Vasil Bikov. Sariq qum
Loyihani qo'llab quvvatlash uchub buyerga bosing
Ularni kechasi turmadan olib chiqib, shaharning zim-ziyo koʻchalari boʻylab, allaqayoqqa olib ketishyapti. Ammo Avtux qaysi tomonga ketishayotganini bilolmay xunob. Usti yopiq mashinada deraza degan narsa yoʻq, biror joyida yilt etgan yorugʻ tushadigan teshigi ham koʻrinmaydi, na tashqarida, na ichkarida biror narsani ajratib boʻladi. Avvaliga Avtux “qora qargʻa”ga tushib qoldim deb oʻyladi. “Qora qargʻa”ning nimaligini turmada oʻtirib rosa bilib olgan, qolaversa, uning toʻgʻrisidagi gaplar qishloqda ham qulogʻiga chalingandi. Avtux bir oz mulohaza yuritib, bu fikrdan qaytdi — yoʻq. Ularni olib ketayotgan mashina “qora qargʻa” emas. Kechasi ularni turma hovlisiga olib chiqishayotganda Avtux mashinaning qora emas, kulrangroq ekanligini payqagandi. Biqiniga ham nima balo degan kaltagina bir soʻz yozilgan ekan. Faqat Avtux bu soʻzni oʻqib ulgurolmadi. Mahbuslarni toʻrtta-toʻrttadan shoshilinch ravishda mashinaning qora qaʻriga tiqishtirishdi. Avtuxning oyogʻidagi chipta kovushning ipi yechilib ketdi, uni bogʻlamoqchi boʻlib engashgan edi, orqasidan tepki yeb qoldi — mahbuslarni mashinaga ortishga koʻz-quloq boʻlib turgan harbiy yigit jahlini shu tariqa namoyish qildi. U soqchimidi, yo boshqa biron balomidi — kim bilsin. Faqat tarashaday ozgʻin, bir chimdim moʻylovi ham bor. Avtux shosha-pisha mashinaning temir kuzoviga tarmashib chiqib oldi. U yerda oltitacha mahbus bir-birining pinjiga kirib olishgandi. Avtux chiqib olishi bilan kuzovning eshigi taraqlab yopildi. Mashina bir-ikki silkinib, hovlining adogʻiga yoʻl oldi va darvozadan chiqib, koʻchadan goh bir tomonga, goh boshqa tomonga burilib yurib ketdi. Avtuxning chap tomonida charm kamzul kiygan notanish erkak oʻtiripti. Avtux uni bir marta tergovchining xonasida koʻrgan. Endi tushunib boʻlmayapti — u bu yerda nima qilib oʻtiripti? Yoki u ham qamalganmikin? Uni biron-bir boshqa turmaga olib ketishayotganmikin? Balki uni qoʻyib yuborishar? Oʻzi ham rosa toʻrt oy turmaning nonini yedi-da! Endi chiqarib yuborishsa xoʻb yaxshi boʻlardi! Sirasini aytganda, Avtuxning nima gunohi borki, uni jazolashadi? Avtux qanaqasiga polyak josusi boʻlsin? Polshaga biron marta ham borib kelgan boʻlmasa? Bor-yoʻq aybi chegarada yashaganimi? Xutorda… Yakka xoʻjalik boʻlib…
Ha, albatta-da! Avtuxning eng katta gunohi ana shunda — uning yakka xoʻjalik boʻlib yashaganida boʻlsa kerak. Uch yil mobaynida yakka xoʻjalik boʻlgani uchun boshiga shunaqa savdolar tushdiki, qoʻyaverasiz. Boshqa odam butun umri davomida buncha mushkulotlar koʻrmasdan oʻtib ketishi ham mumkin.
— Oʻrtoq… Hoy, oʻrtoq, — deb charm kamzul kiyib olgan qoʻshnisini astagina turtib soʻradi. — Bizni qayoqqa olib ketishayotganini bilmaysizmi?
— Kudikin adriga, — deb zarda bilan javob berdi qoʻshnisi bir oz dam saqlab turgach.
Bu qoʻshnining familiyasi Survila edi. U oʻtib borayotgan yoʻllarini qorongʻida koʻzini yumib turib aytib beraolardi — shahar markazidan uning chekkasiga borishadi, soʻng shahar yonboshidagi qishloqlardan oʻtib, uncha olis boʻlmagan oʻrmonga borishadi. U yerda narkomat oʻqchilarining miltiq otib mashq qiladigan maydoni bor. Bir vaqtlar mahbuslarni u yerga Survilaning oʻzi olib borardi. Ayniqsa, u komendaturada xizmat qilgan kezlarda bunday voqealar tez-tez roʻy berib turardi. Keyin tergov boʻlimiga oʻtgandan soʻng u yerga ikki-uch marta borib, TT toʻpponchasidan, yaʻni shaxsiy qurolidan otib mashq qilgan edi. Avvallari boshqarmadagi hamma chekistlarga nagan berilar edi, oʻtgan yili birinchi boʻlib tergovchilarning hammasiga yangi TT toʻpponchasini berishdi — ular juda qulay, qoʻlga yaxshi tushadigan, dastalari qop-qora edi. Shu toʻpponchadan otib mashq qilishgan. Oʻshanda Survila mashqda “yaxshi” baho olgandi. Endi esa bu mashqlarni boshqalar bajaradi. Amalda, manavilarning boʻyniga otib mashq qiladi.
Mashina yurgan yoʻlida goh u tomon, goh bu tomonga chayqala boshladi. Survila, mashina shahardan chiqa boshlaganini fahmladi. Yaqin oʻrtada chogʻroq bir qishloq bor, ular chapga burilishlari kerak. Keyin… manzilgacha, yaʻni ular yetib borishi kerak boʻlgan joygacha juda yaqin qoladi. Bor-yoʻgʻi yarim soatcha vaqt qoldi, keyin tamom. Hammasi manguga tamom boʻladi.
Lekin hamma narsaning tez orada tamom boʻlishi Survilani uncha bezovta qilayotgani ham yoʻq. Bunga u bir oy avval, hatto sud boʻlmasdan avval tayyor edi. U, uning gunohidan oʻtishmasligini bilar edi. Otib tashlashadi. Uning boʻyniga qoʻyishgan ayblari, umuman aytganda, haqiqatga toʻgʻri kelardi: u huquqini suiisteʻmol qilgan, man etilgan usullarni qoʻllagan, qiynagan, suyaklarini sindirgan. Biroq bunaqa qilgan uning bir oʻzimi? Ularning boshqarmasidagi hamma xodimlar shunaqa ishlagan — jonini jabborga berishgan, tuni bilan mijja qoqishgan emas, har bir xalq dushmanidan mumkin boʻlgan maʻlumotning hammasini sugʻurib olishgan. Bu malʻun dushmanlar esa rosa ularning asabiga tegishgan, gunohlarini tan olishni sira-sira istashgan emas, yolgʻon-yashiqlarni uyib tashlashgan, oʻzlarini oppoq qilib koʻrsatmoqchi boʻlishgan, eng mayda masalalarda ham tergovchining koʻziga choʻp solishgan. Baʻzilar esa hatto qoʻl qoʻyib qoʻyganlaridan keyin ham sud vaqtida hammasidan tonishgan. Sudda ham oʻz bilganlaridan qolmay, hech narsadan xabarimiz yoʻq, hech qanaqa gunoh ish qilmaganmiz, zararkunandalik bilan shugʻullanmaganmiz, josuslik qilmaganmiz, hech kimni yollamaganmiz deb oyoq tirab turib olishgan. Ish juda ogʻir edi — sharros terga choʻmib, ularni tan olishga majbur qilish, familiyalarini, xufiya uylarini, uchrashadigan vaqtlarini bilib olish kerak edi. Baʻzan haddan oshirib yuborgan. Bu — toʻgʻri. Biroq shunday qilgan boʻlsa, buni oʻzi uchun emas, ishning foydasini koʻzlab qilgan-ku! Anavi Semux deganlari soʻroq vaqtida uning xonasida oʻlib qoldi, oʻlgani-ku mayli-ya, sadqai sar, hamma gapni oʻzi bilan olib ketgani yomon boʻldi. Undan umid katta edi. Durustroq dagʻdagʻa qilingan edi, muloyimgina boʻlib koʻrsatma bera boshladi. Uning yordamida ularning razil tashkilotini tag-tugigacha fosh qilmoqchi edi. Ishning borishi shunaqa edi. U boʻlsa, jonini jabborga topshirib oʻtiripti. Kuptsovni u oʻsha yangi TT toʻpponchasidan otib tashlovdi. Axir, Kuptsovning oʻzi mushtlarini oʻqtalib unga tashlangan edi-da… Boʻyi ikki metr keladigan bu temirchining mushtlari shunaqa ediki, har qanday odamni ham ikki zarb bilan beligacha yerga kirgizib yuborar edi. Yaxshi hamki, Survila qurolini ishlatishga ulgurdi. Shu bilan u oʻzini ham, sherigini ham qutqarib qoldi. Ana shunaqa! Qani, xoʻsh, xolisanlillo qaraganda, uning nima aybi bor? Eng soʻnggi qonunga muvofiq hech narsaga rioya qilmay, qattiq tergaydigan boʻlsa, ehtimol… toʻgʻridir: aybi bor, albatta. Ammo inqilobiy proletarcha shuur asosida hukm qilsa-chi?.. Sirasini aytganda, u oʻzini unchalik himoya qilib ham oʻtirmadi, hammasini tan olib qoʻya qoldi. Biroq ich-ichida uncha qattiq jazo berishmas-ov degan umid bor edi. Nima boʻlganda ham, u biron-bir aksilinqilobchi boʻlmasa, millatchi boʻlmasa, oʻzlarining odami-ku — chekist-ku! Buni inobatga olmoqlari kerak-ku, axir. Inobatga olishmadi. U bilan ashaddiy xalq dushmanlari orasidagi tafovutga qarashmadi. Ular bilan bir mashinaga tiqilib oʻtirishipti-ya! Hali bir chuqurga tiqishmasa goʻrga edi. Shunisi alam qiladi-da!
Mashinaning ichida sukunat hokim edi. Gʻildiraklarning toshlarga tegib shitirlashi eshitiladi. Mashina har gal chuqurga tushganida kuzovning bir burchagida nimadir gʻijirlaydi.
— Shunaqami? Kudikinga ketyapmizmi? — deb soʻradi Avtux xavotir bilan. U nimanidir tushunib yetmagan edi. Allanechuk yomon narsani sezib, kayfiyati butunlay tushib ketdi.
Avtux kayfiyatini sozlashga harchand unnab eplayolmadi. Qaytaga badtar boʻldi. U qorongʻida besaranjomlanib, bezovta boʻla boshladi, burnini tortdi, yoʻtaldi. Uning oʻng tomonidami, chapidami mashinada tanishi ketyapti. Hatto hamqishloq desa ham boʻladi. Adash. Uning ham familiyasi Kozel. U Avtuxdan ikki baravar yosh. Minskda pedtexnikumda oʻqiydi. Sheʻrlari Minskda chiqadigan gazetalarda bosilgan. Sheʻrlarining tagiga Feliks Yashin deb chiroyli imzo qoʻyadi. Avtuxning oʻzi bu sheʻrlarni oʻqigan emas, ular toʻgʻrisida odamlardan eshitgan. Soʻroq vaqtida tergovchi ham bir-ikki ogʻiz ochganday boʻlgandi. Lekin tergovda sheʻrlar toʻgʻrisida undan koʻp soʻrashgani yoʻq. Koʻproq boshqa narsani soʻrashgan. Bu Kozel-Yashin Avtuxni aksilinqilobiy, aksilshoʻraviy, qoʻporuvchi-aygʻoqchilar toʻdasiga qanday yollaganini surishtirdi.
Avtux past ovozda chaqirdi:
— Felya! Hov, Felya!
— Nima, — degan ovoz eshitildi mashinaning bir chekkasidan.
— Bizni qayoqqa olib ketishayotganikin?
— Hukmni ijro etgani, — deb xunob ohangda javob berdi Feliks. Uning ohangida aniq sezilib turgan tushkunlik Avtuxni badtar tashvishga soldi.
— Nahotki otgani…
— Boʻlmasa-chi! Sen nima deb oʻylovding!
— Menmi?.. Anaqa deb oʻylovdim…
— Oʻchir ovozingni undan koʻra…— deb gapni qisqa qildi hamqishlogʻi. Aftidan, koʻngliga qil sigʻmasdi.
Haqiqatan ham, Feliks Yashinning gaplashadigan holi yoʻq edi, soʻroqlardan, kaltaklashlardan keyin koʻkragi qattiq sanchib ogʻrimoqda, nafas olishning imkoni boʻlmayapti. U Avtux amakining bolalarday goʻlligiga hayron qoldi — u qayerga olib ketishayotganini chivdan ham bilmaydimi yo kunlari bitganini anglashni istamaydimi? Oʻtgan kuni sud boʻldi — avvaldan tayyorlab qoʻyilgan qogʻozlarni oʻn daqiqa davomida oʻqib berishdi. Bu qogʻozlardan hukm eʻlon qilinishidan avvaloq hamma narsa ravshan boʻlib qolgandi. Aftidan, uning hamqishlogʻi, xutorda yashagan Avtux Kozelgina hech narsani anglamagan koʻrinadi. U bu gal ham har doimdagidek oʻzining oilasi-yu, yakka xoʻjaligini oʻylashdan boʻshamagan boʻlsa kerak.
