..

Uygʻun Roʻziyev. Yalpiz terayotgan qizaloq

Loyihani qo'llab quvvatlash uchub buyerga bosing

Koʻklamning yengilgina shabadasi daraxt gullari va maysalar isini tinmay atrofga taratadi. Bunday havodan nafas olgan kishining bir zumda charchogʻi chiqadi. Maktabdan odatdagidan ertaroq qaytgan Ber­dimurod muallim qiygʻos gullagan oʻrik daraxti soyasidagi soʻriga chiqib, shoxlardagi marjonday tizilgan gulchalarni havas bilan tomosha qildi. Xotini Hafiza beshikdagi chaqalogʻini uxlatgach, darrov soʻriga dasturxon yozdi. Keyin oshxonadan bir kosa mastava olib chiqib, dasturxonga qoʻydi. Mastavadan yalpiz isi ufurdi. Berdimurodning kayfiyati yanayam koʻtarilib, ishtahasi ochilib ketdi. U yalpizlarni Umida terib kelganini payqadi.
Yalpiz terish qizalogʻining jonu dili. Bahor kelishi bilan hovli etagidagi soyda buloq suvlari jildirab oqa boshlaydi. Soyning ikki qirgʻogʻini yam-yashil maysalar qoplaydi. Ayniqsa bodroqdek potirlab chiqqan yalpizlar dilni yayratadi. Ana shunda Umida chelakchasini koʻtarib soyga yuguradi. Oʻzicha qoʻshiq xirgoyi qilib yalpiz teradi. Hatto ular bilan gap­lashadi, erkalab ham qoʻyadi. Chelakchasini toʻldirib yalpiz terib kelganida uyni kayfiyatni koʻtaruvchi islar tutib ketadi. Berdimurod qizalogʻining xushboʻy qoʻlchalarini yuziga bosadi, kaftlaridan oʻpadi. Ho­zir ovqatga qoʻshilib dimogʻini chogʻ qilgan is ham ana shu yalpiz boʻylari edi.
U ovqatni xush koʻrib tanovul qila boshladi. Boyadan beri oftobroʻyada urchuq yigirib oʻtirgan Oysara momo ham asta kelib soʻriga oʻtirdi.
– Vaqtliroq qaytibsanmi? – dedi momo yana ishini davom ettirib.
– Darslar tugadi, ena, ertadan bahorgi taʻtil boshlanadi, – dedi Berdimurod.
– Soz boʻlibdi. Shu taʻtilingning ichida Toshkentga borib singlingdan bir xabar olib kelsang boʻlardi-da, bolam, – deya momo ancha avval aytgan gapini yana takrorladi. – Qish boʻyi tushimga kirib chiqdi. Ichimda bir xavotir gʻimirlagan edi-ya, kasal boʻlgan ekan shoʻrlik. Oʻzi-ku, tilponda gaplashganidayam bildirmagan edi. Hanifa xolang tunov kuni nabirasining beshik toʻyiga borib kelgan ekan, oʻsha yerda koʻribdi. Sovuqda oz-moz shamollagan ekan, deb keldi. Bular oz-moz deb aytaveradi. Oʻzing koʻzing bilan koʻrib kelganing durust. Joʻjabirday jon, qayerda, qanday yashayapti, bir hol soʻrab kelsang koʻnglim xotirjam boʻlardi-da.
Berdimurod bir dam oʻylanib qoldi. Momo ilgari ham bir-ikki marta shu gapni aytgan edi. Lekin qishning qironli kunlarida Toshkentga safar qilish hazilakam gap emas. Bir yogʻi, ertadan kechgacha maktabda boʻladi, ishdan ortib bir joyga chiqishning iloji yoʻq edi. Bahorgi taʻtil esa ayni ekin-tikin ishlari qaynagan, hamma chumoliday tomorqada ivirsigan paytga toʻgʻri keladi. Shu taʻtil vaqtida yerni agʻdarib, ekinlarni ekib olmasa, keyin yana maktab ishiga shoʻngʻib, qoʻli tegmaydi. Toshkentga borib kelishga kamida ikki kun ketadi. Shunday tigʻiz paytda ikki kun tugul, ikki soat ham gʻanimat. Ammo Nazokatni koʻrib kelmasa oʻzining ham, momoning ham koʻngli tinchimaydi. Toshkentga bormaganiga ham koʻp yillar boʻlgan. Institutni oʻsha yerda oʻqidiyu, oradan bir necha yil oʻtib, Nazokat eri va bolalari bilan koʻchib ketayotganida yuklarini koʻtarishib borgan, shundan soʻng u yoqlarga qadami yetmagan edi. Endi yana bir borib jiyanlarini koʻrib kelsa xoʻb ish boʻlishini oʻyladi. Bahonada Umidani ham shaharda aylantirib keladi. Hayvonot bogʻini televizorda koʻrganidan beri meniyam oʻsha yerga olib boring, deb yalinadi. Uni xursand qilsa oʻzi ham yayrab ketadi. Axir, besh yilmi, olti yil deganda Xudodan tilab olgan qizi. Unga Umida deb ism qoʻyganidan keyin, mana, u maktabga chiqay deganda ukasi dunyoga keldi.
– Mayli, ena, borsam borib kela qolay, – dedi u nihoyat bir qarorga kelib. – Umidani ham birga olib borsammikan? Ertaga saharlab poyezdga chiqsak, indinga kechqurun qaytaveramiz-da.
– Baraka top, bolam. Mayli, qizingni ham olib bor, bahonada shaharni bir koʻrib keladi.
Soy tomondan chelakchasini yalpizga toʻldirib kelayotgan Umida koʻrindi. Momo tezroq kel degandek qoʻli bilan ishora qildi. Qizaloq yugurib keldi.
– Qayoqlarda sandiroqlab yuribsan, qizim, kalishingni qara, jiqqa hoʻl boʻlibdi. Tez oftobga qoʻ­yib qurit, ertaga shaharga ketasizlar, – dedi momo qizaloqdan suyunchi oladigandek.
– Shaharga?
– Ha, ammangni koʻrib kelasizlar, chirogʻim, mazasi yoʻq ekan.
