Xurshid Davron. Navoiy armoni
Loyihani qo'llab quvvatlash uchub buyerga bosing
Shahzoda Moʻmin mirzo oʻldirilgan hijriy toʻqqiz yuz uchinchi yilning safar oyida – 1497 sananing erta bahorida Mir Alisher Navoiy Mashhadda edi. U bir paytlar oʻzi saboq olgan bu kentga Imom Rizo maqbarasini ziyorat qilishga borib, yetim-esirlarga saqat ulashadigan gʻalvurxona qurilishini boshlatgan, shu bois, bir oz ushlanib qolgan edi.
Navjuvon shahzodaning shafqatsizlarcha qatl etilganini Hirotga qaytayotganda eshitib, Mir Alisher bagʻoyat qattiq qaygʻurdi va unga peshvoz chiqqan yoru-birodarlariga nadomat bilan. “Bir vaqtlar Shayx Majdiddin Bagʻdodiyning oʻldirilishi oqibatda Chingizxon bosqinidan Movarounnahr va Xuroson qanday qirgʻinbarotga uchragan boʻlsa, Moʻmin mirzoning oʻldirilishi oqibati ham xuddi shunday falokatlardan darak beradur”, — deb aytdi. Mir Alisher bunday qabixona qotillik – boboning oʻz nabirasini oʻldirishga fatvo berishi saltanat inqirozining ibtidosi ekaniga ishora qilganini payqagan Sulton Husayn Boyqaro qattiq gʻazablandi. Ammo gʻazabini ichiga yutdi. Zero, podshoh shahid shahzoda otasi, toʻngʻich oʻgʻli Badiuzzamon mirzo xun qasdida albatta isyon boshlashini bilar, bunday sharoitda Mir Alisher bilan ora buzilishini xohlamas edi.
Sulton Husayn bu mashʻum voqeadan soʻng, qariyb yarim asrlik qadrdoni boʻlmish Mir Alisher saltanat ishlaridan butunlay chetlashishga, bir umrlik orzusini amalga oshirishga ahd qilganidan bexabar edi. U, bu haqda eshitganda ham jiddiy eʻtibor bermadi, illo, Mir Alisher bunday qarorlarni oldin ham qilgan, ammo uning boshiga tashvish tushganda hech qachon qarab oʻtirmagan, xonanishinlikni tark etib albatta koʻmakka kelgan. Shoyadkim, bu gal ham shunday boʻlgay… Qolaversa, Mir Alisherni podshoh xonadoniga ipsiz bogʻlab qoʻygan bir kuch bor ediki, u ham boʻlsa Sulton Husayn Boyqaro bilan barcha kechgan xotiralari edi. Ammo bu galgi tark etish Mir Alisherning azaliy orzusi bilan bogʻliqligidan bu yosh shoirning koʻngliga hali Samarqandda oʻqib yurgan kezlaridayoq paydo boʻlganidan bexabar edi. Baʻzilar bu oʻy rad etishga sevgi tufayli deb shubha qiladilar. Oʻshanda muhabbati koʻnglining tubida qolib ketganidan ezilgan yigirma yetti yashar Alisher hajga ketishga, qolgan butun umrini tariqat suluhiga bagʻishlashga chogʻlangan, ammo yurtda kechgan notinchliklar safarga chiqishiga monelik qilgandi. Oʻshanda yosh shoir hazrati Xoja Ahror maslahatiga amal qilib, tariqat ilmini oʻrganishga zoʻr berdi.
Sulton Husayn Boyqaro adashmadi, haqiqatan ham kelasi yilning yoziga chiqib, Badiuzzamon mirzo isyon boshladi. Sulton Husayn qoʻshin saflab, Astrobodga otlandi. Mir Alisher u bilan birga ketdi. Ota va oʻgʻil oʻrtasida begunoh nabira xuni turgani uchun ham qilichlar muhovarasi qattiq va ayovsiz boʻlmogʻi maʻlum edi. Mir Alisher Xuroson saltanatini parchalanishdan saqlab qolishni oʻz burchi sanar, garchi uzilgan ipni qayta ulab boʻlmasligini anglasada, ota bilan oʻgʻilning buzilgan munosabatlarini tiklamoqqa zoʻr berib urinardi. Sulton Husayn ham butun umidini bu gal qilichiga emas, doʻstining tadbirkorligiga bogʻlanganini, ochiq-oydin boʻlmasa-da, nozik ishoralar bilan bildirishga harakat qilardi. Mana shu sababdan ham Mir Alisher Badiuzzamon mirzo huzuriga elchilikka bordi. U mirzodan ota amriga quloq solishni tiladi. Xuddi oldingi – Moʻmin mirzo oʻldirilishidan avval yuz bergan isyon paytida nima degan boʻlsa, oʻshani takrorladi. Ammo qancha urinmasin, mirzo tavba qilishdan bor tortdi. U Mir Alisher qattiq tikilib: “Mavlono, men, sizni otamdan ortuqroq koʻraman, oʻgʻlim esa sizni mendan ortiqroq suyardi. Xoʻsh, qani ayting-chi, ota degan farzandini tiriklayin oʻldiradimi?” – dedi. Keksa shoirning koʻzidan yosh tirqiradi, u mirzo nimaga ishora qilganini angladi. Keyin bazoʻr oʻzini oʻnglab. “Mirzo, bu gaplarni unuting”, — dedi. “Qaysi soʻzlarni?” – dedi Badiuzzamon mirzo. Mir Alisher ortiq oʻzini tutib turolmadi, hoʻngrab yigʻlab yubordi. Uning ahvolini koʻrib, Badiuzzamon mirzoning ham koʻzidan duvva-duvva yosh toʻkildi.
Elchi Marvda qarorgoh tutgan Sulton Husayn huzuriga umidsiz qaytgach, bir zamonlar ulugʻ Amir Temur koʻragon tiklagan qudratli saltanatning soʻnggi parchasi boʻlmish davlatning tanazzuliga mone boʻlmoq maqsadida podshohga: “Farzandingiz tavba qilishga tayyor”, — deb aytdi, niyatda bor tadbirlarni qoʻllab, Badiuzzamon mirzo koʻna oladigan shartlarni qabul etishga podshohni rozi qildi. Soʻng qarorgohdagi chodiriga kirib, isyonchi shahzodaga maktub bitdi va oʻsha fursatdayoq chopar bilan borib berib yubordi. Ikki kun oʻtar-oʻtmas Badiuzzamon mirzodan javob keldi. U Mir Alisher maktubida shartlarni qabul qilgani va hademay tavba uchun podshoh huzuriga yetib berajagini bildirgan edi. Voqealar tadriji mirzoning maktubidagi vaʻdasini isbotladi. Sulh bitilgach, podshoh Mozandaronga, Mir Alisher esa dorulsaltanatga qaytishni ixtiyor etdilar.
Tongda yoʻlga chiqish mahalida shu narsa maʻlum boʻldiki, qarorgohdagi shoir chodiri toʻsinida bir gʻurrak uya yasab, tuxum qoʻyishga ham ulguribdi. Chodirni yigʻishtirish uchun ruxsat tilab kirgan mulozimlar bu haqda xabar berganlarida, Mir Alisher bu voqeani ulardan oldinroq sezganini maʻlum qildi. Mulozimlar qoʻl qovushtirib, taraddudlanib turganlarini koʻrgach, aytdi: “Gʻurrak tuxum ochib, polaponlarini uchiriq qilgunga qadar chodir shunday qoldirilsin”. Soʻng u oʻz huzuriga Xoja Husayn Baxtiyorni chaqirib kelishini va Xoja kelgach, unga chodirni muhofazalab turishni va gʻurrak polaponlarini katta temirqanot qilganidan keyin esa xizmat haqiga bu tengi yoʻq chodirni olib ketishni buyurdi. Xoja Hasan Baxtiyor dastlab biroz garangsirab turdi, soʻng birdan koʻzlari chaqnab hazrat shaʻniga va uning sahovatiga hamdu-sanolar aytib, uning amrini qabul qildi. Dili xotirjam tortgan Mir Alisher saltanat polaponlari boʻlmish fuqarolarga Alloh taolodan inoyat tilab yoʻlga tushdi.
