..

Valentin Rasputin. Frantsuz tili saboqlari

Loyihani qo'llab quvvatlash uchub buyerga bosing

Qiziq, nima uchun xuddi ota-onamiz oldidagidek oʻqituvchilarimiz oldida ham oʻzimizni doim aybdor his etamiz? Maktab davrida roʻy bergan voqealarni deb emas, yoʻq, keyingi hayotimiz uchun ham…

* * *

Beshinchi sinfga men 1948-yili borganman. Yana ham aniqroq aytadigan boʻlsam: qishlogʻimizda faqat boshlangʻich maktab bor edi, oʻqishni davom ettirish uchun esa uyimizdan ellik chaqirimcha nariga – tuman markaziga borish kerak. Men ketishimdan bir haftalar oldin onam tumanga borib bir tanishi bilan gaplashib keldi – oʻsha ayolning uyida yashaydigan boʻldim. Avgustning soʻnggi kuni qishlogʻimizda yagona “polutorka” moshinasining haydovchisi Vanya amaki Podkamennaya koʻchasidagi men yashashim lozim boʻlgan uy oldida yuklarimni tushirdi va koʻrpa-toʻshagim oʻralgan tugunni uyga olib kirishga qarashib yubordi. Xayrlashayotib yelkamga doʻstona bir qoqib qoʻydiyu joʻnab qoldi. Shunday qilib, oʻn bir yoshimda mustaqil hayotga qadam qoʻydim.
Hali ocharchilik yillari, biz esa oilada uch farzand edik. Men onamning toʻngʻichi edim. Bahor oylari, ayniqsa, ilikuzildi mahali ochlikdan kartoshka murtagi, suli, javdar donini yutgan va bunga singlimni ham majbur qilgan vaqtlarim boʻlgan. Biz goʻyoki qornimizga urugʻ ekardik va shu bilan oʻzimizni chalgʻitardik, hadeb obu ovqat haqida oʻylayvermasdik-da. Keyin yoz boʻyi bamisoli shu ekkan urugʻimizni Angaraning chuchuk suvi bilan obdon sugʻorardik, ammo hosildan hadeganda darak boʻlavermas yoki u juda sekin oʻsayotganidanmi, biz buni payqamas edik. Shunga qaramay, men, bu urinishim chakki emas, bir kun kelib albatta odamlarga nafi tegadi, biz esa tajribasizligimiz sababli nimanidir notoʻgʻri qilgan boʻlsak kerak, deb oʻylar edim.
Qanday qilib onam meni tumanga (tuman markazini hamma qisqagina “tuman” deb qoʻya qolardi) yuborishga qaror qilgan ekan, hech aqlimga sigʻmaydi. Boshimizda otamiz yoʻq, turmushimiz juda abgor edi. Aftidan, onam obdon oʻylab koʻrganu bundan battari boʻlmasligiga koʻzi yetgan. Men yaxshi oʻqirdim, maktabga ham jon-jon deb borardim. Umuman olganda, qishloqda eng savodli bola hisoblanardim. Kampirlarga kelgan xatlarni oʻqib, javob yozib berardim, gʻaribgina kutubxonamizdagi bor kitobni allaqachon oʻqib chiqqan edim. Kech¬qurunlari bolalarga oʻqigan kitoblarimdagi har xil voqealarni oʻzimdan ham qoʻshib-chatib gapirib berardim. Ayniqsa, obligatsiya masalasida qishloq ahli menga qattiq ishonardi. Urush yillari odamlarning qoʻlida ancha-muncha zayom yigʻilib qolgan, yutuq jadvallari ham tez-tez eʻlon qilinar, shunda hamma obligatsiyasini koʻtarib mening oldimga kelar edi. Ularning aytishicha, mening qoʻlim omad keltirarmish. Toʻgʻri, yutuq ham chiqib turardi-yu, koʻpincha bu arzimagan bir chaqa-chuqa edi. Ammo oʻsha yillari odamlar shunga ham xursand boʻlardi, tagʻin deng, kutilmagan bu omadga goʻyo men sababchi edim. Beixtiyor bu xursandchilik menga ham yuqardi. Boshqa bolalardan meni arzanda qilib, hatto qornimni toʻydirib ham turishardi. Bir gal Ilya otaga – asli ziqnaroq, xasis cholga toʻrt yuz soʻm yutuq chiqib qoldi. Qiziq ustida u menga bir chelak kartoshka berib yuborsa deng – ayni koʻklam chogʻi buni naqd koʻzimizga surtgan edik.
Aynan shu – obligatsiya raqamlarining far¬qiga borganim uchun ham odamlar onamga, “Oʻgʻling zehn-farosatli bola, sen uni albatta oʻqitgin. Bilimli odam hech vaqt xor boʻlmaydi”, der edi.
Shu gaplar ham turtki boʻldimi, bilmadim, har qanday qiyinchilikka qaramay onam meni tumanga oʻqishga yuborish harakatiga tushib qoldi. Shu choqqacha qishlogʻimizdan birorta bola tumanda oʻqimagan, men birinchisi edim. Qolaversa, u yerda men bechoraginani qanday sinovu mashaqqatlar kutayotganini hali tasavvur ham qilolmas edim-da.
Tumandagi maktabda ham yaxshi oʻqiy boshladim. Boshqa nima ham qilardim – oʻqigani keldim-ku bu yerga, shundan oʻzga tashvishim boʻlmasa! Yana deng, u vaqtlarda hali zimmamdagi vazifaga hafsalasizlik bilan qarayolmasdim. Agar biror fandan tuzukroq tayyorlanmagan boʻlsam, maktabga boʻynimdan bogʻlagandek zoʻrgʻa borardim. Shuning uchun ham frantsuz tilidan boshqa barcha fandan baholarim “aʻlo” edi.
Frantsuz tilini esa durust oʻzlashtirolmasdim. Men soʻzlarni va ularni qoʻllashni yaxshi eslab qolar, tezda tarjima ham qilar, imlo qoidalariga doir murakkabliklarni-da osongina yengib oʻtgan edim-u, talaffuzga kelganda, sochimdan to tirnogʻimgacha asl angaralik ekanim fosh boʻlib qolardi. Axir, biz tomonlarda umri bino boʻlib birorta odam chet tilda gapirmoq tugul, hatto uning borligini bilgan boʻlsa, shuning oʻzi ham katta gap sanalar edi-da. Men frantsuz tilida oʻzimizning qishloqcha bidillashga oʻxshatib juda tez gapirar, boʻlar-boʻlmasga tovushlarning yarmini yutib yuborar, ikkinchi yarmini esa xirildoq ovozda qalashtirib tashlar edim. Buni koʻrib frantsuz tili muallimamiz Lidiya Mixaylovna umidsizlikdan peshonasi tirishib, koʻzlarini yumib olardi. Albatta, bunaqasiga u birinchi marta duch kelishi. Oʻqituvchim keyin undosh tovushlar birikuvi, burun tovushlari talaffuzini qayta-qayta tushuntirib berardi-da, takrorlashimni soʻrardi. Men esa battar dovdirar, tilim tanglayimga yopishib qolgandek miq etmay turaverar edim. Barcha urinishlar besamar edi. Hammasidan yomoni esa uyga kelganda bilinardi, maktabda-ku beixtiyor chalgʻiysan – bolalar bir-birini itarib-turtadi, xohlaysanmi-yoʻqmi, ular bilan oʻynaysan, chopib-yugurasan, dars paytida – oʻqiysan, yozasan, xullas, doim nima bilandir band boʻlasan. Yolgʻiz qoldim deguncha, sogʻinchdan jinni boʻlayozardim, uyimni, qishlogʻimizni qoʻmsab ketardim. Ilgari bir kun ham uydan uzoqda yurmagan, tabiiyki, begonalar orasida yashashga hali tayyor emas edim. Kasal odamdan beshbattar qiynalar, iztirob chekar edim. Fikru xayolim, yagona istagim ham shu edi – tezroq uyga ketsam! Sentyabr oyining oxirlarida onam kelgan edi, meni koʻrib kapalagi uchib ketdi. Ozib choʻp boʻlib qolgan emishman. Onamning oldida oʻzimni bazoʻr tutib turdim, arz-hol qilmadim, yigʻlamadim, ammo u ketayotganida chidayolmadim – hoʻngillagancha moshina ortidan yugurdim. Moshinaning ustida tik turib ketayotgan onam, qol, meni ham, oʻzingni ham sharmanda qilma, degandek qoʻl siltadi, lekin qani endi oʻzimni tiyolsam! Shunda bir qarorga keldi shekilli, onam moshinani toʻxtatdi:
– Boʻpti, lash-lushingni yigʻishtir, – dedi buyruq ohangida men yetib borishim bilan. – Oʻqib boʻldingiz, ketdik!
Darhol esimni yigʻib oldim – izimga qaytdim.
Men uyni sogʻinganimdangina emas, qornim toʻyib ovqat yemaganimdan ozib ketgan edim. Kuz kunlari Vanya amaki tuman yaqinidagi gʻallaxonaga bugʻdoy tashib yurganida onam menga muntazam, chamasi, haftada bir marta ul-bul yegulik yuborib turardi. Ammo shu ham menga kam edi. Onam asosan non bilan kartoshka joʻnatardi. Ahyon-ahyonda bankaga tvorog solib bervorardi. Buni u birovdan nimagadir almashtirib olgan, albatta, chunki, oʻzimiz sigir boqmas edik. Kelgan kuni koʻzimga bir dunyo koʻringan narsadan ikki kun oʻtmay hech vaqo qolmasdi. Ittifoqo, onam yuborgan non sirli ravishda gʻoyib boʻlayotganini sezib qoldim. Atay kuzata boshladim ham: ha, bugun bor-u, ertasi oʻz-oʻzidan yoʻq boʻlib qolardi. Kartoshka ham shu tarzda kamayib borardi. Kim oʻgʻirlayapti, uch bolasini zoʻrgʻa boqayotgan baqiroq Nadya xolamikan? Qizlaridan birortasimi yoki kenjasi Fedkamikan – bilmayman, ularni poylash u yoqda tursin, bu haqda oʻylagim ham kelmasdi. Onam ukam va singlimning luqmasidan qiyib menga yuborsa-yu, buning huzurini boshqalar koʻrsa – shunisi menga alam qilardi. Qoʻlimdan nima ham kelardi, taqdirga tan berib yuraverdim, turgan gapki, onam buni eshitsa juda xafa boʻladi.
Bu yerda hayot qishloqdagidan farq qilardi: qishloqda doim, ayniqsa, kuz kunlari albatta yegulik biror nima topiladi, deylik, bogʻda meva-cheva, tomor¬qada sabzavot boʻladi, ularni yigʻib-terish, kavlab olish mumkin. Hech qursa, Angaraga borib baliq, oʻrmonda esa qush ovlash mumkin. Bu yerda esa tevarak-atrofim goʻyo boʻm-boʻsh edi: yettiyot odamlar, begona joy, begona tomorqalar. Bir daryochasi bor edi-yu, qachon qaramang, oʻn qavat toʻr tashlab qoʻyilgan boʻlardi. Bor-yoʻq baligʻi suzib olingan boʻlsa kerak, hoynahoy. Yakshanba kunlarining birida ertadan kechgacha qarmoq tashlab oʻtirib, atigi uch dona choyqoshiqdek keladigan tangabaliq tutibman. Bu bilan qorin toʻydirib boʻlmasa. Qaytib baliq ovlagani bormadim – vaqtimni behuda sarflab nima qildim! Kechqurunlari koʻpincha oshxonalar oldida, narx-navoni bilish uchun bozor oralab aylanib yurar, keyin esa soʻlagim oqqancha ikki qoʻlimni burnimga tiqib uyga qaytar edim. Nadya xolaning oshxonasida doim choydish qaynab turardi, dogʻ suvdan ichib olib oshqozonni aldardimu uxlagani yotardim. Ertalab yana och-nahor maktabga chopardim. Shu tariqa to yuk moshina kelib, Vanya amaki eshik taqillatadigan kungacha amal-taqal qilib yetardim. Ochlikdan sillam qurigani, boz ustiga, har qancha tejab-tergamayin, oziq-ovqatim baribir koʻpga yetmasligini bilganim uchun qornim yorilgudek toʻyib olardim-da, ikki-uch kundan keyin yana tishimning kirini soʻrib yuraverardim.