– Ammam kasal boʻlibdi? Unda men mana bu yalpizlarni olib boraman, maylimi?
– Mayli, qizim, ammang xursand boʻladi.
– Hayvonlarniyam koʻrsatasizmi, dada?
– Koʻrsataman, xudo xohlasa, hayvonot bogʻiga olib boraman, – dedi Berdimurod ham oʻzida yoʻq xursand boʻlib.
Qizaloq benihoya quvonib ketdi. Yugurib borib kalishini oftob qizdirayotgan devor yoniga qoʻydi. Bosib kiyilaverganidan yirtilib ado boʻlayozgan qora kalish qurigan sayin kulrang tusga kira boshladi. “Shaharga borganimizdan keyin avval oyogʻiga yangi kalish olib beraman, keyin hayvonot bogʻini aylantiraman, – deb koʻngliga tugdi Berdimurod. – Lekin… Pulimiz yoʻl xarjiga yetarmikan? Attang, maoshimni berishmagani chatoq boʻldi-da. Endi taʻtil tugaganidan keyin qoʻlga tegadi. Ungacha nima qilamiz? Hali qishki namgarchilikda qulab tushgan ogʻilxonani tik­lash uchun ham ancha-muncha xarajat qilishga toʻgʻri keladi. Enamni xursand qilishga qildimu, lekin choʻntak esga kelmabdi-ku”.
– Ena, yoki oylik maoshimni olganimdan soʻng borib kelsakmikan, a? – deb yubordi u bexosdan.
– Oyliging nimasi, uni kutib oʻtirsang yana ishingdan chiqolmay qolasan-ku. Oʻtgan hafta sotgan sholgʻomingning puli turibdi. Shuni yoʻl xarji qilib borib kelasan.
– Endi… kasal soʻragani borganga yarasha…
– Bu yogʻidan xotirjam boʻl. Olma-anorlardan ortgani bor, mayiz, yongʻoqlardan tugib beraman. Pensiyamdan ham yigʻib qoʻyganim bor, shuniyam ola ketasan. Koʻngling toʻq boʻlsin, bolam.
Momoning aytganiday boʻldi, tugunlar ikkita katta sumkaga joylandi. Berdimurod ularni zoʻrgʻa koʻtarib, qizalogʻi bilan hali tong yorishmasdan temir yoʻl bekatiga bordi. Koʻklam salqini etni junjiktirardi. Berdimurod oʻzi yupun kiyinganiga achinmadi-yu, lekin Umidaning ham yengilroq kiyinib olganini koʻrib bezovtalandi. Qizaloq paypoq ham kiymagan, ilviragan kalish ichida oyoqlari sovqotayotgani sezilmoqda edi. Xayriyatki, biroz kutganlaridan soʻng poyezd keldi. Vagon ichi issiqqina ekan, ularning joniga oro kirdi. Poyezd yurishi bilan qizaloq oyna oldiga turib oldi. U ortda qolayotgan qir-adirlardan koʻz uzmasdi. Dalalar xuddi buvisining urchugʻiga oʻxshab aylanayotgandek tuyulardi unga.
Shaharga yetib borganlarida mashinalarning tutuniyu boshqa islar aralashib ketgan boʻgʻiq havodan qizaloqning sal boʻlmasa koʻngli ayniy dedi. Lekin u chuqur-chuqur nafas olib, shu havoga koʻnika boshladi. Toʻrt taraf hayratli narsalarga toʻla edi. Odamlar nihoyatda koʻp, bir-biridan baland binolar, katta-katta chiroyli suratlar, koʻchalarni toʻldirib gʻiz-gʻiz oʻtayotgan mashinalar, yoʻlchiroqlar, qayoqdandir eshitilayotgan baland musiqalar… eh-he, qizaloqning bo­shi aylanib ketayozdi. U ogʻzini lang ochgancha dadasining sumka koʻtargan qoʻlidan ushlab, atrofni tomosha qilib ketaverdi. Shahar degani xuddi ertakka oʻxshagan sehrli joy edi qizaloqning nazarida.
Berdimurod ham goʻyo boshqa shaharga tushib qol­ganday biroz dovdirab qoldi. Vokzal butunlay yangi boʻlgan, bekatlar ham, yoʻllar ham notanish, koʻchalarda ilgarigi avtobuslar ham koʻrinmaydi, hammasi yangi. Bu ahvolda shahar chekkasida turadigan Nazokatning uyini topib borishi qiyin. U oʻylab-oʻylab oxiri taksi toʻxtatsa manzilni adashmay topib borishi mumkinligini chamaladi. Tomiga shaxmat belgisi oʻr­natilgan mashinani toʻxtatib, manzilni tushuntirdi. Haydovchining imosidan soʻng qizalogʻi bilan mashinaga oʻtirdi. Taksichi musofirni aft-angoridan darrov payqab, xizmat haqini ikki barobar koʻp aytgan boʻlsa ham, har holda sarsonlikdan nari. Berdimu­rod mashina oynasidan koʻchalarni tomosha qilib borarkan, talabalik davridagi shahardan asar ham qolmagani, bu yerlar butunlay oʻzgarib ketganidan hay­­ratda edi.
Nazokatning xonadoni toʻqqiz qavatli uyning oxirgi qavatida edi. Bu yerda liftning borligi Berdimurodning esiga ham kelmadi. Ular toʻqqizinchi qavatga qiynala-qiynala chiqib olishdi. Lekin zinalardan bir-bir qadam tashlab yuqoriga koʻtarilish qi­zaloqqa yanada boshqacha zavq berardi.
Nazokat qarindoshlari kelganidan xursand boʻ­lib, yigʻlab yuboray dedi. Uning kattagina boʻlib qolishgan uch bolasi Umidani nafas rostlashiga ham qoʻymasdan oʻynagani tortib ketishdi. Nazokat eriga telefon qilib, mehmon kelganini aytdi va vaqtliroq qaytishini iltimos qildi. Ular mana shu bir xonali katalakday uyda ijarada turishadi. Berdimurod bu tor uyga kirgach, hammomga tushib qolgandek nafas olishga qiynaldi. Soʻng balkonga chiqib, ochiq deraza yoniga turib oldi. Nazokat akasining kelganidan oʻzini qoʻyarga joy topolmay, tinmay gapirardi. Dasturxon yozib, choy qoʻydi. Umida terib kelgan yalpizlarni koʻrib, qishloq havosini tuydi, bahri dili ochildi. Pastdagi doʻkondan ul-bul olib chiqdi. Xamir qorib, yalpizdan chuchvara tugishga kirishib ketdi.
