..

Xurshid Doʻstmuhammad. Mirkomilboyning qazo boʻlgan namozi

Loyihani qo'llab quvvatlash uchub buyerga bosing

Izvosh guzardan oʻtib katta koʻchaga burildi hamki, Yoqubxoʻjadan sado chiqmadi. Boy ikki-uch dafʻa hamrohining avzoiga zimdan koʻz yugurtirdi. Yoqubxoʻjaning qaddi unikidan yarim qarich tik, shu bois u oʻtirgan holida ham xiyla salobatli koʻrinadi. Odamlar, “Yoqubboyning shaxsiy qoʻriqchisi” deb gap tarqatishdi, “Mirkomil uning izmidan chiqmaydi” deganlar ham boʻldi. Toʻgʻri, Yoqubxoʻja koʻz ochib topgan maslahatgoʻyi boʻlmasa-da, uncha-bunchani xushlayvermaydigan Mirkomilning ishqi shu odamga tushgan, binobarin, yonida doim uni olib yurishga odatlangan edi. Haqiqatan, uning Yoqubxoʻjadan yashirgan-netgan siri boʻlmagan.

Surishtirib kelganda, Mirkomil kimdan, nimani sir tutgan, oʻzi!.. Quv yoxud makkor boʻlganida rahmatli otasining Makka va Madinada takya qurdirish niyatida oʻttiz ming tillo vasiyat qilib qoldirganini uyezd hokimiga aytarmidi?! Soyasidan choʻchisa, hatto oʻz pushti-kamaridan boʻlgan oʻgʻil-qizlaridan hadik-xavotirda yashasa yetti yot begona, buning ustiga gʻayridin Iskandarni[1] gumashta qilib olarmidi?! Ikki koʻzning biri yangligʻ yonidan uzoqlashmaydigan Yoqubxoʻjadan ham gumondor yursa, uni doʻstmi-dushmanmi deya bosh qotirsa… odamning har narsa boʻlgani yaxshi emasmi!.. Yoʻq, Mirkomil bunday mujmallikka toqati yoʻq — u jini suyganga ham, suymaganga ham dilidagini yamlamay aytgan.

Izvosh koʻtarmadagi zavod koʻchasi muyulishiga yetdi, boy “ana yorilar, mana yorilar” degan oʻyda hamrohining quyuq soqoliga qarab qoldi. Shunda:

— Toʻxtat, izvoshni!.. — deya hayqirdi boy.

Bir maromda yoʻrgʻalab borayotgan qoʻsh-ot suvlugʻi tuyqus siltab tortilganidan pishqirib, tumshugʻini toʻshiga bosguday boshini qiyshaytirib toʻxtadi.

Izvoshchi “nima gap” deya ortiga oʻgirilib ulgurmay, boy tosh yoʻlga sakrab tushdi. Izvoshchi ham, Yoqubxoʻja ham boyning muddaosini tushunmay, uning izidan qarab qolishdi.

Mirkomil katta-katta qadamlab, qop orqalagan kishining tepasiga bostirib bordi. Ogʻir yuk ostida ikki bukchaygan kishi boyni koʻrdi-yu, koʻsak toʻla qopni “toʻp” etib yerga tashlaganicha tili kalimaga kelmay, qoʻrqqanidan salom berishni ham unutdi.

— Qayoqqa obketyapsan, koʻrnamak?!—Oʻtakasi yorilgan kishi duduqlandi. Boy uning javobiga muhtoj emas edi.— Kuppa-kunduzi or qilmadingmi?!

Changga belangan, yagʻiri chiqqan oq yaktagining yengini bilagiga qadar shimargan ishchi quloq-chakkasiga bexos tushgan tarsaki zarbidan chayqalib borib devorga suyanib qoldi…

Izvosh zavod darvozasining roʻparasiga yetgandagina Yoqubxoʻja tilga kirdi:

— Chakki qildingiz, aka…

Hali gʻazabi soʻnib ulgurmagan Mirkomil “sen mahmadonalik qilma” degan maʻnoda hamrohiga qattiq oʻqraydi. Yoqubxoʻja esa boyning jahli chapaqay chiqqaniga yarasha bosiqlik bilan boʻlsa-da, oʻpkaladi:

— Ashi, bir qop koʻsakni kuppa-kunduzn oʻmarib chiqishiga nima majbur qilganini surishtirmadingiz-ku… Joʻjabirday jondir, hoynahoy…

Izvoshchi otning yagʻriniga tarsillatib qamchin bosdi. Mirkomplboyning oʻng qoshi tepaga sapchidi.

— Joʻjabirday jon boʻlsa oilasini oʻgʻirlik orqasida boqqani maʻqulmi?!