* * *

Sentyabrning oxirlarimidi, bir kuni Fedka menga:
– “Chikka” oʻynagani yuraging dov beradimi, qoʻrqmaysanmi? – deb qoldi.
– Nima u, “chikka” deganing?
– Shunaqa bir oʻyin bor-da, pul tikiladi. Puling boʻlsa, yur, oʻynaymiz.
– Pulim yoʻq-da.
– Mendayam yoʻq. Mayli, yur, hech boʻlmasa tomosha qilarmiz. Koʻrasan, zoʻr oʻyin!
Fedka meni tomorqa ortiga boshladi. Ikkovlon tepalik yoqalab ketdik, qurigan, hidi dimoqni yorgudek urugʻlari osilib yotgan qichitqi oʻt bosgan changalzor doʻnglikdan oshgach, sakrab-sakrab eski axlattepalardan oʻtdik, shunda etakdagi tekis, yaydoq maydonchada gʻala-gʻovur qilib oʻynayotgan bir toʻp bolaga koʻzim tushdi. Biz ularning oldiga tushib bordik. Bolalar birdan hushyor tort¬di. Bittasidan boshqa hammasi deyarli men tengi edi. Baland boʻyli, baquvvat, old sochlari tikkaygan bu sariq bolaning barchaga soʻzi oʻtishi ayon koʻrinib turardi. Esladim, u yettinchi sinfda oʻqirdi.
– Buni nimaga yetaklab kelding? – dedi u Fedkaga qarab norozi ohangda.
– Begona emas, Vadik, qarindoshimiz, – deya oʻzini oqlay ketdi Fedka. – Biznikida yashaydi.
– Oʻynaysanmi? –deb soʻradi Vadik mendan.
– Pulim yoʻq-da.
– Unday boʻlsa, bizni bu yerda koʻrganingni birovga gullab yurma.
– E, shunisi yetmay turuvdi! – dedim xafa boʻlib.
Bolalar menga ortiq eʻtibor qilmay oʻyinga berilib ketishdi. Bir chekkada oʻtirib ularni kuzata boshladim. Oʻyinda hamma ishtirok etmasdi: goh olti, goh yetti bola oʻynardi, xolos. Qolganlar tomoshabin edi, ular asosan Vadikka tarafgir. Uning bu yerda toʻpboshi ekanini boshdanoq sezgan edim.
Oʻyin unchalik murakkab emas ekan. Har bir oʻyinchi oʻn tiyindan tikadi, “gʻazna”dan ikki metrlar naridagi yoʻgʻon chiziq bilan chegaralangan maydonchaga tanga pukka tarafi bilan tashlanadi, keyin boshqa yoqdan, yaʻni yarmi yerga koʻmilgan va oyoqqa tirgak vazifasini oʻtovchi xarsang oldida turib yumaloq tosh – “shayba” irgʻitiladi. Uni iloji boricha chiziqqa yaqinroq joyga, ammo chiziqdan chiqib ketmasligini koʻzlab otmoq lozim. Ana shunda birinchi boʻlib “gʻazna”ni buzish imkoni tugʻiladi. Yana shu tosh bilan urib tanganing chikka tarafini oʻgirish kerak, agar eplay olsang – marra seniki, oʻynayverasan, yoʻqsa – boshqa oʻyinchiga navbatni berasan. Eng muhimi, qoʻlingdagi toshni irgʻitganda uning tanga toʻpi ustiga tushishini moʻljallash darkor, biror tanganing chikkasini oʻgira olsang ham hech qanday gap-soʻzsiz hamma pul seniki boʻladi. Oʻyin esa qayta boshlanadi.
Vadik gʻirrom ekan. U tirgak tosh yoniga hammadan soʻng, kim-kimdan keyin ekanini koʻrib olgachgina kelardi. Tabiiyki, u yutib chiqish uchun qayerga urish kerakligini ham bilvolgan boʻlardi. Lekin Vadikning gʻirrom oʻynayotganini hamma bilib tursa-da, hech kim ogʻiz ochishga botinolmas edi. Toʻgʻri, u yomon oʻynamasdi. Tirgak yoniga kelganda tizzasini sal bukib olar, bir koʻzini qisib qoʻlidagi toshni moʻljalga toʻgʻrilar edi-da, soʻng shoshilmay qaddini rostlardi – “shayba” ham goʻyo qoʻlidan sirgʻalib chiqib aynan koʻzlagan joyiga borib tushardi. U boshini keskin bir silkib, koʻziga tushib turgan sochini orqaga tashlardiyu beparvolik bilan chetga “chirt” etkazib tupurib, goʻyoki ish hal boʻldi, degandek erinibgina, atay sollana-sollana bosib pul yotgan joyga borardi. Agar chaqa toʻp boʻlib uyulib yotsa, qattiq urar, tangalar jaranglab ketar edi, sochilib yotgan boʻlsa, har yonga qapchib ketmay ohista chikkasi oʻgirilishi uchun “shayba”ni shunchaki tekkizib qoʻya qolardi. Boshqa hech kim bunday qilolmasdi. Bolalar oʻylab ham oʻtirmay choʻntagidan yana tanga chiqarar, puli yoʻqlar esa sekingina tomoshabinlar qatoriga qoʻshilar edi.
Pulim boʻlganida men ham oʻynay olardim, deb oʻyladim. Qishloqda biz oshiq oʻynardik, bunda ham albatta ziyraklik talab etiladi. Qolaversa, men merganlikni oshiradigan har xil ermaklar oʻylab topishga ishqiboz edim. Deylik, bir toʻp tosh yigʻib olardim-da, qaltisroq bir joyni moʻljal qilib turib, toki toʻliq natijaga erishmaguncha, yaʻni oʻnu oʻn boʻlmaguncha otaverardim. Toshni tepadan, yelkam osha yoki pastdan moʻljalga toʻgʻrilab olib irgʻitaverar edim. Shuning uchun ham bu borada oz-moz mahoratim ortgan. Ammo hozir pul yoʻq edi.
Pul boʻlmagani uchun ham onam menga non joʻnatar edi-da. Yoʻqsa, nonni shu yerdan ham sotib olish mumkin-ku. Kolxozda pul nima qilsin! Shunday boʻlsa-da, onam ikki marta konvertga besh soʻmdan solib yuboribdi, sut olasan deb. Hozirgi pulda bu ellik tiyin degani. Uncha koʻp emas-u, baribir pul-da. Bozordan bunga bittasi bir soʻm turadigan yarim litrlik besh banka sut olish mumkin edi. Kamqonligim sababli turib-turib birdan boshim aylana boshlar, bu hol tez-tez takrorlangani uchun ham doim sut ichib yurishim kerak edi.
Onam uchinchi marta beshtalik joʻnatganida men unga sut olmadim. Pulni maydaladimu axlattepaga yugurdim. Bu joy juda bilib tanlangan edi oʻziyam: qir-adirlar oʻrtasidagi maydoncha atrofdan koʻzga tashlanmasdi. Agar bunday oʻyin oʻynayotganimizni qishloqda biror odam koʻrib qolsa, bizni quvib solar, mirshab yoki maktab direktorini chaqiraman, deb qoʻrqitgan boʻlar edi. Bu yerda esa bizga hech kim xalaqit bermaydi. Keyin, uzoq ham emas, oʻn daqiqalik yoʻl.
Birinchi martasiga toʻqson tiyin, ikkinchisida esa oltmish tiyin tikdim. Albatta, pulimga achinardim, ammo oʻynaganim sayin qoʻlim ancha kelishib borayotganini sezardim. U “shayba”ni toʻgʻri yoʻnaltirish uchun keragicha kuch sarf¬lashga moslashdi, koʻzim ham toshning qayerga tushib qayergacha dumalab borishini oldindan chamalashga oʻrgandi. Kechqurunlari hech kim qolmaganda maydonchaga qaytib kelar, xarsang tagidan Vadik yashirib ketgan “shayba”ni olar va choʻntagimdan chaqa chiqarib, to qorongʻi tushguncha mashq qilar edim. Bora-bora oʻn marta tosh otganda uch yoki toʻrttasini aniq moʻljalga tushiradigan boʻldim.
Nihoyat, men ham oʻyinda yutadigan kun keldi.
Kuz kunlari iliq, yogʻin-sochinsiz, oktyabr oyi boʻlishiga qaramay bitta koʻylakda yurish mumkin edi. Onda-sonda yomgʻir yogʻib qolardi. Bu ham daydi shamol qayerlardandir tasodifan olib kelgan yomgʻir edi. Osmon yoz kunlaridagidek koʻm-koʻk-u, ammo u qadar cheksiz emas, goʻyo allaqanday torayib qolgandek tuyulardi. Quyosh ham erta botardi. Adirlar ustida ertalablari havo top-toza, musaffo boʻlardi. Atrofda achchiq, boshni aylantiruvchi shuvoq hidi kezar, uzoq-uzoqlardan har xil tovushlar aniq eshitilar, uchib ketayotgan qushlarning chah-chahi quloqni qomatga keltirar edi. Maydonchamizda oʻt-oʻlan sargʻaygan boʻlsa-da, hali butkul qurib bitmagan, oʻyinda ishtirok etmayotgan, toʻgʻrirogʻi, yutqazib qoʻygan bolalar u yerda dumalashib oʻynab yotar edi.
Har kuni maktabdan keyin toʻgʻri shu yerga kelishga odatlanib qoldim. Oʻyinchilar tez-tez oʻzgarib turar, eskilar oʻrnini yangilar egallar edi. Faqat Vadik birorta ham oʻyinni qoldirmasdi. Usiz oʻyin ham boʻlmas edi-da oʻzi. Ptaxa degan xumkalla, sochi moshinkada olingan kaltabaqay bir bola doim Vadikning ortidan soyadek ergashib yurardi. Men shu vaqtgacha uni maktabda biron martayam koʻrmagan edim, oldinlatib boʻlsayam aytaveray, uchinchi chorakda u qoʻqqisdan bizning sinfda paydo boʻlib qoldi. Beshinchi sinfda qolib ketgan va bir nimalarni bahona qilib yanvarga qadar “taʻtil”da yurgan ekan. Oʻyinda koʻpincha Ptaxa ham yutardi, Vadikchalik emasdir-u, lekin har qalay ziyon koʻrmasdi. Hoynahoy, Vadikning sherigi boʻlgani uchundir. Vadik ham boshqalarga bildirmaygina Ptaxaga qarashib turardi-da.
Maydonchada goho bizning sinfdagi Tishkin – hovliqma, koʻzi oʻynab turadigan, darslarda qoʻl koʻtarib oʻtirishni yaxshi koʻradigan bola ham paydo boʻlib qolardi. U bir nimani bilsa-bilmasa qoʻl koʻtaraverar, oʻqituvchi doskaga chiqargudek boʻlsa, mum tishlab qolar edi.
– Nega qoʻl koʻtarding boʻlmasa? – deb soʻrardi oʻqituvchi. Shunda u kichkinagina koʻzlarini pirpiratib:
– Hozirgina esimda edi, doskaga chiqquncha unutib qoʻydim, – derdi.
Men Tishkin bilan unchalik yaqin emas edim. Tortinchoqligim, kamgapligim, qishloqilarga xos odamoviligim va eng avvalo, boshqa narsaga oʻrin qoldirmaydigan sogʻinch hissi, yaʻni uyni nihoyatda qattiq qoʻmsayotganim sabablimi, haligacha sinfdoshlarimning hech biri bilan tuzukroq chiqishib ketolmagan edim. Bolalarning ham men bilan ishi yoʻq edi. Doim yolgʻiz yurardim. Qishloqda, oʻz uyimda emasligim uchun yolgʻizman-da, u yerda doʻstlarim koʻp edi-ku, deya oʻzimga-oʻzim tasalli berardim. Lekin oʻlgudek ezilib yurganimdan yolgʻizligimni sezmas, buni hatto anglab ham yetmas edim.
