Zulfiya Qurolboy qizi. Yomgʻirli yoʻlka
Loyihani qo'llab quvvatlash uchub buyerga bosing
Bozorda ortiq oʻtirgisi kelmadi.
Erga toʻshalgan sholcha ustiga yoyilgan narsalarini yigʻishtirdi-da, sumkasini yelkasiga ortmoqlagancha uyiga piyoda yoʻl oldi.
Ming koʻzli bozor ortda qoldi. Qappaygan qorinlar, chaqchaygan nigohlar shovqini va chirigan piyozlarning hidi ham.
Ufqdan koʻtarilgan bulut shahar osmonini qoplay boshladi.
Havodan yomgʻir hidi anqidi.
Kech tushib qolgan, koʻngli gʻash, oyoqlari oʻziga boʻysunmayotgan edi, birorta ulovga chiqsa boʻlardi, bugun har qalay hamyonida pul bor, lekin u yoʻl yurishni istadi.
Yoʻl katta va ikki tomonlama edi, turfa xil avtoulovlar – “yirtqich qushlar” vahshiylarcha chinqirib u yoqdan-bu yoqqa gʻizillardi.
Ayol yoʻlkaga oʻtdi.
Yoʻlka ingichka, uzun, yelkasidagi sumkasi esa ogʻir edi.
Ayol katta yoʻldan oʻtayotgan ulovlarga umid bilan tikildi. Ular orasida oʻziga tanish ulovni koʻrishni istadi. “U”ning mashinasi koʻm-koʻk, yoʻq, baqlajon rangida edi, deb oʻyladi, ammo barcha berahm qushlar ayolning intizorligiga parvo qilmay, shiddat bilan olgʻa intilardi.
Intizorlik koʻngil gʻashligiga gʻashlik qoʻshdi, ayolning qaygʻusi quyuqlashdi. Hech narsani oʻylamaslikka urindi. Ammo yelkasidan tushishni istamayotgan sumka unga dam-badam bozorni, bugungi koʻngilsizlikni esga solardi.
Bugun… rostini aytsa, bozorda yap-yangi doshqozonini oʻgʻirlatib qoʻydi.
Bu qanday yuz berdi? Hatto sezmay qoldi.
Bilganidan keyin yuragi shuvillab ketdi. Oʻzini boʻshanglikda aybladi. Axir doshqozon jimitday narsa emas-ku bebiliska qoʻltiqqa qisib ketaveradigan.
“Siz boya savdolashib turganingizda oʻzimiznikilar urib ketdi-yov doshqozoningizni”, dedi yonidagi dugonasi.
“Koʻrgan boʻlsangiz asta turtib qoʻymabsiz-da”, dedi xafa boʻlib. Dugona shugina gapga ham tutab ketdi: “Voy, men atay qipmanmi?! Koʻrib turib, aytmadingiz, deyapsizmi?! Menam savdolashayotgandim axir!”
Indamadi. Mojaroni davom ettirishdan foyda yoʻq.
Bu yer bozor. Eski-tuskilar sotilsa-da, baribir bozor. Bozorda esa… narsa tirik jon maqomiga koʻtariladi. Aksincha boʻlganida, bitta doshqozon uchun shunchalik kuyinarmidi?..
Aslida oʻgʻirlik birinchi marta yuz berayotgani yoʻq. Avvallari ham tez-tez biror narsasini oʻgʻirlatib qoʻyardi. Lekin ular mayda-chuyda narsalar edi. Doshqozon esa… hali yap-yangi edi-da. Ja nari borsa ikki marta ishlatilgandir. Uni qarovsiz qolgan qoʻshni kampirdan arzon-garovga sotib olib, anchadan buyon asrab kelayotgandi-da durustroq pullayman deb.
Dugonasi: “Shodi pattachiga aytsak, doshqozoningizni topib beradi, u kim olganini juda yaxshi biladi!” dedi bir mahal.
Javob bermadi. Shunda dugonasi: “Doshqozoningizni topishni istaysizmi oʻzi? Yoki ikki qoʻlingizni burningizga tiqib ketaverasizmi?!” dedi achitib. Yigʻlagisi keldi. Lekin yigʻlamadi.
“Topishni istayman, axir uni tuzukroq pulga sotmoqchiydim. Lekin yana Shodi pattachiga roʻpara boʻlishga yuzim chidamayapti”, dedi.
Dugonasi pinak buzmay javob berdi: “Bu yer bozor. Bozorda hamma narsa yuz berishi mumkin!”