Nazokatning eri kechqurun soat toʻqqizlarda kirib keldi (uning ertaroq kelgani shu ekan, boshqa paytlarda oʻn ikkilarda qaytarkan). Berdimurod kuyovi bilan allamahalgacha suhbatlashib oʻtirdi. Bolalar ham uyquni esdan chiqarib, rosa oʻynadilar. Shuncha odam bu torgina uyning qayerida ham uxlashi mumkin? Qay bir payt oʻtirgan yoki devorga suyangan koʻyi hammalarining koʻzlari ilindi. Shunda ham Berdimurod darrov uygʻonib ketdi. Tong yorisha boshlagan edi. U balkonning ochiq derazasidan koʻchalarni tomosha qilib, boshqalarning ham uygʻonishlarini kutdi. Lekin quyosh ancha koʻtarilib boʻldi hamki, ular uygʻonay deyishmasdi. Bolalarni quchoqlab uxlab qolgan Nazokat yuziga quyosh nurlari tusha boshlagandagina koʻzini ochdi-da, shoshilgancha erini ham uygʻotdi. Eri ishga kech qolayotganini bilib, apil-tapil yuvindi-yu, nonushta ham qilmasdan, Berdimuroddan uzr soʻrab xayrlashdi va shosha-pisha ishga ketdi. Bu orada bir-birini uygʻotgan bolalar ham chugʻurlashni boshlab yuborishdi.
Xayrlashar chogʻi Berdimurod roʻmolchaga oʻralgan bir dasta pulni singlisiga uzatib:
– Mana buni enam berib yubordi, kam-koʻstingga ishlatarkansan, – dedi.
Nazokat pulni olmadi.
– Yoʻq, yoʻq, bizning hamma narsamiz yetarli, aka. Kuyovingiz qurilishda ishlayapti, koʻp-koʻp uylar quryapti. Men ham hademay jiyanlaringizni bogʻchaga berib, biron ish topib ishlamoqchiman. Bizdan sirayam xavotir olmanglar, – dedi u.
– Enam pensiyasidan ataylab senga deb yigʻib yurgan ekan. Olmasang yana meni urishib beradi-da, sen bermasdan qaytarib olib kelgansan, deb. Olaqol, dori-darmoningga ishlatarsan.
– Aka, enamga ayting, men soppa-sogʻman. Faqat bu yil qish sal qattiqroq keldi-da, batareyalar yaxshi ishlamay, uyimiz biroz sovuq boʻldi. Shunga ozroq shamollagan edim, oyoqlarim ham biroz ogʻridi. Xudoga shukur, tuzalib ketdim. Hartugul bolalarim shamollashmadi, shunisiga xursandman. Bu pulga siz, yaxshisi, enamga roʻmol sotib oling. Oʻtgan safar koʻr­ganimda roʻmoli ancha unniqib qolgan ekan. Keyin oyoqlariga moydori oling. Doim oyoqlari ogʻrishidan qiynalib yuradilar. – U ichkariga kirib, dorilar tu­­radigan qutini titkilab, bir dorining qutisini olib chiqdi. – Mana bu qutini dorixonadagilarga koʻrsatsangiz xuddi shunaqasini topib beradi. Men mana shu moydorini surtganimdan keyin oyogʻimning ogʻrigʻi qolgan edi. Enam ham albatta oyoqlariga shundan surtsin.
Berdimurod jiyanlari bilan xayrlashgach, qiza­logʻini yetaklab koʻchadagi avtobus bekati yoniga borib turdi. “Avval shu yerdan bozorga borib Umidaga kalish sotib olamiz. Enamga roʻmol bilan moydorini ham oʻsha yerdan olaman. Bu yerdan bozorga qaysi avtobus olib borarkan?” deya oʻylanib qoldi u. Shu payt bekat yoniga oppoq “Lasetti” kelib toʻxtadi. Keyin mashina darrov yurib, Berdimurodning roʻparasiga keldi.
– Oʻv, Berdimurod, – deb chaqirdi haydovchi mashina oynasidan moʻralab.
Berdimurod hayron boʻlib unga qaradi.
– Oʻzingmisan? Nega shalpayib turibsan, oʻtir mashinaga, – dedi haydovchi qora koʻzoynagini yechib.
Berdimurod sinfdosh doʻsti Isoqulni keyin tanidi.
– Ie, Isoq, senmisan, bu yerda nima qilib yuribsan? – dedi Berdimurod shoshib qolganidan boshqa gap topolmay.
– Obbo, ammamning buzogʻi-ey, savoling miltiq­ning oʻqiday boʻldi-ku. Mening-ku, kapam shu yaqin at­rofda, sen nima qilib yuribsan bu makonlarda? Oʻtir-e, lallaymay.
Ikki oʻrtoq shu bugun mana shu manzilda uchrashib qolishni xayollariga ham keltirishmaganidan ikkovlarining ham hayratlarining cheki yoʻq edi. Berdimurodning kattakon irkit sumka bilan mashinaga oʻtirayotganini koʻrgan Isoqul tezda mashinadan tushib, uning qoʻlidan sumkani oldi.
– Bu yoqqa ber xurjuningni, yukxonaga solib qoʻyaman, – dedi u. – Voy-boʻ, bu yogʻ bosgan qanorni qayoq­dan olding, bobongdan qolganmi? Ichida hech vaqo yoʻq-ku. – U sumkani ochib, burnini jiyirdi. Haqiqatan ham sumkada bir dasta puldan boshqa hech narsa yoʻq edi (roʻmolchaga oʻralgan boʻlsa ham uning pul ekanligi yaq­qol bilinib turardi).