Tishkin maydonchada meni goʻyo koʻrmas yoki koʻrmaganga olardi. U darrovgina yutqazib qoʻyar va gʻoyib boʻlar, shu bilan anchagacha bedarak ketar edi.
Mening esa oʻyinda omadim chopib qoldi. Doim qoʻlim baland keladigan, deyarli har kuni yutadigan boʻldim. Mening bu oʻyinda ham xos qoidalarim bor edi: birinchi boʻlish uchun “shayba”ni maydon boʻylab aylantirmaslik lozim; oʻyinchi koʻp boʻlganda bu juda mushkul – chiziqqa qancha yaqin kelinsa, uni bosib olish va oxirda qolib ketish xavfi shuncha ortadi. Toshni irgʻitganda “gʻazna” ustiga tushishini aniq moʻljal qilmoq kerak. Men shunday qilardim. Albatta, bu tavakkalchilik edi, ammo epchilligim qoʻl kelardi. Men oʻyinda ketma-ket uch-toʻrt marta yutqazishim mumkin edi. Biroq beshinchi martasida “gʻazna”ni albatta qoʻlga kiritardim, yutqazganimni uch barobar qilib qaytarib olardim. Keyin yana yutqazar va yana yutib olaverardim. Kamdan-kam hollardagina tosh bilan tangani urishimga toʻgʻri kelardi. Ammo bu borada ham mening oʻz usulim bor edi: agar Vadik tanga oʻzi tomon yumalashini chamalab ursa, men aksincha, zarb bilan urardim – bu qoʻpol harakat edi, albatta. Lekin shunda tosh tanganing aylanib ketishiga yoʻl qoʻymasdi, tanga bir sapchirdiyu orqasi bilan oʻgirilib tushardi.
Shu tariqa choychaqali ham boʻlib qoldim. Biroq kechgacha maydonchada yurib oʻyinga berilib ketishdan oʻzimni tiyardim. Har kuni bir soʻmdan yutib olsam shu menga kifoya edi. Bir soʻmni qoʻlga kiritishim bilan oʻyinni tashlab bozorga yugurardim, bir banka sut sotib olib (mening bu pachoq, qiyshiq, siyqalanib ketgan chaqalarimni koʻrib sutchi xolalar javray-javray sut quyib berardi) tushlik qilardimu dars tayyorlagani oʻtirardim. Hamon qornim toʻyib ovqat yemasdim-u, ammo sut ichib turibman-ku, degan oʻyning oʻziyoq menga kuch berar, ochligim uncha esimga kelmas edi. Hatto endi boshim aylanishi ham kamaygandek tuyulardi.
Avvaliga Vadik mening gʻalabalarimga chandon eʻtibor bermagan edi. Chunki bundan u hech ziyon koʻrmasdi, yaʻni uning choʻntagidan bir tiyin ham chiqmasdi. Baʻzan u “Hoy noʻnoqlar, qanday urish kerakligini mana bundan oʻrganing¬lar”, deb meni alqab ham qoʻyardi. Lekin koʻp oʻtmay oʻyinni tez tark etayotganimni payqab qoldi va bir kuni meni toʻxtatib:
– Nima, pulni oliboq qochish ekan-da? Ja abjirsan-u! Ketmaysan, oʻynaysan, – deb qoldi.
– Dars tayyorlashim kerak, Vadik, – deb bahona qildim.
– Dars qiladigan odam bu yerga kelmaydi.
Ptaxa ham yaltoqilik bilan gapga aralashdi:
– Pul tikilganda shunday qilish mumkin deb kim aytdi senga? Agar bilsang, bu qilmishing uchun boplab taʻziringni berish kerak. Tushundingmi?
Shu-shu, Vadik sira oʻzidan oldin “shayba”ni menga bermaydigan, tirgak tosh oldiga ham hammadan keyin qoʻyadigan boʻldi. U moʻljalni yaxshi olardi, men esa “shayba” qoʻlimga tushmayoq necha martalab choʻntak kavlashimga toʻgʻri kelardi. Biroq imkon tugʻildi deguncha undan yaxshiroq oʻynardim, tosh ham goʻyo ohanrabodek toʻppa-toʻgʻri borib toʻp boʻlib yotgan tanga ustiga tushardi. Merganligimga oʻzim ham qoyil qolardim. Buni sezdirmaslik, boshqalarning eʻtiborini tortmay oʻynash lozimligiga fahmim yetmaganini qarang. Soddalik bilan har safar ayamay “gʻazna”ni moʻljalga olaveribman. Oʻz ishining ustasi boʻlgan, doim qoʻli baland keladigan odam hech qachon shafqat koʻrmasligini men qaydan bilibman deysiz! Bunday vaqtda shafqat kutish ham, birorta himoyachi chiqib qolar, deb xomtama boʻlish ham befoyda. Hamma seni mahmadona deb biladi, xolos, ayniqsa, orqangdan kelayotganlarning seni koʻrarga koʻzi yoʻq. Oʻsha kuzda aynan shu narsa menga saboq boʻldi.
Men oʻsha gal ham moʻljalni aniq nishonga olgan edim. Chaqalarni yigʻib olmoqchi boʻlib yaqinlashganimda atrofga sochilib yotgan tangalardan birini Vadik oyogʻi bilan bosib turganini payqadim. Qolgan tangalar pukka tarafi bilan yotardi. Bunday hollarda odatan “gʻazna”ga deb baqirish kerak, negaki tanga oʻng tarafi bilan tushmagan boʻlsa, qaytadan urish uchun bir joyga toʻplanadi. Men esa har doimgidek omadimga ishonib, jar solib oʻtirmadim.
– “Gʻazna”ga emas! – deya eʻlon qildi Vadik.
Vadikning yoniga bordim-da, oyogʻi tagidagi tangani koʻrmoqchi boʻlib uni sal turtgan edim, u meni siltab tashladi. Darhol oyogʻi ostidagi tangani olib, menga chap tarafini koʻrsatdi. Aslida uning chikka yotganini men koʻrgan edim. Aks holda Vadik ham bunday nayrang qilmagan boʻlardi.
– Gʻirromlik qilma, – dedim. – Oʻng tarafi bilan yotgan edi, oʻzim koʻrdim-ku.
U burnimning tagiga mushtumini tirab:
– Mana buni-chi, buni ham koʻrganmisan? – dedi.
Indayolmay qolaverdim. Soʻzimda turib olishdan maʻni yoʻq edi: janjal chiqqudek boʻlsa, hech kim, biror tirik jon, hatto shu atrofda oʻralashib yurgan Tishkin ham yonimni olmasligi aniq.
Vadikning gʻazabnok qisilgan koʻzlari menga oʻqdek qadalib turardi. Engashib, yaqinroq yotgan tangani sekingina urdim, u oʻnglangach, boshqasini urdim. “Baribir hammasi oʻzimga tegishli-ku”, deb oʻylardim. Moʻljallab turib toshni yana urmoqchi edim – ulgurolmadim, orqamdan kimdir tizzasi bilan qattiq tepib yubordi. Oʻzimni oʻnglay olmay yerga boshim bilan tushdim. Gurra kulgi koʻtarildi.
Orqamda bezbetlarcha tirjayib Ptaxa turardi. Men dovdiragancha:
– Bu nima qilganing?! – dedim.
– Men ekanmi, kim aytdi senga? – dedi u talmovsirab. – Nima, yo tush-push koʻrdingmi?
– Qani, ber-chi bu yoqqa! – Vadik “shayba”ga qoʻl uzatdi, ammo men uni bermadim.
Alam qoʻrquvdan ustun kelgan edi, endi hech kimdan choʻchimasdim. Nega? Nima uchun axir? Men ularga nima yomonlik qilibman?
– Ber deyapman! – deya doʻq urdi Vadik.
– Boya tangani oʻgirib qoʻyding-ku! – deya qichqirdim men ham. – Oʻzim koʻrdim, oʻzim.
– Qani, yana bir marta qaytar-chi, – dedi u yaqinroq kelib.
– Tangani oʻgirib qoʻyding, – dedim men endi bosiq ovozda – hozir nima roʻy berishini bilib turardim.
Birinchi boʻlib yana orqadan Ptaxa tushirib qoldi, Vadikka borib urildim. U chamalab ham oʻtirmay epchillik bilan yuzimga shunday kalla urdiki, agʻanab tushdim, burnimdan tirqirab qon otildi. Bazoʻr oʻrnimdan turgan edim, tagʻin Ptaxa tashlanib qoldi. Haliyam boʻlsa qochib qutulish imkoni bor edi, ammo shu tobda buni oʻylamabman ham. Men oʻzimni deyarli himoya qilolmay Vadik bilan Ptaxaning oʻrtasida koptokdek borib-kelardim. Sharillab qon oqayotgan burnimni changallagancha, alam ustida battar ularning jigʻiga tegib qaysarlik bilan bitta gapni takrorlardim:
– Tangani sen oʻgirding! Oʻgirding! Sen oʻgirding!
Ular meni galma-galdan doʻpposlardi. Bir payt kichkinagina-yu, ammo serjahl yana birovi oyoqlarimga tepib qolsa boʻladimi! Tepkidan oyogʻimning sogʻ joyi qolmadi, koʻkarib, moʻmataloq boʻlib ketdi-yov. Men jon-jahdim bilan yiqilmaslikka tirishardim. Shu ahvolda bularning oldida yana yiqilib tushish oʻlim bilan barobar edi. Oxir-oqibat meni yerga yotqizibgina tinchishdi.
– Joning borida bu yerdan tuyogʻingni shiqillatib qol! – deb amr qildi Vadik. – Boʻl, boʻl!
Men oʻrnimdan turib, hiqillagancha, hech baloni sezmay qolgan burnimni torta-torta tepalik tomon sudralib keta boshladim.
– Churq etib birovga ogʻiz ochgudek boʻlsang, oʻldim deyaver! – deya qichqirib qoldi Vadik ortimdan.
Indamadim. Alamdan butun vujudim goʻyo jonsiz edi, qoʻl-oyoqlarim ham qotib qolgandek karaxt. Hatto labimni qimirlatishga ham majolim yoʻq. Tepalikka chiqib olgachgina, chidab turolmay, xuddi aqldan ozgandek bor ovozda qichqirdim:
– Tangani oʻgirib qoʻyding! Oʻgirdi-ing! – Ovozim butun shaharchaga eshitildi-yov.
Ptaxa ortimdan yugurishga bir shaylandi-yu, negadir yana iziga qaytdi, chamasi, Vadik meni tinch qoʻyish kerak degan qarorga kelib uni toʻxtatgan. Hiqillagancha maydonchani bir oz kuzatib turdim, u yerda oʻyin qizgʻin edi. Keyin tepalikning boshqa tomonidan aylanib, qop-qora qichitqi oʻt bilan qoplangan soylikka tushdim-da, zarang chimzor ustiga oʻzimni otdim. Alamimning zoʻridan hoʻngrab yubordim.
Oʻsha kuni bu yorugʻ olamda mendan baxtsizroq kimsa yoʻq va boʻlishi mumkin ham emasdek edi.