Dugonasi haq ekanligiga ancha kech iqror boʻldi, chindan ham bu yer bozor edi.
Lekin bozor ekan deb har qanday yuzsizlikka borish… yoki borib… boʻladimi? Axir dunyoda nimalar yuz bermoqda?
Shunga qaramay, tushdan keyin Shodi pattachiga uchrashdi. U arzini jim turib eshitdi. Keyin…
“Qachon qarasam, narsalaringizni oʻgʻirlatib, koʻzyoshingizni selday oqizib yurasiz! Undan koʻra erga teging. Roʻzgʻor tashvishidan qutulasiz-qoʻyasiz! Erli xotinmisiz oʻzi, yo… Odam… sizga bir nima deyishgayam ikkilanadi!”
Shodi pattachi oʻzi gʻalati odam.
Gohida patta pulini vaqtida toʻlay olishmasa, tepalarida turvolib shunaqa sayraydiki, gaplaridan ilon poʻst tashlaydi: “Senlar juda aqlli boʻlib ketgansanlar. Shodi pattachini nima deb aldashni yaxshi bilib olgansanlar. Agar xotinim senlarga oʻxshaganida, allaqachon ketiga bir tepib, haydavorgan boʻlardim!” Ammo sotuvchi ayollar baribir patta pulini vaqtida toʻlashmaydi.
Bozorda shunaqa irim bor. Sotuvchilar savdolari yurishib, hamyonlari qappaymaguncha birovga bir soʻm berishmaydi! Baraka uchadi, deb oʻylashadi. “Erta kechqurun ham toʻlamasangiz, bu yerdan qorangizni oʻchiraman!” deb doʻq ura-ura Shodi pattachi nari ketadi oxiri. Ertasiga albatta patta pulini undiradi. Undirmasa qoʻymaydi ham. Uyiga qidirib borib boʻlsayam oladi pulini! Chunki bozorchilarning deyarli hammasini yaxshi taniydi, uy manziligacha biladi. Lekin kerak vaqtida yaxshilik qilib ham qoʻyadi, yaʻni dugonasi aytganiday: “…u kim olganini juda yaxshi biladi!”
Biroq bugun haddidan oshib ketdi!..
Ayolning asablari qaqshadi.
Shu vaqtgacha turish-turmushi haqida bozordagi eng yaqin dugonalariga ham gapirmasdi, oʻzini erlik ayolday koʻrsatardi, ammo odamlar baribir bilisharkan-da… Ayol oʻzini yozgʻirdi: qanchalik ehtiyotkor boʻlmasin, allaqanday pattachidan sharmsiz gaplarni eshitgani uchun… sumkasi bilan uning basharasiga tushirmagani uchun…
Ogʻir yuk zalvoridan yelkasi bukchaygan ayol yurishdan toʻxtadi. Avtoulovlar karvoniga tikildi.
Toʻrt oy oldin xuddi shu yerda…
Oʻsha kuni savdo boʻlmaganidan yoʻlkiraga pul topolmagan ayol yerga qaragancha gʻira-shirada poyi piyoda uyiga qaytayotgan edi.
Avval yoʻlga uzun bir nur ustuni tushdi, keyin keskin berilgan tormoz. Yoʻlovchi mashinadir-da, degan xayolda eʻtibor bermadi.
Nur ustuni gʻoyib boʻldi, baland boʻyli, kelishgan erkak yoʻlini toʻsdi.
U. Juvonning eri.
– Bozorga chiqib nima qilardingiz? – dedi u juvonga yaqin kelib. – Shunchalik qiynalib qolgan ekansiz, qoʻngʻiroq qilmaysizmi?!
Indamadi. Nazarida eri uning sabr-toqatini sinab koʻrayotganday…
– Oʻzingizni arzonga sotib qoʻyibsiz!
Bu gap ayolning jon-jonidan oʻtib ketdi, ammo yana sir bermasdan vazmin ohangda:
– Yordamga muhtoj emasman, – dedi.
Ayolning bu holati – qahraton sovuqda muz ustida yalangoyoq turgancha “Sovqotmayapman, shunchaki qaltirayapman”, deyayotgan kishining ahvolini eslatardi.
– Eh! – eri jahl bilan chetga qaradi.
Eri azaldan bozorchi ayollarni yoqtirmasdi, ulardan nafratlanardi. “Kuchsiz, kelajagidan umidi yoʻq ayolgina oʻzini bozorga uradi,” derdi. “Yolgʻonchi tovlamachilar!” derdi yana.