Feliks Yashin turmada oʻtirib, jonajon qishlogʻi haqida ham, oʻzi oʻqiyotgan pedtexnikum toʻgʻrisida ham, hatto oʻzining sheʻrlari haqida ham oʻylamay qoʻydi. U sheʻrlarini tartiblab bitta toʻplam ham qilgan va qamalishi arafasida uni nashriyotga topshirgan edi. Ammo muallifdan avval toʻplamni qatl qilishdi. Tergov vaqtida, soʻroqlarda tergovchilar bir-biriga gal bermay, uning hibsga olingan sheʻrlaridan parchalar keltirishar, ularni xohlaganlaricha buzib oʻqishar, satrlar orasiga yashiringan xufiya maʻnolarni hushyorlik bilan topishga harakat qilishardi. “Sahar chogʻi tiniq osmonda Suzib yurar oppoq bulutlar”. Xoʻsh, bu oppoq bulutlar nimani bildiradi? Nimani bildirardi? Bulut bulutni bildiradi-da… Boshqa nimani bildirsin. E, yoʻq, bekorlarni aytibsiz. Sheʻriyatda bulut shunchaki bulut emas, uning boshqa maʻnosi ham bor deb eʻtiroz bildiradi biqiniga toʻpponcha osib olgan “adabiyotshunoslar”. Qani, xoʻsh, sahargi bulutlar deganda qanday maʻnoni koʻzda tutasiz?
U hech narsani nazarda tutmoqchi emas edi, uning oʻrniga ular nimanidir nazarda tutishadi, lekin nimaligani aytishmaydi. Ularning fiqrlarida pinhon boʻlgan narsani Feliksning oʻzi fahmlab olmogʻi va oʻzi ularga aytib bermogʻi kerak edi. Aftidan, shunday qilsa, aybini boʻyniga olgan boʻlardi. Tergovchilarga ayni shu kerak edi. Ammo u fahmlamadi va aybiga iqror boʻlmadi. Shunda uni rosa kaltaklashdi — tayoq bilan oyoqlariga urishdi, etik bilan koʻkragiga tepishdi, uch kechayu uch kunduz uxlagani qoʻyishmadi.
Keyin uni oq panlar Polshasi foydasiga josusliqda ayblay boshladilar. Uning yoniga qishloqda kolxozga kirishdan boʻyin tovlab, yakka xoʻjalik boʻlib yashagan Avtux amakini tirkashdi. Holbuki, Feliks oʻsha Avtux bilan bor-yoʻgʻi bir marta — oʻtgan yili Minskdan bemor otasini koʻrgani kelganida gaplashgan, xolos. Doktor olib kelish uchun ot soʻrab borgan edi. Avtux amaki otini bermadi, kolxozdan ol dedi, ot oʻzimga kerak, yomgʻir yogʻib yubormasdan pichanni keltirib olishim kerak, dedi. Gaplari bor-yoʻgʻi besh daqiqagina davom etdi, xolos. Mana endi oʻsha daqiqalarning haqini toʻlashyapti. Ikkovlariga ham — oliy jazo,
— Birpas tek oʻtirsang boʻlmaydimi? Ichida qurti bor odamday tipirchilaysan-a! — dedi qorongʻida kimdir zardali ohangda.
— Biror narsa koʻrinarmikin degandim. Mening qishlogʻim shu oʻrtada-da… — javob berdi tipirchilayotgan odam.
— Sen shaharlik emasmisan? — deb gap qoʻshdi eshik yonida oʻtirgan Survila. — Soʻroqda Komarovkadanman deganding.
— Komarovkada yashaganman-da. Depoda ishlay boshlaganimdan keyin. Aslida Koʻk Yaylovda tugʻilganman.
— Ijtimoiy kelib chiqishing endi aniq boʻldi! — dedi Survila jinday sukutdan keyin. — Soʻroqda nuqul ishchiman, temiryoʻlchiman derding. Tullaklik qilyapsan-ov, Shestak.
— Hech qanaqa tullaklik qilayotganim yoʻq. Qishloqda tugʻilganman, toʻgʻri. Lekin ishchiman. Buni eʻtiborga olmoq kerak. Hali partiya aʻzosiman.
— Aʻzosi eding! — deb gapni muxtasar qildi Survila.
Chekistning bu luqmasi, aftidan, Shestakka qattiq tegdi — uning yuragidagi ogʻir dardni qoʻzgʻatib yubordi.
— Partiya aʻzosi edim va shunday boʻlib qolaman. Baʻzi birovlarga oʻxshab partiyadan yuz oʻgirmayman. Partiya oddida vijdonim toza!
Mashina kattaroq chuqurga tushib ketib, qattiq silkindi. Shoir Feliks Yashin koʻkragidagi ogʻriqdan ingrab yubordi. Oldinda oʻtirganlardan biri soʻkindi.
— Ablahlar! Kuning bitayotganda ham odamga oʻxshab muomala qilay deyishmaydi. He onangni, sening…
— Sekinroq soʻkinishning iloji yoʻqmi? — dedi Survila.
— Nima sekinroq? Sekinroq-sekinroq! Bor, yoʻlingan qolma…
— Sen kimsan? Familiyang nima?
— Senga nima? Tergovchimisan?
— Ha, tergovchiman. Familiyang nima deb soʻrayapman?
— Nima qilarding? Zaykovskiyman. Hammasi daftarlaringda yozigʻliq boʻlsa kerak. He oʻsha senlarni tuqqan onalaringan… Oʻzingni tugib oʻtirsang-chi, burjuyning dumi! Oʻligingni ortib olding-ku! — deb toʻsatdan baqirdi u qorongʻida kimgadir. — Axir, mening qoʻlim singan.
Sogʻ qoʻli bilan Zaykovskiy yonidagi odamning orqasiga turtdi. Mashina burilganida u ham Zaykovskiy tomon ogʻib ketib, unga ancha aziyat yetkazgandi. Uning yelkasidagi suyagi darz ketgan edi. Bu voqea bir hafta avval soʻroqda roʻy berdi. Uni oʻsha kuni ikki tergovchi oʻrtaga oldi. Ularning biri yosh, chuvalchangday ingichka, ikkinchisi esa keksaroq, moʻylovdor, gimnasterkasiga orden taqib olgandi. Uni “Polsha josusiman, aygʻoqchiman, familiyam Mlinets” deb tan oldirishmoqchi boʻlishdi. Lekin Zaykovskiy josus emas edi, uning familiyasi ham Mlinets emas, sababki, u moskvalik xashaki bir oʻgʻri edi. Moskvada uning boʻyniga sakkizta talonchilikni osishgandi. Toʻgʻrisini aytganda, Zaykovskiyning talonchiliklari koʻproq edi (oʻn uchta edi, shekilli), lekin u bir balo qilib suvdan quruq chiqar, na jinoyat qidiruv boʻlimining, na GPU, na militsiyaning qoʻliga tushar edi. Uning hayotiga Vanda suqilib kirmaguncha shunday boʻlib yurdi. Bu razil chaqimchi ayol avval qoʻyniga oldi, keyin sotdi. U tavakkalchi, dovyurak va epchil edi, shu sababdan bu gal ham militsiyaning qoʻlidan chiqib ketishga muvaffaq boʻldi. Rost, qochayotganda navbatchi militsionerni u dunyoga joʻnatishga toʻgʻri keldi. Oʻsha kezlardayoq u Moskvada kuni bitganini tushunib olgandi, Moskvadan tusini shiqillatish fursati kelgandi. Shu asnoda u Minskda istiqomat qiladigan amakisini esladi. NEP zamonlaridan beri u bilan koʻrishmagan edi. Minskka kelib, kerakli uyni allaqanday Zaslavskaya deb nomlanadigan pasqam koʻchadan rosa qidirdi, nihoyat topdi, topdi-yu, darrov ish pachava ekanini tushundi — amakisi allaqachon allaqayerga gum boʻlipti. Oldida yam-yashil bogʻi bor uyda butunlay boshqa odamlar istiqomat qilishar ekan. Ular amakisini bilish emas, hatto uning nomini ham eshitishmagan ekan. Uni qayerdan izlash kerak? Qayerda tunasa boʻladi? Vokzalga yoʻl oldi. Holbuki bilardi — unga oʻxshagan ucharlar uchun vokzal eng noqulay joy. Ammo nima iloji bor — rosa charchagan, kun boʻyi oyoqda yurgandi. Buning ustiga yomgʻir yogʻib yubordi. Biror joyda oʻtirib, jinday hordiq olmogʻi, ust-boshini quritib olmogʻi kerak-ku! Oʻylaganidek, uni vokzalda qoʻlga olishdi. Joʻngina qoʻlga tushdi. Ikkita militsioner istehzoli kulib, oʻzlari bilan olib ketdi. Shu tarzda oʻzining bemaʻni taqdir yoʻlini bosib oʻtdi — vokzaddagi kursidan aybdorning qora kursisigacha. Natija maʻlum — oliy jazo!
Agar yelkasi lat yemaganida, u, albatta, tavakkal qilib koʻrardi. Hali kuchi bor — anavi suyaksindirar soʻroqparda bor kuchini qoqib olganlaricha yoʻq. Ammo bunaqa lat yegan yelka bilan bir qoʻli yoʻq desa ham boʻlaveradi. Bir qoʻl bilan esa hech narsani eplab boʻlmaydi. Shuning uchun Zaykovskiy alamdan va nochorliqdan labini tishlashdan boshqa iloj topolmadi. Axir, u bemaʻni taqdirini oʻzgartirishga ojizlik qilyapti-da!
Bu orada undan “burjuyning dumi” degan soʻkish eshitgan Valeryanov injiq qoʻshnisining yonidan nari surilib oʻtirdi. U bir ogʻiz ham gap aytmadi. Umuman u tevaragida sodir boʻlayotgan voqealarga kam eʻtibor berar, odatiga koʻra qobigʻiga oʻralib olgancha, u yerga boshqa biron begonani yoʻlatmas edi. Hatto turmada ham. Xoh yomon, xoh yaxshini. Bu laʻnati zamonda “yaxshi” deganlari ham bir zumda chappa teskarisiga aylanib qolishi hech gap emasdi. Insonning eng oddiy yaxshiligi ham. Hatto hamdardlik ham. Valeryanovning jiyan singli urushdan keyin Krakovga borib qolgandi. Taqdir taqozosi bilan Minskka kelib qolgan akasining ogʻir qismati haqida tasodifan xabardor boʻlib qoladi. Tabiiyki, akasiga rahmi keladi. Bahorda mavlud kunlari arafasida Valeryanov pochtadan xorijiy muhrlar bosilgan bir xaltacha oladi. Uning ichida ikkita bolalar koʻylagi, oq paypoq, oʻziga xavfsiz ustara va yaltiroq qogʻozlarga oʻralgan konfetlar boʻladi. Uning hali maktab yoshiga yetmagan qizaloqlari uchun bu konfetlar olam-jahon shodlik keltiradi. Valeryanovning oʻzi ham juda xursand boʻladi. Chunki gimnaziyada oʻqiydigan singlisidan oʻn besh yildan beri birinchi marta xabar topishi edi. Ular oʻn toʻqqizinchi yilda Kiyevda ajralishgan va shundan beri Valeryanov jiyanimdan butunlay ajrab qoldim deb hisoblardi. Lekin uning xursandchiligi uzoq davom etmadi. Oradan bir oy ham oʻtmasdan, sahar chogʻi eshik taqillab qoldi. Xotini Dusya toʻshakdan sapchib turib, darhol yigʻi-sigʻisini boshladi. Saharlab eshik taqillasa nima boʻlishini fahmlagan edi. Buni Valeryanov ham shu damdayoq fahmladi — u eshikni ochdi, ochdi-yu, qaytib yopmadi. Uning oʻrniga eshikni boshqalar yopdi. Chekistlar xonani boshdan-oyoq agʻdar-toʻntar qilib tashlashdi. Xotini jon-jahdi bilan ularga tashlandi. Ammo ayol kishining qoʻlidan nima ham kelardi. Ertasi kuniyoq koʻylaklar va paypoqlar Valeryanovning polyak razvedkasi bilan jinoyatkorona aloqasini isbotlovchi ashyoviy dalilga aylandi.
Bu uning inqilobdan keyin oltinchi qamalishi edi. Valeryanov oʻzini oqlay-verib, qoʻyilgan ayblarning oʻta darajada bemaʻniligini rad qilaverib, joni halqumiga kelgandi. Shuning uchun soʻroqlarda har qanday tahqirlar va kaltaklarga chidab, ularni qandaydir tabiiy narsa deb hisoblar, koʻpincha indamay oʻtirardi. Soʻroqlar oraligʻida esa oʻzining urushdan avvalgi uzoq oʻtmishdagi hayotini eslab, uning tafsilotlarini xotirasiga keltirib vaqt oʻtkazardi. Uning u hayoti keyingisiga mutlaqo oʻxshamasdi. Toʻgʻri, oʻtmishdagi hayoti ham bir tekisda oʻtgan emas — unda yaxshi voqealar ham, uncha yaxshi boʻlmaganlari ham tiqilib yotardi. Ammo u paytlarda talaba boʻlgan edi, harbiy xizmatni oʻtagan edi va hatto ikki marta sayyoh boʻlib, Bolgariyaga va Avstriyadagi Alp togʻiga ham sayohat qilgan edi. Krakovda esa hech qachon boʻlmagan va bu notanish shahar uning taqdiriga shu qadar fojiona taʻsir qilishini xayoliga ham keltirmagandi.
Kechasi kamerada odamlarning shovqin-suroni jinday tingan kezlarda Valeryanov ibodat qilar, yaʻni Xudo bilan tillashardi. U xudodan oʻzi uchun emas, hozir allaqayoqlarda qolib ketgan ikki farzandi uchun iltijo qilardi. Uning boshqa iltijo qiladigan yaqini yoʻq edi. Xotini uchun xudodan shafqat soʻrashning foydasi yoʻq edi. Chunki Valeryanov xotinining feʻlini yaxshi bilardi. Bunaqa feʻlu-atvor uchun uni siylab oʻtirishmaydi. Birovning yomonligiga esa jirtaki ayollarga xos qiziqqonlik bilan javob berar, qarshisida turgan odam tergovchimi, soqchimi yo turma boshligʻimi ekaniga qarab oʻtirmasdi. Valeryanov oʻz tajribasidan bilardiki, bunaqa odamlar turmada kun koʻrolmaydi — yo ularni oʻldirib yuborishadi, yo ular oʻzlarining joniga oʻzlari qasd qiladi.