Yoqubxoʻja darhol javob qaytarmadi, izvosh zavod hovlisiga kirib toʻxtagachgina boyagi oʻpkalapgannamo ohangda muloyimlashib dedi:

— Odamlardi koʻngliga qarang-da, aka… Haq gapni aytaman deb… u yoqda Temurhojini izza qipsiz…

Temurhojini izza qilgani rost. Izza qilmaslik uchun haq tapni aytmasligi kerak, aytmasa… axir, Mirkomnlning xusumati yoʻq, talashgan mol-holi yoʻq, uni jin uribdimiki, Temurhojiga dushmanlikni sogʻinsa!..

Nima boʻldiyu, ellikboshi koʻcha boshida yoʻliqib, “Taqsir, qozilikka Temurhojini moʻljallagandik, siz nima deysiz?” deb soʻradi. Mirkomil ortiq oʻylab turmadi, “Xoji halol odam, yurtning xizmatini qilsin” dedi-qoʻydi. Oradan uch-toʻrt kun oʻtmay eshikka yuqlab kelishdi. Boy tashqari hovliga chiqsa, supa yonida ellikboshi bilan yangi qozi — Temurhoji qoʻl qovushtirib turibdi.

— Kelinglar, kelinglar! Qani, ichkariga,— dedi boy mehmonxonaga chorlab.

Mexmonlar oyoq tirab turib olishdi.

— Birrov kirdik,— dedi oʻngʻaysizlanib ellikboshi.— Ashi, hojingiz sira qoʻymadi… Bir niyat qilgan ekan…

Ellikboshi gapini adogʻiga yetkazgunicha qozi tutunning bogʻichini yechib, zarbof toʻnni qoʻliga oldi. Mirkomilboy keluvchilarning muddaosini tushundi.

— E, barakalla-a!—deb yubordi u boshini chayqab. Mezbon mamnun boʻldi, degan oʻyda harakati dadillashgan mehmonlar toʻnni qoʻlga olib ulgurmay boy muddassini oydinlashtirdi:

— Bu ishlaring durust emas… Bnr ogʻiz rizoligim evaziga hadya keltiribsizlarmi, undan chiqdi, rizolik bermagan taqdnrimda ortimdan tosh otar ekansiz-da?!

Temurhoji ikki qoʻllab tutib turgan toʻnni tushirib yuborayozdi. Ellikboshi tushunuksiz gʻoʻldiradi:

— Yoʻgʻ-e, taqsir!.. Biz… hojingiz, oq fotiha olay deb…

Mirkomilboy oʻziga yetgancha qaysar ham edi — u ellikboshining tutilib-boʻgʻilib gapirishiga quloq solmay, koʻnglidagini oxirigacha aytdi:

— Xushomadni bandaga emas, Xudoga qilinglar!..

Yoqubxoʻja boʻlsa, “toʻgʻri gapni aytaman deb dushman orttirasiz” deydi. Haq gapni aytgani uchun dushmani ortadimi?.. Haq gapni aytish dushmanlikmi?.. Axir u kimga, qaysi, hamyurtiga yomonlikni ravo koʻrdi?!

Feʻl-atvori shunday ekan, nachora, bir yumalab boʻlak odamga aylanib qololmasa! Haqdan voz kechib har kimning koʻngliga qaray olganida bir uy boyvachchaning betiga oyoq qoʻyguday ish qilmas edi. Endi afsuslanish, pushaymonlar qilish oson, lekin… tabiatidagi kajbahslikdan qutulish fursati jon chiqar vaqtiga qoldi…

Ubaydulla junfurush Maylisoydagi zavodiga ikki qur kelib uyiga taklif qilib ketdi. Aytilgan kuni Yoqubxoʻjani ergashtirib borganida bir uy mehmon gurra qoʻzgʻalib Mirkomilning hurmatini bajo keltirishdi. Boy, yonida Yoqubxoʻja — uyning toʻriga oʻtib joylashib oʻtirib olguncha yigʻilganlarning qanday odamlar ekanligini, hatto bir-ikkisi oʻzaro maʻnoli koʻz urishtirib olganigacha payqab ulgurdi. Derazaga yaqin oʻtirgan Gʻafurjonning tusi gezardi. Berida — Gʻafurjonning amakisi Hoshimboy, soʻng paxta tijoratini endi-endi yoʻlga qoʻyayotgan Nigʻmonbek! Ularning hech birida Mirkomilning xusumati yoʻq, xusumat qayda, yigʻilganlarning hech biri Mirkomil bilan bellashadigan sarmoya jamlamagan, shu maʻnoda ham bu davraning posongisi Mirkomilboy uchun xiyla yengillik qilishi ayon edi.

Mirkomil sir boy bermadi. Iliqqina suhbatga goh qoʻshilib, goh soʻzsiz bosh irgʻab oʻtiraverdi. Toʻsatdan Hoshimboy gurung mavzuini buzdi:

— Zakot — farz! Zakotdan boʻyin tovlash benamozlikdan kam boʻlmagan gunohi kabir!