Mana, necha yildirki, saltanat osoyishtaligi ham uning chodiri toʻsiniga uya qoʻygan gʻurrak tuxumlaridek omonat. Agar ular muhofaza etilmasa, hirsu havas, zulmu sitam, isyonu gavvo qasridan yerga tushib chilparchin boʻlmogʻi shubhasiz.
To hirsu havas xirmani barbod oʻlmas,
To nafsu havo kasri baraftod oʻlmas,
To zulmu sitam joniga bedod oʻlmas,
El shod oʻlmas, mamlakat obod oʻlmas…
Yoʻlda borarkan, Mir Alisher bari-bir qarigan podshoh bilan kuch-gʻayratga toʻlgan shahzodalar oʻrtasidagi totuvlik muvaqqat ekanini oʻylar, butun umri davomi saltanat ravnaqi deb chekkan zahmatlari qizigan qumga tomgan yomgʻir tomchisidek benaf ketganidan yurak-bagʻri ezilardi. Shoir bolalik doʻstining soʻnggi yillarda jangu jadal va ayshu-ishrat qilmoqdan boshi chiqmaganidan norozi edi. Ne fojiakim, moʻysafid podshohning nomozi peshindan soʻng ichmagan kuni yoʻq. Uning bu qilmishi nafaqat oʻzining feʻliga, qolaversa, oʻgʻlonlari va jami sipohlariga gʻayri taʻsir koʻrsatardi. Bir qultum may dunyoni buzadi deydilar. Mir Alisher “um ul-xobois”* boʻlmish mayga berilish oqibatlaridan qoʻrqardi.
U, oʻttiz yildirki, saltanat ostonasidan tuproq boʻldi. Doʻsti oʻtirgan taxt tinchini koʻzladi. Ota avlodi qariyb bir asr mobaynida sadoqat bilan xizmat qilgan temuriylar ravnaqi yoʻlida qoʻliga qilich olishgacha bordi. Bu xizmatlari evaziga podshoh unga koʻp iltifotlar qildi, oliy martabalar berdi. Baʻzan oʻz nazaridan chetlatdi, ammo yana huzuriga chorladi.
Podshohga doʻst kishining dushmani koʻp boʻladi. Oʻttiz yildir-ki, bu dushmanlar uni yomon koʻradilar, unga tuhmat qiladilar, boʻhton yogʻdiradilar. Ammo u pushaymonlik chekmaydi, zero, pushaymonligidan sud yoʻqtur. Yoʻq, yoʻq, u pushaymon emas, chekkan zahmatlaridan rozi. Illo, u har hayot koʻngilni tangri taolo yodidan gʻofil, musulmonlar dodidan otil qilmadi. Doʻstlar fikridan va dushmanlar makridan beparvo boʻlmadi.
Hijriy sakkiz yuz yetmish uchinchi (1469) sanada Sulton Abusaid mirzo Qorabogʻda jang maydonida halok boʻlganidan foydalangan Sulton Husayn mirzo Xuroson taxtini egallab oldi. Oʻshanda Mir Alisher nazarida Sulton Husayndan oʻzga bir daʻvogar yoʻq edikim, bu taxtda u Samarqandda, aniqrogʻi, Xoja Jaloliddin Fazlulloh Abullaysiy xonaqohida tariqat suluki ilmini egallash bilan band edi. Xushxabarni eshitgach, doʻsti yonida boʻlish zaruratini sezdi va sahovatli Amir Ahmad Hojibek koʻmagida Hirotga otlandi. Sulton Husayn mirzoning taxtga oʻtirishi sharafiga “Qasidai Xiloliya”ni bitdi. Yoki podshoh Mir Alisherni xursandchilik ila kutib oldi va unga oliy iltifotlar koʻrsatdi. Ammo hali podshohlik taxti omonat edi, mana shu omonat taxtni barqaror etish niyatida podshoh bilan tengma-teng mamlakatda tinchlik-osoyishtalik oʻrnatish uchun maʻlum muddat qalamini unutdi. Taxt uchun kurash uzoq davom etdi. Birgina Yodgor Muhammad mirzoning oʻzi Sulton Abusaid mirzo vorisi sifatida taxtga daʻvogarlik qilgan ozmuncha kasofat yetkazldimi? Undan soʻng Sulton Mahmud mirzo, qora kuyunlilar koʻmak bergan Abubakr mirzo bilan boʻlgan janglar-chi? Mana shu jangu-jadallar davomida u hamisha yo doʻsti qoʻshnida, yo dorulsaltanatni hifz etishda bosh-qosh boʻlardi.
Mana shu zahmatlari tufayli mamlakatda osoyishtalik qaror topdi. Mir Alisher sabab Sulton Husayn Boyqaro saroyida ahli faol va benazir insonlar yigʻildilar. Mana endi farxunda zamon bugunga kelib – podshoh ham, oʻzi ham qariganda shikasta boʻladiganga oʻxshaydi. U doʻstini adolatli podshoh boʻlishiga daʻvat qildi. Zulm va adolatsizlik bois obod joylar vayron, kabutar oshyonlari boyqushga makon boʻlishini anglatdi. Podshohlar esa zulm va adolatsizlik qilishga koʻproq moyil boʻladilar. Nohaq qon toʻkmoqlik ularning hunari, muddao, toki joni bor odam undan qoʻrqsin. Podshohlarning nomaʻqulchiligi oʻzlariga yaxshi koʻrinadi. Qorani oq desa, — maʻqullamagan gunohkor, qora demaganlarning esa roʻzgʻori qaro boʻladi. Podshohlarga toʻgʻri soʻzni aytganlarning joni xatarda, ezgulikka undaganlarni qatli om kutadi. Ammo u doʻst sifatida ham, vazir sifatida ham yomon, iymonsiz boʻlsa fuqaroning holiga voy.
Nafsilamr aytganda, “vazir” soʻzi “vizr”, yaʻni “gunoh” soʻzdan kelib chiqqan. Moziydan maʻlumki, vazirlar oʻz hukmdorlari koʻnglini xushlamoq uchun gunohdan tap tortmaydilar. U esa vazirlikni hukmdor siyosati tufayli yuz bergan gunohlarni boʻyniga olish, ularni bartaraf qilish deb angladi. Shu maqsad yoʻlida moziy vazirlaridan biri boʻlmish Osafning uzugiga naqshlangan “Insoflini xudo rahmat qilsin” degan soʻzni shior qildi. Ammo endi qaridi, toldi, toliqdi. Endi u oʻzining butun umri davomida orzu qilgani muborak haj safariga ketish muddati yetganini angladi.
Mir Alisher porso va pokdoman kishi edi. Ulugʻ martabalar koʻrgan boʻlsa-da, ularning havasiga uchmadi, tariqatga sodiq qoldi. Sulton Husayn mirzoning oʻzi bir gal uning porsoligi va tahoratini buzmasligi haqida gapirgan va “Bu hazrat dunyoga kelib hayot xilqatini kiyganlaridan buyon etaklariga shahvat chirkini teggizmaganlar, futavvot va joʻmardlik yoqasi laʻli tugmasini xotinlar havoyu havasiga tutqizmaganlar”, — deb aytgandi.