Uning birinchi xotini dvoryanlardan edi. Undan inqilob kezlari ayrilib qoldi. Keyin u farroshning qizi Dusyaga uylandi — endi farroshlarning davri keldi deb oʻylagandi u. Adashgan ekan. Aftidan, yangi hayot na ularga, na boshqalarga mos kelardi. Dusya bilan birga turmush kechirishga qoʻyishmadi, Dusyaning oʻziga ham yashashga imkon berishmaydi. Maktab yoshiga yetmagan qizaloqlari qolib ketdi — ularning ahvoli nima kecharkin?
Hademay boshiga tushadigan musibat toʻgʻrisida Anton Arkadevich unchalik oʻylamaydi, chunki biladiki, uning ustidan hukm oʻtgan kuni chiqarilgani yoʻq, balki bu hukm oʻn yettinchi yildayoq chiqarib qoʻyilgan. Yana shuncha yillardan beri tirik yashab yurgani qiziq — nazariy jihatdan bular aql bovar qilmas gaplar boʻlib tuyuladi, lekin amalda shunday boʻlib chiqdi. Shuncha yil faqat bir kuni otilsin uchun yashaydimi? Yurak hovuchlab yashagan bu yillar nima berdi unga? Xotini uchun, oʻzi uchun, undan tugʻilgan farzandlar uchun bitmas-tuganmas qoʻrquv, adadsiz tashvish berdi, xolos. Har holda, oila qilib yaxshi ish qilmagan koʻrinadi — undan vatangado, yupun, yetim-esirlar qolmoqtsa. Endi kim yordam beradi ularga? Yaxshi odamlarmi? Qani oʻsha yaxshi odamlar? Hamma-si qirilib bitdi-ku! Faqat yakkayu-yagona Iloh, pakkai Parvardigor qoldi, xolos. Faqat Parvardigorgina bu bokira goʻdaklarni pushti-panohiga olmogʻi mumkin.
Shahardan chiqqandan keyin mashina katta yoʻldan kichikrogʻiga burilganga oʻxshaydi, uning harakati sekinlashdi, oʻnqir-choʻnqirlarda bahaybat kuzov chayqalib borardi. Oʻqtin-oʻqtin mashinaning motori kuchayib, zoʻr-bazoʻr ishlayotgandan, mana — hozir toʻxtab qoladiganday tuyulardi. Partiya aʻzosi — bolshevik Shestak ham bu yoʻlni juda yaxshi bilar va hozir qayerdan ketib borishayotganini bexato aniklay bilardi. Turmadan olislaganlari sari gʻam ichini kuchliroq kemirib borardi. Turmaga tushganiga olti oy boʻldi. Bu muddat davomida u taqdiri uchun kuyib oʻzini oʻzi ado qildi deb aytib boʻlmas — turmada uning xuddi xizmatdagiga oʻxshash vazifalari bor edi. Shestakning VKP(b) aʻzosi boʻlganiga ikki yildan oshib qolgandi — u ishchilar sinfi va uning ilgʻor otryadi bolsheviklar partiyasining yetakchilik rolini juda yaxshi tushunardi. Modomiki, u hozir turmaga tushib qolgan ekan, bu yerda ham u oʻzini bolshevikchasiga tutmogʻi kerak, yaʻni organlarga xalq dushmanlarini fosh qilishda yordam bermogʻi zarur.
Maʻlumki, dushmanlar juda makkor odamlar, ustalik bilan niqoblanishadi, ayyorlik qilishadi, aldashadi, ularni fosh qilmoq uchun juda katta kuch sarflash kerak. Shestak kuchini ayamadi, oʻzini joʻn odam qilib koʻrsatdi, odamlarni gapga soldi, ular gapirgan gaplarni tinglab, eslab qoldi. Baʻzan u odamlarga maslahatlar berardi. Yakka xoʻjalikchi Kozelga donolik bilan maslahat berib, hamma aybiga iqror boʻlishi va tergovchi talab qilganda hammasiga imzo chekishi kerakligini aytdi. Shundoq qilsa, kamroqqa kesilishi mumkin ekan, omadi kelib qolsa, boʻshatib yuborishlari ham hech gap emas. Oʻjarlik qiladigan boʻlsang, badtar boʻlasan. Otib tashlashlari ham mumkin. Kozel bu gaplarga chippa-chin ishondi, shekilli, koʻp paysalga solmay, hammasiga qoʻl qoʻyib berdi. Tergovchi Kutasov mamnun boʻldi, yakka xoʻjalik tarafdorini tergovga chaqirmay qoʻyishdi, u shoʻrlik ancha xotirjam boʻlib qoldi, qoʻyib yuborishlarini kutaboshladi. Shestak badniyat odam emas edi, oʻzi ham Kozelni qoʻyib yuborishlariga ishonishga tayyor edi. Rost-da, Kozel ham xalq dushmani boʻldi-yu… Ongi yetishmaydi, xolos. Ammo ayni ana shu Kozel voqeasidan keyin Shestakning ham hamma ilinjlari chippakka chiqqanday boʻldi, nima sababdandir uning oʻzidan ham shubhalana boshlaganday boʻlishdi. Albatta, shubhalanishlari behuda edi, uning hech qanaqa gunohi yoʻq edi, unga nima deyishsa hammasini bekamu koʻst ado etar edi. Undan temir yoʻldagi zararkunandalik haqidagi koʻrsatmaga imzo chekishni talab qilishdi. Bu unga uchchiga chiqqan adolatsizlikday koʻrindi. Biroqtergovchi Kutasov unga tushuntirdi: VKP(b) aʻzosi sifatida u organlarga gap qaytarmasligi kerak, balki maxfiy va faxrli ishlarida ularga yordam bermogʻi darkor. Shu narsa esida boʻlmogʻi kerakki, organlar adashmaydi. Mayli, avvaliga shunday tuyulmogʻi mumkinki, kimnidir nooʻrin ayblashyapti, unga nisbatan adolatsizlik qilishyapti. Ammo oʻta xavfli josuslarni fosh qilmoq uchun shunday qilmoq kerak. Bundan tashqari, kimdir oʻzini fido qilmogʻi ham kerak-ku! Oʻtmishda otashin inqilobchilar ishchilar sinfining manfaatlari uchun, Lenin-Stalinning ulugʻ gʻoyalari uchun shunday qilishgan. Vaqti keladi — partiya hamma narsaga adolat yuzasidan baho beradi, hech kimning xizmati unutilmaydi. Ishning bunaqa tus olishi Shestakka unchalik yoqinqiramadi. Albattainki, Shestak partiyaga va uning organlariga yordam berishga hamisha tayyor edi. Ammo hozir tergovchi jon-jahdi bilan urinib, uni shunaqa yoʻlga boshlayaptiki, bu yoʻlda muayyan xavf-xatar bor. Birdan-bir taskin beradigan joyi shundaki, partiya chuqurroq koʻradi va organlar adashmaydi. Shunday oʻyga borib, yuragi zirillab tursa-da, koʻndi. Qogʻozga imzo chekdi. Unda goʻyoki Panteley Ivanovich Shestak “Erkinlik uchun olgʻa” (EUO) degan nomdagi zararkunandalar guruhining aʻzosi boʻlgan, bu guruhga temir yoʻllar xalq komissarining muovini Bulesh rahbarlik qilgan deyilgan edi. Tergovchilar unga siz bu guruhda organlarning xufiya odami sifatida qatnashgan boʻlishingiz mumkin deyishdi. Bu gap ham unga ancha tasalli berdi. Eng muhimi — hozir koʻnib, imzo chekish, keyinchalik sudda hamma narsadan tonadi, shu bilan uni oqlab yuborishadi. Sudyalar — malakali chekistlar, ular organga xizmat kiladigan odamlarni xafa qildirib qoʻyishmaydi.
Hozirga qadar Shestakning ishlari ancha silliq ketayotganday edi. Soʻroqlarda unga xushmuomalada boʻlishar, baʻzan esa hatto choy-poy ham quyib berishardi. Lekin soʻnggi kunlarda nimadir roʻy berdi! Bir hafta mobaynida uni butunlay tergovga chaqirishmadi — goʻyo uning shu yerdaligini unutib qoʻyishganday. Keyin sudga olib borishdi. Shestak shunchaki xoʻjakoʻrsinga sud boʻladi, deb oʻylagan edi. Yoʻq, unaqa emas ekan, xoʻjakoʻrsinga boʻlib chiqmadi. Soqchilar unga juda dagʻal muomala qilishdi, sudyalar qahr bilan qarshi olishdi. Qisqagina savol-javoblar unga juda bemaʻni tuyuldi — sudyalari tushmagurlar uning organlar bilan yashirin hamkorlik qilganidan bexabarga oʻxshashadi. Tergovchi Kutasov ularga bor gapni toʻla-toʻkis aytmaganmi, nima balo? “Oliy jazoga!” deb unga hukmni eʻlon qilishganda, u chin yuraqdan hayron qoldi. Lekin shu lahzadayoq bir fikr kallasiga keldi: aftidan, shunday boʻlmogʻi kerak. Har nima deganda uning oʻzi yolgʻiz sud boʻlayotgani yoʻq, qora kursida oʻtirgan xalq dushmanlari bisyorgina. Demak, ular bilib qolmasliklari uchun niqob ostida ish olib bormoq kerak. Loaqal anavi Avtux Kozelni olaylik. U ham oliy jazoga hukm qilindi. Keyin Shestakning javobini berib yuborishadi. Axir, nima gunohi borki, uni otib tashlashsin? Olti oy mobaynida turmada oʻtirib tortgan azoblari uchun va organlarga koʻrsatgan xizmatlari uchun uni mukofotlash darkor. Bir necha kun davomida u kamerada sabr-toqat bilan kutdi. Lekin bundan hech narsa chiqmadi. Keyin tergovchi kelishini talab qila boshladi. Bir kuni u qattiq tashvishlanganidan eshikni taqillatishga tushdi, shunda ikkita nazoratchi kirib, uni oʻlgiday doʻpposlashdi. Oʻshanda u birinchi marta ishlari juda chatoq ekanini tushundi. Biroq hamma narsaning pachavasi chiqishiga ishongisi kelmasdi. U Kutasovning kelib qolishini kutardi. Kutasov kelsa, ishlar yurishib ketadi, hamma narsa joy-joyiga tushadi. Balki bu Kutasov deganlari turmada emasdir, balki biror yoqqa safarga ketgandir. Masalan, Moskvaga. Axir, turmada organlarning sadoqatli yordamchisi, partiya aʻzosi Shestak uni poylab oʻtirganini esidan chiqarib qoʻymaydi-ku!
Tunda ularni mashinaga oʻgqazish uchun olib chiqishganda, u tergovchini izladi. Ammo bu yerda Kutasov yoʻq edi. Xuddi yer yorilgan-u, Kutasovni yer yutgan. Shu lahzada yana bir fikr Shestakning joniga ora kirdi: ha, Kutasov otish oldidan paydo boʻladi-yu, eng soʻnggi daqiqada uni boshqalardan ajratib oladi. Endiliqda uning uchun eng muhimi xuddi avvalgidek sirini fosh qilib qoʻymaslik, qatʻiyatli boʻlish, oxirigacha oʻzining yashirin burchini ado etish. Shunda hamma narsa joyida boʻladi. Joyida boʻlmogʻi kerak.
Birdan mashina keskin ogʻib ketdi, uning ichidagilar bir silkinib tushdi, motor oʻkirib yuborganday boʻldi, ular toʻxtab qolgandek edilar. Survila fahmladi — mashina loyga tiqilib qoldi. Yoʻlning dabdalasi chiqib ketgan, hatto yogʻingarchilik boʻlmagan vaqtlarda ham bu yerda koʻlmak boʻlib yotardi. Kecha yomgʻir boshlangan, koʻlmaklar yana ham koʻpaygan boʻlsa kerak. Eshikning yonida oʻtirgan koʻyi Survila loyga tiqilib qolgan gʻildiraklar ostida suvning shaloplayotganini eshitdi. Gʻildiraklar turgan joyda aylanar edilar. Kabinaning eshigi taraqlab ochildi, yon tomondan erkak kishining serjahl ovozi eshitildi — ular bilan birga hukmni ijro etishga ketayotgan komendant yordamchisi Kostikov kabinadan yoʻlga tushgan edi.
— Chaproqqa bur, chapdan ol, ablah! — deb gʻazab bilan baqirdi u shofyorga. Shofyor esa ustma-ust gazni bosar, motor oʻkirar, mashina turgan joyida silkinar edi-yu, yurmas edi. Gʻildirak aylanib, loyni behuda qorardi.
— Qani, menga ber-chi…
Kostikov gazni bosa boshladi — u bir oz qattiqroq bosar, keyin kamaytirardi. Lekin bularning bari behuda edi — mashina borgan sari loyga chuqurroq botib borardi.
… Bir zamonlar ana shu Kostikovni rayondan turma boshqarmasiga oʻtqazishgan edi. U paytlarda u endigina organlarda xizmat qila boshlagan yoshgana yigitcha edi. Oʻsha oqshom navbatchilik qilayotgan Survila uni birinchi boʻlib qarshi oldi. Ozgʻin, tortinchoq Kostikov uning turma tartiblari haqidagi, mahbuslar bilan pachakilashib oʻtirish mumkin emasligi toʻgʻrisidagi gaplarini indamay tingladi. Albatta, bu gaplarning hammasi uning uchun yangilik edi, Survila esa chekistlik ishida birmuncha tajriba toʻplagan, hozir esa shu tajribasini yangi odam bilan baham koʻrishga tayyor edi. Oʻsha kuni u yosh xodimga ijaraga oladigan uyni qayerdan izlash haqida ham yaxshi yoʻl-yoʻriq berdi. Haqiqatan ham, Kostikov koʻp oʻtmay Kalvari qabristonining orqa tomonidan bejirimgina bir uyni ijaraga oddi. Keyin u Survilani uyiga chaqirdi. Ikkovlari rosa toʻyib ichishdi. Bir necha muddat oʻtgandan soʻng Survila koʻtarilib ketdi — uni tergov boʻlimiga oʻtkazishdi. Kostikov esa komendaturada avvalgi mansabida — komendant yordamchisi boʻlib qoldi. Endilikda Survilaning chekistlik faoliyati fojiona tarzda xotimalanadigan boʻlganda shu Kostikov tergov boʻlimida uning oʻrnini egallamasa goʻrga edi. Egallasa nima — Survilaning eʻtirozi yoʻq — Kostikov yomon yigit emas, yoshligaga qaramay, haqiqiy chekist desa boʻladi.