* * *

Ertalab oynada aksimni koʻrib, rosti, kapalagim uchib ketdi: burun oʻrnida shishgan, qoʻpol bir balo, chap koʻzimning tagi koʻkargan, chakkamda esa shilinib, quyuq qon qotib qolgan chandiq koʻzga tashlanardi. Shu ahvolda maktabga qanday boraman endi – buni hatto tasavvur ham qilolmasdim. Ammo borish kerak, nima boʻlmasin, baribir darsni qoldirolmayman. Axir, aslan burundor odamlar ham bor-ku, shularning oldida meniki uncha vahimali emas. Agar koʻzga tashlanib turadigan joyda boʻlmaganida buni birov hatto burun oʻrnida ham koʻrmasdi. Biroq shilingan, koʻkargan joylarni yashirishning iloji yoʻq – mendan soʻrovsiz shundoq koʻz-koʻz boʻlib turibdi-da, axir.
Koʻzimni kaftim bilan toʻsgancha lip etib sinfxonaga kirdim, oʻrnimga oʻtirdimu boshimni egib oldim. Aksiga olgandek, birinchi dars frantsuz tili edi. Sinf rahbari emasmi, Lidiya Mixaylovna boshqa oʻqituvchilarga nisbatan bizga koʻproq eʻtibor berar, undan hech nimani yashirib boʻlmas edi. Sinfxonaga kirib salomlashgach, oʻtirishga izn berishdan avval, goʻyo kamchiliklarimizni roʻy-rost aytmoqchidek, har birimizga sinchiklab qarab chiqish odati bor edi. Yuzimdagi tamgʻani-ku, yashirishga har qancha urinmayin, u shu zahotiyoq koʻrdi, buni bolalarning hammasi men tomonga oʻgirilganidan bildim.
– Mana, – dedi Lidiya Mixaylovna jurnalni ocharkan, – bugun oramizda yaradorlar ham bor ekan.
Bolalar kulib yuborishdi. Lidiya Mixaylovna yana menga tikilib qaradi. Uning koʻzi gʻilayroq edi va goʻyo menga emas, boshqa yoqqa boqib turgandek tuyulardi. Ammo bu vaqtga kelib biz uning qay tarafga qarayotganini durustgina farqlaydigan boʻlib qolgan edik.
– Xoʻsh, nima boʻldi? – deb soʻradi u mendan.
– Yiqilib tushdim, – dedim toʻngʻillab. Oldindan biror joʻyaliroq bahona ham toʻqib qoʻymabman-a, qarang.
– Attang, juda oʻsal tushibsan-ku. Kechami, bugun?
– Bugun. Yoʻq, kecha kechasi, qorongʻida.
– He, yiqilganmish! – deya shangʻillab qoldi bir vaqt Tishkin xursandligidan entikib. – Yettinchi sinfdagi Vadikning ishi bu. Ular pul tikib oʻynaydi. Buningiz oʻsha Vadik bilan tortishib qoldi, keyin rosa taʻzirini yedi oʻziyam. Yiqildim deydi-ya tagʻin!
Bunday chaqimchilikni aslo kutmagan edim, qotib qoldim. Jinni boʻlganmi u yoki atay qildimi? Pul tikib oʻynaydiganlarning maktabda darrov kovushini toʻgʻrilab qoʻyishlari hech gap emas, axir. Mana, senga oʻyin! Qoʻrqqanimdan miyamda hamma narsa aralash-quralash boʻlib ketdi, kallam gʻuvillay boshladi: boʻldi, bari tamom.
Hah, Tishkin-a! Bildik, qanaqa ekan bu Tishkin deganlari. Bopladi-ku. Oqqizmay-tomizmay hammasini aytdi-qoʻydi-ya, kasofat!
– Sendan, Tishkin, men boshqa narsani soʻramoqchi edim, – dedi Lidiya Mixaylovna bu gaplarga uncha hayron boʻlmagandek, oʻsha-oʻsha vazmin ohangda. – Oʻzing boshlab qolding, qani, endi doskaga marhamat, javob berishga tayyormisan? –U oʻzini yoʻqotib birdan shalpayib qolgan Tishkin doska yoniga chiqquncha kutib turdi-da, keyin menga qarab: – Sen darsdan keyin qolasan, – deb qoʻydi.
Lidiya Mixaylovna meni direktor huzuriga olib kiradi deb juda qoʻrqqan edim. Bu degani, u yerda kechajak mashmashadan tashqari, direktor ertaga maktab lineykasida oʻrtaga chiqarib, nima uchun bunday yaramas ishga qoʻl urganing¬ni aytib berishga majbur etadi. Direktorimiz Vasiliy Andreevich biror bola ayb ish qilib qoʻysa – u oyna sindirganmi, mushtlashganmi yoki hojatxonada chekkanmi, bundan qatʻi nazar, aynan shu savolni berardi: “Bunday yaramas ishga seni nima majbur etdi?” Vasiliy Andreevich qoʻllarini koʻkragida chalishtirgancha gavdasini gʻoz tutib, katta-katta qadamlar bilan tizilishib turgan oʻquvchilar oldida u yoqdan-bu yoqqa borib-kelarkan, egnidagi tugmalari qadalgan qappayma qora frenchi undan oldinroq harakatlanayotgandek tuyulardi. “Javob ber, xoʻsh, kutyapmiz. Qara, butun maktab kutyapti, bizga aytadigan gaping bordir?” deya qistovga olardi u. Gunohkor oʻzini oqlamoq uchun bir nima deb gʻoʻldiray boshlasa, direktor uning gapini shartta boʻlib qoʻyardi: “Sen savolga javob ber, ha, savolga. Qanday savol berildi?” “Meni nima majbur qildimi?” “Xuddi shunday: nima majbur etdi? Gapir, qulogʻimiz senda”.
Xullas, bu singari mashmashalar koʻpincha yigʻi-sigʻi bilan tugar, shundagina direktorning koʻngli joyiga tushar va hamma sinf-sinfiga tarqalar edi. Yuqori sinf oʻquvchilariga kelganda vaziyat qiyinroq kechardi. Ular uncha-munchaga yigʻlamasdi-yu, ammo Vasiliy Andreevichning savoliga ham javob bermay bezrayib turaverardi.
Bir gal hatto birinchi soat darsimiz oʻn daqiqacha kechikib boshlangan, chunki direktor toʻqqizinchi sinf oʻquvchisini uzundan-uzoq soʻroq qilib, tayin¬li bir gap ololmagach, oxiri uni xonasiga olib kirib ketgan edi.
Men endi nima deyman unga? Undan koʻra darrovgina pattamni qoʻlimga tutqazganlari yaxshi. Bu haqda oʻylarkanman, ana shunda uyga ketsam ham boʻladi, degan fikr miyamda yarq etdi. Ammo shu zahotiyoq boshimdan qaynoq suv quyilgandek boʻldi: yoʻgʻ-e, uyga bunday sharmanda boʻlib borgandan koʻra… Oʻqishni oʻzim tashlab ketsam-ku boshqa gap edi. Shunda ham meni boʻshang bola ekan-da, koʻzlagan niyatiga erisholmabdi, deyishlari turgan gap. Maktabda esa, ana keyin koʻrasiz ahvolni, hamma mendan oʻzini tortib yuradigan boʻladi. Yoʻq, bunisi menga toʻgʻri kelmaydi. Bu yerda-ku, xoʻp, chidarman, koʻnikarman, biroq shu ahvolda uyga borishim aslo mumkin emas.
Darsdan keyin yoʻlakda yurak hovuchlab Lidiya Mixaylovnani kutdim. U oʻqituvchilar xonasidan chiqib, bosh qimtib, sinfga kir, deya imo qildi. Lidiya Mixaylovna odatdagidek oʻz joyiga oʻtirdi. Men esa iloji boricha undan nariroq – uchinchi partaga oʻrnashmoqchi boʻlib turgan edim, muallima naqd peshonasi – birinchi partani koʻrsatdi, oʻtirishim bilan:
– Pulga oʻynarkansan, shu rostmi? – dedi. Uning ovozi baralla yangrab ketdi. Axir, bu haqda maktabda juda sekin, shivirlab gapirish kerak-ku? Meni battar vahima bosdi.
Inkor qilishdan hech bir maʻni yoʻq edi, negaki Tishkin ipidan-ignasigacha sotib boʻlgan.
– Ha, rost, – dedim boʻynimni egib.
– Xoʻsh, qalay boʻlyapti – yutyapsanmi yoki yutqazyapsanmi?
Nima deyishni bilmay chaynalib qoldim.
– Qani, bor gapni bir boshdan aytib ber-chi. Hoynahoy, koʻproq yutqazsang kerak, a?
– Yu…yutaman.
– Tuzuk, harqalay yutarkansan-ku. Xoʻsh, pulni nima qilasan keyin?
Maktabga endi kelgan vaqtlarim anchagacha Lidiya Mixaylovnaning ovoziga koʻnikolmay yurdim, uni eshitdim deguncha dovdirab qolardim. Bizda – qishloqda nafasni ich-ichiga tortib gapiriladi, shuning uchun ham ovoz baralla chiqadi. Lidiya Mixaylovnaning tovushi esa qandaydir mayin, buning ustiga, juda boʻgʻiqmi-ey, astoydil quloq tutmasangiz eshitish ham mahol. Ammo bu hol uning darmonsizligi yoki nozikligidan deb boʻlmasdi. Negaki, u baʻzida gʻoyat berilib gapirar, oʻshanda ovozi ham jaranglab chiqar edi. Menga u goʻyo ovozini baralla qoʻyib yubormay, ataydan ayayotgandek tuyulardi. Men bor kuchimni frantsuz tilini oʻrganishga sarflamoqqa ham tayyor edim; albatta, begona bir tilga moslashguncha ovozim qafasdagi qushning tovushidek zaiflashib, goho boʻgʻilib ham qolardi. Keyin yana avvalgi holiga qaytishini, tiklanishini kutishga toʻgʻri kelardi. Ayni tobda Lidiya Mixaylovna menga savol bergan boʻlsa-da, oʻzi boshqa muhim bir narsa haqida oʻylab oʻtirganga oʻxshardi. Shunday boʻlsa ham uning savoliga javob berishdan boʻyin tovlashning hech iloji yoʻq edi.
– Xoʻsh, gapirsang-chi, yutib olgan pulingni nima qilasan? Konfet olib yeysanmi? Yoki kitobmi? Yo biror nima sotib olish uchun yigʻyapsanmi? Ehtimol, ancha-muncha yigʻib ham qoʻygandirsan?
