Xurshid Davron. Amir Temur oʻgʻlining oʻlimi haqida rivoyat
Loyihani qo'llab quvvatlash uchub buyerga bosing
1
Qish bilan bahor jangi – ayamajuz kechalaridan birida men sizlarga Amir Temur haqidagi afsonalarning birini hikoya qilib berish maqsadida qoʻlimga qalam oldim.
Bu afsonani toʻqiganlar unga qanday nom berganlaridan bexabarman, men uni “Amir Temur oʻgʻlining oʻlimi” deb atadim. Menga uni bir doʻstim gapirib bergan edi, doʻstimning aytishicha, bu qadim afsonani u talabalar shaharchasida yashagan afgʻonlardan eshitgan ekan.
Afsonani hikoya qilib berishdan avval, ikki narsa haqida biroz boʻlsa-da, toʻxtalib oʻtmoqchiman. Eng avvalo, “afsona oʻzi nima?”, degan savolga javob izlamoqchiman. Odatimni kanda qilmagan tarzda, oʻzining nomukammalligi bilan mashhur “Oʻzbek tilining izohli lugʻati”ga qarayman. Mana, lugʻatning 1 jild 63-betidagi “Afsona” soʻziga yozilgan izoh: “1. Avloddan avlodga, ogʻizdan ogʻizga oʻtib kelgan fantastik, baʻzan diniy mazmundagi hikoya, rivoyat, doston… 2. Koʻchma: asossiz gap, yolgʻon-yashiq uydirma… 3. Koʻchma: aql bovar qilmaydigan, aqlga sigʻmaydigan mislsiz narsa, ish”.
““Afsonaviy” soʻziga oid izoh: “1. Afsona janriga mansub boʻlgan, fantastik. 2. Faqat afsonalarda mavjud boʻlgan, odatda yoʻq, xayoliy. 3. Koʻchma: Uydirma, toʻqima. 4. Koʻchma: Aql bovar qilmaydigan, aqlga sigʻmaydigan, misli koʻrilmagan, mislsiz”.
Agar eʻtibor bergan boʻlsangiz, bu izohlarga “uydirma” soʻzi asos qilib olingan. Aslida, shundaymikan? Bir oʻris shoiri “Afsona – bu haqiqatning siniq parchalaridir” deb yozgan edi. Agar, “afsona” soʻziga izoh bering desalar, men mana shu soʻzni takrorlagan boʻlardim. Zero, har qanday xayoliy yoki toʻqima afsona ham aslida sodir boʻlgani aniq, maʻlum bir tarixiy shaxs hayoti bilan uzviy bogʻliq boʻladi. Bobil minorasining qurilishi, Nuh toʻfoni yoki Samarqanddagi Shohizinda mozori bilan bogʻliq afsona boʻlsin, ularning har birining asosida tarixiy dalil — haqiqat yotgan boʻladi. Shuning uchun ham juda koʻp qadimiy bitiklarimiz quyidagi jumla bilan boshlangan: “Bul hikoyat agarchi afsona tusida ersa-da, ul haqiqatdan yiroq emasdur”.
Ingliz adibi Chesterton bitganidek, afsona har qanday dalildan ham tarixiyroqdir. Dalil yolgʻiz bir odam haqida soʻz yuritsa, yoki u odamlar qatnashgan voqea haqida maʻlumot bersa, afsona yuzlab va millionlab odamlar taqdiri haqida, voqeani yuzaga chiqargan odamlar haqida hikoya qiladi. Dalil baʻzan zamon almashishi bilan oʻz mohiyatini, oʻz rangini oʻzgartirishi mumkin, ammo afsona abadiy oʻzgarmas haqiqatdir. Tarix faqat xalq xotirasi ramzi boʻlmish asotirlar (afsona va rivoyatlar) yordamidagina moziy mohiyatini, demak uning yuragini kashf eta oladi. Xotirasiz inson yuragi ham quruq hujjatlar yigʻindisidan farq qilmaydi. Tarix vaqt haqida emas, vaqt mobaynida yashagan inson haqida hikoya qilmogʻi zarur. Demak, u vaqt hujjatlariga emas, inson xotirasiga suyangandagina haqiqatni ochadi. Inson xotirasi afsonalarga hamnafas boʻlgandagina tirikdir. Faqat shundagina tarixiy dalil tiriladi. Afsona bilan hujjat (dalil)ning oʻzaro bogʻlanishi aslida inson bilan vaqt bogʻlanishidir. Tarix, deb yozadi Nikolay Berdyaye
v, tom maʻnodagi afsonadir…
Toʻxtalmoqchi boʻlgan ikkinchi masala men sizga soʻzlab bermoqchi boʻlgan rivoyat Amir Temur hayotining qaysi toʻxtamida boʻlib oʻtgan voqealar bilan bogʻliq boʻlishi mumkin degan savolni oydinlashtirishdir. Tarixiy bitiklarning guvohlik berishicha, Amir Temurning toʻrt oʻgʻli boʻlib, ularning ismlari: Jahongir mirzo (1356-1376), Umarshayx mirzo (1356-1394), Amironshoh (Mironshoh) mirzo (1367-1408), Shohruh mirzo (1377-1447) boʻlgan. Yana shu narsa maʻlumki, ulugʻ Sohibqiron tiriklik paytida, u olib borgan jangu jadalda uning yolgʻiz bir farzandi – Umarshayx mirzo 1394-yilning qishida Shom urushi paytida, Xarmatu qalʻasi ostonasida – tor bir darada oʻq tegib halok boʻlgani haqida tarixiy dalil bor. Toʻngʻich oʻgʻli boʻlmish Jahongir mirzo oʻz ajali bilan 20 yoshida olamdan oʻtgan. Amir Temur vafotidan soʻng uch yil oʻtgach, 1408-yilning koʻklamida uning oʻrtancha oʻgʻli Mironshoh mirzo Qora Yusuf turkman bilan boʻlgan janglarning birida, Tabriz yaqinida oʻldirilgan.
Xoʻsh, Amir Temur oʻgʻlining oʻlimi bilan bogʻliq afsona qaysi voqealar bilan bogʻliq boʻlishi mumkin. Agar uni Umarshayx mirzo oʻlimi bilan bogʻlaydigan boʻlsak, bu afsonani dalili boʻladigan voqealarni Shom yurishi bayonidan topolmadim. Oʻylashimcha, bu afsonani afgʻonlar orasida mavjud boʻlishi bois, u Amir Temurning Hindistonga qilgan yurishi davomida roʻy bergan voqealardan tugʻilgan boʻlishi kerak. Oxir-oqibatda uzoq izlanishdan soʻng “Temur tuzuklari”da bu afsonaga bevosita bogʻliq maʻlumotlarni topishga muvaffaq boʻldim. Biroq, ularni soʻzlab berishdan avval men Hindiston yurishi qanday boshlanganini muxtasar boʻlsa-da, hikoya qilmoqchiman.
Hijriy sakkiz yuzinchi, melodiy 1398-yilning bahorida Amir Temur yangi bogʻi – Dilkushoda mislsiz tantanalar bilan Xizrxoʻjaxonning qizi oʻn ikki yashsar Toʻkalxonimni oʻz nikohiga qabul qildi. Toʻy oʻchoqlaridagi kul sovib ulgurmay, uning amri bilan Samarqand va Kesh oraligʻida joylashgan Taxti Qoracha davoni osha oʻtadigan yoʻlni tuzatish va togʻ etagida yana bir gʻaroyib bir bogʻ bunyod etish ishlari boshlandi. Sohibqironning oʻzi boʻlsa Keshga yaqin bir oʻlangda qurultoy chaqirdi. Maqsadi azaliy orzusi: Hindiston yurishi maslahatini oʻrtaga solish edi.
Saltanatning muhim tadbirlari, boʻlajak harbiy yurishlar rejalari muhokama etiladigan qurultoy Amir Temur davlatining oliy kengashi edi. Shu bilan birga qurultoy mamlakatning bosh tantanasi boʻlib, Sohibqiron qoʻli ostida birlashgan oʻlkalarni boshqarish bilan band amirzodalar va boshqa davlati arkonlar uchun xuddi jang maydoni bilan baravar, hatto undan yuqori turadigan oʻziga xos sinov maydoni ham edi. Agar jang maydonida dilovarlik sinalsa, bu kengashda farosat va tadbirkorlik sinovdan oʻtardi. Bu sababdan boʻlsa kerak, jang maydonida qoʻrquv nimaligini bilmagan ayrim amirlar va amirzodalar qurultoy chaqirilganda sarosimaga tushib qolishar, unda qaysi bir tadbir oʻrtada muhokama boʻlishini bilish uchun bor vositalarni ishga solardilar. Illo, jahongir jang maydonida qilich chopqilashdagi mohirlikni, qurultoyda esa oʻylab aytilgan soʻzni maʻqul koʻrar, kim aravani quruq olib qochsa, mashvaratdan quvib chiqarishdan ham qaytmasdi. Ammo bu galgi qurultoy qay maqsadda chaqirilayotgani hech kimga sir emasdi.
Har galgidek qurultoy koʻpchilik uchun qurilgan ulkan chodirda oʻtdi. Amir Temur odatdagi rasm-rusmlar ado etilishi bilan, gapni choʻzib oʻtirmay, Hindiston yurishi oldidan oʻgʻillari va amirlarning koʻngli, oʻy-fikrlarini bilish maqsadida ularni maslahatga chaqirganini aytdi. Turkiy sulolalarning azaliy tartibi va mukarram dasturi shunday edikim, katta ogʻalari va xeshlar hayot ekan, hech kim ulardan oʻtib saltanat taxtiga qadam qoʻyolmasdi. Mana shu bobolar odatiga binoan qurultoydayam yoshi ulugʻ shahzodalar birinchi fikr bildirish huquqiga ega edilar. Shuning uchun ham davrada Sohibqironning kenja oʻgʻli Shohruh mirzo oʻtirgan boʻlsa ham, birinchi soʻzlash undan yosh jihatdan ulugʻ Muhammad Sulton bilan Pirmuhammad Jahongir ixtiyorida edi. Pirmuhammad Jahongir bobosiga bir qarab oldi-da, uning “Xoʻsh” degandek sinchkov tikilid turganini koʻrib gap boshladi:
— Hazrati Sohibqiron, Hindistonni olmoq yer yuzida oʻtgan barcha podcholarning orzusi boʻlmish. Agar ani zabt etsak, aning oltinlari ila yetti iqlimni olajakmiz. Men yurishga tayyordurmen.