Ehtimol u haqdir. Bozorda tirikchilik oʻtkazayotgan momohavvo qizlarining yolgʻon gapirishlari rost gap. Koʻpincha arzimaydigan narsalarni ham maqtab-maqtab, durustgina pullab yuborishadi. Ammo haqiqat mubham boʻlsa, odamzod allaqachon jannatdan quvilgan boʻlsa, u nima ham deya olardi?! Qolaversa, juvonning nazdida… ayol, umuman, odam alohida, shaxs holida nafratga loyiqdir, – lekin bozorda bitta u emas, son mingta ayol-erkak oʻralashib yuribdi, – shunday ekan, shuncha odamdan nafratlanib boʻladimi?!
– Kechqurun pul yuboraman, – dedi eri.
– Menga pul kerakmas, – dedi-yu, jim boʻlib qoldi.
Ayol eridan qachon orani ochiq qilamiz deb soʻramoqchi edi. Ammo soʻray olmadi, jurʻati yetmadi, Xudo koʻrsatmasin, u: “Mayli, roziman, qachon ajrashamiz desang, men tayyorman!” deb yuborishidan qoʻrqdi.
Eri unga qattiq tikilib turdi-da, soʻng mashinaga oʻtirib joʻnab ketdi.
Shu kuni ayol yarim tungacha eridan pul kutdi. Toʻgʻrisi, eri yuborgan pulni olmasdi, qaytarib yuborardi, u shunchaki… eri uni uchratganini, nimadir vaʻda qilganini eslaydimi-yoʻqmi, shuni bilmoqchiydi, xolos. Ammo pul oʻsha kuni ham, ertasiga ham kelmadi. Pulning oyogʻi sinib qolgan shekilli. Yoki kimdir urib sindirgan!
Ayol xoʻrsindi. Ogʻir sumka yana oʻz joyini egalladi.
Ayol yoʻlida davom etdi.
Eri badavlat oiladan, tarbiyali, ogʻir-bosiq yigit edi. U esa boʻlajak bastakor. Ikki oylik tanishuvdan soʻng toʻylari boʻldi. Hammasi bunchalik tez roʻy berganiga hayron edi. Keyin bilsa… bankir ota shart qoʻygan ekan: “Agar bu yil ham uylanmasang, kelinni oʻzim topaman!” Eri bankir otasini yaxshi koʻrar, u kishi chizgan chiziqdan chiqmasdi. Toʻydan keyin bildi, eri shu qadar toʻng, dimogʻdor ediki, hech qanday tuygʻu uning yuragini junbishga keltira olmaydigandek. Miyasi faqat bankdagi raqamlar bilan toʻla boʻlsa kerak, deb oʻylardi yangi kelinchak.
Ayol zoti uchun oila qurish baxt boʻlsa, ochigʻi, bunday baxtga uning koʻnikishi oson kechmadi. Goʻyo hashamatli xonadonga adashib uchib kirib qolgan kapalakday his qilardi oʻzini.
Aftidan, eri uni noshukr deb oʻylasa kerak, keyingi vaqtlarda bir gapni tez-tez takrorlaydigan boʻlib qolgandi: “Siz mening rafiqamsiz, lekin oʻzingizning musiqachi ekanligingizni ham unutmang. Hadeb bekorchi narsalar haqida oʻylayvermasdan, ijod qiling. Ana pianino, ana qogʻoz-qalam! Boʻsh vaqtingizni behuda oʻtkazmang. Odamlar bunday shart-sharoit uchun vijdonini sotishga tayyor-ku, siz boʻlsangiz!”
Ha, u qanchalar olijanob… va sovuqqon.
Ayol boʻlsa bunday sovuqqon olijanoblikni hazm qila olmasdi. Ehtimol, shuning uchun ham toʻkis oilada yashayotganiga qaramasdan, musiqaga boʻlgan muhabbati asta-sekin soʻnib borardi.
Kunlarning birida oʻzi tasavvur qilgan darajada baxtsiz emasligini his qildi. Homilador edi.
Biroq quvonchi uzoqqa choʻzilmadi.
Oʻgʻli, yagona quvonchi nogiron edi!