Mirkomil umr boʻyi loyning ichidan chiqmagan kulolday rangi zahil Hoshimboyning aftiga chimirilib qaradi. Yoqubxoʻja quyuq qora soqolini qoʻl uchida siypaladi.

Gapga gap ulandi, suhbatga gʻiybat, fisqi fasod aralashdi. Kim ogʻiz ochsa, aytganiga Mirkomildan tasdiq ishorasini kutar, boyning avzoidan esa na eʻtirof, na-da eʻtiroz maʻnosinn uqib boʻlardi. Nigʻmonbek ham gurungga qoʻshildi:

— Zakot toʻlash niyatidagi odamning koʻngli toza boʻlmogʻi lozim, — dedn u xotinchalish ovoziga zoʻraki salobatli tus berishga urinib.— Bizlar-ku, mayda… davlatmandlikni havas qiluvchilar, xolos… errayma[2] boylar orasida ham zakotga xiyonatkorlar bor ekan…

Mirkomilning tishiga ogʻriq turganday koʻzini bir zum yumib-ochdi-yu, sir boy bermaslikka urinib, ikki barmogʻi bilan iyagini chimdib oldi.

— Nigʻmonbek!..

Kelishganidan beri ilk bor ovozini baralla qoʻyib murojaat qilgan Yoqubxoʻjaning salobati hammani jim qilib qoʻydi. Odatda, Yoqubxoʻja gapni boshlab qoʻyib, xiyla fursat sukut saqlar, aksari hollarda, shunday sukutining oʻziyoq buzuq niyatli suhbatdoshni ancha sarosimaga solib qoʻyar edi. Bu safar ham u xuddi gap boshlamagan odamday jim, labini qimtib koʻzoynagi ostidan Nigʻmonbekka qadalib qaradi. U qaytib tilga kirgunicha Nigʻmonbek necha qizarib-necha boʻzardi. Nihoyat, Yoqubxoʻja sukut bilan azoblash “mashqi”ni maromiga yetkazgach, soʻradi:

— Bu, kichkintoyni kulala qildilarmi? Nigʻmonbekning badanidan sovuq ter chiqib ketdi.

“Yomon chikitti-ku,[3] ablah!” deb soʻkindi ichida.

Mirkomil yengil tortganini sezdirib qoʻyish maʻnosida bir qoʻzgʻaldi. Nigʻmonbek oʻtgan yilning jadyi kunlari oʻgʻil koʻrgan, boyning hurmati uchun unga “Komiljon” deb ism qoʻygan edi. Endi Mirkomilga piching qilib, uni yomonotliqqa chiqarmoqchi… Mirkomil esa…— “oʻsha hurmati chinmi, manavi pastkashligimi?” deb mana, oradan besh yil oʻtgach, mulohaza posangisiga qoʻyib-olib, olib-qoʻyib koʻrayapti… Ogʻziga kuchi yetmaganlar, “Mirkomil ayrim daromadlaridan zakot toʻlamaydi” deb ovoza qilgani boyning qulogʻiga yetgan, shuni esladi-yu, oʻsha mashvaratning nishabi qay tomonga ogʻganini oʻsha paytda qisman va hozir toʻla-toʻkis payqab yetdi. Toʻkin dasturxon tevaragida oʻtirganlar pinhona koʻzlagan muddao amalga koʻchayotgandek baravariga boyning ogʻziga tikildi. Mirkomil hech bir davrada soʻzini yoʻqotmas, umuman, tili qisiqlik nima ekanini bilmas edi.

— Zakotdan bahs ketdi-i. Yaxshi… Ashnaqa munozaralar boshlaganda…— dedi u hafsalasizlik bilan beparvo ohangda va “tortishib oʻtirishga arzimaysanlar” degandek, toʻsatdan gapning dumini yuldi:

— Zakot-ku, farz, illo zakotning oldida nima bor?..— Boy savoli javobsiz qolishinn aniqlashtirib oladigan fursat jim boʻldi-da, oʻtirganlarning jon-jonidan uzib oldi:—Ashnaqa-da, zakotdan avval ushr bor… Zakot toʻlovi xususida erraymalik qilishdan burun ushrni tushunib qoʻysinlar…

Tijorat soʻqmogʻida endi atak-chechak qilayotgan hamyurtlari, dindoshlari bu borada katta-katta koʻchalar ochib ulgurgan Mirkomilning oyogʻiga osilishlari ne uchun kerak boʻldi?.. Axir boy ularning mushugini “pisht” demadi, aksincha, qaddini rostlab olsin degan murodda nechtasiga qarz berdi… faqat Gʻafurjon omonatga xiyonat qildi, ish qozigacha yetdi…