Mir Alisher yoshligidan boshlab, Mashhadda va Samarqandda saboq olganida ham, hamisha darveshlar suhbatini ixtiyor etdi, hidoyat yoʻlida rahnamo mashoyixlar ilmini oʻrgandi va har doim bu pokdamonlar guruhiga ixlos va muridlik qadami ila mulozamatda boʻldi. Astrobod voqealari tufayli podshoh bilan oʻrtalarida tushgan raxna sabab saroydan chetlashganda ham saltanat ishidan etak yigʻishtirib, ibodat va riyozat ahli bilan birla boʻldi, shu maqsadda Roboti Suhaylda xonanishinlik qildi. Faqirlik va fano yoʻlidan ketishga moyil edi, lekin, oradan koʻp vaqt oʻtmay, podshoh uni yana saroyga chorladi. Mir Alisher avvalida “Men yoʻlim faqirlikda” deb koʻnmadi. Oxiri bir kuni podshoh butun saroy ahli qoshida “Saltanat ishini tartibga solish sizning raʻyingizga qarab qoldi. Keling, doʻstim, qarorsiz qalamingizdan mamlakat barqaror boʻlsin”, deb aytdi. Nihoyat “Bir soatlik adolat oltmish yillik ibodatdan afzal”, degan soʻzga amal qilib, Mir Alisher koʻnishga majbur boʻldi.
U uzoq vaqt saltanat tashvishlari bilan band boʻlsa ham, ammo hech qachon pok va ulugʻ tangrini unutmadi, ayilbotar soʻzlar bilan darveshlar dilini ranjitmadi, har bir ishda ixlos va imoni kasb etdi. Shu sababdan ham saltanat ishkalini tuzatish borasida podshohga maslahat berganda, imonni oʻrtaga qoʻyib soʻyladi. Tangri inoyati bois yoshlarga shafqat, doʻstlarga karam, kattalarga izzat koʻrsatish yoʻrigʻiga rioya qildi.
Unga podshoh koʻp yer-suv inʻom qildi. Ammo u boyishni xayoliga ham keltirmadi, oʻz mulkidan tushgan daromaddan xayrli binolar tiklash, madrasalar ahvolini yaxshilash, maʻrifiy kitoblardan nusxa koʻchirish, ilmu toliblarga nafaqa belgilash, muhtojlarga yordam koʻrsatishga, va hatto zarurat tugʻilganda podshohga, lashkarga sarfladi. Mir Alisherning bir kunlik daromadi oʻn sakkiz ming shohruhiy dinor edi va u ana shu daromadning hammasini sahovat va himmat ehsoniga aylantirishga urindi.
U hech qachon haqdan qoʻrqishni esdan chiqarmadi, boshiga mashaqqatlar tushganda, sabr va chidam bilan Allohga sigʻindi. Boshqalarni ham shunga daʻvat etdi. Shu yoʻlda mashoyihu soʻfiylar zikrida va suluk yoʻllari baynida “Nasoim ul-Muhabbat”, “Lison ut-tayr” kitoblarini bitdi. Fuqaroyu darvishlarning, gʻaribu musofirlar gʻamida turli mavzelarda xonaqohlar, robotlar, hovuzlar, hammomlar va koʻpriklar tikladi. Birgina “Xolisiya” xonaqohida har kuni mingdan ziyod miskinga tomoq tarqatiladi, har yili muhtojlarga ikki mingga yaqin poʻstin, chakmon, koʻylak-ishton, taqiya va kovush ulashiladi. Bunaqa xonaqohlar esa necha-necha…
Bundan ikki yil muqaddam Nishopurga borganida, mashoyixlar, shu jumladan oʻzi eʻtiqod qoʻygan Shayx Farididdin Attor mozori xarobga aylanganini koʻrib, taʻmirlashni buyurdi, shayx qabri ustida yangi xonaqoh tiklatdi. Xirotdagi Margʻani bogʻida mahobatli bir masjid bino qilib, oʻz zamonining atoqli qorilaridan Xoja Hofiz Muhammad Sultonshohni imomlikka tayinladi va oʻzi ham u yerda besh vaqt namozga hozir boʻlib, nomozda qoyim boʻlmaganlarni qattiq surishtirdi.
Kunlardan bir kuni Mir Alisher asr namozi tugagach, mana shu kundalik odatiga qarshi, masjiddan tez chiqib, surʻat bilan, biror joyda toʻxtamay, xirotliklar “Unsiya” atagan hovlisiga yetib bordi va hovli toʻridagi binafshazorga qarab qaytdi. Buni koʻrib koʻpchilik hayron qoldi. Xoja Hofiz Muhammad Sultonshoh Mir Alisherdan besaranjomligi sababini surishtirganda, u shunday javob berdi. “Men masjidga kelayotganimda, hovlimdagi binafshazor chetida tahorat olgan edim. Nomoz safida turganimda, yelkamda bir chumoli oʻrmalab yurganini koʻrdim. Chumoli tahorat olgan joyda ilashganini angladim.
Mabodo u mening yelkamdan tushib oyoq-osti boʻlsa-yu, ozor topsa, omon qolgan taqdirda ham oʻz uyasining yoʻlini topolmasa, uvoliga qolaman, deb qoʻrqdim. Shuning uchun nomozni ado qilishim bilan tezlik bilan tahorat olgan joyimga borib, uni uyasi ogʻziga qoʻydim va uvoliga qolishdan qutuldim. Yelkamdan chumoli emas, togʻ agʻdarilgandek yengil tortdim, xojam“.
Bu gapni eshitgan Xoja Hofiz qoʻlini duo, dilini rahmat aytishga ochdi…
Mir Alisher Marvdan dorulsaltanatga qaytayotib, yoʻl boʻyi oʻylagani toʻgʻri chiqdi. Mamlakatda Badiuzzamon mirzo isyonidan soʻng boshlangan osoyishtalik uzoq choʻzilmadi, bor-yoʻgʻi bir yilga yetmay barham topdi. Bu safar Sulton Husayn mirzoning boshqa bir oʻgʻli – Abulmuhsin mirzo gʻavgʻo boshladi. Sulton Husayn qoʻshin bilan yana Marv tomon otlandi. Bu voqeadan bir muncha vaqt avval Mir Alisher podshohga qayta-qayta murojaat qilib, Kaʻba tavofiga ijozat olishga muvaffaq boʻlgan edi.
Sulton qoʻshini dorulsaltanatni tark etgach, Mir Alisher muborak safarga chiqish mavridi kelganini, illo, endi bu saltanatda tinchlik, dunyo gʻavgʻolaridan holilik hech qachon nasib etmasligi bildi. Shu sabab fursatni gʻanimat bilib yoʻlga chiqdi va bir necha kunlardan keyin Mashhadga yetdi. Shaharga yaqinlashib qolganda, yana bir karra podshohning hol-ahvolini surishtirmoq, qolaversa, ijozatni tagʻin ham mustahkamlamoq niyatida mavlono Abdulhay Tabibni Sulton Husayn Boyqaro huzuriga – Marvga joʻnatdi. Oʻzi boʻlsa bir kezlar Imom Rozi maqbarasi yonida yetim va qashshoqlarga tomoq ulashish uchun tiklatgan gʻalvurxonada qoʻnim topib, javob kutdi. Oradan koʻp oʻtmay, Mavlono Abulhay isyonchi Abulmuhsin mirzo bilan jang qilib yurgan Sulton Husayn mirzo qoshidan yetib keldi va podshoh maktubini topshirdi.