Nahotki bolam dunyoni his qilmasdan oʻtib ketadi, deya oʻylash… Oʻgʻlining maʻnosiz koʻzlariga, nogiron, xasta vujudiga qarash… ogʻir edi. Juda ogʻir… ogʻir… ogʻir… edi! Unga koʻzi tushgan zahoti vujudiga son-sanoqsiz ninalar sanchilaverardi…
Keyin ketma-ket ikki qizcha tugʻildi. Ular jisman sogʻlom edi, ammo yaxshi gapirolmasdilar.
Ayol endi qalbiga koʻz tashlamay qoʻygandi. Musiqani butkul unutdi.
Biroq jondan aziz koʻrgan farzandlari tufayli hayotida keskin oʻzgarish, xavfli burilish sodir boʻlishi yetti uxlab tushiga ham kirmagandi.
Tarbiyachi qiz…
“Qizlarimizni uyda oʻqitish uchun maxsus oʻqituvchi yollayman, – dedi eri nogiron oʻgʻlini bolalar uyiga topshirganlaridan keyin. – Tili chuchuk bolalarni oʻqitadigan oʻqituvchi bilan gaplashdim”.
Erining bu eʻtiboridan boshi koʻkka yetdi.
Koʻp oʻtmay uyiga u kirib keldi: yosh va nihoyatda goʻzal.
Baqamti kelganlarida ayol beixtiyor oʻzini chetga tortdi…
Keyinchalik ham tarbiyachi qiz bilan yonma-yon turmaslikka harakat qiladigan boʻldi…
Tarbiyachi nafaqat uyiga, balki hayotiga kirib kelganini dastlabki vaqtlar fahmlamadi. Uni samimiy, yuvosh, maʻsuma qiz deb oʻylardi, yaʻni oʻziga oʻxshab, ilm istab shaharga kelganlardan! Hurmat qilardi. Hozir ham uning mehnatini inkor qilmoqchi emas. Axir oʻsha tarbiyachi qiz tufayli qizlarining tole yulduzi yarqirashiga unda ishonch paydo boʻldi. Qizlari ravon gapira boshladi.
Shu boisdan ham unga ixlosi baland edi. Unga ishonardi. Eriga koʻz suzayotganini boshqa birovlardan eshitganida bu gapga ishonmagan boʻlardi. Afsuski, bu narsa koʻz oldida sodir boʻldi. Bunga hech qanday mish-mish, boʻhton aralashgani yoʻq.
Erining oʻzini vazmin tutishga behuda urinishlari…
Unga nigohi tushganda koʻzlarining chaqnab ketishi…
Tarbiyachi qizning oʻzini yoʻqotib qoʻyishlari… titrab-qaltirab turishlari…
Bu narsa unchalik xavfli emasday, bir hamla bilan hal qilinadigan muammoday tuyulgandi boshida. Toʻgʻri-da, biror sabab bilan tarbiyachini uyidan haydab soladi, tamom-vassalom! Lekin hozircha shoshilmaslik kerak.
Oʻychining oʻyi bitguncha… xiyonat yuz berdi.
Bu haqda hech kim uni ogohlantirgani yoʻq. Ularning qoʻrquvlari, unsiz iqrorlari bu narsani fosh qilib qoʻydi. Hayotida yuz bergan bunday favqulodda oʻzgarish xonumoniga oʻt qoʻydi, butun vujudini junbishga keltirdi. Axir bu nomardlik, noinsoflik edi!
Eri uning koʻz oʻngida maʻshuqasi bilan koʻz urishtirib oʻtirsa… Maʻshuqasining har bir qadamini kuzatsa… Vujudi xotinining yonida boʻlsa-yu ruhi allaqanday bir qizning ortidan ergashib yursa…
Tanlash imkoni tugʻilganda eri oʻsha tarbiyachi qizni tanladi, emishki, u yengiltaklik qilib pokiza bir qizning kelajagini barbod qilganmish, javobgarmish… Agar qiz yomonlikka olsa bormi! Uni (yaʻni erini, uning erini!) bu jamiyatda hech kim ayamaydi!
Qiz esa “…yomonlikka” olish bu yoqda tursin, hatto noz qilib oʻtirmadi, tarbiyachilik rutbasini boylikka almashtirdi-qoʻydi!
“Odamlar bunday shart-sharoit uchun vijdonlarini sotishga tayyor-ku, siz boʻlsangiz!..”
Keyinroq fahmlashicha, bankir ota ham “fatvo” berganmish: “Bizga toʻrt muchasi but merosxoʻr kerak!”