Mashinaga yana ikki kishi oʻtirdi. Isoqul Berdimuroddan qayerga borishini ham soʻramasdan shahar ichkarisiga qarab mashinani shamoldek uchirib ketdi. Yoʻl-yoʻlakay haligi ikki yoʻlovchini tushirib qoldirishgach, Berdimurod maqsad-muddaosini bildirdi:
– Isoq, qayoqqa ketyapmiz oʻzi? Biz bozorga, keyin hayvonot bogʻiga bormoqchi edik…
– Ie, afandi, shuni nega boyaroq aytmading?
– Anavi ikkita odam sening rahbarlaringmikan deb indamay turgan edim.
– Qanaqa rahbar, ular oddiy yoʻlovchilar-ku. Har kuni ertalab ishga kelishda quruq boʻlmasin deb bekatdan uch-toʻrtta yoʻlovchi olvolaman, qaytishda yana shunday, tirikchilik-da. Mashinaning gʻildiragi tekinga aylanmaydi, taqsir. Benzin sarflanadi, zapchas-papchas deganday. Sen bilmaysan-da, shaharda yashashning oʻzi boʻlmaydi, joʻra. Hamma narsani pulga sotib olamiz. Kimga maza – senga maza. Qishloqda yuribsan, hech narsaga pul sarf qilmay. Meva-chevani tayyorgina daraxtdan terib olasan, sabzavotlar yer ostida yetilib turibdi, sut, qatiq, qaymoq deganiga sigir sendan choychaqa soʻramaydi.
Isoqul mashinasini maktabning sport zaliga oʻxshagan katta bir binoning yonida toʻxtatdi.
– Mana shu kaminaning ishxonasi, dedi u. – Qani, yur, birga kirib chiqamiz. Qizchang mashinada oʻtirib turadi.
Berdimurod mashinadan tushdi-yu, lekin qizining moʻltirab turgan koʻzlariga qarab ikkilanib qoldi.
– Biz… haligi… bozorga… – Uning gapi ogʻzida qoldi.
– Qoʻyib tur oʻsha bozoringni, – deya jerkib tashladi Isoqul. – Bozor koʻrmaganmisan? Ozib-yozib bir kelib qolibsan, bunday bir otamlashaylik-da endi. Chaqqonroq yur, shalpayma.
Ular bino ichkarisiga kirishdi. Bu bosmaxona ekan. Uskunalar shovqin solib ishlab turibdi. Qogʻoz oʻramlarini yumalatib yurgan ishchilar ham, uskunalarni yurgizayotganlar ham Isoqulni koʻrishlari bilan salom berishdi. Isoqul bu yerda oʻzining obroʻyi baland ekanligini namoyish qilib, hali u ishchiga, hali bunisiga turli topshiriqlarni berib ketaverdi. Sexni oralab uzun yoʻlakka oʻtishdi, undan soʻng yaltiroq qora charm qoplangan eshikka kirishdi. Bu Isoqulning kabineti ekanligini uning xona toʻridagi kursiga borib oʻtirganidan ham bilsa boʻlardi. Berdimurod deraza yonidagi stulga omonatgina oʻtirib, Isoqulning ishlariga xalaqit bermaslik uchun bir ogʻiz ham gapirmadi. Isoqul goh stol ustidagi telefonlardan, goh qoʻlidagi telefondan odamlarga qoʻn­gʻiroq qilib, har xil masalalarni gaplashar, qizigʻi, har kim bilan turlicha ohangda suhbatlashar edi. Uning bunday uzundan-uzoq suhbatlari tugaguncha kun choshgoh boʻldi. Berdimurod bezovta boʻlib u yoq-bu yoqqa qimirlab qoʻyaverdi.
– Zerikib qolding-a? – dedi Isoqul nihoyat telefonlaridan boʻshab. – Mana, koʻrdingmi, ishimiz shu­naqa, oshna, bir daqiqa tinim yoʻq. Har holda bu senga maktab emas, bolalarni ogʻzingga qaratib gapirib oʻtirib vaqtni oʻtkazadigan. Mana bu telefonlar bemalol nafas olishingga qoʻyarmidi. Sexni koʻrding, gazeta, jurnal, kitoblar peshma-pesh bosilyapti. Ha, aytgancha, sen ham bir paytlar durustgina sheʻr­lar yozib yurarding, a? Oʻshalarni toʻplab bir kitob qildirib qoʻymaysanmi?
– E, ular talabalikdagi shunchaki havasaki sheʻr­lar edi, esimdan ham chiqib ketgan. Kitobga yoʻl boʻl­sin.
– Oʻlarday uyatchansan-da. Uyalgan hamma narsadan quruq qoladi. Yotoqxonani boshingga koʻtarib sheʻr oʻqiganlaring haliyam esimda. Hamma maqtar edi. Menday joʻralaringning borida otingni qamchilab qolmaysanmi? Kitobingni mana shu oʻzimizning bosmaxonada chop etamiz, arzonroq bahoda. Nashriyotda ham tanishlar bor, ular ham qimmat aytishmaydi. Xullas, bu yogʻini kelishib ketaveramiz, joʻra. – U qoʻl soatiga bir qarab oldi. – Hozir kafega boramiz, oʻsha yerda bir miriqib suhbatlashamiz. Keyin qayoqqa boraman desang ham mayli. Hozir Toshtemirni, Asom bilan Shodini ham chaqiraman, maktab davrlarini bir eslaymiz.
– Eh-he, mendan boshqa hamma shu yerda ekan-ku.
– Ha, shunday. Joʻralarning hammasi zoʻr, koʻ­ri­shib, gaplashib turamiz. Toshtemir firmada ishlaydi, asosan qogʻoz olib sotadi. Aytgancha, haligi, chiqaradigan kitobingga undan qogʻoz sotib olsang boʻladi, arzonga tushadi. Asom bozorda pattachi, tushumi zoʻr. Shodi doʻkon ochib olgan, har oy xorijga borib keladi. Yaqinda “Jip” oldi, koʻrsang ogʻzing ochiladi.
– Oʻzimam sizlarni juda sogʻingan edim. Se­ni uchratib qolganim yaxshi boʻldi-da, bahonada joʻ­ra­la­rimni bir koʻrib ketarkanman. Rahmat senga.