Sulton Husayn Boyqaroning Amir Alisherga maktubi:
“Saltanat rukni, mamlakat tayanchi, din va davlat arbobining zubdasti, mulk va millat sohiblarining peshvasi, xayrli binolar muassasi, pokiza ishlarga yoʻllangan, hoqoniy davlatning madadkori, sulton hazratning yaqini Nizomiddin Amir Alisher janoblariga lutfomuz koʻp duolar va mashq qoʻzgʻatuvchi salomlar toʻplamini yetkazamiz, fayzli muloqotlari orzusi sharq va bayon doirasidan ortiqdir.
Soʻngra ravshan koʻngillariga maʻlum boʻlsinkim, juma kuni – rajab oyining oʻn birida ulugʻ mavlono Abdulhay kelib, sharif mijozlarining kayfiyati, sogʻ-salomatlik, yaxshi holatlarini yetkazdi. Bundan xabar topish behad shodlikka sabab boʻldi. Uning yetishuvidan ilgari koʻngillarida qaror topgan Hijoz tomonga joʻnash toʻgʻrisidagi xabar ogʻizma-ogʻiz kelib turardi, ammo ishonchi kishilardan eshitilmagani uchun ishonarli boʻlmas edi. Lekin oʻsha kishi suhbatida Xoja Afzalliddin Muhammadga yozilgan ham mazmunidan maʻlum boʻldikim, bu kunlarda u tilak mustahkamlanib va yangilanib, joʻnash xayoli jazmga aylangan.
Gap shundaki, hammaga, balki olamga va olam ahliga oshkordirki, ul janob bilan birlik va hamjihatlik bogʻlanishi va bogʻlanish aloqasi va hamnafaslikni kichiklikdan to shu kungacha qaysi darajagacha olib borganmiz va olib boramiz. Hamma vaqt va hamma ahvolda ul janobning sharif roziligini oʻzimizning muddao va talabalarimizdan ustun bilib, bu jihatni mislsiz davlat dalillaridan sanalik va sanaymiz. Haqiqatan, uning qarshisida ul janobdan davlatxohlik asarlari, ixlos, yaxshi fikrdalik va yaqinlik kabi xislatlar yuzaga kelgan va yuzaga keladi. Bu quyoshdan ham ravshanroq boʻlgani bois tafsil berishning foydasi yoʻq. Oʻzlari biladiki, hech qachon oʻrtada takalluf va oʻzgalik boʻlmay, hamma vaqt soʻz shunday oʻtardiki, u saltanat tayanchining xotiriga xayrixohlik va yaxshi fikrlilik yoʻli bilan nimaiki kelsa, toʻqqiz martagacha uni aytishga ruxsat berilgan edi. Bizning doimo xotiramizga nimaiki kelsa, mehribonlik yuzasidan izhor qilardik. Bu vaqtlarda jazm qilganlari – savob ishga hijrat qilish niyat koʻngilga alla qanday ogʻir tushishiga qaramasdan undan afzal ish tasavvur etilmaydi, ammo u kishining roziligini oʻz manfaatimizdan ustun qoʻyamiz. Berilgan ruxsat va ijozatdan qaytmaymiz, lekin, nimaiki koʻngilga kelsa ogohlantirishimiz lozim. Ravshandirki, bu xususda yoʻltinchligi shartdir. Maʻlum boʻlsinkim, bu kunlarda oʻish boʻlgani iroq va Bagʻdodni ahvol qanaqangi parishon va beqarordir. Misr va Shom sarhadlarida ham turli boshboshdoqlik borligi eshitilmoqda. Rivoyat shundaydirkim, agar yoʻl xavfi shunday darajaga yetib, kimsaning sababisiz kimsaning beligi qoʻl urishi mumkin boʻlsa, yoʻlga tushmoq vojib emas. Agar bu kunlarda yoʻl xavfidan biror fikr xotirga kelmasa qanday boʻladi? Chunki oʻzlari aytardilarkim, yoʻllar notinchligi jihatidan bir oz Ufluriy tartib berib, agar zarur boʻlsa, xavfli joyga yetishganda, mulozimlardan har birining yonida oʻshandan biroz boʻlish darkor.
Yana gap shundaki, bu safarning uzoqqa choʻzilishi maʻlum, umrga ishonch yoʻq. Agar yana bir uchrashib xayorlashish qoidasi yuzaga kelsa boʻlardi. Ammo, bu ikki holning boʻlishi bilan birga bu muqaddimalarning yozilishidan shunday qoʻrquv ham borkim, mabodo muborak xotiraga andak gʻubor yetishib, gʻaraz bu soʻzlardan man etish ekan, degan xayolga boradilarmi.
Hamisha davlatpanoh yuzasidan nimaiki xotirlariga kelsa, betakalluf gap-soʻz qiladilar, bizga ham bu bobda har nima xotirga kelsa, maʻlum qilish lozim koʻrildi.
Boqiy, toʻgʻri fikrda ixtiyorlidirlar va nimaiki ikki dunyo yaxshiligiga kerak boʻlsa, taqdim qilib turilur. Ikki dunyo saodati yor boʻlsin. Vassalom“.
Maktubni olgan kishi Mir Alisher Mashhad ulugʻlari va yoʻldoshlari bilan maslahatlashdi. Ular saltanatning osoyishtaligi uchun Mir Alisherning Hajga borishini kechiktirishni lozim koʻrdilar. Buning ustiga mavlono Abdulhay shahzoda Abu Muhsin mirzo otasi bilan sulh tuzish uchun Mir Alisherning oʻrtada vakil boʻlishini shart qilib qoʻyganini aytdi. Podshoh bu gapni qogʻozga ishonmay, mavlonodan ayttirib yuborgan edi. Oqibatda Mir Alisher Marvga qarab joʻnadi. U tushgan karvon Mashhad Marvning oʻrtasida joylashgan Saraxs kentga yetganda, uni inisi Darvishali kutib oldi. Ertasi kuni Sulton Husaynning ham shu manzilga yaqinlashayotgani maʻlum boʻldi. Podshoh bilan shoir Bozorgʻontepa oʻlangida suhbat qurdilar. Podshoh maktubida bitgan soʻzlarni yana, qayta takrorladi. Mir Alisher indamay tingladi va podshoh soʻzini tugatgach shunday dedi.
-Aʻlo hazrat, bir paytlar men podsholik ishlarini shugʻullanishdan qoʻl tortadigan boʻlsam, Shayx Najmiddin Kubro mozori yoki Xoja Abdulloh Ansoriy maqbarasi ostonasining joʻrubkashi boʻlaman, deb aytgan edilar.
— Shunday Alisherbek. – dedi Sulton Husayn mirzo xomush tortib, qariyb yigirma yil burun aytgan gapini doʻsti unutmaganiga, uning quvvai hofizasiga tahsin oʻqigan podshoh birdan sergak tortdi va Mir Alisher muddaosini bilish niyatida gapning davomini kutdi.
— Oʻsha soʻzlaringiz sizga muyassar boʻlmogʻi bundan soʻng ham mushkul. Ammo shu niyatga yetmoqni istagan mahramingizga Hijoz safariga joʻnashga ijozat bermaysiz. Necha bor ruxsat tiladim, hatto soʻnggi marta ragʻbat qilganingizda ham koʻnglingizdan xohish alomatini tuymagan edim. Shu bois garchi ixtiyor teggan boʻlsa-da, sizning qoshingizga yana odam yubordim, yana maktub bitib, meni yoʻldan qaytardingiz.
Podshohning besaranjomlanganini koʻrib, Mir Alisher, buyogʻini eshiting, degandek, qoʻlini koʻksiga qoʻydi.