Eri vaqtincha alohida yashab turish haqida gap ochganida indamay rozi boʻldi, hech narsani hech nimaga alishtirmadi. Hatto savdolashmadi. Butunlay orani ochiq qilib, ikkala qizini yetaklab, ota uyiga qaytib borganda nima, u yerda qanday huzur-halovat kutib turibdi?!
Axir aytishadi-ku: oʻzgartira olmaydigan narsangga oʻzingni yerga urmay bardosh ber, deb.
Eri ikki xonalik uy olib berdi. Alohida yashay boshlashdi. Ammo eri negadir qonuniy ajrashish haqida gap ochmadi. Nima uchun?
Xullas, yetim qovurgʻaday soʻppayib qolaverdi.
Eng qizigʻi, alohida yashay boshlaganlaridan keyin ayol bir chimdimgina boʻlsa-da, oilaviy halovatning qadrini bildi, oʻz hayotini oʻsha dimogʻdor va xudbin odamdan ayro tasavvur qila olmasligini tushuna boshladi. “Erim menga xiyonat qildi, uni aslo kechirib boʻlmaydi!” derdi-yu, zum oʻtmay tarbiyachi qizni yumma talab, uyidan haydab chiqarmagani va eri vaqtincha alohida yashab turish haqida gap ochganida rozi boʻlgani uchun afsuslanardi negadir…
“Ularning sevgisi xuddi yoqimli musiqa misol goʻzal boʻlgani uchungina yashayapti. Ammo har qanday yoqimli musiqa ham baribir nihoyasiga yetadi, afsuski, erim buni hozir anglamayapti”, derdi tundan, yolgʻizlikdan, devordagi soyalardan qoʻrqib, yuragi yorilguday titraganida… rashk olovidan jizgʻinak boʻlganida…
Eri juda oʻzgarib ketgandi.
Muhabbatning qudratini qarang, irodasi poʻlatdek mustahkam, ishbilarmon odamni ne koʻylarga solib qoʻydi?
Ammo ayol buni ham tan olgisi kelmasdi.
“Muhabbat?!
Qanaqa muhabbat? Yoʻq, buni muhabbat deb boʻlmaydi, bu shunchaki sevgi. Pianino klavishlariga bexosdan barmogʻing tegib ketganida jaranglaydigan qisqa bir ohang…”
Biroq oʻsha “…qisqa ohang” erining shu qadar es-hushini olib qoʻygandiki, koʻziga hech narsa koʻrinmasdi, bolalarini unutgandi, hatto ishni ham unutib, tarbiyachi bilan hali toqqa, hali dengiz boʻyiga sayyohatga ketarmish…
Sir bermaslikka qanchalik urinmasin, ayol oʻzini yolgʻiz va baxtsiz his qilardi. Yuragi kuyardi…
Lekin… kun koʻrish kerak. Tirikchilik oʻtkazishi, bolalarini boqishi lozim. Eri ikki xonalik uy olib berdiyu, butun masʻuliyatdan qutulganday jim boʻlib ketdi. Nima qilishi kerak? Oʻylab-oʻylab maktabga ishga kirdi. Musiqadan dars bera boshladi. Afsuski, maoshi roʻzgʻorga yuq ham boʻlmasdi. Oʻlsin, maktabda musiqa darslariga kam soat ajratilarkan-da!
Oxiri boʻlmadi, oʻzini bozorga urdi.
Eri nafratlanganicha bor, bozor unchalik yaxshi joy emas, algʻov-dalgʻov zamonning uzluksiz jangi davom etayotgan besurur hayot maskani; sokinlik, shodu xurramlik hukm surayotgan olam esa uning tegrasida aylanadi; biroq har qalay, bu yerda jon saqlasa boʻladi.
Muhimi – oʻzni yoʻqotmaslik.
Gohida bozorda xaridor kutib oʻtirib… oʻzining qayerda ekanligini unutib qoʻyadi. Allaqanday sirli-sehrli ohang odamlarning tussiz basharalari va shovqin-suron orasidan sirgʻalib oʻtib, asta-sekin qalbiga oqib kirayotganday boʻlaveradi. Shunda oʻzini allaqanday sirli orolchaga tushib qolganday his qiladi, barmoqlari sholcha ustidagi eski-tuskilarni emas, pianinoning oppoq klavishlarini silayotganday, ruhi olis-olislarga parvoz qilayotganday boʻlaveradi.
Xuddi shu vaqt qarshisida qahraton qish yoki injiq kuzning haroratsiz kunlaridan titrab-qaltiragan bir banda paydo boʻladi va:
– Manavi… togʻorachangiz nech pul? – deb soʻraydi.