Tugʻishgan birodarining bu gapini eshitib amirzoda Muhammad Sulton ham oʻrnidan turdi. U inisidan bir yosh ulugʻ boʻlsa-da, qotmadan kelganligi sababli undan ancha yosh koʻrinar, buni bilgan amirzoda koʻproq ovoziga zoʻr berib, kattalarga xos mulohaza istagida har bir soʻzga alohida urgʻu berib gapirish lozim, deb oʻylardi. Amir Temur ogʻa-ini oʻrtasidagi bahsni maroq bilan kuzatar va bevaqt shahid boʻlgan oʻgʻliga koʻrsatolmagan mehr-marhamatini ulardan ayamasdi.
— Olampanoh, — deya ulugʻvorlik ila soʻz boshladi Muhammad Sulton, — inim Pirmuhammad Jahongir aytgani rostdur. Hind mulki bagʻoyat boy yurt. Ammo, siz bergan saboq hamisha yodimda. Yaʻnikim har bir ishni qilishdan avval uning amalini oʻylash joizdur. Kitoblardan maʻlumdirkim, Hindiston yoʻli koʻp mashaqqatlidur. Eng avvalo, bir necha qor bosib yotgan togʻlaru kechib oʻtish mushkul daryolar, undan keyin cheki yoʻq oʻrmonu toʻqayzorlar bordur. Ikkilamchi, maqsadga yetguncha bebosh afgʻonlar bilan jang qilish ham zarur boʻlgʻay. Yana kitoblarda aytilmishkim, Hindistonda odamxoʻr fillar ham juda koʻp boʻlarmish…
Amir Temur inisinng mulohazalarini eshitgan Pirmuhammad Jahongir bezovtalana boshlaganini sezdi. Ammo buni bildirmay, nabirasining mulohazasi qanday taklif bilan tugashini kutdi. Qurultoy rasm-rusmi har bir soʻzni eʻtibor bilan eshitish lozimligini talab qilardi. Xoʻsh, qani, toʻngʻich nabirasi nima demoqchi ekan, shuni bilsinchi. Ammo Muhammad Sulton ham inisining ahvolini sezgan boʻlsa kerak, odatiga xilof ravishda shoshib soʻzini yakunladi:
— Bu mulohazalarim ila Hindiston yurishiga puxta tayyorgarlik koʻrish lozim demoqchiman. Men urushga shaymen. – U soʻzini tugatib, inisining yonidan joy olarkan, uning yuzidagi mamnuniyatni sezib, koʻngli joyiga tushdi.
Shundan soʻng sohibqironga qizidan tugʻilgan nabira boʻlmish amirzoda Sulton Husayn navbat oldi. Amir Temur qizi Ogʻabegim va malika Tuman ogʻoning birodari amir Muhammad ibn Musodan boʻlmish bu amirzoda bagʻoyat mard, ammo beoqibat boʻlib voyaga yetganini yaxshi bilsa-da, har gal qizining soʻzini qaytarolmay, bu badbaxt yigitning gunohidan oʻtib kelardi. Oʻz oʻgʻillari va ularning farzandlariga bagʻoyat qattiq turgan Sonibqiron bu hovliqma amirzodani jazosiz qoldirib kelayotganini hamma bilar, ammo sababidan bexabar edilar. Nahotki, qizdan tugʻilgan nabira oʻgʻillardan suyukliroq boʻlsa? Amir Temurning bu nabirasiga loqaydligini uning qiziga koʻrsatgan karami boʻlmay, balki Sulton Husaynning saltanat taxtiga oʻtirishga loyiq boʻlmaganlar toifasiga kirishidan edi.
— Hazrat Sohibqiron, — dedi tantanavor ohangda Sulton Husayn. – Agar biz Hindistonni ilgimizga kirita olsak, toʻrt iqlimga – Turkistonu Turon, Eronu Hindga hukmron boʻlurmiz. Qolgʻon uch iqlim: Rum, Shom, Chinni esa olmoq qiyin emasdur, albat olgʻaymiz.
Sulton Husayn sanab oʻtgan iqlimlarni xuddi oʻzi oladigandek, allaqanday ichki kibr bilan davradagilarga koʻz tashlab, oʻrnini egalladi. Bobosi vafotidan soʻng mana shu kibr uning boshiga koʻp gʻavgʻolar solishidan u hali bexabar edi.
Amir Temur soʻz navbatini olgan kenja oʻgʻli Shohruh mirzoga diqqat bilan tikildi. Bu farzandi boshqa zuryodlariga qaraganda, kitobga oʻch chiqdi. Unga kitob boʻlsa bas, qilich chopqilashni unutadi. Ammo kitobxonligidanmi, soʻzi, mulohazalari pishiq, oʻzi ham koʻpni koʻrgan qariyadek bosiq edi. Aytadiganini puxtalab olmasa, ogʻiz ochmasdi.
— Padari buzruk, hazrati Sohibqiron, — deya gap boshladi Shohruh mirzo shoshmasdan. Uning hatto gapirayotgan paytidayam nimalarnidir oʻylayotganini sezib Amir Temurning gʻashi keldi. – Men ajdodlarimiz boʻlmish turklarning qonunlari bitilgan kitoblarda oʻqigan edimki, jahonda beshta shon-shavkatli podshoh boʻlarkan. Rivoyat qilgʻaylarkim, bu podshohlarning ulugʻligini alohida taʻkidlab, ularning nomlarini atamay, laqablarini olib aytgʻonlar. Yaʻnikim Hind podshosini – roy, Rum podshosini – qaysar, Chunu Mochin podshosini — fagʻfur, Turkiston podshosini – hoqon, Eronu Turon podshosini – shahonshoh ataydilar. Biz hukm yurgizgan yurt hukmdori, yaʻnikim shahonshoh hukmi hamisha Hindiston mamlakatlariga joriy etilmish. Tokim Eronzaminu Turonzamin bizning ilkimizda ekan, Hindistonni ham oʻzimizga tobe etmogʻimiz joizdur…
Amir Temur kenja oʻgʻlining soʻzlarini tinglar ekan, bir zum soʻnggi paytlarda yuragini tunu kun bezovta qilgan valiahd tashvishiga berildi. Toʻrt oʻgʻlidan ikkisi bevaqt koʻz yumdi. Shohruh bunaqa, Mironshoh boʻlsa, oʻylamay ish qiladiganlar toifasidan. Mast boʻlib, otdan yiqilib kallasi lat yegandan buyon uning betayin qilmishlari yana oshdi. Suyukli kelini Xonzodabegim yaqinda erining zulmidan dod urib, unga bosh urib keldi. Mironshohning valiahd boʻlishi mamlakatni vayron boʻlishi demakdir. Bunga esa aslo yoʻl qoʻyib boʻlmaydi. Nobakor oʻgʻilni jazolashni koʻngliga tuggan sohibqiron bu tadbirni Hindiston yurishidan keyinga qoldirishga majbur edi.
Amir Temur sekin Pirmuhammad Jahongirga koʻz qirini tashladi. Ha, bu nabirasi havas qilgulik bahodir boʻldi. Oʻziyam quyib qoʻygandek bobosining oʻzi: qaddi qomati barvasta, yelkador, boshiyam bobosinikidek, humdek keladi. Qoshi-chi, qoshi? Ariq chetidagi ajriqdek qalin, koʻzlari qilich damidek tovlanadi. Feʻl-atvoriyam, bobosiniki, na yogʻiydan, na oʻlimdan qoʻrqadi. “Yopiray, — derdi baʻzan kamdan-kam hayratlanadigan sohibqiron. – Meni tirikligimda Alloh taolo yana qaytadan yaratdimi?! Nabirasining yolgʻiz bir xislati unga maʻqul kelmasdi. Koʻpchilik boshini qovushtirishni bilmaydi. Mardlik odamlar dilini maftun etsa, oqibatbardorlik, farosat yuraklarni abadiy bandi etishini hali anglamaydi.
Amir Temur oʻgʻli Shohruh mirzodan keyin oʻz mulohazasini aytishga biron bir amir shoshilmayotganini koʻrib, hushyor tortdi. Sukut choʻzilganidan toqatsizlanib:
— Xoʻsh, — dedi u baland ovoz bilan. Ammo amirlar jim oʻtiraverdilar. Sohibqiron jahli chiqsayam, ichidagini yuziga chiqarmadi. Indamay kutishni maʻqul koʻrdi. Bu baxtuchopganlar uning necha yildan buyon Hind mulkini zabt etish haqida orzu qilishidan yazshi xabardor. Nahotki, bilib ham bilmaslikka olsalar, jim oʻtirishni maʻqul koʻrsalar? U oʻzining deyarli barcha yurishlarida qatnashgan, sadoqatlarini necha marta jangu jadalda namoyish etgan amirlarga bir-bir tikilar, amirlar esa unga bosh koʻtarib qarashga majol topolmasdilar. Oxiri u amir Shohmalikka qattiq tikilib turaverdi. Uning bu boqishini tuygan amir sekin bjshini koʻtarishga majbur boʻldi.
— Taqsirimning soʻzlari yoʻqmi? – dedi sohibqiron boʻgʻiq ovoz bilan.
Amir Shohmalik oʻrnidan turishga majbur boʻldi. Amir Temur unga: “Oʻtirib gapiraver” deb ishora qilgach, oʻrnini egalladi. Biroz taraddudlanib, keyin ohista arz qildi:
— Aʻlohazrat, sizning amringiz biz uchun vojibdur, undan yuz oʻgirish tuzingizni unutmoqdur. Biz bu tadbir xayolini dillarimizdan, bamisli javohir tuynuklaridan oʻtgan ipdek shoshilmay oʻtkardik, — u biz deganda amirlar Xoja Yusuf, Saribugʻo, Shayx Nuriddinlarga ishora qildi. – Boringki, Hindistonni oldik ham deylik. Biroq, u mulkda turgʻun boʻlib qolsak naslimiz yoʻqolmagaymu, avlodlarimiz oʻz aslidan ayri tushmagaymu, begona yurtda tillarini unutmagaymu?..
— Taqsir, — deb ning gapini boʻldi Amir Temur xotirjam. – Biz ul-mulkda uzoq qolishni oʻylaganimiz yoʻq. Qolaversa, shuni yodda tutingkim, dilda eʻtiqod butun boʻlsa, aslo naslimiz yoʻqolmagay, tilimiz unutilmagʻay… Eʻtiqod susaysa, til emas, imon ham unutilgʻay…
U xoturjam gapirar, ammo qoshining yigʻilib turishi, koʻzidagi oʻtning yanada kuchliroq tovlana boshlaganini payqagan amirlar Sohibqiron ichida qanday kuchli toʻfon oʻynayotganini sezib turishardi.
— Koʻpchilikda shubha boʻlsa, yoʻlga chiqmagan maʻqul. Shubha nafaqat aqlni, u dildagi oʻtniyam oʻchiradi. Kelingiz, Tangri taologa murojaat qilaylik. Hind mulkiga yurish borasida istixora etaylik – Amir Temur yonida turgan Qurʻonni qoʻliga oldi. – Tangri taolo neni buyursa, shunga amal qilgʻaymiz.