— Bu gaplarni aytishdan maqsad, aʻlo hazratga taʻna soʻzini arz qilish emas. Illo, tilaganingizdek, maktub bitishingizdan murod safarni man etish ekan, degan xayolga borganim yoʻq. Bu gaplarni aytishdan maqsad yana ijozat tilash. Agar ruxsat bersalar, qolgan hayotimni Xoja Abdulloh Ansoriy mozori ostonasini supurishga sarflasam. Yana meni saltanat ishlaridan holi etsangiz, bunday masʻuliyatdan ozod boʻlsam. Netayki, qarilik ham xudoning inoyati ekan, soʻngaklarim moʻrt, koʻzlarim benur, koʻngil esa farogʻat tilaydur…
— Qaridim, demang, Alisherbek, — dedi Sulton Husayn. – Mendan uch yil yoshsiz. Men qaridim desam boʻlar. Ammo, qarangki, qoʻlimda qilich, chopqillashib yururman. Siz boʻlsangiz…
— Qaridim, aʻlo hazrat, qaridim, — dedi Mir Alisher, — oldingi quvvatim yoʻq. Hijoz safari ham soʻnggi safarim boʻlmogʻini boʻynimga olgan edim.
— Mabodo siz Xurosonda qolar ekansiz, har qanday iltimosingizni bajarmoq men uchun farz, — dedi podshoh. Chunki, bilamizki, siz bu mulkni tark etgansiz, men yolgʻiz qolurman. Meni yolgʻiz qoldirmangiz. Yoshlikda, kuch-gʻayrat borida yonimda boʻldingiz, endi qariganda, bir-birimizni tark etsak, qandoq boʻlur?
— Suhbat soʻngida Sulton Husayn Boyqaro keksa shoir ustiga oltin tugmali, avrasi zarbof qora qunduzi poʻstin va yana bir necha qimmatbaho toʻnlar yopdi. Bir necha kundan soʻng Mir Alisher ota ila oʻgʻilni yarashtirish ishlarini ado etgach, podshohning ijozati bilan dorulsaltanatga yoʻl oldi.
U Hirotga shaʻbon oyining oʻrtalarida yetib keldi. Malikulshuaroning qaytayotganidan xabar topgan poytaxt ahlining quvonchi behad, shahar darvozasidan to Unsiyagacha tumonat odam peshvoz chiqqan edi.
Qaytganiga bir hafta boʻlar-boʻlmas, Mir Alisher Xoj Ansoriy mozori poyida katta yigʻin qilib, shahar ulugʻlarini chorladi va ulardan qutlugʻ dargoh joʻrubkashi boʻlishdek, moʻtabar vazifa uchun fotiha berishlarini tiladi. “Men mundin soʻng darvishlik va goʻshanishinlik bodasida istiqomat qilishni ixtiyor etdim”, — dedi u. Oʻsha kuni shunday ulugʻ majlis boʻldiki, saltanat boshida turgan Muboriziddin Muhammad Valibek kabi amirlar mozorda yigʻilgan ulamolar xizmatida oyoqda qoldilar. Yetmish qoʻy, yigirma besh ot soʻyildi va ulamolar botmon qand va yana chandon noz-neʻmatlar oʻrtaga tortildi. Majlis soʻngida mashoyixlar Mir Alisherga fotiha berdilar.
Oʻsha majlisdan koʻp vaqt oʻtmay, Mir Alisherni dorulsaltanatga joʻnatib, sher ovlash havzasida Mozandaron tomonga yoʻllangan podshohdan farmon keldi. Farmon saltanat poytaxtida hukm yurgizgan Amir Valibek nomiga bitilib, unda tez orada Hirot va uning atrofidagi aholidan zarur harajatlar uchun yuz ming dinor undirish buyurilgan edi. Amir Valibek talab qilingan mablagʻning yarmini shahar yon-tevaragidagi dehqonlardan undirib, qolganini poytaxt nufuzi gardaniga yuklashni moʻljalladi.
Ammo Amir Valibek hech bir ishga Mir Alisher fikrisiz va maslahatisiz dahl qilmas edi. Shu sabab oʻz moʻljalini shoirga maʻlum qoldi. Mir Alisher “Bu fursatda xalq ustiga oʻrinsiz soliq solishni oliy darajali Sohibqiron davlatiga munosib koʻrmayman”“ — dedi va oʻsha kuniyoq mazkur mablagʻni oʻzining daromadidan toʻladi. Uning bu sahovatini eshitib, shahar ahli ulugʻ kishilarni vakil qilib yubordilar. Shoir vakillarning minnatdorchiligini qabul qilarkan, “Haj safari azimati ila chiqqan yoʻlidan qaytarildim”. Ammo bu yoʻldan qaytganim ila, elimga karam qilish yoʻlidadurman“, — dedi va soʻzini bayot bilan tugatdi:
Xush ulkim, anga lutf birla xudo,
Ulusning qabulini qildi ato…
Mir Alisher Ansoriya mozorining sharq tomonida bir honaqox qurilishini boshladi, chor-tarof obodonchiligi xayolida boʻldi. Xoli qolgan kezlari goh Xojaning qalamiga mansub “Ilohiynoma” risolasini mutolaa qilar, goh “Vaqifiya”ni qoralash ila band boʻlardi. Ammo saltanatdagi notinchlik bu ulugʻ va savob ishlarga andarmon Ansoriya joʻrabkashiga orom bermasdi. Podshoh deyarli poytaxtda boʻlmas, damba-dam koʻtarilayotgan isyonlarni daf etish bilan ovora edi. U qoʻrqib qolgan, shu qoʻrquv bois hatto eng yaqin kishilariga ham shubha bilan qarardi. Kutilmaganda u Mir Alisherning inisi Darvishalini Balx hokimligidan boʻshatdi. Ketma-ket Astrabod voqealaridan soʻng darveshlik ridosini kiygan togʻavachchasi Mir Haydar podshohga nisbatan xiyonatda — Qunduz hukmdori Xusravshohni Hiriy ustiga bosqin qilishga chorlashda ayblanib oʻldirildi. Bundan darak topgan Mir Alisher ich-ichidan oʻrtadi, oʻz mulozimlarini yuborib, Haydarning jasadini keltirib Chashman Mohiyona dafn ettirdi.
Bu fojeali voqealar Mir Alisher koʻnglida hali soʻnib ulgurmagan hajga borish, paygʻambar qabrini tavof qilish hayolini qayta kuchaytirdi. U yana Sulton Husayn Boyqaroga murojaat qilib, istijoza tiladi. Podshoh bu murojaatga undagan sabablarni bilsa-da, oʻzini bilmaganga olib, goh ruxsat berar, goh Ansoriyaga tashrif buyurib, safarga oshiqmaslikni iltimos qilardi. Bu hol bir necha marta takrorlangach, Mir Alisherning qarori araz va ranj bois boʻlmay, balki qatʻiyat tufayli ekanini bilgach, podshoh ijozat berdi va yoʻl farmonini marhamat qilishini aytdi. Mir Alisher bir necha kundan soʻng farmon bitilganini eshitdi. Ammo podshoh “Biroz sabr qiling”, zamon notinch, yoʻllar xatarli“, degan bahonalar ila yoʻl farmonini berishni har gal kechiktirardi.
Chindan zamon notinch edi. Daryo nariyogʻida – Movarounnahrda koʻchmanchi oʻzbeklar xoni Shayboqxon ketma-ket gʻalabalar qozonib, kuchga toʻlib kelardi. Bunday raqib oldida temuriy hukmdorlar birlashish oʻrniga bir-birining goʻshtini yeyish bilan ovora. Shahzoda Abulmuhsin mirzo oʻzbeklar bilan Qorakoʻlda jang qilib, yengilib kelganidan beri Sulton Husayn mirzoning koʻngli ham alagʻda.