Nahotki, shu dushmanlik boʻlsa?! Kimsan, Mirkomilboy shuncha davlat, shuncha izzat-obroʻyni nahotki oʻz xalqiga dushmanlik nnyatida toʻplagan boʻlsa?.. Agar u oʻz humshaharlariga gʻayirlik qilsa, Ubaydulla junfurushnikida yigʻilganlarga: “Bir farangi boyning zavoʻdini Anjanga koʻchirib keltirmoqchiman. Ashining maslahatiga boraman”, deb aytarmidi!.. Axir oʻsha paytlarda barcha boylar topganini xorijga sotish bilan band, zavod qurish hech kimning yetti uxlab tushiga kirmagan, behisob daromad keltiradigan bunday niyatni hech bir boy oshkor etmas edi. Lekin Mirkomil shunday qilmadi. Aytdi. “Bilsa bilsin, uddasidan chiqqanlar harakatga tushsin”, dedi… Dediyu oʻziga doʻst emas, gʻanim orttirganini, u gʻanimlar oʻzga yurtlardan kelib yurtni, diyorni bosib turgan oʻrislar emas, oʻzining oʻzbeklari ekanini… juda-juda kech bildi.

Koʻpni koʻrgan Mirkomildek uddaburon inson ham omadi kulib boqqan odamni begonalar emas, avvalbosh oʻz yaqinlari koʻrolmasligini juda-juda kech angladi. Anglaguniga qadar… hamyurtlari joniga ora kirish, ularni oʻris istibdodidan himoyalash yoʻllarini izlab, saʻy-harakatlardan tolmadi. Kultepaga masjid, madrasa, musofirxona, kasalxona, hammom qurishni rejalashtirganida oʻzining manfaatini koʻzlamadi, aksincha halovatidan ayrildi: shahar hokimiyati viloyat hokimiyatiga, viloyat hokimiyati oʻlka gubernatrrligiga ruxsat soʻrab noma yoʻlladi. Yigʻinu muhokamaning adogʻi koʻrinmasa koʻrinmadiki, ish joyidan siljimadi. Uezd mahkamasidagi yigʻinga boyning oʻzini taklif etishdi.

— E-e, Mirkomnl Mirmoʻminbayev oʻzlyarimi?— koʻzoynagining tepasidan moʻralab savol qotdi hashamdor stol yuqorisida oʻtirgan semiz yuzli, harbiycha engil-boshli kishi. Bu bepisand gap boyga ogʻir botdi. Harbiycha libosli kishi savolini davom ettirdi:—Ta-aks, bu, straitelstvaga tsel nema? Sel-l?!

Mirkomil haybatli, uncha-buncha inson zoti yaqinlasha olmaydigan bunday mahkamalarda shu qadar sayoz, bemaʻni savollar berilishi mumkinligini tasavvuriga sigʻdira olmas edi. U hayratidan yoqa tutib turganida, boshliq tatarbashara kishi tomonga shox tashlab soʻradi:

— Selni nima aytamiz?

— Maqsad, muddao,—javob qildi tatarbashara kishi.

— Aytmoqchiman… Maqsad, muddaoʻ nima qurishdan?.. Avtoritet…— tatarbashara kishi, “obroʻ” deb ilova qildi. Boshliq takrorladi: — Abru kerakmi-i?..

Endi Mirkomil koʻzlariga ishonmadi. Tushuntiray desa, boshliqning stoli ustidagi semiz qogʻoz taxlamida koʻzlagan barcha niyatu maqsadlari qayta-qayta bayon etilgan. Tushuntirmay desa, soʻlqillagan lunjini osiltirib oʻtirgan boshliq merovroqmi?..

Boy oʻyini oʻylagunicha oʻzini atayin dovdirtabiat qilib koʻrsatayotgan boshliq, qogʻoz taxlamini varaqlay-varaqlay, chekkasiga ikki qat qalin chiziq tortilgan sahifasini ochib, Mirkomilga sinchkov boʻzraydi. Yuzi, lunji taranglashib qizardi va labini qimtib, lunjini shishirib tatarbashara kishiga nimadir deb poʻngʻilladi. Tatarbashara kishi bir qoʻzgʻolib olgach, chala-chulpa oʻzbekchaladi:

— Bu qurayotgan uchrejdinlar faqat sartlargʻa xizmet qilamish ikan, kasalxonada tolko sartlar lechit qilar imish, hammomgʻa paqat yerlik aholi polzovatsya itarmish. Bu qanday gap boʻlay?!