Davradagilar oʻsha zahot uning taklifini maʻqullab ovoz berdilar. Sohibqiron Qurʻoni karimni oldidagi shira ustiga qoʻydi, chuqur nafas olib, biroz sukut saqladi-da, koʻzini yumib kitobni ochdi. U avval ochilgan sahifadagi oyatni ichida oʻqidi, soʻng baland ovozda takrorladi:
— “Ey, Rasululloh, kofirlarga va munofiqlarga qarshi jahl qilgʻil”.
Amir Temur bir chetda turgan mavlono Faxriddin qoriga tikildi. Mavlono Sohibqiron istagini uqdi, ohista oʻrnidan turib oyat mazmunini izohlab berdi. Amirlar mavlononing izohini eshitgach, boshlarini egib, jimib qoldilar.
— Xoʻsh, — dedi Amir Temur.
Ammo bu gal ham amirlar oʻz fikrlarini aytishga shoshilmadilar. Buni koʻrgan sohibqiron jahlini yashirolmadi.
— Taqsirlarim, nechun jimsiz? Yo Alloh taolo hukmi sizga hush kelmadimi?..
Men sizni saltanatim ustunlari deb bildim, hamisha izzatingizni unutmadim.
Siz esa unutdingiz… Sababi nedir? Siz bilmasangiz, men yaxshi bilurman. Turgan suv sasiydi, yurgan odam yasharadi. Agar siz toliqqan boʻlsangiz, ilgingizda mador qolmogʻon boʻlsa, lashkarni topshiring. Necha-necha boʻz yigitlar bizgayam navbat yetadimu, deb kutib turgʻaylar. Alloh guvoh Hindistonni siz emas, shul oʻgʻlonlar albat zabt etgʻay…
Sohibqironning vajohatini koʻrib, ayniqsa, uning soʻnggi soʻzlarini eshitgan amirlar birin-ketin oʻrinlaridan turib avf tiladilar. Amir Temur ularning soʻzini xotirjam eshitib dedi:
— Siz ila ne-ne jangu jadallarda boʻldim. Siz menga, men esa sizga suyandim… Har qancha yuragimni qon qildingiz, avf etdim. Butun boringgʻiz, ertagacha oʻylangʻiz…
Ertasi davom etgan qurultoy ahli bir ovozda boʻlajak yurish rejasini maʻqulladilar. Dili ravshan tortgan Amir Temur qoʻl koʻtarib, zafaru fath fotihasini oʻqidi.
Qurultoydan yarim oy oʻtar-oʻtmas, Sohibqiron boshchiligidagi ulkan qoʻshin Qashqadaryo vohasini tark etib, Termizga yaqin yerda Jayhundan kechib, Xuroson hududiga oʻtdi.
U butun yoz davomida Andarob degan joyda boʻldi. Sakkiz yuzinchi yil zulhijja oyining boshida – 1398-yilning avgustida Amir Temur Panjshir daryosi yoqalab Qobulga qarab yoʻnaldi. Shu terda unga boʻlajak yurishda omad tilagan Oltin Oʻrda elchilarini qabul qildi. Elchilar bir necha muddat oʻtib qaytishga ruxsat soʻragandan keyin, ularning karvonini qoʻriqlash uchun bir guruh askar ajratdi. U bu ishni elchilarni oʻylab emas, shu karvon bilan dorilmulkka qaytish lozim topilgan Saroymulkxonim bilan Shohruh mirzoning oʻgʻli, toʻrt yashar nabirasi Muhammad Taragʻay xavfsizligini taʻminlash uchun qilgan edi.
Bundan oʻn yetti yil avval qoʻlga kiritilgan Xuroson mulkining bu qismi hamisha notinch boʻlib kelgan. Hindiston yurishini maqsad qilgan Sohibqiron shu sababdan ham qoʻshin ortini mustahkamlash niyatida Kobulni tark etib, Sulaymon togʻlari yaqinida yashagan afgʻon qabilalari va isyonkor qora kiyimlilar – siyohpoʻshlar nomi bilan mashhur isyonchilarni tavbasiga tayantirish, oʻzining koʻnglini tinchlantirish bilan mashgʻul boʻldi. Qolaversa, bu tadbir Hind sultonini chalgʻitishning yoʻli ham edi. Goʻyo oʻzini Hindistonni zabt etish uchun emas, mana shu bebosh qabilalarni itoatga keltirish uchun kelgan qilib koʻrsatmoqchi boʻldi.
U vaqt yetishi bilan oʻttiz ming askarga rahbar boʻlmish amirzoda Pirmuhammad Jahongirga Sulaymon togʻini oshib, Sind daryosini toʻxtamay kechib oʻtib Moʻlton viloyatiga, amirzoda Muhammad Sulton bilan amirzoda Rustam boshchiligidagi oʻttiz minglik qoʻshinga esa Sind daryosi yoqalab Kashmir togʻi etagidagi yoʻldan yurib Lohur viloyatiga bosqin qilishga farmon berdi. Oʻzi boʻlsa qoʻshinning asosiy qismi – gʻul bilan Badaxshon tomonga yoʻnaldi va togʻ oshib Hindiston sarhadlariga bostirib kirdi. Hindiston yurishi haqida boshqa bir hikoyamizda batafsil toʻxtalish niyatimiz borligi sabab, biz asosiy maqsadimiz – sizga soʻzlab bermoqchi afsonani keltirib chiqargan voqealarga oʻtishni maʻqul koʻrdik.
Amir Temur, yuqorida aytganimizdek, qoʻshin ortini mustahkamlash maqsadida afgʻon qabilalari tomonidan vayron etilgan bir qator qalʻalarni qayta tiklatgan va ularda oʻz odamlarini qoldirgan edi. Mana shu qalʻalarning biri Irob qalʻasi edi. Pirmuhammad Jahongir Moʻltonga yurishi oldidan oʻziga sodiqlik soʻzini aytgan Lashkarshoh afgʻonni mana shu qalʻaning kutvoli qilib tayinlagandi. Amir Temur qoʻshini Hindistonga qarab yoʻlga chiqishidan foydalangan karkas deb atalgan afgʻon qabilasining boshligʻi Muso afgʻon kelib qalʻani qoʻlga kiritdi va kutvol Lashkarshoh afgʻonni qatl etdi. Oʻldirilgan ogʻasining qasosini tilagan Malik Muhammad Sohibqiron huzuriga bosh urib bordi. Amir Temur uzoqni koʻzlab ish tutdi: goʻyo bechora inining oʻtinchiga quloq solmagan boʻlib, uni qamab qoʻyishni buyurdi. Soʻng Muso afgʻonga huzuriga kelishni talab qilib yorliq yubordi. Muso afgʻon kelgan chopardan qon oʻchi talab qilib borgan Malik Muhammad qamoqqa tushganini eshitib , xotirjam tortdi. Ammo Amir Temur qoʻshini qalʻaga qarab
kelayotganidan voqif boʻlgach, unga peshvoz chiqib, qalʻani peshkash qilishni maʻqul deb topdi. Ammo u oʻz askarlaridan biriga Amir Temur qalʻaga kirishi bilan oʻq uzib, uni halok etishni buyurgan edi. Ammo pastkash niyatiga etmadi. Uzilgan oʻq xato ketdi. Muso afgʻon qilmishiga yarasha jazolandi, u qatl etildi.
Aynan mana shu voqea yillar oʻtib afsonaga asos boʻlganiga shak-shubha yoʻq. Lashkarshoh afgʻondan avval qalʻada Pirmuhammad Jahongir turgani uchnmi, afsonada Amir Temur oʻgʻlining oʻlimi haqida gikoya qiladi. Nabiraning oʻgʻilga aylanishi esa faqat afsonalarda emas, hatto tarixiy kitoblarda uchrab turadigan holdir. Qolaversa, Pirmuhammad Jahongir Amir Temurning kenja oʻgʻli Shohruh bilan deyarli tengqur edi. Endi navbat afsonaga..
2
Dunyoning toʻrt tarafiga koʻz tikkan Sohibqiron Amir Temur qoʻshini jangari afgʻon qabilalari bilan boʻlgan ogʻir jangu jadaldan soʻng daryo yoqasida qoʻqqayub turgan ulkan qoya ustidagi qalʻani qoʻlga kiritdi. Qalʻa juda kichik, ammo baland devor bilan oʻralgani uchun gʻoyatda kuchli istehkom edi. Shuning uchun ham qalʻaning qoʻlga kirishi qiyin boʻldi. Aniqrogʻi qiyin boʻlishi mumkin edi. Ammo kutilmaganda qalʻa xiyonat tufayli uning qoʻliga juda oson oʻtdi.
Xiyonat qalʻa jiybaxona boshligʻi tomonidan boʻldi. U dastlab maktub qatib bogʻlangan yoy oʻqini Sohibqiron askarlari tomon uchurib, tun yarimdan ogʻganda magʻrib tomondagi darvozani ochajagini xabar qildi. Munshiy xatni unga oʻqib berar ekan, hukmdor hali aftini koʻrmagan jiybaxonachidan qattiq nafratlandi. “Koʻrnamak”, — deb oʻyladi u munshiy xirgohdan chiqib ketgach. U uzoq oʻyladi. Hurmdorlari bergan tuz haqini unutib, vafodorlik va sadoqatni bir chekkaga yigʻishtirib, uning oldiga ne-ne odamlar bosh urib kelmagan. Lekin u har safar bu xoinlarni laʻnatlagan. Tuz haqi va vafodorlikni unutib, xizmat vaqtida oʻz sohibidan yuz oʻgirib uning qoshiga kelgan har bir yuzsizni oʻziga va saltanatiga eng yomon dushman deb bilgan.
Zero, ular oʻz sohibiga vafodorlik qilmagach, unga qilarmidi?
Ammo Sohibqiron xiyonatdan foydalanishdan yuz oʻgirmas, undan ustalik bilan foydalanardi. Axir, qay bir sarkarda oʻz jangchilarining bekordan-bekor qurbon boʻlishidan saqlaydigan yoʻldan foydalanishni istamaydi. Xiyonat inson yuragini qurt kabi kemirgan fasoddan, mamlakatda loqaydlik tufayli yuzaga chiqqan parokandalikdan, xullas, ham ustki tanazzuldan tugʻilishini u yaxshi bilardi. Shu sababdan ham har lahza har bir sipohiy, har bir qoʻshin boshligʻi, har bir amir boshi ustida uning qahri aylanib turishi zarurligini unutmas, ularni umid va qoʻrquv oʻrtasida tutishni lozim koʻrardi.
Agar jiybaxonachi xiyonatga yuz tutgan ekan, undan foydalanmogʻi savob, illo uni bu harom yoʻldan qaytarishning iloji yoʻq. Iloji – oʻlim.