Mir Alisher shu kunlarda Sohibqiron Amir Temur poytaxti – Samarqandi bemonandni qoʻlga kiritish uchun Shayboqxon bilan jang qilib yurgan Sulton Abdusaidning evarasi Bobur mirzo haqida koʻr hikoyalar eshitdi. Samarqandda boʻlganida koʻp marhamatlar koʻrsatgan Ahmad Hojibekdek pokdoman bir kishi shu mirzoning tarafida boʻlib, bundan bir necha muddat avval jangda shahid ketganini bilib oʻkindi, yosh mirzoga xudodan inoyatlar tiladi. Xususan, yosh mirzo bitgan turkona baytlar ogʻizma-ogʻiz koʻchib, uning qulogʻiga ham yetgach, ixlosi yana oshdi. Gʻazal piri boʻlmish Mir Alisher bu baytlarda jobajo mahzunlik va dilovarlikni tuyib, tahsinlar oʻqidi. Mehri joʻshib, bir gal yarim tungacha oʻtirib, Bobur mirzoga maktub bitdib va oʻzining sodiq kishisi orqali Samarqandga joʻnatdi. Maktub egasiga yetdimi, bilmaydi. U har gal yosh mirzo haqida oʻylarkan, koʻksiga iliqlik yugurardi.
Nihoyat, bahor soʻngida qishda bitilgan yoʻl farmoni qoʻlga yetdi. Farmonning muxtasar mazmuni mana bunday edi:
Mir Alisher Sulton Husayn xonadoniga yaqin turgan emukdosh bu davlatning asosiy tayanchi va sultonning eng yaqin va sodiq doʻsti hamda doimiy suhbatdoshidir. Shu kunlarda u kishi hajga borish istagini bildirib, podshodan joʻnashga ruxsat soʻragan. Agarchi bir necha bor bu niyatni bildirib iltimos qilinsa ham har gal fuqarolar manfaatiga bogʻliq sabablar koʻrsatilib, iltimos amalga oshmay toʻxtatilar edi. Bu gal Amirning xotirini saqlab ijozat berib, hukm joriy qilinganki, hajga yurishda u kishi qaysi joyga borsa, har yerda hamma katta-kichik zoʻr ehtirom ila kutib olib, kuzatsinlar. Xatarli manzillarda oʻziga va hamrohlariga yoʻl koʻrsatib, bekatdan-bekatga tinch va salomat oʻtkazib qoʻysinlar. Hamma amirlar, dorugʻalar, aʻyon va ashrof, barcha shahzodalar va umum aholi bu hukm ijrosidan chekinmasinlar.
Ushbu farmon podshoh amri ila 90 yil, hul-qaʻda oyining beshinchisida yozilgan“.
Farmon qoʻlga tegishi bilan boshlangan tayyorgarlik koʻp oʻtmay toʻxtadi. Chunki, yoz boshlangani tufayli harorat kuchayib, bepoyon sahroyu dashtlar orqali oʻtadigan yoʻl gʻoyatda mashaqqatli boʻlishi oydinlashdi. Safar kuz boshigacha kechiktirildi.
Taqdir taqozosi bilan voqealar yana qayta takrorlana boshladi. Ayni shu yoz kunlari – muharram oyining boshida (100-yil iyulida) podshohning kichik oʻgʻillaridan – Muhammad Husayn mirzo otasiga qarshi koʻtarildi. Keksa podshoh yana dorulsaltanatni tark etib, shahzoda ustiga – Astrobodga yurish qildi.
Sal ilgariroq Sulton Husayn Boyqaro Mir Alisherni oʻz qoshiga chorladi. Shoir qabulxonaga tashrif buyurganda, podshoh Amir Valibek bilan suhbatlashib oʻtirardi.
— Yana Astrobodda isyon, — dedi podshoh, — yana farzand isyoni…
— Astrobod ham, farzandingiz ham koʻzingizdan yiroq, shul sabab qoʻrquvni unutarlar, — dedi Amir Valibek.
— Yoʻq, janob Valibek, ular mehrini, oqibatni unutarlar, — dedi qatʻiyat bilan shoir.
Ular uzoq kengashdi. Podshoh, Mir Alisherga haj safariga ruxsat va yoʻl farmonini berganini unutgandek, suhbat nihoyasida dorulsaltanat ixtiyorini doʻsti va Amir Valibekka qoldirajagini maʻlum qildi. Mir Alisher bunga javoban hech nima demadi. Podshoh maktabdosh doʻstining koʻzlariga qaramaslikka harakat qilib xayrlashdi.
Dastlabki kunlar Mr Alisher tadbirkor Amir Valibek bilan birga boʻldi, saroydagi mashvaratlarda qatnashdi. Ammo bir haftadan soʻng qoʻli ishga bormay qoldi.
Podshoh iltimosi yodida boʻlsa-da, Mir Alisherning ortiq toqati qolmagandi. U Hijoz safariga tayyorgarlikni tezlashtirdi. Podshoh Hirotni tark etganidan ikki hafta oʻtar-oʻtmas – muharram oyining oxirida yoʻlga tushdilar. Biroq shahardan chiqqan karvon yoʻlini tashvishli xabar toʻsdi. Otasining Astrobod taraflardaligidan foydalanib, saltanat taxtini egallash orzusida yurgan Badiuzzamon mirzo Hirot ustiga qoʻshin boshlab kelayotganmish. Lak-lak navkar Xuroson ahliga xavf solayotganidan tashvishga tushgan keksa shoir yana orqaga qaytdi. Zero, u mabodo poytaxt Badiuzzamon qoʻliga oʻtgudayin boʻlsa chorshanba kuni chiqib ketgan shaharga payshanba kuni qaytib kirdi.
Ertasi kuni masjidi jomeʻda juma namozida soʻng mashoyix va ulamolardan Shayx Jalliddin Abusaid Nuroniy, Shayxulislom Sayfiddin Ahmad Taftazoniy, Shayx Soʻfi Ali, Mavlono Muiniddin Farohiy, Mavlono Kamoliddin Koshifiy, Xoja Imomiddin Abdulaziz Abxariy, sayid va naqiblardan Amir Qivomiddin Husayn Mozandaroniy, Amir Jaloliddin Ataulloh Asiliy, Amir Nizomiddin Abdulqodir va boshqa bir qator Hirot shahri ayonlari, ashrofu raislari Mir Alisherni oʻrtaga oldilar. Hirot shahri mudofaasi topshirilgan Amir Valibek ham shu yerda edi.
— Sizning fayz-barakali zotingiz Xuroson mulki dahlsizligining sababi va fuqaro osoyishtaligining boisidir, — deb gapni uzoqdan boshladi shayxulislom.
— Bizning barchamiz sizga muborak safarga fatvo bergan edik. Illo, oyati moʻminlarga hajni farz etdi. Kimki buni inkor etsa, gunohi oʻzigadir. Bas, Alloh taolo barcha olamdin behojatdir“, deyilmish. Buga imon keltiramiz. Sizni yoʻldan qoldirish gunoh, ammo sizdan biroz sabr qilishni tilash uzrli. Rasululloh sallollohu alayhi vasallam muborak hadislarining birida. “Vijdonning amriga quloq sol! Ezgulik shunday narsaki, undan qalb ham, vijdon ham orom oladi. Gunoh ish shulki, undan qalb qaror topmaydi, vijdon azoblanadi. Kishilar fatvo bersalar ham sen oʻz vijdoningdan fatvo soʻra!” demishlar Saltanat va fuqaro xotirjamligi haqi vijdoningizdan Makka azimatini bir muddat kechiktirishga fatvo tilashingizni oʻtinamiz.