– Yoʻq, koʻp emas, atigi bir soʻmgina yutaman.
– Keyin oʻynamaysanmi?
– Yoʻq.
– Bir soʻmgina-ya? Nega bir soʻm? Uni nima qilasan?
– Sut olaman.
– Sut?
Aqlli, ozoda-orasta, har tomonlama toʻkis, kiyim-boshi ham oʻziga yarashgan, latofat bobida barkamol (men buni sal-pal his qilardim) Lidiya Mixaylovna roʻparamda oʻtiribdi. Undan taralayotgan xushboʻy atir isini uning nafasi deb tuyardim, qolaversa, u qandaydir arifmetika yoki tarix oʻqituvchisi emas, sirli-sehrli frantsuz tili muallimasi edi. Axir, frantsuz tilining oʻzi allaqanday ertaknamo til, uning boʻlakcha bir tarovati borki, buni hamma ham mendek his etavermasa kerak. Koʻzlariga qarashga jurʻat qilolmaganimdek, muallimamni aldashga ham botinolmasdim. Umuman olganda, yolgʻon gapirib nima qildim?
Lidiya Mixaylovna jimgina oʻtirib, meni boshdan-oyoq kuzatardi va men uning sinchkov nigohi qarshisida barcha koʻrgiliklarim, bemaʻniliklarim yanada boʻrtib, fosh boʻlib turganini butun borligʻim bilan sezardim. Ahvolim tomoshaga arzigulik edi: Lidiya Mixaylovnaning roʻparasida nimjon, yovvoyisifat, aft-angori dabdala bir bola tirishibgina oʻtiribdi. Ota-ona bagʻrida emas, qarovsiz bir notavon ekani ayon koʻrinib turibdi – palapartish kiyingan, egnida yuvilaverganidan yelkalari osilib tushgan, gavdasiga loyiqdek koʻrinsa-da, yengi tirsagiga kelib qolgan eski kamzul, otasining galifesidan kichraytirib tikilgan kirchil och yashil tusli, kechagi mushtlashuvdan qon izi qolgan, dogʻ-dugʻ chalvor, ustiga-ustak, pochasi choriqqa tiqib qoʻyilgan. Lidiya Mixaylovna poyabzalimga achinib qarashini avvaldan sezib yurardim. Butun sinf boʻyicha birgina men shunaqa choriq kiyardim. Keyingi yil kuzda bu oyoq kiyimda maktabga bormayman, deb oyoq tirab turib olganimdan soʻng onam bor-yoʻq boyligimiz hisoblangan tikuv moshinasini sotib, menga kirza etik olib berdi.
– Baribir ham pul tikib oʻynash yaxshi emas, – dedi oʻychanlik bilan Lidiya Mixaylovna. – Boshqa bir yoʻlini topsang boʻlardi-ku, toʻgʻrimi?
Ishning bu tarzda oson koʻchganiga ishonib-ishonmay, oʻylab ham oʻtirmay vaʻda berib yubordim:
– Topsa boʻladi.
Rosti, bu gapni yurak-yurakdan aytgan edim. Ammo doim ham bergan vaʻdamizning ustidan chiqolmaymiz-ku, shunday ekan, qoʻlimizdan nima ham kelardi!
Toʻgʻrisini aytishim kerakki, oʻsha kunlar juda qiyin ahvolda edim. Kuz yogʻin-sochinsiz kelgani uchun kolxozimiz gʻalla topshirish rejasini erta bajargan va Vanya amaki endi kelmay qoʻygan edi. Uyda onam meni oʻylab oʻzini qoʻyarga joy topolmay oʻtirganini bilardim, ammo bundan menga biror naf boʻlsa ekan. Vanya amaki oxirgi marta kelganida tashlab ketgan bir xalta kartoshka shunchalik tez tugab qoldiki, nima balo, mol yeb qoʻydimi, deysiz. Yaxshiyamki, kallam ishlab, vaqtida hovlidagi tashlandiq omborga ozroq yashirib qoʻyganim, mana, hozir kunimga shu yarab turibdi. Maktabdan qaytgach, xuddi oʻgʻri mushukdek omborga lip etib kiramanu uch-toʻrtta kartoshkani choʻntagimga tiqib, koʻcha adogʻidagi tepalikka qarab chopaman. U yerda hech kimning koʻzi tushmaydigan xilvatroq biror joyni topib olov yoqaman. Qornim doim och boʻlganidan hatto uxlab yotganimda ham titrab-qaqshab, oshqozonim guldirayotganini sezar edim.
Yana biror oʻyinchi bolalar guruhini uchratib qolarman degan umidda qoʻshni mahallalarni sezdirmaygina kuzata boshladim; xarobazorlarni kezardim, tepaliklarga qarab ketayotgan bolalarning orqasidan borardim. Hammasi bekor, mavsum oxirlagan edi. Tez orada oktyabrning izgʻirinli shamoli ham boshlandi. Faqat oʻzimizning maydonchagina avvalgidek gavjum edi. Men yaqin-atrofda oʻralashib yurar, quyosh nurida “shayba”ning yaltirab koʻzga tashlanishini, Vadikning qoʻllarini silkitib oʻyinboshilik qilishini, “gʻazna” boshida uymalashib turgan tanish qiyofalarni kuzatar edim.
Oxir-oqibat chidayolmay bir kuni ularning oldiga tushib bordim. Yana tahqirlanishimni bilardim, ammo kaltak yeb haydalganim va bunga indamay ketaverish menga koʻproq alam qilardi. Borsam, Vadik bilan Ptaxa qanday munosabatda boʻladi, men oʻzimni tutib tura olamanmi – ana shu oʻy hozir menga tinch¬lik bermasdi. Ochigʻi, meni bu yerga ochlik yetaklab kelgan edi. Menga bir soʻmgina kerak edi – sutga emas, endi nonga. Non sotib olish uchun shundan boshqa hech bir choram qolmagan edi.
Tabiiyki, borishim bilan oʻyin toʻxtadi, hamma menga qaradi. Ptaxa boshiga quloqlari qayirmali shapka kiygan, yengi kalta katak-katak koʻylagini shimidan chiqarib olgan edi. Uning engil-boshi quyib qoʻygandek oʻziga mos, oʻzidek begʻam, oʻzidek dadil koʻrinardi. Vadik bejirimgina, shir-shir zanjirli qalin kurtkada kekkayib turardi. Bir chekkada palto va paxtaliklar toʻp boʻlib uyulib yotar, ularning ustida besh-olti yashar bir bolakay shamoldan junjikib oʻtirar edi.
Birinchi boʻlib meni Ptaxa qarshi oldi:
– Nimaga kelding? Yo kaltakni sogʻinib qoldingmi?
– Oʻynagani keldim, – deya iloji boricha bosiqlik bilan javob qaytardim, Vadikka koʻz qirimni tashlarkanman.
– Nega endi biz bilan oʻynarkansiz? – dedi Ptaxa shaloq soʻkinib. – Kim aytdi buni sizga?
– Hech kim…
– Xoʻsh, Vadik, hoziroq taʻzirini berib qoʻyamizmi yoki ozroq kutamizmi?
– Nega bunga yopishib olding, Ptaxa? – dedi Vadik koʻzlarini qisinqirab menga boqarkan. – Oʻynagani kelibdi, bildingmi? Balki bu senu mendan oʻn soʻmdan yutib olmoqchi boʻlib kelgandir…
– Koshki oʻn soʻmingiz boʻlsa sizning! – dedim men ham tap tortmay.
– Voy-voy, kerak boʻlsa, pulimiz undan ham koʻp – sen hatto tushingda ham koʻrmagansan! Koʻp vaysamagin-da, Ptaxaning jahli qoʻzgʻamay boringni tika qol. Bilasan, u juda qiziqqon.
– Bir tushiraymi, Vadik?
– Qoʻy, mayli, oʻynay qolsin. – Vadik bolalarga koʻz qisib qoʻydi. – Oʻyinni qiyib qoʻyadi-ku, biz buning tirnogʻigayam arzimaymiz, shundaymi?
Men ham endi ancha-munchasini bilib qolgan emasmanmi, Vadikning bu himmati sababini anglab turardim. Aftidan, bir xil, zerikarli oʻyin joniga tekkan, shu bois ham asablarini qitiqlash va chinakam lazzat tuyish uchungina u meni safga qoʻshmoqchi edi. Lekin Vadikning izzat-nafsiga tegishim bilanoq yana koʻradiganimni koʻraman. U nimaga tirgʻalishni biladi, boz ustiga, yonidagi Ptaxa ham uni gij-gijlab turadi.
Men iloji boricha ehtiyotkorlik bilan oʻynashga, “gʻazna”ga koʻz olaytirmaslikka qaror qildim. Boshqa bolalar kabi bexosdan tanga toʻpiga tegib ketmay deb “shayba”ni sekin aylantirardim. Tangalarni ham astagina bir-bir urib chiqardim. Orqamdan Ptaxa kelib qolmasmikan, deya alanglab jonim halak edi. Oʻyinga qayta qoʻshilgan dastlabki kunlarim men bir soʻm yutishga atay harakat qilmadim. Menga yigirma-oʻttiz tiyin ham kifoya edi, bir boʻlak nonga yetsa boʻlgani, shunisiga ham shukrlar qilar, shunisiga ham jon der edim.
Ammo ertami-kechmi roʻy berishidan qoʻrqib yurganim, baribir, roʻy berdi. Oʻyinga qoʻshilganimning toʻrtinchi kuni bir soʻm yutib olgach, ketaman deb turganimda yana doʻpposlab qolishsa boʻladimi! Toʻgʻri, bu gal osonroq qutuldim, biroq asorati qoldi: labim shishib, osilib ketdi. Maktabda uni tishlab yurishga toʻgʻri kelardi. Lekin yashirishga har qancha urinmayin, Lidiya Mixaylovna razm soliboq sezdi. U meni atay doskaga chiqarib, frantsuz tilida matn oʻqitdi. Labim oʻn karra sogʻ boʻlganida ham uni oʻxshatib oʻqiy olmasligim ayon-ku. Shunday ekan, matnni qanday oʻqiganimni aytmoqqa hojat bormikan?
– Bas, boʻldi-etar! – dedi kapalagi uchgan Lidiya Mixaylovna xuddi ins-jinsni quvlagandek menga qoʻl siltab. – Bu nima degan gap, axir? Sen bilan alohida shugʻullanmasam boʻlmaydi, shekilli…