Mirkomilning tarvuzi qoʻltigʻidan tushdi — musulmonlar kasalxonasining talablarini, musulmonu kofir bir hammomda yuvinishi oddiy insoniy odobga xilofligini tushuntirmoqchi edi, birdan niyatidan qaytdi — u koʻnglida tugʻilgan toza niyati ne sababdan besh-olti yildan buyon choʻzilayotganini, harchand urinmasin, rahmatli otasining vasiyatini roʻyobga chiqara olmagani boisini toʻsatdan — favqulodda anglab yetdi. Endi oʻylab koʻrsa, harbiycha kiyingan boshliq ilonning yogʻini yalagan ekan. U tarvuzsimon yumaloq kallasini sarak-sarak qilib kulib-tirjaydi va:

— Vot, bunda,— dedi stol javoniga imo qilib.— Ku-up sevedenilar kitirganlar. Tak chto… shutka ketmaydi, bay! Davay, drujno, a to!.. .

Mirkomil oʻrischani chala-yarim gapirar, uncha-buncha tushunsa-da, oʻzini bu tildan mutlaqo bexabardek tutar, shu “hiylasi” ayrim oʻrinlarda ish berib qolar edi. Oʻsha safar uyezd mahkamasidan chiqib ketdi hamki, bir necha kunga dovur qulogʻining tagidan, tilining uchidan “drujno” degan soʻz arimadi. “Drujno, drujno… doʻstona, ittifoq, birlik… har kim uddasidan chiqqan yaxshiligini ayamasa, savobni koʻzlasa, shum niyat boʻlmasa… Shu-da, doʻstona yashash!.. Savob istasang-da, savobing boshqalarga gunohdek botsa, u holda kim doʻst-kim dushman?! Sevedeniyesi koʻp emish. “Ku-up sevedenilar kitirganlar” dedi. Hay, istibdod maqsadida kelgan oʻsha harbiy boshliq toifasidagi qorni, miyasi toʻla gʻaraz odamlardan ginasi yoʻq, lekin unga kim sevedeni keltirgan?.. Mirkomilboy haqida koʻplab sevedenilarni kim unga yetkazishi mumkin?.. Iskandardan shubhasi yoʻq, uning atrofida aylanishadigan boshqa gʻayridin boʻlmasa, u holda kim uni sotadi, kim?..” Turli davralarda yigʻiladigan barcha tanish basharalarni birma-bir koʻz oʻngidan oʻtkazdi — boshi qattiq qotdi.

Mirkomilboy koʻnglining bir chekkasida aylanishayotgan shubhani ilgʻadiyu, ilgʻagani tiliga koʻchishidan qoʻrqib, oʻzini chalgʻitishga tutindn. Tutinsa-da, “Nahotki?!” deb takrorlayverdi.

Rotmistr Rozalion qalin muqova orasidan tepasiga “Chaquvlar” deb yozilgan varaqni olib, uni daxani ingichka polkovnikning stoliga qoʻydi. Xona sohibi varaqqa erinib koʻz yugurtirdi.

— Ishonchlimi?..— homuza tortib soʻradi u.

— Har xabariga moʻmay-moʻmay olayapti, janobi oliylari!

Polkovnik “chaquvchi” degan yozuv toʻgʻrisidagi ismni oʻzicha shivirladi:

— Kel-di…— oʻqib bir zum oʻyga choʻmdi-da, barmogʻini nuqib turib soʻradi: — Manavining oʻzi nazoratdami?

— Xuddi shunday, janobi…

Polkovnik “bas” deganday kaftini qulogʻiga bosdi. Gapi boʻgʻzida qolgan rotmistr tisarilib tashqariladi. Eshik yopilar-yopilmas polkovnikka jon kirdi — u oʻtirgan joyidan enkayib javondan qogʻoz tiqilaverganidan semirgan papkani oldi, ochdi va oxirgi varaqlarga koʻz yugurtirdi. Shoshib, yutoqib undagi soʻzlarni hijjalab, yangi keltirilgan varaqdagi yozuvlarga solishtirdi:

— Ta-aks… Qori chakki emas… Komilboyni Toshkangacha qoʻshni kupeda kuzatib borgan… Boy Toshkanda Olimjonboyev ismli kupes bilan uchrashgan… Ta-aks… Olimjonboyev haqida… Mana, Sodiq keltirgan… Toʻxtaboy Olimjonboyev!.. U bilan ham alohida shugʻullanamiz! Ta-aks, boyning sarf-harajati, bankdagi davlati Keldining nazoratida… Ta-aks, yaxshi!..

Polkovnik yangi keltirilgan varaqni qayta boshdan nazardan oʻtkazayotib bosh chayqadi. “Bundan xabarimiz bor”, dedi shivirlab. Shu payt telefon jiringladi. Polkovnik zoʻr bir mamnuniyat bilan telefon dastagini qulogʻiga bosayotib, qomatini rostladi.

— Polkovnik Soshalskiy eshitadi!