— Hazrat risolat. “Senga omonat qilingan narsang egasiga topshir, xiyonat qilgan kishiga xiyonat qilma”, demishlar, — dedi kuni bilan mudofaa tayyorligiga bosh-qosh boʻlib, baqiriq-chaqiriqdan ovozi boʻgʻilib qolgan Amir Valibek, — Sohibqiron sizu menga dorulsaltanatni omonatga qoldirgan edilar. Sabr qiling, podshoh hazratlari qaytsinlar, omonatlarini eson-omon topshiraylik, soʻng yana muborak yoʻlga otlanursiz.
— Bul zamon Hirot Sultoni Sohibqiron vujudidan holidir, — dedi Amir Valibekning gapi Mir Alisherga qattiq botganini payqagan, shoirning mijozi juda nozikligini yaxshi bilgan Mavlono Kamoliddin Koshifiy. – Agar poytaxt sizning fayzli nuringizdan ham chetda qolsa, mumkinki, fitnayu gʻalayonlar boshlanuv, saltanat tadoruki imkonsiz qolur…
— Fahmingiz yetgondur, Samarqand taxti oʻzbek podshohi Shayboqxon qoʻliga oʻtmish. Endi uning Amudan oʻtish xohishi bor derlar. Siz niyat qilgan muborak safar yoʻllari ham bagʻoyat xavfli boʻlmishdur. Iroqu Shomdayam, Rumdayam, parishonlik. Illo, shariat yuzasidan bunday vaqtlarda haj vojib emas, — Shayxulislom shunday deb, toʻgʻrimi, degandek Shayx nuroniy tikildi. U maʻqullab bosh chayqagandan soʻng soʻzida davom etdi. – Biz faqirlarning iltimosiga quloq berib, bu yil safar niyatidan qayting.
— Notinch fuqaroga bosh boʻling, — dedi Amir Qivomiddin Mezondaroniy, — bu xayrli ish sabovini yetmish poyu-piyoda hajdan ortuq koʻrsinlar. Illo, oʻzlari aytganlaridek:
Kimki bir koʻngli buzugʻning xotirin shod aylagay,
Oncha borkim, Kaʻba vayron boʻlsa, obod aylagay…
Mir Alisher davradagilar soʻzini indamay tingladi. Oʻrtada sukut choʻkkach, sekin bosh koʻtarib, maʻyus ovozda soʻzladi.
— Hammangizga maʻlumdirki, uzoq muddatdan buyon Makka azimati orzusidaman. Bu niyat hazrati Mahdumi Nuran Kaʻbani tavof etib qaytgan kundan xotiramga tinchlik bermaydir…
U shunday dedi-yu, koʻz oʻngida bunday bir necha yillar avval ustozi safardan qaytgan damlar jonlandi. Oʻshanda Mir Alisherning boshiga ogʻir kunlar tushgan, birodari Darvishali podshohga qarshi isyon koʻtarib, hukmdor bilan uning oʻrtasidagi yaqinlik omonat boʻlib qolgan edi. Birodari Balxda hokim edi. U Ogʻzi kuymasa, olovni yutadigan Majiddinning Mir Alisherga qilgan badniyat hatti-harakatlaridan norozi boʻlib bosh koʻtargan edi. Sulton Husayn bundan gʻoyat qattiq gʻazabda, bu gʻazab ukadan koʻra koʻproq akaga qaratilganini sezgan saroydagi ayrim kimsalar, birinchi navbatda vazir Majiddinning oʻzi boʻhton ustiga yogʻdirardilar. Ular ochiqdan-ochiq “Bu xiyonatda Mir Alisherning qoʻli borligi aniq, ogʻasining maslahatisiz Darvishali bu yoʻlga kirishga haddi sigʻmasdi”, derdilar. Sulton Husayn isyonkor hokim ustiga qoʻshin tortib borarkan, oldinroq Xoja Gʻiyosiddinni joʻnatib, tavba talab qildi. Mir Alisherning gapiga kirib, Darvishali tavba qilib keldi. Darvishalini dastlab kechirgan podshoh, oradan olti oy vaqt oʻtmay, kelib-kelib Mir Alisherga uni Balx shahri qalʻasiga qamashga buyurdi. Tahqirlangan shoir necha marta azm qilgan ishi – saltanat tashvishidan etak yigʻishtirgan ustozi surishtirib qoldi.
— Bir gap eshitdim, boisi ne erur?
— Inson jinsi suhbatidan bezdim, hazrat, boisi shuldir, dedi Mir Alisher.
Jomiy unga bir muddat oʻychan boqdi-da:
— Sen inson deb kimlarni xayol qilding, qani, ularni bizga koʻrsat-chi? – dedi.
Oʻshanda saroy hayotidan chetlatgani uchun tanbeh kutgan Mir Alisher bu gapni eshitib, xotirjam boʻlgan edi. Mana, sakkiz yildan oshdiki, ustozi yoʻq, doʻsti yoʻq. Mana, sakkiz yildirki, uning dil ragʻbatini tinglaydigan inson yoʻq…
Uning gurung asnosida birdan qattiq xayol surib qolishiga oʻrgangan davradagilar sukut saqlashardi. Mir Alisherning bu odati Hiriydagi har bir kishiga maʻlum edi. Shogirdi boʻlmish Xondamirning “Amir bunday damlarda bizni zaminda qoldirib, samovotdagilar bilan suhbat quradilar”, degan soʻzi mashhur edi.
Mir Alisherning qaytib yerga tushganini sezgan davradagilar bir-birlariga qarab olishdi. Shoir gapni kelgan joyidan boshladi:
— Ha, bu niyat hazrati Mahdumi Nuran muborak safardan qaytgan damdan xotiramga tinchlik bermaydir. Ammo har safar shu maqsad tomonga yoʻnalish niyatida hozirlik koʻra boshlasam, Sohibqiron moneʻ boʻldilar. Har safar bu monedan ranjimay, boʻynimni egdim. Bul safar oʻzlari yoʻl farmoniki berdilar, oʻzimiz ham safar tadoriki uchun katta mablagʻ sarfladik…
Shunday boʻlsa-da, “Moʻminlar qalbiga shodlik kiritish butun insonlar ibodatidan xayrlidir”, degan soʻz mulohazasi bilan sizdek ulugʻlar iltimosini qabul qilurmiz va fuqarolar manfaati uchun bu navbat ham oʻzimizni bu istakdan qaytarurmiz.
Davradagilar xursand boʻlib, duo va hamdu-sano aytishga ogʻiz ochdilar. Soʻng poytaxt mudofaasini uyushtirish borasida zarur tadbirlar maslahati boʻldi. Eng avvalo Badiuzzamon mirzo huzuriga elchi joʻnatish maʻqul deb topildi.
Ertasi kuni elchi yoʻlga chiqdi. Badiuzzamon mirzo elchiga “Agar otamiz Sohibqiron Sulton Balh viloyati va Amudaryodan Murgʻobgacha boʻlgan joylarni mening iligimga topshirsalar, nomimiz xutbada tilga olinsa, qoʻlimizga qilich tutmasmiz”, — dedi. Bu orada jadal yoʻl bosgan Sulton Husayn mirzo qoʻshini ham dorulsaltanatga yaqinlashib qolgan edi. Ammo podshoh qoʻshini mirzo qoʻshiniga qaraganda juda oz edi. Vujud uchun sogʻlom koʻngil zarur boʻlganidek, mulk uchun soglom podshoh kerak. Sulton Husayn Boyqaro esa aslan iligi yoʻq va kuchli vujudini may ichish ila erta qaritgan edi. Garchi u bir yilcha burun Mir Alisherbekka. “Hali qilich chopqillashga zoʻrman”, deb maqtangan boʻlsa-da, qarilikning ham dami qattiq deganlaridek, oradan oʻtgan vaqt oʻz ishini qilgan, endi podshoh bundan buyogʻi uchqur va oʻynoqi tulporda minib jang qilishga yaramas, Hirotga ham taxtiravonga kelgan edi. Shu paytgacha Badiuzzamon mirzo necha marta unga qarshi bosh koʻtargan boʻlsa, har safar Sulton Husayn oʻgʻlining taʻzirini boplab berib qoʻydi. Mana endi otasining qarilik zaifligini oʻz yigitlik kuchin-qudrati deb bilib, Hirot darvozalariga qadar qoʻshin tortib kelishga jurʻat qildi. Sulton Husayn Boyqaro na podshohlikka, na sarkardalikka qobiliyat boʻlgan toʻngʻich oʻgʻlini bundan soʻng qilich zoʻri bilan yengmogʻi mushkulligini botinan anglardi. Shu bois Mir Alisher bergan maslahatga quloq solib, Badiuzzamon tilagan viloyatlarni berishga majbur boʻldi. Saltanatning deyarli yarmi iligiga oʻtgan Badiuzzamon mirzo endi qariyb podshoh edi, xutbada otasi bilan bir qatorda uning nomi ham yodlana boshladi.