– Rahmating nimasi, qirq yillik qadrdonlar bir koʻrishib qolibmiz. – Isoqul qoʻl telefonini olib, raqam terdi. – Tosh, qalaysan, shu desang, senga syurpriz bor, – dedi u telefonda Toshtemir bilan gaplashib. – Nima? E, qogʻozingni qoʻyib tur. Berdi kelgan, qishloqdan. Koʻchadan topib oldim. Ha, tangaga oʻxshab dumalab yotgan ekan. Biz hozir tushlikka chiqayapmiz. “Ayoz” kafesida oʻtiramiz. Har holda chekkaroqda, xotirjam oʻtirganga nima yetsin. Asom bilan Shodini ham olib borarsan. Boʻpti, kutamiz.
Ular koʻchaga chiqishganda Umida beton ariqcha yonidagi krandan hovuchiga suv olib ichayotgan edi. Berdimurod oʻrtoqlarini oʻylab, qizalogʻini butkul unutib qoʻyganini fahmladi.
– Nega mashinadan tushding? – dedi u xavotirlanib.
– Suvsab ketdim, – dedi Umida kaftining orqasi bilan labini artib. – Endi hayvonot bogʻiga boramizmi?
– Hozir… bir joyda tamaddi qilib olaylik, keyin boramiz.
“Ayoz” kafesi haqiqatan ham xilvatgina joyda ekan. Unga yetib borguncha yoʻl-yoʻlakay yoqilgʻi quyish shoxobchasiga toʻxtab oʻtishdi. Isoqul mashinasini benzin quyadigan uskuna oldida toʻxtatib, Berdimurodni turtdi:
– Hov anavi tuynukchaga borib ayt, oʻn litr benzin quyib yuborsin, men ungacha bakning qopqogʻini ochib turaman.
Berdimurod borib aytdi. “Falon soʻm boʻladi”, dedi sotuvchi tuynukchadan moʻralab. Berdimurod bir zum kalovlanib turdi-da, soʻng choʻntagidan pul chi­qarib uzatdi. Keyin mashina yanayam tezroq yurayotganday tuyuldi unga.
Kafening shinamgina hovlisiga kirib, shun­doq­qina darvozaning roʻparasidagi joyga oʻti­rish­lari bilan Isoqul allambalo salatlaru ov­­qatlarga buyurtma berib tashladi. Uning rostakamiga ishbilar­mon, dadil odam ekanligi har bir harakatida se­zilardi. Berdimurodning unga havasi keldi. Hov­lining oʻrtasidagi ariqdan sharqirab suv oqayap­ti. Daraxt shoxlariga ilingan toʻrqovoqlardan say­­roqi qushlarning yoqimli ovozlari eshitiladi. Lekin oʻz­lari koʻrinmaydi. Qi­zaloqqa esa bu ovozlar juda yoqdi. U atrofga koʻz tashlab, hayvonot bogʻi degani mabodo shu yer emasmikan, deb bir zum oʻylanib ham qoldi.
– U yoq-bu yoqni qoʻy, qishloq qalay? – dedi Isoqul stakanlarga sharbat quyarkan. – Muallimning ishi oson, bizga oʻxshab kunu tun yugur-yugur qilmaysan. Joningning huzurini bilasan sen. Lekin dehqonchilik­ka uquving zoʻr edi. Meva-chevayu uzumlarni koʻpaytirib, tonna-tonna mayiz olayotgandirsan?
– Tonna boʻlmasa ham, ishqilib, nasibaga yarasha boʻp turibdi.
– Haliyam kamtarliging qolmabdi-da.
Suhbatning avjida Toshtemir, Asom, Shodilar birgalashib kirib kelishdi. Sobiq sinfdoshlar rosa yayrab ketishdi. Hammalari xushchaqchaq, aʻlo kayfiyatda, hazilni hazilga ulab ketishadi. Lekin Berdimurod harchand urinmasin, ularday yayray olmay, qimtinibgina oʻtirardi. Buni Umida ham pay­qadi: mana bu odamlar nihoyatda quvnoq, atrofdagi boshqa odamlarga parvo ham qilmay sharaqlab kulishadi, qoʻllari silliq, yuzlaridan moy tomay deb turibdi; dadasi esa ulardan ancha yosh katta, sochlari oqargan, qoʻllari qavargan, kulishni ham eplolmay, xurjunini yoʻqotgan moʻltoniday shalpayib oʻtiribdi…
– Gavdangni koʻtarib oʻtirsang-chi, vey. Xuddi toʻqsonga kirgan boboyga oʻxshaysan, – dedi kulgi orasida Shodi Berdimurodni turtib. – Qishloqda nima ish qilyapsan oʻzi, shundan gapir.
– Berdi maktabda katta oʻqituvchi, ona tilidan dars beradi, – dedi Isoqul u haqda hamma narsani bilib olganday.
– Iya, shunaqami, maktab joyidami, maktab? – dedi Shodi peshonasidagi terni arta-arta. – Lekin muallim boʻlganing yaxshi. Ona tilini oʻqitish kerak. Ayniqsa, qishloqda ona tili – eng dolzarb til. Mana bu shaharning bolalarini qara, ona tilida biron narsani soʻrasang ham boshqa tilda javob beraman deb chiranishadi. Ota-onang kim, bobo-momong kim, desang, yoqangdan olishdan ham toyishmaydi. Shuning uchun shahar maktablarigayam senday jonkuyarlar kerak aslida, Berdi muallim.
– Berdining yaxshigina shoir ekanligiyam eslaringdami? – dedi Isoqul. – Xudo xohlasa, yaqinda ki­to­bi chiqadi.
– Ha, aytgancha, institutda oʻqib yurgan davrimizda ajabtovur sheʻrlar yozardi bu xumpar, – deya gapni ilib ketdi Toshtemir. – Agar kitob chiqarish niyating boʻlsa, menga kel.
Isoqul darrov hushyor tortdi:
– Hoy, Tosh, sen oʻzingning tomorqangda aylansang-chi. Kitobni bizga qoʻyaver. Sen qogʻozingni oʻtkazsang boʻldi, qolganiga aralashma.
– Endi, qoʻldan kelgancha yordam qilsak, degan­dim-da.