Qalʻa tongga yaqin gʻarbiy darvozaning kutilmaganda ochilishi tufayli uning qoʻliga oʻtgach, qarorini farmonga aylantirib, qalʻa qutvoli bilan jiybaxona boshligʻini oʻlimga buyurdi.
Bir-ikki kun lashkarga dam berib boʻlgach, sohibqiron qalʻada oʻgʻli boshliq qoʻshinni qoldirib, boshqa shaharlaru qalʻalarni zabt etish qasdida shitob bilan otlanib, yoʻlga tushdi.
Yoʻlga tushgan qoʻshindagi askarlarning son-sanogʻi yoʻq edi. Ularning otlari ming farsangdan ortiq yoʻl bossayam hali toliqmagan va shamoldek uchqur, qilichlari olmosday oʻtkir, yuraklarbga qoʻrquv tushmagan edi. Qoʻshin shunday shiddat bilan borardiki, go ʻyo saraton mahali qamishzorga tushgan oʻtdek toʻxtovsiz edilar. Boshlaridagi simobiy dubulgʻalar kun tigʻida yalt-yult tovlanar ekan, oʻsha zamonda yashagan muarrix taʻriflagandek, “qoʻshin kejim, zirh va javshanlar koʻpligidan temir togʻi kabi edi, goʻyo temir togʻi erib ketib, daryo boʻlib oqub borar, bu qoim yuz ming koinotni yutib yuboradigan ulkan nahangdek jilvagar edi”.
Bu qoʻshin oʻtgan yoʻllar changi hafta oʻtmasdan toʻxtamas, bu temir oqim toʻxtab hordiq olgan yam-yashil oʻlanglarda qayta oʻt unmas. Oʻt unishi uchun yomgʻir asrlar davomida otlar tuyogʻidan ezilib oʻlgan tuproqni yumshatishi, quyosh yuz yillar mobaynida bu taqir maydonlarga oʻz mehrini tinmay sochmogʻi kerak edi. Olis togʻlar qoyalari ustida poda oʻtlatib yurgan afgʻon choʻponlari biyobon oʻrtasida toʻsatdan paydo boʻlgan simobrang daryoni koʻrib, Alloh taoloning irodasidan hayratlanib, tasannolar aytishardi.
Mana shu ulkan qoʻshin toʻxtab Sind daryosi sohilida hordiq olayotgan paytda Amir Temurga kuni-kecha zabt etilgan qalʻadan chopar kelganini aytdilar. “Kirsin!” – dedi Sohibqiron daryodan urilgan salqin shabadadan ohista tebranib turgan xirgoh pardalariga tikilganicha. Amir Temur yugurib ichkariga kirgan choparni tanidi. U shahzoda oʻgʻli xizmatida yurgan uyoʻgʻlonlarning biri edi. Uyoʻgʻlon kira solib, tizza choʻkib va boshini egib, siniq ovozbilan soʻzladi:
— Onhazrat, shum xabar keltirganim uchun boshimni oling.
Uning bu soʻzini eshitgan Amir Temurning bir moʻyi ham qimirlamadi. U huzuriga kirgan sonsiz choparlardan bu soʻzni necha marta eshitgan, sanasa, sanoqdan adashmogʻi mumkin. Koʻpincha bu soʻz bilan boshlangan xabarlar uning qulogʻiga yetishga ham arzimas bir gap boʻlib chiqar, Sohibqiron odamlarning vahimaga oʻchligidan hayron qolardi. Birdan oʻyiga: “Nahotki, oʻgʻlimga bir gap boʻlgan boʻlsa?” degan gap keldi-da, sergak tortdi.
— Sening joning Allohniki, oldin soʻyla, agar Alloh oldida javobgar boʻlsang, boshing shaksiz kesilgʻay. Agar menga nisbatan aybli boʻlsang, hukmni mashoyixlar ayturlar…
— Avval bir qoshiq qonimdan keching, onhazrat, — dedi uyoʻgʻlon sapchadek kichik boshini koʻtarmay.
Amir Temurning gʻazabi qaynadi. “Nima balo, bu sakbachcha, mening irodamni sinamoqchimi?”
Birdan daryodan esgan shabda yuziga urildi-yu, Allohning bu neʻmatidan yana koʻngligi xotirjamkik choʻkdi.
— Kechdim, gapir, — dedi horgʻin tovush bilan Sohibqiron.
Chopar ortiq paysalasa, aytadigan gapi oʻzi bilan rixlatga ketishini angladi-yu, boshini sal koʻtardi. Shunda ham hukmdorning yuziga qarashga jurʻat qilolmay, gap boshladi:
— Ulugʻ Sohibqiron, siz qalʻani tark etgandan soʻng laʻnati yogʻiylar nogahon uni qamal ayladilar. Necha kun jang boʻldi. Ammo kuchimiz ozlik, zahiramiz nosozlik qilib magʻlub boʻldik. Yogʻiylar qalʻaga biz bilmagam yashirin yer osti yoʻldan kirib oldi. Qalʻaning qoʻldan ketmogʻi ayon boʻlgach, bemonand shahzoda meni sizning huzuringizga joʻnatdi. Necha oʻlimdan qolib, ming gʻavgʻo bilan qalʻadan chiqishga muvaffaq boʻldim.
— Oʻgʻlimga nima boʻldi, u tirikmi? – deb sekin soʻradi Amir Temur. Uning ovozidagi sovuqdan choparning etlari jimirlab ketdi. Soʻngra zoʻrgʻa ovoz chiqardi:
— Bilmayman, Sohibqiron, bilmayman – uning jagʻlari titrardi, — Men qalʻadan chiqish saʻy-harakatini qilayotganimda, jang jiybaxona oldida borayotgan, oʻgʻlingiz jangning oʻrtasida edi.
Amir Temurning ichiga oʻt tushgandek boʻldi. Sekin atrofida turgan ichkarilaru nombardorlarga razm soldi. Biror bir koʻz ochiqdan-ochiq unga tikilib turganini koʻrmadi. Ammo, hammaning yuzida tashvish alomati zohir edi. U bir dam oʻyga botib turdi-da, sekin pichirladi:
— Hozirning oʻzidayoq qoʻshin yoʻlga otlansin. Yogʻiylar munosib jazolonsunlar. Oʻgʻlim tirikmi, oʻlikmi topilsin.
Nazarida farmonini qoʻshinga yetkazishga javobgar tovachi sust harakat qilayotgandek tuyuldi. Bir harakat bilan oʻrnidan irgiʻb turdi-yu, gʻazab bilan baqirdi:
— Boʻgʻozmisan, onagʻar. Agar yana shunday paysallasang qorningni yorib, qoningni oqizganim boʻlsin.
Pak-pakana, qorindor tovachi xirgohdan oʻqday otilib chiqdi. “Xudo bir asradi, xudo bir asradi!” degan oʻy chopib borayotgan tovachining miyasini kemirardi.
Dam oʻtmay temir togʻ erib, ulkan oqinga aylandi va kechagina oʻtilgan, hali chang-toʻzoni bosilmagan yoʻllardan ilondek buralib oqa boshladi. Endi bu qoʻshinning shiddati yana ham jadal , navkarlar dilida qasos oʻti yonar, otlar qamchi zarbidan alamzada yoʻrtib borar edilar. Temir oqim bir necha kundan soʻng dushman qoʻliga oʻtgan qalʻani uch tomondan oʻrab oldi. Toʻrtinchi tomonda esa yuksak qorli togʻlardan tushib hali qoʻlga oʻrgatilmagan beasov toydek hapriqib, guvillab ulkan daryo oqib turardi. Agar oʻsha togʻlar tomonda poda oʻtlatib yurgan oʻsha afgʻon choʻponi hozir qalʻa tomonga koʻz tashlay olganida edi, ulkan biyobon qaʻrida tugʻilgan nomaʻlum simobrang daryo ulkan qoyaga – qalʻaga urilib ikkiga boʻlinib asrlar davomida oqib turgan oʻzlariga tanish daryoga qoʻshilayotganiga koʻzlari tushardi.Agar ular ertasi ham oʻsha tomonga qaraganlarida edi, kechagi birdan paydo boʻlgan simobrang daryo yoʻqligini, ulkan qoya atrofida esa ulkan qoʻl paydo boʻlib qolganini koʻrgan boʻlardilar. Bu koʻl kechasi olo
v komiga aylanib, undan taralgan yogʻdu yuksak togʻlarning qorli choʻqqilariga urilib, ularni nimqizil rangga boʻyaldi. Bu qalʻadan yiroq-yiroqlardagi qishloqlarda va chaharlar aholisi olislardan kelayotgan yer zirillashiga vahima bilan quloq solishar, allaqanday nomaʻlum, shu sababdan qoʻrqinchli halokatlardan darak beruvchi gʻaroyib manzaraga – yuksak togʻ choʻqqilarining qori alvon rangga boʻyalib tovlanishini koʻrib dahshatga tushardilar.
Eng qoʻrqinchlisi, nomaʻlumlik edi. Nomaʻlumlik ularni oʻzlari asrlar davomida yashagan maskanlarini, molu mulklarini tashlab gʻarq pishib yotgan tutlar hidi anqib turgan chorbogʻlar oralab oʻtgan yoʻllar orqali bu vahimadan bexabar va aldamchi farogʻat ogʻushida uxlayotgan oʻlkalarga ketishga, bu nomaʻlumlikdan yosh kelinchaklarning koʻksida suti qurib, hali kindik yarasi bitmagan chaqaloqlar yigʻisi otalarni yarim kechalari turib olisda tobora qizilashib tovlanayotgan togʻlarga notinchlik bilan uzoq boqishga majbur qilardi. Yer zirillashi toʻxtagani bilan ularning yuragidagi zirillash battar avj olardi. Ular oʻsha tuni bilan nimqizil rangda tovlangan togʻlar tomondan biror bir xabar kelarmikan deya ilonizli yoʻllarga intiq boqib kutishar; ammo nomoz paytidagi kentlar koʻchasidek bu qadimiy yoʻllarda biror kishining qorasi koʻrinmasdi. Nomaʻlumlik tomonga qarab borib, u yoqdan biror gap olib kelishga hech kim jurʻat qilolmasdi. Undan koʻra ular keng dashtda dushman lashkari bilan yuzma-yuz turib jang qilishg
a rozi edilar. Ammo dushman oʻsha nomaʻlum tomonda edi.