Ammo hali shahzoda Muhammad Husayn mirzo gʻavgʻosi tinchimagan edi. Otasi ogʻasiga qilgan marhamatini ojizlik deb bilgan shahzoda aql jilovini yoʻqotib qoʻydi. Oldingi gal podshoh poytaxt tashvishida uning isyonini daf etolmay, qaytib ketishga majbur boʻlgan edi. Alamzada Sulton Husayn Boyqaro yana Astrobodga qarab joʻnadi. Shahzoda otasining juda qattiq gʻazabga toʻlib kelayotganini na ogʻasi Badiuzzamon mirzoga boʻlgan alamini ham undan olajagini anglab, qoʻrqib ketdi. Birinchi toʻqnashuvdanoq, ahvoli chatoq boʻlishini sezgan shahzodaga otasi huzuriga elchi joʻnatib, tavba qildi. Sulh xabarini eshitgan Mir Alisher Navoiy ham yosh boladek quvondi. Koshki, bu soʻnggi isyon boʻlsa-yu, saltanatda xotirjamlik choʻksa. Yoʻllar tinch, xavf-xatarsiz, shaharlar farxunda va toʻq, fuqarolar hamjihat boʻlsa…
Qari shoir ushalmagan orzusini oʻyladi. Nahotki, orzusi armonga aylansa? Endi haj azimati qilmoqqa soʻnggi kunlar battar yomonlashgan sogʻligi yoʻl bermasligini angladi. Angladi-yu, Makkaga borurmiz, deb umid tizginini uning eshigiga ilganlar, unga hamroh boʻlish maqsadida taraddud koʻrib yurgan faqiru-bechoralar haj yoʻliga chorlab, butun xarajatni oʻz ustiga olishni bildirdi.
Bir necha kundan keyin Hirotdan chiqqan karvon Nishopur yoʻli orqali magʻrib tomon yoʻnaldi, karvon boshida yoʻrgalab borayotgan eshakka mingan Xazon laqabi qari darvesh shahar darvozasidan chiqqach, toʻxtab hazrati Mir Alisher haqida uzoq duo qildi-da, soʻng shoirning muborak safar ishqida bitgan baytlarini ishtiyoq bilan kuylab yoʻlga tushdi.
Menikim, bu savdo nizor ayladi,
Havas ilgida beqaror ayladi.
Ne imonki, topqay qaroru sukun,
Birovki, bu fikr etgay oni zabun.
Urarman qadam toki borguncha gom,
Ki, boʻlgay, muyasssar menga ushbu kom.
Agar boʻlsa bu yoʻlda umrum talaf,
Chu bu yoʻldadir ul ham erur sharaf.
Va gar boʻlsam oʻz nomima bahramand,
Zihi mulki jovidu baxti baland…
Karvonni kuzatishga chiqqan Mir Alisher shahar darvozasiga yetdi-yu, ortiga qaytdi. U goʻyo shahar darvozasidan chiqsa, oʻzini toʻxtata olmay karvonga qoʻshilib ketadigandek holatda edi. U mahzun kayfiyatda Unsiyaga qaytdi va “Baqfiya”ni varaqlab, koʻngil bayoni bitilgan satrlarni shivirlab oʻqiy boshladi. “Emdikim hayotim gulshanining bahori xazonga yetishdi va gulshanda ochilgʻon yigitlik gullari toʻkila kirishti. Savzasi tabiat havosi burudatidan oqarli va lolasi quhulat sovuq nafaslaridan sargʻardi, sunbuli serobi margʻulalaridan tob ketti va niholi sarbalandi ajal sarsaridan fano tufrogʻiga yiqilurgʻa yetti. Ul hazratning 1 muabbad davlatidan va raʻfe himmatidan koʻnglumga kechmagan komlarga komgor boʻlubman va tushimga kirmagan maqosidga iqtidor topibman. Ikki orzu rishtasidan oʻzgakim, girihi koʻnglum pardasidin yechilmadim va ikki murgʻunchasidin oʻzgakim, tuguni jonim gulshanidin ochilmadi.
Ammo umidim uldurkim, bu ikki umidim mevasidin dogʻi borumand va murodim budurkim, bu ikki murodim gavharidin dogʻi sarbaland boʻlgayman va bu orzumandlig xor-xorining tikani koʻnglumda sinmagay va bu murod gavharining yogʻini qatradek tufroqqa eltgaymen…
…Bu mazkur boʻlgʻon ikki orzudin biri muborak safardurur…“
Shu satrga yetdi-yu, Mir Alisherning boʻgʻziga tosh tiqilgandek boʻldi, beixtiyor koʻzlari namlandi. E voh, bu orzusi armonga aylandi.
Navoiy, Kaʻba zikrin qoʻyki, bir dayri fano istab
Zohabno vodiyal – maqsad, vojadno mohuvan – maqsud…
Botn va alamli oʻyga botgan keksa shoir Shayx Moʻmin Sheroziy haqida bitilgan rivoyatni esladi. Emishkim, Ismoil Dobbos ismlik kishi haj niyatida yoʻlga chiqib, Sherozga yetmish. Bir masjidga kirsa, Shayx Moʻmin Sheroziy hirqasini yamab oʻtirganmish. Ismoil Dobbos unga salom berib, hol-ahvol surishtirgan ekan, Shayx Moʻmin. “Ne niyating bor!” – deb soʻrabdi Ismoil Dobbos. “Haj niyatim bor!” deb javob beribdi.
Moʻmin yana soʻrabdi “Onang bormi?”. “Onam bor”, — debdi Ismoil Dobbos. Bu javobni eshitgach, Shayx Moʻmin Sheroziy qoʻlidagi xirqasini chetga qoʻyib, aytibdi. “Onang huzuriga bor, unga mulozamat qil!”. Bu soʻzi suhbatdoshiga yoqmaganini payqab, yana aytibdi. “Soʻzim yoqmadimi, ey, Ismoil Dobbos! Men ellik marotaba bosh yalangu, oyoqyalang, biror-bir hamrohsiz haj qildim. Mana shu hajlarim savobini senga berdim. Sen onang koʻngli shodligini menga ber!”
Mir Alisher har gal bu rivoyatni eslar ekan, koʻksi qalqib ketardi. Bu gal ham shunday boʻldi. “Bechora onam tirik boʻlsayki, mulozamat qilib, koʻnglini shod etsam”, — deb oʻylardi u. Ammo nogohoniy bir fikr dilini ravshan etdi. “Yoʻq, yoʻq, mening onam bor. Onam menga til va dil bergan turkiy xalqim, shu ulugʻ millatim. Koshki uning dilini shod etsam, umrim bitguncha uning xizmatida boʻlsam…”