– Haliyam oʻsha-oʻsha Berdimurodsan-ey, hech oʻzgar­magansan. Shuncha katta ishlarni boshlab qoʻyibsanu, yana hech narsa koʻrmaganday boʻyningni qisib oʻti­rishingni qara, – dedi Asom hozirgina ofitsiant keltirgan issiq ovqatni yeyishga shoʻngʻib. – Qishloq qalay, bahor keldimi ishqilib, bahor? Hamma yoq koʻkarchin boʻlib qolgandir, a?
– Bahor-ku, har yili kelib turibdi, faqat sizlar oyoq uzib ketdinglar-da, joʻralar, – dedi Berdimurod. – Biz, qishloqdagilar bahordan koʻra sizlarni koʻproq sogʻinamiz.
– Voy xumpar-ey, bahor oʻzimizniki, degin? – iljaydi Asom. – Ja nozik joydan oldi-ku bu. Muallimlar oʻzi shunaqa, tagdor qilib gapirishni bilishadi. Lekin, koʻrib turibsan-ku, ogʻaynichalish, bosh qashishga ham vaqt yoʻq, doim bandmiz. Yelib-yugurmasang boʻl­maydi. Bir soniya toʻxtadingmi, tamom, hayotdan orqada qolib ketasan. Bahorning esa qolib ketayotgan ishi boʻlmasa, aylanib kelaveradi-da.
Lunjini toʻldirib olgan Toshtemir ham luqma tashladi:
– Oʻzi, oʻsha bahorning shundan boshqa ishi ham, boshqa boradigan joyi ham boʻlmasa kerak, fikri ojizimcha.
– Menga qara, Berdi muallim, anavi kelishik­lar, ot, sifat, sonlar haliyam oʻsha-oʻshami? – dedi Shodi hiringlab.
Berdimurodning oʻrniga Isoqul loʻndagina qilib javob berib qoʻyaqoldi:
– Qoʻysang-chi, tuzsiz gaplaringni. Hayotda shuncha oʻzgarishlar boʻladiyu, kelishik qolarmidi. Ilgari sifat nomigagina boʻlgan boʻlsa, endi rosmana sifatni koʻrib turibsan, raqobat bor-da. Son deganlariyam vaqt oʻtishi bilan ortib boraveradi. Oʻzing shundan xulosa qilib olsang boʻlmaydimi? Nima qilasan shunga ham muallimning boshini ogʻritib.
Uning bu hazilidan yana qiyqiriq kulgi koʻtaril­di. Shu payt darvoza oldidan uch-toʻrt kishi oʻtib ketayotganini koʻrib qolgan Toshtemir ularni qoʻli bilan imo qilib chaqirdi.
– Anuv koʻzoynak taqqani Jovli Juman degan shoir, – dedi u. – Tanishib qoʻysang ziyon qilmaydi, Ber­di muallim, bir kuni foydasi tegib qolishi mumkin.
Stolga yana bir stolni qoʻshib uzaytirishdi. Jovli Juman uchala sherigi bilan kelib, tortinmasdan oʻtirdi. Toshtemir Jovli Jumanning biqiniga oʻtirib olib, Berdimurodning taʻrifu tavsifini qildi. Ofitsiantni chaqirib, davraga qoʻshilgan mehmonlar uchun taom buyurdi.
– Adabiyot ummonday keng dargoh, qancha shoir boʻlsa ham bagʻriga sigʻdira oladi, – dedi Jovli Juman “ijod bogʻida yana bir gʻuncha ochilganidan, u bilan bahorning shunday farahbaxsh kunlarida tanishib turganidan” bagʻoyat xursandligini izhor qilib. – Ijod nihoyatda nozik masala. Uning mahsulini muxlislar dasturxoniga tuhfa etish yana ham nozik ish. Muhimi qoʻrqmaslik, dovyuraklik. Siz bilan bizning ishimiz ijod qilish. Uni muxlislar qanday xohlashsa, shunday hazm qilib olishsin. U yogʻining bizga qizigʻi yoʻq. Shoirlik – bu talant, bu ezgulik. Buning uchun aynan biron joyda tahsil olmoqlikning hojati ham yoʻq. Mana, kamina ham oʻrta maktabdan soʻng hech qaysi oliy bilim dargohining eshigini taqillatmagan. Ammo bu bilan ijod toʻxtab qolgan emas-ku, birodar. Biz kayfiyat odamlarimiz, shu boisdan bizga mana bunday doʻstlar salomat boʻlsa bas, – deya u Toshtemirning yel­kasiga qoʻl tashladi. Toshtemir fursatdan foydalanib undan nimanidir shivirlab soʻradi. – Tosh, azizim, hamma gaplaringiz esimda. Mana bu yonimdagi yigitlar sanʻatkor ukamizning prodyuserlari, yaqinda kattagina kon­tsert uyushtirishmoqchi. Hamma afishalar uchun qo­gʻozni albatta sizdan olishadi. Hali oʻzim qoʻngʻiroq qilaman.
Jovli Juman “Berdi Murod degan isteʻdodli shoir bilan tanishgani sharafiga” qadah koʻtarib, yana nasihatgoʻylik qilishda davom etdi. Shu lahzada darvoza oldida yana ikki kishi koʻrindiyu, Toshtemir chaqqonlik bilan borib ular bilan salomlashdi. Ke­yin qoʻlini koʻksiga qoʻyib, ularni hurmat bilan davraga taklif qildi. Ular ham bamaylixotir davraga kelib qoʻshilishdi. Toshtemir Berdimurod tomonga engashib shivirladi:
– Bu odam bir katta firmada taʻminotchi boʻ­lib ishlaydi. Qurilish ashyolari savdosi bilan shu­gʻullanadi. Uy quraman, doʻkon quraman, degan borki, hammasining mana shu odamga ishi tushadi. Men bilan aka-ukaday boʻlib qolgan. Sen ham tanishib qoʻysang zarar qilmaydi…
Firmachi aka yuzing-koʻzing deb oʻtirmaydigan dan­galchilar xilidan ekan.