Shunda uni rom etgan sohir tuygʻular bir zumda allaqayoqqa yoʻqoladi va u endi musiqachi emas, balki shunchaki olibsotar kabi xaridor bilan savdolasha boshlaydi va bu yerda ham oʻzini ortiqcha his qiladi…
Darvoqe, bundan ikki oy ilgari, yaʻni ular bozor yoʻlida tasodifan uchrashganlaridan keyin, eri qizlarini yoʻqlab bogʻchaga boribdi. Shirinliklar bilan ularni siylabdi. Yana koʻpdan-koʻp sovgʻalar beribdi. Keyingi gal parkka olib boraman, deb vaʻda beribdi.
Shu kuni kechasi bilan ikkala qizi ham isitmalab chiqdi. Sezib turibdi, qizlari ichikyapti, otasini sogʻinyapti, qiynalyapti.
Ayol shu oqshom tarbiyachi qizni yumma talab, uyidan haydab chiqarmagani uchun yana afsuslandi. Keyin barbod boʻlgan dunyo vayronalari ustida ulugʻvor koshona bunyod etishni orzu qildi… Axir eri bilan butunlay orani ochiq qilishmagan-ku!
Ertasi kuni qizlarini bogʻchaga yubormadi. Bogʻcha opaning oʻzi qoʻngʻiroq qilib, hol soʻrarkan, gap orasida kecha erining yuzi tashvishli koʻringanini qistirib oʻtdi…
Ayol ayol-da, birdan hushyor tortdi. Millionlar egasi boʻlgan odamni nima tashvishga solgan boʻlishi mumkin? Nega birdan bolalarini eslab qoldi? Ishlari yurishmay qoldimikin? Yo anavi tarbiyachi bilan oralaridan ola mushuk oʻtdimikin? Balki uning haqiqiy qiyofasini koʻrib qolgandir? (Odamlar yaqinlashgani sayin bir-biridan nafratlana boshlaydilar.) Aytgancha, nega shu vaqtgacha bola koʻrishmayapti?
Kim bilsin, balki uning ahvoli bogʻcha opa aytganiday emasdir? Shunchaki qizlarini koʻrgani kelgandir?! Lekin nega haligacha uning javobini bermaydi? Balki eri ayyorlik qilayotgandir? Buyam xotirjam yashashning bir usulidir?!.
Eh!
Jahli chiqib ketdi.
Gohida erini tushunishga harakat qiladi, ammo baribir buning uddasidan chiqolmaydi. Yoʻq, uni kechirib boʻlmaydi! Yoʻq. Yoʻq. Yoʻq.
Tavba, goʻyo eri undan kechirim soʻrayapti-yu… Ammo… Basharti u kechirim soʻrab qolsa-chi?! Shuning uchun ham yuzma-yuz gaplashishga jurʻat qilolmay, bogʻchaga, bolalarining oldiga borgandir?
“Biz xuddi sovuq qotgan tipratikonlarga oʻxshaymiz, bir-birimizga yaqinlashishga tikonlarimiz xalaqit beradi…”
Ayol maʻyus jilmaydi. Oʻzini sovuq qotgan tipratikon qiyofasida tasavvur qilib. Keyin yana orzuga berilib, bir koʻprik qurishni istadi, oʻzi bilan erini ajratib turgan jarlikni birlashtirish umidida.
Shu umidda ikki oydan buyon yelkasiga ogʻir sumkasini ortmoqlagancha bozordan chiqib, uyiga poyi piyoda yoʻl oladi. Shu umidda ikki oydan buyon yurishdan birdam toʻxtab, yoʻlga tikiladi. Mana hozir, avval nur ustuni paydo boʻladi, keyin qarshisida baland boʻyli, kelishgan erkak paydo boʻladi-yu…
Yoʻldan mashinalar karvoni tinimsiz oʻtib borar, lekin ularning hech biri yelkasiga ogʻir sumkani ortmoqlagancha yoʻlkada turgan ayolni koʻrmasdi, uning yuragining tub-tubida, oʻy-xayollarining allaqaysi koʻchalarida sarson kezib yurgan andishali faryodini eshitmasdi.
Koʻkni butkul qoplagan bulut shovqin solmasdan, ohista koʻzyoshlarini toʻka boshladi…
“Sharq yulduzi” jurnali, 2017-yil, 3-son