Oʻsha nomaʻlumlik tarafda, kechalari nimqizil rangda tovlangan togʻlar tomondan oqib tushgan daryo yoqasidagi qalʻani Amir Temur qoʻshini iskanjaga olgan edi. Sohibqiron qalʻaning sharqiy darvozasi roʻparasida sarkob tiklashni buyurdi. U qalʻaga taslim boʻlishni talab qilib nishon joʻnatmadi. U sarkoʻb tiklanishini va sharq tomondan oqib kelayotgan temir oqimni mana shu sarkob poyida yigʻilishini ham kutib oʻtirmadi. Oʻrtada beomon jang boshlandi. Amir Temur ham xudoning bir bandasi kabi, olisdagi qishloqlarda yashagan fuqarolarga oʻxshab nomaʻlumlikdan qoʻrqardi. Ammo u nomaʻlumlik qarshisida qoʻl qovushtirib oʻtirishni yoqtirmasdi. U har qanday jumboq yechilgandan keyingina yuragida farogʻat topajagini yaxshi bilar; bu jumboq, bu nomaʻlumlik – farzandning qismati uni qiynagan sayin, u mana shu nomaʻlumlikni yoʻq etuvchi quroli – qoʻshinlarini jangga soldi. Koʻzlarida ham qasos olovi, ham oʻgʻil tashvishi baravar aks etgan Amir Temur tundayam askarlariga dam bermadi. Har yer-har yerda yoqib qoʻyilgan gulxanl
ar yorugʻida qalʻaning toʻrt darvozasi yonida beomon jang davom etdi. Yugan-suvloqlarini chaynab, ogʻzi koʻpiklangan bezovta otlarning qoʻrqinchli kishnashi, kuragiga botgan yoy oʻqi ogʻrishidan dunyoni buzib baqirayotgan jangchilar , palaxmonlar otgan toshlar gursillab devorlarga, darvozalarga urilishidan taralgan boʻgʻiq tovushlar, guruh-guruh jangchilar goh oldinga, goh orqaga chopganlarida zilzila paytidagidek yerning silkinishlari orasida allaqachonlar tiklangan sarkoʻb ustidagi xirgoh yonida turgan Sohibqironning: “Bosing! Bosing!” degan hayqirigi!..
Jang avjiga chiqqan yarim tunda tinim bilmay yoʻl bosib, kela solib jang boshlagan hukmdor koʻzining bir zumgagina yumilganini bilmay qoldi. Shu bir zum ichida u tuch koʻrdi.
Osmonu falakdan quyulgan kumish shuʻla ogʻushida bir ayol belanchak tebretardi. Belanchak iplari qayerga osilgani bilinmasdi. U ayolni tanidi – u Tegina Mohimbegim, onasi edi. Ammo beshikda oʻgʻli yotardi… “Ota – dedi oʻgʻli jilmayib, — Ota…” Birdan oʻgʻlining tovushini eshitdi. “Onajon!…”
U birdan uygʻonib ketdi-yu, sarkoʻb poyida yotgan yarador jangchilardan birining boʻgʻzidan chiqqan oʻlim oldi nolasi uni uygʻotib yuborganini bilmadi. “Oʻgʻlim!” – shivirladi birdan dili yonib oʻzidan-oʻzi. Sohibqiron koʻzidan sixib chiqqan bir tomchi yoshda gulxan yorugʻi aks etgandek boʻldi. U oʻsha zahoti koʻzlarini yengi bilan artib, hech kim sezmadimi, degandek atrofiga nazar tashladi. Hammaning xayoli jang maydonida edi. Faqat uning hamma yurishlarida qatnashgan qari munajjim osmonga bezovta tikilardi. Qariya Sohibqironning oʻziga tikilganini sezib, oʻgirildi. Amir Temur munajjimni yoniga chorlab, bezovtaligi sababini surishtirmoqchi boʻldi. Ammo xayoli boʻlindi. Askarlari sarkoʻb qarshisidagi darvozaga oʻt qoʻygan edilar. Qoramoy sepilgan ulkan naqshkor darvoza oʻtga mahtal turgandek lovillab yona boshlagandi. Olov pastdan tepaga jadal oʻrlab, darvoza ustunlariga urilib ularni qorartirardi.
Ammo toʻsatdan havo buzilib, kuchli shamol qoʻzgʻaldi, bir-ikki tonchi tomgandek boʻldi. Shuni oʻzi kifoya boʻldi-yu, gulxanlar oʻchdi, yonayotgan darvoza ham omon qoldi. Biroq, bu jang shiddatini susaytirmadi, muhosara kuchaygandan kuchayar, har ikki tomon bir-birini ayashni xayoliga ham keltirmasdi.
Jang avjiga chiqqan sayin Amir Temurning gʻazabi kuchayar, atrofida turgan nombardorlar sohibi taxtning qahrini koʻrib, nafaslarini ichlariga yutgan holda sukut saqlashardi. Faqat qalʻa tarafdan kelayotgan suron bu sukutni eshitishga yoʻl qoʻymasdi. Temir oqim qalʻa devorlariga boʻron paytida quturgan dengiz toʻlqinlaridek borib urilar – sada ketidan hazora, hazora ketidan qoʻshin kelardi. Manjaniqlaru arradalar qalʻa devorlarini buzish uchun tinmay ishlar, choʻmoqlaru xarbalarning bir-biriga urilgandagi jaranglar toʻxtamasdi.
Tong yaqinlashib, atrof yorisha boshlagan gʻira-shiralikda Amir Temur amri bilan yasovulboshi qodirandozlarni ishga soldi, ularning yoydan bexato oʻq uzishlari tufayli shahrband ustidagilar tutdek toʻkildilar.
Oxiri sabri tugagan Sohibqiron xirgoh ayvonidagi oʻrnini tark etib, bu holdan vahima tushgan qurchilar oʻrovida pastga – qalʻaga yaqinroq borishga, bu bilan askarlari ruhini koʻtarishga qaror qildi. U shiddat bilan sarkoʻbdan tushib borarkan. Zaxira ortilgan aravalarning birining yonida oʻchib qolgan, ammo daryo tomondan esayotgan salqin shamoldan qip-qizarib tovlangan gulxan choʻgʻlariga qoʻllarini toblab, isinib turgan bir cholga koʻzi tushdi. U cholni sezmay oʻtishi mumkin edi. Ammo shuncha shovqin-suron orasida cholning mingʻirlab kuylagan qoʻshigʻi noxosdan uning diqqatini tortdi:
Voy, oʻgʻlima, voy oʻgʻlim,
Yigitlarning nobudi.
Koʻtarilmay qoldi-ya,
Oʻgʻilginam tobuti.
Moymananing yigiti,
Oyogʻida bor-buti.
Qoʻldan qoʻlga oʻtmadi
Oʻgʻilginam tobuti.
Qora yerda yotarsan,
Kimsa bilmas aslingni,
Doʻstlaringni xor etding,
Kim oladi qasdingni.
Voy, oʻgʻlima, voy, oʻgʻlim,
Yigitlarning nobudi.
Qoʻldan-qoʻlga oʻtmadi
Oʻgʻilginam tobuti…
Amir Temur cholni tanidi. U qalʻani dastlabki qoʻlga olganda, oʻz sohibi, oʻz safdoshlariga xiyonat qilganligi tufayli oʻlimga buyurilgan qalʻa jiybaxonasi boshligʻi boʻlmish yigitning otasi edi.
Oʻshandayam jang juda dahshatli boʻlgan boʻlsa-da, bugungichalik boʻlmagandi. Unda muxoliflar oʻzaro ilk marta toʻqnashayotganlari uchun hali bir-birlaridan qoʻrqishmas, dillarda faqat: “Kimning qoʻli baland kelarkan?” degan hadik bor edi, xolos.Ammo qilichlar bir-biriga urilgan ilk dafʻadayoq bu hadik oʻrtadan yoʻqolib, yning oʻrnini yogʻiyga nisbatan gʻazab va nafrat egallagan edi. Tongga yaqin boshlangan jang kechgacha davom etdi va ertasi kuni quyosh endi qizarib chiqa boshlagan mahalda chol oʻgʻli – jiybaxona boshligʻi xiyonati tufayli Turon hukmdorining gʻalabasi bilan tugadi. Ammo gʻalaba unga tatimadi. Yuborilgan nishonidagi talabiga boʻysunish oʻrniga qarshilik koʻrsatgan qalʻa kutvoli bilan unga qalʻa darvozasini ochib bergan jiybaxona boshligʻini qatl ettirdi. Yengilgan qoʻshin askarlarini esa qatl maydoniga olib kelib, oʻz boshliqlarining sharmandali oʻlimini koʻrishga majbur etdi. Qatldan soʻng bu askarlarni ozod qilib qoʻyib yubordi.
Qatl boshlanishi oldidan asir askarlar turgan tomondan dod-faryod eshitildi. Amir Temur sukutni buzgan bu yoqinsiz baqir-chaqirni eshitib, “Nima gap?” degandek qurchilar boshligʻiga oʻqraydi. Hukmdorning noroziligini payqagan qurchilar boshligʻi, devdek kelbatiga yarashmagan chaqqonlik bilan pastga otildi. Uning shunday ogʻir gavdasi bilan chaqqon harakati oʻrtasida bogʻliqlik topolmagan hukmdor shovqin chiqqan tomonga tikildi. U magʻlub yogʻiy askarlari ichidan qurchilar sudrab olib chiqqan cholni koʻrdi. Chol ikki qoʻlini ombirdek qisib, maydon chetiga sudragan qurchiarga dastlab qarshilik koʻrsatishga urindi-yu, ammo dam oʻtmay, nafasi oʻchib, qoʻl-oyogʻi majolsiz shalvirab tushdi.
“U kim?” — deb soʻradi Amir Temur qurchilar boshligʻi qaytib, oʻz oʻrnini egallagach. “Jiybaxona boshligʻining otasi ekan”, — dedi qurchiboshi. Sohibqiron birinchi marta kunda oldida qoʻli bogʻliq turgan, qalʻani xiyonat tufayli unga olib bergan jiybaxona boshligʻiga tikildi. U oʻgʻli tengi yigit edi.
Xuddi oʻsha lahza tovachining ishorasi bilan qatl boshlanganidan xabar berib nogʻoralarning gumbir-gumbiri boshlandi. Maydon oʻrtasidagi kunda qoʻyilgan supada qoʻqqayib turgan jallod qiblaga qarab tilovat oʻgirdi. Botayotgan quyoshda uning yuzi qip-qizil tusda tovlanardi. Tilovatni tugatgan jallod oʻrnidan turdi va kundaga birinchi boʻlib kutvol boshini qoʻydi. Ammo kutvol boshini kundadan olib, yana qad tiklashga urindi. Mushtumining zarbi bilan buqani oʻldirishga qodir zabardast jallod bir siltash bilan yana uning gavdasini bukib boshini kundaga qoʻydi, so ng yuksakdagi xigoh peshayvonidagi taxtda ichkilaru nombardorlar qurshovida turgan hukmdorga tikildi. Aniqrogʻi, tikilgandek boʻldi, zero jallod boshini koʻtardi-yu, oʻz sohibiga tik boqishga jurʻat qilolmadi. Uning qoʻlidagi oybolta ham qonga boʻyalmagan, ammo gʻurub shuʻlasi tushib qip-qizarib tovlanardi.