* * *

Shu tariqa men uchun mushkul, azobli kunlar boshlandi. Lidiya Mixaylovna bilan yolgʻiz qolib, talaffuziga til kelishmaydigan, faqat jazo uchunginami oʻylab topilgan soʻzlarni uning ortidan takrorlaydigan fursatni ertalabdan hadik-la kutadigan boʻldim. Uchta unlini bittagina choʻziq tovushga birlashtirishning nima keragi bor oʻzi? Masalan, “veaisoir” (koʻp) soʻzidagi “o” harfini talaffuz qilguncha kishining joni hiqildogʻiga keladi. E, bu odamni tahqirlash emasmi? Tovushni burun orqali allambalo qilib chiyillabmi-ey talaffuz etish shartmikan? Axir, burun insonga boshqa narsa uchun kerak-ku! Har narsaning ham chek-chegarasi bor-da! Men terlab, boʻgʻriqib ketardim, Lidiya Mixaylovna esa hech ayamay, tin ham bermay shoʻrlik tilimni qavartirgani qavartirgan. Nega endi faqat meni? Maktabda frantsuz tilini menchalik ham bilmaydigan bolalar qancha! Biroq ular bemalol, yallo qilib yuribdi. Men esa xuddi qargʻish tekkandek, boshqalar uchun ham bir oʻzim azob tortib oʻtiribman.
Bunisi hali holva ekan. Bir kuni Lidiya Mixaylovna ikkinchi smena dars¬lari boshlanguncha vaqtimiz juda kam, shuning uchun endi kechqurunlari uyimga kelasan, deb qolsa boʻladimi! U maktab yonidagi oʻqituvchilarga ajratilgan uyda yashar edi. Bu uyning qolgan kattaroq qismida maktab direktorining oʻzi turardi.
Lidiya Mixaylovnaning uyiga boʻynimdan sudragandek zoʻrgʻa borardim. Shundogʻam boʻlar-boʻlmas narsaga oʻzini yoʻqotib qoʻyadigan, tortinchoq bola emasmanmi, avval-boshda oʻqituvchimning toza-ozoda uyiga qadam bosganimda goʻyo jonim tanamni tark etar, nafas olishga ham qoʻrqardim. Menga yechin, xonaga kir, deb birma-bir aytib turish kerak edi. U meni hatto oʻzi oʻtqizib qoʻyishi va gapni ham ichimdan sugʻirib olishi darkor. Bu urinishlarning ham frantsuz tilini puxtaroq oʻrganishimga hech nafi boʻlmadi. Ammo shunisi ajablanarliki, oʻqituvchimning uyida biz maktabdagidan (goʻyoki u yerda ikkinchi smena xalaqit berardi) koʻra kamroq dars qilardik. Yana deng, Lidiya Mixaylovna uyida kuymanib yurarkan, meni har xil savolga tutar yoki oʻzi haqida gapirib berar edi. Aytishicha, maktabda u ham menga oʻxshab frantsuz tilini yaxshi oʻzlashtirolmagan, keyin qasdma-qasdiga aynan shu sohani tanlab, oʻzining hech kimdan kam emasligini koʻrsatib qoʻymoqchi boʻlgan. Albatta, bu gaplarni Lidiya Mixaylovna men uchungina oʻylab topgan edi, bunga aqlim yetib turardi.
Xona burchagiga biqingancha uning soʻzlarini tinglarkanman, qachon meni qoʻyib yuborarkan, deya toqatim toq boʻlib kutardim. Xonada kitob juda koʻp edi, deraza tagidagi tumbochkada oʻsha vaqtlarda gʻoyat noyob sanalgan, men uchun esa naqd moʻjizaning oʻzi – kattakon, bejirim radiopriyomnik turardi. Lidiya Mixaylovna unga plastinka qoʻyar va biyron bir kishi frantsuz tili sabogʻini boshlar, xohlaymanmi-yoʻqmi, buni tinglamoqqa majbur edim. Oʻqituvchim odmigina xonaki koʻylakda, oyogʻida yumshoq kigiz payabzal, xonada u yoqdan-bu yoqqa borib kelardi. U menga yaqinlashgudek boʻlsa, bir sapchib tushardimu yana serrayib qolardim. Lidiya Mixaylovnaning uyida oʻtirganimga hali ham ishonolmas, bu yerdagi hamma narsa men uchun kutilmagan va hayratomuz tuyular edi. Hatto uyning oʻzgacha bir ifori bor ediki, umrim bino boʻlib bunday hidni tuymagan edim. Men bu hayotni bamisoli chetdan kuzatar va oʻzimdan, nochoru nochor ahvolimdan uyalib tor kamzulimga battar oʻralib olar edim.
Menimcha, oʻsha kezlar Lidiya Mixaylovna yigirma besh yoshlar atrofida edi. Uning xushroʻy va shu boismi suratdek jonsizroq tuyuladigan chehrasini, gʻilayini bilintirmaslik uchun salgina qisilib turadigan koʻzlarini, kamdan-kam hollardagini paydo boʻladigan nimtabassumini, kalta kesilgan qop-qora sochlarini yaxshi eslayman. Ammo shunga qaramay, uning yuzida (men ke¬yinchalik koʻp bor kuzatgan) oʻqituvchilik kasbiga xos, hatto ularning tabiatan mayin va koʻngilchanlarida ham koʻzga tashlanadigan sovuq bir qatʻiyatdan asar ham yoʻq edi. Lidiya Mixaylovnaning qiyofasida allanechuk xavotir, mugʻombirona bir hayrat ham bor ediki, goʻyo oʻziga oʻzi “qiziq, men bu yerga qanday kelib qoldim, nima qilib yuribman oʻzi” deyayotgandek tuyulardi. Endigi taxminimcha, oʻsha vaqt¬da u bir marta erga tegib chiqqan edi. Ovozidan, yengil, lekin qatʻiyat bilan erkin qadam tashlashlari, umuman, oʻzini tutishidan uning ancha tajribali ekani sezilib turardi. Bundan tashqari, men doim frantsuz yoki ispan tilini oʻrganadigan qizlar oʻz tengdoshlari, deylik, rus yoki nemis tilini oʻrganadiganlariga nisbatan ancha ilgari voyaga yetadi, deb oʻylardim.
Mashgʻulotni tugatganimizdan keyin Lidiya Mixaylovna meni ovqatlanishga taklif qilganida qanchalik oʻzimni yoʻqotib, dovdirab qolganimni hozir eslasam, uyalib ketaman. Ochlikdan qornim tatalab ketayotgan boʻlsa-da, bunday vaqtda ishtaham gʻippa boʻgʻilardi-qolardi. Lidiya Mixaylovna bilan bir dasturxonda oʻtirish! Yoʻq, aslo! Undan koʻra ertagacha frantsuz tilini boshdan-oyoq yodlab chiqqanim yaxshi, qaytib shu uyga kelmasam boʻlgani. Mabodo u bilan ovqatlangan taqdirimda ham non boʻlagi tomogʻimga tiqilib qolardi, bu aniq. Shu vaqtgacha men Lidiya Mixaylovna ham bizga oʻxshab oddiy taomlardan tanovul qiladi deb oʻylamas ekanman. Menga u boshqalarga oʻxshamaydigan, shu qadar hayratomuz odam boʻlib tuyulardiki, uning ovqat yeyishini tasavvur ham qilolmasdim.
Men sapchib turib, qornim toʻq, yemayman, deya gʻoʻldiragancha koʻcha eshik tomon tisarildim. Lidiya Mixaylovna ajablanib, ranjigandek tikilib qoldi, ammo hozir meni zoʻrlik bilan ham toʻxtatib boʻlmasdi. Orqa-oldimga qaramay yugurib chiqib ketdim. Bu hol bir necha bor takrorlangandan soʻng hafsalasi pir boʻlgan Lidiya Mixaylovna ortiq meni dasturxonga taklif qilmay qoʻydi. Nihoyat, erkin nafas ola boshladim.
Bir kuni pastki qavatdagi yechinish xonasida bir kishi menga nimadir qoldirib ketganini aytishdi. Albatta, kolxozimiz haydovchisi Vanya amaki-da, boshqa kim ham boʻlardi! Uyda hech kim yoʻq, eshiklar qulf, mening maktabdan qaytishimni kutishga vaqti boʻlmagani uchun hoynahoy shu yerga tashlab ketgandir. Dars tugaguncha zoʻrgʻa chidab oʻtirdim-u, keyin pastga qarab chopdim. Maktab farroshi Vera xola burchakda turgan, odatda pochta orqali joʻnatiladigan salmoqligina oq faner qutiga ishora qildi. Hayron boʻldim: nega qutiga solingan, onam yegulikni oddiy xaltachada yuborar edi-ku? Balki bu menga emasdir? Ammo qutining ustiga mening ismi sharifim va oʻqiydigan sinfim yozilgan ekan. Chamasi, birovga adashib ketmasin, deya buni Vanya amaki shu yerda oʻtirib yozgan. Nega endi onam qoʻqqisdan oziq-ovqatni bunaqa qutida yuboradigan boʻlib qoldi ekan? Qarang-a, madaniyatli boʻlib ketibmiz-da!
Ichida nimasi borligini bilmay turib uni uyga olib ketishga sabrim yetarmidi! Kartoshka emasligini aniq sezib turibman. Nonmi desam – quti kichkinalik qiladi, buning ustiga nonni qutiga solishga balo bormi? Qolaversa, onam yaqindagina yuborgan edi, hali yeb tugatganimcha yoʻq. U holda bu nima ekan? Shu yerning oʻzida, maktabdayoq zina ostiga tushib – u yerda bolta borligini oldindan bilardim – qutini ochdim. Bu yer qorongʻi edi, chiqib atrofga oʻgʻrincha alangladimu qoʻlimdagi qutini yaqinroq tokchaga olib bordim.
Ochdimu angrayib qoldim – oq qogʻozga oʻralgan makaron. Qoyil-e! Bir tekis terilgan sariq makaron yorugʻda koʻzimga yarq etib tashlandi, hozir bundan ortiq boylik yoʻq edi menga. Ha, endi tushundim nima uchun onam buni qutida yuborganini: maydalanib, sinib ketmasin, beshikast yetib borsin degan-da. Sekingina bir donasini sugʻurib oldim, ichiga puflab koʻrdim va ogʻzimdan soʻlagim kelib shartta qisirlatib chaynay boshladim. Keyin ikkinchi, uchinchisini chaynar ekanman, qutini qayerga yashirishni oʻylardim. Axir, makaronni bekamning tashlandiq omboridagi ochofat kalamushlarga yem qilib qoʻyolmayman-da. Nima, onam oxirgi pulini sarflab ular uchun sotib olibdimi buni? Yoʻq, makaronni har joyga tashlab qoʻyib boʻlmaydi. Bu qandaydir hemiri kartoshka emas, axir!
Birdaniga tomogʻimga nimadir tiqilib qoldi. Makaron… Rostdan ham onam qayerdan oldi ekan buni? Qishlogʻimizda makaron degani umuman boʻlmagan, boʻlganida ham bunaqa narsani u yerda sotib olib boʻpsiz! U holda buni qanday tushunish kerak? Shosha-pisha, qiziqish bilan va shuning barobarida nimagadir umid ham qilib makaron oʻralgan qogʻozni koʻtarib qaradim, tagidan bir necha chaqmoq yirik-yirik oqqand va ikki boʻlak gemotogen chiqsa deng! Bundan maʻlum boʻladiki, qutini onam yubormagan. Unda kim ekan-a? Qopqoqni qayta koʻzdan kechirdim: oʻzimning ismi sharifim, sinfim yozilgan, demak, menga atalgan. Ammo gʻalati-da, juda ham gʻalati.
Men qutini qayta mixlab deraza tokchasida qoldirdim-da, oʻzim ikkinchi qavatga chiqdim. Oʻqituvchilar xonasini qarasam, Lidiya Mixaylovna ketib qolgan ekan. Hechqisi yoʻq, topamiz, qayerda yashashini bilamiz-ku, borganmiz uyiga. Ha, hali shunaqami: dasturxonga oʻtirishga unamadingmi – uyingda bemalol yeysan debsiz-da! Lekin bunaqasi ketmaydi. Boshqa hech kimdan gumonim ham yoʻq-da. Onam emasligi kunday ravshan: chunki u bu tansiq narsalar qayerdan, qanday kelganini albatta yozib quti ichiga solib yuborgan boʻlardi.
Men qoʻlimda quti bilan yonlab eshikdan kirib borganimda, Lidiya Mixaylovna oʻzini hech gapdan xabari yoʻqdek tutdi. Roʻparasida polda turgan qutiga qarab, hayron boʻlgan kabi:
– Bu nima? Nimani koʻtarib yuribsan? Nega bu yerga olib kelding? – deb soʻradi.
– Bu sizning ishingiz, – dedim ovozim titrab, boʻgʻilib.
– Nima qipman men? Nima deyapsan oʻzi?
– Maktabga buni siz yuborgansiz. Bilaman, siz qilgansiz bu ishni.
Lidiya Mixaylovnaning qizarib ketganini, xijolat tortayotganini sezdim. Oʻshanda bir martagina qoʻrqmay uning koʻziga tik qaragan boʻlsam kerak. U oʻqituvchimmi yoki xolavachchammi, shu tobda buning sariq chaqalik ahamiyati yoʻq edi menga. Hozir u emas, men savol berardim, yana deng frantsuz tilida emas, hech qanday artikl-partiklsiz rus tilida. Qani, bir javob bersin-chi.
– Nega mendan koʻryapsan buni?
– Negaki, bizning qishloqda makaron-pakaron yoʻq. Gematogenni-ku gapirmasa ham boʻladi.
– Rostdanmi? Hecham boʻlmaydimi?! – U shunchalik tong qoldiki, beixtiyor oʻzini fosh etib qoʻydi.
– Hecham boʻlmaydi. Bilib qilish kerak edi bu ishni.
Lidiya Mixaylovna birdan kulib yubordi. Meni quchmoqchi boʻlgan edi, oʻzimni chetga tortdim.
– Ha, toʻgʻri aytasan, bilish kerak ekan. Shunisini oʻylamabman-a, qara… – U xayol surib qoldi. – Ammo buni men qaydan bilay, shaharlik boʻlsam, axir! Bizda bunaqa narsalar yoʻq, deysanmi? Xoʻsh, ayt-chi, sizlarda nimalar boʻladi oʻzi?
– Noʻxat boʻladi. Sholgʻom.
– Noʻxat… sholgʻom… Bizda, Kubanda esa asosan olma. Eh-he, hozir ayni gʻarq pishgan payti! Men oʻzi Kubanga ketmoqchi edim, nima boʻlib bu yoqlarga kelib qolganman-da. – Lidiya Mixaylovna uh tortib qoʻydi. – Koʻp jahling chiqavermasin endi. Bilsang, seni ranjitish niyatim yoʻq edi, sirayam. Shu savil makaronni deb chuv tushishim tushimga kiribdimi? Mayli, endi oʻylab ish qilaman. Buni esa olaqolgin…
– Olmayman, – dedim qoʻrslik bilan.
– Nega bunday oʻjarsan-a? Ochin-toʻqin yurganingni bilaman-ku. Men yolgʻizman, pulim bor, yetarli. Xohlagan narsamni sotib olaveraman, keyin – yolgʻiz oʻzimga axir… Yana bilsang, kamxoʻrroqman, semirib ketishdan qoʻrqaman-da.
– Men hecham och yurganim yoʻq.
– Kel, men bilan tortishma, hammasini bilaman. Bekang bilan gaplashgan edim. Makaronni eltib qaynatsang, totligina bir nima pishirib yesang, buning nimasi yomon, xoʻsh? Umrimda bir martagina senga gʻamxoʻrlik qilsam qilibman-da. Soʻz beraman, qaytib senga hech narsa yubormayman. Buni esa ol, iltimos. Yaxshi oʻqish uchun toʻyib ovqatlanishing kerak. Maktabda balogayam aqli yetmaydigan va ehtimol, shundayligicha oʻtib ketadigan takasaltanglar qancha, axir! Sen esa iqtidorli bolasan, oʻqishni tashlamasliging kerak.
Uning ovozidan butun vujudim boʻshashib ketayotganini sezdim – u meni bu narsalarni olishga koʻndirishidan qoʻrqardim. Lidiya Mixaylovna haq gapni aytayotganini anglab tursam-da, uni baribir hazm qilgim kelmayotgani uchun ham figʻonim oshardi. Bosh chayqay-chayqay bir balolarni gʻoʻldiragancha yugurib xonadan chiqib ketdim.