U tinimsiz bosh irgʻab nimalarnidir tez-tez qogʻozga qayd qildi. Nihoyat, koʻrsatmalar tugadi shekilli, toʻsatdan ovozini koʻtarib: “Bor, janobi oliylari!” dedi topishmoq topgan boladay qariyb hayqirib, soʻng oromqursining qirgʻogʻiga ketini ilintirib oʻtirdi-da, yangi maʻlumotni choʻqib-choʻqib hijjaladi:

— Anjanning uchinchi qismida yashovchi Madrayimhojinikida… yigʻin boʻldi. Mirkomilboy raislik qildi… Mazmuni — sart oʻgʻlonlarni soldatlikka joʻnatmaslik maslahat… Daʻvat… ha-ha, yozma daʻvat tayyorlangan!..

Polkovnik jim boʻldi. Bir ozdan soʻng yana gapirdi:

— Ha-ha, ertasiga… mana, bor-bor, saharlab Mirmoʻminboyev poyezdga minib Skobelevga joʻnagan. Fargʻona gubernatorini qoʻlga olishga uringan… Nima dedingiz?.. Maʻlumot keltiruvchilarmi… Xa-xa-xa-a!.. E-e, janobi oliylari, bu sartlarga-chi, toʻrt tanga bersangiz Mirkomil degan boy ekanu, oʻzining otasini sotadi!.. Hi-hi-hi!.. Oʻzimizning xufiyalarga ish qoldirmaydi bular!.. Rozalionning bir oʻzi, ha, balo u, bir oʻziga yigirmatasi tinimsiz maʻlumot yetkazib turadi. Ha-ha, hammasi bir-birining ketidan qoʻyilgan… Xotirjam boʻling, janobi oliylari!..

* * *

Mirkomil tonggi gʻira-shirada yuk vokzali yaqinidagi tepalik yonbagʻridan xandaq qaziyotib Madraimhojinikidagi yigʻinni, uning ertasiga Skobelevga borganini ham esladi. Harbiy hokimning eshigida uzoq sargʻayib oʻtirdi, alhol, uni hokimning muovini qabul qildi.

— Anjandan qancha mardikor olasiz? — soʻradi u gapni choʻzmay.

— Nima edi? — oʻsmoqchiladi muovin.

— Barining haqini toʻlaymiz! Bizning yigitlar Rassini oʻrmonlarida jon saqlab yasholmaydi. Sovuq!..

Muovinning rangi gezardi.

— Oʻ-oʻ!.. Davlatingiz shunchalik ziyodami?..— deb yubordi entikib.

— Borini beraman… Toʻlaymiz, lekin bironta farzandimizni joʻnatmaymiz!..

Mirkomil zimdan ish bitiradigan quv tabiatli odam boʻlganida harbiy hokimga kelib bor niyatini toʻkib socharmidi! Shunday odam boʻlgani uchun ham Sodiq, Qori, Keldi… ismli yurtdoshlari, dindoshlari ketida ilashib yurishi, bosgan qadami, aytgan soʻzini oqizmay-tomizmay peshma-pesh yetkazib turishi mumkinligini sira-sira tasavvuriga sigʻdirolmas, bu shubhasinn hatto hozir hazm qilolmayotgan edi. Lekin, mana, oʻylaydigan payti keldi, hayot shunday ekan-da, vo ajab! Hatto eng ezgu, savobli orzu-niyatingga yetishmoq uchun ham hiylakorroq, makkorroq boʻlishga majbur ekansan. Aks holda, tubanlik va makkorlik pardasi bilan himoyalanmagan eng toza va halol niyatlaringga hayotning oʻzi muttasil tupurib, ularni oyoq ostida toptab, tuproqqa qorishtirib oʻtar ekan.

Ehtimol, Mirkomil shu achchiq haqiqatga rioya qilganida surgunma-surgun, qamoqma-qamoq sarson-sargardon boʻlmas edimi!.. Atrofida laycha itdek gir-gir aylanib, doʻq-poʻpisa qilayotgan askarchaning izmiga boʻysunib shu saharmardonda loy aralash tuproq kavlamayotgan boʻlarmidi?! E-eh, falak!..

Loaqal Istanbulda Anvar poshshoning maslahatiga quloq solganida…

— Turkistondan umidni qoʻporing, Mirkomil sayim, bizim yurdda qolabilursingiz,— degan edi Anvar poshsho.

— Men bu yerda qolsam, bolalar-chi, oilamning ahvoli ne kechadi?—deb eʻtiroz bildirdi Mirkomil.

— Jujuqlardin, nasllardin-da qaygʻurmang, sayim. Inshaalloh, ularni-da, bu yerda goʻtarajakmnz. Ota yurdimiz huriyat edana qadar bizim Istanbulda yashaya biluringiz.

Mirkomil goʻyo Anvar poshshoning taklifiga rozilik bergandek boʻldi-yu, ichida nimadir uzilib ketdi, qoʻl-oyogʻidan mador qochdi.

— Jujiqlarni, nasllarni koʻchirib kelarmiz, poshsho hazratlari,— dedi Mirkomil qahratonda qolgan odamday sovuqqotib.— Lekin vatanni qanday opkelamiz?.. Vatanni koʻchirib boʻlmaydi-ku!..