Endi buyogʻi faqat Sohibqironning irodasiga, uning gʻazabi yoki rahm-shafqatiga bogʻliq edi. Ammo dunyoning toʻrt tarafining zir-zir titratgan, Gʻarbu Sharq hukmdorlariga oʻzining marhamatini ayamay, ularni farzandi qatoriga qoʻyib, “oʻgʻillarim” deb murojaat qilishga koʻnikkan jahongir bu lahza nimalar haqida oʻylayotganini hech kim bilmasdi.
Kutvol ham, jiybaxona boshligʻi ham oʻgʻli tengi yigitlar edi. Ammo kutvol mardonalik bilan qalʻani saqlashga uringan boʻlsa, jiybaxona boshligʻi xiyonat bilan uni muxolifga ochib bergani ular oʻrtasida bir ulugʻ jar hosil qilganini oʻylagan Sohibqiron dunyoning gʻalati ishlarini anglashga urinarrdi. Mana, deyarli tengdosh yigitlar. Balki ular bir koʻchada oʻynab ulgʻayishgan joʻralardir, balki qilich chopqilashni birga mashq qilishgan saboqdoshlardir. Ammo ular hozir bir-biriga dushman. Kutvol oʻzini magʻrur tutar, oʻzini dushmanga sotgan jiybaxonachiiga qayrilib ham qaramasdi. Jiybaxonachi boʻlsa, allaqachonlar tiriklik nishonasini bildirmay munkayib yotardi. Oʻz qilmishini anglab pushaymon boʻlganidan ajalni allaqachonlar boʻyniga olganidanmi yoki oʻz xiyonati bois marhamat kutib, uning oʻrnida oʻlim topayotgani tufayli qoʻrquvdanmi uning devor rangiga kirgan basharasi maʻnosiz, unda na gʻazab, na iltijo namoyon edi.
Hukmdor oʻlim oldida ham oʻzini xoʻrlashlariga qarshilik koʻrsatayotgan kutvolga qarab, ikkilangandek boʻldi. Keyin birdan sergak tortib, oʻgʻliga koʻz qirini tashladi. U oʻgʻlining chehrasida ham ikkilanish alomatini sezdi-yu, qarori qatʻiylashdi. “Ikkilanish, bu boʻlajak magʻlubiyatdir” — deb oʻyladi Amir Temur. Agar u hozir ikkilanganini oʻgʻliga bildirib qoʻysa, oʻgʻli saltanat va harbning har bir ishida ikkilanishi mumkin. Bunga esa yoʻl qoʻyib boʻlmasdi. Unda saltanatda orom, dushmanlarda qoʻrquv, doʻstlarda sadoqat, oʻgʻlida sobitlik qolmaydi. Illo, podshoh bir tadbir qilishni oldindan qasd qildimi, har qanday sharoit va vaziyatga qaramay, oʻsha ishda qattiq turmogʻi, to bitirmaguncha undan qoʻl tortmagani maʻqul. Agar bugun u ikkilansa ertaga oʻgʻli ham ikkilanadi, sobitligi sinadi, oqibatda mamlakat boʻlinadi. Ikkilangan hukmdor baribir oxir-oqibat adashadi, soʻng ularga yaqin turganlar ham adashadilar.
U bir paytlar,endi saltanat izmi ilgiga oʻtgan kunlarda piri yoʻllagan maktubdagi muborak soʻzlarni esladi: “Mamlakat kufr bilan turishi mumkin, lekin zulm bor yerda turolmaydi”. Xoʻsh, undan shafqat tilash oʻrniga oʻlimni indamay kutayotgan kutvolni oʻldirish zulmmi, zulm emasmi?! “Zulm!” — deb oʻziga javob berdi Sohibqiron. Ammo yana shu narsa maʻlumki, kutvol yosh boʻlishiga qaramay, zulm yoʻliga oʻtgan. Sohibqiron qon toʻkilishiga yoʻl qoʻymaslik niyatida oʻz nishonini yuborib taslim boʻlishni taklif qilganida, bu talabga rizolik bildirish haqida maslahat solgan ikki-uch yuzboshini mashvaratning oʻzidayoq chopib tashlagan. Laʻnati jiybaxonachi, allaqachonlar koʻnglida xiyonat fitnasini boshlagan jiybaxona boshligʻi ham oʻsha yuzboshilarga qilich peshlagan. Nodon kutvol xavf-xatarni unga oqilona maslahat bergan yuzboshilardan emas, mana shu yonida turib qilich peshlagan jiybaxonachidan kutish kerakligini bilmagan. Oqibatda oʻrtada jang sodir boʻldi, necha yuz askar bekordan-bekor qurbon boʻldi. Bu zulmmi,
zulm emasmi?! “Zulm!” — deb hukm chiqardi buyuk jahongir. Qolaversa, yomonlikka yaxshilik bilan javob qaytarish mumkinmi? U holda yaxshilikka nima bilan javob qaytarish lozim. Yoʻq, yomonlikka adolat, yaxshilikka yaxshilik bilan javob qaytarmoq kerakdir. Aksincha boʻlsa, xatodir.
Amir Temur yana oʻgʻliga koʻz qirini tashladi. Uning yuzida hamon ikkilanish alomati zohirligini sezdi va oʻgʻli unga qayrilib bir nima deyishga hozirlanganini payqashi bilan koʻzini olib qochdi. Yoʻq, oʻgʻli hozir nima demoqchiligini u eshitmasligi kerak. Zero, hozircha bu ikki iqlimni ichiga olgan cheksiz hududda va shu hududning markaziga aylangan yerda – u oʻtirgan makonda har bir narsa, har bir kimsaning taqdiri yolgʻiz uning irodasiga, uning qaroriga bogʻliq. Shunday ekan, kecha yolgʻiz oʻzi bilgan qaror, uni boshqalarning qulogʻi eshitmagan boʻlsa-da, bugun amalga oshmogʻi shart.
Sohibqiron yuzida bir daqiqa paydo boʻlib, oʻsha lahza oʻchgan maʻnoni uqqan tovachi jallodga “Boshla!” degandek qoʻl siltadi. Oʻsha lahza jallodning qizil damli oyboltasi kutvol boshi ustida yalt etdi-yu, kesilgan bosh kundadan supaga, supadan pastga dumalab ketdi. Navbat jiybaxona boshligʻiga yetdi. Yana jallod oyboltasini yerga tirab, bosh egib izn kutdi. Tovachi hukmdor yuziga tikildi. Ammo Amir Temur yuzida hukm maʻnosini koʻrmay, vujudi diqqatga aylandi.
Navbat jiybaxona boshligʻiga yetdi-yu, jahongir dastlab kutvolni boshidan judo etganiga oʻkindi. Avval battol xoinni oʻldirish kerak edi. Illo, oʻzini yogʻiyga sotgan xiyonatkorning oʻlimini kutvol koʻrishi kerak edi. Jahongirning birdan gʻazabi koʻpchib, tovachiga oʻqraydi. Gap nimadaligini anglolmagan bechora tovachining tizzalari boʻshashib, rang-roʻyi koʻpikdek oqarib ketdi. Ha, kutvol bu laʻnatining oʻlimini koʻrishi shart edi… Shart edi… Nega avval shu narsani oʻylamadi. Bu kahza oʻz ona yurti hifzida turgan qalʻani unga olib bergan jiybaxona boshligʻi uning nazarida lunyodagi eng past, eng manfur kimsa edi.
Oʻlimini kutib yuztuban yotgan jiybaxonachining tanasiga jon kirgandek boʻldi. Kutvolning oʻliminidan soʻng tamom boʻlgan xoin hukmdor oʻyga botgan vaqtni paysallash, deb Sohibqiron uni faqat qoʻrqitish uchun kunda yoniga olib keltirganligiga, aslida qilgan ishi uchun albatta marhamat topajagiga ishona boshlagandi. U zoʻrgʻa koʻzlarini ochib hukmdorga boqdi. Majol topib undan imdod tilamoqchi boʻldi, ammo muzlab qolgan lablarini qanchalik ochishga urinmasin, ocholmadi, faqat qaqragan, qonga toʻlgan boʻgʻzidan nolaga oʻzshash bir tovuch chiqdi. Keyin hukmdorning oʻziga qahr bilan nafratomuz qarab turganini arang ilgʻadi-yu, murda nuqsi urgan basharasini yana yerga bosdi.
Amir Temur gʻazab bilan tovachiga baqirdi:
— Mochagʻar, nimani kutyapsan, boshlamaysanmi?
Tovachining ishorasi bilan jallod bir siltash bilan jiybaxona boshligʻining majolsiz gavdasini yerdan koʻtardi-da, ikki bukdi va boshini kunda ustiga qoʻydi. Oʻsha zahoti mahkumning ogʻzidan koʻpik oqib tusha boshladi. Jiybaxona boshligʻining boshi ham kundadan pastga dumalashi bilan hammaning qulogʻi koʻnikib qolgan ogʻir va qoʻrqinchli sukunat ogʻushida maydon chetida bogʻliq turgan otlar yonida chalqancha yotgan cholning yuragidan otilib chiqqan mungli faryod yangradi. Ammo bu faryod egasiga hech kim jurʻat etib qaray olmadi. Yolgʻiz Amir Temur oʻrnidan turib, qatl maydonini tark etayotgan odamlar osha cholga uzoq tikildi. “Zulm!” — deb oʻyladi yana u. Shu oʻy ongida yalt etgan zahotiyoq, shart orqasiga oʻgirildi. Oʻshandan buyon cholni uchratmagan edi…
Soʻnib borayotgan gulxan choʻgʻlarini qoʻlidagi shox bilan titayotgan cholga koʻz tashlab, bir lahzagina toʻxtab qolgan sohibqiron qadamini tezlashtirdi. Ortidan cholning qoʻshigʻi yetib kelardi:
Voy, oʻgʻlima, voy oʻgʻlim,
Yigitlarning nobudi.
Qoʻldan qoʻlga oʻtmadi
Oʻgʻilginam tobuti…
“Chol esdan ogʻgan!” — deb oʻyladi Amir Temur, ammo oldida durbosh koʻtarib borayotgan qurchi “Voh” — deya yuztuban yiqilganini koʻrdi-yu, oʻsha zahoti cholni unutdi. Qalʻa tomondan uchib kelgan toʻqmor uchi qurchining koʻksini techib, kuragidan chiqib turardi. Jahongirning xavfsizligi uchun javobgar ichkilar tezda uni turalar bikan toʻsib olishdi.