Nihoyat, komendant yordamchisi mashinani botqoqdan faqat motorning kuchi bilan chiqarib olish mumkin emasligini tushundi, shekilli, gazni kamaytirib, kabinadan pastga tushdi. Temirning temirga urilib jaranglagani eshitildi.
— Qani, itaramiz. Sen — Nikolay va sen — Kozel, tushlaring bu yoqqa. Ular eshikka yaqin oʻtirishardi. Darrov oʻrinlaridan turishdi. Survila oʻylab oʻtirmay, toʻgʻri loyga sakradi. Avtux oyoq qoʻygani joy topolmay, bir oz taysallandi. Ammo Kostikov yana bir poʻpisa qilgan edi, Avtux oyogʻida chorigʻi bilan besoʻnaqay bir tarzda koʻlmakka tushdi.
— Qani, boʻllaring! Men aytishim bilan baravar itarasanlar, — deb buyruq berdi Kostikov yoʻlning chekkasida turib. — Boʻlaqol, shofyor, gaz ber-chi! Ha, bir-ikki, oldik…
Ular ancha botib qolgan mashinani orqa tomondan bor kuchlari bilan itara boshlashdi. Bir tomonda Survila, yana bir tomonda Avtux. Hali qorongʻi edi. Yoʻldan nariroqda kichikroq bir oʻrmon, osmondan mayda yomgʻir urib turipti. Avtomobil gʻildiraklari chir aylanib, ularning ust-boshini loyga botirdi. Koʻp oʻtmay Survilaning charm kamzuli ham, Avtuxning movut choponi ham shalabbo boʻdtsi. Ular koʻlmak tagidagi sirpanchiq yerga oyoqlarini tirab, jon-jahdlari bilan harakat qilishar, lekin mashina joyidan siljimas edi, aksincha, u badtar botdi. Buni koʻrib, Kostikov shoferga: “Hadeb gaz beraverma, benzinni ado qilasan” deb baqirdi. Survila bilan Avtux hansirab qadlarini rostladilar. Sukunat ichida mashinaning kuzovidan iltijoli boʻgʻiq ovoz eshitildi:
— Qani, menga ham beringlar-chi… “Ha” degan tuyaga madad.
Ovoz Shestakniki edi, komendantning yordamchisi bir zum dudmallandi.
— Boʻpti. Qani…
Kostikov bir oyogʻi bilan koʻlmakda turganicha kuzovning eshigini ochdi, u yerdan koʻringan Shestak shalop etib loyga tushdi.
Uch kishilashib ular yana mashinani itarishga tushishdi, ammo ularning bu harakatlari ham zoye ketdi. Motor choʻzib uvillar, mashina silkinar va chayqalardi, lekin joyidan qimirlamas edi. Kuzovda mashina bilan birga Feliks Yashin ham silkinardi. Uning xayolidan “men ham mashinadan chiqib, qolganlarga yordam bersam boʻlarmidi, odamlar jonini jabborga berib ishlayotganida qoʻl qovushtirib oʻtiraverish yaxshi emas” degan oʻy oʻtdi. Ammo uni chaqirishmadi. Endi chaqirishmasalar ham kerak. U dushman, dushman boʻlganda ham, albatta, hamqishlogʻi Avtuxga yoki anavi ishchi — partiya aʻzosi Shestakka qaraganda oʻn chandon badtarroq dushman. Chekist Survila toʻgʻrisida gapirmay qoʻyaqolsa ham boʻladi. Survila bu yerda nima qilib yurganini Feliks sira tushunmay garang edi. Uning ishi boshqalarnikidan alohida koʻrildi. Toʻgʻrisini aytganda, bu shoirning parvoyiga ham kelmaydi. Bor gap ham shu: boshqalarning ishiga burun tiqishni yomon koʻradi. Faqat Avtux Kozelning taqdirigina uni jinday tashvishlantiradi, xolos. Lekin bir narsa gʻalati edi — nechuk komsomol shoirning ishini yakka xoʻjalik tarafdorining gunohi bilan bogʻlashdiykin? Ularning hech qanaqa qarindosh-urugʻchiligi tugul, oshna-ogʻaynigarchiligi boʻlmasa? Feliks Yashin adabiyotda koʻzga tashlanib qolgan edi, Kozel Avtux esa oʻzining chalasavodligi vajidan gazeta ham oʻqimagan boʻlsa kerak. Shunga qaramay, ikkovlarini bir arqon bilan tushovlashdi. Darhol emas, turmada anchagina oʻtirganidan keyingina Feliks angladiki, u umuman, sheʻrlari tufayli qopqonga tushib qolgani yoʻq, balki belorus tilida yozgani uchun hibsga olindi. Ruscha sheʻrlar siyosiy jihatdan beloruscha sheʻrlardan xavfsizroq edi. Nima jin urib u belorus sheʻriyati bilan shugʻullanib yuripti? Ochigʻini aytganda, unga rus sheʻriyati oʻn chandon ortiqroq yoqardi. Pushkin, Lermontov, ayniqsa, Fetni aytmaysizmi? Ammo bir vaqtlar Fet yozganiga oʻxshatib yozmoqning imkoni yoʻq — komsomol doʻstlarining masxarasiga qoladi. Mayakovskiydan oʻrnak olmoq kerak. Ammo Feliks Yashin Mayakovskiyni koʻp ham yoqtiravermas edi. U “Yosh avlod” uyushmasiga qoʻshildi. Boshqa yosh shoirlar ham shu uyushmaga kirishgan edi. Shundan keyin Feliks hamma joyda urf boʻlganidek, balandparvoz, joʻshqin sheʻrlar yoza boshladi. Vujudiga singishib ketgan tugʻma diddan, meshchanlikdan qutulishga harakat qildi. Oʻrmonni koʻrganda iyib ketish, qaragʻayga muhabbat izhor qilish kimga ham kerak deysiz! Bularning hammasi siyqasi chiqib ketgan. Kundalik hayot hodisalariga yuz oʻgirmoq kerak. Boshqa estetikani oʻzlashtirmoq lozim. Bu estetika zavod tsexlarining guldurosiga, fabrika moʻrilaridan chiqqan tutunlar dudiga, kommunizm quruvchilarining kollektiv mehnatiga toʻligʻdir. Uning ijodida nimalardir endi-endi qovushib kelaboshlagan edi. “Sovet Belorussiyasi” poeziya obzorida yosh proletar shoirlari qatorida uning ham nomini sanab oʻtgan va “May ohanglari” degan eng yaxshi sheʻridan bir baidni misol keltirishgandi. Isteʻdodining rasman tan olinganidan qanoatlangan Feliks bunaqa sheʻrlardan yana bir dyujinasini sharillatib yozib tashladi va oʻzini pixini yorgan inqilob kuychisi deb his qila boshladi.
Uning hamma ishlari yurishib ketdi. Shunday paytda qamalib qoldi-da… Birov chaquv qildimi, kayf ustida aytib yuborgan biror gapini yetkizdimi? Turmada avvaliga faqat sheʻrlar masalasida soʻroq qilishdi, keyin esa sheʻrlar masalasida pichoqqa ilinadigan gap chiqmasligini tushunishdi, shekilli, uni Avtux amakiga bogʻlashdi — polyak josusi ekaningni tan olasan deb turib olishdi. Aftidan, Avtuhdan ham shuni talab qilishgan koʻrinadi. Va maqsadlariga yetishdi ham. Avtux amaki dehqonda — ongi yetishmaydi. Shuning uchun boʻlsa kerak, soʻroqlarga dosh berolmadi — Feliks meni polyak razvsdkasiga aygʻoqchi qilib yolladi, men uni chegaradan oʻtkazib qoʻyishim kerak edi deb koʻrsatma berdi.
Tashqarida mashinaning silkinishi va itaruvchilarning inqillab-sinqillashlari birdan tinib qoldi. Faqat motor sekin guvillab turardi. Komendant yordamchisi tushkun ohangda dedi:
— Uzil-kesil botdikmi?
— Oʻqiga oʻtirib qoldi, — deb horgʻin javob berdi Shestak. Feliks Yashin astagina eshikni taqillatdi:
— Men ham yordamlashib yuboraymi? Har holda, toʻrt kishi boʻlsak… Tashqaridan hech kim javob bermadi, lekin eshik gʻijirlab lang ochildi.
— Qani, chiqhammang. Hammalaring chiq, he onalaringning oyogʻidan osib… Itarlaring. Hamjihatlik bilan. Birgaliqda! — deb poʻpisa qildi komendant yordamchisi.
Ammo bu gal poʻpisasining qoʻrquvlik joyi yoʻq edi — uning nomigagina dagʻdagʻa qilayotgani shundoqqina koʻrinib turardi. Endi uning buyrugʻi goʻyo erkalayotganday eshitildi. Buni koʻrib, Feliks unchalik yomon odamga oʻxshamaydi deb oʻyladi. Ikki oy turmada oʻtirib, soʻroqlar berib, u ancha-muncha xoʻrliklar tortgan edi. Shuning vajidan ularning oʻrtasida bironta ham insonga oʻxshaga-ni yoʻq, hammasi yirtqichdan badtar degan toʻxtamga kelgan edi. U loaqal sunggi nafasi oldidan bironta risoladagi odamga roʻpara kelishga zor edi. Qani endi bu odam ularning kulfatiga jindakkina hamdardlik koʻrsatsa, ularning holini tushunib, zigʻirdek achinsa… Shunda Feliks garchi eng oliy sotsialistik jazoga hukm qilingan boʻlsa ham, oʻzini bir qadar odam dsb hisoblagan boʻlardi.
Feliks Yashin kuzovdan qorongʻilik qoʻyniga sakradi va tizzasigacha loyga kirib ketdi. Ammo undan keyin qolgan ikki kishi koʻpda oshiqavermadi. Komendant yordamchisi yana dagʻdagʻaga tushdi:
— Hoy ablahlar! Kutib oʻtiramanmi senlarni? He onalaringni…
— E, toshingni tersang-chi! — Kuzovdan Zaykovskiyning boʻgʻiq ovozi eshitildi. — Men mahkumman. Menga mashina itarish mumkin emas.
— Mumkin emas? Nega endi? — dedi hang-mang boʻlgan Kostikov.
— Shunaqa! RSFSR Jinoyat majmuasi. Bir yuzu yigirma yetgi — prim moddasi. Oʻqiganmisan?
Nima deyishini bilmay qolgan Kostikov yoʻlning chekkasida oyoklarini keng qoʻyganicha bir daqiqaga indamay qoldi. Boshqalar ham hansiragancha tek turishardi. Feliks Yashin mashinani itarish qulayroq boʻlsin deb oʻzini moslamoqda. Koʻkragidagi sanchigʻi bu ishni oson bajarishga qoʻymas edi.
— Aldayapti! Bu toʻgʻrida modda yoʻq, — dedi Survila.
— Yoʻq boʻlsa nima? Baribir, chiqmayman. Menga desa, yorilib oʻllaring. Otishga hukm qilganlaringdan keyin, marhamat qilib, qatl joyiga sogʻ-omon yetkazib qoʻyinglar. Tushunarlimi? — dedi Zaykovskiy mashinada xunob boʻlib.
— Hozir senga qatl joyini koʻrsatib qoʻyaman,—dedi dargʻazab boʻlib Kostikov. Shunday deb u qinidan toʻpponchasini ola boshladi. — Seni itday loyga belamasammi hali! He sening oʻsha bezori basharangdan oʻrgildim. — Lekin u eshikni ochishga jazm qilmadi — botqoqning eng chuqur joyiga tushib qolishdan qoʻrqdi, shekilli.
— Kattalaringga nima javob berasan? — degan ovoz eshitildi mashina ichidan. — Olib ketishga olib ketib, yetkazib borolmadingmi, deyishmaydimi?
Vaziyat tobora chalkash tus olmoqda edi. Chuqur koʻlmakning narigi tomonidagi Zaykovskiy hozircha daxlsiz bir ahvolda edi.
— Ha ablah! Hali shoshmay tur! Bir boplay seni! Bir emas, beshta oʻqni joylay gavdangga! Birin-ketin!
Zaykovskiyning soʻnggi gallarini Kostikov beeʻtibor qoldirdi — uni boshqa narsa bezovta qilmoqda edi. Mahkumlarning bukik qaddi-qomatlarini indamay koʻzdan oʻtkazib chiqqan Kostikovga kimdir yetishmayotganday koʻrindi.
— Kuzovda anavi burjuy ham qolgan,— deb gap qoʻshdi Shestak.
— Oqgvardiyachi,— deb aniqlik kiritdi Kostikov va dargʻazab qichqirdi:— Kani, chiq bu yoqqa, grajdanin Valeryanov! He sening dvoryanligingga oʻynab qoʻyay!
Kuzovdan Valeryanovning shapkasiz kal boshi koʻrindi. Avval u kuzovning bir chetiga oʻtirdi, oyogʻi bilan paypaslab tayanadigan biror narsa izladi, dudmallik bilan qoʻllarini silkitdi.
— Qani, sakra! Qoʻrqma! — deb unga dalda berdi Survila.
Ammo oqgvardichi sakramadi, u Avtuxning yelkasiga tayanib, asta sirgʻanib koʻlmakka tushdi.
— Qani, oldik! Ha, bir-ikki — oldik! — deb buyruq berardi Kostikov. U bir chekkaga chiqib, nuqul toʻpponchasini oʻynatardi.
Ular yana mashinani itarishga kirishishdi. Mashinani gʻildiraklar hosil qilgan chuqurdan chiqarib olish niyatida shofer bot-bot gazni kuchaytirib, uni silkitardi. Zaykovskiyni oʻz holiga qoldirishdi. Endi kuzovdan uning boʻgʻiq ovozi olis-olislardan kelayotganday eshitilardi:
— Itaringlar, ha-a, itaringlar, sotsializmning shoʻrpeshona qullari. Ahilroq! Kuchliroq! Baquvvatroq! Yuksakroq! Oʻlimingiz sari olgʻa!