– Ochigʻini aytay, sheʻr degan narsaga hushim yoʻq, – dedi u Berdimurodni shoir deb tanishtirishgach. – Azaldan feʻlim shunaqa. Maktabda ham bir balolarni yodlatmoqchi boʻlib oʻqituvchimiz koʻp uringan. Maqtanish boʻlsa boʻla qolsin, bitta ham sheʻrni yodlamaganman. Printsipim shunday. Shuning uchun menga sheʻriyatdan gap ochmay, undan koʻra gʻisht, beton, armatura degan narsalardan soʻylang, huzur qilaman. – Hammalari shodon kulgi bilan chapak chalib uni olqishladilar. Bunday xayrixohlikdan notiq bir botmon semirdi. – Shu zamondayam sheʻr yozib, kitob titkilab yurgan odamni hech tushunmayman. Balandparvoz gaplarning keragi yoʻq, indallosini aytganda, hozir eng muhimi pul topish. Kerak boʻlsa, hozir oʻng tomonimda oʻtirgan odam uzatgan bir piyola choyni chap tomonimdagi odamga tutqazib, ming soʻm pulini olishim mumkin. Ishning koʻzini bilgan kishi har qanday puxta odamning ham sezdirmay koʻzini oʻyishi mumkin…
Toshtemirning telefoni jiringlab qolib, gapning beliga tepdi. – Allo, ha, oyisi, nima gap? Meh­mon keldi? E, Sattor akami? Biz joʻralar bilan “Ayoz” kafesida oʻtiribmiz. Mehmonlar toʻgʻri shu yerga kelaverishsin, birga ovqatlanamiz. – U telefonini oʻchi­rib, choʻntagiga solib qoʻydi. – Sattor aka degan na­manganlik bir tanishimiz oilasi bilan mehmon boʻlib kelibdi. Bolalarini taʻtilda bir aylantirib ketay degan-da. Chaqirdim, hozir kelib qolishadi. Lekin alomat inson, koʻpchilikka foydasi tegadi.
Sattor aka degani xotini va ikki oʻgʻli bilan koʻp oʻtmay yetib kelishdi. Davra yana ham kengaydi. Chetdan qaragan odam bu yerda toʻy boʻlyaptimi, deb oʻylaydi.
– Berdimurod oʻrtogʻimiz havas qilsa arziydigan ishlarni boshlab qoʻygan ekan, shuni nishonlab oʻtiribmiz, – deb Toshtemir mehmonlarga Ber­dimurod­ni tanishtirdi.
Isoqulning koʻzlari bejo boʻlib, Toshtemirni as­ta oʻziga tortdi:
– Menga qara, nafsingga oʻt tushkur, biznesingni boshqa joyda qilsang boʻlardi. Indamasa butun urugʻ-aymogʻingni chaqirib olasan. Shuncha odamning xarajatini kim koʻtaradi?
Toshtemir parvo qilma, deganday qoʻl siltab qoʻydi.
Qadah ustiga qadah koʻtarildi. Bir-biridan gʻa­royib salatlar qayta-qayta olib kelindi. Issiq-issiq ovqatlar ham keltirildi. Berdimurodning ha­li oʻzining xayoliga ham kelmagan kitobi uchun qadah soʻzlari aytildi. Berdimurod hech narsaga tushunmay, ularning sharaqlab kulishlariga jilmayib qoʻshilib oʻtiraverdi. Umida esa stakandagi sharbatni har zamonda hoʻplab qoʻyardi. Ogʻzilaridan bodi kirib, shodi chiqayotgan, mast boʻlganlari sayin qiyqiriqlari ham tobora avjiga koʻtarilayotgan odamlarning basharalari uning koʻziga xunukdan-xunuk koʻrinmoqda edi. Stol ustidagi notanish yeguliklarning ham hech biri unga yoqmadi. Aroqning hididan-ku, koʻngli aynib, zoʻrgʻa chidamoqda edi. Yaxshiyamki har sharbat hoʻplaganida koʻngli aynishi bosilardi. U oʻzini igna ustida oʻtirgandek sezardi. Kun kech boʻlayotganini, hayvonot bogʻini koʻrolmay qolishini oʻylab, betoqat boʻldi.
– Dada, kech boʻlyapti, ketaylik, – dedi nihoyat qizaloq Berdimurodning qulogʻiga shivirlab.
Berdimurod esa shu tobda poyezdga ulgurolmay qolishdan xavotirlanayotgan edi.
– Qizchang nima deyapti, sharbat quyib beraymi? – dedi Isoqul Berdimurodga qarab.
– Ay, hayvonot bogʻiga olib boraman, deb edim, shuni eslatyapti.
– Eha, darvoqe, unga hayvonlarni koʻrsataman, deganding-a? Attang, endi kech, zoopark yopilib boʻldi. Lekin afsuslanish shart emas, qizim, mana, qara, qancha hayvon kerak boʻlsa koʻrib ol, boʻri deysanmi, tulki deysanmi, tovusu hakkalar ham, hamma turidan bor, – deya u xi-xilab yoqimsiz iljaydi.
Shu lahzada Isoqulning telefoni jiringladi. U telefondagi odam bilan tik turib, oʻng qoʻlini koʻksiga qoʻyib gaplashdi.
– Endi men ishxonaga bormasam boʻlmaydi, bosh­liq chaqirib qoldi, – dedi Isoqul va shoshilgancha xayrlashib, mashinasi yukxonasidan Berdimurodning yagʻiri chiqib ketgan sumkasini jindek ijirgʻanish bilan olib uzatdi-da, joʻnab ketdi.
Oʻtirganlarning koʻpchiligi mast boʻlib, aljirab qolishdi. Endi bu yogʻiga oʻtiraverish ezmalikdan boshqa narsa boʻlmaydi. Hammalari birin-ketin oʻrin­laridan turib, alkash-chalkash qadam tashlagancha kafeni tark etishdi. Bunaqa mijozlarni koʻraverib koʻ­zi pishib ketgan ofitsiant yugurib kelib, darvozaga yaqinlashayotgan Toshtemirga hisob qogʻozini uzatdi. Tosh­temir qogʻozni ushlab ham koʻrmasdan hanuz stol yonida mungʻayib oʻtirgan Berdimurod tomonga suzilib ketayotgan koʻzlari bilan ishora qilib, uzoqlashdi.