Tuni bilan davom etgan jang tong yorishgach, battar avj oldi. Kechasi qoʻzgʻalgan shamol va bir-ikki tomchilab oʻtgan yomgʻir tinib, osmon shundayam yarqirar ediki, bamisoli artilgan shishadek begʻubor edi. Osmonda bir hovuch bulut gam koʻrinmasdi. Yoz quyoshi shunday mehr bilan odamlarga, chehkaklarga , dala-yu dashtlarga, yuksak togʻlarga oʻz nurini sochardiki, boʻlayotgan voqealar oʻngda emas, tushda koʻrinayotgandek tuyulardi. Ammo har ikki tarafning jangchilari buni sezishmas, ularning koʻzi bir-birlaridan uzilmas, qoʻllaridagi qilichu zulinlar tovushi, koʻlaridagi gʻazab, dillaridagi qahr gʻubori ham osmonni, ham quyoshni toʻsib olgan edi. Toliqqan otlarning ham, odamlarning ham oʻngi tushga aylangan. Ular butun dunyoni unutgan, goʻyo yolgʻiz oʻlimgina ularga hordiq olish uchun imkon beradigandek.Tuni bilan sovutlar va dubulgʻalar aks etgan oy nuri soʻnib, quyoshdan tushgan shuur qip-qizarib oqayotgan daryoda tovlana boshladi. Uning suviga qon qoʻshildi. U qalʻa turgan qoyadan oqib tushib, olis togʻlar
tarafdan dalalarni yashnatish, odamlar, gullar, bulbullar chanqogʻini qondirish uchun oqib tushayotgan daryoga borib quyilar, koʻm-koʻk daryo bir-ikki farsang davomida bu qonni hazm etolmay qiynalar… va oxiri qon rangini ichiga yutib, yana oʻzining azaliy yoʻlidan olgʻa talpinardi.
Oʻlim topgan jangchilar qiynalmay jon berishar, oʻlim ularga farogʻatli uyqu boʻlib tuyular, ular “oʻlayapman”deb emas, “uyqu bosyapti”, — degan xayolda koʻz yumishardi. Ochiq qolgan koʻzlarda tip-tiniq osmon bilan bab-baravar koʻpik sochayotgan otlar, qilich peshlagan suvoriylar, har ikki tomondan uchib kelayotgan novaklaru nayzalar aks etardi. Bu urush chizgan surat edi.
Tongdan oʻtib qalʻadagilarning zaiflashgani sezildi. Zero, ular oʻzlari uchun oʻlimdan boshqa yoʻl yoʻqligini anglab, matonat bilan jang qilishar, biroq, erigan Temur togʻi oqimi shiddat bilan toʻxtashni bilmay, qalʻa devorlariga urilar, har urilganda yana ham balandlashardi. Oxiri bu oqim devorlardan oshib, qalʻa ichini toʻldirdi.
Jang tugadi. Amir Temurga dushman qoʻshinlari butunlay tor-mor qilinganini aytishdi. Sohibqiron bu xabarni eshitar ekan, boshqa narsani oʻylardi. U benoqat edi. U oʻzi kutgan gapni eshitishni intiq kutar, ammo oʻzi ochiqdan-ochiq soʻrashga yuragi betlamasdi. “Demak, oʻgʻlim…” Amir Temur koʻksi zirqirab ogʻridi. U qurchilar boshligʻiga tikilib: “Oʻgʻlimni toping!” deb buyurdi. Ammo qidirishlar bekor ketdi. Oʻgʻlining na tirigi, na oʻligi topildi. Amir Temur bu haqda xabar bergan yaqinlariga dargʻazab tikilar, ularni qayta-qayta qidirishga majbur qilardi.
Jahongir oʻgʻlini jasur va oʻktam qilib tarbiyalagan edi. Qilich tutgan qoʻli baquvvat boʻlsin deb kecha-kunduz mashq qildirdi, yuragi qoʻrquvni bilmasin deb sher yuragini yedirdi, farosatli boʻlsin deb kitobga oshna qildi. Yigirmaga chiqqan o“g“li o n yillab sohibqiron yurishlarida qatnashgan, qilich chopqilashda chiniqqan tajribali jangchilar – bahodirlar bilan bir safda turish huquqiga ega boʻldi.
Amir Temur ichida farzandini qanchalik suymasin, haligacha uning boshini silab erkalamagan. Erkalash dilni buzadi deb hisoblardi. Oʻgʻli ham shu paytgacha otasiga biror marta kulib boqmagan, hamisha koʻzlarida olov chaqnab turardi. Bu olov oʻsha jang koʻrgan bahodirlar koʻzlaridagi olovdek sovuq porlamasdi. Bu olov oʻtli va yosh edi. Nahotki shunday oʻgʻli dushman qoʻlida xor boʻlgan boʻlsa? Nahotki?! Yoʻq, u oʻzini xor qilishlariga yoʻl qoʻymaydi. U yogʻiy qoʻlida xor boʻlishdan oʻlimni afzal koʻradigan yigit. Zero u oʻgʻlini qalʻada qoldirib ketar ekan, xayrlashish oldidan, shunday degandi: “Saltanatga daʻvogarchilik qilgan har bir kishi saltanat shaʻni va martabasiga loyiq ish tutishi zarur. Mudom yodingda boʻlsinkim, bu yoʻlda jangga kirib yo zafar quchib gʻolib boʻlgʻaysan, yo oʻldirilgʻaysan. Oʻlimini boʻyniga olgan kishigina bu yoʻldan yurmogʻi mumkin”.
Amir Temur rahmatli otasi, barloslarning ulugʻ amirlaridan biri boʻlmish Muhammad Taragʻay uni qanday tarbiyalagan boʻlsa oʻgʻlini oʻsha ruhda: beshafqatlik, mardlik va farosatlik, faqat shundan keyingina oqibatlik ruhida voyaga yetkazdi. Oqibat Oqibat, otasining nazarida, yolgʻiz mehr-shafqatdan, shu bilan birga dilovarligu qattiqqoʻllikdan tugʻilmogʻi darkor. U oqibatning inkori boʻlmish xiyonatni yomon koʻrardi. Qoʻrqoqlikni kechirsa kechirar. Ammo xiyonatchiga rahmdillik qilishni oʻylamas, hatto bunday qilishni gunoh deb bilardi. Agar Amir Temur dunyoning toʻrt tomonidagi eng boy oʻlkalarni zabt etib, ularning podshohlarini oʻziga tobe etgan boʻlsa, bu sharafga shu dilovarligi va oqibatdorligi, xiyonatga yoʻl qoʻymagani sababli erishdi.
Amir Temur oʻgʻlida uch hislat mujassam boʻlishini istardi. Eng avvalo, insonparvarlik, soʻng tejamkorlik va nihoyzt bosiqlik. Insonparvar odamgina dovyurak boʻlmogʻi mumkin. Tejamkor boʻlgan odamgina saxiy boʻlishi mumkin. Bosiq odamgina hukmdor boʻlishi mumkin. Kimki jasur boʻlsa-yu, insonparvar boʻlmasa, tejamkor boʻlmasa-yu, saxiylik qilsa, dono boʻlsa-yu bosiqlik qilmasa, unday odam oʻzi bosh-qosh ishniyzm, oʻziniyam halok etadi. Kimki, dushmani bilan olishgandayam insonparvarlikni unutmasa, u albatta yengadi. Alloh taolo hamisha unga madad beradi, insonparvarlik unga panoh boʻladi.
U oʻgʻliga mamlakat adolat, urush esa dilovarlik va ayyorlik bilan boshqarilishini, mamlakatda taʻqiq qancha koʻp boʻlsa, avom shuncha qashshoqlanishi mamkinligi, illo erkinlik va adolat boʻlsa avom, demak mamlakat boy boʻlishini, qonun va buyruqlar qanchalik koʻpaysa, adolatsizlik, oʻgʻrilik va bebochlik shunchalar koʻpayishi mumkinligini uqtirdi. “Oʻgʻlim, — deb aytardi rahmatlik otasi, — uzoqni koʻrolmagan hukmdor yaqinidagi balolarga giriftor boʻladi. Ammo yaqinni koʻrib ish tutgan hukmdor ham xato yoʻldadir”. Amir Temur otasining bu gapini oʻgʻliga aytar ekan, oʻzidan qoʻshib ushbuni uqtirgan edi: Podshohlar hulqi bamisoli shamol, avomniki maysadir. Shamol qay tarafga essa, maysa ham oʻsha tomonga egiladi. Ammo podshoh hech qachon oʻz qudratining asosi mana sju avom ekanini unutmasligi kerak.
Amir Temur tutab yonayotgan, vayrona qalʻaga kirmay daryoga yaqin yalanglikda chodir tiktirdi. Sohibqiron oʻzining oddiq jangchilari libosidan deyarli farq qilmaydigan jangovar libosida, Damashqni olganda qoʻlga kiritgan oltin chiroqdan osilgan shohchodirda kunduz boʻrkli boshini eggan koʻyi oʻgʻlidan darak kutardi. U kamdan-kam yolgʻiz qolar, shu boisdan har gal shu ahvolga tushganda dilini allaqanday anglab boʻlmas ogʻriq qisa boshlardi. Hozir ham shu ogʻriq uygʻondi-yu, sohibqiron chuqur oh tortdi. U ogʻriq sababinii bilmas, bu esa ogʻriqni yoʻqotish chorasini topishga imkon bermasdi. Tuni bilan kechgan jang tufayli uyqudan, hordiqdan qolgan jahongir ongida quyuq va horgʻin bir zulmat paydo boʻlgan, ogʻriq esa mana chu zulumot ichida yonib turgan chiroqdek pirpirab, goh tovlanib turardi. Toʻsatdan tashqarida shovqin-suron koʻtarildi-yu, sergak tortdi. Ammo oʻzini tutib, bu shovqin-suronlardan xayolan uzoqlashish uchun koʻzini yumdi. Oʻcha zahoti kechagi tushi oʻngida yalt etib namoyon boʻldi. Kumush shuʻla
ogʻushida belanchak chayqalardi. Bu safar onasi yoʻq edi. Belanchak ham boʻm-boʻsh edi. “Ogʻlim, oʻgʻlonim…” – deya pichirladi Amir Temur. Ammo tashqaridagi shovqin tobora unga yaqinlashib kelar, ortiq undan qochib boʻlmasdi…
Shu payt shoshilib ichlariga nombardorlardan biri kirdi. Uning yuzida qoʻrquv bor edi. U gapni qanday boshlahni bilmay Sohibqiron qarshishiga kelib. Tiz choʻkdi. Amir Temur nega nombardorlaru amirlar har galgidek rasm-rusmga binoan oʻz munosabatlaridan kelib chiqqan tartibda kirib kelmaganlari haqida oʻyladi-yu, huzuridagi nombardor koʻpchilik aytishga qoʻrqqan gapni unga yetkazishni boʻyniga olib kirganini angladi.
— Soʻyla, — dedi sohibqiron.