— Buni qara-ya! — dedi jon-jahdi bilan mashinani itarishayotgan Shestak. —Bunda ichaklaring uzilib ketay deyapti-yu, bu ablah oʻtirib olib masxara qiladi-ya! Voy laʻnati qizigʻar-ey!..
— Boʻlaqollaring, yoʻqsuldan tarqaganlar…
— Oʻchir ovozingni! Buyuraman — uningni oʻchir. Otaman! — deb tahdid qildi Kostikov yoʻl chetida u yon-yon yugurar ekan.
Zaykovskiy parvo qilmay, yana nimadir deb qichqirdi. — Bu gal ancha shaloq va tahqirli gaplarni aytdi. Survila chidayolmadi shekilli, Kostikovga maslahat berdi:
— Otib tashlasang-chi! Uni oʻchardi. Qancha chidash mumkin?
— Uchgacha sanayman. Keyin hamma oʻqni boʻshataman.
— Otaqol! Davlatning mashinasiga iching achimasa, mayli, ot! — degan ovoz eshitiddi kuzovdan.
Ammo Kostikov oʻzining qoʻrqinchli tahdidini amalga oshirishga ulgurmay, motor “paq” etgan ovoz chiqardi-yu, oʻchib qoldi. Birdan hammayoq jim-jit boʻlib qoldi, mashinaning tagidan koʻkish qoʻlansa tutun buralib chiqa boshladi.
— Nima boʻldi? — deb soʻradi Kostikov sergaklanib.
— Tamom. Benzin ado boʻldi, oʻrtoq komendant yordamchisi,— deb javob berdi shofyor kabinadan. Kostikov soʻkindi.
Hamma nimadandir hafsalasi pir boʻlganday yoxud birov aldab ketganday indamay turardi. Rost-da, shuncha harakat qilishdi, qancha kuch sarflashdi — hammasi behuda boʻlib chikdi. Endi yana hammasini boshidan boshlash kerak.
— Xoʻp, bunday qilamiz, — dedi Kostikov bir zum indamay turgach. — Shofyor, sen garajga yugur. Benzin yuborishsin.
— Chistyakovga ayt,— deya ogoh qildi Survila. — Chistyakovning xabari bor. Yosh qizil askar — shofyor horgʻingina shahar tomon yoʻrgʻaladi. Mahkumlar birin-ketin loydan yoʻl chetiga chiqishdi. Yoʻl chekkasi unchalik shilta emas edi. Hammalari boshliq yana qanday buyruq berarkin deb kutib turardi. Boshliq boʻlsa bir qoʻli bilan shinelining tugmalarini yechdi. Ikkinchi qoʻlidan esa hamon toʻnponchani qoʻymagan edi.
— Ha, nima? Endi bekor oʻtirmoqchimisizlar? Bekorlarni aytibsiz! Qani, ishga kirishinglar! Shuncha odam bitta mashinani chiqara olmaydimi?
Tepilaverib suyulib ketgan boʻtqa ichiga qaytadan kirishga hech kimning ishtiyoqi yoʻq edi, shunday boʻlsa-da, mashinaning loy bosgan orqasiga qoʻllari bilan tarmashdilar. Survila bilan Shestak ikki burchakdan, Avtux bilan Feliks yonma-yon. Mashina gʻildiraklarning toʻxtovsiz aylanishidan hosil boʻlgan suv toʻla chuqurga uzil-kesil botib boʻlgandi — unga qaragan odam mashina hozir yoʻl boʻylab suzib ketadi deb oʻylashi mumkin edi. Lekin u suzib ketmadi, u joyidan qoʻzgʻalishni ham istamas edi. Kostikov yoʻl chekkasida u yoq-bu yoqqa yurib, toʻpponchasini silkitgancha qoʻmondonlik qilar, odamlar esa oyeqlari bilan loyni toptab, kuchanib-zoʻriqib mashinani itarishardi.
Ammo bu gal ham hamma harakat zoye ketdi. Mashina yana ham chuqurror botdi. Endi hech qanday kuch uni botqoqtsan tortib chiqara olmaydigandek koʻrinardi. Bir necha fursat oʻtgandan keyin komendant yordamchisining ham popugi pasayib, dami chiqmay qoldi. Mahkumlar bir oz nafaslarini rostladilar.
— Bu tarzda boʻlmaydi, — deb gap boshladi Shestak oʻksinib. — Itaradigan boʻlsak, hammamiz birgalikda itaraylik-da! Biz boʻlsak… Xuddi kolxoz brigadasidagidek — bitta odam ishlaydi, boshqasi tishlaydi…
— Qani, kim u ishdan boʻyin tovlayotgan? — deb soʻradi Survila sergaklanib.
— Kimligini bilmaganday gapirasiz-a! Ana, anavi burjuy-da. Nomigagina qoʻlini tekkizib turipti.
Valeryanov besoʻnaqay tarzda yelka uchirdi.
— Men ushlayotganim yoʻq…
— Shunaqa degin? Nima, mening koʻzim yoʻqmi? Yana oʻzini oqlaydi-ya!
— Yana kim koʻrdi? — qovogʻini uyub soʻradi Kostikov. Lekin qolganlar in-damay turishardi. Komendant yordamchisi hammani bir-bir soʻroqqa tutdi. — Yakkaxoʻjalik, koʻrdingmi?
— Yoʻq. Hech narsa koʻrmadim.
— Sen-chi, shoir?
Feliks Yashin koʻlmak ichidagi oyoqlarini bir-bir bosdi, yengil bir tujurkada badani sovuqdan dildirab qolgandi.
— Nima desam ekan? Anaqa… Har nima deganda ham, yoshi oʻtinqirab qolgan-da…
— E-e, oʻtinqirab qolgan, degin! Demak, kuchi yoʻq! Sovet hokimiyatiga zarar yetkazishga kuchi yetadimi? Har bittangni oʻzim kuzataman. Ishyoqmaslarni ogohlantirmasdan joyida otaman. Jasadini gʻildirakning tagiga tashlayman. Shunda chuqurdan tezroq chiqamiz.
Feliks Yashinning oʻzi ham bir qoʻllab itaryapti hisob, koʻkragiga bosib olgan ikkinchi qoʻlini ogʻriqning zoʻridan koʻtarolmay qolgan. U xavotir ichida oʻyladi — uning ojizligini hushyordan hushyor Shestak yoki boʻlmasa komendant yordamchisi Kostikovning oʻzi payqab qolmasa goʻrga edi. U tahdidini amalga oshiraman desa, birov unga xalaqit berarmidi? Otadi — tashlaydi-da… Keyin manavi suyuq boʻtqaga uloqtiradi. Yolgʻiz shu oʻyning oʻzidayoq uning aʻzoyi-badanida qaltiroq turdi. U xavotir ichida yonida qorayib koʻringan gavdaga qarab qoʻydi.
Ular yana itara boshlashdi. Bor kuchlari bilan, komandaga rioya qilib… Feliks Yashin ogʻriqning zoʻridan entikib ketdi. Uning yonida oqgvardiyachi burjuy Valeryanov jon-jahdi bilan tirishmoqda. Aftidan, chekistning poʻpisasidan u ham qoʻrqadi, shekilli. Lekin oʻylab qarasa, nimasidan qoʻrqadi? Biroq hamma gap shunda ediki, har bir mahkum ikkidan birini tanlash zaruriyati qarshisida qolgan edi — uning jasadi qayerga koʻmiladi — quruq sargʻish qumloqqami yoxud ataladay botqoq ichida qolib ketadimi? Bu botqoqni koʻrganda tirik odamning oyogʻida tomiri tortishadi-yu… Bu ahvolda shamollab qolish ham hech gap emas deb oʻyladi mahzun kinoya bilan Feliks Yashin.
Dafn joyiga oʻz tobutlarini ular oʻzlari koʻtarib borishmoqda — bu qadimgi marosimda allanechuk yangilik edi. Yoki qatlning yangicha nozik usulimi? Qani endi shu toʻgʻrida sheʻrmi, balladami yozsang! Lekin keng tarqagan vaznda emas, ogʻir, zalvorli vaznda yozmoq joiz. Homerga oʻxshab. Ha, bu mashum davr uchun Homer eng mos keladigan shoir boʻlsa kerak. “Yosh avlod”dagilarning bari Mayakovskiy!
— Bir-ikki — oldik! Ha, qani bos! Yana bir! Ha-a: yana! — deb boʻgʻilardi yonida chinqiroq ovozda Kostikov.— Ishyoqmaslik qilma! Kuchliroq! Yana ham. Kuch bormi oʻzi, he senlarni tuqqan onangni…
Ikki-uch marta u orqa tomonda turib toʻpponchasini boʻshatdi. Oʻq ovozidan hamma zir titradi. Odamlar terlab ketgan, hammayogʻi shalabbo, butkul kuchdan qolgan edi.
— Boʻllaring! Boʻlaqollaring! Boʻlmasa, hammangni itday otib tashlayman, sovet xalqining malʻun dushmanlari! — degan hayqiriq yangrardi yoʻl ustida tunda.
Keyin birdan moʻjiza roʻy berdi — mashina bir siljiganday boʻldi, ular bundan xursand boʻlishib, yana bir zoʻr berishdi, qoʻllari va oyoqlarini tirab yana itarishdi. Shunda mashina chindan ham loy ichida bir qadamcha surildi. Oʻrtaliqda turgan Yashin bilan Valeryanov eng chuqur joyga tushib qolishdi, lekin chekinishmadi, qoʻllarini mashinaning temir bortidan uzishmadi. Nihoyat, hammalari bir boʻlib bir amallab hamma yogʻi loy boʻlib ketgan mashinani chuqurdan chiqarib olishdi. Yoʻlning eng yaramas joyi ortda qoldi, mahkumlar mamnuniyat bilan qaddilarini rostladilar.
— Ana, boʻlarkan-ku, he onalaringni senlarning! — deyarli erkalagandek ohangda soʻkindi komendant yordamchisi. — Mohirona rahbarlik qanaqa boʻlishini koʻrdilaringmi? Kuchdan qoldik, charchadik emish… Majbur qilmoq kerak. Oʻn minut chekib olinglar! — deb mamnuniyat bilan tanaffus eʻlon qildi u va ariqcha boʻyidagi quruqroq joyga oʻtdi. Uning ketidan dudmallanib mahkumlar bitta-bittadan loydan chiqishdi va nima boʻlshshshi kutib qarshi tomonda tizilishdi. Kostikov toʻpponchasini shinelining ichiga — qiniga solib qoʻydi, choʻntagidan bir quti “Belomor” chiqardi.
— Olinglar, chekinglar…— Birinchi navbatda oshnachilik qilib papirosni Survilaga tutdi. U loy chaplangan barmoqlari bilan ehtiyot qilib qutidan bir dona papiros oldi va haqirona bir tarzda hovuchda tutib turilgan gugurtdan tutatib oddi. Yoʻl uzra xushboʻy tutun taraldi. Hamma tarang bir sukut ichida edi.
— Topshiriqni bajarish vaqtida roʻy bergan favqulodda voqeani tugatishdagi zarbdorona mehnat uchun minnatdorlik eʻlon qilaman, — dedi Kostikov yumshagan ohangda.
Bu soʻzlar allaqachon mahbuslarning xotirasidan oʻchib ketgan edi. Ularni eshitib seskanib ketishdi. Ularning tortib olingan hayoti shu soʻzlar orqali yurakni orziqtiruvchi sado bermoqda edi. Ular bu soʻzlarni hazil oʻrnida qabul qildilar. Endi esa shu hazil ham ular uchun hayotdan bir nishona edi. Faqat anavi chekist hazili bilan mahkumlarning gʻashiga tegmoqchiday edi. Bu esa ularning har birining dardini yana ham chuqurlashtirar edi.
Yolgʻiz Shestakkina komendant yordamchisining soʻzlariga jiddiy qarashga tayyorday edi.
— Rahmat, oʻrtoq… Grajdanin boshliq. Qani endi, shu minnatdorlik ino-batga olinsa…
— Olinadi, olinadi, — deb mujmal vaʻda berdi Kostikov.
— Narigi dunyoda, — deb istehzo qildi Survila.
— Nega narigi dunyoda? — deb eʻtiroz bidtsirdi Kostikov. — Bu dunyoda ham inobatga olinadi. Men sizga eng yaxshi chuqurni vaʻda qilaman. Kup-quruq, sariq qumi bilan.
U jiddiy gapiryaptimi yoki ularni behayolik bilan mazah qilyaptimi, anglab boʻlmadi — tonggi gʻira-shirada uning navqiron chehrasidagi ifodani ajratib olish qiyin edi. Ammo ovozida haqoratomuz ohang yoʻq edi, bu esa beixtiyor ravishda chekistga nisbatan bir iliqlik uygʻotdi.
— Men axir aybdor emasman, — dedi Shestak oldinga qadam tashlab. — Ter-govchi Kutasov biladi. Men zararkunanda emasman.
Kostikov miriqib papirosini tortdi-da, xayolchan bir qiyofada ogʻzi-burnidan buruqsitib tutun chiqardi.
— Albatta, aybdor emassan. Agar aybdor boʻlganingda seni qiyma-qiyma qilib tashlashardi, bironta qovurgʻang sogʻ qolmagan boʻlardi. Xotiningni koʻz oʻngingda… Aybdor boʻlsang shunaqa boʻlardi. Hozir esa tepalikdagi qayinzorda xotirjamgina otib tashlaymiz, vassalom. Toʻgʻrimi, burjuy? — qoʻqqisdan u Valeryanovga murojaat qildi. U boshqalardan nariroqda turardi.