* * *

Shu gaplardan keyin ham biz mashgʻulotlarimizni toʻxtatmadik, men hamon Lidiya Mixaylovnanikiga qatnardim. Aftidan, menga til oʻrgatishga u endi astoydil kirishgan edi. Frantsuz tili boʻlsa – frantsuz tili-da, dedi shekilli. Natijasi ham tezda koʻrinib qoldi: bora-bora frantsuzcha soʻzlarni xiyla durust talaffuz qila boshladim, endi ular ogʻir toshdek oyogʻimdan pastga tort¬mas, aksincha, jaranglab qayerlargadir qanot qoqib uchardi goʻyo.
– Yaxshi, – deya meni ruhlantirib qoʻyardi Lidiya Mixaylovna. – Bu chorak beshga tortmaydi-yu, ammo keyingisida albatta besh boʻladi.
Anavi quti haqida qaytib gap boʻlmadi. Biroq men har ehtimolga qarshi sergak edim: Lidiya Mixaylovna yana bir nimalarni oʻylab topmaydi deb boʻlarmidi? Oʻzimdan misol: agar biror ishning hech uddasidan chiqavermasam, bor eʻtiborimni oʻshanga qarataman, shunchaki befarq tashlab qoʻyolmayman. Lidiya Mixaylovna meni mudom allaqanday umidvorlik bilan kuzatib turgandek tuyu¬lar, ayni chogʻda odamoviligimdan kulayotganga ham oʻxshar edi – bundan battar jahlim chiqardi. Ammo, taajjubki, bu hol oʻzimni dadilroq tutishimga yordam berardi. Men endi bu yerda qadam bosishga ham iymanib turadigan avvalgi yuvosh, notavon bola emas edim. Asta-sekin Lidiya Mixaylovnaga, uning uyiga ham koʻnika boshladim. Albatta, hanuz sal-pal tortinar, burchakka biqinib oʻtirar, chorigʻimni stul tagiga berkitishga urinar edim. Lekin endi oʻzimni xiyla erkinroq tutar, ruhiy tushkunligim ham bosilgan, hatto Lidiya Mixaylovnaga savollar berar va u bilan bahslashar ham edim.
U meni dasturxonga oʻtqazishga yana bir bor urinib koʻrdi – foydasi boʻlmadi. Men hech boʻyin bermas, oʻjarlikda oʻntasidan oʻtar edim.
Biz endi uydagi mashgʻulotlarni toʻxtatsak ham boʻlardi. Asosiysi, men frantsuzchani oʻzlashtirdim, tilim ham ancha-muncha kelishib qoldi. Maktabdagi mash¬gʻulotlar orqali bilimimni mukammallashtirib boraverishim mumkin, oldinda hali necha yil bor! Hammasini birdaniga boshdan-oxir oʻrganib olsam, keyin nima ish qilaman? Ammo buni Lidiya Mixaylovnaga aytishga jurʻatim yetmasdi. U biz hali shugʻullanishimiz kerak deb hisoblar, shunga koʻra frantsuz tilini oʻrganishdek mashaqqatli yumushni yana-tagʻin davom ettirishga majbur edim. Darvoqe, shuyam mashaqqat ekanmi? Menda oʻzim ham sezmagan, kutmagan holda tilga nisbatan havas uygʻongan edi. Boʻsh qoldim deguncha, hech kimning qistovisiz ham lugʻat titkilar, darslikdagi hali oʻtilmagan matnlarga koʻz yugurtirib oʻtirar edim. Jazo men uchun endi huzur-halovatga aylandi, desam ham boʻlardi. Ammo oʻr-oʻjarligim haliyam qolmagan edi: erisholmagan boʻlsam – albatta erishaman, aminmanki, shu tilni mukammal egallayman. Nima, mening zuvalam boshqa loydan qorilgan ekanmi? Lidiya Mixaylovnanikiga borishga toʻgʻri kelmaganda-ku… Oʻzim, ha, oʻzim ham…
Bir kuni – makaron voqeasidan ikki haftalar oʻtib Lidiya Mixaylovna mendan:
– Xoʻsh, endi pulga oʻynamayapsanmi? Yoki haliyam biror xilvatda yigʻilib olib oʻynab turasizlarmi? – deya soʻrab qoldi kulib.
– Hozir oʻynab boʻlarkanmi?! – dedim taajjub aralash deraza tarafga – oppoq qorga ishora qilib.
– Oʻzi qanaqa oʻyin edi shu? Qanaqa oʻynaladi, a?
– Nima qilasiz? – dedim hushyor tortib.
– Qiziq-da. Bir vaqtlar bolaligimizda biz ham shunga oʻxshash bir oʻyin oʻynar edik. Oʻsha emasmikan, shuni bilmoqchiman. Ayt, aytib beraqol.
Gapirib berdim, ammo Vadik, Ptaxa haqida, keyin oʻzimning oʻyinda ishlatadigan mayda hiylalarim toʻgʻrisida ogʻiz ochmadim, albatta.
– Yoʻq, biz “pristenok” oʻynardik, – dedi Lidiya Mixaylovna bosh chayqab. – Shunday oʻyinni bilasanmi?
– Bilmayman.
– Mana, qara. – U yengilgina oʻrnidan turdi-da, sumkasidan bir nechta tanga oldi. Keyin devor tagidagi stulni nari surdi. – Yaqinroq kel, qara, men tangani devorga otaman, – deya qoʻlidagini sekin irgʻitdi, tanga jaranglab aylanib polga tushdi. – Endi esa sen urasan, – dedi Lidiya Mixaylovna ikkinchi tangani qoʻlimga tutqazib. – Ammo shunisiga eʻtibor qilginki, tangang iloji boricha menikiga yaqin joyga tushsin. Orasini bir qoʻllab oʻlchash ham, ularni olish ham mumkin boʻlsin. Oʻyinning yana bir nomi: oʻlchov-oʻlchov. Yetkaza olsang – yutganing. Qani, ot-chi endi.
Otdim, tanga qirrasi bilan polga tushib burchakka yumalab ketdi.
– Oʻhoʻ-oʻ! – dedi Lidiya Mixaylovna qoʻl siltab. – Uzoqqa tushdi. Qani, sen boshla-chi. Yodingda boʻlsin, mening tangam senikiga tegsa, hatto qirrasi tegib ketsa ham – men ikki karra yutgan boʻlaman. Tushunyapsanmi?
– Nimasini tushunmay?
– Oʻynaymizmi?
Men quloqlarimga ishonolmasdim:
– Nima, siz bilan oʻynaymanmi?
– Nima qipti?
– Siz – oʻqituvchisiz-ku!
– Iya, nima boʻpti? Nima, oʻqituvchi boshqacha odammi? Bilsang, oʻqituvchi boʻlish, oʻqitish, faqat oʻqitaverish baʻzan jonga ham tegib ketadi. Bunday qilish mumkin, unday qilish mumkin emas, deb hammavaqt oʻzingni tiyib turishing kerak… – Lidiya Mixaylovna koʻzlarini gʻalati qisib oʻychanlik bilan derazaga tikildi. – Gohida oʻqituvchi ekaningni bir pasgina unutish ham foydali. Aks holda, odam isi yoqmay qoladi, boshqalar ham sen bilan oʻtirganda zerikadi. Ehtimol, oʻqituvchi uchun eng muhimi oʻzini doim jiddiy tutish emas, kimgadir nimanidir oʻrgata olishini anglashdir. – U bir qoʻzgʻalib olgach, birdan xushnud boʻlib ketdi. – Bolaligimda oʻt-olov qiz edim, ota-onam mening dastimdan koʻp azob tortgan. Hozir ham goh-gohida sakrab-irgʻishlagim, allaqayoqlarga yugurgim, har qanday qolipu tartib-qoidalarni itqitib tashlab, xohlagan ishimni qilib yurgim keladi. Mana shu yerda sakragan, hakkalagan vaqtlarim ham koʻp boʻlgan. Agar bilsang, odam uzoq yashab emas, bolaligi bilan xayrlashgan kundan qariy boshlarkan. Men jon-jon deb har kuni sakragan boʻlardim, ammo devorning u yogʻida Vasiliy Andreevich yashaydi-da. U juda jiddiy odam. Bizning bu yerda oʻyin oʻynayotganimizni u bilmasligi kerak, tushunding?
– Biz oʻynayotganimiz yoʻq-ku. Siz faqat oʻyin qoidasini koʻrsatib berdingiz, xolos.
– Biz shunchaki, yolgʻondakamiga oʻynaymiz. Lekin baribir buni Vasiliy Andreevichga sotib qoʻymaysan, xoʻpmi?
Yo tavba, dunyoning ishlarini qarang! Kechagina pul tikib oʻynaganim uchun Lidiya Mixaylovna meni direktorning oldiga olib kiradi deb yuragim yorilgudek boʻlmaganmidi? Endi esa u mendan sotib qoʻyma, deb iltimos qilib oʻtiribdi. Bu yogʻi qandoq boʻldi? Bilmayman, nimadan ekan, atrofga alang-jalang qarab, koʻzlarim pirpiragancha dovdirab turardim.
– Xoʻsh, oʻynab koʻramizmi? Yoqmasa – oʻynamaymiz.
– Mayli, – deya ikkilanibroq rozi boʻldim men.
– Sen boshla.
Tangalarni qoʻlga oldik. Lidiya Mixaylovna bir vaqtlar rostdan ham bu oʻyinni oʻynagan ekan – koʻrinib turardi. Men esa tangani devorga qay yoʻsinda – qirrasi bilanmi yoki yuzalabmi, qanday balandlikda, qattiqroqmi va qachon otganim maʻqul, deya endi-endi chamalab koʻrayotgan edim. Otgan tangalarim oʻz-oʻzidan chetga uchib ketardi. Agar hisoblab koʻrilsa, men dastlabki daqiqalardayoq ancha-muncha pul yutqazdim hisob – bu oʻyinda hech qanaqa hiyla-nayrang ishlatib boʻlmasdi-da. Hammasidan burun men Lidiya Mixaylovna bilan oʻynayotganimdan qattiq xijolat chekar, qiynalar va shu sababdan oʻyinga ham tuzuk kirishib ketolmas edim. Bunaqasi axir yetti uxlab tushimga kirmagan, xayolimning koʻchasidan ham oʻtmagan edi-da. Men hadeganda fikrimni bir yerga jamlayolmadim – osonmi?! Ammo oʻzimga kelib oʻyinga jiddiy kirishganimda Lidiya Mixaylovna shartta toʻxtatib:
– E, bunday oʻynagandan maʻni yoʻq, – deb qoldi qaddini rostlab va koʻzini toʻsib tushgan sochini silkib orqaga tashlar ekan. – Oʻynagandan keyin rostakamiga oʻynash kerak. Bizniki nima – xuddi uch yashar bolaning ermagiga oʻxshaydi.
– U holda pul tikish kerak boʻladi, – dedim men botinib-botinmay.
– Boʻlmasam-chi! Qoʻlimizdagi pul boʻlmay nima? Pul tikiladigan oʻyinni oʻrtaga boshqa narsa qoʻyib oʻynab boʻlmasa! Shunisi bir vaqtning oʻzida ham chatoq, ham yaxshi. Biz eng kam pulga kelishib oʻynasak ham boʻlaveradi, qiziqish uygʻonadi-da harholda.