— Onhazrat, — dedi nombardor, — bir qoshiq qonimdan kechsangiz…
— Kechdim, soʻyla, — dedi Amir Temur.
— Onhazrat, oʻgʻlingizning na tirigi, na oʻligi topildi. Qalʻani elakdan oʻtkazdik, ammo… — nombardor jim qildi. Oʻrtada jimlik choʻkdi. Bu jimlik choʻzilgan sayin nombardorning qooʻrquvi oshib borar, bu qoʻrquv yuragidan qon tomirlari orqali vujudiga tarqalib, aʻzoi-badanini shol etganday boʻlardi.
— Shovqin-suronning sababi nedir? – dedi boshini koʻtarmay Amir Temur.
— Qoʻrquv daryosiga choʻkib borayotgan nombardor birdan hushyor tortib, bor irodasini yigʻib, taqdir inʻom qilgan xasga yopishdi:
— Qatl etilgan jiybaxona boshligʻining otasi sizning huzuringizga kiraman deb shovqin koʻtardi. Qurchilar uni qoʻl-oyogʻini bogʻlab, daryoga tashlamoqchi boʻldilaru bu ishni ixtiyoringizsiz qilishga jurʻat topolmay toʻxtadilar.
“Mana kim oʻgʻlimga nima boʻganini menga aytib beradi?”- degan nogahoniy oʻydan oʻrnidan turib ketgan Amir Temurning vajohatini koʻrib nombardor hayot bilan vidolashish muddati yetganini tushundi. Ammo Sohibqiron unga yaqinlashib, yoqasidan ushlab dast koʻtardi-yu, qahrli koʻzlarini tikib, baqirdi:
— Tezroq cholni huzurimga olib kiring! Boyagina qoʻrquvdan qoʻl-oyogʻi boʻshashgan nombardor hukmdor yoqasini boʻshatishi bilan shohchodirdan oʻqday otilib chiqdi. Zum oʻtmay, cholni olib kirdilar. Chol hozirgina arqon siquvidan boʻshagan qoʻllarini uqalab, qarshisida oʻtirgan Sohibqironga, koʻzlarini yashirmay, ochiqdan-ochiq razm solardi. Ular bir-biriga uzoq tikildilar. Allaqachon oʻz oʻrinlarini egallagan nombardorlaru amirlar “bu yogʻi nima boʻlarkin?” deganday voqealar davomini kutardilar.
— Soʻyla, kimsan? – deb birinchi ogʻiz ochdi nihoyat Amir Temur.
— Bandaman, — dedi chol unga tik boqqancha.
— Kimning bandasi? – deb soʻradi yana Amir Temur.
— Hukmdorimning, — dedi chol.
— Hukmdoring kim?
— Alloh taolo! – dedi chol.
Amir Temur cholning javobiga ichida tahsin oʻqidi. Bir lahzalik bu savol-javob
uni ancha tinchlantirgan edi.
— Ey Alloh bandasi, — deya gap boshladi yana Amir Temur, — mening kimligimni bilasanmi?
— Bilaman. Sen ham Alloh bandasisan! – dedi chol.
— Inshoollo, xudoning bandasi Amir Temurman, — dedi Sohibqiron.
— Amir Temurligingni yaxshi bilaman. Atrofdagilarning butun vujudi quloqqa aylanib, hukmdor bilan chol musohabasini tinglashardi.
— Allohniing moʻjizasi, Xudovandi karimning marhamatiga erishgan Amir Temurman, — dedi sohibqiron har bir soʻziga alohida urgʻu berib.
— Har bir bandaning dunyoga kelishining oʻzi Alloh moʻjizasi, Xudovandi karimning marhamatidir, — dedi chol.
Amir Temur “rost aytding” degandek bosh silkib, cholning soʻzini maʻqulladi. Ammo oʻsha zahoti yodiga oʻgʻli tushdi-yu, lablari mahkam qisildi.
— Oʻgʻlimga nima boʻlganini bilasanmi? – deb sekin soʻradi Sohibqiron. Ammo uning ovozini sukunat quchgan shohchodirda oʻtirgan hamma eshitdi.
— Kecha qalʻada bir yigitni qatl etdilar. Uning koʻz-qoshi senikiga oʻxshardi. Oʻsha yigit oʻgʻlingvi? – dedi chol savolga savol bilan.
— Sen aytgan yigit oʻgʻlimmi, oʻgʻlim emasmi, men hali bilmayman. U tirikmi, oʻlikmi, bundan ham bexabarman, — dedi Amir Temur.
— Yigit taxminan yigirma yoshda edi, — dedi chol.
— Ha, oʻgʻlim yigirmaga chiqqan edi, — dedi Sohibqiron.
— Uni sening kelishing arafasida tongda qatl etishdi, — dedi chol.
— Oʻsha yigitni qanday oʻldirishdi, soʻylab ber, — dedi Amir Temur.
— Uni qalʻa oʻrtasidagi maydonda qatl etishdi. Oʻsha sen mening oʻgʻlimni qatl etgan supada… — Chol bu gapni aytib toʻxtadi. Amir Temur birdan yolgʻizlikda qiynab, koʻpchilik orasida uni tark etadigan ogʻriq yana dilida uygʻonganini sezdi. Bu safar ogʻriq har safargidan kuchlioq edi. U bor irodasini toʻplab, dilidagi azob yuzida zohir boʻlmaslik yoʻlini tutdi. Choldan boshqa biror kishi jahonni qoʻrquvda tutgan inson dilida qanday azob uygʻonganligini sezmadi.
-Tong mahali edi, — deb nihoyat gapini davom etdi chol. – Mashriqdan chiqqan quyosh charaqlab tursa-da, hali magʻrib tomondagi oy botib ulgurmagan edi.
— Uni qanday oʻldirdilar? – deya toqatsizlandi Amir Temur.
— Avval oʻng qoʻlini yelkasi osha chopdilar…
— Ingradimi? – deb soʻradi Amir Temur.
— Yoʻq, oh degan tovush ham chiqarmadi.
— Mening oʻgʻlim ekan! Dedi hayajonlangan Amir Temur.
— Keyin…keyin chap qoʻlini chopdiar, — dedi chol.
— Ingradimi?
— Yoʻq, miq etmay chidadi.
— Mening oʻgʻlim ekan! – dedi Amir Temur.
— Soʻng yigitning oʻng oyogʻini chopdilar, — dedi chol, oʻsha dahshatli qatl manzarasini koʻz oʻngiga keltirish niyatida koʻzini yumgancha.
— Ingradimi?
— Yoʻq. Chidadi, koʻzudan bir tomchi yosh, boʻgʻzidan bir un ham chiqmadi.
— Mening oʻgʻlim ekan u! – dedi Amir Temur.
— Keyin bechoraning chap oyogʻini chopdilar, — deb hikoyasini davom etdi chol hamon koʻzini ochmay.
— Ingradimi? – deb soʻradi sohibqiron.
— Yoʻq ingramadi.
— Mening oʻgʻlim ekan oʻsha yigit! Mening oʻgʻlim! – dedi Amir Temur koʻzidagi alam oʻrnini gʻurur egallab. – Keyinchi, keyin?..
— Keyinmi?.. – dedi chol mahzun koʻzlarini ochib, sohibqironga tikilar ekan, — keyin yigitning koʻksini tars yordilar-da, yuragini uzib oldilar!
— Ingradimi? – dedi Amir Temur.
— Yoʻq, ingramadi. Faqat… — cholning tovushi hayajondan boʻgʻilgandek boʻldi. – Faqat yuragini uzib olganlari bilan, “Oh!” deb yubordi, — chol koʻzlaridan oqqan yoshlarni gulxan qoraytirgan yengi bilan artar ekan.
— Yoʻq, u mening oʻgʻlim emas ekan! – deb yubordi cholning soʻnggi soʻzini eshitib oʻrnidan turib ketgan Amir Temur.
Davradagilar Sohibqiron soʻzini eshitib, bir qalqib ketdilar. Amir Temur ularning har birining koʻziga tikilmoqchi boʻlgandek, davradagilarga bir boshdan tikildi va oʻziga boqib turgan cholga navbat yetganda yana takrorkadi:
— Yoʻq, u yigit mening oʻgʻlim emas! — Shu gapni aytishi bilan sohibqironning koʻz oʻngini bir zum kumush yogʻdu toʻsdi. Kumush yogʻdu aro chayqalgan belanchakni koʻrdi. Biroq, belanchak boʻm-boʻsh edi. “Oʻgʻlim!” – deya tovushsiz oʻrtandi jahongir…
Sohibqiron qalʻani buzib tashlashni , cholga boʻlsa nima tilasa oʻshani berib, oʻzi xohlagan manziliga yetkazib qoʻyishni buyurdi. Oʻsha zahoti uning amri bajo keltirildi. Temir togʻi erib, yana qalʻa tomonga oqdi va bir pasda qalʻadan nom-nishon qolmadi. Ertasi kuni bu simobiy oqim daryo yoqalab magʻrib tomonga oqdi. Nimaʻlumlikdan sarosimada qolib oromni unutgan olisdagi shaharu qishloqlar bu temir oqim ularning qay birlari tomon burilishini bilmay, vahima bilan koʻtardilar. Nomaʻlumlik sarhadi kamaygan sayin bu temir oqim ularga shunchalik yaqinroq kelardi. Bu temir oqim chetlab oʻtgan qishloqlaru kentlarda bir pasda talvasa oʻrnini farogʻat, qoʻrquv oʻrnini xotirjamlik egallardi. Kelinchaklar yigʻishtirilgan belanchaklarini yana daraxtga ilardilar, yana alla aytib bolalarini uxlatib, dalaga hosil yigʻish bilan ovora erlari uchun ovqat tayyorlashga urinishar, ayrim uddaburonlari shu orada oʻsma ezib, qoshlariga surish uchun ham vat topardilar.
Chol esa Sohibqirondan hech nima soʻramadi. U devorlari buzilib, yer bilan tekislangan qalʻa atrofini tark etmadi.Bir necha kundan soʻng Amir Temur toʻsatdan cholni eslab, surishtirdi. Unga cholning qalʻa yonida qolganini aytdilar. Sohibqiron qoʻshindan bir guruh ajratib, cholni oʻz huzurifa olib kelishlarini buyurdi. Guruh bir necha kun yoʻl bosib, manzilga yetib keldilaru chor-atrofni qidirib cholni topolmadilar. Jangchilar chol daryo sohilida yangi paydo boʻlgan qabrda koʻmilganidan bexabar edilar. Uni koʻmgan podachilar esa sharqdagi togʻ qoyalaridan pastga olib tushgan podalarini haydab allaqachonlar olislab ketgan, ular cholning Amir Temur va uning oʻgʻli haqidagi mahzun hikoyasini allaqachonlar afsona qilib aytib borardilar…
Afsona mana shu yerda yakunlanadi.
Vassalom.
1990