Komendantning yordamchisi nima qilib boʻlsa ham Valeryanovning jigʻiga tegishga, uni javob berishga majbur qilishga harakat qilardi. Ammo u javob bermadi. Balki u yosh chekistning gaplarini eshitmagandir ham. Oʻzining hayotida oʻn toʻqqizinchi yildan beri — uni Alushtada otib tashlamoqchi boʻlishgandan buyon bunaqa chekistlardan ozmunchasini koʻrdimi? Albatta, oʻshanda otib tashlashganda keyinchalik boshiga tushgan juda koʻp savdolardan uni ozod qilgan boʻlishardi. Ammo Alushtada qoʻyib yuborishdi. Oʻshanda koʻngillilar armiyasining elliktacha zobitlari qatorida sharob saqlanadigan yertoʻlada suvsiz, ovqatsiz, hatto hojatga ham chiqarmay uch hafta ushlab turishgan edi. Valeryanov ochlik va tashnalikdan koʻra ham hojatga chiqarmaganlaridan koʻproq azob chekdi, u notanish odamlarning koʻz oʻngida ancha vaqtgacha “katta”sini ham, “kichigi”ni ham qilolmay yurdi — ana oʻshanda chekistlarning gʻayri insoniy qiyofasini anglab oldi. Ular odam emas. Agar ularni risoladagi aql bilan idrok etishning iloji boʻlsa, faqat shunday deb taʻriflash mumkin. Valeryanovning tugʻishgan ukasi poruchik Arkadiy Arkadevich qanaqa odamlar bilan muloqotda boʻlayotganini tushunib yetmadi, shekilli — qiziqqonlik qildi, norozi boʻldi, bahslashdi. Oxir-oqibatda esidan ogʻib qoldi. Uni itday otib tashlashdi va yoʻl boʻyida oʻsgan sassiq alaflar ichiga uloqtirishdi. U esa hech qayerda qarshilik koʻrsatmadi, norozilik bildirmadi, hech kim bilan talashib-tortishmadi, imkoni boricha oʻzini oʻtdan past, suvdan tinch tutishga harakat qildi. Asosan shu sababdan mana — oʻlmay tirik qoldi. Xoʻsh, oqibatda nimaga erishdi? Ukasining qismati uning ham boshiga tushdi-ku! Faqat, oradan oʻn besh yil oʻtgandan keyin… Shunaqa ekan, arzirmidi shuncha urinishlar?
Bu orada osmon yorisha boshladi. Yoʻlning ikki chekkasida gʻira-shira adirlik bagʻridan dala va uning etagidagi butazor suzib chiqdi. Osmondan mayda kuz yomgʻiri goh yogʻar, goh tinardi, dala tomondan gʻarbning namxush shabadasi esa boshladi. Dala yoʻli adirga olib boradi. Mashinalar yuraverib, yoʻdda ikkita chuqur ariqcha yasagan. Hozir ular loyqa suvga toʻlib yotipti. Shaharliklar bu yoʻldan koʻp qatnamaydi. Ariqlar ichki ishlar xalq komissarligi mashinalarining gʻildiraklaridan hosil boʻlgan, yoʻlning oʻzini ham shular solgan. Koʻproq kechasi qatnashgan. Baʻzan, kunduz kunlari ham yurishga toʻgʻri kelgan. Ayniqsa, Moskvadan tekshiruvchilar bosganda… Shahar turmasini oshigʻich ravishda yengillatish talab qilinardi.
Kostikovning gaplariga Valeryanov pinagini buzmagani unga yoqmadi.
— Hoy burjuy! Senga gapiryapman!
— Eshityapman,— dedi Valeryanov past ovozda.
— Mening yaxshiligim uchun qulluq qil. Otib tashlamoqchi boʻluvdim…
— Rahmat.
— Shunaqa-da! Rahmatni ham oʻzing tilab olishing kerak. Tarbiya koʻrmagan bir burjuysan-da!
— Uzlarining burjuylari bilan muomala qilishganda juda ham boadab boʻlib qolishadi,— deb gapni ilib ketdi Shestak,— ogʻizlaridan “minnatdorman” tushmay qoladi.
— Oʻzlarinikiga shunaqa qilishadi, yoʻqsullarga qilishmaydi,— deb gap qoʻshdi Survila. — Yoʻqsullar ularning dushmani.
— Kam otishgan-da ularni,— dedi Shestak.
— Anchasini otib tashlashgan. Lekin hammasini otib bitirib boʻlarmidi? Koʻproq ayblarini izlashgan. Dalil-isbot qidirishgan. Oʻzlari iqror boʻlishini kutishgan. Qancha qogʻoz isrof boʻldi-yu…—dedi alam bilan Survila goʻyo yigʻilib qolgan dardini aytib yigʻlayotganday.
— Yozib nima qilisharkin?.. — hayron boʻldi Shestak. —Axir, aksilinqilobchi “mana man” deb koʻrinib turmaydimi? Mana kostyumi, mana koʻylagi, mana — shapkasi…
— Balki boʻyinbogʻi ham bordir? — deb jilmaydi Kostikov.
— Ha, bor, albatta,—deb past ovozda javob berdi Valeryanov, — har bir ziyoli odamda boʻyinbogʻ boʻladi.
— Otilishi muqarrar boʻlsa-yu, yana boʻyinbogʻ bogʻlasa… Boʻyinbogʻ nima qilib berardi? Yo turmada oʻzini osishga yarab qolarmikin?
— Shu bilan jazodan qutulib qolaman deydi-da, — deya luqma tashladi Survila. — Bizda bunaqa nomer oʻtmaydi. Bizda tartib qattiq!
He oʻsha tartiblaring boshlaringni yesin, degan fikr oʻtdi Avtuxning koʻnglidan. Uning usti-boshi shalabbo, izgʻirindan suyaklarigacha sirqirab ketgandi. Avtux ularning turli-tuman tartiblari bilan soʻnggi yillarda qishloqda xoʻb tanishib ulgurgan edi. Chalasi bilan turmada tanishdi. Sovet hokimiyatiga uning qarshiligi yoʻq edi — u siyosatga kam qiziqardi. Lekin uning yeri bor va u oʻzining nonini oʻzi topib yeyishni istar edi. Holbuki, uning yoqasidan olib, kolxozga kirasan deyishadi. Kolxozga kirsa kirib ham qoʻyaqolardi. Lekin kolxozda qanday xoʻjalik yuritishlarini va buning oqibatida nimalarga ega boʻlishlarini xoʻpam tuyib koʻrdi. Kolxozdagi tartiblar koʻz koʻrib, quloq eshitmagan tartiblar edi. Bunaqa tartiblar dunyoning hech qaysi burchagida boʻlmasa kerak. Kartoshka yer bagʻrida sovuq tushgunicha chirib yotaveradi. Yogʻingarchilik vaqtida oʻrib olingan gʻalla yanchilmasdan xirmonda qolib ketadi va turgan joyida qizib tamom boʻladi. Asbob-aslahalar uch yil mobaynida shalagʻi chiqib yoʻq boʻlib ketishga keldi. Aravani tuzatadigan, egar-jabduqni sozlaydigan odam yoʻq. Hamma hosilni davlatga topshirishadi, oʻzlariga loaqal urugʻlikka olib qolishmaydi, apreldan boshlab koʻk yeyishadi. Oʻrmon yoqasidagi bir shapaloq yerining orqasidan u zoʻr-bazoʻr kunini koʻrib kelardi, tuzukroq yashashiga yoʻl qoʻyishmas edilar. Bahorda uning yerini qirqishardi, unga sassiq alaflar bilan qoplangan noqulay boʻlakni qoldirishardi va yana “kolxozga kirasan” deb tiqilinch qilishardi. U kirmayman deydi. Shunda oʻtloqni olib qoʻyishadi, sigirni boqadigan joy qolmaydi. Keyin uning gʻaramlarini tortib olishadi. Sababki, kolxoz molxona qura boshlagan emish, shunga uskuna kerak boʻlib qolipti. Buyumlarining hammasini kolxoz olib borib bir joyga taxlab qoʻydi, kolxozchilar ularni qishi bilan olib ketib oʻtin qilishdi. Yana boshliqlar kelib dagʻ-dagʻa qilishdi — endi ham kirmaysanmi kolxozga? Shunda ular xutordan katta yerga olib boradigan yoʻlni traktor solib kavlab tashlashdi. Haydalgan yerdan yurib oʻrmondan aylanib, bir-ikki chaqirim yoʻl bosib boriladigan boʻlib qoldi. Goʻyo u Polshaga qatnab turadi degan mishmishlar shu sababdan tarqagan boʻlsa, ajab emas. He-e, senlarning goʻrlaringni shunaqa olisdan bersin-a— deb oʻyladi alam bilan Avtux Kozel.
Hamma narsasini olib, shipshiydam qilishdi, qirqadiganning hammasini qirqib olishdi, xullas, xonavayron qilishdi. Keyin uning toyiga koʻz olaytira boshlashdi. Kolxoz otlari allaqachon qirchangʻiga aylanib boʻlgan edi, ularni rosa ishlatishar, lekin yolchitib boqishmasdi. Avtuxning toychogʻi esa xuddi suvratdagidek, gijinglab turar edi. Oʻzining baytalidan boʻlgan bu toyni Avtux juda mehrini qoʻyib parvarish qilar, hattoki uni boʻy yetib qolgan qizlaridan ham aʻlo koʻrardi. Baʻzan shunday boʻlardiki, Avtux oʻtloqdan aravaga oʻt bosib kelardi, kechgacha u shu darajada toliqib qolardiki, toʻshagiga chiqib yotishga ham holi qolmas edi. Buning ajablanadigan joyi yoʻq — har qaysi tepalikda yelkasi bilan aravani suyaydi, uni itarib, goʻyo otiga yordam bergan boʻladi. Rost, toychogʻi ham egasining ahvolini yaxshi fahmlayotganga oʻxshardi, u harakat qilar, hali kamquvvat oyoqlarining tomirlari koʻpchib ketgudek boʻlar, oʻtni qancha ortsa ham aravani tortaverardi. Shunaqa otni kolxozga topshirib, hammaning mulkiga aylantirib boʻlarkanmi? Bir yozning oʻzida uni ishdan chiqarib, harom oʻddirishardi. Yoʻq, toyni oʻgʻirlab ketishdi. Kechqurun uni otxonasiga olib borib, oyoqlariga arqon soldi, lekin kishan urmadi — kun boʻyi harakat qilib horigan oyoqlarga rahmi keldi. Kim oʻgʻirlaganini Avtux darhol fahmladi. Nimasi bor, buni qishloq ahlining hammasi bilardi. Qishloqda faqat bitta oʻgʻri bor edi. U Avtuxdan oldin ham odamlarning mollarini oʻgʻirlab yurgan. Avtux rayonga yugurdi, militsiyaga, prokurorga uchradi. Hech narsa chiqmadi. Hammalari indamay quloq solishdi, dardiga hamdard boʻlganday boʻlishdi, lekin qidirishni xayollariga ham keltirishmadi. Avtuxning oʻzi oʻgʻri kim ekanini koʻrsatib berganini ham inobatga olishmadi. Asosli dalil kerak deyishdi, dalil esa yoʻq. Ammo Bolozev otlarni oʻgʻirlab, polesʻelik loʻlilarga pullab yurishi koʻpdan beri odamlarga maʻlum boʻlsa, yana qanaqa isbotu dalil kerak? Yoʻq, bu gap ketmas ekan. Dalil-isbot boʻlishi kerak ekan. Tartib shunaqa ekan.
Unda juda asosli dalillar zarur boʻlgandi, bu ishda esa, umuman, hech qanaqa dalil-isbotsiz ham boʻlaverar ekan. Avtux hech qachon chegaradan oʻtishni xayoliga ham keltirgan emas. Polshada nima qiladi u? Pishirib qoʻyiptimi? Bular boʻlsa borgansan deyishadi. Goʻyo biror marta uni Polshada ushlab olishganday. Yoki uni birov koʻrgani borday. Shundoq boʻlsa ham, borgansan deb yozishdi, vassalom. Boʻyningga olasan!
U ahmoq ham anavi partiya aʻzosining gapiga kirib, boʻyniga olib oʻtiripti-ya! Aytgan qogʻozlariga qoʻl qoʻyib berdi. Shunday qilsa, yaxshi boʻladi deb oʻylovdi. Yoʻq, bunday boʻlmadi, aksinsa, teskarisi boʻldi. Endi uzil-kesil ishning pachavasi chiqtsi, shekilli, Polyak josusi boʻlib qoldi. Oʻziga ham, qizlariga ham yaxshi sovgʻa boʻldi. Bir umrlariga tatiydi.
— Ha, bolshevikcha tartib! — deya maʻqulladi Shestak.— Sichqon ham oʻtolmaydi.
— Sen uningni oʻchirib oʻtirsang-chi! — deya qoʻqqisdan uning gagshni choʻrt kesdi Kostikov. — Senga tushib qolgan gap bormi, sotqin?
— Menmi? — deb boʻzarib ketdi Shestak.
— Ha, sen, sen, — deya ravon ohangda takrorladi komendant yordamchisi va Valeryanov tomonga bosh irgʻadi. — Manavi sotqin emas, chunki u oshkora dushman. Oq ofitser. Yana nima balo. Sen boʻlsang, vaʻdani bizga berib, ishratni boshqalar bilan qilasan.
— Men boshqalar bilan ishrat qilmaganman. Men oʻzimiznikilar bilan…— deb qizishdi Shestak.— Men partiyaga xizmat qilganman. Men bolshevikman. Meni bu yerga qamaganlari… xatolik boʻlgan…
— Boʻpti,— deb qoʻl silqdi Kostikov. — Tagiga yetishadi.
Kanday qilib tagiga yetisharkin — Shestak buni tushuna olmadi. Kim tagiga yetadi? Kachon? Umuman, bu nima degani? Chekistning gapi juda-juda mujmal edi, ammo shu mujmallikda choʻkayotgan odamga xizmat qiladigan somon parchadek allanechuk xalos etuvchi maʻno bor edi. Bordi-yu hali chindanam biror ilinj boʻlsa-ya? Shestak shuni oʻylab, bir kayfiyatda, biroq yuragida jinday umid paydo qilib, yashirin alam bilan bir chekkaga chiqtsi. Komendant yordamchisining yoniga Survila keldi.