Ofitsiant tutqazgan hisob qogʻoziga koʻz yugurtirgan Berdimurodning tirishgan peshonasidan muzday ter chiqib ketdi. U toʻlov oʻziga qolganidan emas, buncha katta hisobdagi pulni toʻlashga puli yetmay qolishidan tashvishga tushgan edi. U qoʻllari qaltiray-qaltiray sumkani ochib, roʻmolchaga oʻralgan pulni olib sanadi. Xayriyat, pul yetdi. Choʻntagidagi choʻgʻi qolmagan puldan bir-ikki soʻm qoʻshdi, xolos. U kaftlarini ishqab turgan ofitsiantdan bexijolatlik bilan qutulganidan yengil nafas olib, koʻchaga chiqdi. Boyagina uning shaʻniga qadah soʻzlari aytib oʻtirgan tanish-notanish odamlar xuddi yer yutganday allaqachon koʻzdan gʻoyib boʻlishgan edi. Nariroqdagi katta yoʻlda qop-qora alomat mashinaning ketayotganini koʻrib, Shodining “Jip” degan mashinasi shu boʻlsa kerak, deb to koʻrinmay ket­guncha havas bilan ortidan qarab qoldi. Kun kech boʻlgan, hayvonot bogʻiyu bozorlar yopilgani aniq, endi faqat poyezdga yetib borish qolgan edi. U qizalogʻining avzoyiga qarab, oʻzidan xafa boʻlib ketdi. Qishloqda boʻlganida bir kunda dunyoning yumushini bajarishga ulgurgan boʻlardi. Bu yerda esa butun boshli bir kun hech qanday mazmunsiz oʻtib ketganiga hayron qoldi.
Endi nima qilmoq kerak? Yana bir kuncha singlisinikida qolay desa, katalakday uyga oʻzlari zoʻrgʻa sigʻisharkan. Aksiga olib puli ham tamom boʻldi hisob. Choʻntagida qolgan pulni chamalab koʻrsa, vokzalga borish uchun taksiga minsa, poyezdga yetmaydi, poyezdga chipta olish uchun esa taksiga pul bermasligi kerak. Bekatda turgan odamlardan soʻrab, vokzalga qaysi avtobus borishini aniqlab oldi. Shunisi maʻqul, arzongina. Faqat… qizaloqning koʻngli oʻksib qoldi-da…
Poyezdga chiqqanlaridan keyin ham Umidaning cheh­­rasi ochilmadi. U oʻrindiqda qovogʻini uyib oʻtir­ganicha hech kimga, hech narsaga qaragisi kelmasdi. Endi vagon oynasidan qorongʻilik qaʻriga shoʻngʻiyotgan shahar tevaraklarini, hissiz dalalarni tomosha qilishning ham qizigʻi yoʻq. U hammadan, hamma narsadan, hatto orzusidagi ertakka oʻxshash shunday katta shahardan ham xafa boʻldi. Axir, bu yerga hayvonot bogʻini koʻrish uchun shuncha olis yoʻl bosib kelsa-yu, koʻrmay qaytsa – nega alam qilmasin? Berdimurod uning kayfiyatini koʻtarish uchun hazillashib:
– Asal qizim, parrandayu darrandalar senga yoq­dimi? – dedi.
– Yoʻq, yoqmadi, – dedi qizaloq battar tumshayib. – Haqiqiy hayvonlar yaxshi edi ulardan.
– Senga yoqmagan boʻlsa ham, ular men bilan bir qishloqda tugʻilib katta boʻlishgan, bir maktabda, hatto keyin bir shaharda oʻqishgan, jonim qizim. Hammalari ajoyib bolalar edi.
– Dada, ular sizning yaqin oʻrtoqlaringizmi? – soʻradi qizaloq astoydil hayron boʻlib.
Berdimurod bir muddat oʻyga toldi.
– Bilmasam, qizim, toʻgʻrisi, oʻzim ham ularni ta­niyolmadim, – dedi keyin xoʻrsinib. – Oradan koʻp yillar oʻtib ketdi-da.
Shundan soʻng qizaloq boshqa savol bermadi. Kecha ertalab ularni olib kelgan poyezd tez yurgan edi. Mana bu kechki poyezd esa oraliq bekatlarda uzoq turib qoldi. Qizaloq zerikdi. Uni uyqu elitdi. Berdimurod uning ilvirab ketgan kalishchalariga qarab turib, xijolat chekdi.
– Oyoqlaring sovqotib qolmadimi, qizim? – soʻ­radi u.
Qizaloq indamadi. U dadasiga suyanib uxlab qol­di va to qishloqqa yetgunlaricha uygʻonmadi.
Qishloqqa yetib kelganlarida esa quyosh charaqlab, oʻt-oʻlanlar ustidagi munchoqdek shudringlar jimirlayotgan edi. Uyga kirishlari bilan qizaloq yugurib borib beshik yoniga choʻkkaladi. Ukasini sogʻinganidan, juda-juda sogʻinib ketganidan, onasining hay-hay­lashiga ham qaramasdan beshik jildini asta ochib, pishillab uxlab yotgan chaqaloqning loʻppi yuzidan choʻlp-choʻlp oʻpdi. Qanday xushboʻy, qanday chiroyli, qan­day shirin chaqaloq. Qizaloq oʻpib toʻymasdi. Ke­yin u onasi va buvisining savollariga uzuq-yuluq javob bergancha sevimli chelakchasini olib, soyga yugurdi. Yalpizlaridan xabar oldi. Ular koʻpayib qo­lishibdi. Hatto oʻtgan kuni terilgan joylardan ham yangi yalpizlar mitti yaproqchalarini koʻrsatib bodrab chiqibdi. Ularga chelakchasi bilan suv sepdi. Endi soyda faqat suv emas, yalpiz boʻylari ham oqa boshlagandek edi goʻyo. Qizaloq xushboʻy havodan toʻyib nafas oldi va asta shivirladi:
– Oh, oʻzimning yalpizjonlarim!

“Yoshlik” jurnali, 2015-yil, 1-son.