Endi oʻylasa, oʻshanda Mirkomil ichidan yomon zil ketgan ekan, koʻksining allaqayerida “chirt” etnb uzilgan narsa endi butuk vujudiga tarqagandek bemador-bemajol… oʻy-xayolga gʻarq, qoʻli ongsiz, shuursiz tuproq qazir edi, xolos… Toʻylarda gʻarchli bachkana etik kiyib xotinchalish raqsga tushadigan bachchalardek girdikapalak boʻlayotgan askarcha mahbus qaziyotgan chuqurcha odamning beliga kelish-kelmasligini chamaladi-da, dam chuqurga dam chor-atrofga alang-jalanglab olgach “Boʻldi, yetadi!” dedi.

— Endi kuningiz bitdi, boy,— dedi u toʻsatdan oʻdagʻaylab.

Mirkomil qulogʻiga ishonmay askarchaga oʻgirildi. Oʻgirildiyu, qoshi chimirilib, yuragida sanchiq qoʻzgʻadi. Gʻudranib, soʻkindi.

— Qomiljon aka, shoshiling, qochishdan boʻlak iloj qolmadi! — dedi qoʻlga olingan kunga oʻtar kechasi uyiga yashirincha kelgan doʻstlaridan biri.

— Tinchlikmi?—bamaylixotir soʻradi Mirkomil.

— Ertaminan sizni hibs etishga buyruq bor. Bolshovoylarning niyati buzildi.

— Niyati buzilsa menga nima?.. Mening niyatim buzuq emas-ku! Hibsga necha qayta oldi, tagʻin chiqib kelaveraman-da!..

— Gapni choʻzmang, aka, tong otmay Anjandan chiqib ketasiz. Zudlik bilan Afgʻonga yoxud Turkiyaga joʻnaysiz. Xoʻp, deng!..

Mirkomil qaysar edi — xavotirni his etmay miyigʻida kuldi.

— Afgʻonminan Turkiyada Xudo boshqami?.. Hamma yerda Xudo bir, peshonada borini har yerda-da, koʻraveramiz…

Doʻsti yigʻlab yubordi, saharda — kun gʻira-shira yorishmay esa — boyni olib ketishdi hamki, mana, uch oy oʻtayapti: na soʻroq bor, na javob! Mana endi mishiqi askarcha bola “kuningiz bitdi” deb miltiq oʻqtalib turibdi.

— Yo, rahmdil egam,—deb yubordi Mirkomilboy,— kimlarning qoʻliga topshirding qulingni?!

— Inqilobiy tribunal qoʻliga!— bidirladi askarcha. Mirkomil hibsxonadan olib chiqishganidan buyon ketida kelib xandaq qazigunicha besh-olti odim narida “churq” etmay bosim tamaki tutatib turgan oʻrta yoshlardagi koʻzlari moviy soqchiga maʻnosiz tikildi. U hamon jim edi, oʻzbek bola yana bidirladi:— Hukm bor, hozir, ashetta bajo keltiriladi!..

— Oʻylab gapirayapsanmi? Valdirayvermay, otingni ayt, bola?

— Menga doʻq urmang, Mirmoʻminboyev! Askarni haqoratlash — inqilobni haqoratlashdir!..

— Otangdi otini bilasanmi?

— Otamdi otini nima qilasiz surishtirib, baribir otilasiz!..

Sahar epkini esdiyu, Mirkomilning dimogʻini yangi qazilgan tuproqning yoqimli isi qitiqlab oʻtdi. Boy yuzini xandaq tomon burdi. Askarcha hamon nimalardir deya bidirlayverdi.

— Menga suv keltir, tahorat olay!—choʻrt kesdi uning gapini boy.

Askarcha bir zum vaysashdan toʻxtadiyu, ovozini baralla qoʻyib xaxolab yubordi. Zum oʻtmay qoʻqqnsdan kulgini bas qildi, birdan jiddiy tortdi. Turqi gezarib, jussasi inqilobiy tus oldi.

— Nimalar deyapsiz, boy! Buyruq qiladigan davringiz oʻtdi. Endi poʻpisangiz ketmaydi!

Mirkomil ogʻir burilib, askar va askarcha tomon oʻgirildi, uning mosh-gurunch moʻylabi asabiy titrar edi. Afsus-nadomat oʻrnini adoqsiz va ogʻir oʻychanlik egallayotgan nigohini koʻtarib askarchani bosh-oyoq kuzatdi. Mahbusdagi bunday oʻzgarishni koʻrib hayratini yashirolmagan moviy koʻz soqchi, nihoyat, askarchaga qarab doʻrilladi:

— Nima deyapti?

— “Suv keltir” emish! Tahorat qilarmishlar! Tahoratni ashiyoqda qiladi, endi!..

