ketdi. Pulni axtarib topisholmadi. Hojatxona kimning ham xayoliga kelardi. Hatto iskovuch it olib kelishsa ham u yerni hidlamasdi. Oʻsha yillari hov markazdan organ odamlari kelib, hamma yoqda qama-qama avj olgan edi. Aybdor ham qamalayotgan edi, aybsiz ham. Bir qop pulning oʻgʻirlangani hamma yoqqa ovoza boʻlib ketdi. Rais bilan gʻaznachini ham ayab oʻtirishmadi. Pulni ikkalang kelishib oʻgʻirlagansanlar, deb ikkovini ham ancha yilga qamab yuborishdi. Hatto, sal boʻlmasa, raisni otishga hukm qilib yuborishardi. – Bemor yana qattiq-qattiq yoʻtaldi. Yoʻtala-yoʻtala oʻzi tinchib qoldi. – Pul uch kun tushgan joyida yotdi. Toʻrtinchi kuni qoq yarim tunda uni bir amallab tortib chiqarib, uyimga olib keldim. Bechora pullar rosa bilchillab bulgʻandi-da, deb, birdaniga qopni ochishga jirkandim. Hech kimga sezdirmay qopni obdon yuvdim. Shundan soʻng ichini ochib qarasam, xayriyatki pullar gʻishtday-gʻishtday qilib bogʻlanib, tsellofan qopchalarga solingan ekan. Men ham shu turishida hovlimdagi daraxt tagiga koʻmib qoʻydim. Keyin keragicha olib sarflab yurdim. Uyimni boshqatdan yangilab qurdim. Gilam deysanmi, karavot deysanmi, hamma kiroyi narsalarni sotib oldim. Durust yeb, poʻrim kiyina boshladim. Yashashim biram yaxshi boʻlib qoldi. Axir, shungacha men umr boʻyi kambagʻallikda kun koʻrayotgan edim-da. – Ichkaridan yana bemorning yoʻtalgani, xirillab nafas olgani eshitildi. Shoqul gapidan bir dam toʻxtab, sezdirmay gʻijinib qoʻydi. – Lekin, chirogʻim, oʻgʻirliqi narsa baribir buyurmas ekan. Bir muddat xursand boʻlib yashadim-u, keyin hammasi burnimdan chiqdi. Shu desang, kampirim oʻlganidan keyin oʻgʻlimni uylantirib, uyimga kelin olib keldim. Kelin emas, shaytonning urgʻochisi ekan. Na gapim oʻtadi, na kuchim yetadi. Odamlar: “Shoqul, sen qachondir Xudoga yoqmaydigan bir yomon ish qilib qoʻyganga oʻxshaysan. Bu ayol oʻsha ishing uchun senga yuborilgan jazo. Tavba qil”, deyishdi. Yana aytishdiki, bu hali hammasi emas, hozircha ermak qilib turish uchun emish. Jazoning eng kattasi u yoqda boʻlishi mumkin emish. Boqijon, mana, sen imonli odamsan, oʻzing toʻgʻrisini ayt, shu ham insofdanmi, bir bechora odamga shuncha jazo ogʻirlik qilmaydimi? Oʻgʻirlikni men qilganim bilan huzurini kelinposhsha koʻrayapti-ku. Mana, koʻrib turibsan, men tavbamga tayanib oʻtiribman. Sen duo oʻqiyotganingda ayt, menga uyimda tortayotgan azoblarim ham yetib ortadi. U yoqda menga jazo berib oʻtirishmasin, xoʻpmi, chirogʻim.
Boqiboy muloyim tabassum bilan qoʻlini koʻksiga qoʻyib, indamay bosh qimirlatib qoʻya qoldi. Bemorning yana dardi tutdi, boʻgʻilib-boʻgʻilib yoʻtaldi. Hatto karavotdan yiqilib tushdi chamasi, “gurs” degan ovoz ham eshitildi. Boqiboy bir piyola choyni koʻtarib bemor yotgan xonaga kirib ketdi. “Obbo, rosa jonga tegdi-ku bu koʻkyoʻtal”, dedi Shoqul ichida. Boqiboy ichkari xonadan chiqqanida Shoqulning uyqusi kelib, mudrayotgan edi.
– Vaqt ham allamahal boʻlib qoldi, otaxon, – dedi Boqiboy. – Siz mana bu karavotda yotib dam oling, – deb xona toʻridagi karavotga joy solib berdi. – Men ayvonda uxlayman. Yaxshi yotib turing.
Shoqul chol oppoq choyshablar solingan toʻshakka choʻzilarkan, oʻzini ancha yengil sezdi.
– Xayriyat, tavbam qabul boʻladigan shekilli. Farishtasi bor yigit ekan-da, baraka topkur, – dedi Shoqul. Ichkaridan yana bemorning ustma-ust yoʻtalgani, bir narsalar deb xirillagani eshitildi. – Uf, qonimga tashna qildi-da, bu yoʻtaldan uzilgur. Ertalabgacha xirillab uyquni harom qilmasa goʻrga edi.
Shoqulning nolasi koʻkka yetganday, bemor tinchib qoldi. Uning oʻzi ham kun boʻyi sanqiyverib itday charchagan emasmi, yostiqqa boshini qoʻyishi bilan darrov xurrak ota boshladi. U juda qoʻrqinchli tush koʻrdi. Bir payt kimdir uning ustiga minib olib, tomogʻidan boʻgʻayotganga oʻxshadi. Shoqul qoʻrqib ketib, koʻzini ochdi. Tushida emas, rostdan ham oʻngida uni kimdir boʻgʻayotgan edi. U avvaliga Boqiboy boʻgʻayapti, deb oʻyladi. Keyin derazadan tushayotgan gʻira-shira yorugʻda tusmollab qarasa, boshqa odam ekan.