— Hoy, menga qara, — dedi u yaqin turganlar eshitmasin uchun ovozini pastlatib. — Meni hammi?
— Seni ham,— dedi Kostikov unga chaqnagan koʻzlarini tikib. Survilaning goʻshtdor basharasida taajjub ifodasi paydo boʻldi.
— Manavilar bilan birga-ya?
— Bu yogʻini koʻramiz, — dedi chekist bir necha muddat indamay turgach. Keyin sobiq hamkasabasining boʻgʻriqib ketgan yuziga papiros tutunini pufladi.
Kostikovning bu mujmal gapi Survilaning yuragida ham nochorgina umid uchqunini yoqdi. Albatta, yaqin-yaqinlarda hamkasaba boʻlib yurgan odam hukmni ijro etmaslikka jurʻat qiladi degan oʻyni Survila xayoliga ham keltira olmas edi. Buni qoʻying, u hatto buyruqni bajarishda jinday yengillikka ham yoʻl qoʻya olmaydi. Lekin shundoq boʻlsa ham — u jinday yumshashi mumkin-ku? Hukmni sal yumshoqroq ijro etsa ham boʻladi-ku! Axir, oʻzining odamiga — chekistga imkoni boricha bir oz yon bossa hech narsa qilmas. U mahkum boʻlsa-da, baribir odam-ku? Axir, uning gunohi har qancha ogʻir boʻlmasin, manavi xalq dushmanlarining gunohi bilan qiyoslab boʻladimi? Axir, Survila otib tashlaganlaridan keyin ham Dzerjinskiy armiyasining sadoqatli soldati boʻlib qolaveradi. Ori rost, u ham ancha-muncha xatoliklarga yoʻl qoʻygan. Ularning koʻpchiligi tajribasining kamligi va oʻqimagan bir omi boʻlgani uchun roʻy bergan. Bir yosh toliba qiz bilan shunaqa boʻlgandi. Uni otib tashlashga toʻgʻri kelgandi. Oʻshanda u hali yosh edi. Qizaloq ham bir qarashda jonni olar darajada dilbar edi — nimjongina, kelishgangina, istarasi issiq, betining yarmi koʻzdan iborat. Shu koʻzlarga qaradi-yu, Survilaning ixtiyori qoʻldan ketdi, qizni otishga yuragi betlamadi. U tegmaydigan qilib otdi. Oʻq qulogʻining yonidan oʻtib ketdi. Lekin qiz, bari bir, handaqqa qulab tushdi — aftidan, qoʻrqqanidan hushidan ketib qolgan boʻlsa kerak. Qiz yiqilganicha shu xandaqda boshqa jasadlarning tagida qoldi. Buni hech kim payqagani yoʻq. Keyin ham hech kim hech qachon uning qilgʻiligʻidan xabar topgani yoʻq. Lekin baribir Survila ancha vaqtgacha oʻzini gunohkor his qilib yurdi, chunki tushundiki, qiz bolaning jozibasiga dosh berolmadi, qarshisida fosh qilingan makkor dushman turganini unutib qoʻydi. U oʻzining bu xatosini bir umrga eslab qoldi, ehtimolki, shuning uchundir, butun umri davomida boʻynidagi yumushlarni keragidan ortiq oʻrinlatib bajarishga harakat qildi. Uning harakati samarasini berdi. Ancha vaqt oʻtgach, tergov boʻlimida ishlab yurgan kezlarida yarim yil uchun eng yuksak koʻrsatkichga erishdi — 127 kishiga oliy jazoni yopishtirdi. Oʻshanda uning suvrati yil oxirigacha boshqarmaning Hurmat taxtasida osigʻliq turgan edi.
Endi boʻlsa, mana —uning oʻzini…
Ular hordiq chiqarib, nafaslarini rostlab ulgurmay, shahardan keladigan yoʻdda mashina paydo boʻldi — u ham usti yopilgan, kattakon yuk mashinasi boʻlib, oʻydim-chuqurlarda sakrab-sakrab chayqalib kelardi. Mashina yaqin kelib toʻxtadi. Undan shinel kiygan uchta oʻqchi askar tushdi va qoʻllaridagi miltiqni oʻqtalib, mahkumlar guruhiga yopirilishdi.
— Ostavit!— deb xotirjam komanda berdi Kostikov.— Hammasi joyida. Shofyorlar tunuka idishdagi benzinni mashinaga quya boshlashdi, mahkumlarni esa Kostikov yana kuzovga joyladi. Kuzovda ularni uyqusiragan Zaykovskiy ranjib qarshi oddi.
— Uxlagani ham qoʻymadinglar…
— Hali koʻp uxlaysan,—dedi Survila, — zax yer bagʻrida…
— He-e, jin ursin. Bunaqa hayotdan koʻra, — deb soʻkindi bezori va kuzov ustiga uzun gavdasi bilan koʻndalang choʻzildi.
Ular yana uydim-chuqur loy yoʻldan oʻrmalaganday ketib borishar, orqalaridan esa ikkinchi mashina sekin kelardi. Lekin hammalari choʻzilib ketgan bu sayohatlari oxirlab borayotganini his qilishardi. Ularning har qaysisi safar oxirida roʻy beradigan mudhish voqea haqida uncha oʻylamaslikka harakat qilar, lekin oʻylamaslikning iloji yoʻq edi. Feliks Yashin sud boʻlgan kundan beri uni qanaqa qilib otib tashlashlarini koʻz oldiga keltirishga urinardi. Otishning aniq tartib-qoidalarini u, albatta, bilmas edi, ammo eslaydi. Oʻqchilar qator saf tortib turishadi, nayzali miltiqlar gʻisht devor tagidagi qurbonlarga oʻqtalingan. Kurbonlar oq koʻylaqda, har birining koʻksi iftixor bilan togʻday koʻtarilgan. Uqchilar baravar oʻq uzadi. Miltiqlarning ogʻzidan yengilgina koʻkish tutun koʻtariladi, qurbonlar Tʻer jallodlariga laʻnatlar yogʻdiradi. Chiroylik! Xoʻsh, bu yerda-chi? Qani ular uchun saf tortgan oʻqchilar? Anavi mashinada oʻtirgan askar yigitlarning uchta miltigʻi-yu, komendant yordamchisining bitta toʻpponchasi chiroyli qilib birvarakay oʻq chiqarish uchun kamlik qilsa kerak, albatta. “Laʻnat!” deb kimlar hayqirarkin? Feliksga qolsa, u sira ham qichqirmaydi, unga desa jallodlari ham, qurbonlari ham qoʻshmozor boʻlmaydimi! U yerda — turmada va tergovda. Avtuxdan dehqoncha fahmsizligi uchun qattiq oʻpkalagan edi. Biroq keyin maʻlum boʻldiki, uning hamqishlogʻidan yuz chandon oʻtib ketadigan nusxalar ham bor ekan. Loaqal anavi Shestakni olaylik. U bilan Feliks kamerada bir necha marta suhbatlashgan, adabiyot haqida unga nimalardir deb gapirgan. Shestakka oʻxshaganlar kamerada bittamidi? Yaxshi hamki, ular bilan birga Survila oʻtirgani yoʻq. Uni alohida kamerada saqlashgan boʻlishsa kerak-da. Chekistlarning kameralari ham boshqa. Hayotda ham ularning hamma narsasi boshqa-ku! Faqat u — shoirgina oddiy xalq bilan birga, shodliksiz gʻam-gʻussalari bilan birga. Feliks Yashin necha martalab pushmon yedi — nega endi adabiyotga mehr qoʻydi? Nega oʻqidi? Nega shoir boʻlmoqni havas qildi? Undan koʻra savodsiz oʻtgani ming bor yaxshi emasmidi? Uning ukasi toʻrt sinfni bitirgan. Kolxozda ishlaydi. Kitobsiz, sheʻrsiz ham kunini koʻrib yuribdi-ku! Kitobsiz oʻlib qolayotgani yoʻq.
Undoq desa Avtux amaki ham sheʻr yozgan emas, yozish bir yoqtsa tursin, umrida sheʻr oʻqimagan ham boʻlsa kerak. Shunday boʻlsa-da, endi ularning jasadi bir chuqurda yonma-yon. Shunaqa boʻlgandan keyin hayotda nima qilganingni oʻzing topib olaver.
Bu paytda Avtuxning fikrlari mashinadan, oʻnqir-choʻnqir yoʻldan va hatto oradan koʻp oʻtmay shahar yonidagi oʻrmon dahanasida uni muqarrar tarzda qarshi oladigan qismatdan ham olisda edi. Avtux hozir ham oʻziga odat boʻlib qolganidek butun fikri-zikrini hamisha — erkin yurganida ham, turmada ham va hatto oʻlim sari olib ketayotgan soʻnggi yoʻlda ham band qilib kelgan eng muhim narsa toʻgʻrisida oʻylardi. Afsuslar boʻlsinki, bular befoyda oʻylar edi, chunki bu oʻylar oʻtmishga qaratilgan edi. Oʻtmishni esa na qaytarib boʻladi, na undagi biron narsani oʻzgartirish imkoni bor. Oʻrmon yoqasidagi jilgʻa boʻyida bir necha ariq kartoshka kavlanmay qolib ketdi. Kuz yomgʻirlari bosib yogʻib bersa bormi! Unda u yerlarga kirib boʻlmay qoladi. Xotini ulovsiz faqat belkurak bilan qanday eplaydi? Kech qolsa, sovuq urib ketadi, kartoshka nobud boʻladi. Kishda nima yeysan? Rost, hozir yeydigan ogʻizlar kamayib qolgan, lekin ishlaydigan azamatlar ham kamaygan-da! Eng muhimi esa, xoʻjalik egasiz qoldi — uning oʻrnini beshta ishlaydigan azamat ham bosolmaydi.
Mashinaning kuzovi bir yonga ogʻdi, keyin kabina koʻtarilib ketdi. Mashina allaqanday doʻnglikdan oshib oʻtib, toʻxtadi. Zaykovskiy gʻashi kelib nim qorongʻiliqda oʻrnidan turdi-da, keyin yana oʻtirdi. Aftidan, qandaydir yangi bir narsani his qildi, shekilli, soʻkinmadi. Boshqalar ham indamay gʻuj boʻlib olishdi — ular nimanidir kutishardi. Eshikni hali ochishganicha yoʻq, ularni tashqariga chiqarishmayapti. Tashqarida soqchilar gʻoʻngʻir-gʻoʻngʻir nimanidir gaplashishyapti, kimdir qaygadir yugurib ketdi. Aftidan tayyorgarlik koʻrishmoqda edi.
Nihoyat, taqir-tuqur qilib eshik lang ochildi. Mashina bir yonga ancha-muncha ogʻganicha qaragʻay nihollari oʻsgan joyda turardi.
— Qani, chiq! Bittadan!
Lekin hech kim oʻrnidan qoʻzgʻolmadi, bir lahza goʻyo hamma gung boʻlib qolgandi. Biroq oradan koʻp oʻtmay Kostikovning tabassumli basharasi koʻrindi. U gapni tahdidli tarzda soʻkinishdan boshladi.
— Nima, alohida taklifni kutyapsanlarmi? Hoy, sen! — deb kuzovda birinchi koʻzi tushgan odamga oʻqraydi. Bu Avtux edi. — Qani, tush bu yoqqa!
Avtuxning yuragi alamdan oʻrtanib ketdi — nega endi u birinchi boʻlar ekan? Nima, bu yerdagilarning ichida eng katta dushmanmi? Undan kattaroq dushmanlar ham bordir?.. Ammo iloj qancha? Komendant yordamchisi kutib turipti. U besoʻnaqay tarzda mashinadan tushdi.
Roʻparasida tonggi yengil tuman ichida qaragʻay nihollari mudrayotganday sokin turardi. Ularning orasida esa diqqat-eʻtiborini bir nuqtaga jamlab, navqiron qizil askarlar qotib turishipti. Bir oz chekkaroqda pastliqda qumloq adir sargʻayib koʻrinyapti. Hammasi ravshan edi…
— Qani! Olgʻa!
Tushunib boʻlmaydigan qahru-gʻazab bilan Kostikov Avtuxning yelkasiga turtdi. Avtux esa, oyogʻi hoʻl maysaga chalishib qolib, yiqilib tushli. Koʻkragida yuragi qinidan chiqib ketay deb gurs-gurs urardi. Oʻzining beoʻxshov, faqirona qiyofasi uchun juda xoʻrligi kelib ketdi, qattiq alam qildi — ayniqsa, undan koʻzini olmay tikilib turgan harbiy kiyimdagi navqiron, sarishta yigitlar qarshisida xijolatdan yerga kirib ketay dedi. Kalovlanib oʻrnidan turdi-da, toʻsatdan qalbini oʻrtay boshlagan alamni yenga-enga, chuqur tomon nochorgina qadam tashladi.
— Boʻpti, choʻqinib ol, — dedi Kostikov past ovozda, deyarlik doʻstona ohangda. Ulgurmay qolishdan qoʻrqqan Avtux pravoslavlarga xos tarzda oʻngdan chapga qarab shosha-pisha choʻqindi. Chorigʻi yumshoq tuproqqa tegdi. Tuproq shuvillab chuqurga toʻkildi. Avtux vaqtidan oldin chuqurga qulab tushmay deb qoʻrqib ketdi. Boshi aylandi, koʻngli behuzur boʻldi. U koʻzlarini yumganicha kuta boshladi. Tezroq boʻlaqolsa goʻrga edi…
— Qoʻrqadigan joyi yoʻq, — dedi avvalgidek doʻstona ohangda chekist. Toʻpponchasining zatvorini shiqirlatib, oʻqdonga birinchi oʻqni joyladi. Avtux endigana qazilgan chuqurga qarashga ulgurgan ham ediki, orqasida boshi ustida oʻq paqilladi. Chuqurning oʻzi Avtux sari tashlandi — unga bagʻrini tutdi.