Men churq etmadim, nima qilish, nima deyishga lol edim.
– Nahotki qoʻrqayotgan boʻlsang? – dedi Lidiya Mixaylovna meni gij-gijlagandek.
– Hecham-da! Hech narsadan qoʻrqmayman men.
Choʻntagimda chaqalarim bor edi. Qoʻlimdagini Lidiya Mixaylovnaga qaytarib berib, oʻzimnikini oldim. Nima ham derdik, mayli, Lidiya Mixaylovna, siz xohlagandek rostakamiga boʻlaqolsin. Menga nima, men boshlamadim-ku, axir. Avvaliga Vadik ham meni nazarga ilmagan edi, keyin oʻziga kelib musht koʻtarib qoldi-ku. Oʻsha oʻyinni oʻrganib olgan edimmi, demak, bunisini ham eplarman. Bu frantsuz tili emas, tezgina oʻzlashtirib olsam kerak.
Faqat bir shartni qabul qilishimga toʻgʻri keldi – Lidiya Mixaylovnaning panjasi uzun, shuning uchun ham tangalar orasidagi masofani u bosh va oʻrta barmogʻida, men esa odatdagidek bosh barmogʻim va jimjilogʻim bilan oʻlchaydigan boʻldik. Bu adolatli qaror edi va men darrov rozi boʻldim.
Oʻyinni qaytadan boshladik. Xonadan dahlizga chiqib oldik – u yer keng-moʻlgina, yogʻoch devori bir tekis, tanga otgani oʻngʻay. Biz tangani otgach tizzalab olar, polda emaklab yurar, bir-birimizga turtinar, barmoqlab masofani oʻlchagandan keyin yana qaddimizni rostlar edik. Oxirida Lidiya Mixaylovna hisobni aytardi. Oʻyin chogʻi u rosa shovqin solar, chapak chalar, xullas, oʻzini oʻqituvchi emas, oddiy qizaloqdek tutar ediki, bir-ikki marta mening ham zavqim qoʻzib baqirvorgim keldi. Asosan Lidiya Mixaylovna yutardi, men esa koʻproq yutqazardim. Ana-mana deguncha sakson tiyin boy berib qoʻyibman. Bir amallab bu qarzni oʻttizga tushirgan edim, Lidiya Mixaylovna tangasini uzoqdan moʻljallab turib otdiyu hisob yana ellikka chiqdi. Men xavotirga tushib qoldim. Hisob-kitobni oʻyin tugagach qilamiz, deb boshdan kelishib olgan edik. Agar ahvol shu tarzda davom etadigan boʻlsa, choʻntagimda bori ham yetmasligi aniq. Bir soʻmdan salgina koʻproq pulim bor oʻzi. Demak, shundan oshirmaslik kerak, aks holda sharmanda boʻlaman!
Bir vaqt qarasam, Lidiya Mixaylovna yutishga uncha harakat ham qilmayapti. Tangalar orasidagi masofani u panjalarini oxirigacha yozmay, barmogʻini bukibroq oʻlchardi. Goʻyoki uning barmogʻi yetolmagan tangaga meniki hech chiranishsiz bemalol yetsa deng. Jahlim chiqib ketdi, sapchib oʻrnimdan turdim-da:
– Yoʻq, bunaqa boʻlsa oʻynamayman, – dedim. – Nega menga yutqazib beryapsiz? Haqiqiy oʻyin emas bu, gʻirromlik!
– Rostdan ham, unga qoʻlim yetmadi, – deya oʻzini oqlay boshladi Lidiya Mixaylovna. – Panjalarim qotib qolganmi-ey, hech ochilmaydi.
– Ochiladi!
– Xoʻp, mayli, harakat qilib koʻraman.
Matematikada qandayligini bilmayman-u, hayotda eng maʻquli zid tomonni yoqlab turib isbot qilish ekan. Ertasi kuni Lidiya Mixaylovna barmogʻi tangaga yetishi uchun bildirmaygina uni beriroq surib qoʻyayotganini koʻrib angra¬yib qoldim. Menga bir qarab olib, bu nayrangini yaqqol koʻrib turganimni goʻyo sezmayotgandek va yana hech narsa boʻlmagandek tangani surib qoʻyaverdi.
– Nima qilyapsiz? – dedim achchiqlanib.
– Menmi? Nima qipman?
– Nega tangani surib qoʻydingiz?
– Hecham-da, oʻzi shu yerda yotgan edi, – deya qandaydir bepisandlik bilan, anavi Vadiku Ptaxadan aslo qolishmaydigan bezbetona bir tarzda inkor qildi Lidiya Mixaylovna.
Obbo! Oʻqituvchi emish-a! Tangani surib qoʻyganini oʻz koʻzim bilan koʻrdim-ku. Yana tegmadim, deb meni ishontirmoqchi boʻladi-ya. Tagʻin, ustimdan kulgani-chi! Nima, koʻzi koʻr deb oʻylayaptimi meni? Yoki yosh bola fahmlayaptimi? Frantsuz tilini oʻrgatarmishlar bu kishim! Kechagina atayin yutqazishga uringanini unutib, yana hiyla ishlatmasmikan bu, degan xavotirda uning xatti-harakatlarini sergaklik bilan kuzatmoqqa tushdim. Buni qarang, Lidiya Mixaylovna odamni laqillatib oʻtirsa-ya!
Oʻsha kun biz oʻn-oʻn besh daqiqagina dars qildik, xolos. Keyingi kunlari mashgʻulotlarimiz bundan ham qisqardi. Endi biz tamomila boshqa narsaga berilib ketgan edik. Lidiya Mixaylovna menga ozroq matn oʻqitar, baʻzi kamchiliklarimni aytib, yana bir takrorlatib koʻrar edi-da, soʻng choʻzib oʻtirmay oʻyinga oʻtib qoʻyaqolardik. Ikki marta oz-ozdan yutqazganimdan keyin men ham yuta boshladim. Bu oʻyinni ham juda tez oʻrganib, miridan-sirigacha – qayerga, qanday urishni, tangani oʻlchovga solmaslik uchun nima qilish darkorligini puxta bilib olgan edim.
Yana pulli boʻlib qoldim. Yana bozordan sut sotib ola boshladim. Endi maxsus idishchadagi yaxlatilgan sutdan olardim. Yuzasidagi qaymoqni avaylabgina sidirib, eriy boshlagan boʻlagini apil-tapil ogʻzimga solardim. Mazasidan butun tanam yayrab ketardi, koʻzlarimni yumib olardim. Keyin idishini toʻnkarib, pichoq bilan ura-ura qolganini ham koʻchirardim-da, eriguncha kutib, qora nonning ustidan ichib yuborardim.
Harqalay, bir amallab kunim oʻtib turardi. Yaqin kelajakda, yaʻni urush asoratlari bitgach, baxtli hayotga erishuvimiz vaʻda qilingan edi.
Lidiya Mixaylovnaning qoʻlidan pul olayotib juda xijolat boʻlardim. Lekin buni halol yutib oldim-ku, degan oʻy hamisha menga taskin berardi. Keling, oʻynaylik, deb men taklif qilmayman-ku, tashabbus doim Lidiya Mixaylovnaning oʻzidan chiqadi. Men esa rad etishga jurʻat qilolmayman. Nazarimda, oʻyindan u rosa maza qilardi: meni tortqilar, kular, xullas, juda yayrar edi.
Oqibati nima boʻlishini bilganimizda-ku…
…Roʻparama-roʻpara tizzalab olgancha hisob ustida talashayotgan edik. Sal oldin ham nimagadir tortishib olgan edik oʻzi.
– Tushunsang-chi, hoy xomkalla, – deya qoʻllarini paxsa qilib Lidiya Mixaylovna menga gap uqtirmoqchi boʻlardi. – Seni aldab nima qilaman? Hisobni men chiqaraman axir, sen emas, har holda, sendan yaxshiroq bilsam kerak buni. Men ketma-ket uch marta yutqazdim, undan oldin “chikka” boʻlgan edi.
– Unisini qoʻyib turing.
– Nega qoʻyar ekanman?
Bir-birimizga gal bermay baqir-chaqir qilib yotganimizda hayratangiz, ammo qatʻiy, jarangdor ovoz eshitildi:
– Lidiya Mixaylovna!
Qotib qoldik – eshik oldida Vasiliy Andreevich turardi.
– Lidiya Mixaylovna, nima gap? Bu yerda nima boʻlyapti oʻzi?
Lidiya Mixaylovna sekingina oʻrnidan turdi. Yuzlari boʻgʻriqib, toʻzgʻib ketgan sochini tekislagan boʻldi:
– Vasiliy Andreevich, kirishdan oldin eshikni taqillatsangiz boʻlardi…
– Taqillatdim. Hech kim javob bermadi-da. Xoʻsh, ayting-chi, nima boʻlyapti bu yerda? Direktor sifatida bilishga haqqim bordir.
– Oʻyin oʻynayotgan edik, – dedi Lidiya Mixaylovna xotirjamgina.
– Pulga oʻynayapsizmi? Shu bilan-a?! – dedi menga ishora qilib Vasiliy Andreevich. Qoʻrqanimdan biron yerga berkinib olarman deya emaklagancha toʻsiq orqasiga oʻtib ketdim. – Oʻquvchingiz bilan oʻynayapsizmi? Shunaqa shekilli?
– Ha, shunaqa.
– Bilasizmi… – Xuddi havo yetishmayotgandek direktor boʻgʻilib qoldi. – Toʻgʻrisi, hozir sizga nima deyishga ham hayronman. Bu – jinoyat! Yoʻldan ozish. Yosh bolani axloqsizlikka boshlash deydilar buni. Yana, yana… Yigirma yildan beri maktabda ishlab hali bunaqasiga duch kelmagan edim… – U taajjubdan qoʻllarini boshi uzra koʻtardi.

* * *

Uch kundan soʻng Lidiya Mixaylovna joʻnab ketdi. Ketishidan bir kun oldin, maktabdan qaytishimni kutib turgan ekan, meni uygacha kuzatib keldi.
– Yurtimga – Kubanga boraman, – dedi u xayrlashayotib. – Tinch-xotirjam oʻqiyvergin, anavi bemaʻni voqea uchun hech kim senga gʻiq etolmaydi. Hammasiga men sababchi. Sen faqat oʻqishni oʻyla. – U sochimni bir toʻzgʻitib qoʻydi-da, ketdi.
Shu-shu, qaytib uni koʻrmadim.
Qish kunlari edi, taʻtildan soʻng maktabga mening nomimga pochtadan bir quti keldi. Men yana zina ostidan boltani olib uni ochdimu bir tekisda zich qilib terilgan makaronni koʻrdim. Tagidan esa paxtaga oʻrogʻliq uch dona qizil olma chiqdi.
Men olmani rasmdagina koʻrgan edim, lekin hozir qoʻlimda ushlab turgan narsa olma ekanini darrov bildim.

Shohsanam tarjimasi

“Tafakkur” jurnali, 2008-yil, 2-son.