– Kimsiz, nega bezorilik qilyapsiz, meni oʻldirmoqchimisiz? – deya xirillab gapirdi u.
– Ha, tanimadingmi, muttaham? – dedi toʻlagina gavdasi bilan Shoqulni bosib, tomogʻidan boʻgʻayotgan kishi, boshqalarni uygʻotib yubormaslik uchun pichirlab. – Eshitdim, hammasini eshitdim.
– Voy, Boqijon, meni oʻldirib qoʻyadi mana bu bosqinchi. Kimsiz, mendan nima istaysiz?
– Men Sarkayevman, yaramas. Oʻsha sening muttahamliging tufayli badnom boʻlgan Sarkayev.
– Voy dod, Xudo urdi meni. Bu qanday koʻrgilik boʻldi? Boʻgʻmang, oʻldirib qoʻyasiz. Kelib-kelib hamma sirimni shu yerda aytamanmi-a? Ha, ovsar boʻlmay oʻla. Qayerdan keldingiz, osmondan tushdingizmi?
– Kerak boʻlsa oʻz oyogʻing bilan kelib aybingga iqror boʻlar ekansan-ku, iblis. Men boʻlsam menga kim tuhmat qilganini bilolmay oʻlib ketamanmi, deb hasratda yurgan edim. Endi tavba qilib, jazodan ham silliqqina qutulib qolmoqchi boʻldingmi, tekinxoʻr? Mana senga, – u Shoqulning yuziga musht tushirdi.
– Voy, dod, meni urmang, oʻrtoq Sarkayev.
– Men senga oʻrtoq emasman. Mana senga.
– Janob Sarkayev.
– Sening janoblaring oqbilak xonimlaringning oldiga ketishgan.
– Hurmatli Sarkayev, urmang.
– Endi hurmatimni bilib qoldingmi? Sen ishchilarning puliga yogʻli palov yeb, kimxob toʻnlarni kiyib yurganingda men mahbuslar lagerida yirtiq fufaykada diydirab, sasigan karam shoʻrvani xoʻrillatayotgan edim. Sen faqat pulni emas, mening umrimni ham oʻgʻirlading, ablah. Oʻshandan keyin men kun koʻrmadim, sen esa boʻkib yashagansan.
– Meni shayton yoʻldan urdi.
– Seni-ya? Oʻzing har qanday shaytonga dars berasan-ku, gʻalamis. Mana senga.
– Urmang, hurmatli Sarkayev, tomogʻim boʻgʻilib qoldi, voy, dod.
– Sen mening umrimni yashab yuribsan, ablah. Oʻshanda sen pullarni oʻgʻirlamaganingda men ham bunchalik qiynoqlarga duchor boʻlmagan boʻlardim, betamiz. Men tuhmatga qolib oʻlib ketaverayin-u, sen yana pinagingni buzmay mening hisobimga yashab yuraverasanmi, shuncha nomardlikni qilib, a? Tushingni suvga ayt, dajjol. Sening ajaling mening qoʻlimda. Qolgan tavbangni u dunyoga borganda qilasan. Meni oʻsha yerda oqlab berasan. Shuning uchun avval sen ketishing kerak. Men borgunimcha hamma gunohni boʻyningga olib, yoʻlimni ochib turasan. U yoqda ham mening hisobimga yashashni oʻylab xomtama boʻlma…
Sarkayevning yana yoʻtali tutib qoldi. U boʻgʻilib-boʻgʻilib yoʻtalgancha karavotdan yiqilib tushdi. Shovqindan bezovta boʻlib uygʻonib ketgan Boqiboy uyqusiragancha chopib kirib, otasining oʻrnidan turishiga koʻmaklashmoqchi boʻldi. Shoqul fursatni boy bermay urra qochdi.
Shoqul kun choshgoh boʻlganda uyiga yetib keldi. Eshikdan it quvlagan mushukday otilib kirib, devday kelinning ham oʻtakasini yordi.
– Voy, yana qayoqdan paydo boʻldingiz? Endigina bitta boshogʻriqdan qutuldim, deb xursand boʻlgan edim-a, – dedi Begimoy xoʻrsinib.
– Jon kelin, meni qutqaring. Meni azroyil quvib kelyapti, hademay jonimni oladi. U jonimga qoʻshib mana shu uy-joyimu bor molimni ham tortib olmoqchi. Uning kirishiga yoʻl qoʻymang, qulingiz boʻlay, – deya Shoqul dir-dir qaltirab karavot orqasiga bekindi.
Begimoy bir qoʻlini beliga tirab, bir qoʻlida oʻqlogʻni oʻynatib bamaylixotir dedi:
– Sizning joningizni bilmadim-u, lekin mening molimni hech kim tortib ololmaydi. Uy meniki, hatto azroyil ham bu uyga faqat men ruxsat bersam kiradi.
Shoqul eshik oldida hech kim buzib oʻtolmas qalqon turganiga, goʻyo uning himoyasida har qanday jazodan qutulib qolishiga ishongisi keldi-yu, lekin baribir ichidagi qoʻrquvning zoʻridan karavot orqasida quyondek qaltirab oʻtiraverdi.
“Yoshlik” jurnali, 2015-yil, 1-son.