— Ana! Bittasi boʻldi! — dedi komendant yordamchisi bardam ovozda. U mashinaga oʻgirildi. Uning chekistlik ishi boshlangan edi. U bu ishni epchillik bilan oʻrniga qoʻyib bajarardi. Har doimgidek yana mashinada hamma taxta boʻlib qoldi. Goʻyo endi kimni chaqirar ekan deya kutib, biqinib olishganday. Komendant yordamchisi koʻrib qoldimi yo esladimi — mashinaning orqa tomoniga qapishib, indamay turgan Zaykovskiyni chorladi.
— Hoy sen, bezori!
Zaykovskiy bir lahza kutib, oʻrnidan turdi, qatʻiyat bilan eshik tomon yurdi-da, mashinadan sakrab tushdi.
— Qoʻlingni orqaga! Orqaga!
— Qanday orqaga qilaman. Mana, singan, koʻrmayapsanmi?
— Hozir ikkinchi qoʻlinpsh ham sindiraman! — deb uning yengiga yopishdi Kostikov. Ammo Zaykovskiy chap berib qoldi.
— Tegma! Senga otish buyurilganmi — otaver. Lekin qoʻlingni tekkizma!
— Voy sen bezori-ey!
— Men bezori emasman.Men siyosiyman. Hammang qoʻshilib ham menchalik boʻlolmaysan.
— Shunaqami?
— Shunaqa.
— Xoʻp, ketdik, boʻlmasa! — dedi xotirjamgina Kostikov toʻpponchasi bilan chuqur tomonga ishora qilib. Yaqin oʻrtada turgan jangchilar nayzalarini koʻtarishdi. Aftidan, bunaqa dahanaki jangni ular bu yerda kamdan-kam koʻrishardi.
— Menga qara, bilib qoʻy,— deb birdan toʻxtadi Zaykovskiy. Kostikov ham toʻxtadi.— Agar sening oʻzingai otadigan boʻlishsa, bu chuqurda otishmasin. Hamma yeqni sasitib yuborasan.
— Voy iflos-ey! — gʻazablandi komendant yordamchisi va Zaykovskiyning koʻkragiga qarab oʻq uzdi — bir emas, uch marta otdi. U chuqurga yetib Gormay, quladi, uning gavdasi tagida bir zumda qonli koʻlmak hosil boʻldi.
— Menga doʻq qiladi-ya! Koʻrsatib qoʻyaman doʻqingni! — Kostikov sira oʻzini bosib ololmadi.
Aftidan, otib tashlangan mahbusning zaharli gaplari chekistga qattiq botgandi. U jinoyatchining gavdasi jon talvasasida silkinayotganini kuzatib, yana bir necha daqiqa toʻpponchasini oʻqtalib turdi. Bir yonga tashlangan sogʻ qoʻli bilan Zaykovskiy hoʻl maysani changallab olgan, ammo uni uzib olishga holi yoʻq edi. Barmoqlar kuchdan qolib boʻshashdi.
Avvaliga Kostikov xotirjam edi, butkul ishchanlik kayfiyatida edi. Endi sezilarli darajada kayfiyati buzila boshladi. Hukmlarni ijro etishning odatdagi jarayoni izdan chiqa boshladi. Bunga asosiy aybdor moskvalik bezori edi. Oʻzlarining, yaʻni belorus xalq dushmanlari bilan hech qachon ortiqcha chalkashliklar chiqmas edi. Beloruslar hamma vaqt itoatkor boʻlishgan, xandaq oldida oʻzlarini osoyishta tutganlar, intizomga boʻysunganlar. Turma, uzoq davom etgan tergov, sud ularni uzil-kesil sindirgan. Ana shunaqalarni otsang maza qilasan-da! Rost, baʻzi birlar (ayniqsa, partiya aʻzolari) oʻlim oldidan oʻzlari koʻnikkan shiorlarni aytib qichqirishadi: “Yashasin oʻrtoq Stalin!” Yo “komunizm”… Baʻzilar hatto “Yashasin jahon inqilobi!” deydi. Kostikov bunaqa xitoblarga oʻrganib qolgan, indamaydi. Mayli, yashasa yashayversin. Shunday derdi-da, navbatdagi egilgan boshga qarab oʻqini uzaverar edi. Uning koʻz oʻngidan qanchadan-qancha boʻyinlar oʻtmadi — ularning baʻzilari qora yo malla, silliq yo serjun, tuklari oqargan yoxud taqir. Lekin ularning birontasi Kostikovni haqorat qilgan yoxud haddi sigʻib soʻkkan emas. Siyosiy jihatdan ongli boʻlishgan-da, azamatlar. Manavi zoti past haromzoda boʻlsa…
— Bir yoʻla ikki kishidan chiqlaring! — deb gʻijinib buyruq berdi Kostikov mashina yonida. — Sen — oqgvardiyachi va sen — ikki pullik shoir! Tezroq!
Feliks Yashin itoatkorlik bilan mashinadan sakrab tushib, sherigini kutib turdi. Valeryanov kuchdan qolgani uchun kuzovdan besoʻnaqay tushdi — qorniga oʻgirilib, oyoqlarini yerga choʻzdi. Keyin barmoqlarining asabiy harakatlari bilan paltosining tugmalarini qaday boshladi. Dusya bir amallab tirik qolishi mumkindir degan oʻy keldi unga qoʻqqisdan. Xotinining yoʻqsullar tabaqasidan ekani nahotki asqotib qolmasa? Bolalari ham tirik qolishsa ajab emas. Mayli, yetim-esir boʻlishsa ham. Bekorga oʻlib ketgandan koʻra yaxshi-ku!.. Har nima boʻlganda ham, baribir, hayot shirin-da!..
Qizil askar Zaykovskiyning tinchib qolgan jasadini chuqurga sudrab tushirdi. Adir ustidagi yumshoq qumloqni ularning etiklari ancha toptab qoʻygan, shu vajdan handaqning labi oldidagi ensizgina maydoncha ancha qulay boʻlib qolgandi. Valeryanov tiz choʻkib, uch bora choʻqindi-da, qimir etmay qotib qoldi. U oʻzining mudhish qismatini — koʻpdan kutilgan intihosini qarshi olishga tayyor edi. Ibodat qilib olmoqchi boʻldi-yu, lekin ulgurmayman deb oʻyladi. Feliks Yashin parishonxotirlik bilan uning yoniga oʻrnashdi. Unga nimadir halaqit bermoqtsa edi, Valeryanov pastga qarab, xandaqning uncha chuqur emasligini koʻnglidan oʻtkazgan ham ediki, orqa tomondan ketma-ket yangragan ikki oʻq ularning ikkovini xandaqqa qulatdi.
Mashinada ikki kishi — Shestak bilan Survila qolgan edi.
— Sotqin, qani chiq!
Mashina kuzovining eshigida Shestakning boʻzargan yuzi koʻrindi. Soqoli bir necha kundan beri qirilmaganidan pataklanib ketgandi.
— Menga aytyapsanmi?
— Ha, senga. Senga! Qani, tush.
— Men sotqin emasman. Boya aytuvdim-ku! Bu — anglashmovchilik. Xato!
— Qanaqasiga xato boʻlarkan? — deya jon-poni chiqib ketdi Kostikovning.— Hammasi xatga tushgan, imzolar chekilgan. Qani, qadamlab marsh!
Rangi oʻchgan, oʻzini yoʻqotib qoʻygan Shestak mashinadan sakrab tushdi-da, ogʻzini kalpa-kappa ochib, qurt yegan, yarmi singan tishlarini koʻrsatib esnay boshladi.
— Men, axir… Men, axir… Meni otib boʻlmaydi! Men partiya aʻzosiman! Bunday gaplarni yoki shunga oʻxshash iltijolarni Kostikov xandaq tepasida koʻp eshitgan edi. Ayniqsa, partiya aʻzolari otilish oldidan koʻp tavallo qilishardi. Bunday hollarda Kostikov sinalgan dalilini ishga solar va bu dalil hamisha bexato amal qilardi.
— Agar sen partiya aʻzosi boʻlsang, nima boʻq yeb organlarga qarshilik koʻrsatyapsan?
— Menmi? Men… koʻrsatayotganim yoʻq…
— Marsh undoq boʻlsa! Xandaqqa joʻna! Yordam beraymi?
Shestak xuddi mastga oʻxshab gandiraklab xandaqqa joʻnadi. Ammo toptalgan qumloqqa yetib borgach, yana toʻxtadi:
— Toʻgʻri ish boʻlmayapti-da…
— Hammasi toʻgʻri! — dedi komendant yordamchisi va uning boʻyniga oʻq uzdi. Shestakning qoq suyak gavdasi xandaqqa — undan avval qulagan jasadlar yoniga yiqildi.
Kostikov mashinaning yoniga qaytib kelganida Survila qismatiga tan bergan holda uni kugib turardi. Mahkumning shishinqiragan basharasi butkul koʻkarib kettan edi — bunaqa kechinmalarga dosh berolmagani shundoq sezilib turardi.
— Nima, meni ham shu yoqqami? — deb soʻradi u nigohini qumloq adirga tikib.
— Qayoqqa boʻlmasa? Mening alohida xandaqim yoʻq.
— Kavla.
— Bir kamim shu qolgan edi.
— Oʻzim kavlay qolay, boʻlmasa.
— Mayli, kavlay qol! — deb rozi boʻldi Kostikov bir oz oʻylanib.
— Qayerdan kavlay?
— Qayerdan boʻlardi? Manavi yerdan kavlay qol. Boʻla qol, tezroq. Survila shosha-pisha, asabiy bir holatda maysa aralash yumshoq qumni tevaragiga sochib kavlay boshladi. U kavlayotgan chuqurining bejirim boʻlishini xayoliga ham keltirgani yoʻq. Shuning uchun xandaq toʻrt burchak boʻlish oʻrniga deyarlik doira shaklida chiqdi. Qaragʻayzor ichi unchalik sovuq emas edi. Survila bir daqiqa kavlashdan toʻxtab, urinqiranib qolgan jigarrang charm kamzulini yechdi-da, Kostikovning oyogʻi ostiga tashladi.
— Ma, ol. Bekor ketmasin.
Komendant yordamchisi loy chaplangan xrom etigi bilan tepib, charm kamzulni nariroqqa uloqtirdi. Survila yalinib oʻtirmadi, xohlamasa-xohlamas. Uning oʻziga ham hech narsa kerak emas. Manavi alohida goʻrdan boshqa. Organlar tomonidan fosh qilingan dushmanlar bilan birga yotgandan koʻra bu yerda bir oʻzi yotgani maʻqulroq boʻlar. Lekin shundoq boʻlsa-da…
— Nima vajdan-a? Organning halol xodimini-a? Nima jinoyat qildim? Begunoh dushmanni mahv etdimmi? E-e, ularni minglab oʻldirsang ham oz. Zarbdor ishim uchun meni toʻrt marta mukofotlashgan. Hammasi behuda boʻlib chiqdimi? Dushmanni ayashadi-yu, oʻzinikini, sadoqatli odamni ayashmaydi.
— Boʻpti, bas qil,— deb qichqirdi xunob boʻlib Kostikov. — Jim tursang-chi, bir pas.
— Men jim turganman. Butun umrim mobaynida jim turganman. Senga oʻxshab.
— Jim boʻlib, chuquringni kavlasang-chi…
— Yoʻq, bekorlarni aytibsan. Endi gapiraman. Mana, seni olaylik. Sogʻ qolaman deb oʻylaysanmi? Sadoqatingni pesh qilib qutulib qolmoqchimisan? Yoʻq! Senga ham navbat keladi.
— Jim boʻl!!!
— Yoʻq! Gapiraman. Biz bir bankaga solingan oʻrgumchaklarmiz. Oʻrtoq Stalin xabar topib qolsa bormi?..
Ana shu gap ortiqcha boʻldi. Ularning yon-verida soqchi qizil askarlar miltiqlarini oʻqtalib, quloqlarini ding qilib turishipti. Hamma gapni eshityapti ular. Yuragi taka-puka boʻlib, mashina oldida shofyor ham indamay tik turipti. Hammalari lol qolib tanish chekistga tikilib qarab turishipti. U oʻziga goʻr qazib, qayoqtsagi gaplarni gapiryapti. Kostikov toʻpponchasini koʻtarib, moʻljallab oʻtirmay, ikki marta oʻq uzdi. Survila belkurakni qoʻlidan chiqarib yuborib ikki bukildi-da, kavlangan chuqurga yonboshi bilan tushdi.
— Ot yana… Qutulay…— deya zoʻrgʻa soʻradi u.
Kostikov bunaqa iltimosni rad etolmasdi. Bir qadam tashladi-da, Survilaning boshiga oʻq uzdi. Maysaga va qum ustiga miyaning qatigʻi sachradi.
— Olib borib boshqalarning yoniga tashlang, — deb buyurdi Kostikov qizil askarlarga.
Uzun miltiqlarini yelkaga ilib qizil askarlar sobiq chekistning ikkala qoʻlidan ushlab, xandaqqa sudrashdi. Kostikov mashinadan nari ketdi. Qaragʻayzorda sukunat hukm surardi. Havo yorishib ketdi, qaragʻaylarning ustida pagʻa-pagʻa oq bulutlar qayoqqadir asta suzib ketyapti.
Bu laʻnati tun Kostikovning bor kuchini sugʻurib oldi. U har doim otishlarga bamaylixotir qarashga, oʻzini bir tekis tutishga harakat qilardi. Bir qaraganda, ishning ogʻirligi yoʻq, lekin har kuni bir xil, bir xil, bir xil. Mahkumlarni qoʻyday bosib kelaverishadi, bosib kelaverishadi… Axir, qachon tamom boʻladi bu? Kostikov yalanglik bilan adirdagi qaragʻayzor orasiga nigoh tashladi — kuzda bu yerlar ham xandaqqa toʻlib ketadi, albatta. Hech ajab emas-ki, ularning orasida uning ham goʻri boʻlsa…
Bu hayotda hamma narsa juda oson…
Ozod Sharafiddinov tarjimasi
“Drujba narodov” jurnalining 1997-yil, 11-sonidan olib, tarjima qilindi.
“Jahon adabiyoti” jurnali, 1998-yil, 3-son