Moviy koʻz soqchi tutaqib ketdi.

— Odamning bolasimisan, mol?! Oʻzingning sarting boʻlsa, musulmon boʻlsalaring, oxirgi iltimosini bajarsang oʻlib qolasanmi, enagʻar!..

Askarcha qoʻrqqanidan yerga oʻtirib qolayozdi. Tizzasi qaltirab, enkayib soqchining yoniga miltigʻini qoʻydi-da, qoqilib-suqilib qamoqxona binosi tomon gʻizilladi. Mirkomil moviy koʻz soqchidan apdisha qilganidan unga ortiq qarab turolmadi — shahar tomon oʻgirilib olis-olislarga koʻz tashladi. “Nahotki?..” dedi beixtiyor pichirlab.

Oradan koʻp oʻtmay askarcha shoshilib qaytib keldi-da, Mirkomilning oyogʻi ostiga obdasta qoʻydi. Boy ikki-uch qadam chetlab oʻtib choʻnqaydi, tahorat olishga kirishdi. Yuz-koʻzlarini yuvdi. Yaktagining etagiga, yengiga artindi. Soʻng chakmonini xandaq yoqasiga oʻgirib toʻshadi-da, ortiga oʻgirildi.

— Menga qara, bola,— dedi juda mayin-vazmin ohangda,— ikki rakaat bomdodni oʻqib olay. Soʻng qad rostlab, “Allohu akbar!” duya qoʻl koʻtarganimda otsa otaversin, tushuntirib ayt, xoʻpmi?

Mirkomilboy “Muqarrar moviy koʻz soqchi otadi!” degan fikrda edi. Askar bola jim boʻlib qoldi. Xiyol fursat oʻtib, “Yaxshi” dedi bosh irgʻab.

Mirkomil yalang oyogʻi bilan kamzulining etagida qad rostlab na qoʻl, na koʻz yetmas Makkatillo yoqqa uzoq tikilib toshdek qotdi. Shu alfoz xiyla fursat hayalladi, ikki rakaat sunnat namozini oʻqimoqqa niyat qildi, qoʻllarini quloqlari maqomiga koʻtarib, “Allohu akbarr!” dedi baralla. Subhi sodiq sukunatida uning ovozi gurillab chiqdi, ovozining favqulodda mahobatli eshitilganidan ich-ichidan gʻururlandi. Shu oʻyda yana bir karra “Allohu akbarr!” degisi, shu kalomning sehrli jarangiga uzoq tin olib quloq tutgisi keldi-yu, oʻyi oxiriga yetmay qattiq siltanib ketdi. Shoshilib, “Allohu akbar!” deb yubordiyu, ushbu kalom sehrini yana bir bor vujudiga singdirish umidida irodasini jamladi. Ikki kuragining qoq oʻrtasidan yana bir qattiq zarb yedi — qanday boʻlmasin, muvozanatni saqlashga tutindi — xayollari yanayam sokinlashdi: u namozni boshlash uchun niyat qilib ulgurdi, xolos… Parvardigorning buyuklik sifatini zikr etdi, ha, baralla yod etdi… Endi sunnatni, soʻng farzni ado etadi… Mirkomil yelkasi, beli aralash ustma-ust sanchilayotgan, aʻzoi badanini oʻpirib-qoʻporib oʻtayotgan qoʻrgʻoshin sochmasining goʻyo oʻziga daxli yoʻqdek bomdod namozini ado etish niyatida tinimsiz “Allohu akbarr!” der, basharti, bir soniya ortiga oʻgirilsa, keyingi kunlarda tilidan tushmay qolgan “Nahotki?” degan qattol savolga javob topar — zero, moviy koʻz soqchi boyagi-boyagi chekkada turganicha tamaki tutatayotgan, bosar-tusarini yoʻqotgan oʻzbek askarcha esa talvasada ustma-ust tepki bosayotgan edi… ammo-lekin Mirkomil uchun oʻzidan chiqqan va butun umr taʻqib etgan dushmanini oʻz koʻzi bilan koʻrish orzusi ham nihoyatda arzimas nimarsaga aylangan — uning uchun bu yorugʻ dunyoda xolis niyat-la boshlagan soʻnggi ibodatini ado etishdan muqaddasroq maqsad-muddao qolmagan edi, biroq aqlsiz oʻq uzilaverdi-uzilaverdi…

Mirkomilning tilka-pora boʻlgan jasadi oʻzi qazigan xandaqqa gursillab agʻdarildi…


[1] Aleksandr Timofeev Orskdan kelib qolgan. 1909—1911-yillarda Mirkomilboyga gumashtalik qilgan. Boy unga Iskandar deb laqab qoʻygan.

[2] Errayma — kekkaygan

[3] Chikitti — tagdor kinoya qildi-ku, demoqchi.